Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek koʻp kvartirali uylarni boshqarishni yanada takomillashtirish asosida sifatli kommunal xizmatlar koʻrsatishni tashkil qilish hamda koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va unga tutash yer uchastkasini talab darajasida saqlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Koʻp kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
koʻp kvartirali uyni boshqarishda maʼlumotlarni koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarga yetkazib berish shartlari, tartibi va muddatlari;
koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash uchun xizmatlar va ishlarni shakllantirish va tasdiqlash tartibi;
koʻp kvartirali uylarni billing tizimi orqali boshqarish, mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, shuningdek avariya-dispetcherlik xizmatlarini koʻrsatish tartibi;
koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlari, uyni boshqarish uchun zarur boʻladigan boshqa hujjatlar hamda texnik vositalar va asbob-uskunalarni topshirish-qabul qilish tartibi.
2. Belgilansinki:
a) koʻp kvartirali uyni boshqarish organi (keyingi oʻrinlarda — boshqarish organi) tomonidan doimiy ravishda koʻp kvartirali uylardagi joy mulkdori yoki foydalanuvchisining soʻrovnomasi asosida kommunal xizmatlarning hajmi (miqdori), umumiy mol-mulkni saqlash maqsadida sarflangan xarajatlar, kommunal xizmat koʻrsatish qoidalarida nazarda tutilgan talablar buzilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar berib boriladi;
b) boshqarish organi tomonidan koʻp kvartirali uylarni boshqarish:
har bir koʻp kvartirali uyga alohida boshqarishning mustaqil obyekti sifatida, geodezik va iqlimiy xususiyatlariga qarab, koʻp kvartirali uyning joylashishi, umumiy mulkning tarkibi va dizayn xususiyatlari, jismoniy eskirish darajasi va texnik holati;
koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish hamda uni taʼmirlash va tutash boʻlgan yer uchastkasini obodonlashtirish uchun zarur boʻlgan xizmatlar va ishlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi;
v) koʻp kvartirali uyda umumiy mol-mulkning talab darajasida saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xizmatlar va ishlarning roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlangan minimal roʻyxat asosida koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishida tasdiqlanadi;
g) boshqarish organlari tomonidan koʻp kvartirali uylarda avariya vaziyatlarini bartaraf etadigan, 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan avariya-dispetcherlik xizmati tashkil etiladi, avariya-dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etishga va uni saqlab turishga moliyaviy imkoniyati yoki moddiy-texnik bazasi yetarli boʻlmagan taqdirda, avariya-dispetcherlik xizmatini koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar jalb qilinadi;
d) boshqarish organlari tomonidan koʻp kvartirali uylarni boshqarish billing tizimi orqali amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
e) koʻp kvartirali uy-joy fondini taʼmirlash uchun boshqarish organi tomonidan har bir koʻp kvartirali uy uchun majburiy badallarning yoki toʻlovlarning alohida hisobi yuritiladi.
(2-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 09/25/602/0862-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
mazkur qaror bilan tasdiqlangan Qoidalarda belgilangan talablarga muvofiq hududlarda koʻp kvartirali uylarni boshqarishni yanada takomillashtirish borasida tizimli ishlarni yoʻlga qoʻysin va ushbu talablarga qatʼiy rioya etilishini nazorat qilib borsin;
qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati boʻyicha aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini olib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
5. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Xidoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 3-yanvar,
3-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-yanvardagi 3-son qaroriga
1-ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar koʻp kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari — bular:
yuridik shaxs boʻlgan boshqaruvchi tashkilot;
jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) boʻlgan boshqaruvchi;
koʻp kvartirali uy bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarilgan taqdirda, koʻp kvartirali uy kengashi;
uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvi;
umumiy mol-mulk — koʻp kvartirali uydagi umumiy joylar, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻrama) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylarning tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskuna va qurilmalar.
3. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi, “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonuni, koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi qonunchilik hujjatlari hamda koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlarining (keyingi oʻrinlarda — joylar mulkdorlari) umumiy yigʻilishi (keyingi oʻrinlarda — umumiy yigʻilish) qarorlari asosida amalga oshiriladi.
4. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish (keyingi oʻrinlarda — boshqaruv faoliyati) mazkur koʻp kvartirali uylarda istiqomat qiluvchilarning yashashi va ularga yashash uchun moʻljallanmagan joylardan, shu jumladan koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasidan foydalanishda qulay hamda xavfsiz sharoitlarini taʼminlash, umumiy mol-mulkni lozim darajada saqlash hamda ulardan foydalanish masalalarini hal etish boʻyicha zarur boʻlgan xizmatlar va ishlarni qamrab olgan chora-tadbirlar majmuini oʻz ichiga oladi.
2-bob. Maʼlumotlarni joylar mulkdorlariga va boshqa foydalanuvchilarga yetkazib berish tartibi
5. Koʻp kvartirali uyni boshqarish organi doimiy ravishda quyidagi maʼlumotlarni joylashtirib borishi shart:
a) boshqarish organi joylashgan yerning kirish qismida:
boshqarish organining nomi;
boshqarish organining manzili;
boshqarish organining telefon raqamlari va elektron pochta manzili;
boshqarish organining ish tartibi;
b) koʻp kvartirali uyning barcha kirish qismlarida yoki koʻp kvartirali uy joylashgan hududda joylashgan eʼlon taxtasida:
boshqarish organining nomi, reyestr raqami, joylashgan manzili, ish vaqti, telefon raqami, elektron pochta manzili, veb-saytining manzili (agar mavjud boʻlsa);
barcha kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning shoshilinch xizmatlari va avariya-dispetcherlik xizmati aloqa telefonlari;
koʻp kvartirali uyning joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilar uchun noqulaylik tugʻdiradigan, rejalashtirilgan taʼmirlash-tiklash ishlari va boshqa tadbirlar hamda bunday tadbirlar oʻtkaziladigan vaqt;
majburiy badal va (yoki) koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov miqdori.
Ushbu bandda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻzgarganda, bunday maʼlumotlar oʻzgargan kundan boshlab uch ish kuni ichida yangilanishi shart.
6. Boshqarish organi joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarning soʻrovnomasiga binoan, soʻrovnoma kelib tushgan kundan keyingi kundan kechiktirmay, ushbu Qoidalarga muvofiq maʼlumotni (boshqa shaxslarga oid maʼlumotlar bundan mustasno) joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarga taqdim etadilar.
Boshqarish organi quyidagi masalalar yuzasidan joy mulkdori yoki boshqa foydalanuvchining soʻrovnomasi kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmay quyidagi maʼlumotlarni taqdim etishga majbur:
uyning umumiy hisoblagichi orqali har oyda isteʼmol qilinadigan kommunal xizmatlar miqdori, koʻp kvartirali uyning turar va noturar joylari isteʼmol qiladigan kommunal xizmatlarning umumiy hajmi (miqdori), koʻp kvartirali uydagi umumiy mulkni saqlash maqsadida sarflangan xarajatlar toʻgʻrisida maʼlumot;
joylar mulkdorlari yoki boshqa foydalanuvchilarining hayoti, sogʻligʻi va mulkiga, mulkdorlarning umumiy mulkiga zarar yetkazilganligi toʻgʻrisida, shuningdek, joylar mulkdorlari yoki boshqa foydalanuvchilarga kommunal xizmat koʻrsatish qoidalarida nazarda tutilgan talablarning buzilishi toʻgʻrisida maʼlumot;
taʼmirlash ishlari va koʻrsatilgan xizmatlar sifatsiz bajarilganligi va (yoki) kommunal xizmatlar koʻrsatishda uzilishlar belgilangan muddatdan oshib ketganligi toʻgʻrisida maʼlumot.
Ushbu bandda nazarda tutilgan maʼlumotlar aloqa vositalari va billing tizimi orqali yuborilishi mumkin.
7. Soʻrovnoma pochta orqali, shaxsiy qabullarda ogʻzaki yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin. Agar soʻrovnomada boshqa shakl soʻralmagan boʻlsa, maʼlumot soʻrovnoma qabul qilingan shaklda taqdim etiladi.
8. Ushbu Qoidalarda nazarda tutilmagan masalalar boʻyicha joylar mulkdori yoki boshqa foydalanuvchining soʻrovnomasiga tegishli javob soʻrovnoma roʻyxatga olingan kundan boshlab 15 ish kunidan kechiktirmay beriladi.
3-bob. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash uchun xizmatlar hamda ishlar roʻyxatini shakllantirish va tasdiqlash
9. Koʻp kvartirali uy ulushli mulk huquqi asosida joylarning mulkdorlariga tegishli boʻlgan umumiy mol-mulkni (keyingi oʻrinlarda — umumiy mol-mulk) oʻz ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkning talab darajasida saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xizmatlar va ishlarning minimal roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — minimal roʻyxat) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan tegishli hududdagi boshqarish organlari bilan birgalikda ishlab chiqilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
Umumiy mol-mulkning saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xizmatlar va ishlarning roʻyxati minimal roʻyxatni hisobga olgan holda, boshqarish organi tomonidan koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlari bilan birgalikda shakllantiriladi va koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishida tasdiqlanadi.
Boshqarish organi bir nechta koʻp kvartirali uylarni boshqarganda har bir koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkning saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xizmatlar va ishlar roʻyxatini mazkur uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi muhokamasiga alohida koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritishi lozim.
11. Xizmatlar va ishlar roʻyxatida nazarda tutilgan xizmatlarni koʻrsatish va ishlarni bajarish zaruriyatini tasdiqlash uchun koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlariga boshqarish organi tomonidan joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan koʻp kvartirali uyning texnik holatini tekshirish natijasi toʻgʻrisidagi dalolatnoma, aniqlangan nuqsonlar (nosozliklar, shikastlanishlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi boshqa hujjatlar, shuningdek koʻp kvartirali uyning texnik holatini sirtdan tekshirish orqali ilgʻab boʻlmas nosozlik va shikastlanishlar fakti tasdiqlangan tegishli mutaxassisning xulosasi taqdim etiladi.
12. Xizmatlar va ishlar roʻyxati koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar va bajariladigan ishlar hajmi, shuningdek narxi va bajarish muddatlarini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
Xizmatlar va ishlar roʻyxatini tasdiqlash yuzasidan umumiy yigʻilishda qaror qabul qilinishi uchun barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻprogʻi hozir boʻlishi hamda uni yoqlab joylar mulkdorlarining yoki ularning umumiy yigʻilishda hozir boʻlgan vakillarining ellik foizidan koʻprogʻi ovoz berishi lozim.
4-bob. Koʻp kvartirali uylarni billing tizimi orqali boshqarish
13. Billing tizimi boshqarish organi hamda joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilar oʻrtasida bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar, shuningdek, toʻlangan majburiy badal va toʻlovlar, koʻp kvartirali uylarni boshqarish boʻyicha boshqa maʼlumotlar almashish jarayonidan iborat.
Boshqarish organlari tomonidan koʻp kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini billing tizimi orqali amalga oshirilishi majburiydir.
14. Boshqarish organi koʻp kvartirali uyni boshqarish boʻyicha joylar mulkdorlari bilan shartnoma tuzadi hamda xizmat koʻrsatish sifati uchun javob beradi.
15. Boshqarish organi koʻp kvartirali uyni billing tizimi orqali boshqarishda:
Oldingi tahrirga qarang.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan axborot tizimi orqali aholiga xizmat koʻrsatilishini tashkil etishni;
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son)
joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarning — jismoniy shaxs boʻlganda — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, yuridik shaxs boʻlganda — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va ularga tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda maʼlumotlarni shakllantirishni;
majburiy badal yoki toʻlovlar uchun kelib tushgan mablagʻlarning hisobini xonadon kesimida yuritishni;
joylar mulkdorlarining qarzi toʻgʻrisida mobil telefon aloqa vositalariga qisqa xabar (SMS) joʻnatishni;
joy mulkdorining shaxsiy kabinetida boshqarish bilan bogʻliq barcha yangilik va xabarnomalarni (majburiy badal va/yoki toʻlovlar miqdori, toʻlovlar tarixi, soʻrovnoma natijalari, uy haqida toʻliq maʼlumot va boshqalar) kiritib borishni;
boshqarish organi haqida toʻliq maʼlumot joylashtirish va hujjatlarni yuklab olish imkoniyatini yaratishni;
joylar mulkdorlari oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazish orqali boshqarish organi faoliyati toʻgʻrisida fikr-mulohazalarni onlayn qabul qilish va tahlil qilishni;
bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni onlayn shaxsiy kabinetlar orqali eʼlon qilishni;
har olti oyda majburiy badallar va/yoki toʻlovlarning tushumi va koʻp kvartirali uylarni boshqarish boʻyicha xarajatlar toʻgʻrisida mulkdorlarga hisobotlarni onlayn shaxsiy kabinetlar orqali berishni;
kvitansiyani yuklab olish va chop etish imkoniyati bilan hisob-fakturani batafsil koʻrsatishni;
24 soat mobaynida avariya vaziyatlari toʻgʻrisida boshqarish organiga xabarnomani yuborishni;
boshqarish organi tomonidan bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar sifatini baholanishini taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Boshqarish organi tomonidan boshqaruv faoliyati billing tizimi orqali amalga oshirilishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi nazorati inspeksiyasi) tomonidan kuzatib boriladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 09/25/602/0862-son)
5-bob. Avariya-dispetcherlik xizmatlarni koʻrsatish
17. Boshqarish organi hududda koʻp kvartirali uylarda avariya vaziyatlarini bartaraf etadigan, 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan avariya-dispetcherlik xizmatini tashkil etishi lozim.
Boshqarish organining ushbu avariya-dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etishga va uni saqlab turishga moliyaviy imkoniyati yoki moddiy-texnik bazasi yetarli boʻlmasa, boshqaruv organi tomonidan ushbu koʻp kvartirali uydagi avariya holatlarini bartaraf etish uchun avariya-dispetcherlik xizmatini koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar jalb qilinishi shart.
18. Avariya-dispetcherlik xizmati muhandislik tarmoqlarining kunu-tun ishlashini, joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilardan kommunal xizmatlar koʻrsatish, umumiy mulkni saqlash va taʼmirlash boʻyicha ishlarni bajarish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan arizalar, shuningdek, muhandislik tizimlarining ishlamay qolishi va shikastlanishini bartaraf etish, koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan boshqarish organining boshqa majburiyatlarini bajarish hamda avariya vaziyatlari yoki ularning paydo boʻlishi xavfi tugʻilganda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tezkor choralar koʻradi.
19. Muhandislik uskunalarining ishlashini doimiy monitoring qilish natijasida olingan maʼlumotlar avariya-dispetcherlik xizmati tomonidan tegishli jurnallarda aks ettiriladi va elektron shaklda saqlanadi.
20. Avariya-dispetcherlik xizmati tomonidan quyidagilar taʼminlanishi lozim:
koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarning avariya-dispetcherlik xizmatiga qilgan qoʻngʻiroqlariga 3 daqiqadan koʻp boʻlmagan vaqt oraligʻida javob berilishi;
telefon orqali xabar qilingan murojaatlar (maʼlumotlar) belgilangan tartibda qayd etib borilishi;
ichimlik suvi, issiq suv, issiqlik va elektr taʼminoti tarmoqlarining ichki tizimlaridagi, koʻp kvartirali uyning tom qismidagi avariya shikastlanishlari toʻgʻrisidagi ariza roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran ushbu shikastlanishlarni yarim soatdan koʻp boʻlmagan vaqtda lokalizatsiya qilinishi;
xonadon ichidagi oqova suv quvurlari (kanalizatsiya)ning tiqilib qolish va muhandislik tarmoqlarining ifloslanish holatlarini ariza roʻyxatdan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab ikki soat ichida bartaraf etilishi;
sovuq (ichimlik) va issiq suv, issiqlik hamda elektr taʼminoti va oqova suv tizimlarining hamda boshqa ichki muhandislik tizimlarining avariyaviy shikastlanishini ushbu holat roʻy berganligi maʼlum boʻlgan vaqtdan yoki bu haqda kelib tushgan ariza roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab 3 kundan oshmagan muddatda bartaraf etilishi.
21. Murojaatlar avariya-dispetcherlik xizmatiga murojaatchilarning toʻgʻridan-toʻgʻri tashrif buyurishi jarayonida, aloqa vositalari, shu jumladan koʻp kvartirali uylarning kirish yoʻlaklari va lift kabinalarida oʻrnatilgan aloqa vositalari orqali qabul qilinadi.
Aloqa vositalari orqali qilingan qoʻngʻiroqlarga avariya-dispetcherlik xizmati tomonidan 3 daqiqa oraligʻida javob berilmaganligi va avariya bartaraf etilmaganligi oqibatida koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkka va/yoki joylar mulkdorlarining shaxsiy mol-mulkiga yetkazilgan barcha zararlar, aybsizligini isbotlay olmagan boshqarish organi hisobidan qoplanadi.
22. Murojaatlarni roʻyxatdan oʻtkazish roʻyxatga olish jurnalida va/yoki yozib olishning elektron tizimi orqali (agar mavjud boʻlsa) hamda qonunchilikka muvofiq telefon suhbatini yozib olish usuli yordamida amalga oshiriladi.
Murojaatlarni roʻyxatga olish jurnali avariya-dispetcherlik xizmati tomonidan shnurlangan, raqamlangan va muhrlangan boʻlishi kerak. Ushbu jurnal avariya-dispetcherlik xizmati faoliyat yuritayotgan binoda saqlanishi va murojaat muallifi, uning talabiga binoan murojaati roʻyxatdan oʻtganligini tasdiqlash uchun jurnal bilan tanishtirilishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
23. Boshqarish organi ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari, issiqlik, elektr va gaz taʼminoti tarmoqlarining ichki muhandislik tizimlari shikastlanganda, ular haqida ushbu holatlarni bartaraf etish xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlovchi tashkilotlarni xabardor qiladi.
24. Ushbu Qoidalarning 21-bandida nazarda tutilmagan zarur ishlar (xizmatlar) shartlari va roʻyxatiga muvofiq kichik nosozliklar va shikastlanishlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi arizalarni bajarish, arizani yuborgan joylar mulkdorlari yoki boshqa foydalanuvchilar bilan kelishilgan holda kunning istalgan paytida amalga oshiriladi.
Avariya-dispetcherlik xizmati tungi vaqtda (soat 23.00 dan 06.00 gacha) oʻz faoliyatini fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini buzmaslik choralarini taʼminlagan holda amalga oshirishi lozim.
25. Boshqarish organi va joylar mulkdorlari ikki va undan ortiq xonadonga xizmat qiluvchi muhandislik tarmoqlaridagi avariya holatlarini bartaraf etish maqsadida avariya-dispetcherlik xizmati xodimlarini ushbu tarmoqlarga va joylar mulkdorlari egallab turgan joyga kirishini taʼminlashlari shart.
26. Murojaat kelib tushganda, avariya-dispetcherlik xizmati ushbu murojaat sabablarini, mazmunini aniqlaydi va avariya-taʼmirlash xizmatlarini koʻrsatuvchi boshqa tegishli tashkilotlar bilan oʻzaro aloqada tezkor qarorlar qabul qiladi. Qabul qilingan murojaatlarda qayd etilgan avariya holatlarini ushbu Qoidalarning 20-bandida belgilangan muddatlarda bartaraf etilishini taʼminlaydi.
27. Murojaatni roʻyxatdan oʻtkazishda avariya-dispetcherlik xizmati murojaat etuvchi joy mulkdori yoki boshqa foydalanuvchiga mazkur murojaatni buyurtma sifatida olib, roʻyxatga olish raqami, ushbu murojaatda qayd etilgan masalalarni bajarilishining belgilangan muddatlari va choralari toʻgʻrisida maʼlumot beradi.
28. Avariya-dispetcherlik xizmati koʻrsatilishini amalga oshirish jarayonida odamlarning hayoti va sogʻligʻi, atrof-muhitni, joylar mulkdorlari va boshqa foydalanuvchilarning umumiy mol-mulki xavfsizligi taʼminlanishi kerak.
29. Avariya-dispetcherlik xizmati xodimlari kelib tushgan buyurtmani bajarish uchun zarur barcha vositalar va asbob-uskunalarga ega boʻlishi lozim.
Avariya-dispetcherlik xizmati xodimlari buyurtmani bajarish uchun joy mulkdorining xonadoniga yoki boshqa foydalanuvchi egallab turgan joyga kirishi zarur boʻlganda, joy mulkdorini yoki boshqa foydalanuvchini bu haqda hamda buyurtmani bajarish vaqti, buyurtmani bajaruvchi avariya-dispetcherlik xizmati xodimi (xodimlari) haqida maʼlumot berish orqali ogohlantirishi zarur.
30. Avariya-dispetcherlik xizmati koʻrsatilib, yuzaga kelgan avariya holatlari bartaraf etilganda, murojaat qilgan joy mulkdori yoki boshqa foydalanuvchi tomonidan avariya holatlari bartaraf etilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilib, har ikki taraf tomonidan imzolash yoʻli bilan tasdiqlanadi.
6-bob. Koʻp kvartirali uylarni mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini amalga oshirish
31. Koʻp kvartirali uy-joy fondini mukammal va joriy taʼmirlash uchun boshqarish organi tomonidan har bir koʻp kvartirali uy uchun majburiy badallarning va/yoki toʻlovlarning alohida hisobi yuritiladi.
32. Boshqarish organi tomonidan koʻp kvartirali uylarni mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun ish turlarini aniqlash, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, shuningdek, manzilli roʻyxatlarni ishlab chiqish va kelishish, taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish hamda nazorat qilib borish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5152-son “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Koʻp kvartirali uyni boshqarish organlari har olti oyda bir marta koʻp kvartirali uy-joylardagi tayanch va toʻsiq konstruksiyalar (umumiy mol-mulk) butligini xatlovdan oʻtkazadi va Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi nazorati inspeksiyasiga maʼlumot kiritib boradi.
(33-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 09/25/602/0862-son)
Boshqarish organlari tomonidan:
Oldingi tahrirga qarang.
koʻp kvartirali uylardagi tayanch va toʻsiq konstruksiyalarni qonunchilik hujjatlarini buzgan holda oʻzgartirish, shuningdek koʻp kvartirali uylarda va ularga tutash hududlarda oʻzboshimchalik bilan qurilmalar qurilganligi yoxud bunday harakatlarning amalga oshirilayotganligi aniqlanganda, oʻziga maʼlum boʻlgan vaqtdan boshlab darhol Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi nazorati inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalariga;
(33-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentabrdagi 602-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 09/25/602/0862-son)
daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikast yetkazganlik, boshqa joyga koʻchirib oʻtkazganlik hamda parvarish qilmaslik oqibatida ularning qurib qolishi aniqlanganda, bu haqida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, ichki ishlar organlari yoki Milliy gvardiya boʻlinmalariga maʼlum qilishi shart.
7-bob. Koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlari, uyni boshqarish uchun zarur boʻladigan boshqa hujjatlar hamda texnik vositalar va asbob-uskunalarni topshirish-qabul qilish tartibi
34. Joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda yoki koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasining amal qilish muddati tugaganda yoxud bunday shartnoma muddatidan avval bekor qilinganda, umumiy yigʻilish vakolat bergan shaxs yoki boshqarish organi besh ish kunida yigʻilishda qabul qilingan qarorning nusxasini ilova qilgan holda yigʻilish oʻtkazilgan kunga qadar mazkur uyga koʻp kvartirali uylarni boshqarish xizmatini koʻrsatib kelgan boshqarish organiga, shuningdek, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining tuman (shahar)lar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimlariga (keyingi oʻrinlarda — Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining hududiy boʻlimi) maʼlum qiladi.
Ushbu maʼlumotda koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlari tomonidan uyni boshqarish uchun tanlangan tashkilot nomi, manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR) va bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish usuli tanlanganda, umumiy yigʻilish qarori bilan saylangan koʻp kvartirali uyning Kengashi aʼzolari haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak. Mazkur maʼlumotlar elektron axborot tizimlari orqali yuborilishi mumkin.
35. Boshqarish organi koʻp kvartirali uyni boshqarish usuli oʻzgargan yoki bu haqda xabar berilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlarini va uyni boshqarish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni, qoldiq pul mablagʻlarni, umumiy mol-mulk tarkibiga kiradigan joylarning kalitlarini hamda koʻp kvartirali uydan foydalanish va uni boshqarish uchun zarur boʻlgan boshqa texnik vositalarni hamda asbob-uskunalarni yangi saylangan boshqarish organiga yoki Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining hududiy boʻlimiga topshirishi shart.
36. Agar koʻp kvartirali uyni avval boshqargan boshqarish organida koʻp kvartirali uyni boshqarish funksiyasini (vazifasini) yangi saylangan (tanlangan) boshqarish organiga topshirish kunida koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlari va uyni boshqarish bilan bogʻliq boshqa hujjatlar hamda koʻp kvartirali uydan foydalanish va uni boshqarish uchun zarur boʻlgan texnik vositalar hamda asbob-uskunalar mavjud boʻlmasa (yoʻqotilganligi yoki boshqa sabablarga koʻra), boshqarish organi (boshqarish funksiyasini topshiruvchi boshqarish organi) bir oy muddat ichida ularni tiklash choralarini koʻrishi va belgilangan tartibda yangi tanlangan boshqarish organiga yoxud umumiy yigʻilish qarorida belgilangan joy mulkdoriga, ularni alohida topshirish qabul qilish dalolatnomasi asosida topshirishi lozim.
Topshirish qabul qilish dalolatnomasida qabul qilingan hujjatlar, texnik vositalar va asbob-uskunalar toʻgʻrisida maʼlumot (nomi, soni, turi va boshqa koʻrsatkichlar), dalolatnoma tuzilgan sana va maʼlumotlarning toʻgʻriligini tasdiqlovchi shaxslarning imzolari boʻlishi zarur.
37. Dalolatnoma imzolagan kundan boshlab uning bir nusxasi ushbu Qoidalarning 35-bandida nazarda tutilgan hujjat va asbob-uskunalarni qabul qilgan shaxs tomonidan besh ish kunidan kechiktirmasdan Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining hududiy boʻlimiga yuborilishi kerak.
Mazkur Qoidalarning 35-bandida nazarda tutilgan hujjat va asbob- uskunalar ularni topshirishi shart boʻlgan boshqarish organi tomonidan belgilangan muddatda topshirilmagan taqdirda, yangi tanlangan boshqarish organi yoxud umumiy yigʻilish qarorida belgilangan koʻp kvartirali uydagi joy mulkdori bu haqida Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining hududiy boʻlimiga maʼlumot yuborishi lozim.
8-bob. Yakunlovchi qoida
38. Mazkur Qoidalar buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-yanvardagi 3-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalarida:
a) 76-bandning birinchi xatboshidagi “oyda” soʻzi “uch oyda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 87-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“87. Suvni hisobga olish asbobi bilan taʼminlanmagan isteʼmolchilar tomonidan sarflangan ichimlik suv miqdori sutkasiga quyidagicha hisoblanadi:
a) I guruh isteʼmolchilari uchun:
koʻchadagi umumiy foydalanadigan ichimlik suvi kolonkasidan tashib ichuvchilar uchun kishi boshiga — 50 litr;
markazlashgan ichimlik suv tarmogʻiga ulangan, suv berish jadvali asosida suv beriladigan xonadonlar uchun kishi boshiga — 200 litr;
markazlashgan ichimlik suv tarmogʻiga ulangan xonadonlar uchun kishi boshiga — 350 litr;
suv sepish va sugʻorish maydonining har 1 metr kvadrati uchun 15 litr (suv sepish va sugʻorish davri 1-apreldan 1-oktabrgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi);
hovuz (basseyn), mikroiqlim yoki favvora mavjud boʻlgan hollarda ichimlik suv isteʼmoli hajmi asosiy ichimlik suv tarmogʻi ulanmasining suv oʻtkazish quvvatidan kelib chiqib, ushbu Qoidalar 87-bandining “b” kichik bandi boʻyicha amalga oshiriladi;
b) II va III guruh isteʼmolchilari uchun hisoblash asosiy ichimlik suv tarmogʻi ulanmasining suv oʻtkazish quvvati boʻyicha quyidagi formula bilan amalga oshiriladi:
M — 0,60 — 0,62 ga teng boʻlgan zulfin orqali suv sarfi koeffitsiyenti;
F — suyuqlik oqib oʻtadigan quvur yoki teshik kesimi maydoni (ichki diametr boʻyicha), m2;
g — 9,8 m/sekund2 ga teng boʻlgan erkin tushish tezligi;
N — kommunal suv tarmogʻiga ulanish yoki suv olish nuqtasidagi suvning metr hisobidagi bosimi;
t — oyning kalendar kunlari, 24 soat (suv berish jadvalini hisobga olgan holda) mobaynidagi sekundlardagi vaqt”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-iyundagi 409-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 4-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarining Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasi bilan tasdiqlangan razryadlariga muvofiq, lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti markaziy apparatda — 2 baravarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmalari va Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasida — 1,5 baravarga, tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimlarida — 1,3 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.
Bunda, ushbu tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi”;
b) 13-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri tomonidan tasdiqlanadigan Budjet tashkilotlari xodimlari faoliyatini baholashning tarmoq reyting tizimiga muvofiq lavozim maoshiga quyidagi miqdorlarda har oylik shaxsiy ustamalar toʻlanishi mumkin:
70 balldan 75 ballgacha toʻplaganlarga — 50 foiz;
76 balldan 80 ballgacha toʻplaganlarga — 75 foiz;
81 balldan 85 ballgacha toʻplaganlarga — 100 foiz;
86 balldan 90 ballgacha toʻplaganlarga — 125 foiz;
91 balldan 95 ballgacha toʻplaganlarga — 150 foiz;
96 balldan 100 ballgacha toʻplaganlarga — 200 foiz”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2022-y., 09/22/3/0002-son; 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son; 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son; 22.09.2025-y., 09/25/602/0862-son)