Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligiga koʻmaklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 21-dekabrdagi PQ-57-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligiga koʻmaklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 21-dekabrdagi PQ-57-son qarori 3-bandiga muvofiq:
Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash (keyingi oʻrinlarda — Idoralararo kengash) tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston karlar jamiyati, Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi hamda Tadbirkor nogiron-ayollar milliy assotsiatsiyasi rahbarlari kiritilganligi;
Idoralararo kengashning zimmasiga nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar yuklatilganligi;
Idoralararo kengashga rahbarlik qilish Savdo-sanoat palatasining raisi A. Ikramov zimmasiga yuklanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Idoralararo kengashning maqomi, vazifalari, huquqlari va javobgarligi;
Idoralararo kengash tarkibini shakllantirish, uning majlisini chaqirish va oʻtkazish tartibi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligini Idoralararo kengashning ishchi organi etib belgilash;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 123-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2024-y., 09/24/123/0201-son)
Idoralararo kengash faoliyatining natijadorligini baholash tartibi.
4. Idoralararo kengash (A. Ikramov) uch kun muddatda quyidagi birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur boʻlgan masalalarga alohida eʼtibor qaratgan holda Kengash majlisini oʻtkazsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-dekabrdagi PQ-57-son qarori ijrosini taʼminlashga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash;
Idoralararo kengash aʼzolarining, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining kengash faoliyatini amalga oshirish boʻyicha asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini belgilash;
Idoralararo kengashning 2022-yilga moʻljallangan oyma-oy amalga oshiriladigan ish rejasini hamda ularni barvaqt va sifatli bajarish boʻyicha reja-grafiklarini tasdiqlash.
5. Vazirlar Mahkamasining “Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2021-yil 29-apreldagi 257-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.I. Ikramov va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K. Inakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-dekabr,
769-son
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-dekabrdagi 769-son qaroriga
1-ILOVA
Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash
TARKIBI

1.

M.P. Olloyorov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori, Kengash raisi

2.

M.M. Tashxodjayev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori oʻrinbosari, Kengash raisi oʻrinbosari

3.

A.A. Xudayarov

sogʻliqni saqlash vaziri v.b.

4.

B.A. Musayev

kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri

5.

K.A. Sharipov

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri

6.

X.U. Umarova

maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri

7.

O.A. Nazarbekov

madaniyat vaziri

8.

Sh.X. Shermatov

raqamli texnologiyalar vaziri

9.

I.R. Maxkamov

transport vaziri

10.

A.I. Ikramov

sport vaziri

11.

O.R. Fozilkarimov

iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari

12.

M.M. Ikramov

adliya vaziri oʻrinbosari

13.

B.X. Maxmadaliyev

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi oʻrinbosari (kelishuv asosida)

14.

K.Q. Abdullayev

Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati raisi (kelishuv asosida)

15.

E.D. Narpulatov

Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi (kelishuv asosida)

16.

G.U. Shodiyeva

Oʻzbekiston karlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi (kelishuv asosida)

17.

O.Y. Isoqov

Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi (kelishuv asosida)

18.

D.G. Lutpullayeva

Tadbirkor nogiron-ayollar milliy assotsiatsiyasi raisi (kelishuv asosida)

19.

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari

20.

Lavozimi boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshligʻi, Kengash kotibi

Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, Kengash tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan masʼul shaxslar kiritiladi.”
(1-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 123-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2024-y., 09/24/123/0201-son)
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-dekabrdagi 769-son qaroriga
2-ILOVA
Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengashning (keyingi oʻrinlarda — Idoralararo kengash) maqomi, vazifalari, huquqlari va javobgarligi hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Idoralararo kengash nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishga va “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining bajarilishini taʼminlashga qaratilgan kelishilgan saʼy-harakatlarni ishlab chiqish maqsadida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan maslahatlashuv organi hisoblanadi.
3. Idoralararo kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
2-bob. Idoralararo kengashning vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Idoralararo kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning sogʻligʻini tiklash, ularni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va huquqlarini taʼminlashga doir davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olishiga, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlashga, malakasini oshirish, mehnat qilishi va bandligiga koʻmaklashish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida toʻla huquqli tarzda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etish.
5. Quyidagilar Idoralararo kengashning nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha vazifalari hisoblanadi:
nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim muassasalarida inklyuziv taʼlimini rivojlantirish, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirib borish uchun muqobil shakldagi oʻquv materiallaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
taʼlim muassasalarini bitiruvchi nogironligi boʻlgan shaxslarning tavsiya etilgan kasblar boʻyicha belgilangan tartibda korxona va tashkilotlarda amaliyot oʻtash va tajriba almashishini tashkil etish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning korxona va tashkilotlardagi ish joylarini jihozlash, moslashtirish va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun zaruriy mehnat sharoitlarini tashkil etish;
nogironligi boʻlgan shaxslarni ular ishga joylashgandan soʻng hamda tadbirkorlik, hunarmandchilik yoki oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlagandan keyin qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini tatbiq etish.
6. Idoralararo kengash oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi, shuningdek, soha boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqishda davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash boʻyicha davlat tomonidan belgilangan kafolatlangan xizmatlardan foydalanishda davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
b) nogironligi boʻlgan shaxslarning sogʻligʻini tiklash, ularni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va huquqlarini taʼminlashga doir davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish sohasida:
nogironligi boʻlgan shaxslarning sifatli sogʻliqni saqlash xizmatlaridan, ularning ehtiyojlarini hisobga oluvchi tibbiy yordamdan boshqa fuqarolar bilan teng ravishda foydalanishiga koʻmaklashadi;
nogironligi boʻlgan shaxslarni sanatoriy-kurortda bepul sogʻlomlashtirishga, tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya qilishga, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlashga koʻmaklashadi;
nogironligi boʻlgan shaxslarning sogʻligʻini tiklash, ularni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va huquqlarini taʼminlashga doir davlat dasturlariga takliflar ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
v) nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olishiga, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlashga, malakasini oshirish, mehnat qilishi va bandligiga koʻmaklashish sohasida:
nogironligi boʻlgan shaxslar barcha darajalardagi taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish va oʻz qobiliyatini yanada toʻliqroq rivojlantirishi uchun butun umri davomida taʼlim olishi tashkil etishda ishtirok etadi;
nogironligi boʻlgan shaxslarning inklyuziv taʼlimini rivojlantirishni, ularning taʼlim olishi va kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan oʻtishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga koʻmaklashadi;
nogironligi boʻlgan shaxslarning odatdagi mehnat sharoitlariga ega tashkilotlarda, nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnatidan foydalanuvchi ixtisoslashtirilgan korxonalarda, sexlarda va uchastkalarda ishlashiga, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan yakka tartibdagi mehnat faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishiga koʻmaklashadi;
nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olishi, ushbu shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning bandligini taʼminlash, shuningdek mehnat bozorida ularning raqobatbardoshliligini oshirish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
g) nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida toʻla huquqli tarzda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etish sohasida:
nogironligi boʻlgan shaxslarning nogironlik belgisiga koʻra kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik hamda xizmatlardan, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar, sogʻliqni saqlash, taʼlim obyektlaridan, shuningdek, axborot va aloqa vositalaridan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishga va ishga joylashishiga koʻmaklashadi;
nogironligi boʻlgan shaxslarga uy-joy qurilishi boʻyicha davlat dasturlaridan va boshqa maxsus dasturlardan foydalanish imkoniyatini taʼminlash choralarini koʻradi;
transport vositalari va yoʻl infratuzilmasidan foydalanishda nogironligi boʻlgan shaxslarga qulaylikni taʼminlashga koʻmaklashadi;
nogironligi boʻlgan shaxslarning moddiy madaniy meros obyektlari, turistik hamda sport obyektlari va inshootlaridan, shuningdek, dam olish obyektlaridan foydalanishini taʼminlashga amaliy-metodik yordam koʻrsatadi;
ijtimoiy infratuzilma obyektlariga nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsqinliksiz kirishi uchun yetarli sharoitlar yaratilishi hamda jamoat transportini moslashtirish boʻyicha qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
3-bob. Idoralararo kengashning huquqlari va javobgarligi
7. Idoralararo kengash oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun:
Idoralararo kengash vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha hujjatlar, statistik maʼlumotlar, hisobotlar, tahliliy materiallar, oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarning ijrosi boʻyicha maʼlumotlar va boshqa axborotlarni vazirliklar va idoralardan soʻrash va olish;
davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari mansabdor shaxslarini oʻz yigʻilishlariga taklif etish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha respublika hududida tashkil etiladigan yigʻilishlar, konferensiyalar va seminarlarda ishtirok etish uchun oʻz vakillarini yuborish huquqiga ega.
8. Idoralararo kengash oʻziga yuklangan vazifalarning toʻliq va sifatli bajarilishi hamda samarali amalga oshirilishi uchun javob beradi.
4-bob. Idoralararo kengash faoliyatini tashkil etish
9. Idoralararo kengash shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
10. Idoralararo kengash tarkibiga nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish oʻz vakolatiga kiradigan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Idoralararo kengash raisi hisoblanadi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 123-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2024-y., 09/24/123/0201-son)
Idoralararo kengash raisi:
Idoralararo kengash samarali ishlashini taʼminlaydi;
Idoralararo kengash aʼzolari ishini muvofiqlashtiradi;
Idoralararo kengash ish reglamentini tasdiqlaydi;
Idoralararo kengashning kun tartibini belgilaydi va uning majlislarini chaqiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Idoralararo kengashning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda — ishchi organ) hisoblanadi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 123-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2024-y., 09/24/123/0201-son)
13. Ishchi organ:
Idoralararo kengash majlislariga zarur materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishini tashkil etadi;
Idoralararo kengashning bayonnomalarini rasmiylashtiradi va Idoralararo kengash aʼzolariga yuboradi;
vazirliklar va idoralardan Idoralararo kengashning vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan axborot va materiallarni belgilangan tartibda soʻraydi va oladi;
Idoralararo kengashda ish yuritilishini taʼminlaydi;
Idoralararo kengashning qarorlariga muvofiq boshqa vazifalar va funksiyalarni amalga oshiradi.
14. Idoralararo kengash oʻz faoliyatini Idoralararo komissiyaning ish reglamentiga va kun tartibiga muvofiq majlislarni tizimli asosda oʻtkazish orqali amalga oshiradi.
Idoralararo kengashning majlislari zaruratga qarab, biroq har yarim yilda kamida bir marta rais tomonidan chaqiriladi.
Majlisni Idoralararo kengash raisi, u boʻlmaganda Idoralararo kengash raisining oʻrinbosari oʻtkazadi.
15. Idoralararo kengashning qarorlari Idoralararo kengashning majlisda ishtirok etayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng boʻlganda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Idoralararo kengashning majlisiga koʻrib chiqilayotgan masalalarning xususiyatiga bogʻliq ravishda Idoralararo kengash aʼzolari hisoblanmagan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
16. Istisno hollarda, qarorlarni tezlikda qabul qilish maqsadida Idoralararo kengashning raisi ayrim masalalar boʻyicha Idoralararo kengashning qarorlarini soʻrov yoʻli bilan tasdiqlashga haqlidir.
17. Idoralararo kengashning qarorlari uning majlisi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Idoralararo kengash majlisining bayonnomasiga uning barcha aʼzolari tomonidan viza qoʻyiladi, Idoralararo kengash kotibi tomonidan imzolanadi hamda Idoralararo kengashning raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Idoralararo kengash bayonnomasining asli va unga tegishli materiallar ishchi organda saqlanadi.
18. Yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish maqsadida Idoralararo kengashning kotibi:
Idoralararo kengashning raisi bilan kelishish uchun yigʻilishlarning muddatlari, oʻtkazilish joyi va kun tartibi boʻyicha takliflarni shakllantiradi;
Idoralararo kengash aʼzolarini navbatdagi yigʻilishning muddati, oʻtkazilish joyi va kun tartibi boʻyicha xabardor qiladi, ularni zarur materiallar bilan taʼminlaydi;
Idoralararo kengashning bayonnomalarini yuritadi va yigʻilish oʻtkazilishini va ish yuritishini tashkil etadi;
tasdiqlangan bayonnomalarni Idoralararo kengashning aʼzolariga tarqatadi;
Idoralararo kengash bayonnomalarining ijrosi monitoringini olib boradi;
Idoralararo kengash raisining Idoralararo kengash faoliyatiga oid topshiriqlarini bajaradi;
Idoralararo kengashning kun tartibi masalalari boʻyicha tahliliy materiallarni tayyorlaydi.
5-bob. Idoralararo kengash faoliyatining samaradorligiga doir talablar
19. Idoralararo kengash raisi uning faoliyatini samarali tashkil etish, yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni sifatli bajarish, uning tarkibini yangilab borish, shuningdek, yuklatilgan vazifalar va funksiyalar toʻliq bajarilgan yoki samarasiz faoliyat yuritilgan hollarda ularni optimallashtirish boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlariga taklif kiritish yuzasidan javob beradi.
20. Idoralararo kengash faoliyatining natijadorligi tashkil etilgan paytdan boshlab har yil yakunlari boʻyicha Idoralararo kengash raisi tomonidan Idoralararo kengashga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi sifati mezoniga asosan baholab boriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
21. Idoralararo kengashni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2021-y., 09/21/769/1187-son; 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 12.03.2024-y., 09/24/123/0201-son)