Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.03.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Iqtisodiy ishlarni kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 25-martdagi 10-sonli “Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan hamda qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Tushuntirilsinki, iqtisodiy ishlarning kassatsiya tartibida qayta koʻrilishi birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlari hujjatlarining qonuniyligi va asosliligi, ular tomonidan moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilishini va protsessual qonun talablariga rioya etilishini taʼminlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 282-moddasiga muvofiq, birinchi instansiya sudining apellyatsiya tartibida koʻrilgan hal qiluv qarori va apellyatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilish (protest keltirish) huquqi quyidagilarga tegishli:
daʼvogar, arizachi, javobgar, uchinchi shaxs, ularning vakillariga;
taraflar va uchinchi shaxslarning huquqiy vorislariga;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakiliga, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar bundan mustasno;
fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarining himoyasida daʼvo arizasi (ariza) bergan davlat organlari va boshqa shaxslarga (IPK 50-moddasining birinchi qismi);
ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqida sud qaror qabul qilgan shaxsga;
prokurorga.
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, shu jumladan, advokat sud hujjati ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilishga, basharti bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus koʻrsatilgan boʻlgandagina haqli (IPK 63-moddasining ikkinchi qismi).
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning huquqiy vorisi tomonidan berilgan kassatsiya shikoyatiga huquq oʻtganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
Prokuror oʻzining ishtirokida koʻrilgan ish boʻyicha kassatsiya protesti keltirishga, prokuror ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha esa, taraflarning murojaati mavjud boʻlganda kassatsiya protesti keltirishga haqli.
3. Sudlarga tushuntirilsinki, IPK 50-moddasining birinchi qismiga muvofiq, davlat organlari va boshqa shaxslar (masalan, Savdo-sanoat palatasi, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari va h.k.) daʼvo ular tomonidan taqdim etilgan holdagina sud hujjati ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishi mumkin, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bundan mustasno.
4. Qonunga muvofiq, kassatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yil ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga beriladi (IPK 284, 285-moddalari).
5. IPK 119-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati apellyatsiya instansiyasi sudi qarori qabul qilingan kunning ertasidan boshlab hisoblanadi va mazkur muddat oxirgi oyining tegishli sanasida tugaydi. Bunda apellyatsiya instansiyasi sudi qarorining faqat xulosa qismi eʼlon qilinishi kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini hisoblashga taʼsir koʻrsatmaydi, biroq muddatni tiklash haqidagi iltimosnomani hal qilishda inobatga olinadi.
Agar kassatsiya shikoyati (protesti) pochta orqali protsessual muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtga qadar joʻnatilgan boʻlsa, muddat oʻtmagan hisoblanadi. Bunday holda kassatsiya shikoyati (protesti) berish sanasi aloqa xati qabul qilinganligini tasdiqlovchi konvertdagi shtamp, buyurtma xat qabul qilinganligi haqidagi kvitansiya yoxud boshqa hujjat boʻyicha belgilanadi.
6. Kassatsiya shikoyati (protesti) berishning oʻtkazib yuborilgan muddati kassatsiya instansiyasi sudi sudyasi tomonidan manfaatdor shaxs iltimosnomasi boʻyicha, basharti u kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati oʻtgan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va muddat oʻtkazib yuborilishi sabablari uzrli deb topilgan boʻlsa, tiklanishi mumkin (IPK 285-moddasining ikkinchi qismi).
Kassatsiya shikoyati (protesti) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi iltimosnoma kassatsiya shikoyati (protesti) bilan birga beriladi. Ushbu protsessual muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma bevosita kassatsiya shikoyatida (protestida) koʻrsatilishi mumkin.
7. Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual harakatlarni amalga oshirishga obyektiv toʻsqinlik qiluvchi holatlar uzrli sabablarga kiritilishi mumkin (masalan, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, epidemiyalar, pandemiya, karantin, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqida sud qaror qabul qilgan shaxsning sud hujjatidan bexabarligi).
Yuridik shaxs vakilining xizmat safarida, mehnat taʼtilida boʻlishi, huquqshunosning boʻlmasligi, vakilning yordami yoki davlat bojini toʻlash uchun pul mablagʻlarining mavjud emasligi yuridik shaxs tomonidan kassatsiya shikoyati berish muddati oʻtkazilganligining uzrli sabablari sifatida koʻrilishi mumkin emas.
8. Oʻtkazib yuborilgan kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash haqida IPK 285-moddasining ikkinchi qismida belgilangan uch oylik muddat oʻtkazib yuborilganidan keyin berilgan iltimosnomani qanoatlantirish rad etiladi. Agar kassatsiya shikoyati (protesti) berishning bir yillik muddatini tiklash rad etilgan boʻlsa, kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish rad etilishi lozim (IPK 291-moddasi birinchi qismining 4-bandi).
9. Kassatsiya shikoyati (protesti) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi masala kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish masalasi koʻrib chiqilayotganda muhokama qilinadi.
Muddat oʻtkazib yuborilganligi munosabati bilan kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish haqidagi ajrim ustidan IPK 306-moddasida nazarda tutilgan tartibda shikoyat (protest) berilishi mumkin.
10. IPK 286-moddasida kassatsiya shikoyatining (protestining) shakli va mazmuniga doir talablar belgilanganligi sababli, sudya har bir holda kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs tomonidan qonunda koʻrsatilgan talablarga rioya qilinganligini tekshirishi lozim.
Shuni inobatga olish kerakki, qonunga koʻra, kassatsiya shikoyati (protesti) va unga ilova qilingan hujjatlar nusxalarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborish yoki topshirish kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs zimmasiga kiritilgan boʻlib, bu buyurtma xat yuborilganligi haqidagi kvitansiya, ular qabul qilinganligi haqidagi tilxat va boshqalar bilan tasdiqlanishi lozim.
11. Qonunga koʻra (IPK 288-moddasi), kassatsiya shikoyatiga quyidagilar ilova qilinadi:
davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga kassatsiya shikoyatining va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat;
kassatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uning imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat.
Kassatsiya protestiga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga kassatsiya protesti va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, prokuror ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha tarafning murojaati koʻchirma nusxasi ilova qilinadi.
Apellyatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish va apellyatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan berilgan kassatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan shikoyat (protest) va uni sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
Kassatsiya shikoyatiga davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarning asli ilova qilinishi kerak, toʻlov elektron tarzda amalga oshirilgan hollar bundan mustasno.
Qayd etilgan talablarga rioya etmaslik shikoyatni IPK 292-moddasi birinchi qismining 2 — 4-bandlariga, protestni esa IPK 292-moddasi birinchi qismi 2-3-bandlariga asosan qaytarish uchun asos boʻladi.
12. Shikoyatni imzolashda faksimiledan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Agar shikoyatni qabul qilishda sudyada shikoyatni imzolagan shaxsda taʼsis hujjatlariga muvofiq uni imzolash huquqi mavjudligi borasida shubha tugʻilsa, sudya kassatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qiladi va arizachiga uning shikoyatni imzolashga vakolatini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishni taklif qiladi. Bunday dalil taqdim etilmaganda kassatsiya instansiyasi sudi shikoyatni IPK 295-moddasining birinchi qismiga asosan, koʻrmasdan qoldiradi.
13. Kassatsiya shikoyati bergan shaxs tomonidan davlat boji toʻlashning qonun bilan belgilangan tartibi va miqdorlariga rioya qilinganligi haqidagi masalani hal qilishda sudya “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 5-moddasining 2-bandi, 9-moddasi va qayd etilgan Qonunga ilova “Davlat boji stavkalarining miqdorlari”ga amal qilishi lozim.
Davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash haqidagi iltimosnoma sudya tomonidan kassatsiya shikoyatini qabul qilishda hal qilinishi lozim.
14. Tushuntirilsinki, kassatsiya instansiyasi sudi sudyasi kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ishni suddan talab qilib olishga haqli.
Ishni talab qilib olish haqidagi masala sudya tomonidan kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda hal qilinadi.
15. Kelib tushgan kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan oʻrganib chiqiladi va u besh kunlik muddatda IPK 289-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish va ishni talab qilib olish toʻgʻrisida;
kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida;
kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisida.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) oʻrganish natijalari boʻyicha chiqarilgan ajrimning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ajrim chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay yuboriladi.
16. Tushuntirilsinki, davlat organlari va boshqa shaxslarning kassatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilish, agar ish ularning daʼvo arizasi asosida qoʻzgʻatilgan boʻlmasa, IPK 291-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan, rad etilishi kerak, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga kelgan nizo yuzasidan, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizo yuzasidan qabul qilingan sud hujjati ustidan berilgan kassatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilish ham shu asoslar boʻyicha rad etilishi lozim.
17. Kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin boʻlmagan sud hujjati ustidan berilgan kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish IPK 291-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan, rad etiladi.
Qonunga koʻra, birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlarining quyidagi:
ishni yopiq sud majlisida muhokama qilish (IPK 11-moddasi);
oʻzini oʻzi rad qilish yoki sudya, prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi, tarjimonni rad qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrish natijalari (IPK 23-moddasi);
ishni boshqa iqtisodiy sudga tegishliligi boʻyicha oʻtkazish (IPK 39-moddasi);
boshqa javobgarni ishda ishtirok etishga jalb etish yoki jalb etishni rad qilish (IPK 44-moddasi);
ishga daxldor boʻlmagan javobgarni almashtirish (IPK 45-moddasi);
ishda ishtirok etishga uchinchi shaxslarni jalb qilish (IPK 47, 48-moddalari);
mutaxassisni sud majlisida ishtirok etish uchun jalb qilish (IPK 57-moddasi);
dalillarni talab qilib olish va ularni turgan joyida koʻzdan kechirish (IPK 69, 70-moddalari);
ashyoviy dalillarni qaytarish (IPK 79-moddasi);
ekspertiza tayinlash yoki ekspertiza tayinlash haqidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish (IPK 80-moddasi);
sud topshirigʻi (IPK 91-moddasi);
sud topshirigʻining ijrosi (IPK 92-moddasi);
ish yuritishni tiklash (IPK 106-moddasi);
protsessual muddatlarni tiklash (IPK 123-moddasi);
protsessual muddatni uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish (IPK 124-modda);
kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish (IPK 134-moddasi);
sud buyrugʻini bekor qilish (IPK 147-moddasi);
daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish (IPK 153-moddasi);
daʼvoning asosini yoki predmetini oʻzgartirishni, daʼvo talablari miqdorini koʻpaytirishni yoki kamaytirishni, daʼvogarning daʼvodan toʻliq yoki qisman voz kechishini qabul qilish yoxud qabul qilishni rad etish (IPK 157-moddasi);
ishlarni birlashtirish (IPK 158-moddasi);
talablarning bir qismini alohida ish yuritishga ajratish (IPK 159-moddasi);
qarshi daʼvoni qabul qilish (IPK 161-moddasi);
ishni sud muhokamasiga tayyorlash (IPK 162-moddasi);
ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini hal etish (IPK 169-moddasi);
sud muhokamasini keyinga qoldirish (IPK 171-moddasi);
apellyatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish (IPK 267-moddasi);
qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani ish yuritishga qabul qilish (IPK 330-moddasi);
ijro ishini yuritishni tiklash (IPK 346-moddasi) haqidagi ajrimlari ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin emas.
Qonunga koʻra, birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlarining ijro varaqasi (IPK 336-moddasi) ustidan ham kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin emas.
18. Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish va kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish haqidagi ajrimda tegishlicha IPK 291-moddasining birinchi qismida hamda 292-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan aniq asoslar koʻrsatilishi kerak.
IPK 291 va 292-moddalarida nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki qaytarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim bekor qilingan holda, u sudga dastlab taqdim etilgan kunda berilgan hisoblanadi.
19. Tushuntirilsinki, kassatsiya shikoyatida (protestida) uni imzolagan shaxsning familiyasi koʻrsatilib, ismi yoki ismi va otasining ismi koʻrsatilmaganligi shikoyatni (protestni) IPK 292-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qaytarish uchun asos boʻlmaydi.
Kassatsiya shikoyati (protesti) elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi mumkin. Bunda sudlar shuni eʼtiborga olishi kerakki, elektron raqamli imzoning haqiqiyligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining axborot tizimida tasdiqlangan boʻlishi lozim, aks holda u imzolanmagan hisoblanadi.
20. Qonunga koʻra (IPK 2941-moddasi), kassatsiya shikoyatini (protestini) sud muhokamasida koʻrib chiqish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi masala ish kassatsiya instansiyasi sudiga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay hal qilinadi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) sud muhokamasida koʻrib chiqish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda sud majlisini oʻtkazish vaqti va joyi koʻrsatiladi.
Agar sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladigan boʻlsa, bu haqda kassatsiya shikoyatini (protestini) sud muhokamasida koʻrib chiqish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi va u ishda ishtirok etuvchi shaxslarga hamda videokonferensaloqa oʻtkazilishiga koʻmaklashadigan tegishli sudga yuboriladi (IPK 166-moddasining ikkinchi qismi).
21. IPK 294-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sudya ishda ishtirok etuvchi shaxslar iltimosnomasiga koʻra, sud hujjatlari ijrosini ish boʻyicha kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar toʻxtatib turishga haqli.
Sud hujjati ijrosini toʻxtatib turish yoki uning ijrosini toʻxtatib turishni rad etish haqida sudya kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda yoxud alohida ajrimda koʻrsatishi mumkin.
Sud hujjatlari ijrosini toʻxtatib turishni bekor qilish toʻgʻrisida ishni mazmunan koʻrish natijalari boʻyicha kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida yoxud kassatsiya instansiyasi sudining alohida ajrimida koʻrsatilishi lozim.
Zarur hollarda sudya (sud) ishda ishtirok etuvchi shaxs iltimosnomasiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar IPK 94-moddasida nazarda tutilgan daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishga haqli.
22. Shuni nazarda tutish lozimki, qonunda kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish va kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish uchun turlicha asoslar nazarda tutilgan boʻlib, ularning huquqiy oqibatlari ham jiddiy farq qiladi.
Kassatsiya shikoyati (protesti) IPK 295-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha koʻrmasdan qoldirilganda, uni koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf qilingandan soʻng, shikoyat (protest) yangidan berilishi mumkin. IPK 296-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha ish yuritish tugatilganda, aynan bir shaxs tomonidan va aynan shu asoslar boʻyicha takroran berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) koʻrmasdan qaytariladi.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisida, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi.
23. Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish IPK 297-moddasida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqiladi.
Kassatsiya instansiyasi sudida, jumladan, boshqa javobgarni ishda ishtirok etish uchun jalb qilish (IPK 44-moddasi), ishga daxldor boʻlmagan javobgarni almashtirish (IPK 45-moddasi), uchinchi shaxslarni ishda ishtirok etishga jalb qilish (IPK 47, 48-moddalari), daʼvoning predmeti yoki asosini oʻzgartirish, daʼvo talablari miqdorini oʻzgartirish (IPK 157-moddasi), ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish (IPK 158-moddasi), talablarning bir qismini alohida ish yuritishga ajratish (IPK 159-moddasi), qarshi daʼvo taqdim etish (IPK 161-moddasi), shuningdek, qonunda faqat birinchi instansiya sudi uchun belgilangan boshqa qoidalar qoʻllanilmaydi.
Qonunda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni kassatsiya tartibida koʻrish vaqti va joyi haqida ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilinishi shartligi belgilanganligi sababli, ushbu talabning bajarilmaganligi sud muhokamasi keyinga qoldirilishiga olib keladi.
Sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, shikoyat (protest) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kassatsiya instansiyasi sudining majlisiga kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
24. IPK 298-moddasiga muvofiq, kassatsiya shikoyati bergan shaxs sud hujjati chiqarilguniga qadar shikoyatdan voz kechishga, protest keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror, protestni chaqirib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechilganligi (protest chaqirib olinganligi) munosabati bilan shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish masalasi kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan shikoyatni (protestni) koʻrish uchun tayinlangan sud majlisida hal qilinadi va bunda shaxsning shikoyatdan voz kechish (protestni chaqirib olish) vakolati tekshirilishi zarur. IPK 63-moddasi mazmuniga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, agar ishonchnomada bunday huquq maxsus koʻrsatilmagan boʻlsa, kassatsiya shikoyatidan voz kechishga haqli emas.
Tushuntirilsinki, kassatsiya shikoyatidan voz kechilganda (protest chaqirib olinganda) kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritish tugatiladi, boshqa kassatsiya shikoyati (protesti) mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno.
25. Tushuntirilsinki, ishni kassatsiya tartibida koʻrishda sud yangi dalillarni tekshirish va yangi faktlarni aniqlashga haqli boʻlmasdan, birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlari tomonidan moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilganligi va protsessual qonun talablariga rioya qilinganligini ish materiallari boʻyicha tekshiradi.
Birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish predmeti boʻlmagan yangi talablar kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
IPK 296-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar kassatsiya shikoyatida (protestida) birinchi instansiya sudi tomonidan koʻrib chiqish predmeti boʻlmagan yangi talablar bildirilgan boʻlsa, kassatsiya instansiyasi sudi shikoyatning (protestning) bu talablarga taalluqli qismi boʻyicha ish yuritishni tugatadi. Bunda yangi talablar deganda, moddiy-huquqiy talablar, shuningdek, birinchi instansiya sudida ishni koʻrishda ishtirok etmagan shaxsga nisbatan bildirilgan talablar tushuniladi.
26. IPK 300-moddasiga muvofiq, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni muhokamaga tayinlash toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan ortiq boʻlmagan muddatda koʻriladi.
Alohida hollarda kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish muddati sud tomonidan koʻpi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin. Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish muddati uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi ajrim chiqariladi.
27. Qonunga koʻra, ishni kassatsiya tartibida koʻrishda quyidagilar aniqlanishi lozim:
sudning hal qiluv qarori, ajrimi, qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiqligi;
moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilganligi va (yoki) protsessual qonun talablariga amal qilinganligi;
birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlari tomonidan qabul qilingan sud hujjatlarining mazmun va shakl jihatidan qonunda koʻrsatilgan talablarga muvofiqligi.
28. Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish yuritishni toʻxtatib turish IPK 9-bobida nazarda tutilgan asoslar va tartibda amalga oshiriladi.
IPK 101-moddasi birinchi qismining 1-bandida belgilangan normani qoʻllashda shuni nazarda tutish kerakki, agar koʻrsatilgan holatlar ishni koʻrishga toʻsqinlik qilmasa, kassatsiya tartibida ish yuritishni toʻxtatib turish mumkin emas.
Ish yuritish tiklanganligi toʻgʻrisida kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi va ish koʻriladigan kuni va vaqti toʻgʻrisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qiladi.
29. Kassatsiya shikoyatini (protestini) mazmunan koʻrish natijalari boʻyicha kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qiladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi qarori ishni koʻrish tugashi bilanoq darhol qabul qilinadi. Ayrim hollarda asoslantirilgan qarorni tayyorlash besh kungacha boʻlgan muddatga kechiktirilishi mumkin, biroq uning qaror qismini sud kassatsiya shikoyati (protesti) muhokamasi tamomlangan majlisning oʻzida eʼlon qilishi kerak.
Kassatsiya instansiyasi sudi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
30. Kassatsiya instansiyasi sudi oʻz qarorida kassatsiya shikoyatidagi (protestidagi) har bir vajni, uning asosli yoxud asossizligi haqidagi xulosani bayon etgan holda muhokama qilishga majbur.
Kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida ishni shikoyat (protest) boʻyicha koʻrish natijalari toʻgʻrisidagi xulosalar, shuningdek, sud xarajatlari taqsimlanishi koʻrsatilishi kerak.
Sud qarori oʻqib eshittirilganidan soʻng, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qabul qilingan qarorning mazmun-mohiyati, ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish haqida protest kiritish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilish huquqi, shuningdek, sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish muddati tushuntiriladi.
31. IPK 302-moddasiga muvofiq, sud hujjatlarini kassatsiya instansiyasida oʻzgartirish yoki bekor qilishga quyidagilar asos boʻladi:
ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻliq aniqlanmaganligi;
sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi;
hal qiluv qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga muvofiq kelmasligi;
moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi.
32. Moddiy huquq normalarini buzish yoki notoʻgʻri qoʻllash deganda, birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlari tomonidan qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjatini qoʻllamaslik yoxud qoʻllanilishi lozim boʻlmagan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjatini qoʻllash yoxud qonunni yoki boshqa qonunchilik hujjati notoʻgʻri talqin qilinganligi tushunilishi kerak.
Protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi, agar bu ishning notoʻgʻri hal etilishiga olib kelgan boʻlsa, shuningdek, IPK 302-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda sud hujjatlarini bekor qilish uchun asos boʻladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, agar qonun huquqiy munosabatlar vujudga kelgan paytda amalda boʻlgan qonunchilik hujjati qoʻllanilishiga yoʻl qoʻysa, birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlari tomonidan oʻz kuchini yoʻqotgan qonunchilik hujjati qoʻllanilganligi sud qarorlarini bekor qilish uchun asos boʻlmaydi.
33. IPK 301-moddasiga muvofiq, kassatsiya instansiyasi sudi quyidagilarga haqli:
hal qiluv qarori, qarorni oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
hal qiluv qarori, qarorni toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun yubormasdan yangi qaror qabul qilishga;
IPK 302-moddasi birinchi qismining 1-bandida va toʻrtinchi qismining 4 va 7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun sud hujjati bekor qilingan sud instansiyasiga yuborishga;
hal qiluv qarorini, qarorni oʻzgartirishga;
hal qiluv qarorini, qarorni toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud arizani (shikoyatni) toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldirishga;
sud hujjatlarining baʼzilarini bekor qilishga va ish boʻyicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga.
34. Kassatsiya instansiyasi sudi, agar birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlari tomonidan sud hujjatlari qonunga muvofiq chiqarilgan degan xulosaga kelsa, kassatsiya shikoyatini (protestini) qanoatlantirmasdan qoldirishga, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni esa, oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
35. IPK 301-moddasining 3-bandini qoʻllashda shuni inobatga olish lozimki, ushbu asos boʻyicha ishni yangidan koʻrish uchun birinchi yoki apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishga, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlar toʻliq aniqlanmagan, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan, shuningdek, arz qilingan talab boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinmagan holda, yoʻl qoʻyiladi.
Birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo predmeti yoki asosini oʻzgartirish, daʼvo talablari miqdorini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizani (IPK 157-moddasi), shuningdek, qarshi daʼvo arizasini (IPK 160-moddasi) ish yuritishga qabul qilishni asossiz rad etilishi hal qiluv qarori va apellyatsiya instansiyasi sudi qarorini bekor qilish uchun asos boʻladi.
Ijro etilmagan sud hujjati bekor qilinib yoki oʻzgartirilib, daʼvoni toʻliq yoki qisman rad etish toʻgʻrisida yangi sud hujjati qabul qilinsa yoxud ish yuritish tugatilsa yoki daʼvo koʻrmasdan qoldirilsa, kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida sud hujjatining tegishlicha bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan qismi boʻyicha undiruv toʻliq yoki qisman bekor qilinishi koʻrsatiladi.
Sud xarajatlarini taqsimlash masalasining hal etilmasligi yoxud notoʻgʻri hal etilishi sudning hal qiluv qarori yoki qarorini bekor qilishga yoki oʻzgartirishga asos boʻlmaydi. Bunday holda kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini IPKning 118-moddasida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha yangidan taqsimlash haqida koʻrsatiladi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
36. Kassatsiya instansiyasi sudi IPK 107 va 110-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha, agar shunday qaror qabul qilinishiga sabab boʻluvchi holatlar aniqlangan boʻlsa, hal qiluv qarori, qarorni butunlay yoki qisman bekor qilishga, arizani koʻrmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni tugatishga haqli.
37. Kassatsiya instansiyasi sudi IPK 190 va 191-moddalarida nazarda tutilgan hollarda:
qarorni tushuntirishga;
qaror matnida yoʻl qoʻyilgan xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatishga haqli.
Ushbu masalalar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud majlisi oʻtkazilishi vaqti va joyi haqida xabardor qilgan holda koʻriladi. Biroq, mazkur shaxslarning kelmasligi bu masalalarni hal etish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
38. IPK 199 va 305-moddalariga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrilgan birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan, agar bu qonunda nazarda tutilgan yoki ishning kelgusidagi harakatlanishiga toʻsqinlik qiladigan boʻlsa, kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrilgan birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berish va uni koʻrish, sudning hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) berish va koʻrish uchun nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha amalga oshiriladi.
39. IPK 305-moddasining uchinchi qismiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrilgan ajrim, qaror, apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli:
birinchi instansiya sudining ajrimini, qarorini, apellyatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
birinchi instansiya sudining ajrimini, qarorini, apellyatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirishga yoki bekor qilishga yoxud ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga;
daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi, daʼvo arizasini qaytarish, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, ish yuritishni toʻxtatib turish haqidagi ajrimni, ularni oʻz kuchida qoldirish toʻgʻrisidagi apellyatsiya instansiyasi sudi qarorini bekor qilishga va daʼvo arizasini, ishni koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
apellyatsiya instansiyasi sudining apellyatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi, apellyatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi, apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish, apellyatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish, apellyatsiya instansiyasi sudida ish yuritishni toʻxtatib turish haqidagi ajrimni bekor qilishga va apellyatsiya shikoyatini (protestini), ishni koʻrish uchun apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishga.
40. Qonunga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi sudyasining kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimi kassatsiya shikoyatini bergan (protestini keltirgan) shaxsning arizasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning oʻrinbosarining ajrimi bilan bekor qilinishi mumkin.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning oʻrinbosarining protesti boʻyicha bekor qilinishi va ish kassatsiya tartibida mazmunan koʻrib chiqilishi mumkin.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish, kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilish haqidagi ariza sud hujjati ustidan kassatsiya shikoyati berish muddati davomida, ushbu muddat tugagan holda esa, ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida berilishi mumkin.
41. IPK 282-moddasida koʻrsatilgan shaxslar ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish toʻgʻrisida protest keltirish haqidagi ariza bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori yoki ularning oʻrinbosarlariga murojaat qilishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori yoki ularning oʻrinbosarlari IPK 302-moddasi birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish toʻgʻrisida protest keltirishga haqli.
Ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish toʻgʻrisida protest kiritish haqidagi ariza kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati davomida, ushbu muddat tugagan taqdirda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida berilishi mumkin. Ushbu muddatlar oʻtgandan soʻng berilgan arizalar koʻrib chiqilmaydi va oʻtkazib yuborilgan muddatlar tiklanmaydi.
Ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish umumiy asoslarda besh nafar sudyadan iborat tarkibda amalga oshiriladi.
42. Kassatsiya instansiyasi sudi davlat organi yoki boshqa organ, tashkilot, mansabdor shaxs yoki fuqaroning faoliyatida qonun hujjatlari buzilishi fakti aniqlanganda, ularning sud protsessida ishtirokidan qatʼiy nazar, xususiy ajrim chiqarishga haqli. Agar sud ularning harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, bu haqda jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar beradi.
Xususiy ajrim chiqarilganligi haqida sud majlisida eʼlon qilinadi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi.
43. Kassatsiya shikoyati ish kassatsiya instansiyasi sudida koʻrilgandan soʻng kelib tushganda, uni bergan shaxsga ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish toʻgʻrisida protest kiritish haqidagi ariza bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori yoki ularning oʻrinbosarlariga murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.
44. Iqtisodiy ishlarni oʻz vaqtida va toʻgʻri hal etilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga ishlarni kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyotini har chorakda umumlashtirish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-noyabr,
36-son