O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida” 2020-yil 17-avgustdagi O‘RQ-633-son Qonuniga muvofiq odam savdosiga qarshi kurashishga doir ma’lumotlarni shakllantirish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida” 2020-yil 17-avgustdagi O‘RQ-633-son Qonuniga muvofiq odam savdosiga qarshi samarali kurashishni ta’minlash, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning jinoiy faoliyatini aniqlash va unga chek qo‘yish, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish hamda tegishli axborotni tizimlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boshqa davlat organlari bilan birgalikda odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasi yaratilishini tashkil etishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga ma’lumotlarni onlayn rejimida kiritish imkoniyatini o‘z ichiga oluvchi odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasini (keyingi o‘rinlarda — yagona markazlashtirilgan axborot bazasi) joriy etsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda yagona markazlashtirilgan axborot bazasidagi ma’lumotlarni potensial xavflardan, tasodifiy harakatlardan va tashqi hujumlardan himoya qilishni ta’minlash maqsadida axborot xavfsizligi dasturiy ta’minotini ishlab chiqsin.
Bunda, axborot xavfsizligi dasturiy ta’minoti quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi lozim:
ma’lumotlarga ruxsatsiz kirishdan himoyalash;
yagona markazlashtirilgan axborot bazasidan foydalanuvchilarni qayd etib borish;
axborotni saqlash va qayta ishlash jarayonida ruxsatsiz modifikatsiyadan himoyalash;
viruslardan himoyalash;
dasturiy ta’minot konfiguratsiyasida yuzaga kelgan xatoliklar va kamchiliklarni aniqlash.
4. Odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona markazlashtirilgan axborot bazasini shakllantirish, unga ma’lumotlarni kiritish hamda ma’lumotlardan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi Odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yagona markazlashtirilgan axborot bazasini yuritishga mas’ul organ hisoblanadi;
odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari doimiy ravishda odam savdosiga qarshi kurashishga doir ma’lumotlar (odam savdosi bilan bog‘liq har qanday axborotlar)ni yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga kiritib borish uchun mas’ul organga taqdim etib boradi;
odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari tomonidan odam savdosiga qarshi kurashishga doir ma’lumotlar yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga kiritib borish uchun o‘z vaqtida taqdim etilmagan hollarda ular mas’ul organ tomonidan ogohlantiriladi;
yagona markazlashtirilgan axborot bazasini tashkil etish, yuritish va uni takomillashtirib borish bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirlarni moliyalashtirish odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlarining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda yagona markazlashtirilgan axborot bazasini yaratish bo‘yicha texnik topshiriqni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov hamda Vazirlar Mahkamasi IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 22-noyabr,
708-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 708-son qaroriga
ILOVA
Odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasini yuritish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom odam savdosiga qarshi samarali kurashishni ta’minlash, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning jinoiy faoliyatini aniqlash va unga chek qo‘yish, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish hamda mazkur yo‘nalishdagi ma’lumotlarni yagona markazlashtirilgan axborot bazasida jamlash, ishlash, umumlashtirish va ularni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish, shuningdek, ularni mas’ul organlarga taqdim etish tartibini belgilaydi.
2. Odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasi (keyingi o‘rinlarda — yagona markazlashtirilgan axborot bazasi)da odam savdosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni hisobga olishning asosiy prinsiplari quyidagilar hisoblanadi:
qonuniylik;
axborotning xolisligi, ishonchliligi va taqqoslanuvchanligi;
axborotdan ushbu Nizomda va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan doirada foydalanilishi;
hisobga olishning majburiyligi va bir xilligi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
vakolatli organlar — qonunchilik hujjatlariga muvofiq odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va ularning hududiy bo‘linmalari hamda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 26 apreldagi 239-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.04.2024-y., 09/24/239/0308-son)
boshqa organlar — Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari;
ma’lumotlar — odam savdosi jinoyati (huquqbuzarlik) bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday turdagi axborotlar;
uchinchi shaxs — vakolatli organlar va boshqa organlardan tashqari yuridik yoki jismoniy shaxs.
2-bob. Yagona markazlashtirilgan axborot bazasini yuritish tartibi va shakllantirish manbalari
4. Odam savdosiga qarshi samarali kurashishni ta’minlash, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning jinoiy faoliyatini aniqlash va unga chek qo‘yish, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish hamda mazkur yo‘nalishdagi boshqa ma’lumotlarning markazlashtirilgan hisobi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan yagona markazlashtirilgan axborot bazasini shakllantirish va yuritish orqali amalga oshiriladi.
5. Yagona markazlashtirilgan axborot bazasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti (keyingi o‘rinlarda — Departament)da tashkil etiladi hamda uning hududiy bo‘linmalari yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga ulanadi.
6. Yagona markazlashtirilgan axborot bazasining markaziy bazasi Departament tomonidan yuritilib, Departament va uning hududiy bo‘linmalari orqali kiritiladigan ma’lumotlar orqali shakllantiriladi.
7. Yagona markazlashtirilgan axborot bazasidagi ma’lumotlar erkin foydalanilishi cheklangan axborot hisoblanib, ulardan faqat vakolatli organlarning mansabdor shaxslari tanishish va foydalanish huquqiga egadirlar.
8. Yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga Departament va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlarini, tergovga qadar tekshiruvni, dastlabki tergovni va sud muhokamasini amalga oshirish natijasida Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi tomonidan yopiq (VPN) kanal orqali taqdim etiladigan hamda tezkor aloqa, ishonch telefonlari orqali va boshqa manbalardan olingan:
odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar haqidagi;
odam savdosidan jabrlanganlar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar to‘g‘risidagi axborot — ayollar va bolalar haqidagi axborot alohida ajratilgan holda, shuningdek, ularga ko‘rsatilgan yordam natijalari haqidagi;
foydalanish turlari, jinoyat sodir etish usullari to‘g‘risidagi va boshqa axborotlar kiritiladi.
3-bob. Vakolatli organlar va boshqa organlar tomonidan ma’lumotlarni taqdim etish va yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga ularni kiritish tartibi
9. Vakolatli organlar va boshqa organlar tomonidan mazkur Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan ma’lumotlar Departament va uning hududiy bo‘linmalariga ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxema asosida taqdim etiladi.
10. O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan ma’lumotlarni “Interaktiv konsullik xizmatlari” axborot bazasiga kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan kiritilgan ma’lumotlarni Departamentga yuboradi.
11. Yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga ma’lumotlar Departament va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan davlat tilida ajratilgan sahifalarni to‘ldirish orqali kiritib boriladi.
4-bob. Yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga kiritilgan ma’lumotlardan foydalanish tartibi
12. Vakolatli organlar yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga kiritilgan ma’lumotlardan foydalanish uchun hududiy jihatdan tegishliligi bo‘yicha Departament va uning hududiy bo‘linmalariga yozma yoki elektron shaklda so‘rovnoma yuboradi.
Bunda, ma’lumotlardan foydalanish zarurati va ma’lumot turi ko‘rsatiladi.
13. Yuborilgan so‘rovnoma Departament va uning hududiy bo‘linmalariga tegishliligi bo‘yicha kelib tushadi.
14. Yagona markazlashtirilgan axborot bazasini yuritishga mas’ul bo‘lgan organ so‘rovnoma tushganidan so‘ng uning natijasi bo‘yicha besh kun muddatda vakolatli organga javob yuboradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Yagona markazlashtirilgan axborot bazasidagi ma’lumotlar oshkor etilishi mumkin emas.
16. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va boshqa organlar tomonidan ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalariga taqdim etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Amalga oshirish jarayoni

Muddatlar

1-bosqich

“Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq vakolatli organlar

Odam savdosi bilan bog‘liq har qanday ma’lumotlarni aniqlaydi, to‘playdi, haqqoniyligini tekshiradi va yagona axborot bazasiga taqdim etish uchun shakllantiradi.

Doimiy ish faoliyatida

2-bosqich

“Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq vakolatli organlar

Vakolatli organ yoki uning hududiy bo‘linmalari o‘zida shakllantirilgan ma’lumotlarni kelgusida yagona axborot bazaga kiritish uchun yopiq (VPN) kanal orqali Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti yoki hududiy bo‘linmalarga taqdim etadi.

3 ish kunida

3-bosqich

IIV Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari

Tushgan ma’lumotni tahlil qiladi va yagona axborot bazasiga tegishliligi bo‘yicha kiritadi.

Zudlik bilan

4-bosqich

Manfaatdor davlat organlari*

Ish yurituvida mavjud bo‘lgan hujjatlar bo‘yicha yagona axborot bazasida mavjud bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish haqida IIV yoki uning hududiy bo‘linmalariga yozma yoki elektron shaklda so‘rovnoma kiritadi.

Zaruriyatga ko‘ra

5-bosqich

Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti

So‘rovnomaga asosan so‘rov tashabbuskorini qiziqtirgan ma’lumotlarni yozma yoki elektron shaklda yuboradi.

5 ish kunida

* Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari hamda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi vakolatli organlar.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/708/1084-son; 29.04.2024-y., 09/24/239/0308-son)