|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga aholining ortib borayotgan talabini to‘liq qondirish, narxlar oshib ketishi va aholi real daromadlari pasayishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining mavsumiy oshishining oldini olish maqsadida 2022-yil 1-mayga qadar muddatda ilovaga muvofiq ayrim turdagi tovarlar, istisno tariqasida, bojxona bojidan ozod qilinsin.
2. Oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda tadbirkorlik subyektlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 32,8 mln AQSh dollari ekvivalentida milliy valyutada hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 200 mlrd so‘m miqdordagi mablag‘larni tegishli tijorat banklariga ularning so‘rovlariga asosan 2025-yil 1-iyulga qadar qaytarish sharti bilan foizsiz depozitga joylashtirsin.
Belgilansinki, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining foizsiz depozitlari hisobidan kreditlar tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga likvidli garov ta’minoti asosida o‘simlik yog‘i, kartoshka, guruch, shakar xomashyosi, go‘sht (mol, qo‘y, parranda go‘shti), muzlatilgan baliq importi uchun yillik 4 foiz stavkada ajratiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-iyundagi 344-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.06.2024-y., 09/24/344/0435-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2021-yil 10-oktabrdan 2021-yil 31-dekabrga qadar go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yish mahsulotlarini, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, shuningdek, ularni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini bir hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-oktabr,
627-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-oktabrdagi 627-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
2021-yil 10-oktabrdan 2022-yil 1-mayga qadar bojxona bojidan ozod qilinadigan ayrim tovarlar
RO‘YXATI
|
T/r |
Tovar nomi |
TIF TN kodi |
|
1. |
Bananlar, shu jumladan plantaynlar (yangi yoki quritilgan) |
0803 |
|
2. |
Yangi yoki quritilgan finikilar, anjir, ananaslar, avokado, guayyava, mango va mangostan yoki garsiniya |
0804 |
|
3. |
Yangi yoki quritilgan sitrus mevalar |
0805 |
|
4. |
Yangi papayya |
0807 20 000 0 |
|
5. |
Yangi olma, nok va behi |
0808 |
|
6. |
Kivi |
0810 50 000 0 |
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 09/21/627/0975-son; 21.06.2024-y., 09/24/344/0435-son)