Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.11.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA LOTEREYa OʻYINLARINI OʻTKAZISh TARTIBINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 15-noyabrdagi 396-sonli “Pul-buyum lotereyalari oʻtkazishni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida lotereya oʻyinlarini oʻtkazish tartibini takomillashtirish uchun zarur huquqiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida lotereya oʻyinlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 19-sentabr,
444-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-sentabrdagi 444-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi hududida lotereya oʻyinlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom “Korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1994-yil 19-apreldagi 215-son qaroriga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 23-noyabrdagi 553-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida lotereya oʻyinlarini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom maqsadlari uchun quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
lotereya — lotereya biletlari (kvitansiya, jetonlar yoki boshqa guvohnomalar)ni sotish yoʻli bilan yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablagʻlarini ixtiyoriylik asosida jalb qilishni nazarda tutuvchi tavakkalchilikka asoslangan oʻyin. Lotereya biletlarini sotishdan tushgan mablagʻlarning bir qismi lotereya biletlari egalari oʻrtasida buyum, pul yutuqlari yoki boshqa yutuqlar koʻrinishida oʻynaladi;
lotereya bileti — lotereya bileti egasi oʻyin qiymatini toʻlaganligi va lotereya oʻyini tashkilotchisi bilan shartnoma munosabatlariga kirishganligi toʻgʻrisida guvohnoma;
oʻyin — yutuqlarning lotereya biletlari egalari oʻrtasida tasodifiy taqsimlanishi. Lotereya biletining har bittasiga (yoki tikilgan pulga) yutuqqa ega boʻlishning teng imkoniyati (teng ehtimolligi) lotereya oʻyinining asosiy prinsipi hisoblanadi. Ushbu prinsiplarni buzgan holda oʻyinlar oʻtkazilishi taqiqlanadi;
lotereya oʻyini tashkilotchisi (yoki muassis) — yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi hududida lotereya oʻyinlarini oʻtkazish faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan, lotereya oʻyinlarini oʻtkazishga oid tadbirlarning butun majmuini tashkil etuvchi va mablagʻ bilan taʼminlovchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti yoki norezidenti;
litsenziyalovchi organ — lotereya oʻyinlarini oʻtkazish huquqini beruvchi maxsus ruxsatnoma (litsenziya) berishga vakil qilingan davlat organi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 19-apreldagi 215-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vakil qilingan litsenziyalovchi organ hisoblanadi;
lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlari — lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlarini belgilovchi hamda tashkilotchi, oʻyinchi va litsenziyalovchi organ oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlanadigan hujjat.
II. LOTEREYa OʻYINLARINI OʻTKAZISh TARTIBI
3. Lotereya oʻyinlari lotereya oʻyinlarini oʻtkazish tadbirlarining butun majmuini tashkil etuvchi va mablagʻ bilan taʼminlovchi bir yoki bir necha muassis tomonidan oʻtkazilishi mumkin.
4. Faoliyatining asosiy turi lotereya oʻyinlarini oʻtkazish boʻlmagan yuridik shaxslar lotereya oʻyinlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻruvchi va uni oʻtkazuvchi tashkiliy qoʻmita tashkil etishlari kerak.
5. Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish bir necha shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
a) tirajli lotereyalar, bunda lotereya biletlari sotuvga chiqariladi va soʻngra yutuqlar oʻynaladi (keyingi oʻrinlarda — tirajlar deb ataladi); ularning miqdori va soni oldindan belgilanadi;
b) bir lahzalik lotereyalar, ularda ishtirok etish natijalari lotereya bileti sotib olingandan keyin darhol aniqlanadi, yutuqlar yopiq koʻrinishda sotiladigan biletlarda oldindan belgilanadi;
v) sonli lotereyalar (bingo, lotto va boshqalar), ularda qatnashish istagini bildirgan har bir kishi sonlar yoki belgilarning muayyan soni belgilangan maxsus blanka sotib oladi va ularning bir qismiga belgi qoʻyadi. Tirajda yutuqli sonlar, ramzlar, belgilar yoki ularning kombinatsiyalari aniqlanadi va agar lotereya biletida belgi qoʻyilgan sonlar, ramzlar yoki belgilarning hammasi yoki bir qismi oʻyin vositasida tirajda aniqlanganlarga mos kelsa, tegishli yutuq toʻlanadi. Yutuqlarning umumiy miqdori va summasi sotilgan biletlar uchun {tushgan tushumning umumiy summasidan ajratiladigan mablagʻlar ulushiga qarab oldindan belgilanadi;
g) sport lotereyalari (totalizator), ularda qatnashchilar sonlarning oʻrniga oldindan belgilangan sport musobaqalari yoki poygalarning gʻoliblarini toʻgʻri aytib berishlari kerak, bunda musobaqa va poyga qatnashchilari roʻyxati oldindan, musobaqa yoki poyga boshlangunga qadar eʼlon qilinadi;
d) klassli lotereyalar, bunda lotereya biletlari bir necha qismlarga boʻlinadi, ularning har biri boʻyicha alohida tiraj oʻtkaziladi, ularning birortasida qatnashish uchun oldingi klasslardagi lotereya bileti qiymatining bir qismini toʻlash zarur boʻladi, koʻpchilik hollarda har bir keyingi klassda yutuqlar soni va summasi oshib boradi. Toʻliq lotereya bileti egasi barcha tirajlarda qatnashadi.
6. Lotereyaga yutuqlar:
pul mablagʻlari;
buyumlar yoki har xil tovarlar;
pul-buyum yutuqlari, bunda buyumli yutuq chiqqan lotereya bileti egasi uning qiymatini naqd pul bilan olish huquqiga ega boʻladi (agar lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlarida boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa). Bir yutuqni boshqasi bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi;
yutuqlarning boshqa turlari (kvartiralar yoki koʻchmas mulkning boshqa turlari), ayrim tovarlarni sotib olish boʻyicha imtiyozlar (shu jumladan tovarlarni tekin yetkazib berish, oʻrnatish va hokazo), turistik sayohatlar (ham respublika ichida, ham chet el sayohatlari, shu jumladan sport musobaqalariga yoʻllanmalar va hokazo), sanatoriylar va dam olish uylariga yoʻllanmalar (ham respublika ichidagi, ham chet eldagi) va boshqalar boʻlishi mumkin.
7. Lotereyalarning barcha turlari uchun yutuqlarning jami qiymati, sotilgan lotereya biletlari summasidan qatʼi nazar, chiqariladigan lotereyalar jami qiymatining 40 yoki undan ortiq foizini tashkil etishi kerak.
8. Buyum yoki pul-buyum lotereya oʻyinlarini oʻtkazishda muassislar lotereya biletlari sotilgunga qadar, Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlari bilan yutuqlar sifatida nazarda tutilgan tovarlar va boshqa boyliklarni sotib olishlari yoki sotib olishga shartnomalar tuzishlari kerak.
9. Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish tartiboti quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
a) qonun hujjatlariga muvofiq lotereya oʻyinlarini oʻtkazishga maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olish;
b) muassis yoki muassislar tomonidan moliyaviy majburiyatlar hajmlarini muassislar oʻrtasida taqsimlagan holda lotereya oʻyinlarini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
v) muassis yoki muassislar tomonidan Lotereya oʻyinlari oʻtkazish shartlari (keyingi oʻrinlarda — Shartlar deb ataladi) va ilova qilinadigan hujjatlar tayyorlanishi va tasdiqlanishi;
g) roʻyxatdan oʻtgan joydagi hokimlik ruxsatnomasini olish;
d) lotereya biletlarini tayyorlash hamda lotereya biletlarining sifatini va ularning Shartlarga muvofiqligiga rioya qilgan holda himoyaning kamida olti darajasi bilan qalbakilashdan himoya qilinishi darajasini kafolatlovchi yutuq chiqqan lotereya biletlarini ekspertizadan oʻtkazish uchun tayyorlovchi korxonalar bilan (shu jumladan, agar lotereya biletining haqiqiyligi shubha tugʻdirsa, lotereya tashkilotchisining topshirigʻi boʻyicha);
lotereya biletlarini sotish va ular boʻyicha yutuqlarni berish uchun korxonalar bilan;
yutuqlar jadvaliga muvofiq yutuq chiqqan lotereyalar boʻyicha berish nazarda tutilgan tovarlarni yetkazib berish toʻgʻrisida (pul-buyum va buyum lotereyalari uchun) tayyorlovchi korxonalar, savdo tashkilotlari yoki boshqa tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish;
e) vakolatli davlat organida (keyingi oʻrinlarda — litsenziyalovchi organ deb ataladi) Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlarini tasdiqlash;
j) Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlarini nashr etish va lotereya oʻyinlarini oʻtkazish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida axborot eʼlon qilish;
z) lotereya biletlarini chiqarish va sotish;
i) lotereyalar tirajini oʻtkazish (agar Shartlarda nazarda tutilgan boʻlsa) va tiraj natijalarini eʼlon qilish;
k) yutuqlarni berish;
l) litsenziyalovchi organga har choraklik hisobotlar, shuningdek lotereya oʻyinlarini oʻtkazish yakunlari toʻgʻrisida toʻliq hisobot taqdim etish.
10. Lotereya biletlarida quyidagi rekvizitlar boʻlishi kerak:
lotereyani oʻtkazuvchi muassisning (muassislarning) nomi, uning (ularning) toʻliq manzili;
lotereya turi;
bilet qiymati;
tiraj oʻtkazish sanasi va joyi (bir lahzalik lotereyalardan tashqari);
yutuq fondi, yutuqlarning umumiy soni va miqdori;
yutuqlarni berish muddati va joyi;
Shartlarda nazarda tutilgan razryad, seriya, tartib raqami va boshqa rekvizitlar.
III. LOTEREYa OʻYINLARINI OʻTKAZISh ShARTLARINI TASDIQLASh TARTIBI
11. Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan korxonalar (tashkilotlar) tomonidan aniq bir lotereya oʻyini oʻtkazilishiga mazkur lotereya oʻyinini oʻtkazish shartlari litsenziyalovchi organda tasdiqlangandan keyingina yoʻl qoʻyiladi.
12. Lotereyalarning bundan keyingi turlari uchun taqdim etilgan hujjatlar oldingi lotereya oʻyini oʻtkazilishi yakunlari toʻgʻrisida muassis tomonidan hisobot taqdim etilgandan keyin litsenziyalovchi organ tomonidan koʻrib chiqiladi.
13. Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlarini tasdiqlash uchun litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
Lotereyaning barcha muassislari bilan kelishilgan va ular tomonidan imzolangan Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlari, ikki nusxada (1 ilova);
muassislar oʻrtasida moliyaviy javobgarlik hajmlari taqsimlangan holdagi lotereya oʻyinini taʼsis etish toʻgʻrisida shartnoma;
quyidagi shartnomalar nusxasi:
lotereya biletlarini tayyorlash hamda lotereya biletlarining sifatini va himoyaning kamida olti darajasi bilan qalbakilashdan himoya qilinishi darajasini kafolatlovchi yutuq chiqqan lotereya biletlarini ekspertizadan oʻtkazish uchun tayyorlovchi korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar;
yutuqlar jadvaliga muvofiq yutuq chiqqan lotereyalar boʻyicha berish nazarda tutilgan tovarlarni yetkazib berish toʻgʻrisida (buyum va pul-buyum lotereyalari uchun) tayyorlovchi korxonalar, savdo tashkilotlari yoki boshqa tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar;
lotereya biletlarini sotish va ular boʻyicha yutuqlarni berish uchun korxonalar bilan (agar zarur boʻlsa) tuzilgan shartnomalar;
zarur toʻlovlar va poshlinalar toʻlanganligi haqidagi toʻlov hujjatlari nusxalari;
lotereya chiqarishga xizmat koʻrsatish uchun oʻz sarmoyasi yetarli boʻlmagan taqdirda moliya muassasalarining kafolati (agar zarur boʻlsa);
lotereya oʻyini tashkilotchisining moliyaviy ahvoli toʻgʻrisida xizmat koʻrsatuvchi bank maʼlumotnomasi;
lotereya bileti namunasi (maketi) (ikki nusxada).
14. Litsenziyalovchi organ tomonidan lotereyaning turiga va muassislarning lotereyalarni sotib oluvchilar oldidagi majburiyatlari bajarilishini taʼminlovchi) muassisning moliyaviy ahvoliga qarab lotereya chiqarish koʻrsatkichlariga normativlar belgilanishi mumkin.
15. Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlarini va lotereya biletlari namunalarini tasdiqlash hujjatlar berilgan sanadan boshlab 20 kundan kechikmay amalga oshirilishi kerak.
Tasdiqlangan Shartlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar faqat litsenziyalovchi organning ruxsati bilan kiritilishi mumkin.
Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish Shartlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlarni tasdiqlash uchun tiraj oʻtkazilishidan ikki oy oldin litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlar taqdim etilishi zarur:
Shartlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida ariza;
lotereya oʻyinlari muassisi yuqori turuvchi organining shartlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qarori;
oʻzgartirishlar kiritish zarurligini asoslash;
shartlarga kiritiladigan, lotereya oʻyinining barcha muassislari tomonidan kelishilgan va imzolangan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar, ikki nusxada;
chiqarilayotgan lotereya biletlarining namunalari, ikki nusxada (agar unga oʻzgartirishlar kiritilayotgan boʻlsa);
zarur toʻlovlar va poshlinalar toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati nusxasi.
16. Quyidagilar Lotereya oʻyinlari oʻtkazish shartlarini tasdiqlashni rad etish uchun asos boʻlishi mumkin:
zarur holda rasmiylashtirilmagan hujjatlarni taqdim etish;
maʼlumotlarning toʻliq emasligi va taqdim etilgan hujjatlar mazmunining amaldagi qonunchilikka hamda ushbu Nizomga muvofiq emasligi.
17. Shartlarni tasdiqlash uchun hujjatlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun lotereya oʻyini muassisi litsenziyalovchi organ schyotiga chiqarilayotgan lotereyaning oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan yoki yangi shartlar tasdiqlangan sanadagi umumiy qiymatining 0,1 foizi miqdorida yigʻim toʻlaydi.
18. Lotereya oʻyinini oʻtkazish Shartlari va tartibini imzolagan lotereya oʻyinlari muassislarining mansabdor shaxslari undagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi, shuningdek, lotereyani oʻtkazish shartlariga rioya etilishi uchun javob beradilar.
19. Litsenziyalovchi organ lotereya oʻyinlarini oʻtkazishning qonunchilik va ushbu Nizom bilan belgilangan shartlari va tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
20. Litsenziyalovchi organ lotereya oʻyini oʻtkazishni muddatidan oldin toʻxtatib turish yoki toʻxtatish huquqiga egadir. Lotereya oʻyinini oʻtkazishni toʻxtatib turish yoki toʻxtatishga quyidagilar asos boʻlishi mumkin:
taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqiqatga toʻgʻri kelmasligining qayd qilinishi;
litsenziyada belgilangan faoliyat turiga rioya etmaslik;
lotereya oʻyinlarini oʻtkazishning tasdiqlangan Shartlari va tartibining buzilishi;
Muassis moliyaviy ahvolining lotereya egalari oldidagi majburiyatlarning bajarilmasligiga olib keladigan darajada yomonlashuvi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida va ushbu Nizomda nazarda tutilgan boshqa asoslar.
Tashkilotchi lotereya oʻyinlarini oʻtkazishni toʻxtatib turish yoki toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan xoʻjalik sudiga shikoyat qilishi mumkin.
21. Litsenziyalovchi organ lotereya oʻyinlarini oʻtkazishning oʻzi tasdiqlagan Shartlari va tartibida qayd etilgan maʼlumotlarning toʻliqligi uchun javob beradi.
IV. LOTEREYa BILETLARINI TAYYORLASh, SAQLASh TARTIBI
22. Lotereya, biletlari qimmatli qogʻozlar tayyorlashga litsenziyasi boʻlgan korxonalarda tayyorlanishi va qalbakilashtirishdan kamida oltita himoya darajasi bilan himoyalangan boʻlishi kerak. Tayyorlovchi korxonalar tomonidan lotereya biletlarini tayyorlash yuzasidan shartnomalarni kuchga kiritish faqat litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlangan shartlar mavjud boʻlganda va hajmda amalga oshiriladi.
23. Lotereya biletlari tayyorlovchi korxonalardan muassislarga maxsus aloqa orqali yoki muassislar buyurtmanomalariga binoan oʻzi tashib ketish yoʻli bilan yetkazib beriladi.
24. Biletlarni qabul qilib olish va saqlash Ichki ishlar boshqarmasining idoradan tashqari qoʻriqlash pultiga chiqarilgan yongʻindan qoʻriqlash signalizatsiyasiga ega boʻlgan, maxsus jihozlangan xonada amalga oshiriladi. Uncha koʻp boʻlmagan hajmda sotiladigan boʻlimlarda (agentliklarda) biletlar seyflarda saqlanishi mumkin, bunda bino ichki ishlar boshqarmasining idoradan tashqari qoʻriqlash pultiga albatta topshirilishi shartdir.
25. Biletlar qayta sanab koʻrilmasdan qabul qilingan va tayyorlovchi korxonaga yoki maxsus aloqa xizmatiga oʻz vaqtida shikoyat qilinmagan hollarda, biletlarning yetishmasligi yuzasidan moddiy javobgarlik biletlarni qabul qilib olishning belgilangan tartibiga rioya etilishini taʼminlamagan lotereya muassislari xodimlariga yuklanadi.
26. Biletlarni sotishga berish, hisobga olish va hisobot masalalari muassis vakolatiga kiradi va uning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.
27. Lotereyani chiqarish summasini va miqdorini koʻpaytirib yuborishga, shuningdek biletning litsenziyalovchi organ tasdiqlagan Shartlarda nazarda tutilgan narxini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
V. LOTEREYa BILETLARINI SOTISh TARTIBI
28. Lotereya biletlarini sotish faqat litsenziya olingandan va litsenziyalovchi organ Shartlarni tasdiqlagandan keyin amalga oshirilishi mumkin.
29. Lotereya biletlarini sotish aloqa boʻlimlari, oʻzining va savdo tarmogʻi orqali yoki boshqa tarqatuvchilarni jalb etish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
30. Lotereya biletlarini aholiga sotish naqd pulga, ixtiyoriylik prinsipini albatta qoʻllagan holda amalga oshiriladi.
31. Lotereya biletlarini respublikaning u yoki bu hududida sotish uchun lotereya oʻyinlari muassisi lotereya biletlarini sotish moʻljallanayotgan joydagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat (hokimlik) organining ruxsatini olishi kerak.
32. Lotereya biletlarini sotishdan tushadigan mablagʻlar faqat litsenziyalovchi organ tasdiqlagan Shartlarda belgilangan maqsadlarga yoʻnaltiriladi.
VI. LOTEREYa OʻYINLARINI OʻTKAZISh TARTIBI
33. Lotereya oʻyinlarini oʻtkazishning Shartlarda belgilangan muddatlarini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Lotereya tirajlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Jamgʻarmalar bankining “Davlat zayomlari va pul-buyum lotereyalari boʻyicha yutuqlar tirajini oʻtkazish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida” 1992-yil 21-iyuldagi 08-18-01-son yoʻriqnomasiga muvofiq oʻtkaziladi.
35. Tiraj oʻtkaziladigan vaqtga kelib lotereya biletlarining bir qismi sotilmay qolgan hollarda, ular tiraj oʻtkazilishidan kamida bir kun oldin yoʻq qilinadi.
VII. SOTILMAGAN VA YaROQSIZ HOLGA KELIB QOLGAN LOTEREYa BILETLARINI YOʻQ QILISh TARTIBI
36. Tiraj oʻtkaziladigan vaqtga kelib yaroqsiz holga kelib qolgan yoki sotilmagan lotereya biletlarini yoʻq qilish uchun tiraj oʻtkazilishidan 3 kun oldin litsenziyalovchi organ, hokimiyat {hokimlik) organlari va lotereya muassisining masʼul xodimlaridan iborat tarkibda maxsus komissiya tuziladi.
37. Sotilmay qolgan lotereya biletlari tiraj oʻtkazilishidan kamida bir kun oldin komissiya tomonidan yoʻq qilinadi va uch nusxada yoʻq qilish dalolatnomasi tuziladi (uning bir nusxasi tasdiqlangandan keyin 3 kundan kechikmay va tiraj oʻtkaziladigan sanadan kechikmay, litsenziyalovchi organga joʻnatiladi, bir nusxasi komissiya rahbarida, uchinchi nusxasi lotereya tashkilotchisida qoladi).
38. Agar tiraj oʻtkaziladigan vaqtga kelib yaroqsiz boʻlib qolgan yoki sotilmagan lotereya biletlari masʼul shaxslarga bogʻliq boʻlmagan biron-bir sababga koʻra tiraj oʻtkazilgungacha yoʻq qilinmay qolgan boʻlsa, bunday hollarda ushbu lotereya biletlari komissiya tomonidan, lotereya biletlarining nomyerlari va seriyasi koʻrsatilgan holda roʻyxat qilish yoʻli bilan pechatlab qoʻyiladi va tiraj oʻtkazilgungacha tiraj komissiyasiga topshirilishi kerak.
39. Bir lahzalik lotereya biletlari faqat seriyalab (turkumlab) va faqat lotereya biletlarining ushbu seriyasini (turkumini) sotishdan oldin hamda faqat lotereya biletlarida quyidagi nuqsonlar topilganda yoʻqotiladi:
yaroqsiz holda chiqarilganda;
lotereya biletlari qalbakilashtirishdan himoya qilish shartlariga nomuvofiq boʻlganda;
lotereya biletlaridagi yozuvlar Shartlarga nomuvofiq boʻlganda;
maxsus qoplama bilan qoplanishi kerak boʻlgan muayyan zonalar qoplami qisman yoki toʻliq buzilganda (yutuq miqdori va lotereya biletlarining haqiqiyligini belgilovchi maxsus kod nomyerlari qayd etiladigan joylar).
40. Bir lahzalik lotereya biletlarini yoʻq qilish uchun litsenziyalovchi organ, hokimiyat (hokimlik) organlari va lotereya muassisining masʼul xodimlaridan iborat tarkibda maxsus komissiya tuziladi. U lotereya biletlarini yoʻq qilishga oid tegishli dalolatnoma tuzadi va hali sotilmagan lotereya biletlarining butun turkumini yoki seriyasini yoʻq qiladi.
41. Lotereyalarning boshqa (sana, sport va klassga oid) turlari boʻyicha saqlash, eʼtirozlarni hal etish va yaroqsiz holga kelib qolgan lotereya biletlarini yoʻq qilish muddatlari lotereya oʻyinlarini oʻtkazish Shartlari bilan belgilanadi.
VIII. YuTUQLARNI TOʻLASh TARTIBI
42. Yutuqlarni toʻlash tartibi, muddatlari va shartlari litsenziyalovchi organ tasdiqlagan Shartlar bilan belgilanadi.
43. Lotereya biletlarini toʻlovga topshirish tiraj oʻtkazilgan kundan boshlab 4 oydan kam boʻlmasligi kerak.
Yutuqlarni toʻlash muddati lotereya biletlari toʻlovga topshirilgan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.
Lotereya biletlarini toʻlovga topshirish va yutuqlarni toʻlashning Shartlarda belgilangan muddatlarini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
44. Yutugʻining miqdori eng kam oylik ish haqi miqdorining besh baravaridan oshadigan yutuq chiqqan biletlar lotereya biletlarini tayyorlovchi tomonidan albatta ekspertizadan oʻtkaziladi.
45. Lotereya tashkilotchisining xohishiga koʻra haqiqiyligiga shubha tugʻdiradigan har qanday lotereya biletlari ekspertizadan oʻtkaziladi.
46. Yutuq chiqqan lotereya biletlarini ekspertizadan oʻtkazish, tuzilgan shartnomaga muvofiq, lotereya biletini tayyorlovchi tomonidan amalga oshiriladi.
Ekspertizani oʻtkazish muddatlari va shartlari shartnoma asosida belgilanadi, biroq ekspertizani oʻtkazish muddati yutuq chiqqan lotereya bileti toʻlovga topshirilgan kundan boshlab bir oydan oshmasligi kerak.
IX. HISOBGA OLISh, HISOBOT VA NAZORAT QILISh TARTIBI
47. Lotereya oʻyinini oʻtkazishning buxgalteriya hisobi Oʻzbekiston Respublikasining buxgalteriya hisobi va hisoboti toʻgʻrisidagi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda yuritiladi.
48. Lotereya tashkilotchisi har chorakda yoki lotereyaning (yoki lotereya muayyan razryadining) har bir tiraji tugagandan keyin lotereya oʻyinini oʻtkazish yakunlari toʻgʻrisida hisobot tuzadi (2-ilova) va uni, agar Shartlarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, litsenziyalovchi organga bir hafta muddatda topshiradi.
Lotereya oʻyinini oʻtkazish yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni imzolagan mansabdor shaxslar undagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun qonunda belgilangan tartibda javob beradilar.
49. Litsenziyalovchi organ istalgan maʼlumotlarni, shu jumladan maxfiy maʼlumotlarni ham (bir lahzalik lotereyalar uchun garovnomani, yutilmagan yoki yaroqsiz holga kelib qolgan lotereya biletlarini yoʻq qilish, sotilgan biletlar miqdori, sotuvga tushgan lotereya biletlari miqdori, yutuqlarni toʻlash, muassislarning moliyaviy ahvoli va shu kabilar), lotereya oʻyinini oʻtkazish bilan bogʻliq materiallarni talab qilib olishi, shuningdek joylarda tekshirishlar oʻtkazishi mumkin.
50. Litsenziyalovchi organ amaldagi qonunchilikning va ushbu Nizomning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida lotereya oʻyinlarini oʻtkazishning borishi ustidan nazoratni taʼminlashga majburdir.
51. Litsenziyalovchi organ lotereya xaridorlarining, lotereya oʻyinlari oʻtkazish jarayoni qatnashchilarining lotereyalar tashkilotchilari tomonidan amaldagi qonunchilikning yoki ushbu Nizom bilan belgilangan lotereya oʻyinlari oʻtkazish tartibining buzilishlariga oid shikoyat va noroziliklarni qabul qiladi.
52. Litsenziyalovchi organ, lotereya oʻyinini oʻtkazish jarayoni qonunchilik va ushbu Nizom buzilgan holda oʻtkazilgan taqdirda, lotereya oʻyinini oʻtkazish jarayonini toʻxtatishga, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib qoʻyib yoki olib qoʻyishga haqlidir.
Lotereya oʻyinini oʻtkazish jarayoni toʻxtatib qoʻyilgan taqdirda muassis ana shunday toʻxtatib qoʻyishga sabab boʻlgan buzilishlarni 30 kun muddatda bartaraf etishga majburdir, shundan keyin lotereya oʻyinini oʻtkazish jarayoni litsenziyalovchi organning maxsus ruxsatnomasiga binoan davom ettirilishi mumkin.
Aks holda litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qiladi va tegishli faoliyat toʻxtatilishi kerak boʻlgan muddatni belgilaydi.
53. Litsenziya bekor qilingan hollarda, litsenziyalovchi organ muassisdan sotilmagan lotereya biletlarini olib qoʻyadi, lotereya biletlarini sotishdan olingan mablagʻlarni, muqarrar ravishda undirib oladi, ularni bunga vakolatli boʻlgan banklarda ochiladigan maxsus schyotlarga oʻtkazadi. Mablagʻlarni xaridorlarga qaytarish ariza va lotereya biletlarini topshirgan holda, ariza berilgan sanadan boshlab 45 kundan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi. Lotereya xaridorlarining mablagʻlarni qaytarish toʻgʻrisidagi arizalari litsenziyalovchi organ tomonidan, fuqaro qonunchiligi normalari bilan belgilangan daʼvo bildirish muddati doirasida qabul qilinadi. Daʼvo bildirish muddatlari oʻtib ketgan taqdirda mablagʻlar qaytarilmaydi. Talab qilib olinmagan mablagʻlar qoldigʻi respublika budjeti foydasiga undirib olinadi.
Muassisdan olib qoʻyilgan va xaridorlardan olingan lotereya biletlari litsenziyalovchi organ rahbari imzolaydigan tegishli dalolatnoma tuzilgan holda yoʻq qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida lotereya oʻyinlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlariga kiritiladigan maʼlumotlar va hujjatlar
I. LOTEREYa OʻYINLARI MUASSISLARI TOʻGʻRISIDAGI ASOSIY MAʼLUMOTLAR
(har bir muassisga tuziladi)
1. Yuridik shaxs sifatida muassisning maqomi, uning roʻyxatdan oʻtkazilgan toʻliq va qisqartirilgan nomi. Roʻyxatdan oʻtkazilgan sana va uning raqami, roʻyxatdan oʻtkazgan organning nomi.
2. Muassisning yuridik va pochta manzili, bank rekvizitlari, telefoni.
3. Lotereya oʻyinlarini taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadagi muassis boshqaruv organi barcha aʼzolarining familiyasi, ismi, otasining ismi, egallab turgan lavozimi, telefon raqamlari koʻrsatilgan holdagi roʻyxati.
4. Lotereya oʻyinlarini tashkil etish va ularni oʻtkazishdagi oldingi tajribalar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot.
II. MUASSISLARNING MOLIYAVIY AHVOLI TOʻGʻRISIDAGI MALUMOTLAR
(har bir muassisga tuziladi)
1. Muassis mol-mulkining qisqacha tavsifi va faoliyatining asosiy turlari.
2. Korxonaning buxgalteriya balansi, oxirgi hisobot sanasidagi foydalar va koʻrilgan zararlar toʻgʻrisidagi hisobot.
3. Valyutalarning har bir turi boʻyicha alohida daromadlar va xarajatlar moddalari valyuta qismining umumiy miqdori (lotereya tirajlarini oʻtkazishda lotereya biletlarini tayyorlash yoki yutuqlarni toʻlashda muassislar sarflaydigan valyuta mablagʻlari). Valyuta qismining umumiy miqdori tegishli hujjatlar tuzilgan sanada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining bozor kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
4. Soliqlar va boshqa imtiyozlar toʻgʻrisidagi maʼlumot.
5. Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish paytidagi budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlanadigan soliqlar va majburiy toʻlovlar boʻyicha muddati oʻtib ketgan qarzlar miqdori.
6. Bank kreditlari boʻyicha qarzlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan:
bankning qisqa muddatli kreditlari (jumladan, muddati oʻtib ketganlari);
uzish muddatlari boʻyicha taqsimlangan holdagi bankning uzoq muddatli kreditlari (shu jumladan, muddati oʻtib ketganlari);
kreditorlik qarzlarining umumiy summasi (shu jumladan, xizmat koʻrsatuvchi bank maʼlumotlari boʻyicha muddati oʻtib ketgan qarzlar).
7. Lotereya oʻyinlarini taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish paytiga qadar uch yil mobaynida davlat boshqaruv organlari, sud, davlat arbitraji yoki xolislik sudi tomonidan muassisga solingan maʼmuriy va iqtisodiy sanksiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar. Bunday maʼlumotlarda quyidagilar boʻlishi kerak:
sanksiya solingan sana;
sanksiya solgan organ;
sanksiya solish sabablari;
sanksiyalarning turi;
sanksiyalar miqdori;
lotereya oʻyinlarini taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan paytdagi sanksiyalarning bajarilishi darajasi.
III. LOTEREYa OʻYINLARINI OʻTKAZISh ShARTLARI
1. Chiqariladigan lotereyalar toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlar:
lotereyalar turi;
lotereya oʻyinlarini oʻtkazish maqsadi;
chiqariladigan lotereyalarning umumiy hajmi;
chiqariladigan lotereya biletlarining soni, ularning tartib raqamlari (razryadlarga, seriyalarga, raqamlarga taqsimlangan holda va boshqalar);
bitta lotereya biletining qiymati;
yutuq fondining summasi;
buyum, pul yutuqlari yoki boshqa xil yutuqlarning, ularning qiymati, soni, miqdorlari va summalari bilan birga, toʻliq roʻyxati.
2. Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish qoidalari:
a) Lotereya biletlarini tarqatish. Ushbu boʻlim quyidagi maʼlumotlardan iborat boʻlishi kerak (masʼul ijrochilar koʻrsatilgan holda):
lotereya biletlarini tarqatish muddatlari;
lotereya biletlarini sotish moʻljallanayotgan hudud va sotish nuqtalarini tashkil etish, joylashtirish, ularning ishini rejalashtirish tartibi;
lotereyalarni tarqatish tartibi (bu tartib naqd pulsiz hisob-kitob boʻyicha lotereya biletlarini sotib olishni xohlovchi tashkilotlarga sotish tartibini, lotereya biletlarini aholiga sotish tartibini oʻz ichiga oladi);
lotereya biletlari tarqatuvchilarini tanlash, biletlarni saqlash, topshirish va sotilgan biletlardan tushgan tushumlarni inkassatsiya qilish tartibi;
xarajatlar smetalarini ilova qilgan holda lotereya biletlarini sotganlik uchun haq toʻlash miqdori va uni toʻlash tartibi (haq summasi sotilgan biletlar summasining koʻpi bilan 10 foizi miqdorida boʻlishi kerak. Toʻlanadigan haq 10 foizdan yuqori boʻlgan hollarda, ular orasidagi farq lotereya oʻyini muassisi mablagʻlari hisobiga qoplanadi va u lotereya oʻyinlarini oʻtkazish xarajatlari smetasiga kirmaydi);
b) Oʻyinlarni oʻtkazish. Ushbu boʻlim quyidagi maʼlumotlardan iborat boʻlishi kerak (masʼul ijrochilar koʻrsatilgan holda):
oʻyinlarni oʻtkazish muddatlari;
oʻyinlarni oʻtkazish qoidalari (keltirilayotgan qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida lotereya oʻyinlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomning 2-bandiga muvofiqligini tushuntirgan holda);
tiraj oʻtkazish sanasi va joyi. Tirajsiz lotereya oʻyinlari oʻtkazilgan hollarda lotereya biletlarini sotish muddatlari koʻrsatiladi;
sotilmay yoki yaroqsiz boʻlib qolgan lotereya biletlarini yoʻq qilish tartibi;
yutuqlar tirajini oʻtkazish tartibi (lotereyalar tiraji Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Jamgʻarmalar bankining “Davlat zayomlari va pul-buyum lotereyalari boʻyicha yutuqlar tirajini oʻtkazish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida” 1992-yil 21-iyuldagi 08-18-01-son yoʻriqnomaga muvofiq oʻtkaziladi);
yutuqlarni olish muddatlari, joyi, shartlari va tartibi.
3. Lotereya oʻyinlari oʻtkazilishini taʼminlash.
Ushbu boʻlim quyidagi maʼlumotlardan iborat boʻlishi kerak (masʼul ijrochilar koʻrsatilgan holda):
lotereya biletlarini tayyorlash va ularni ekspertizadan oʻtkazishda shartnomaning asosiy shartlari;
tovarlar va boshqa xil boyliklarni sotib olish tartibi (yutuq natijalari biletlarda oldindan belgilab qoʻyiladigan buyum yoki pul-buyum lotereyalarini oʻtkazish hollarida);
lotereyalarni tarqatuvchilar bilan tuzilgan namunaviy shartnoma (narxlar bilan);
lotereya oʻyinlarini oʻtkazish hujjatlarini rasmiylashtirish, lotereya biletlarini tayyorlash va ularni tarqatish, reklama qilish hamda texnik xizmat koʻrsatish, boshqa tashkiliy-texnik masalalar bilan bogʻliq chora-tadbirlar majmuini amalga oshiruvchi muassislarning vazifalarini taqsimlash.
4. Mablagʻlardan foydalanish va hisob berish.
Ushbu boʻlim quyidagi maʼlumotlardan iborat boʻlishi kerak:
biletlarni sotish bilan bogʻliq operatsiyalar hisobini olish va hisob berish tartibi, litsenziyalovchi organga hamda soliq organlariga lotereya oʻyinlari boʻyicha hisobotlarni taqdim etish sanasi;
lotereya oʻyinlarini oʻtkazish natijasida olingan daromadni taqsimlash tartibi (uni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni koʻrsatgan xolda);
tegishli asoslash bilan birga biror maqsadga qaratilgan, xayriya lotereyalari uchun lotereyalar chiqarish yoʻli bilan jalb qilinadigan mablagʻlarni foydalanishga yoʻnaltirish. Agar loyiha birorta ixtisoslashtirilgan tuzilmalarda ekspertizadan oʻtgan boʻlsa, u holda ushbu ekspertizani hujjat bilan tasdiqlash zarur;
lotereya oʻyinlarini tashkil etish va oʻtkazishda faol qatnashgan xodimlarni ragʻbatlantirish uchun mukofot jamgʻarmasini tashkil etish tartibi. Mukofot jamgʻarmasining miqdori lotereyalarni sotish summasining foizidan koʻp boʻlmasligi kerak (toʻlanadigan haq 3 foizdan yuqori boʻlgan hollarda ular orasidagi farq lotereya muassisi mablagʻlari hisobiga qoplanadi va u lotereya oʻyinlarini oʻtkazish xarajatlari smetasiga kirmaydi). Mukofot jamgʻarmasini toʻlash faqat lotereya tiraji oʻtkazilgandan soʻng (bir lahzali lotereyalar razryadi yoki seriyasi sotib boʻlingandan soʻng) va litsenziyalovchi organga lotereyalar tiraji natijalari boʻyicha hisobot topshirilgunga qadar 10 kun oldin amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida lotereya oʻyinlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Lotereya oʻyinlarini oʻtkazish natijalariga oid hisobot

(lotereyaning nomi)
199 yilning (choragi/yili) __________________ uchun
I. UMUMIY MAʼLUMOTLAR
Ushbu boʻlimda quyidagi maʼlumotlar keltiriladi:
ruxsatnoma (litsenziya) egasining nomi;
lotereya oʻyini oʻtkazishga asos boʻladigan ruxsatnomaning raqami va u berilgan sana;
lotereya oʻyinlarini oʻtkazish shartlarini tasdiqlash sanasi;
lotereya biletlarini tayyorlagan tashkilot (korxona)ning nomi;
tayyorlangan lotereya biletlarining soni va summasi;
sotilgan lotereya biletlari (hisobot davrida va chiqarila boshlagandan beri reja boʻyicha hamda amalda);
lotereyalarni sotishdan tushgan tushum (hisobot davrida va chiqarila boshlagandan beri reja boʻyicha hamda amalda).
II. OʻYINLAR NATIJALARI
Mazkur boʻlimda quyidagi maʼlumotlar keltiriladi:
oʻtkazilgan lotereya oʻyinlari (oʻtkazilgan sanalar, oʻyinga qoʻyilgan lotereyalarning soni va turlari, bekor qilingan, yoʻq qilingan yoki olib qoʻyilgan lotereyalarning soni va turlari);
tirajlarni oʻtkazish komissiyasi tarkibi va javobgar shaxslar;
tirajlarni oʻtkazish natijalari boʻyicha komissiyaning hisoboti;
chiqqan yutuqlar soni va turi (mukofotlarning narxlari koʻrsatilgan holda);
yutuqlar berildi (mukofotlar va soʻmlar koʻrsatilgan holda);
yutuqlar talab qilib olinmadi (mukofotlar va soʻmlar koʻrsatilgan holda);
lotereya biletlarini yoʻq qiluvchi yoki bekor qiluvchi komissiya tarkibi;
lotereya biletlarini yoʻq qiluvchi yoki bekor qiluvchi komissiyaning hisoboti.
III. YAKUNIY MOLIYAVIY KOʻRSATKIChLAR
Mazkur boʻlimda quyidagi maʼlumotlar keltiriladi:
sotilgan biletlar soni va sotishdan tushgan umumiy tushum;
lotereya oʻyinlarini oʻtkazishga oid xarajatlar, shu jumladan:
lotereya biletlarini tayyorlash, ularni transportda tashish, yetkazib berish va saqlash uchun (hisob-kitob baholariga solishtirganda);
mukofotlarni xarid qilish va yutuqlarni toʻlash uchun (har bir turi boʻyicha mukofotlarni xarid qilishning hisob-kitob va amaldagi narxlariga solishtirganda);
lotereya biletlarini tarqatuvchi shaxslarga haq toʻlash uchun (rejalashtirilgan toʻlovlarga solishtirganda);
reklama uchun (smeta boʻyicha xarajatlar bilan solishtirganda);
yutuqlar tirajini oʻtkazish uchun xarajatlar;
mukofot toʻlovlari (rejalashtirilgan toʻlovlar bilan solishtirganda);
“Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq soliq solinadigan negizni hisoblab chiqqanda istisno qilinadigan boshqa xarajatlar va majburiy toʻlovlar;
toʻlangan va toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar hamda boshqa yigʻimlar, ularning summalari, toʻlash muddatlari (soliq stavkasi koʻrsatilgan holda);
sof foyda;
foydadan maqsadli foydalanish toʻgʻrisidagi hisobot (maqsadli lotereyalar uchun).