Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TENNISNI RIVOJLANTIRISHNI QOʻLLAB-QUVVATLASH JAMGʻARMASINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekistonda tennisning ommaviyligi va mashhurligini, salomatlikni mustahkamlashda uning muhim oʻrin tutishini, xalqaro maydonda sport aloqalarini kengaytirishdagi keng imkoniyatlarini hisobga olib va uni yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi yoshlarining “Kamolot” jamgʻarmasi, respublika Tennis federatsiyasi va boshqa manfaatdor tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi Tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida, barcha viloyatlarda va Toshkent shahrida uning boʻlimlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Tennisni rivojlantirish jamgʻarmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
korxonalarda, oʻquv yurtlarida va maktablarda, sport jamiyatlarida, shuningdek, aholi yashash joylarida tennis bilan shugʻullanish uchun moddiy-texnika bazani mustahkamlashga har tomonlama koʻmaklashish;
yoshlar, ishchilar, xizmatchilar, talabalar, maktab oʻquvchilari aholining boshqa toifalarini sportning ushbu turi bilan shugʻullanishga jalb qilish, sanoat korxonalari, oʻquv yurtlari, sport jamiyatlari, tashkilotlarda tennis bilan shugʻullanish boʻyicha musobaqalar tashkil etish, mahalliy, mintaqaviy va respublika musobaqalari oʻtkazish, yetakchi va istiqbolli sportchilarni xalqaro musobaqalarda faol qatnashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
iqtidorli bolalarni sport maktablarining tennis boʻlimlariga qabul qilish uchun aniq maqsadni koʻzlab izlash va tanlash hamda eng istiqbolli bolalarni eng yaxshi xalqaro tennis maktablariga yuborish;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
zaxira va xalqaro turnirlar uchun yuqori klassli tennischilar tayyorlash maktablari tashkil etish.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Jamgʻarma yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan, oʻz faoliyatini mustaqil amalga oshiradigan, barcha yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy fuqarolar, tashkilotlar, firmalar va uyushmalar uchun ochiq boʻlgan, ularning badallari va boshqa pul tushumlari hisobiga taʼminlanadigan, oʻzini oʻzi boshqaradigan, oʻzini-oʻzi mablagʻ bilan taʼminlaydigan, Hukumatga qarashli boʻlmagan jamoat tashkiloti hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi boshqaruvining yuqori organi konferensiya hisoblanadi;
konferensiyalar orasidagi davrda Tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini boshqarishni konferensiya tomonidan saylanadigan kengash amalga oshiradi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining tuzilmasiga ilovaga muvofiq rozilik berilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga 50 mln. soʻm ajratilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari, uyushmalari, konsernlari, kompaniyalari, korxonalari, xoʻjaliklari va tashkilotlari Tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining Ustavda koʻrsatilgan oʻz vazifalarini amalga oshirishida unga moliyaviy va amaliy yordam koʻrsatsinlar.
6. Adliya vazirligi Tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Ustavini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga notijorat tashkilotlar uchun amaldagi qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari tatbiq etilsin.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 54 bobi (“Soliq imtiyozlari”).
Tennis klublarini budjetga toʻlanadigan soliqlarning barcha turlaridan 5 yil muddatga ozod qilinsin. Ushbu mablagʻ tennisni rivojlantirishga yoʻnaltirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 30-yanvardagi 39-sonli “Tennis klublari uchun belgilangan soliqqa oid imtiyozlar muddatini uzaytirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tennis klublari uchun belgilangan soliqqa oid imtiyozlarning amal qilishi 2005-yil 1-sentabrgacha uzaytirilgan.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.A. Azizxoʻjayev, M.Z. Usmonov va Oʻzbekiston Tennis federatsiyasi raisi R.R. Inoyatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 25-avgust,
414-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 25-avgustdagi 414-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Tennisni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining
TUZILMASI
(Ijro etuvchi apparat shtati — 15 nafar)