|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HARBIY PROKURATURALARI VA HARBIY SUDLARINING ZOBIT KADRLAR TARKIBINI TO‘LDIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 28-fevraldagi “Harbiy tribunallar va harbiy prokuratura organlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq hamda harbiy prokuraturalar va harbiy sudlarni tajribali va malakali kadrlar bilan to‘ldirishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, oliy yuridik ma’lumotli va zaxiradagi zobitlar bo‘lgan yoxud zaxiradagi zobit unvoni bo‘lmagan yurist fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilganda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga muvofiq, ularning oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtida o‘qish, milliy xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlarida xizmat qilish, shuningdek sud organlari, prokuratura, adliya, davlat va boshqa organlardagi huquqni himoya qilish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan uzluksiz ish davri harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziriga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, adliya vaziri, Oliy sudining raisi bilan kelishgan holda xodimlar harbiy prokuraturalar, harbiy sudlar uchun haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilganda ularga navbatdagi harbiy unvondan bir pog‘ona yuqori, rahbar lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarga esa — shtatda nazarda tutilganidan kamida ikki pog‘ona yuqori bo‘lgan harbiy unvon berish topshirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziriga “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasi 2-bandiga muvofiq yuqori kasb malakasiga, amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan, belgilangan yoshdan katta yoshdagi, lekin qonunda belgilanganidan 5 yoshdan ortiq katta yoshda bo‘lmagan, fuqarolarni harbiy prokuratura organlari va harbiy sudlarga haqiqiy harbiy xizmatga chaqirish masalasini hal etishga ruxsat berilsin.
5. Qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, adliya vaziri, Oliy sud raisi, Mudofaa vaziri zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 8-fevral,
66-son