Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.12.2021
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TASIS DASTURINI AMALGA OShIRIShNI TA’MINLAShDA VAZIRLIKLAR VA IDORALARNING FAOLIYATINI MUVOFIQLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli “Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasida Yevropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy ko‘maklashish dasturi (TASIS) doirasida chet El pudratchi kompaniyalari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning faoliyatini tartibga solish, shuningdek, TASIS loyihalarini amalga oshirishni muvofiqlashtirishni va ularning monitoringini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasida Yevropa Ittifoqi Komissiyasining TASIS dasturi doirasida vazirliklar va idoralar faoliyatining prinsiplari va shartlari to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 23-fevraldagi 48-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 82-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 29-may,
274-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 29-maydagi 274-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasida Yevropa Ittifoqi Komissiyasining TASIS dasturi doirasidagi loyihalar bo‘yicha vazirliklar va idoralarning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
NIZOM
UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom Yevropa Ittifoqi Komissiyasi texnikaviy ko‘maklashish dasturi (TASIS) doirasida loyihalarni amalga oshirish tartibini boshqaradi hamda ko‘rsatib o‘tilgan loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari faoliyatini tartibga soladi.
2. TASIS — bu Yevropa Ittifoqi bilan Mustaqil Davlatlararo Hamdo‘stligi va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi uyg‘un aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida Yevropa Ittifoqi tomonidan ushbu sherik mamlakatlar uchun ishlab chiqilgan dasturdir.
3. O‘zbekistondagi TASIS dasturi faoliyati Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari axborot-tahlil departamenti huzuridagi O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy yordamni muvofiqlashtirish Byurosi (“O‘ZYIKBYuRO”) hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Insonparvarlik yordami hamda texnik ko‘maklashish vositalaridan maqsadli foydalanishni muvofiqlashtirish, hisobga olish va nazorat qilish departamenti (keyingi o‘rinlarda — Moliya vazirligi Departamenti deb ataladi) tomonidan muvofiqlashtiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-avgustdagi 680-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.08.2018-y., 09/18/680/1791-son)
4. TASIS dasturining faoliyati boshqaruv, huquqiy va normativ bazani tashkil etish, yangi muassasalar tashkil etish va ishlab turganlarini qayta tashkil etish, ekspertlar guruhini yuborish, ekspert tadqiqotlari o‘tkazish va mutaxassislarning kasb-kor tayyorgarligi, xalqaro tarmoq tuzilmalari tashkil etish, pilot loyihalarini amalga oshirish masalalarida maslahat yordami ko‘rsatish shaklida amalga oshiriladi.
TASIS DASTURI DOIRASIDA TEXNIKAVIY YORDAM OLISh TARTIBI
5. TASIS dasturi doirasida texnikaviy yordam olishni xohlovchi tashkilotlar buyurtmanoma bilan “O‘ZYIKBYuRO” ga yozma ravishda murojaat qiladilar. Buyurtmanomada bo‘lajak loyihani mablag‘ bilan ta’minlashga doir aniq takliflar bayon qilinadi.
6. Barcha buyurtmanomalar TASIS dasturi maqsadlari va shartlariga muvofiq muayyan mezonlar bo‘yicha “O‘ZYIKBYuRO”da dastlabki tanlovdan o‘tadi va kelishish, hisobga olish va keyinchalik monitoring olib borish uchun Moliya vazirligi Departamentiga yuboriladi. Tanlovdan o‘tgan va kelishilgan takliflar tasdiqlash va bo‘lajak xatti-harakatlar dasturiga kiritish uchun Yevropa Komissiyasiga yuborish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari axborot-tahlil departamentiga yuboriladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-avgustdagi 680-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.08.2018-y., 09/18/680/1791-son)
7. Tasdiqlangan loyihalar ro‘yxati loyihalarni bajarish yuzasidan takliflar qabul qilinishi haqida bo‘lajak pudratchilarni xabardor qilish uchun Yevropa Komissiyasining rasmiy jurnalida e’lon qilinadi.
8. Kontraktlar bo‘yicha axborot e’lon qilingandan keyin Yevropa Komissiyasi tender hujjatlarini tayyorlaydi. Ushbu hujjatlarda har bir loyiha bo‘yicha batafsil texnik topshiriqlar mavjud bo‘ladi.
TASIS DASTURI BO‘YIChA LOYIHALARNI TAYYORLASh VA AMALGA OShIRISh TARTIBI
9. TASIS dasturi aniq loyihalar bo‘yicha tenderda yutib chiqqan kompaniyalar (keyingi o‘rinlarda “pudratchilar” deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
10. Ham alohida kompaniya, ham bir necha kompaniyalardan iborat konsorsium pudratchi bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. TASIS dasturining har bir loyihasi ko‘rsatilgan loyiha bo‘yicha YIK ning mustaqil maslahatchisi tomonidan ishlab chiqiladigan texnik topshiriqlarga muvofiq amalga oshiriladi va Moliya vazirligi Departamenti va yordam oluvchi tashkilot (keyingi o‘rinlarda “buyurtmachi” deb yuritiladi) bilan kelishiladi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 28-yanvardagi 22-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 5-son, 41-modda)
12. Pudratchi loyihani amalga oshirish uchun u bilan YI ekspertlari o‘rtasida tuziladigan uzoq muddatli (olti oydan ortiq) yoki qisqa muddatli (bir haftadan bir necha oygacha) kontrakt asosida Yevropa ekspertlarini (keyingi o‘rinlarda “YI ekspertlari” deb yuritiladi) jalb etadi.
13. “O‘ZYIKBYuRO” loyiha rahbarlarining mo‘ljallanayotgan kelishi to‘g‘risida buyurtmachini oldindan xabardor qiladi va loyihani amalga oshirish boshlanishi muddatlarini kelishadi.
14. Buyurtmachi ko‘rsatib o‘tilgan loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh tarkibini aniqlaydi va o‘z tomonidan ishlarni muvofiqlashtiruvchini tayinlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. YI ekspertlari “O‘ZYIKBYuRO”ga, Moliya vazirligi Departamentiga va buyurtmachiga loyiha bo‘yicha texnik topshiriqni barcha ilovalar va qo‘shimchalar bilan birgalikda beradi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 28-yanvardagi 22-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 5-son, 41-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Pudratchi “O‘ZYIKBYuRO”, Moliya vazirligi Departamenti va buyurtmachi bilan kelishilgan jadvalga ko‘ra loyiha bo‘yicha nazarda tutilgan barcha hisobotlarni taqdim etadi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 28-yanvardagi 22-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 5-son, 41-modda)
17. YI ekspertlari “O‘ZYIKBYuRO” da ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.
18. YI ekspertlari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshirish huquqiga egadirlar, chet el fuqarolarining bo‘lishi qonunchilikda belgilangan tartibda tartibga solinadigan ayrim rayonlar bundan mustasno.
19. Tashqi ishlar vazirligi “O‘ZYIKBYuRO” ning buyurtmanomasi bo‘yicha loyiha bo‘yicha ishlash davrida YI ekspertlari va ularning oila a’zolari mazkur Nizomning 18-moddasiga muvofiq konsullik yig‘imlari to‘lamasdan bo‘lishlari huquqini beruvchi vizaviy qo‘llab-quvvatlashni olish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtiradi.
20. YI ekspertlarini xususiy uylarda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish buyurtmachining buyurtnomasiga ko‘ra ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olganlik uchun yig‘im yoki haq olmasdan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
21. Pudratchi mahalliy ekspertlarni kontrakt asosida ishga jalb etishga haqlidir. Ularning huquqiy holati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
22. “O‘ZYIKBYuRO” ekspertlarga ularning maqomi, huquqlari va vazifalarini tushuntirish shart.
23. Pudratchi loyiha ustida ishlash uchun O‘zbekiston Respublikasi mahalliy xodimlarni (tarjimonlar, kotiblar, haydovchilar va boshqalarni) yollashga haqlidir. Mahalliy xodimlarga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish “O‘ZYIKBYuRO” tomonidan Tashqi ishlar vazirligining diplomatik servis xizmatida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24. Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasida 183 kundan ortiq bo‘lgan ekspertlari belgilangan muddatda mahalliy soliq organiga daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishlari kerak.
TASIS DASTURI LOYIHALARINI MODDIY-TEXNIK TA’MINLASh
25. TASIS dasturi loyihalarini amalga oshirish doirasida chet eldan yetkazib beriladigan asbob-uskunalar, transport vositalari va boshqa texnika (keyingi o‘rinlarda — asbob-uskunalar deb yuritiladi) Yevropa Ittifoqining granti sifatida qaraladi va ularga boj poshlinalari, soliqlar va yig‘imlar solinmaydi.
26. Asbob-uskunalar “O‘ZYIKBYuRO” nomiga keladi.
27. TASIS dasturi loyihalari mablag‘lari hisobiga xarid qilingan transport vositalari ichki ishlar organlari tomonidan yig‘imlar undirilmasdan belgilangan tartibda ekspertlar nomiga ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
28. TASIS dasturi bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar doirasida O‘zbekiston Respublikasiga asbob-uskunalar yetkazib berishga kontrakt Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida va vakil qilingan bankda ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 28-yanvardagi 22-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 5-son, 41-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
29. Olinadigan asbob-uskunani sertifikatsiyalash zarur bo‘lganda, u “O‘zstandart” agentligi organlari va ular tomonidan vakil qilingan tashkilotlar tomonidan sertifikatsiya qilinganligi uchun haq undirilmasdan amalga oshiriladi.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 28-yanvardagi 22-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 5-son, 41-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
30. Loyiha tugallangandan keyin asbob-uskunalar pudratchi tomonidan “O‘ZYIKBYuRO” bilan kelishilgan holda buyurtmachiga berilishi mumkin. Buyurtmachi asbob-uskunalarni belgilangan tartibda o‘z balansiga qabul qiladi. Ushbu holatda loyiha tugallangandan keyin mazkur banda ko‘rsatilgan asbob-uskunalar Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan (transport vositalarini berishda — Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan) boj poshlinalari, soliqlar va boshqa yig‘imlar undirilmasdan buyurtmachining nomiga qayta rasmiylashtiriladi.
(30-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 16-apreldagi 161-sonli qarori tahririda)
31. Buyurtmachi asbob-uskunalarni olishda loyiha tugallangandan keyin “O‘ZYIKBYuRO”ga va tegishli statistika organiga olingan asbob-uskunalarning foydalanilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har yili taqdim etadi. Begonalashtirilgan taqdirda esa belgilangan tartibda to‘lovlar va soliqlar to‘laydi.
32. Pudratchi yoki “O‘ZYIKBYuRO” tomonidan asbob-uskunalar qaytarib olib ketilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda (fors-major holatlar paydo bo‘lganda), qaytarib olib ketishni rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari tomonidan boj poshlinalari, soliqlar, yig‘imlar va har qanday tusdagi boshqa to‘lovlar undirilmasdan amalga oshiriladi.
NIZOLARNI HAL QILISh
33. Loyihani amalga oshirish davomida paydo bo‘luvchi barcha nizolar vazirliklar va idoralar, shuningdek, yordam oluvchi tashkilotlar tomonidan “O‘ZYIKBYuRO” bilan birgalikda hal qilinadi.
34. Zarurat bo‘lganda nizoli masalalar “O‘ZYIKBYuRO” tomonidan kelishish uchun Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari axborot-tahlil departamentiga kiritilishi mumkin.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-avgustdagi 680-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.08.2018-y., 09/18/680/1791-son)