Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 06.03.1997
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SUG‘URTA ORGANLARI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-martdagi 125-sonli “O‘zagrosug‘urta” Davlat-aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston davlat sug‘urta organlari to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSR davlat straxovaniyesi organlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 1979-yil 9-oktabrdagi 700-son qarori o‘z kuchini” yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 31-dekabr,
605-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 31-dekabrdagi 605-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlari to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlari hisoblanadilar:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta bosh boshqarmasi;
unga bo‘ysunuvchi davlat sug‘urta boshqarmalari va nazorat muassasalari.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta bosh boshqarmasi (O‘zdavsug‘urta) hisoblanadi, to‘la xo‘jalik mustaqilligi sharoitida ish olib boradi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta bosh boshqarmasi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boshqarmalari hamda nazorat muassasalari respublika davlat sug‘urta organlarining yagona tizimini tashkil etadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlarining asosiy vazifasi, fuqarolar hayotini, salomatligini, mol-mulkini, shuningdek, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxona hamda tashkilotlarning iqtisodiy manfaatlarini tabiiy ofatlar, halokatlar, baxtsiz hodisalar va boshqa kutilmagan hodisalardan sug‘urta yo‘li bilan himoyalashni ta’minlashdan iborat.
4. O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
a) sug‘urtaning quyidagi davlat majburiy turlarini o‘tkazish;
transportdagi yo‘lovchilarni;
qishloq xo‘jaligi korxonalarining mol-mulkini;
fuqarolarning mol-mulkini;
diniy tashkilotlarga ijaraga berilgan davlat imoratlarini;
qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlari zimmasigi yuklatiladigan davlat sug‘urtasining boshqa turlarini o‘tkazish;
b) aholini ixtiyoriy shaxsiy sug‘urta qilishni amalga oshirish;
v) ijarachilar, davlat korxonalari (birlashmalar), shirkat va jamoat tashkilotlari hamda fuqarolarning mol-mulkini ixtiyoriy sug‘urta qilishni o‘tkazish;
g) xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish;
d) belgilangan tartibga muvofiq sug‘urta to‘lovlari miqdorini aniqlash va ularni to‘lashni amalga oshirish;
e) ehtiyotdan sug‘urta va investitsiya faoliyatini, sug‘urta va qayta sug‘urta qilish, shu jumladan chet el valyutasida, a’mollarini amalga oshirish;
j) respublika vazirliklari va idoralari bilan, boshqa mamlakatlarning sug‘urta tashkilotlari bilan amaliy aloqalarni va hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma sug‘urta faoliyatini amalga oshirish;
z) tezkor va buxgalteriya hisobini olib borish, tegishli hisobotni tuzish;
i) ma’lumotlarning sug‘urta axborot bankini tashkil etish;
k) o‘tkaziladigan sug‘urta turlarini reklama qilish;
l) sug‘urta xodimlari kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash;
m) sug‘urta qilishning asosiy shartlarini ishlab chiqish;
n) mablag‘lar va moddiy boyliklarning saqlanishini nazorat qilish;
o) o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan boshqa faoliyatni amalga oshirish.
5. O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlari tizimida moliyaviy faoliyatni tartibga solib turish uchun quyidagilar tashkil etiladi:
ustav jamg‘armasi;
zaxira jamg‘armasi;
ehtiyot jamg‘armasi, shu jumladan, chet el valyutasida;
ehtiyotdan ko‘riladigan chora-tadbirlar jamg‘armasi;
sug‘urta va qayta sug‘urta qilish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa jamg‘armalar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta bosh boshqarmasi hamda unga bo‘ysunuvchi davlat sug‘urta boshqarmalari va nazorat muassasalari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda farmoyishlariga, Moliya vazirligining yo‘riqnomalari va buyruqlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining asosiy umumlashtiruvchi ko‘rsatkichi daromaddir. U olingan daromadlar bilan qilingan xarajatlar (sug‘urta to‘lovlari, ehtiyotdan ko‘riladigan chora-tadbirlarga sarflangan xarajatlar, zaxira jamg‘armalariga ajratmalar, ish yuritish xarajatlari) o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Budjetga soliqlar to‘langanidan so‘ng qoladigan daromad davlat sug‘urta organlarining mulki bo‘lib hisoblanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlari budjetga to‘lanadigan soliqlar va soliq bo‘lmagan to‘lovlarni undirish uchun belgilangan tartibda majburiy sug‘urtaga doir to‘lovlarni undirishni amalga oshiradi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta organlari xodimlariga boshqa sug‘urta tashkilotlari ishida qatnashish, shuningdek, o‘rindoshlik yo‘li bilan qatnashish man etiladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlari va uning bo‘linmalari sug‘urta a’mollari bilan bog‘liq barcha ishlar yuzasidan davlat boji to‘lashdan ozod etiladilar.
11. Davlat sug‘urta organlari tomonidan to‘lanadigan sug‘urta haqi summasi va shaxsiy sug‘urtaga oid sug‘urta pulidan soliqlar hamda yig‘imlar, shuningdek, davlat boji olinmaydi.
12. Davlat sug‘urta organlari o‘z majburiyatlari bo‘yicha haq undirish mumkin bo‘lgan o‘zlariga tegishli mulkka javob beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlari davlat majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydilar, davlat esa O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi. O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta organlari o‘tkazishi lozim bo‘lgan davlat majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha majburiyatlar bundan mustasnodir.
Sug‘urta qildiruvchi Bilan sug‘urta qiluvchi o‘rtasidagi nizolar qonun bilan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
13. Sug‘urta qilish shartlarini buzganligi uchun sug‘urta qildiruvchilar va sug‘urta qiluvchilarning javobgarligi ular o‘rtasida tuzilgan sug‘urta shartnomasida belgilanadi va belgilangan tartibda tasdiqlangan sug‘urta bo‘yicha qoidalar va yo‘riqnomalarda aytib o‘tiladi.
14. O‘zdavsug‘urta, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridagi boshqarmalari va nazorat muassasalari yuridik shaxs hisoblanadilar, bank muassasalarida o‘zlarining hisob-kitob va valyuta schyotlariga, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda nomlari o‘zbek va rus tillarda yozilgan muhrga ega bo‘ladilar.
II. O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta ishlarini va uni boshqarishni tashkil etish
15. Respublikada davlat sug‘urta organlari ishiga rahbarlikni va ularning faoliyatini nazorat qilishni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi amalga oshiradi. Vazirlik:
davlat sug‘urtasini o‘tkazish yuzasidan ko‘rsatmalar beradi;
davlat sug‘urtasiga doir yillik hisobotlar va balanslarni ko‘rib chiqadi;
davlat sug‘urta organlari ishi yuzasidan tushgan shikoyat va arizalarni ko‘rib chiqadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vaziri, viloyatlar, shaharlar hokimliklari moliya boshqarmalari (bo‘limlari) ning boshliqlari (mudirlari) O‘zbekiston Respublikasining sug‘urtaga oid qonunlariga, sug‘urtaning hamma turlariga doir qoidalar, yo‘riqnomalarga tegishli sug‘urta organlari tomonidan rioya etilishini, shuningdek, sug‘urta to‘lovlari tushumi, sug‘urta qoplamasi va sug‘urta pullari to‘lanishini nazorat qiladilar hamda javob beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta bosh boshqarmasi
16. O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta bosh boshqarmasiga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining tavsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan Moliya vazirining o‘rinbosari – bosh boshqarma boshlig‘i boshchilik qiladi. Davlat sug‘urta bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari bo‘ladi. Ularni vazirlik hay’ati tasdiqlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri tayinlaydi.
Davlat sug‘urta bosh boshqarmasi joylardagi davlat sug‘urta organlari ishiga uslubiy rahbarlik qiladi, ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat etadi, ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlantirishning umumiy yo‘nalishlarini, sof foydani taqsimlash tartibini, mehnatga haq to‘lash shakli hamda tizimini belgilab beradi.
O‘zdavsug‘urta daromaddan olinadigan soliq bo‘yicha respublika budjeti bilan markazlashtirilgan tartibda hisob-kitob qiladi.
17. O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta bosh boshqarmasining tuzilmasi va xodimlari soni, shuning, lavozim maoshlari sxemasi hamda sug‘urta organlari ixtiyorida qoladigan foydani ishlatish to‘g‘risidagi Nizom va mukofotlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta bosh boshqarmasining boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
18. O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta bosh boshqarmasiga belgilangan tartibda quyidagi huquqlar beriladi:
sug‘urta to‘lovlaridan ajratmalar hisobiga o‘tkaziladigan tadbirlar ro‘yxati haqida, sug‘urta qilinishi lozim bo‘lgan mol-mulkning nobud bo‘lishi va shikastlanishining oldini olish yuzasidan, shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘larni sarflash tartibi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
bosh boshqarma apparat va unga bo‘ysunuvchi davlat sug‘urta organlari hamda o‘z tasarrufidagi boshqa tashkilotlar xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlarining lavozim maoshlariga ustamalar belgilash;
sug‘urta shartnomalari tuzish va ixtiyoriy sug‘urta to‘lovlarini qabul qilish uchun kredit muassasalari hamda boshqa muassasalar va tashkilotlarni jalb qilish;
mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan sug‘urta shartnomalari tuzish;
davlat sug‘urtasi mahalliy organlari va o‘z tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini taftish qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki muassasalarida va boshqa kredit muassasalarida Bosh boshqarma uchun schyotlar ochish hamda yopish, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq mablag‘lar va mol-mulkini tasarruf etish; O‘zdavsug‘urtaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun shartnomalar tuzish; ishonchnomalar berish; sudda, hakamlik sudida va boshqa organlarda ish olib borish;
ixtiyoriy sug‘urtaning hamma turlari bo‘yicha idoraviy me’yoriy hujjatlar, shuningdek, davlat sug‘urta organlarining faoliyati masalalari yuzasidan uslubiy ko‘rsatmalarni ishlab chiqish tasdiqlash;
davlat sug‘urta organlarining moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha tavsiyanomalar tayyorlash;
kirim va chiqimlar balansi loyihasini ishlab chiqish hamda balansni tuzish, shuningdek, to‘lovlar tushumi hajmini nazorat qilish ko‘rsatkichlarini tayyorlash.
19. O‘zdavsug‘urta huzurida Kengash tuziladi, uning tarkibiga Bosh boshqarma boshlig‘i, lavozimi bo‘yicha boshliqning o‘rinbosarlari, shuningdek, respublika davlat sug‘urta organlarining boshqa rahbar xodimlari kiradi. Kengash a’zolari O‘zdavsug‘urta boshlig‘ining tavsiyaga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Kengash ishi tuzilgan rejaga muvofiq amalga oshiriladi, reja bir yilga tuzilib, yil choraklariga bo‘lib chiqiladi va sug‘urta to‘lovlari tushumi rejasini bajarish davomida yuzaga keluvchi eng dolzarb va muhim masalalarni, shuningdek, amaliy rahbarlikni takomillashtirish, qarorlar ijrosini nazorat qilish va tekshirish, rahbar kadrlar hamda mutaxassislarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalalarini o‘z ichiga oladi.
Reja O‘zdavsug‘urta Kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.
O‘zdavsug‘urta Kengashi a’zolari o‘zlari egallab turgan lavozimlar bo‘yicha asosiy ishlaridan tashqari, sug‘urta organlari ishining asosiy ko‘rsatkichlari sifatida belgilangan rejalarni bajarish hamda davlat sug‘urtasini rivojlantirish bo‘yicha respublikada olib borilayotgan ishlar ham shaxsan javob beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat sug‘urta boshqarmalari va nazorat organlari
20. Davlat sug‘urta boshqarmasiga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hay’atining qarori bilan tasdiqlanadigan va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan tayinlanadigan boshliq boshchilik qiladi.
Viloyat boshqarmasi apparatining tuzilmasi, uning shaxsiy tarkibi, lavozimi maoshlariga ustamalar, boshqarma xodimlarini, shu jumladan, sug‘urta nazorat organlari boshliqlarini yilning ish yakunlariga ko‘ra taqdirlash to‘g‘risidagi nizom boshqarma boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
Boshqarma boshlig‘i davlat sug‘urta boshqarmasi va nazorat organlari xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi.
21. Davlat sug‘urta boshqarmasi:
sug‘urta to‘lovlari tushumiga doir topshiriqlarni, xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, ularning bajarilishini nazorat qilishni amalga oshiradi;
sug‘urta a’mollarining statistika va buxgalteriya hisobini tuzadi va olib beradi, shuningdek, shahar va tuman davlat sug‘urta nazorat organlarida shu hisobni olib borish holatini nazorat qilishni amalga oshiradi, tasarrufidagi nazorat organlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qiladi hamda tekshiradi;
sug‘urtaning ayrim turlari bo‘yicha a’mollarni amalga oshiradi;
O‘zdavsug‘urtaga choraklik va yillik hisobotlarni taqdim etishni ta’minlaydi;
kredit muassasalarida schyotlar ochadi va yopadi, yuridik hamda jismoniy shaxslar bilan hamkorlik qilish haqida shartnomalar tuzadi, sudda, hakamlik sudi va boshqa organlarda ish olib boradi;
sug‘urta to‘lovlari ajratmalari hisobiga o‘tkaziladigan sug‘urta qilingan mol-mulklarning nobud bo‘lishi va shikastlanishining oldini olish chora-tadbirlarini rejalashtirishda qatnashadi va yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘larning maqsadli yo‘naltirilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
22. Tuman, shahar va uchastka davlat sug‘urta nazorat muassasalariga davlat sug‘urta boshqarmasining boshlig‘i tomonidan tayinlanadigan boshliqlar boshchilik qiladilar.
Tuman, shahar va uchastka davlat sug‘urta nazorat muassasalarining boshliqlariga belgilangan tartibda nazorat muassasalari xodimlarini, shuningdek, shtatda bo‘lmagan sug‘urta vakillarini ishga tayinlash va ishdan ozod etish huquqi beriladi.
23. Davlat sug‘urta nazorat muassasiga quyidagilar yuklatiladi:
sug‘urta to‘lovlari tushumi bo‘yicha topshiriqlarni va xarajatlar smetasini ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
nazorat muassasasining tuzilmasi va shaxsiy tarkibini ishlab chiqish, shtatdagi xodimlarning lavozim maoshlariga ustamalar, sug‘urta vakillarining mehnat haqi miqdorini belgilash;
majburiy va ixtiyoriy sug‘urta a’mollarini bevosita amalga oshirish;
shtatda bo‘lmagan sug‘urta vakillarining sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish borasidagi ishiga rahbarlik qilish;
sug‘urta a’mollariga doir statistika va buxgalteriya hisobini olib borish, ish yuritish;
davlat mablag‘lari hamda moddiy boyliklarning saqlanishini, ularning to‘g‘ri va tejamli sarflanishini ta’minlash;
davlat sug‘urtasini yanada rivojlantirishni, majburiy va ixtiyoriy sug‘urtaning har bir turiga oid to‘lovlar tushumi topshiriqlarining bajarilishini ta’minlash;
sug‘urta qoplamasi hamda sug‘urta pullarini qoida va yo‘riqnomalarda belgilangan tartibda aniqlash va to‘lash;
choraklik va yillik hisobotlarni boshqarmaga belgilangan muddatlarda taqdim etish;
kredit muassasalarida hisoblar ochish va yopish, shartnomalar tuzish, sudda, hakamlik sudi hamda boshqa organlarda ish olib borish.
O‘zdavsug‘urta mablag‘lari:
asosiy mablag‘lar jamg‘armasidan;
sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha a’mollar uchun zaxira jamg‘armasidan;
hayotni sug‘urta qilish bo‘yicha badallar zaxirasidan;
sug‘urta a’mollari va investitsiya faoliyatidan tushgan joriy mablag‘lardan;
valyuta jamg‘armasidan;
maxsus jamg‘armadan;
sug‘urta organi tasarrufida qoladigan foydadan;
davlat sug‘urtasini barqarorlashtirish jamg‘armasidan iborat bo‘ladi.
Ushbu jamg‘armalarni hosil qilish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Davlat sug‘urta bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi.