Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YUNESKO bilan hamkorlikda madaniy meros masalalari boʻyicha Xalqaro maslahat qoʻmitasini tashkil etish va uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 26-maydagi PF-6000-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, madaniy merosni muhofaza qilish, asrash, ommalashtirish va ulardan oqilona foydalanishda Oʻzbekiston Respublikasi va YUNESKO oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Milliy — komissiya):
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oʻzbekistonda madaniy meros masalalari boʻyicha tashkil qilinadigan Xalqaro maslahat qoʻmitasini (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro maslahat qoʻmitasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etish;
Oʻzbekistonda madaniy meros masalalari boʻyicha Xalqaro maslahat qoʻmitasining 2-ilovadagi tashkiliy sxemaga muvofiq boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar Xalqaro maslahat qoʻmitasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari ekanligi inobatga olinsin:
jahon madaniyatiga munosib hissa qoʻshgan mamlakatimizning madaniy merosini Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash hamda bu borada xalqaro tashkilotlar va YUNESKO maslahatlashuv organlari (IKOMOS, IKKROM) bilan hamkorlikni kengaytirish;
moddiy madaniy meros obyektlari va Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) muhofazasini kuchaytirish, ularning umumbashariy bemisl qimmatini ishonchli saqlab qolish boʻyicha ilmiy va amaliy takliflar tayyorlash, tegishli loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish;
Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) boshqaruv rejalari, merosga boʻlgan taʼsirini baholash hisobotlarini ishlab chiqishda ishtirok etish hamda aholiga munosib turmush tarzini yaratib berish uchun tarixiy shaharlarni oqilona rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlash;
YUNESKO Umumjahon merosi qoʻmitasi qarorlari va tavsiyalarini Oʻzbekistonda samarali amalga oshirilishida ishtirok etish hamda bu boradagi milliy hisobotlar tayyorlashda amaliy yordam koʻrsatish;
moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish jarayonida paydo boʻladigan masalalarni ilmiy jihatdan koʻrib chiqish, ularni hal etish boʻyicha ilmiy va amaliy takliflar tayyorlash;
madaniy meros sohasida kadrlar malakasini oshirish maqsadida xalqaro konferensiyalar va seminar-treninglar oʻtkazish, uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqishga koʻmaklashish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Xalqaro maslahat qoʻmitasi moddiy madaniy meros masalalari hamda Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) boʻyicha maslahat organi hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Xalqaro maslahat qoʻmitasining ishchi organi hisoblanadi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Xalqaro maslahat qoʻmitasi faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining Madaniy meros agentligiga taqsimlanadigan mablagʻlari doirasida qoplanadi;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Xalqaro maslahat qoʻmitasining xarajatlar smetasi har yili yanvar oyining 20-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, Milliy komissiya hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan hamda YUNESKO takliflari inobatga olingan holda tuziladi va Milliy komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Xalqaro maslahat qoʻmitasi aʼzolarining Oʻzbekiston Respublikasidagi transport, mehmonxona, ovqatlanish va tashriflari bilan bogʻliq boshqa sarf-xarajatlari qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan manbalar hisobidan qoplanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining talabnomalariga binoan Xalqaro maslahat qoʻmitasining chet ellik aʼzolariga belgilangan tartibda kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Madaniy meros agentligining talabnomalariga asosan Xalqaro maslahat qoʻmitasining chet ellik aʼzolariga koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi hamda muddatini uzaytirishni belgilangan tartibda taʼminlansin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
6. Xalqaro maslahat qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy komissiya, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi, Madaniyat vazirligi, Qurilish vazirligi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Xalqaro maslahat qoʻmitasi bilan yaqin hamkorlik qilsin hamda uning faoliyatini samarali tashkil etishga koʻmaklashsin;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar Xalqaro maslahat qoʻmita tavsiya va takliflarini koʻrib chiqib, asosli tavsiya va takliflarni belgilangan tartibda amalga oshirilishini tashkil etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Xalqaro maslahat qoʻmitasiga Toshkent shahri, Amir Temur shoh koʻchasi 107 B-manzilidagi Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi binosidan tekin foydalanish huquqi asosida tegishli xona ajratilsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 278-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2022-y., 09/22/278/0439-son)
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-iyun,
371-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-iyundagi 371-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekistonda madaniy meros masalalari boʻyicha Xalqaro maslahat qoʻmitasining
TARKIBI

1.

Maykl Terner

shahar dizayni boʻyicha mustaqil ekspert, professor (Isroil)

2.

Mixael Yansen

arxeologiya va hujjatlashtirish boʻyicha mustaqil ekspert, professor (Germaniya)

3.

Kristina Yamandi

shaharsozlik va madaniy merosni asrash boʻyicha ekspert (Ruminiya)

4.

Etyen Klement

madaniy meros huquqi boʻyicha mustaqil ekspert (Belgiya)

5.

Yukio Nisimura

madaniy meros va shaharsozlikni saqlash boʻyicha ekspert, professor (Yaponiya)

6.

Kra Terra

tuproqli meʼmoriy arxitektura boʻyicha ekspert (Fransiya)

7.

Shadiya Yusef Tukan

YUNESKO Umumjahon merosi markazining Arab mintaqasi direktori, arxitektor va tarixiy shaharlar boʻyicha mutaxassis

8.

Tamar Teneishvili

arxeolog, professor (Gruziya)

9.

Mavluda Yusupova

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti boʻlim boshligʻi, arxitektura fanlari doktori, professor (Oʻzbekiston)

10.

Gavxar Durdiyeva

Xorazm Mamun akademiyasi raisining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, arxitektura fanlari doktori (Oʻzbekiston)

11.

Kelishuvga muvofiq

Yodgorlik va diqqatga sazovor joylar boʻyicha xalqaro kengashi (IKOMOS) vakili

12.

Kelishuvga muvofiq

Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha xalqaro tadqiqot markazi (IKKROM) vakili

13.

Dmitriy Voyakin

Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti direktori (lavozimiga muvofiq)

Izoh. Zarur hollarda Xalqaro maslahat qoʻmitasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi raisi tomonidan YUNESKO bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-iyundagi 371-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekistonda madaniy meros masalalari boʻyicha Xalqaro maslahat qoʻmitasining boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilishning
TASHKILIY SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Xalqaro maslahat qoʻmitasi

Bosh vazir oʻrinbosari — YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi raisi

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi

YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi

(kelishuvga muvofiq)

Madaniy meros obyektlari boshqaruv rahbarlari

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi

Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2021-y., 09/21/371/0558-son; 21.05.2022-y., 09/22/278/0439-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)