O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, nazoratsiz va qarovsiz qolgan bolalar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 563-moddasiga muvofiq voyaga yetmagan sudlanuvchi shartli hukm qilingan yoxud unga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan taqdirda, unga jamoat tarbiyachisi tayinlash masalasi ko‘rib chiqilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Nazoratsiz va qarovsiz qolgan hamda huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan voyaga yetmagan shaxslar bilan yakka tartibda ishlash, shuningdek, ularning ota-onasiga (yoki o‘rnini bosuvchi shaxslarga) voyaga yetmagan shaxslarni tarbiyalashda amaliy yordam ko‘rsatish voyaga yetmagan shaxslarga tayinlanadigan jamoat tarbiyachilarining asosiy vazifasi etib belgilansin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
a) jamoat tarbiyachisi quyidagi toifalardagi voyaga yetmaganlarga nisbatan tayinlanishi mumkin:
sud tomonidan majburlov choralari qo‘llanilgan yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan;
ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan;
ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytgan yoki tarbiya koloniyalarida jazoni o‘tagan;
nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlar;
bolani tarbiyalashda yordamga muhtoj bo‘lgan oilalarning voyaga yetmagan farzandlari.
Oldingi tahrirga qarang.
b) jamoat tarbiyachisini tanlash va tayinlash haqidagi qaror Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) tomonidan qabul qilinadi;
(3-bandning b-kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
v) jamoat tarbiyachisi Komissiyaning taqdimnomasiga asosan tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha miqdorda bitta voyaga yetmagan shaxs uchun bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi mumkin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 3-iyun,
339-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3 iyundagi 339-son qaroriga
ILOVA
Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash tartibini belgilaydi.
2. Jamoat tarbiyachilarining asosiy vazifasi nazoratsiz va qarovsiz qolgan hamda huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan voyaga yetmagan shaxslar bilan yakka tartibda ishlash, shuningdek, ularning ota-onasiga (yoki o‘rnini bosuvchi shaxslarga) voyaga yetmagan shaxslarni tarbiyalashda amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat.
3. Jamoat tarbiyachisi faoliyati bola bilan ishlashda individual yondashuv hamda ixtiyoriylik asosida beg‘araz amalga oshiriladi.
2-bob. Jamoat tarbiyachisini tayinlash tartibi
4. Voyaga yetmagan shaxslarning jamoat tarbiyachisi (keyingi o‘rinlarda — jamoat tarbiyachisi) etib 30 yoshga to‘lgan, birinchi navbatda voyaga yetmagan shaxslar bilan kamida ikki yil ishlash tajribasiga ega bo‘lgan, jinsi, oilaviy ahvolidan qat’i nazar, o‘zining hayotiy tajribasi va axloqiy fazilatlari bilan voyaga yetmaganlarga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan, o‘z zimmasiga voyaga yetmagan shaxslarni tarbiyalash vazifasini olishga tayyor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tayinlanishi mumkin.
Voyaga yetmagan qizlarga nisbatan ayol jinsiga mansub bo‘lgan jamoat tarbiyachisi tayinlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) yoshlar ishlari, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari, madaniyat, turizm va sport, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, oila va xotin-qizlar, ichki ishlar organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda voyaga yetmagan shaxslar bilan ishlaydigan boshqa tashkilotlarning takliflari asosida jamoat tarbiyachilari nomzodlari ro‘yxatini shakllantiradi.
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
Bunda Komissiya mas’ul kotibi nomzodlar ro‘yxatini shakllantirish va har yili yangilab borish uchun mas’ul hisoblanadi.
6. Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachisini tanlash va tayinlash haqidagi qaror Komissiya tomonidan qabul qilinadi.
7. Jamoat tarbiyachisi quyidagi toifalardagi voyaga yetmaganlarga nisbatan tayinlanishi mumkin:
sud tomonidan majburlov choralari qo‘llanilgan yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan;
ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan;
ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytgan yoki tarbiya koloniyalarida jazoni o‘tagan;
nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlar;
bolani tarbiyalashda yordamga muhtoj bo‘lgan oilalarning voyaga yetmagan farzandlari.
8. Komissiya shartli hukm qilingan hamda ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan voyaga yetmaganlarga nisbatan sud qarori asosida jamoat tarbiyachisini tayinlaydi.
9. Komissiya sudning tegishli qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran besh kun muddat ichida voyaga yetmaganga jamoat tarbiyachisini tayinlaydi.
Sudning tegishli qarori talab etilmaydigan holatlarda Komissiya mutasaddi tashkilotlarning (Komissiya a’zolarining) taqdimiga asosan besh kun muddat ichida voyaga yetmaganga jamoat tarbiyachisini tayinlashi mumkin.
10. Komissiya jamoat tarbiyachisini tayinlashda har bir holatda individual tartibda, sodir etilgan qilmish, voyaga yetmagan shaxsning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi va boshqa omillarni inobatga oladi.
11. Komissiyaning jamoat tarbiyachisini tayinlash to‘g‘risidagi qarorida quyidagilar ko‘rsatiladi:
jamoat tarbiyachisi to‘g‘risida ma’lumot;
jamoat tarbiyachisi tayinlanayotgan voyaga yetmagan to‘g‘risida ma’lumot;
jamoat tarbiyachisini tayinlash asoslari (holat mazmuni);
jamoat tarbiyachisini tayinlash muddati;
jamoat tarbiyachisining hisobdorligi;
qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi.
Komissiya voyaga yetmaganga jamoat tarbiyachisini tayinlash to‘g‘risida qabul qilingan qaror bilan bolaning ota-onasini (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni) tanishtiradi.
Komissiya voyaga yetmaganga jamoat tarbiyachisi tayinlanganligi haqida manfaatdor tashkilotlarni (sud, ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqalarni) xabardor qiladi.
Jamoat tarbiyachisi voyaga yetmaganlarning fikri hisobga olinib, ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan kelishgan holda tayinlanadi.
Bitta voyaga yetmagan shaxsga bitta jamoat tarbiyachisi tayinlanishi mumkin.
12. Quyidagilar jamoat tarbiyachisi etib tayinlanishi mumkin emas:
muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lgan shaxslar;
muqaddam sudlangan hamda sudlanganlik holati belgilangan tartibda tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar;
jinoyat protsessida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi sifatida jalb qilingan shaxslar;
ota-onalik huquqidan mahrum etilgan yoki ota-onalik huquqlari cheklangan shaxslar;
ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilgan, bola bilan shafqatsiz muomalada bo‘lgan shaxslar;
surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar;
doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar;
sobiq tutingan ota-onalar yoki farzandlikka oluvchilar, agar bolalarni tarbiyaga olish to‘g‘risidagi kelishuv yoki farzandlikka olish bekor qilingan bo‘lsa;
o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi yoxud o‘z huquqlarini suiiste’mol qilganligi uchun vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;
sog‘lig‘i tufayli jamoat tarbiyachisi majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar.
13. Voyaga yetmagan shaxsga jamoat tarbiyachisi uch oygacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi, mazkur muddat Komissiya tomonidan jamoat tarbiyachisining hisobotini eshitish natijalariga ko‘ra, bir marotaba ko‘pi bilan uch oygacha uzaytirilishi mumkin.
3-bob. Jamoat tarbiyachisi hamda voyaga yetmaganlarning huquq va majburiyatlari
14. Jamoat tarbiyachisi quyidagi huquqlarga ega:
voyaga yetmagan shaxsni yashash va o‘qish joyi bo‘yicha borib ko‘rish;
voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘rish;
voyaga yetmagan bilan yakka tartibda ishlash dasturida (keyingi o‘rinlarda — Dastur) belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda mutasaddi tashkilot va muassasalardan metodik hamda amaliy yordam olish;
Komissiyadan voyaga yetmaganlar va ularning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) to‘g‘risida zarur ma’lumotlarni talab qilib olish;
Komissiyaning voyaga yetmagan shaxsga oid yig‘ilishlarida qatnashish hamda fikr va takliflar bildirish.
15. Jamoat tarbiyachisi quyidagilarga majbur:
har bir voyaga yetmaganga individual yondashgan holda uning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi, qobiliyati, qiziqishlari va boshqa omillarni inobatga olgan holda voyaga yetmaganlarning ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning taklifini olgan holda Dastur tuzish va Komissiya bilan kelishish;
voyaga yetmaganning Dasturda belgilangan chora-tadbirlarga rioya etishi ustidan nazorat qilish;
voyaga yetmagan shaxsning g‘ayriijtimoiy xulq-atvorini tuzatish, mavjud salbiy odatlarini bartaraf etish va huquqbuzarliklar sodir etishining oldini olish choralarini ko‘rish;
voyaga yetmaganni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, unda mehnatsevarlik, mas’uliyat, fidoyilik, dunyoqarashi keng, mustaqil va komil inson bo‘lishga intilish tuyg‘ularini shakllantirish;
voyaga yetmaganlarning o‘qishini davom ettirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning to‘garaklarda ishtiroki, hordiq chiqarishi, bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish;
ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan voyaga yetmaganni tarbiyalash, ularning hayoti va kelajagi uchun javobgar ekanligi borasida tushuntirish ishlari olib borish;
voyaga yetmagan shaxs tomonidan Dasturda belgilangan chora-tadbirlar bajarilmagan taqdirda, bu haqida Komissiyaga xabar berish;
ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, bu haqida Komissiyaga xabar berish;
har oyda Komissiyaga amalga oshirilgan ishlar va bolada kuzatilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida hisobot taqdim etish.
16. Voyaga yetmagan shaxs:
voyaga yetmagan shaxs jamoat tarbiyachisining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan Komissiyaga shikoyat qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
jamoat tarbiyachisini almashtirish to‘g‘risida Komissiyaga murojaat qilish va qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa huquqlarga ega.
(16-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmagan shaxs Dasturga amal qilishi va unda belgilangan chora-tadbirlarni bajarishi hamda qonunchilik hujjatlariga rioya qilishi lozim.
(16-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Jamoat tarbiyachisini almashtirish va faoliyatini tugatish tartibi
17. Jamoat tarbiyachisi quyidagi holatlarda almashtiriladi:
jamoat tarbiyachisi o‘z vazifalarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda;
voyaga yetmaganlar, ularning ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan Komissiyaga jamoat tarbiyachisi ustidan tushgan shikoyatlar asosida;
voyaga yetmagan yoki jamoat tarbiyachisi yashash joyini o‘zgartirganda (voyaga yetmagan shaxs va jamoat tarbiyachisining bevosita muloqoti qiyinlashgan hollarda);
jamoat tarbiyachisi o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortganida.
18. Jamoat tarbiyachisining faoliyati Komissiya qarori bilan quyidagi hollarda tugatiladi:
jamoat tarbiyachisi tayinlash muddati tugaganda;
voyaga yetmagan shaxs o‘n sakkiz yoshga to‘lganda yoki emansipatsiya qilinganda;
voyaga yetmagan shaxs ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganda;
voyaga yetmagan shaxs boshqa davlatga doimiy yashash uchun ketganda;
voyaga yetmagan shaxs vafot etganda.
Jamoat tarbiyachisini almashtirish yoki uning faoliyatini tugatish haqida Komissiya qaror qabul qiladi.
5-bob. Jamoat tarbiyachisi faoliyatini nazorat qilish
19. Jamoat tarbiyachilarining faoliyati ustidan nazorat Komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
20. Komissiya:
jamoat tarbiyachisining Dastur bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlarini eshitib boradi;
voyaga yetmagan uchun Dasturdagi chora-tadbirlarni o‘zgartirish yoki unga qo‘shimcha chora-tadbirlar kiritish masalasini ko‘rib chiqadi;
jamoat tarbiyachisining voyaga yetmagan bilan olib borayotgan yakka tartibdagi ishlarining ahvolini tekshirib boradi;
voyaga yetmaganlar, ularning ota-onasidan (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan) Komissiyaga jamoat tarbiyachisi ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Yuklatilgan vazifalarni faol va vijdonan bajargan hamda ijobiy natijalarga erishgan jamoat tarbiyachilari Komissiyaning taqdimnomasiga asosan tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha miqdorda bitta voyaga yetmagan shaxs uchun bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi, shuningdek, unga nisbatan boshqa rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishi mumkin.
Tuman (shahar) bo‘yicha pul mukofotining yillik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq bo‘lmasligi kerak.
22. Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachisi biriktirilganligi ota-onalar yoki boshqa qonuniy vakillarni voyaga yetmagan bolani tarbiyalash va uning xatti-harakatlari uchun javobgarlikdan ozod etmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/339/0516-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)