Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sirdaryo viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishning yangi modeli — Guliston tibbiyot klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Sirdaryo viloyati aholisiga yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatish hamda davlat tibbiyot tashkilotlari boshqaruvi tizimini muvofiqlashtirish orqali koʻrsatilayotgan xizmat sifatini yaxshilash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4890-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4890-son qaroriga muvofiq:
a) Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini (keyingi oʻrinlarda — tajriba-sinov loyihasi) amalga oshirish;
b) tajriba-sinov loyihasi doirasida:
har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi (keyingi oʻrinlarda — kafolatlangan paket) ishlab chiqilishi;
kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda koʻrsatilishi;
aholining sogʻligʻi bilan bogʻliq koʻrsatkichlar monitoringini olib borish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yoʻnaltirish yagona elektron platforma orqali amalga oshirilishi;
kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va toʻliq tibbiy yordam koʻrsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishi;
v) Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) hamda uning Kuzatuv kengashi tuzilganligi va ushbu Kuzatuv kengashi kafolatlangan paket uchun toʻlovlarni natijaga asoslangan moliyalashtirish (davolangan holat, bajarilgan ishlar natijalari va boshqalar) tartibini tasdiqlashi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida viloyat darajasidagi samarasiz faoliyat yuritayotgan boʻgʻinlarni qisqartirish, qayta moslashtirish va boshqaruv xarajatlarini yanada maqbullashtirish orqali Guliston tibbiyot klasteri 2021-yil 1-iyuldan tashkil etilsin.
3. Quyidagilar Guliston tibbiyot klasterining (keyingi oʻrinlarda — Klaster) asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
xalqaro tajribani qoʻllagan holda viloyatda tibbiyot sohasida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, bemorlarni tekshirish, ularga yuqori malakali tibbiy-konsultativ yordam koʻrsatishda xalqaro standartlarni joriy etish;
tibbiyot xodimlarini va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda qatnashish, shuningdek, ilmiy izlanishlar olib borish, tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda faol qatnashish va sugʻurta mexanizmlarini amaliyotga joriy etish yuzasidan ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqish;
bemorlarga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan klinik standartlarga muvofiq yuqori malakali ixtisoslashtirilgan statsionar yordam koʻrsatish;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari mutaxassislariga konsultativ va tashkiliy-metodik yordam koʻrsatish;
tibbiyot tashkilotlarida davolash-profilaktika jarayoni sifatini ekspertizadan oʻtkazish;
aholining umumiy kasallanishi va oʻlimiga olib keluvchi holatlarni tahlilini amalga oshirish, shu jumladan, mehnat qobiliyatini yoʻqotishga hamda nogironlikka olib keluvchi omillarni bartaraf etish yuzasidan maqsadli choralar koʻrish;
tibbiy yordamni rivojlantirish maqsadli dasturlarini shartnoma asosida ishlab chiqish va amalga oshirish.
4. Belgilansinki:
a) Klaster:
Sirdaryo viloyat Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi;
Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filiali;
Sirdaryo viloyat Endokrinologiya dispanseri;
Sirdaryo viloyat Koʻz kasalliklar shifoxonasi;
Sirdaryo viloyat Tibbiy diagnostika markazi;
Sirdaryo viloyati Urush va mehnat faxriylari shifoxonalari negizida tashkil etiladi.
Bunda Klaster:
faoliyati yoʻlga qoʻyilishida erishilgan ijobiy natijalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) bosqichma-bosqich Sirdaryo viloyati davlat tibbiyot tashkilotlarini Klaster tarkibiga kiritish huquqiga ega hisoblanadi;
ushbu kichik bandda nazarda tutilgan tibbiyot tashkilotlarining barcha huquq va majburiyatlari, shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan, davlat tibbiyot tashkiloti hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blanklarga, mustaqil balansga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;
b) Klasterda aholiga tibbiy xizmatlar:
Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan kafolatlangan paket doirasida bepul;
kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda koʻrsatiladi;
v) Klaster faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4890-son qarori bilan tashkil etilgan Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan “har bir davolangan holat uchun” moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom asosida moliyalashtiriladi;
g) Klasterga Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan Sirdaryo viloyati hokimligi hamda Vazirlik bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
d) Klaster tibbiy xizmatlar koʻrsatishdan va boshqa xizmatlardan tushgan daromadlar doirasida:
mustaqil ravishda bemor oʻrinlari fondini shakllantiradi;
Klaster daromadlari va xarajatlari smetasini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
Klaster xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
shtat jadvalini tasdiqlaydi va lavozim maoshining bazaviy miqdoridan kelib chiqib lavozim maoshlarini, shuningdek, miqdori cheklanmaydigan ustama va qoʻshimcha haqlarni belgilaydi.
Bunda Klaster Vazirlik, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Klaster uchun tavsiyaviy shtat jadvaliga muvofiq shtat jadvalini tasdiqlaydi;
e) Klasterning faoliyati:
kafolatlangan paket doirasida Jamgʻarma tomonidan xarid qilinadigan tibbiy xizmatlardan tushadigan mablagʻlar;
pullik asosida amalga oshirilgan va koʻrsatilgan tibbiy xizmatlardan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya va xorijiy hukumat tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 — 2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4936-son qarori bilan Sirdaryo viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi va Guliston tibbiyot klasteri joylashtiriladigan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish ishlari uchun mos ravishda 9,5 mlrd soʻm va 10,0 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻ ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Sirdaryo viloyati hokimligi va Vazirlik:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda Klasterning asosiy faoliyat yoʻnalishlarini inobatga olgan holda Sirdaryo viloyati, Guliston shahar, Obod yurt mahallasi, Ibn Sino koʻchasi, 15 va 16-uy manzillarida joylashgan bino va inshootlarni Klasterga moslashtirish yuzasidan rekonstruksiya qilishga doir loyiha-smeta hujjatlari oʻn kun muddatda ishlab chiqilishini;
2022-yil yakuniga qadar Klaster Sirdaryo viloyati, Guliston shahar, Obod yurt mahallasi, Ibn Sino koʻchasi, 15 va 16-uy manzillaridagi bino va inshootlarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Vazirlikning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq bir oy muddatda belgilangan tartibda Vazirlik, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi, Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari hamda Klaster oʻrtasida oʻzaro bogʻlanish uchun aloqa kanallari tashkil etilishini hamda mahalliy budjetdan xarajatlar qoplangan holda ular yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
7. Vazirlik:
Klasterga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida” 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoni bilan tashkil etilgan Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish boʻyicha ishchi guruh bilan birgalikda malakali mutaxassislarni, shu jumladan, direktor lavozimiga rahbar xodimni jalb qilish choralarini koʻrsin;
bir oy muddatda Klaster ustavini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Klasterda mavjud tibbiy texnika va inventarlarni bir oy muddatda toʻliq xatlovdan oʻtkazgan holda Klaster faoliyatini toʻliq taʼminlash maqsadida qoʻshimcha zarur boʻlgan jihozlar budjet mablagʻlari hamda xalqaro moliya tashkilotlarining grant va kreditlari hisobidan yetkazib berilishini taʼminlasin;
Sirdaryo viloyati hokimligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda Klaster tashkil etilishi munosabati bilan tibbiyot tashkilotlaridan boʻshaydigan bino va inshootlardan maqsadli foydalanish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-may,
318-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2021-y., 09/21/318/0482-son)