O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
Koronavirus pandemiyasi sharoitida fuqaro aviatsiyasi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, sohada transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, aviatsiya xizmatlarini yanada diversifikatsiya qilish, aholiga ularning narx va sifat jihatidan ommabopligini ta’minlash maqsadida:
1. 2021-2022-yillarda “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Moliya vazirligi, Transport vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar xalqaro aeroportlarning ijro etuvchi organi vakolatlarini, istisno tariqasida, shartnoma asosida “Uzbekistan Airports” AJga berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJ va xalqaro aeroportlarning ijro etuvchi organlari o‘rtasida xalqaro aeroportlarni haq evaziga boshqarish to‘g‘risidagi shartnomalarning tuzilishini va ichki hujjatlarga zarur o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlasin. Bunda, boshqaruvchining quyidagi asosiy vazifalari nazarda tutilsin:
aeroportlarni rivojlantirish yagona strategiyasi va korporativ siyosatni amalga oshirish, aeroportlar faoliyatiga metodologik rahbarlik qilish;
moliyaviy oqimlarni jamlash, pul mablag‘laridan samarali foydalanish, tannarxni pasaytirish va sof foydani tasarruf etish hamda xaridlarni markazlashtirilgan holda amalga oshirish;
xalqaro aeroportlarning ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish tartibini (vakolatlar chegaralarini) “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan belgilash.
3. Belgilansinki, “Uzbekistan Airports” AJ va uning tarkibidagi xalqaro aeroportlar 2021-yil 1-maydan 3 yil muddatga yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulk solig‘ining belgilangan stavkasi 50 foizgacha kamaytiriladi.
4. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov) uch oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJ tarkibidagi xalqaro aeroportlar bilan davlat mulki hisoblangan aerodromlar infratuzilmasidan beg‘araz foydalanish to‘g‘risida shartnomalar tuzsin. Bunda, shartnomalarda aerodrom infratuzilmasini saqlash, kapital va joriy ta’mirlash shartlari nazarda tutilsin.
Tasarruf etish huquqisiz berilgan mol-mulk aeroport aktivlaridan ajratilgan holda, balansdan tashqari aks ettirilishi hamda mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha soliq bazasiga kiritilmasligi, shuningdek, amortizatsiya ajratmalari hisoblanmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Aeroportlarning aerodrom komplekslarini qurish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari Davlat budjeti hisobidan amalga oshirilishi, shuningdek, Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, ushbu ishlarga sarflangan “Uzbekistan Airports” AJning mablag‘lari Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilinishi belgilansin.
5. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda “Uzbekistan Airways” AJga ajratilgan 40 mln AQSH dollari miqdoridagi foizsiz budjet ssudasi mablag‘larining 2022-yil 10-maydan boshlab qaytarilishini ko‘zda tutgan holda, uni qaytarish muddatini 2024-yil 10-fevralga qadar uzaytirsin.
6. “O‘zmilliybank” AJ (A.K. Mirsoatov), Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (Sh.A. Vafayev) bir oy muddatda “Uzbekistan airways” AJning mos ravishda 895 mlrd so‘m va 77,73 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan kreditlarni qoplash grafiklarini, 2021 — 2023-yil uchun qarzdorlik (asosiy qarz va foiz) to‘lovlarini to‘xtatgan holda, qayta ko‘rib chiqsin.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) qarorning mazkur bandi talablaridan kelib chiqib, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan kredit majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va “O‘zmilliybank” AJga berilgan davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin.
7. “Uzbekistan Airways” AJ (I.R. Maxkamov) 3-ilovaga muvofiq havo kemalarini o‘rnatilgan tartibda ochiq savdolar orqali sohada bevosita faoliyat yuritayotgan korxonalarga sotish choralarini ko‘rsin.
8. Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning aerovokzal, temir yo‘l va avtobus vokzallarida (keyingi o‘rinlarda — vokzallar) yo‘lovchi hamda tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy talablar asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, kirib-chiqishni soddalashtirish, zarur sharoitlar yaratish hamda vokzallar va ularga tegishli hududda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida, quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
vokzallar binolariga tashrif buyuruvchilarning xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda kirib-chiqishlariga ruxsat berish;
vokzallar va ularga tegishli hududlarda umumiy ovqatlanish joylarini tashkil etish, chakana savdo hamda xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etishga ruxsat berish tartibini soddalashtirish;
xalqaro aeroportlar hududida barcha turdagi yo‘lovchi avtotransport vositalariga aeroportlarning estakadasidan foydalanishga ruxsat berish;
vokzallarning asosiy tekshiruv punktlarini kirish joylaridagi birlamchi nazorat-tekshiruv postlari bilan birlashtirish.
Davlat xavfsizlik xizmati (A.A. Azizov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov), Milliy gvardiya (R.M. Djurayev), Transport vazirligi (I.R. Maxkamov):
uch oy muddatda mutasaddi idoralar vakillaridan iborat tarkibda Respublika komissiyasini tuzgan holda, vokzallar binolari va ularga tegishli hududlarda xavfsizlikni ta’minlash tartiblarini ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
vokzallar binolari va ularga tegishli hududlarda xavfsizlikni ta’minlashning zamonaviy texnik nazorat vositalari (transport va shaxsni aniqlash vositalari) va usullari bilan to‘liq ta’minlab borish choralarini ko‘rsin.
Davlat xavfsizlik xizmati (A.A. Azizov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov), Davlat bojxona qo‘mitasi (M.B. Azimov) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bilan birgalikda xalqaro aeroportlarda rekonstruksiya qilish hisobiga aviatsiya xavfsizligi xizmati, chegara, bojxona va boshqa qo‘riqlanuvchi hududlardagi o‘zgarishlarni inobatga olib, talab etiladigan shtat birliklariga o‘rnatilgan tartibda tegishli o‘zgartirishlar kiritib borsin.
9. “Uzbekistan Airways” AJ (I.R. Maxkamov) Davlat bojxona qo‘mitasi (M.B. Azimov) va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda uch oy muddatda Toshkent shahri, Sergeli tumani, Uchuvchilar shaharchasida joylashgan “Uzbekistan Airways Technics” MCHJ hududida (maydoni 39 ga) erkin bojxona zonasini tashkil etsin.
Belgilab qo‘yilsinki, erkin bojxona zonasida:
xalqaro huquqiy va texnik me’yorlarga muvofiq barcha xorijiy havo kemalari va ularning alohida agregatlarini ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin almashtiriladi;
mahalliy aviakompaniyalarning havo kemalarini hamda ularning qism va agregatlarini ta’mirlashga zarur bo‘lgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin bojxona zonasi chegarasidan chiqmagan holda xarid qilinib, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan holda foydalaniladi;
ushbu bojxona zonasiga chetdan keltiriladigan aviatexnika ehtiyot qismlari “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda istisno tariqasida, sertifikatlar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab etilmaydi;
ta’mirlash maqsadida erkin bojxona zonasiga olib kiriladigan havo kemalarining (shu jumladan, ularning qism va agregatlari) kirib-chiqishida bojxona nazorati ularni tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirmagan holda amalga oshiriladi.
Transport vazirligi (I.R. Maxkamov), Davlat bojxona qo‘mitasi (M.B. Azimov), Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.D. Kudbiyev), Markaziy bank (M.B. Nurmuratov) bilan birgalikda uch oy muddatda erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish, havo kemalarini ta’mirlashda foydalanish, ularni tegishli rejimlarga rasmiylashtirish, ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Transport vazirligining Fransiya Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC) bilan birgalikda Toshkent davlat transport universiteti tarkibida Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabini (keyingi o‘rinlarda — Maktab) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qo‘yilsinki:
Maktabda ta’lim faoliyati 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi hamda dastlab qo‘shma ta’lim dasturlari (double degree) asosida “Havo kemalarining parvoz ekspluatatsiyasi” bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash tashkil etiladi;
Maktabda talabalar o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt miqdori Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan kelishilgan holda Toshkent davlat transport universiteti tomonidan belgilanadi;
Maktab bitiruvchilariga Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabining belgilangan namunadagi diplomi beriladi va u O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladi.
11. “Uzbekistan Airports” AJ va uning tarkibiga kiruvchi aeroportlar:
o‘z ehtiyojlari uchun maxsus texnologik uskunalar, maxsus transport va axborot-kommunikatsiya mahsulotlarini yetkazib berish haqidagi import kontraktlarini “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan o‘tkazgan hamda kontrakt tuzilganligi to‘g‘risidagi axborotni maxsus axborot portaliga joylashtirgan holda, ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olish yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzishga;
fuqaro aviatsiyasi obyektlarida ish tajribasiga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy loyiha tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi hududida “Uzbekistan Airports” AJ tarkibidagi xalqaro aeroportlar va “O‘zaeronavigatsiya markazi” DUK tomonidan chet el aviakompaniyalariga xizmat ko‘rsatish (eksport) bilan bog‘liq operatsiyalarni, narxlarni xorijiy valyutada belgilagan holda, shuningdek, tashqi savdo shartnomalar tuzmasdan va ular bo‘yicha ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan amalga oshirilishiga ruxsat berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Davlat soliq qo‘mitasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 79-uyda joylashgan Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasining bino va inshootlari baholangan qiymatda “Uzbekistan Airports” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish hisobiga jamiyatga berilishini ta’minlasin.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-oktabrdagi PF-234-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.10.2022-y., 06/22/234/0935-son)
14. Transport vazirligi (I.R. Maxkamov):
“Uzbekistan Airports” AJ (R.F. Djurayeva), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxo‘jayev) bilan birgalikda ikki oy muddatda 2030-yilgacha mo‘ljallangan aerodrom komplekslarini rivojlantirish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov, transport vaziri I.R. Maxkamov va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini har oy muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-aprel,
PQ-5100-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-son qaroriga
1-ILOVA
“Uzbekistan Airways” AJda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha
YO‘L XARITASI

T/r

Chora-tadbirlar

Amalga oshirish mexanizmi

Bajarish muddati

Mas’ul ijrochilar

I. Aviakompaniya faoliyatini yanada takomillashtirish choralari

1.

Aviakompaniya faoliyatini takomillashtirish.

1. Aviakompaniyaning 2019-2020-yillardagi moliyaviy hisobotlarini xalqaro moliyaviy hisobot standartlari asosida tayyorlash;

2. Aviakompaniya moliyaviy auditini o‘tkazish uchun tender (yoki tanlov) asosida katta to‘rtlik (“big four”) tashkilotlaridan birini tanlash;

3. Aviakompaniyaning Kuzatuv kengashi va ijroiya organiga malakali chet el mutaxassislarini jalb qilish;

4. Jahon banki bilan birga aviakompaniyaning biznes rejasini ishlab chiqish ishlarini yakunlash;

5. Xalqaro kredit reytinglarini olish.

2021-yil may


2021-yil may


2021-yil avgust


2021-yil iyun


2022-yil noyabr

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov),

Moliya vazirligi (Nasritdinxojayev),

Transport vazirligi (Maxkamov)

2.

Aviakompaniya yangi tarkibiy tuzilmasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

1. Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda aviakompaniyaning xalqaro standartlarga to‘g‘ri keladigan yangi ijroiya tuzilmasini ishlab chiqish;

2. Ishlab chiqilgan ijroiya tuzilmasiga muvofiq ish o‘rinlarini optimizatsiya qilish.

2021-yil iyun


2021-yil avgust

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov)

3.

Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan aviatsiya sohasiga tegishli tovarlar, shuningdek, xorijiy kompaniyalar tomonidan bajariladigan xizmatlar importiga ruxsat berish masalasini ko‘rib chiqish.

1. Import qilinayotgan aviatexnika tovarlarining nomlanishi va TIF TN kodlarini qayta ko‘rib chiqish;

2. O‘zbekiston Respublikasida aviatexnika tovarlari ishlab chiqarilmasligini inobatga olib, TIF TN kodi iste’mol tovarlariga mos keladigan aviatexnika tovarlarini davlat xaridlari asosida import qilishga o‘rnatilgan taqiqlar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

3. O‘rganish natijasida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-yanvardagi 41-son qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritish.

2021-yil may


2021-yil iyun




2021-yil iyul

“Uzbekistan Airways” AJ (Maxkamov),

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (Norqulov),

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Voitov),

Davlat bojxona qo‘mitasi (Azimov)

4.

O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlarida majburiy sertifikatlash va standartlashtirishga tegishli tovarlar ro‘yxatidan “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan import qilinadigan xalqaro sertifikatlarga ega aviatexnika tovarlarini chiqarish.

1. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-yanvardagi 43-sonli qaroriga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qaror loyihasini tayyorlash;

2. Qaror loyihasini mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishish;

3. Qaror loyihasini o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2021-yil may


2021-yil iyun

2021-yil iyul

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov),

“O‘zstandart” agentligi (Sattarov)

II. Aviakompaniyaning xarajatlarini qisqartirish va daromadlarini oshirish tadbirlari

5.

Aviakompaniya xarajatlarni qisqartirish.

1. Aviakompaniyaning xorijdagi samarasiz faoliyat yuritayotgan vakolatxonalarini yopish;

2. Norentabel yo‘nalishlardagi aviaqatnovlarni bekor qilish;

3. Aviachiptalarni sotish bo‘yicha Bosh agentlar bilan shartnomalarni bekor qilish;

4. Aviachiptalarni xorijda sotish bo‘yicha agentlar (IATA) komissiyasi
miqdorini tushirish;

5. Aviayoqilg‘i moylash materiallarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirish.

2021-yil iyun


2021-yil may

2021-yil iyun


2021-yil iyun


2021-yil davomida

“Uzbekistan Airways” AJ (Maxkamov)

6.

Aviakompaniya daromadlarni oshirish.

1. Rossiyaga amalga oshirilayotgan aviaqatnovlarda har ikki tomonga yo‘lovchi tashishni to‘la tiklash;

2. “Umra-2021” va “Haj-2021” mavsumida ziyorat aviaqatnovlarini tiklash bo‘yicha muzokaralar olib borish va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning buyurtmasiga asosan parvozlarni amalga oshirish;

3. Vaqtinchalik mehnat faoliyatni amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolar uchun iqtisodiy (ekonom) klass aviachipta narxlariga 20 % miqdoridagi chegirmani bekor qilish;

4. Ilg‘or xorijiy aviakompaniyalar bilan birga yo‘lovchilarni o‘zaro tashish shartnomalarini (Code Share, Interline) tuzish orqali yo‘lovchi tashish hajmini oshirish;

5. Yangi yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam parvozlarni tashkil qilish;

6. Charter aviaqatnovlar sonini oshirish.

2021-yil davomida


2021-yil davomida



2021-yil iyun



doimiy



2021-yil davomida

2021-yil davomida

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov),

Transport vazirligi (Maxkamov),

Tashqi ishlar vazirligi (Kamilov),

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (Xusanov),

Din ishlari qo‘mitasi (Toshboyev)

7.

Import shartnomalarining hisob-kitobi ro‘yxatini yuritish tizimini takomillashtirish.

1. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 283-son qaroriga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash;

2. Qaror loyihasini mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishish;

3. Qaror loyihasini o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2021-yil iyun


2021-yil iyul

2021-yil avgust

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov),

Davlat soliq qo‘mitasi (Kudbiyev),

Markaziy bank (Nurmuratov)

III. Aviakompaniya havo kemalari parkini optimizatsiya qilish

8.

“Uzbekistan Airways” AJning havo kemalari parkini unifikatsiya qilish.

1. Yangi oltinchi Boing-787 havo kemasini qabul qilish;

2. Boing-757-200 (3 ta) havo kemalarini lizing beruvchiga qaytarish;

3. Boing-767 (2 ta) va Boing-757 (2 ta) havo kemalarini sotish;

4. A-321neo LR (2 ta) havo kemalarini ijaraga olish;

5. A-321neo (3 ta) havo kemalarini ijaraga olish.

2021-yil may

2021-yil oktabr

2021-yil dekabr

2021-yil dekabr

2022-yil davomida

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov)

9.

“Uzbekistan Nelicopters” MCHJ havo kemalari parkini modernizatsiya qilish.

1. Mi-8 vertolyotlarini o‘rnatilgan tartibda sotuvga qo‘yish;

2. Ikkita “N125” Airbus rusumli vertolyotlarini xarid qilish;

3. Ikkita “N130” Airbus rusumli vertolyotlarini xarid qilish.

2021-yil may

2021-yil iyun

2021-yil noyabr

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov),

“Uzbekistan Nelicopters” MCHJ (Safiullin)

10.

Yuk tashuvchi havo kemalari sonini to‘rttaga yetkazish.

1. 2 ta Boing-767 yo‘lovchi havo kemasini yuk tashishga moslashtirish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish;

2. Eng yaxshi taklif bergan kompaniya bilan shartnoma tuzish;

3. Havo kemalarini yuk tashish turiga konvertatsiya qilish.

2021-yil may


2021-yil sentabr

2022-yil davomida

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov)

IV. “Uzbekistan airways” AJ tarkibidagi korxonalar faoliyatini rivojlantirish

11.

“Uzbekistan airways technics” MCHJda xorijiy aviakompaniyalarning havo kemalariga sifatli va tezkor texnik xizmat ko‘rsatish hamda xizmatlar hajmini oshirish.

1. “Uzbekistan Airways Technics” MCHJ hududida erkin bojxona zonasini tashkil etish;

2. Xorijiy aviakompaniyalar havo kemalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun jalb qilish;

3. Bozor talablaridan kelib chiqqan holda yangi xizmat turlarini o‘zlashtirish.

2021-yil avgust


yil davomida


yil davomida

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov),

Davlat bojxona qo‘mitasi (Azimov)

12.

“Ketring” MCHJ faoliyatini rivojlantirish.

1. Ilg‘or xorijiy ketring kompaniyalari (Do&Co, Dnata, Gate Gourmet va h.k.) bilan hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish;

2. Eng yaxshi taklif bergan kompaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

3. Xorijiy kompaniya bilan hamkorlikda bort taomlari ishlab chiqarishni tashkil etish.

2021-yil avgust


2021-yil oktabr

2022-yil davomida

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov)

V. Aviakompaniya faoliyatini raqamlashtirish

13.

Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, tijorat va ishlab chiqarish tizimini (PSS) joriy etish.

1. PSS tizimi bo‘yicha eng yirik global provayderlardan biri bo‘lgan “Amadeus” kompaniyasi bilan shartnoma tuzish;

2. Biznes jarayonlarni xatlovdan o‘tkazib, yangi tizimga moslashtirish;

3. Mavjud barcha interlayn va “Code share” almashinuvlar bo‘yicha linklarga, parvozlar amalga oshiriladigan aeroportlarda ro‘yxatdan o‘tishning yangi tizimiga ulanish;

4. Eski PSS-dan texnik migratsiya qilish;

5. Yangi tizimni ishga tushirish.

2021-yil aprel


2021-yil may

2021-yil oktabr



2021-yil noyabr

2021-yil dekabr

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov)

14.

“Uzbekistan Airways” AJning asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyat turlarini kamaytirish.

1. Aeroport hududida yo‘lovchilarga bojsiz tovarlar sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi (Duty Free) “Central Asia Megastar” MCHJdagi “Uzbekistan Airways” AJning 23,3 % ulushini “Uzbekistan Airports” AJga o‘tkazish bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taklif kiritish;

2. “Central Asia Megastar” MCHJdagi “Uzbekistan Airways” AJning ulushini “Uzbekistan Airports” AJga o‘tkazishni o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirish.

2021-yil may




2021-yil iyun

“Uzbekistan Airways” AJ (Maxkamov),

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva),

Moliya vazirligi (Nasritdinxojayev)

15.

Mijozlar bilan ishlashni tizimli boshqarish dasturini joriy etish.

1. Ilg‘or xorijiy IT kompaniyalari bilan CRM (Customer Relationship Management) dasturiy ta’minot masalasida muzokaralar o‘tkazish;

2. Eng yaxshi taklif bergan kompaniya bilan shartnoma imzolash;

3. Yangi dasturni joriy etish.

2021-yil dekabr

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov)

16.

Aviakompaniya daromadlarini hisobga olish va boshqarishning yangi tizimini joriy etish.

1. Revenue Accounting dasturini joriy etish bo‘yicha “Amadeus” kompaniyasini jalb qilish;

2. Yangi dasturni joriy etish.

2021-yil iyun


2022-yil yanvar

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov)

17.

Aviakompaniyaning barcha resurslarini hisobga olish, rejalashtirish va boshqarish bo‘yicha yangi ERP (Enterprise Resource Planning) dasturiy tizimini joriy etish.

1. Ilg‘or xorijiy IT kompaniyalari bilan kerakli dasturiy ta’minot masalasida muzokaralar o‘tkazish;

2. Eng yaxshi taklif bergan kompaniya bilan shartnoma imzolash;

3. Yangi dasturni joriy etish.

2021-yil may


2021-yil avgust

2022-yil davomida

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov)

VI. Aviakompaniya faoliyati samaradorligini oshirish va yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratish

18.

Aholi mobilligi va yo‘lovchi tashish hajmini oshirish.

1. “Uzbekistan Airways” AJ faoliyatini “gibrid” biznes modeli (full service carrier + LCC) asosida yo‘lga qo‘yish;

2. A-320 (4 ta) havo kemalarini to‘liq iqtisod klassga (full econom) o‘tkazish;

3. “Uzbekistan Airways” AJ tarkibida “Loukost” aviakompaniyasini tashkil etish;

4. Parvozlarni amalga oshirish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish.

2021-yil iyun


2021-yil noyabr

2022-yil yanvar


2022-yil yanvar

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov),

“O‘zaviatsiya” agentligi (Uljayev)

19.

Yo‘lovchilarning qo‘l yuki va bagajlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish.

1. Amaldagi me’yoriy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish va qayta ko‘rib chiqish;

2. Hujjatlarga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish yuzasidan tegishli hujjat loyihasini tayyorlash;

3. Hujjat loyihasini mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishish va tasdiqlash uchun kiritish.

2021-yil iyun

2021-yil avgust


2021-yil sentabr

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov),

Transport vazirligi (Maxkamov),

Davlat bojxona qo‘mitasi (Azimov),

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

VII. Kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish

20.

Parvozlarni amalga oshirish vazifasi bilan bog‘liq bo‘lmagan xodimlarni tayyorlash.

1. Xalqaro fuqaro aviatsiya tashkiloti (IKAO) va Xalqaro aviatsiya transporti birlashmasi (IATA) o‘quv kurslariga xodimlarni jo‘natish;

2. O‘quv-mashg‘ulot markazi negizida parvozlar bilan bog‘liq bo‘lmagan xodimlarni tayyorlash kurslarini bosqichma-bosqich tashkil etish.

2021-2022-yillarda


2021-yil davomida

“Uzbekistan Airways” AJ (Xusanov),

Transport vazirligi (Maxkamov)

21.

Fransiya Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan birga Toshkent davlat transport universiteti tarkibida Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlashni yo‘lga qo‘yish.

1. Toshkent davlat transport universitetida Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash bo‘yicha “Havo kemalarining parvoz ekspluatatsiyasi” ta’lim yo‘nalishini ochish va Klassifikatorga kiritish.

2. Ta’lim yo‘nalishi me’yoriy hujjatlarini ishlab chiqish va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlash.

3. Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan talabalar o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt miqdorini kelishish.

4. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash qo‘shma ta’lim dasturlari (double degree) asosida o‘qitish.

2021-yil iyun



2021-yil iyul


2021-yil iyun


2021-yil sentabr

Transport universiteti (Abduraxmonov),

Transport vazirligi (Maxkamov)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-son qaroriga
2-ILOVA
“Uzbekistan Airports” AJda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha
YO‘L XARITASI

T/r

Chora-tadbirlar

Amalga oshirish mexanizmi

Bajarish muddati

Mas’ul ijrochilar

I. O‘zbekiston aeroportlar tarmog‘i boshqaruvini yangi tizim asosida shakllantirish

1.

“Uzbekistan Airports” AJga Boshqaruv kompaniyasi funksiyasini berish

1. “Uzbekistan Airports” AJ va uning tarkibiga kiruvchi xalqaro aeroportlar ustavlariga o‘zgartirishlar kiritish;

2. “Uzbekistan Airports” AJ va uning har bir tarkibiy bo‘linmalarining tarkibiy tuzilmasiga va shtat birligiga o‘zgartirishlar kiritish hamda xodimlar sonini optimallashtirish;

3. Xodimlarga mehnat maoshini yangi rag‘batlantirish tizim asosida to‘lash.

2021-yil iyul


2021-yil iyun



2021-yil iyun

Moliya vazirligi (Ishmetov),

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

2.

Xususiylashtirilmaydigan ko‘chmas va ko‘char mulkni “Uzbekistan Airports” AJni tarkibidagi har bir mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ustav kapitalidan chiqarish.

1. Har bir mas’uliyati cheklangan jamiyatni mol-mulkini xatlovdan o‘tkazish;

2. Har bir mas’uliyati cheklangan jamiyatdagi xususiylashtirilmaydigan mulkni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish va balansdan tashqari hisobga (001) chiqarish;

3. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan aeroportlarning xususiylashtirilmaydigan mulkdan tasarruf etish huquqisiz 49 yilga beg‘araz foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolash;

4. 2030-yilgacha aerodrom komplekslarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;

5. Xususiylashtirilmaydigan mulkni ustav kapitaldan chiqarilgandan so‘ng “Uzbekistan Airports” AJ va uning tarkibiy bo‘linmalarining aktivlarini xatlovdan o‘tkazish.

2021-yil iyul

2021-yil sentabr



2021-yil oktabr



2021-yil iyul


2021-yil sentabr

Moliya vazirligi (Ishmetov),

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Ortiqov),

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

II. Operatsion xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar

3.

Yig‘im va tariflar stavkalari tannarxi tuzilishini optimallashtirish.

1. Har bir asosiy va qo‘shimcha aeroportdagi to‘lovlarni shakllantirish tizimini tahlil qilish va ulardagi oylik maoshi, ijtimoiy soliq, joriy va qo‘shimcha xarajatlarni hisoblash usulini qayta ko‘rib chiqish;

2. Operatsion xarajatlarni yangi usulda shakllantirish va hisoblash maqsadida ichki me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish;

3. Amortizatsiya ajratmalarini, mulk va yer solig‘ini shakllantirish tizimini tahlil qilish;

4. Soliq va amortizatsiya ajratmalarini hisoblash bo‘yicha yangi ichki me’yoriy hujjatlarni joriy etish;

5. Operatsion xarajatlarni yangi usulda shakllantirish, amortizatsiya va soliq ajratmalarini hisoblashni amalga oshirish maqsadida milliy qonunchilikka o‘zgartirish kiritish.

2021-yil iyul



2021-yil avgust


2021-yil iyul


2021-yil avgust


2021-yil sentabr

Moliya vazirligi (Ishmetov),

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

4.

Barcha xarajatli shartnomalar shartlarini qayta ko‘rib chiqib, ularni maqbullashtirish va vositachilardan voz kechish.

1. Barcha shartnomalardagi joriy va boshqa xarajatlar auditini o‘tkazish;

2. Audit yakuni bo‘yicha mavjud kontragentlar bilan muzokara olib borish yoki yangilarni qidirish;

3. “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJning aviayoqilg‘i tannarxini ko‘rib chiqish va ichki bozorga sotiladigan aviayoqilg‘i narxidagi rentabellik darajasini 5 foizdan oshmasligini ta’minlash.

2021-yil iyun

2021-yil sentabr


2021-yil iyun

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva),

Energetika vazirligi (Sultanov),

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (Sharaxmetov)

5.

Amaldagi turli ijtimoiy to‘lovlar tizimidan voz kechish hisobiga mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini ko‘paytirish va mehnatga haq to‘lashning KPI tizimiga asoslangan yangi uslubiga o‘tish.

1. Xodimlar sonini qayta ko‘rib chiqish;

2. “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruv kompaniya va aeroportlar funksiyalarini aniq ajratish. Bunda boshqaruv kompaniyaga — aeroportlarni rivojlantirish, aeroportlarga — operatsion faoliyatni amalga oshirish vazifasi belgilanadi.

2021-yil sentabr

2021-yil sentabr

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

6.

2021-yil yakuniga qadar 11 ta aeroportlar bo‘yicha yagona budjetni va xaridlar rejasini ishlab chiqish.

1. Barcha aeroportlar bo‘yicha xaridlar rejasini tuzish;

2. Barcha aeroportlar bo‘yicha joriy va boshqa xarajatlardan iborat budjet rejasini tuzish.

2021-yil iyul

2021-yil iyul

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

III. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini operatsion faoliyatga va tarmoqni boshqaruviga joriy etish

7.

Barcha aeroportlarda ishlab chiqarishga oid birlamchi ma’lumotni onlayn rejimida olishga va resurslar boshqaruvini optimallashtirishga qaratilgan “Airport Operational Data Base” (AODB) 13 dasturlarni o‘z ichiga olgan tizimni joriy etish.

1. Mazkur tizimni xarid qilish va joriy etish maqsadida texnik shartlarni ishlab chiqish;

2. Tizimni yetkazib beruvchi xorijiy kompaniyalar shartlarini tahlil qilish;

3. Tizimni xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish maqsadida eng maqbul takliflarni saralab olish va tegishli Anglashuv memorandumini imzolash.

2021-yil iyul


2021-yil iyul


2021-yil sentabr

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

8.

“1S: Xoldingni boshqarish” dasturini joriy etib, unga barcha 11 ta aeroportlarni ulagan holda yagona hisobot tizimini joriy etish.

1. Tizimni xarid qilish va joriy etish maqsadida texnik shartlarni ishlab chiqish;

2. Tizimni yetkazib beruvchi xorijiy kompaniyalar shartlarini tahlil qilish;

3. Tizimni xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish maqsadida eng maqbul takliflarni saralab olish va tegishli Anglashuv memorandumini imzolash;

4. Buxgalteriya hisobini yuritish milliy tizim va xalqaro moliya hisobot tizimiga mos ravishda hisob yuritishni joriy etish;

5. Boshqaruv hisobotini yuritishni shakllantirish.

2021-yil iyul


2021-yil sentabr


2021-yil oktabr


2021-yil sentabr


2021-yil dekabr

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

9.

“Uzbekistan Airports” AJ va 11 aeroportlarda “Direktum” elektron hujjat almashinuv dasturini joriy etish va O‘zbekiston davlat elektron tizimlariga integratsiya qilish.

1. Tizimni xarid qilish va joriy etish maqsadida texnik shartlarni ishlab chiqish;

2. Tizimni yetkazib beruvchi xorijiy kompaniyalar shartlarini tahlil qilish;

3. Tizimni xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish maqsadida eng maqbul takliflarni saralab olish va tegishli Anglashuv memorandumini imzolash.

2021-yil iyun


2021-yil iyul


2021-yil avgust

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

V. Daromadlarni oshirishga qaratilgan choralar

10.

Xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish maqsadida asosiy aeroport yig‘imlarini kamaytirish.

1. 50 foizgacha “ziyorat-turizm” dasturi doirasida oshirilayotgan reyslar bo‘yicha;

2. Asosiy xizmat turlari bo‘yicha yig‘im va to‘lovlarni 27 foizgacha kamaytirish;

3. Asosiy xizmat turlari bo‘yicha yig‘im va to‘lovlarni 30 foizgacha qo‘shimcha ravishda kamaytirish;

4. Aeroportlarda xorijiy havo kemalariga yerda xizmat ko‘rsatishga qaratilgan shartnomalarni Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) standartlariga mos ravishda qayta tuzish.

2021-yil iyun


2021-yil iyun


2021-yil dekabr


2021-yil dekabr

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

11.

Havo kemalariga xizmat ko‘rsatish vaqtini 1,5 soatdan 40 daqiqagacha tushirish (Minimum Connecting Time).

1. “Uzbekistan Airports” AJ tarkibida shu’ba xendling kompaniyasini tashkil etish (“Uzbekistan Airports Nandling”)

2. Aeroportlar uchun yagona axborot markazini (call-center) yaratish;

3. “Uzbekistan Airports” AJ tarkibida “Uzbekistan Airports Cargo” shu’ba yuk tashuvlarini rivojlantirish kompaniyasini tashkil etish.

2021-yil oktabr


2021-yil oktabr

2021-yil oktabr

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

VI. Aeroportlar infratuzilmasini 2030-yilgacha rivojlantirish Strategiyasi

12.

“ARC” (Germaniya) kompaniyasi bilan aeroportlarni 2030-yilgacha rivojlantirish Strategiyasini ishlab chiqish.

1. Barcha 11 ta aeroportlar bo‘yicha investitsiya hajmlarini va moliyaviy manbalarni asoslantirish;

2. “Milliy bank” AJ imtiyozli kredit mablag‘larini jalb qilish;

3. “Air Marakanda” MCHJ bilan Samarqand aeroportining aerovokzal va vokzal oldi kompleksini davlat sheriklik asosida ishlatish maqsadida konsessiya shartnomasini imzolash.

2021-yil oktabr


2021-yil iyul

2021-yil avgust

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

VII. Infratuzilma loyihalarini amalga oshirish

13.

“Samarqand” aeroportida

“Samarqand” aeroporti yangi aerodrom kompleksini qurish va uni foydalanishga topshirish

2021-yil oktabr

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

14.

“Termiz” aeroportida

1. Uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish ishlarini yakunlash;

2. Yoqilg‘i quyish kompleksining to‘kish stansiyasi quvurlarini almashtirish;

3. Yuk terminalini qurish.

2021-2022-yillar

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

15.

“Buxoro” aeroportida

1. Uchib kelish terminalini qayta ta’mirlash;

2. VIP turargoh perronini kengaytirish.

2021-2022-yillar

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

16.

“Navoiy” aeroportida

1. Yangi yoqilg‘i quyish kompleksini ishga tushirish;

2. Xorijiy yuk aviakompaniya (operator)ni jalb qilish.

2021-yil

2021-yil

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

17.

“Qarshi” aeroportida

1. Yoqilg‘i quyish kompleksining to‘kish stansiyasi quvurlarini almashtirish;

2. Aerovokzal kompleksini qayta ta’mirlash.

2021-yil

2021-yil

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

18.

“Andijon” aeroportida

1. Aerodrom kompleksini qayta ta’mirlash;

2. Yoritish-signal uskunasini yangilash.

2022-yil

2021-yil

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

19.

“Farg‘ona” aeroportida

1. Uchish-qo‘nish yo‘lagini qayta ta’mirlash (Mudofaa vazirligi balansida);

2. Yoritish-signal uskunasini yangilash.

2021-2022-yillar

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

20.

“Urganch” aeroportida

1. Uchish-qo‘nish yo‘lagini va perron qismini qayta ta’mirlash;

2. Ketring xizmatini davlat-xususiy sheriklik asosida ishlatish.

2021-yil

2021-yil

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

21.

“Nukus” aeroportida

Beshta aerodrom xizmatlari uchun ma’muriy binolar qo‘rish.

2021-yil

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

22.

Barcha aeroportlar bo‘yicha avtomaxsustexnika va texnologik uskunalarni modernizatsiya qilish

1. Avtomaxsustexnikaning mavjud parki holatini inventarizatsiya qilish;

2. Xarid qilish va ekspluatatsiyani boshlash uchun texnik topshiriq ishlab chiqish;

3. Yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazish.

2021-2025-yillar

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

VII. “Toshkent” aeroporti bo‘yicha ustuvor loyihalarni amalga oshirish

23.

O‘tkazish qobiliyatini tig‘iz vaqtda 1200 nafar yo‘lovchigacha oshirishni hisobga olgan holda aeroport xalqaro terminali binosini va vokzaloldi hududini rekonstruksiya qilish.

1. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash;

2. Qurilish-pudrat tashkilotlarini aniqlash, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida ishlab chiqaruvchi zavodlar yoki ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlar) bilan vakolatli organlarda ekspertiza o‘tkazgan holda shartnoma tuzish;

3. Qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarini amalga oshirish;

4. Ekspluatatsiyaga topshirish.

I bosqich — 2021-yil avgust


II bosqich — 2022-yil may

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

24.

Aeroport hududida 7500 m2yuk terminalini qurish va sun’iy uchish-qo‘nish yo‘lagi (SUQY-1), samolyotni yerda boshqarish yo‘lagi va perronini kapital ta’mirlash.

1. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash;

2. Qurilish-pudrat tashkilotlarini aniqlash, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida ishlab chiqaruvchi zavodlar yoki ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlar) bilan vakolatli organlarda ekspertiza o‘tkazgan holda shartnoma tuzish;

3. Qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarini amalga oshirish;

4. Ekspluatatsiyaga topshirish.

2021-yil dekabr

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

25.

Harbiylashgan tuzilmalar uchun ma’muriy bino va aeroport qo‘riqlash xizmati bo‘linmalari uchun kazarma, shuningdek, aeroport situatsion markazini qurish.

1. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash;

2. Qurilish-pudrat tashkilotlarini aniqlash, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida ishlab chiqaruvchi zavodlar yoki ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlar) bilan vakolatli organlarda ekspertiza o‘tkazgan holda shartnoma tuzish;

3. Qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarini amalga oshirish;

4. Ekspluatatsiyaga topshirish.

2022-yil aprel

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva)

26.

Aeroport aerovokzal majmuasining o‘tkazish qobiliyati oshirilishini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi DXXning Aviatsiya xavfsizligi yuzasidan tekshirish xizmati, O‘zbekiston Respublikasi DXX DCHQQ Chegara nazorati divizioni va O‘zbekiston Respublikasi DBQ “Toshkent-Aero” IBM shtat bo‘yicha xodimlari sonini ko‘paytirish.

1. Taklif ishlab chiqish va Xavfsizlik kengashiga kiritish;

2. Xodimlar zarur miqdorini o‘zgartirishni aniqlash uchun joriy ishlar holatini o‘rganish;

3. Tasdiqlashga kiritish uchun so‘nggi taklifni tayyorlash.

2021-2022-yillar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi,

Davlat xavfsizlik xizmati (Azizov),

Davlat bojxona qo‘mitasi (Azimov)

27.

Aeroportning noaviatsiya xizmatlaridan tushadigan daromadlarini oshirish.

1. Xalqaro terminalning kutish zalida tijorat maydonini kengaytirish;

2. Tijorat maydoni ijarachilari bilan barcha shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish;

3. Jahon tarmoq kompaniyalarini taklif etish;

4. “Toshkent-2” xalqaro terminali va “Toshkent-3” mahalliy qatnovlar terminalining umumiy hisobda 7,13 gektarga teng bo‘lgan vokzaloldi maydoni yer uchastkalarini Toshkent shahar hokimligi balansidan aeroport balansiga o‘tkazish.

I bosqich — 2021-yil avgust

II bosqich — 2022-yil may

2021-yil iyun

“Uzbekistan Airports” AJ (Djurayeva),

Toshkent shahar hokimligi (Ortiqxo‘jayev)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-son qaroriga
3-ILOVA
“Uzbekistan Airways” AJning sotuvga taklif qilinayotgan havo kemalari va trenajyor majmuasi
RO‘YXATI

T/r

Havo kemasi turi

Bort raqami

Ishlab chiqarilgan yili

1.

Boing 757

UK75701

1999-y.

2.

Boing 757

UK75702

1999-y.

3.

Boing 767

UK67007

2003-y.

4.

Boing 767

UK67008

2004-y.

5.

Boing 767

UK67000

2008-y.

6.

Il-76 TD

UK-76821

1982-y.

7.

Il-76 TD

UK-76793

1989-y.

8.

Il-76 TD

UK-76794

1989-y.

9.

Il-76 TD

UK-76427

1991-y.

10.

Il-76 TD

UK-76831

1992-y.

11.

Il-114-100

UK-91102

1999-y.

12.

Il-114-100

UK-91105

2008-y.

13.

Il-114-100

UK-91104

2009-y.

14.

Il-114-100

UK-91106

2009-y.

15.

Il-114-100

UK-91107

2010-y.

16.

Il-114-100

UK-91108

2011-y.

17.

Il-114-100

UK-91109

2013-y.

18.

Il-114-100

Havo kemasining trenajeri

0001

2010-y.

Izoh: Il-76 TD samolyotlari 2022-yil 1-iyulga qadar sotilmagan taqdirda, belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqariladi va utilizatsiya qilinadi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 07/21/5100/0397-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.10.2022-y., 06/22/234/0935-son)