O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining mintaqaviy markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Suv xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, ilg‘or texnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq qilish, respublika hududlarining tuproq-iqlim sharoitlarida sug‘orishning innovatsion va resurslarni tejaydigan texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 8-maydagi PQ-3702-son qarori bilan Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tarkibidan chiqarilganligi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining faoliyatini takomillashtirish va Toshkent arxitektura-qurilish institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 20-iyundagi PQ-3789-son qarori 2-bandiga asosan Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tarkibiga topshirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut) huzurida Buxoro, Namangan, Samarqand va Surxondaryo mintaqaviy markazlari (keyingi o‘rinlarda — mintaqaviy markazlar) tashkil etilsin.
Institutning Qoraqalpog‘iston filiali negizida Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzurida Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi tashkil etilsin. Bunda, Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi Institut Qoraqalpog‘iston filialining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Belgilansinki, mintaqaviy markazlar davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
3. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti mintaqaviy markazlarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar:
a) Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
suv resurslarini boshqarish ulardan samarali va oqilona foydalanish, suv xo‘jaligini rivojlantirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash masalalari muammolarini aniqlash hamda ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlari dasturlarini ishlab chiqish;
suv resurslarini prognozlash va integratsiyalashgan holda boshqarish hamda hisobi va hisobotini yuritish, sug‘orish va sho‘r yuvish normalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini va ishonchli ishlashini ta’minlashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, suv xo‘jaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlarining ilmiy-texnik kuzatuvini amalga oshirish;
suv xo‘jaligi obyektlari va suvni boshqarishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarida suv yo‘qotilishini kamaytirish, ularning foydali ish koeffitsiyentini oshirish, resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash;
suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, ularning samaradorligini oshirishning ilmiy asoslarini takomillashtirish hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini nazorat qilish hamda baholashda raqamli texnologiyalar va geoaxborot tizimini joriy qilish, shuningdek, sho‘r yuvish ishlarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida transchegaraviy suv resurslarini hamkorlikda boshqarishning o‘zaro maqbul mexanizmlari yuzasidan ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
global iqlim o‘zgarishi va Orol dengizi qurishining respublika iqtisodiyoti tarmoqlariga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash;
institut tarkibidagi mintaqaviy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga ilmiy-tadqiqot ishlari dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishda ilmiy-uslubiy ko‘maklar ko‘rsatish;
suv xo‘jaligi sohasi uchun malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish, grantlar asosida tadqiqot ishlarini olib borish, innovatsion takliflar va normativ hujjatlarni amaliyotga joriy qilishni kengaytirish va ularning samaradorligini oshirish;
b) mintaqaviy markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirish bo‘yicha muammolarni tahlil qilish hamda ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlari dasturlarini ishlab chiqish;
suv xo‘jaligi obyektlarini xavfsiz va ishonchli ishlatish, suv resurslari hisobi va hisobotini yuritish, suv xo‘jaligiga raqamli texnologiyalarni joriy qilish, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarni hisobga olib sug‘orish va sho‘r yuvish normalarini takomillashtirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, tavsiyalar, innovatsion takliflar va normativ hujjatlar ishlab chiqish;
ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar, innovatsion takliflar va normativ hujjatlarni amaliyotga tatbiq etish;
ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, ilmiy-texnik yutuqlarni chop etish va targ‘ib qilish.
5. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi:
ikki hafta muddatda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
uch hafta muddatda Institutning tasdiqlangan ustavidan kelib chiqib, mintaqaviy markazlarning ustavlari tasdiqlanishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni yanada rivojlantirish to‘g‘risida” 2021-yil 3-fevraldagi PF-6159-son Farmoniga muvofiq 2021-yil 1-fevraldan boshlab Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda uning tizimiga kiruvchi mintaqaviy markazlar, ilmiy-tajriba stansiyalari va uchastkalarining (keyingi o‘rinlarda — ilmiy-tadqiqot muassasalari) bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, ularning xodimlari (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son)
Belgilansinki, Institutning bino va inshootlarini saqlash, xodimlar (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish:
2021-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida idoraviy mansubligiga ko‘ra tegishli vazirliklar va idoralarga ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi;
2022-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
7. Quyidagilar mintaqaviy markazlar faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari bino va inshootlarni saqlash, shuningdek, ularning xodimlari (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq to‘lash;
ilmiy faoliyatga oid dasturlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning grantlari;
respublika ilmiy-tadqiqot loyihalariga ajratilgan grantlar;
xo‘jalik faoliyatidan hamda shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazishdan tushadigan tushumlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Belgilansinki, institut va uning tizimiga kiruvchi mintaqaviy markazlar, ilmiy-tajriba stansiyalari va uchastkalarining xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son)
9. Buxoro, Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mintaqaviy markazlarni zarur bino va inshootlar bilan ta’minlasin hamda ularni ta’mirlash, tashkiliy texnika, mebel va boshqa zarur jihozlar bilan butlash choralarini ko‘rsin.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Buxoro, Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda mintaqaviy markazlar bino va inshootlarini saqlash, xodimlar (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirishni 2022-yil 1-yanvardan boshlab tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti va viloyatlar budjetlari mablag‘lari parametrlarini shakllantirishda nazarda tutsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda mintaqaviy markazlar ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish hamda ularni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlashga tegishli davlat dasturlari doirasida jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlarining grantlarini yo‘naltirish choralarini ko‘rsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligining takliflari asosida 2021-yil 1-maydan boshlab:
suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, suv xo‘jaligi obyektlarining ishonchli va xavfsiz ishlashini ta’minlash, shuningdek, suvni hisobga olish vositalarini takomillashtirishga;
suv resurslarini muhofaza qilishning ekologik talablarini, ularning holatini baholash mezonlarini, yer usti va yer osti suvlari rejimi hamda sifatini samarali boshqarish, hududda ekologik muvozanatni tiklash va saqlash usullarini ishlab chiqishga;
qishloq xo‘jaligi ekinlarining suv iste’molini maqbullashtirish va sug‘orish texnika hamda texnologiyalarining asoslarini yaratishga hamda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini ta’minlash, tuproqning sho‘rlanish darajasini pasaytirish va unumdorligini oshirishga qaratilgan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan amaliy va innovatsion loyihalarni tanlovlar natijalariga ko‘ra moliyalashtirishni ta’minlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev va O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 8-aprel,
191-son
Oldingi tahrirga qarang.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-apreldagi 191-son qaroriga

1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining
TASHKILIY TUZILMASI

Ilmiy kengash

Direktor

Direktorning ilm-fan va ilmiy faoliyat bo‘yicha maslahatchisi

Ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari

Umumiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari

Ilmiy kotib

Suv resurslaridan kompleks foydalanish laboratoriyasi

3

Sug‘orish texnologiyalari va texnikasi laboratoriyasi

3

Suv xo‘jaligi muhandislik markazi *

Axborot-kommunikatsiyalar va innovatsion texnologiyalar bo‘yicha bosh mutaxassis

1

Maxsus hujjatlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis

1

Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot konsalting markazi*

Daryo, kanal va inshootlar gidravlikasi laboratoriyasi

3

Tuproq tadqiqotlari va meliorativ jarayonlar laboratoriyasi

3

Moliya va hisob-kitob bo‘limi

3

Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi

7

Ilmiy kadrlar tayyorlash bo‘yicha bosh mutaxassis

1

Xodimlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis

1

Suv omborlari va ularning xavfsizligi laboratoriyasi

3

Nasos stansiyalaridan foydalanish laboratoriyasi

3

Buxoro mintaqaviy markazi

7

Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bosh mutaxassis

1

Bosh yuriskonsult

1

Irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarini ishlatish laboratoriyasi

3

Namangan mintaqaviy markazi

7

Meliorativ texnika va mexanizmlar laboratoriyasi

3

Devonxona

1

Samarqand mintaqaviy markazi

7

Xalqaro aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassis

1

Suv xo‘jaligi va melioratsiya uchun zamonaviy qurilish materiallari laboratoriyasi

3

Yerlarning meliorativ holatini baholash, samaradorligini oshirish texnika va texnologiyalari laboratoriyasi

3

Xo‘jalik ishlari bo‘limi

1

Surxondaryo mintaqaviy markazi

7

Axborot-resurs bo‘yicha mutaxassis

1

Xorazm mintaqaviy markazi

7

Qashqadaryo mintaqaviy markazi

7

Gidrometriya va metrologiya laboratoriyasi

3

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish laboratoriyasi

3

Suv xo‘jaligida zamonaviy axborot texnologiyalari va suv resurslarini boshqarish laboratoriyasi

3

Kollektor-drenaj tizimlaridan foydalanish laboratoriyasi

3

Gidrotexnika va melioratsiyada gidrodinamika jarayonlarini modellashtirish laboratoriyasi

3

Gidroekologiya va suv resurslarini muhofaza qilish laboratoriyasi

3

Xodimlarning umumiy cheklangan soni — 115 nafar, jumladan, ilmiy xodimlar soni — 46 nafar.
Bajariladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga ilmiy xodimlar shartnoma asosida jalb etiladi.
Ilmiy yordamchi va yordamchi xodimlar soni qonunchilik hujjatlariga muvofiq normativlar bo‘yicha belgilanadi.
* Budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-iyuldagi 482-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2025-y., 09/25/482/0685-son)

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-apreldagi 191-son qaroriga

2-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti mintaqaviy markazlarining
NAMUNAVIY TUZILMASI

Direktor

Buxgalter

1

Irrigatsiya tizimlari va suvni tejaydigan texnologiyalar laboratoriyasi

2

Yerlarning meliorativ holatini baholash, samaradorligini oshirish texnika va texnologiyalari laboratoriyasi

2

Xodimlar va hujjatlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis

1

Jami ilmiy xodimlar va muhandislar — 7 nafar.
Yordamchi xodimlarning soni qonunchilik hujjatlarida belgilangan normalarga asosan aniqlanadi.
Ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun mutaxassislar shartnoma asosida qo‘shimcha ravishda jalb qilinishi mumkin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2021-y., 09/21/191/0307-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2023-y., 09/23/500/0732-son; 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son; 01.08.2025-y., 09/25/482/0685-son)