Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasidagi Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakili faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasidagi Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakili faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining badali (ulushi) sifatida har yili Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan oʻtkazib beriladigan mablagʻlar hisobidan quyidagilar:
Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasining Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi va Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasining Nukus filiali;
Orol dengizi havzasini qutqarish va sogʻlomlashtirish boʻyicha tadbirlar va loyihalar moliyalashtirilishi inobatga olinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
2021-yildan boshlab, Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasidagi Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakili faoliyatini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasining badali (ulushi) sifatida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan har yili oʻtkazib beriladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi;
Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasidagi Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakili mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi elchixonalari maslahatchisi maqomiga tenglashtiriladi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasidagi Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakili faoliyati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi organlarida Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish;
Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi organlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini amalga oshirish;
xalqaro moliya tashkilotlari, donor davlatlar va sohaga oid jamgʻarmalar bilan oʻzaro aloqalarni kengaytirish;
doimiy vakilning faoliyatini tashkil etish va moliyaviy taʼminlash.
4. Mazkur qaror Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasiga raislik jamgʻarmaga aʼzo boshqa davlatlarga oʻtganda, doimiy amal qilishi belgilab qoʻyilsin.
5. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-mart,
149-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-martdagi 149-son qaroriga
ILOVA
Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasidagi Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakili faoliyati toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasidagi Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakili faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
2. Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — OQXJ) Ijroiya qoʻmitasidagi Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakili (keyingi oʻrinlarda — doimiy vakil) OQXJ Ijroiya qoʻmitasining aʼzosi hisoblanadi.
3. Doimiy vakil oʻz ish faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, ushbu Nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlari, shuningdek, Diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi (1961-yil) va OQXJ faoliyatini tartibga soluvchi boshqa hujjatlarga muvofiq amalga oshiradi.
Doimiy vakil OQXJning taʼsischi davlatlarida faoliyat yuritadi.
2-bob. Doimiy vakilning asosiy vazifalari
4. Doimiy vakilning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
OQXJ organlarida Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish;
OQXJ doirasida amalga oshiriladigan koʻp tomonlama xalqaro shartnomalar, loyihalar va dasturlarda Oʻzbekiston Respublikasining samarali ishtirokini taʼminlash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasining manfaatdor vazirlik va idoralari bilan OQXJ organlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini amalga oshirish, ularni OQXJ doirasida oʻtkaziladigan xalqaro majlislar va boshqa rejalashtirilgan tadbirlar uchun tayyorlanadigan tegishli maʼlumotlar bilan taʼminlab borish;
OQXJ doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlarga Oʻzbekiston Respublikasi rasmiylari va delegatsiyalarining tashriflarini tashkil qilish va ularda ishtirok etish;
Orol dengizi havzasi muammolari boʻyicha OQXJ taʼsischi davlatlari rahbarlarining, OQXJ Prezidenti va Boshqaruv Kengashlari qarorlarining amaliy ijrosini taʼminlashda ishtirok etish;
OQXJ doirasida xalqaro shartnomalar va qabul qilinadigan qarorlarni, shuningdek, Orol dengizi havzasi muammolari va qurishi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan loyiha va dasturlarni ishlab chiqish hamda ijro etilishida ishtirok etish;
atrof muhitni muhofaza qilish va ekologik beqaror hududlarni tiklash masalalari boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlarni faollashtirish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlari, donor davlatlar va sohaga oid jamgʻarmalar bilan oʻzaro aloqalarni kengaytirishda ishtirok etish;
OQXJ faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlarni tashkil qilishda ishtirok etish;
OQXJ faoliyatini tartibga solish bilan bogʻliq huquqiy normalar va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshirishda ishtirok etish.
5. Doimiy vakil Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasining davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasi va Barqaror rivojlanish boʻyicha davlatlararo komissiyasi ishlariga koʻmaklashadi.
3-bob. Doimiy vakilning faoliyatini tashkil etish va moliyaviy taʼminlash
6. Doimiy vakil Suv xoʻjaligi vazirligi va Tashqi ishlar vazirligining taklifiga muvofiq belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
7. OQXJning Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi va Nukus filiali Oʻzbekiston Respublikasining badali (ulushi) sifatida har yili Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan oʻtkazib beriladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. OQXJning Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi va OQXJ ijroiya qoʻmitasining Nukus filiali xodimlarining mehnatiga haq toʻlash, ularni mukofotlash va ularga moddiy yordam koʻrsatish quyidagicha amalga oshiriladi:
a) Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda 2024-yil 1-iyuldan boshlab, OQXJning Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi xodimlari uchun — 4 baravar, OQXJ ijroiya qoʻmitasining Nukus filiali xodimlari uchun — 3 baravar oshirilgan koeffitsiyentlar qoʻllaniladi;
b) davlat tashkilotlarida koʻp yillik mehnati uchun ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda lavozim maoshiga quyidagi hajmlarda har oyda ustama toʻlanadi:
1 yildan 5 yilgacha — 0,2;
5 yildan 10 yilgacha — 0,3;
10 yildan 20 yilgacha — 0,4;
20 yildan ortiq — 0,6;
v) bayramlar munosabati bilan yiliga ikki oylik lavozim maoshi miqdorida va har chorak yakuni bilan bir oylik lavozim maoshi miqdorida mukofot pullari hamda yiliga bir oylik lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam toʻlanadi;
g) budjet tashkilotlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash fondining qonunchilikda belgilangan miqdorda moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi qoʻllaniladi;
d) ilmiy darajaga ega xodimlarga 2025-yil 1-yanvardan boshlab, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1030-son qarori bilan tasdiqlangan Ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari tatbiq etiladi.
OQXJning Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi va OQXJ ijroiya qoʻmitasining Nukus filiali xodimlarining mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq barcha xarajatlari va saqlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasining badali (ulushi) sifatida har yili Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan oʻtkazib beriladigan mablagʻlar hisobidan toʻlanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktabrdagi 645-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2024-y., 09/24/645/0795-son)
9. Doimiy vakilning faoliyatini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar OQXJga Oʻzbekiston Respublikasining badali (ulushi) sifatida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan har yili oʻtkazib beriladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
10. OQXJ Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligining har yilgi xarajatlar smetasida doimiy vakilning mehnatiga haq toʻlash, sugʻurta va xizmat safari xarajatlari nazarda tutiladi.
11. Doimiy vakilning mehnatiga haq toʻlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 14-maydagi PQ-4318-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi elchixonasi maslahatchisiga belgilangan miqdordan kelib chiqib qoʻllaniladi.
12. Doimiy vakilning xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlari tegishli hisob-kitoblarga asosan xarajatlar smetasida rejalashtiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
13. Doimiy vakil oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2021-y., 09/21/149/0222-son; 08.10.2024-y., 09/24/645/0795-son)