1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.06.00.00 Bojxona ishi / 10.06.01.00 Umumiy masalalar]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Bojxonaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Bojxona auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli “Bojxona sohasidagi ayrim tartib-taomillarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2026-yil 8-fevraldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2020-yil 5-iyundagi PF-6005-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, bojxona auditini amalga oshirish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2020-yil 5-iyundagi PF-6005-son Farmoniga muvofiq Davlat bojxona qoʻmitasiga bojxona nazorati shakli sifatida tovarlar chiqarib yuborilgandan keyin tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari faoliyatini baholash hamda ularning tovarlar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan keyingi hisobini tekshirishni nazarda tutuvchi bojxona auditini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha vazifa yuklanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
a) kameral bojxona auditi davlat bojxona xizmati organlari tomonidan vakolatli shaxsning ish joyi va (yoki) oʻz faoliyatini amalga oshiradigan hududga bormasdan quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:
bojxona organlari axborot dasturlarining maʼlumotlari tahlili natijasida kameral bojxona auditini oʻtkazish boʻyicha aniqlangan xavf darajalari;
xorijiy davlatlarning tegishli organlaridan olingan maʼlumotlarning bojxona organlaridagi maʼlumotlarga mos kelmasligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 188-moddasida nazarda tutilgan bojxona nazorati shakllari oʻtkazilishi natijalari boʻyicha bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi mumkin deb hisoblanganda;
vakolatli vazirlik va idoralarga soʻrovnomalar yuborish natijasi boʻyicha olingan maʼlumotlarning bojxona organlaridagi maʼlumotlarga muvofiq emasligi;
b) sayyor bojxona auditi davlat bojxona xizmati organlari tomonidan vakolatli shaxsning ish joyi va (yoki) oʻz faoliyatini amalga oshiradigan hududda yoxud tovarlar joylashgan joyda quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:
bojxona organlari axborot dasturlarining maʼlumotlari tahlili natijasida sayyor bojxona auditini oʻtkazish boʻyicha aniqlangan xavf darajalari;
bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi mumkinligini koʻrsatuvchi kameral bojxona auditi natijalariga koʻra sayyor bojxona auditi oʻtkazish zaruriyati vujudga kelganda;
bojxona organlari talabiga asosan belgilangan muddatda xabarnomada koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar va (yoki) maʼlumotlarning taqdim etilmasligi;
kameral bojxona auditi natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnoma yuzasidan vakolatli shaxsning eʼtirozi boʻlgan savollarga aniqlik kiritish zarurati yuzaga kelganda;
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 188-moddasida nazarda tutilgan bojxona nazorati shakllarining oʻtkazilishi natijalari boʻyicha bojxona qonunchilik hujjatlari buzilishi mumkinligi holatiga aniqlik kiritish uchun tovar va transport vositalari saqlanadigan joylarga chiqib, ular boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalarning qonuniyligini oʻrganish va tekshirish zaruriyati yuzaga kelganda;
v) bojxona auditini amalga oshirish vazifasi yuklangan bojxona organi mansabdor shaxslari “Bojxona auditi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik tarzda taqsimlanadi. Bunda sayyor bojxona auditini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan bojxona organi mansabdor shaxslari haqidagi maʼlumotlar sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisida bojxona organi qarori bilan tasdiqlanadi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Bojxona auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat bojxona xizmati organlari tomonidan tovarlarni chiqarishga ruxsat berilgandan soʻng bojxona auditini oʻtkazish tartibi;
bojxona auditi tamoyillari va usullari, audit obyektlarini tanlash usullari va mexanizmi;
bojxona auditini oʻtkazishdan avval tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisini xabardor qilish tartibi;
bojxona auditini oʻtkazishdan avval mustaqil ravishda ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvini belgilash;
bojxona auditi natijalaridan kelib chiqib, qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlari aniqlangan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar koʻrish tartibi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bojxona auditini amalga oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni birgalikda tashkil etsin;
Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutida bojxona auditi xodimlarining malakasini oshirish maqsadida oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etsin, zarur hollarda mazkur oʻquv mashgʻulotlariga xorijiy davlatlardan bojxona auditi boʻyicha malakali mutaxassislarni jalb qilish choralarini koʻrsin;
ushbu qarorning mohiyati va ahamiyati ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari orasida keng yoritilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning 3-bandi 2021-yil 1-mayda kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-fevral,
101-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-fevraldagi 101-son qaroriga ILOVA
Bojxona auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom bojxona auditini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bojxona auditi — tovarlarni chiqarishga ruxsat berilgandan soʻng bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilganligini vakolatli shaxslar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida taqdim etilgan hujjatlarni moliya-xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq hujjatlarda aks ettirilgan maʼlumotlar bilan solishtirgan holda oʻrganish va tekshirishga asoslangan bojxona nazorati shakli;
bojxona organi qarori — bojxona organi (bojxona posti bundan mustasno) tomonidan oʻz vakolatlari doirasida bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq yozma shaklda qabul qilingan huquqiy hujjat;
bojxona organi mansabdor shaxsi — vakolatli shaxsga nisbatan bojxona auditini amalga oshirish vazifasi yuklangan bojxona organi xodimi;
vakolatli shaxs — tovarning va (yoki) transport vositasining egasi yoki tovarga va (yoki) transport vositasiga nisbatan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatlarga ega boʻlgan yoxud tovarning va (yoki) transport vositasining egasi nomidan tegishli shartnoma yoki ishonchnoma asosida ish koʻruvchi, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi har qanday shaxs;
kameral bojxona auditi — bojxona auditini vakolatli shaxsning ish joyi va (yoki) oʻz faoliyatini amalga oshiradigan hududga bormagan holda amalga oshirish;
sayyor bojxona auditi — bojxona auditini vakolatli shaxsning ish joyi va (yoki) oʻz faoliyatini amalga oshiradigan hududda yoxud tovarlar joylashgan joyda amalga oshirish.
3. Bojxona auditi vakolatli shaxsga nisbatan quyidagilarni oʻrganish va tekshirish bilan bogʻliq vazifalarni hal etishga qaratiladi:
tovarlarni muayyan bojxona rejimiga joylashtirishning qonuniyligi;
bojxona deklaratsiyasida qayd etilgan maʼlumotlarning tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarga mosligi;
bojxona yuk deklaratsiyasida rasmiylashtirilgan tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodiga muvofiq toʻgʻri tasniflanganligi;
maʼlum qilingan bojxona qiymatining haqqoniyligi;
bojxona toʻlovlarining toʻgʻri hisoblanganligi va undirilganligi;
tovarlarga nisbatan tarif preferensiyalarining toʻgʻri qoʻllanilganligi;
bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar toʻgʻri qoʻllanilganligi, tovarlardan foydalanish boʻyicha cheklovlarga rioya etilganligi yoki ulardan belgilangan maqsadda foydalanilganligi;
shartli chiqarib yuborilgan tovarlar boʻyicha belgilangan cheklovlarga rioya etilganligi;
tovar va transport vositalari saqlanadigan joylarga chiqqan holda, ular boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalarning qonuniyligi;
bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa talablar va majburiyatlarga rioya etilganligi.
4. Bojxona auditida vakolatli shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Davlat bojxona qoʻmitasi) “Bojxona auditi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Bojxona auditi” tizimi) orqali tanlanadi.
“Bojxona auditi” tizimi orqali bojxona auditini amalga oshirish vazifasi yuklangan bojxona organi mansabdor shaxslari avtomatik tarzda taqsimlanadi.
Sayyor bojxona auditini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan bojxona organi mansabdor shaxslari haqidagi maʼlumotlar sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisida bojxona organi qarori bilan tasdiqlanadi.
Bojxona auditi mustaqillik, xolislik, professional malakalilik va maxfiylik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
5. Bojxona auditi quyidagi vakolatli shaxslarga nisbatan oʻtkaziladi:
deklarant;
tashuvchi;
bojxona ombori boʻlmagan joylarda tovarlarni bojxona nazoratida saqlayotgan shaxs;
bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo doʻkoni va erkin ombor egalari;
importchi, yukni qabul qiluvchi, tovarlarga nisbatan moliyaviy tartibga solish uchun javobgar shaxslar;
tovarlar chiqarib yuborilgandan keyin ularni sotib oluvchilar;
vakolatli iqtisodiy operator;
vakolatli shaxsning barcha moliyaviy va huquqiy majburiyatlarini oʻz zimmasiga olgan shaxslar.
6. Bojxona auditini amalga oshirish jarayoniga, zaruratga koʻra, maxsus bilim va koʻnikmalarga ega, xolis, audit natijalaridan manfaatdor boʻlmagan mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
7. Bojxona auditi tovarlarning bojxona nazorati ostida boʻlish muddati tugagan paytdan eʼtiboran uch yil davomida amalga oshirilishi mumkin.
Vakolatli shaxsning aynan bir tovariga nisbatan takroriy bojxona auditi oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Bojxona auditi kameral va (yoki) sayyor shaklda oʻtkaziladi.
9. Bojxona auditi mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha oʻtkaziladi.
10. Ushbu Nizomda belgilangan tartibda bojxona organlari tomonidan oʻtkaziladigan bojxona auditi boʻyicha tuziladigan hujjatlar “Bojxona auditi” tizimida qayd etib boriladi.
2-bob. Kameral bojxona auditini oʻtkazish tartibi
11. Kameral bojxona auditini oʻtkazish uchun “Bojxona auditi” tizimidagi quyidagilar asos boʻladi:
bojxona organlari axborot dasturlarining maʼlumotlari tahlili natijasida kameral bojxona auditini oʻtkazish boʻyicha aniqlangan xavf darajalari;
xorijiy davlatlarning tegishli organlaridan olingan maʼlumotlarning bojxona organlaridagi maʼlumotlarga mos kelmasligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 188-moddasida nazarda tutilgan bojxona nazorati shakllari oʻtkazilishi natijalari boʻyicha bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi mumkin deb hisoblanganda;
vakolatli vazirlik va idoralarga soʻrovnomalar yuborish natijasi boʻyicha olingan maʼlumotlarning bojxona organlaridagi maʼlumotlarga muvofiq emasligi.
12. Kameral bojxona auditini oʻtkazish muddati oʻn ish kunidan oshmasligi kerak.
Kameral bojxona auditini oʻtkazish muddati Davlat bojxona qoʻmitasi raisi (rais oʻrinbosari) yoki hududiy bojxona boshqarmasi boshligʻining (keyingi oʻrinlarda — bojxona organi rahbari) ruxsati bilan quyidagi muddatlargacha toʻxtatib turilishi mumkin:
bojxona organi mansabdor shaxsining tashabbusi bilan tayinlangan ekspertizalar, soʻrovnomalar yuzasidan javoblar, shuningdek, mutaxassis xulosasi olingunga qadar;
vakolatli shaxs oʻz yuridik manzilida boʻlmaganda va (yoki) topilmaganda, uning manzili topilguncha va (yoki) aniqlanguncha;
vakolatli shaxs chet elga chiqib ketganda, chet eldan qaytgunga qadar;
vakolatli shaxsga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar.
Toʻxtatib turilgan muddat kameral bojxona auditini oʻtkazishning umumiy muddatiga kiritilmaydi.
13. Tayinlangan kameral bojxona auditini oʻtkazish muddati bir marta hamda oʻn ish kunidan oshmagan muddatga bojxona organi rahbarining ruxsati bilan quyidagi asoslarga koʻra uzaytirilishi mumkin:
kameral bojxona auditi jarayonida oʻrganilishi lozim boʻlgan hujjatlar hajmining koʻpligi sababli bojxona auditini oʻtkazish uchun belgilangan muddatning yetarli emasligi;
yaroqsiz holga kelgan hujjatlarning, tovarlar harakati hisobini yuritishda foydalanilayotgan va buxgalterlik hisobotlari aks etgan dasturiy taʼminotlardagi elektron axborot tashuvchilarning qayta tiklanishi;
xorijiy tilda taqdim etilgan hujjatlarni tarjima qilish (hujjatlar davlat tiliga tarjima qilingan asl nusxalari shaklida yoki notarial tarzda tasdiqlangan shaklda boʻlishi mumkin).
Boshqa asoslarga koʻra kameral bojxona auditini oʻtkazish muddatini uzaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bojxona auditi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida vakolatli shaxsga bir ish kuni ichida uzaytirish muddati va asoslari koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboriladi.
14. Kameral bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnoma mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda bojxona organi mansabdor shaxsi tomonidan tuziladi.
Kameral bojxona auditi tayinlanganligi toʻgʻrisidagi xabarnomada vakolatli shaxs nomi va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, kameral bojxona auditini oʻtkazishi belgilangan bojxona organi mansabdor shaxslarining familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, bojxona auditining vazifasi, oʻtkazish muddati va davri koʻrsatiladi.
15. Bojxona organi xabarnomada quyidagilarni soʻrab oladi:
tovar va transport vositalariga tegishli boʻlgan hujjatlar (tovarlarni buyurtma qilish, sotib olish, qayta sotish, ishlab chiqarish, yuklash, tashish hamda joʻnatish bilan bogʻliq hujjatlar);
olib kiriladigan va (yoki) olib chiqiladigan tovarlar va transport vositalarining buxgalterlik hisobi va hisoboti hujjatlari;
tovarlarga nisbatan tarif preferensiyalarini qoʻllash uchun asos boʻlgan tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatning asl nusxasi;
tashqi savdo faoliyatida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq hujjatlar;
vakolatli shaxsning bank operatsiyalariga oid hujjatlar;
vakolatli shaxsning faoliyat turi va tashkiliy-huquqiy shakliga oid hujjatlar.
16. Bojxona organi kameral bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani vakolatli shaxsga kameral bojxona auditini oʻtkazish belgilangan kundan eʼtiboran yetti kun oldin vakolatli shaxsning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboradi.
Agar vakolatli shaxsning shaxsiy kabineti mavjud boʻlmasa, xabarnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi. Shuningdek, xabarnoma vakolatli shaxsga shaxsan topshirilishi mumkin.
17. Xabarnomada nazarda tutilgan hujjatlar va tushuntirishlar bojxona organiga xabarnoma olingan kundan eʼtiboran uch kun ichida qogʻoz shaklida taqdim etiladi yoki vakolatli shaxs xabarnomada talab etilgan hujjatlarga ega emasligi haqida xabarnoma yuborgan bojxona organini xabardor qiladi.
Agar talab etiladigan hujjatlarni va tushuntirishlarni uch kun ichida taqdim etishning imkoni boʻlmasa, vakolatli shaxs xabarnomani olgan kundan eʼtiboran uch kun muddatda bojxona organiga iltimosnoma bilan murojaat qilganda, hujjatlarni taqdim etish muddati yana uch kunga uzaytiriladi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qarori tahririda)
Vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning asl nusxasi kameral bojxona auditi yakunlangandan soʻng vakolatli shaxsga qaytariladi, bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi aniqlangan holatlar bundan mustasno.
18. Tayinlangan kameral bojxona auditi doirasida vakolatli shaxs tomonidan bojxona organi xabarnomasida belgilangan muddatda hujjatlar va (yoki) maʼlumotlarning taqdim etilmasligi vakolatli shaxsning barcha tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bogʻliq operatsiyalariga nisbatan kelgusida bojxona nazorati shakllarini xavf darajasi yuqori koʻrsatkichga oʻtkazish va unga nisbatan bojxona nazoratining barcha shakllarini qoʻllashga, bojxona organlaridagi mavjud hujjatlar va maʼlumotlar boʻyicha bojxona toʻlovlari hisoblanishiga yoki sayyor bojxona auditi belgilanishiga asos boʻladi.
19. Kameral bojxona auditi jarayonida bojxona organi mansabdor shaxslari tomonidan tovarlarning bojxona yuk deklaratsiyalarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligi zarur holatlarda joylarga chiqqan holda oʻrganiladi.
20. Vakolatli shaxs kameral bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani olgandan soʻng mustaqil ravishda ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvini belgilashga haqli. Mazkur tekshiruv natijalari bojxona organi tomonidan kameral bojxona auditini oʻtkazish davrida inobatga olinishi mumkin.
21. Kameral bojxona auditini oʻtkazish jarayonida vakolatli shaxsga tegishli hujjatlarga tuzatish kiritishga ruxsat berilmaydi.
22. Kameral bojxona auditini oʻtkazishni yakunlash vaqti kameral bojxona auditi natijalarini rasmiylashtirish vaqtida tuzilgan kameral bojxona auditi natijalari toʻgʻrisida dalolatnomani tuzish sanasi hisoblanadi.
23. Kameral bojxona auditi natijalari boʻyicha dalolatnoma Davlat bojxona qoʻmitasi axborot tizimi orqali ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
24. Kameral bojxona auditi natijalari boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnomada quyidagilar aks ettiriladi:
dalolatnoma tuzilgan vaqt, joy va roʻyxatga olish raqami;
kameral bojxona auditini oʻtkazgan bojxona organi nomi;
kameral bojxona auditini amalga oshirgan bojxona organi mansabdor shaxsining familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
vakolatli shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan joyi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
vakolatli shaxsning bank rekvizitlari;
kameral bojxona auditini oʻtkazishda ishtirok etish uchun jalb qilingan mutaxassislarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
kameral bojxona auditini oʻtkazish boshlangan sana va uni tugatish sanasi (kameral bojxona auditini oʻtkazish muddati uzaytirilganda va (yoki) toʻxtatilganda, mazkur uzaytirish va (yoki) toʻxtatilgan muddatlar ham koʻrsatiladi);
oʻrganilgan hujjatlar va maʼlumotlar turi;
vakolatli shaxsning buxgalterlik hisobi va hisoboti hujjatlarini yuritish holati;
kameral bojxona auditi natijalari boʻyicha xulosa;
kameral bojxona auditiga oid boshqa maʼlumotlar.
25. Kameral bojxona auditi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning qogʻozga chop etilgan nusxasi bojxona auditi tugagan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay vakolatli shaxsga yuboriladi.
26. Kameral bojxona auditi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomada keltirilgan tafovut va (yoki) xatoliklar bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikka sabab boʻlganda, dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunning ertasidan eʼtiboran oʻn ish kunidan kechiktirmay toʻlovchi tomonidan ushbu talabnoma olinganligini va olish sanasini tasdiqlash imkonini beradigan har qanday usulda toʻlovchiga yuborilishi kerak.
Bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi talabnoma mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda tuziladi.
4-bob. Sayyor bojxona auditini oʻtkazish tartibi
27. Oʻtkaziladigan sayyor bojxona auditi Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilini xabardor qilgan holda oʻtkaziladi.
Sayyor bojxona auditi yuzasidan maʼlumotlar Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.
28. Sayyor bojxona auditi bojxona organi rahbarining qaroriga muvofiq oʻtkaziladi.
“Bojxona auditi” tizimida sayyor bojxona auditi toʻgʻrisida qaror chiqarish uchun quyidagilar asos boʻladi:
bojxona organlari axborot dasturlarining maʼlumotlari tahlili natijasida sayyor bojxona auditini oʻtkazish boʻyicha aniqlangan xavf darajalari;
bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi mumkinligini koʻrsatuvchi kameral bojxona auditi natijalariga koʻra sayyor bojxona auditi oʻtkazish zaruriyati vujudga kelganda;
bojxona organlari talabiga asosan belgilangan muddatda xabarnomada koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar va (yoki) maʼlumotlarning taqdim etilmasligi;
kameral bojxona auditi natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnoma yuzasidan vakolatli shaxsning eʼtirozi boʻlgan savollarga aniqlik kiritish zarurati yuzaga kelganda;
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 188-moddasida nazarda tutilgan bojxona nazorati shakllarining oʻtkazilishi natijalari boʻyicha bojxona qonunchilik hujjatlari buzilishi mumkinligi holatiga aniqlik kiritish uchun tovar va transport vositalari saqlanadigan joylarga chiqib, ular boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalarning qonuniyligini oʻrganish va tekshirish zaruriyati yuzaga kelganda.
29. Sayyor bojxona auditini oʻtkazish muddati oʻttiz ish kunidan oshmasligi kerak.
Sayyor bojxona auditini oʻtkazish muddati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilini xabardor qilgan holda, bojxona organi rahbarining ruxsati bilan quyidagi muddatlargacha toʻxtatib turilishi mumkin:
bojxona organi mansabdor shaxsining tashabbusi bilan tayinlangan ekspertizalar, soʻrovnomalar yuzasidan javoblar, shuningdek, mutaxassis xulosasi olingunga qadar;
vakolatli shaxs oʻz yuridik manzilida boʻlmaganda va (yoki) topilmaganda, uning manzili topilguncha va (yoki) aniqlanguncha;
vakolatli shaxs chet elga chiqib ketganda, chet eldan kelgunga qadar;
vakolatli shaxsga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar.
Toʻxtatib turilgan muddat sayyor bojxona auditini oʻtkazishning umumiy muddatiga kiritilmaydi.
30. Sayyor bojxona auditini oʻtkazish muddati bir marta oʻttiz ish kunidan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Bojxona auditini oʻtkazish muddati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilini xabardor qilgan holda, bojxona organi rahbarining ruxsati bilan quyidagi asoslarga koʻra uzaytiriladi:
sayyor bojxona auditi jarayonida oʻrganilishi lozim boʻlgan hujjatlar hajmining koʻpligi sababli bojxona auditini oʻtkazish uchun belgilangan muddatning yetarli emasligi;
yaroqsiz holga kelgan hujjatlarning, tovarlar harakati hisobini yuritishda foydalanayotgan va buxgalterlik hisobotlari aks etgan dasturiy taʼminotlardagi elektron axborot tashuvchilarning qayta tiklanishi;
chet tilida taqdim etilgan hujjatlarni tarjima qilish (hujjatlar davlat tiliga tarjima qilingan asl nusxalari shaklida yoki notarial tarzda tasdiqlangan shaklda boʻlishi mumkin).
Boshqa asoslarga koʻra sayyor bojxona auditini oʻtkazish muddatini uzaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sayyor bojxona auditi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida vakolatli shaxsga bir ish kunida uzaytirish muddati va sabablarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboriladi.
31. Sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisida bojxona organi qarori ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq shaklda tuziladi.
Sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi bojxona organi qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:
sayyor bojxona auditini oʻtkazish uchun asos boʻlgan holatlar;
vakolatli shaxsning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi);
vakolatli shaxs joylashgan va (yoki) haqiqatda faoliyat yuritadigan joy (joylar), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
sayyor bojxona auditini oʻtkazuvchi bojxona organi mansabdor shaxs(lar)ining familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
sayyor bojxona auditini oʻtkazishga jalb qilingan boshqa shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
mazkur Nizomning 3-bandiga koʻra bojxona auditining oldiga qoʻyilgan vazifalar.
32. Bojxona organi rahbarining roziligi bilan sayyor bojxona auditi davomida sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi bojxona organi qaroriga ushbu Nizomning 31-bandi oltinchi — oʻn ikkinchi xatboshilarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga quyidagi hollarda oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritilishi mumkin:
tayinlangan sayyor bojxona auditining muddati uzaytirilganda va (yoki) toʻxtatib turilganda;
bojxona auditi oldiga qoʻyilgan vazifalar oʻzgarganda va (yoki) bojxona auditi davomida bojxona auditining boshqa vazifalarini oʻrganish zarurati vujudga kelganda.
33. Bojxona organi xabarnomani vakolatli shaxsga sayyor bojxona auditini oʻtkazish muddatidan oʻn besh kun oldin vakolatli shaxsning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboradi.
Agar vakolatli shaxsning shaxsiy kabineti mavjud boʻlmasa, soʻrovnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi. Shuningdek, xabarnoma vakolatli shaxsga shaxsan topshirilishi mumkin.
Sayyor bojxona auditi oʻtkazish kameral bojxona auditida hujjatlar va (yoki) maʼlumotlarning taqdim etilmasligi, shuningdek, kameral bojxona auditi natijalariga koʻra belgilangan holatlarda xabarnoma sayyor bojxona auditini oʻtkazish muddatidan besh kun oldin yuboriladi.
Ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisida xabarnoma tuziladi.
34. Bojxona organi tomonidan xabarnomada vakolatli shaxsdan sayyor bojxona auditini oʻtkazish vaqtida quyidagilarni taqdim etish va tayyorlash soʻraladi:
tovar va transport vositalariga tegishli boʻlgan hujjatlar (tovarlarni buyurtma, sotib olish, qayta sotish, ishlab chiqarish, yuklash, tashish va joʻnatish bilan bogʻliq hujjatlar);
olib kiriladigan va (yoki) olib chiqiladigan tovarlar va transport vositalarining buxgalterlik hisobi va hisoboti hujjatlari;
tovarlarga nisbatan taʼrif preferensiyalarini qoʻllash uchun asos boʻlgan tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatning asl nusxasi;
tashqi savdo faoliyatida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq hujjatlar;
vakolatli shaxsning bank operatsiyalariga oid hujjatlari;
muayyan bojxona rejimi asosida bojxona nazoratida turgan va (yoki) bojxona nazoratidan chiqarilgan hamda saqlanayotgan boshqa tovarlarni xatlovdan oʻtkazish uchun tayyorlash;
bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarga ega boʻlgan tovarlardan maqsadli foydalanilganlik holatini aniqlash, shuningdek, ishlab chiqarilgan mahsulotni qiyoslash uchun tayyorlash;
vakolatli shaxsning faoliyat turi va tashkiliy-huquqiy shakliga oid hujjatlar.
35. Vakolatli shaxs sayyor bojxona auditini oʻtkazish haqida xabarnomani olgandan soʻng bojxona auditining maqsadidan kelib chiqib, mustaqil ravishda ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvini belgilashga haqli.
36. Vakolatli shaxsning mustaqil ravishda olib borgan ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvi natijalari sayyor bojxona auditi boshlanishidan uch kun oldin elektron yoki qogʻoz shaklida taqdim qilinishi lozim.
Mustaqil ravishda oʻtkazilgan ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvi natijalari bojxona organi tomonidan sayyor bojxona auditini oʻtkazish davrida inobatga olinishi mumkin.
37. Bojxona organi mansabdor shaxsi oʻzining xizmat guvohnomasini sayyor bojxona auditi oʻtkazilishi boshlanishidan avval vakolatli shaxsga koʻrsatishi hamda sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi bojxona organi qarorining bir nusxasini taqdim etishi kerak.
38. Sayyor bojxona auditini oʻtkazish jarayonida vakolatli shaxsga tegishli hujjatlarga tuzatish kiritishga ruxsat berilmaydi.
39. Sayyor bojxona auditini oʻtkazish davomida bojxona organi mansabdor shaxsi vakolatli shaxsni sayyor bojxona auditining dastlabki natijalari bilan tanishtirishi lozim.
40. Sayyor bojxona auditini oʻtkazishni yakunlash vaqti sayyor bojxona auditi natijalarini rasmiylashtirish vaqtida tuzilgan sayyor bojxona auditi natijalari toʻgʻrisida dalolatnomani tuzish sanasi hisoblanadi.
5-bob. Sayyor bojxona auditini oʻtkazish uchun bojxona organi mansabdor shaxslarining vakolatli shaxsning obyektiga kirishi
41. Vakolatli shaxs quyidagi hollarda oʻz obyektiga bojxona organi mansabdor shaxslarining kirishini rad etish huquqiga ega:
bojxona organi mansabdor shaxslari sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisida bojxona organining qarorini taqdim etmagan hamda xizmat guvohnomasini koʻrsatmagan taqdirda;
bojxona organi mansabdor shaxsi haqidagi maʼlumot sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi bojxona organi qarorida koʻrsatilmaganda;
bojxona organi qarorida belgilangan bojxona auditini oʻtkazish muddatidan tashqari davrda.
42. Vakolatli shaxs oʻz obyektiga bojxona organi mansabdor shaxsining kirishini asossiz rad etganda, shuningdek, vakolatli shaxs oʻz majburiyatini toʻliq bajarmaganda, bu haqda ushbu Nizomga 6-ilovaga muvofiq tegishli bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Bayonnoma bojxona organi mansabdor shaxsi va vakolatli shaxs tomonidan imzolanadi. Bunda bayonnomaning bir nusxasi vakolatli shaxsga topshiriladi.
43. Vakolatli shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, bu haqda tegishli yozuv kiritiladi. Vakolatli shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortganligi sabablarini yozma ravishda tushuntirishga haqli.
44. Vakolatli shaxs oʻz obyektiga bojxona organi mansabdor shaxsining kirishini asossiz rad etishi yoki oʻz majburiyatini toʻliq bajarmasligi vakolatli shaxsning tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bogʻliq operatsiyalariga nisbatan kelgusida bojxona nazorati shakllarini xavf darajasi yuqori koʻrsatkichga oʻtkazish va unga nisbatan bojxona nazoratining barcha shakllarini qoʻllashga, bojxona organlaridagi mavjud hujjatlar va maʼlumotlar boʻyicha bojxona toʻlovlari hisoblanishiga asos boʻlishi mumkin.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili hamda Savdo-sanoat palatasi xabardor qilinadi.
6-bob. Sayyor bojxona auditi vaqtida hujjatlar va tovarlarni vaqtincha saqlovga olish hamda ularni olib qoʻyish tartibi
45. Sayyor bojxona auditi davomida hujjatlar boʻyicha tafovutlar va nomuvofiqliklar mavjud boʻlganda, bojxona organi tomonidan tovarlar vaqtinchalik saqlovga olinishi mumkin. Vakolatli shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 47-bobiga muvofiq bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlanganda, tovarlar va transport vositalari vakolatli shaxs ixtiyorida qoldiriladi, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilishi va olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar bundan mustasno.
(45-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qarori tahririda)
Mazkur tovarlar va transport vositalaridan foydalanish va ularni tasarruf etishni cheklagan holda, ular oʻz egasiga yoki vakolatga ega boʻlgan boshqa shaxsga vaqtincha saqlovga topshiriladi. Vaqtincha saqlovga olingan tovarlar va transport vositalarini boshqa shaxslarga topshirishga, ularni olib qoʻyishga yoki boshqa usul bilan tasarruf etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
46. Tovarlarni va transport vositalarini vaqtincha saqlovga olish uchun quyidagilar asos boʻladi:
vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan tovar uni rasmiylashtirish uchun asos boʻlgan hujjatlardagi maʼlumotlarga mos kelmaganda;
shartli ravishda chiqarilgan va (yoki) bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha taqdim etilgan imtiyozlardan maqsadsiz foydalanayotgan hamda foydalanishi cheklangan tovarlarni ishlatayotganligi yoki tasarruf etilganligidan dalolat beruvchi maʼlumotlar mavjud boʻlganda;
tovarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 300-moddasiga asosan tarif preferensiyalari notoʻgʻri qoʻllanilganligini koʻrsatuvchi belgilar aniqlanganda;
vakolatli shaxsning tijorat hujjatlarida deklaratsiya va (yoki) tovarlarni erkin muomalaga chiqarilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar boʻlmasligi, shuningdek, bunday maʼlumotlar ishonchsizligini yoxud bunday maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim boʻlgan tijorat hujjatlarining yoʻqligi aniqlanganda;
tovarlar va transport vositalari bojxona rejimining shartlari hamda talablarini buzgan holda ishlatilayotganligini tasdiqlaydigan belgilar aniqlanganda;
tovarlar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan soʻng ularda aks ettirilishi talab etiladigan identifikatsiyalash imkonini beruvchi maʼlumotlar (ishlab chiqaruvchining seriya raqami, ishlab chiqarilgan yili, texnik xususiyatlari) bilan bojxona yuk deklaratsiyasidagi maʼlumotlar oʻrtasida tafovut aniqlanganda;
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilishi va olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar aniqlanganda.
47. Vaqtincha saqlovga olib qoʻyilgan tovarlar va transport vositalari bojxona nazorati ostida turgan tovar maqomiga oʻtadi va tovarni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar vakolatli shaxs tomonidan qoplanadi.
48. Hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish talab etilganganda, vakolatli shaxs asl hujjat nusxalarini taqdim etishdan bosh tortganda, hujjatlarning asl nusxalaridan nusxa (ulardan koʻchirmalar taqdim etish) olishning imkoni boʻlmaganda, shuningdek, agar hujjatlar aslini yoʻq qilish, yashirish, tuzatish yoki oʻzgartirish xavfi mavjud boʻlganda, bojxona organi mansabdor shaxsi mazkur hujjatlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq olib qoʻyishga haqli.
7-bob. Sayyor bojxona auditi oʻtkazilayotgan binolarni, omborlarni, arxivlarni, tovarlar va hujjatlar saqlanadigan boshqa joylarni muhrlash
49. Bojxona organi mansabdor shaxslari tovarlarning but saqlanishini taʼminlash maqsadida sayyor bojxona auditini oʻtkazishga taalluqli boʻlgan binolar, omborlar, arxivlar, hujjatlar, tovarlar va transport vositalari joylashgan (saqlanadigan) boshqa joylarni muhrlashi mumkin.
50. Binolar, omborlar, arxivlar, tovarlar va hujjatlar saqlanadigan boshqa joylarni muhrlash vakolatli shaxs yoki uning vakili ishtirokida amalga oshirilib, bu haqda ushbu Nizomga 7-ilovaga muvofiq shaklda dalolatnoma tuziladi.
51. Binolar, omborlar, arxivlar, tovarlar va hujjatlar saqlanadigan boshqa joylarni muhrlash toʻgʻrisidagi dalolatnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
muhrlashni amalga oshirgan bojxona organi mansabdor shaxsining lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi;
vakolatli shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
muhrlash amalga oshirilgan vakolatli shaxsning obyekt manzili;
muhrlash usulining tavsifi;
vakolatli shaxsning muhrlangan binoni qoʻriqlashga olish va muhrlangan joyni ochish uchun javobgarlikka tortish choralari bilan tanishishganligi toʻgʻrisida ogohlantirish (vakolatli shaxs ishtirok etmagan hollar bundan mustasno).
52. Dalolatnoma barcha ishtirokchilar tomonidan imzolanadi. Vakolatli shaxs dalolatnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, dalolatnomaga tegishli yozuv kiritiladi.
53. Sayyor bojxona auditi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma Davlat bojxona qoʻmitasining axborot tizimi orqali mazkur Nizomga 8-ilovaga muvofiq elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
54. Sayyor bojxona auditi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
dalolatnoma tuzilgan vaqti, joyi va roʻyxatga olish raqami;
sayyor bojxona auditini oʻtkazgan bojxona organi nomi;
sayyor bojxona auditini oʻtkazgan bojxona organi mansabdor shaxs(lar)ining familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi bojxona organi qarori raqami va sanasi;
vakolatli shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning joylashgan joyi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
vakolatli shaxsning bank rekvizitlari;
sayyor bojxona auditini oʻtkazishda ishtirok etish uchun jalb qilingan mutaxassislarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
sayyor bojxona auditini oʻtkazish boshlangan sana va uni tugatish sanasi (sayyor bojxona auditini oʻtkazish muddati uzaytirilganda va (yoki) toʻxtatilganda mazkur uzaytirish va (yoki) toʻxtatilgan muddatlar ham koʻrsatiladi);
oʻrganilgan hujjatlar va maʼlumotlarning turi;
vakolatli shaxsning buxgalterlik hisobi va hisoboti hujjatlarini yuritish holati;
sayyor bojxona auditi natijalari boʻyicha xulosa;
sayyor bojxona auditiga oid boshqa maʼlumotlar.
55. Sayyor bojxona auditi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning qogʻozga chop etilgan nusxasi bojxona auditi tugagan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay vakolatli shaxsga yuboriladi.
56. Sayyor bojxona auditi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomada keltirilgan tafovut va (yoki) xatoliklar bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikka sabab boʻlganda, dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunning ertasidan eʼtiboran oʻn ish kunidan kechiktirmay, toʻlovchi tomonidan ushbu talabnoma olinganligini va olish sanasini tasdiqlash imkonini beradigan har qanday usulda toʻlovchiga yuborilishi kerak.
Bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi talabnoma mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda tuziladi.
9-bob. Bojxona organi mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlari
57. Bojxona organi mansabdor shaxslari quyidagi huquqlarga ega:
tovar va transport vositalari ustidan ular saqlanadigan joylarga hamda vakolatli shaxsning ish joyi va (yoki) oʻz faoliyatini amalga oshiradigan hududga chiqqan holda, sayyor bojxona auditini oʻtkazish;
tovarlar chiqarib yuborilgandan keyin ularni sotib oluvchi shaxslardan tovarlarni sotib olishga oid shartnomalar, hujjatlar va maʼlumotlarni talab qilib olish;
vakolatli shaxsning hisob-kitob boʻyicha hujjatlari va buxgalterlik hisobotining asl nusxalarini oʻrganish va (yoki) olish;
bojxona auditini oʻtkazish uchun, shu jumladan, qonunchilik hujjatlariga asosan bank sirini saqlashni taʼminlagan holda vakolatli shaxslardan bank operatsiyalarining ayrim turlarini amalga oshiruvchi va ulardan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlarining mavjudligi toʻgʻrisidagi hujjatlar va maʼlumotlarni olish, shuningdek, vakolatli shaxsning hisobvaraqlaridagi mablagʻlarning harakatlanishi bilan bogʻliq hujjatlar va maʼlumotlarni talab qilib olish;
bojxona auditini oʻtkazish bilan bogʻliq soʻrovnomalarni xorijiy davlatlarning davlat va boshqa organlariga (tashkilotlariga) yuborish;
tovarlar hamda boshqa buyumlardan namunalar va nusxalar olish, ular yuzasidan ekspertiza tayinlash;
vakolatli shaxsning tovarlar harakati hisobini yuritishda foydalanayotgan va buxgalterlik hisobotlari aks etgan dasturiy taʼminotlaridan foydalanish, ulardagi maʼlumotlar bilan tanishish va elektron nusxalar olish;
bojxona nazorati ostida boʻlgan yoki chiqarishga ruxsat berilgan tovarlarni zarurati boʻlgan taqdirda, vakolatli shaxsning hududi, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini koʻzdan kechirish, xatlovdan oʻtkazish, qiyoslash, ularni foto va video tasvirga olish;
ishlab chiqarilayotgan hamda realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar)ning haqiqiy hajmlarini aniqlash;
mutaxassis, tarjimon va xolislarni jalb etish hamda ulardan tegishli xulosalar, tarjimalar va koʻrsatmalar olish;
tovarlar va transport vositalari, ularga tegishli hujjatlarning asl nusxalarini vaqtincha saqlovga olish;
bojxona auditi vazifasiga aloqador boʻlgan tovarlar va transport vositalarining ishlatib yuborilishi yoxud bojxona organi mansabdor shaxsi tomonidan ularni bojxona auditi maqsadlarida oʻrganishni cheklashga qaratilgan xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tovar va transport vositalaridan foydalanishni cheklash;
sayyor bojxona auditi oʻtkaziladigan binolarga, omborlarga, arxivlarga, hujjatlar va tovarlar joylashgan (saqlanadigan) boshqa joylarga muhr qoʻyish.
58. Bojxona organi mansabdor shaxsi bojxona auditini oʻtkazishda vakolatli shaxslarni amalga oshirilgan yuk va bojxona operatsiyalari yuzasidan tushuntirish berish uchun yozma xabarnoma asosida chaqirishga haqli.
59. Bojxona organi mansabdor shaxsining majburiyatlari:
bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish;
vakolatli shaxsni bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi bojxona organi qarori bilan tanishtirish va xizmat guvohnomasini koʻrsatish;
bojxona auditini oʻtkazish jarayonida olingan va shakllantirilgan hujjatlarning saqlanishini taʼminlash, oʻz xizmat vazifalarini bajarishi chogʻida oʻziga maʼlum boʻlgan davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan tijorat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmaslik;
davlat bojxona xizmati organlari xodimlari odob-axloq qoidalarini buzmaslik, korrupsiya va boshqa jinoyatlarni sodir etmaslik;
vakolatli shaxsning talabiga koʻra oʻtkazilayotgan bojxona auditi toʻgʻrisida zarur maʼlumotlar bilan tanishtirish;
davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini saqlashi, atrof-muhitni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishini taʼminlash;
oʻz vakolatlari doirasidan chetga chiqmaslik;
sayyor bojxona auditi natijalari toʻgʻrisida vakolatli shaxsni tanishtirish.
10-bob. Vakolatli shaxsning huquq va majburiyatlari
60. Vakolatli shaxs quyidagi huquqlarga ega:
sayyor bojxona auditi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi bojxona organi qaroridan xabardor boʻlish, u toʻgʻrisidagi qaror bilan tanishish va nusxa olish, bojxona organi mansabdor shaxslarining xizmat guvohnomasini koʻrsatishlarini talab qilish;
oʻtkazilgan bojxona auditi natijalari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish;
bojxona auditi dalolatnomasini olgandan keyin oʻtkazilgan bojxona auditi boʻyicha, davlat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni bojxona auditi materiallari, shuningdek, uchinchi shaxslarning qonun bilan qoʻriqlanadigan tijorat va bank sirlarini oʻz ichiga olmagan maʼlumotlar bilan tanishish;
bojxona organiga dalolatnoma boʻyicha yozma ravishda eʼtiroz qilish;
bojxona auditi oʻtkazish boshlanguniga qadar mustaqil ravishda ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvini oʻtkazish.
Vakolatli shaxs qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
61. Bojxona auditi jarayonida vakolatli shaxsning majburiyatlari:
bojxona auditi davomida bojxona organi mansabdor shaxslariga tovarlarni koʻrsatish;
bojxona organi mansabdor shaxslariga amalga oshirgan tashqi savdo operatsiyalarining bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini tasdiqlovchi barcha axborot va maʼlumotlar hamda hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish;
bojxona auditi jarayonida ishtirok etish va oʻrganilayotgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish;
oʻz obyektiga (inshoot, ombor, ishlab chiqarish, savdo binolariga) bojxona organi mansabdor shaxslarini kiritish, ularni hamda tovar va transport vositalarini koʻrsatish;
bojxona auditini oʻtkazish uchun zarur hujjatlarni (maʼlumotlarni) axborot tizimlarining maʼlumotlar bazalari bilan taqqoslashga sharoit yaratish, shuningdek, qogʻoz va elektron axborot tashuvchilardagi zarur hujjatlardan (maʼlumotlardan) nusxalar berish;
tovarlar harakati hisobini yuritishda foydalanilayotgan va buxgalterlik hisobotlari aks etgan vakolatli shaxsning dasturiy taʼminotlaridan, videokuzatuv moslamalaridan bojxona organi mansabdor shaxsining foydalanishiga, ulardagi maʼlumotlar bilan tanishishi va elektron nusxalar olishiga ruxsat berish;
bojxona auditi uchun zarur boʻlgan hujjatlarning davlat tilidagi tarjimasini bojxona organi mansabdor shaxsiga taqdim etish;
zarur hollarda, hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etishga masʼul boʻlgan shaxslarni belgilash;
tovar va transport vositalarini, zaruratga koʻra, oʻz obyektini (inshoot, ombor, ishlab chiqarish, savdo binolarini) xatlovdan oʻtkazishga, qiyoslashga, ularning foto va video tasvirlarini olishni taʼminlash;
ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan holatlarda, tovarlardan namunalar va (yoki) nusxalar olinishiga imkoniyat yaratish;
mazkur Nizomning 15 va 34-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlarni, shuningdek, bojxona deklaratsiyasi hamda bojxona nazoratini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarning asl nusxalarini tovarlar bojxona nazorati ostida boʻlish muddati tugagan yildan keyingi uch yil davomida saqlanishini taʼminlash;
bojxona organi xabarnomasida koʻrsatilgan hujjatlar va tushuntirishlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida maʼlumotlarni taqdim etish.
62. Vakolatli shaxs mehnat layoqatini yoʻqotgan taqdirda, mazkur Nizomning 61-bandida koʻrsatilgan majburiyatlarni uning ishonchli vakili bajaradi.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
63. Bojxona auditi natijalari boʻyicha aniqlangan tafovut va (yoki) xatoliklar, shu jumladan, qoʻshimcha yoki qayta hisoblangan bojxona toʻlovlari vakolatli shaxs tomonidan bojxona organining talabnomasi olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida bojxona yuk deklaratsiyasini tuzatish shaklini rasmiylashtirish orqali bartaraf etiladi (bojxona toʻlovlaridan qarzdorlikni kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berilgan hollar bundan mustasno).
Bojxona auditi natijalari boʻyicha aniqlangan tafovut va (yoki) xatoliklar belgilangan muddatlarda bartaraf etilmagan taqdirda, bojxona toʻlovlarini undirish sudning bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan qarori asosida amalga oshiriladi.
Vakolatli shaxs bojxona auditi natijalariga rozi boʻlmagan taqdirda, dalolatnoma va (yoki) talabnoma olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida dalolatnomaning barcha yoki ayrim qoidalari yuzasidan yozma eʼtirozlarini yuqori turuvchi bojxona organiga yoki sudga taqdim etishi mumkin.
Bojxona organlariga taqdim qilingan vakolatli shaxsning mustaqil olib borgan ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvining hamda bojxona organlari tomonidan oʻtkazilgan kameral va sayyor bojxona auditining har qanday natijalari bojxona organlari tomonidan baholanib, ushbu maʼlumotlar bojxona organlarida xavfni boshqarish tizimi doirasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini toifalashda inobatga olinadi.
Bojxona auditi tizimining qoʻllanilish strategiyasi va taktikasini, axborot yigʻish va uni qayta ishlash, xavf darajalarini tahlil qilish va baholash, bojxona auditini oʻtkazishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish tartibini Davlat bojxona qoʻmitasi belgilaydi.
Vakolatli shaxsning tugatilayotganligi, bankrot deb topilayotganligi haqida vakolatli tashkilot yoki organ tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona organlari xabardor qilinadi.
Tugatilayotgan yoki bankrot deb topilayotgan vakolatli shaxs “Bojxona auditi” tizimi orqali bojxona auditidan oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlsa, unga nisbatan birinchi navbatda bojxona auditi tayinlanadi.
Bojxona auditi oʻtkazilgunga qadar vakolatli shaxsning bankrot deb topilganligi, tugatilganligi yoki jismoniy shaxsning vafot etganligi (huquqiy vorisi mavjudligi bundan mustasno) hamda xalqaro soʻrovnomalar yuzasidan javoblar xalqaro shartnoma doirasida belgilangan muddatda kelmaganligi bojxona auditini tugatish uchun asos boʻladi.
64. Bojxona auditi davomida vakolatli shaxs tomonidan muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlarni tayyorlashi yoki ularni qalbakilashtirish bilan bogʻliq holatlar aniqlangan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar koʻriladi.
65. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Bojxona auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Bojxona auditini amalga oshirish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Chora-tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Bojxona organi
“Bojxona auditi” tizimi orqali maʼlumotlar tahlilidan kelib chiqib, quyidagi asoslarga koʻra vakolatli shaxslarga nisbatan amalga oshiriladigan bojxona auditi shakllaridan (kameral yoki sayyor) birini tanlaydi:
a) kameral bojxona auditi:
bojxona organlari axborot dasturlari maʼlumotlari tahlili natijasida kameral bojxona auditini oʻtkazish boʻyicha aniqlangan xavf darajalari;
xorijiy davlatlarning tegishli organlaridan olingan maʼlumotlarning bojxona organlaridagi maʼlumotlarga mos kelmasligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 188-moddasida belgilangan bojxona nazorati shakllari oʻtkazilishi natijalari boʻyicha bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi mumkin deb hisoblanganda;
vakolatli vazirlik va idoralarga soʻrovnomalar yuborish natijasi boʻyicha olingan maʼlumotlarning bojxona organlaridagi maʼlumotlarga muvofiq emasligi;
b) sayyor bojxona auditi:
bojxona organlari axborot dasturlari maʼlumotlari tahlili natijasida sayyor bojxona auditini oʻtkazish boʻyicha aniqlangan xavf darajalari;
bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi mumkinligini koʻrsatuvchi kameral bojxona auditi natijalariga koʻra sayyor bojxona auditi oʻtkazish zaruriyati vujudga kelganda;
bojxona organlari talabiga asosan belgilangan muddatda xabarnomada koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar va (yoki) maʼlumotlarning taqdim etilmasligi;
kameral bojxona auditi natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnoma yuzasidan vakolatli shaxsning eʼtirozi boʻlgan savollarga aniqlik kiritish zarurati yuzaga kelganda;
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 188-moddasida belgilangan bojxona nazorati shakllarining oʻtkazilishi natijalari boʻyicha bojxona qonunchilik hujjatlari buzilishi mumkinligi holatiga aniqlik kiritish uchun tovar va transport vositalari saqlanadigan joylarga chiqib, ular boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalarning qonuniyligini oʻrganish va tekshirish zaruriyati yuzaga kelganda.
Doimiy
2-bosqich
Bojxona organi
Bojxona auditiga tayyorgarlik koʻradi, shu jumladan maʼlumotlarni tahlil qiladi, vakolatli shaxs toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplaydi, bojxona auditi vazifalarini aniqlaydi.
Doimiy
3-bosqich
Bojxona organi
a) Kameral bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani vakolatli shaxsga uning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboradi.
a) Kameral bojxona auditi belgilangan kundan yetti kun oldin
b) Sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani vakolatli shaxsga uning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboradi.
b) Sayyor bojxona auditi belgilangan kundan oʻn besh kun oldin
4-bosqich
Vakolatli shaxs
1. Bojxona auditini (kameral yoki sayyor) oʻtkazish haqida xabarnoma olgandan soʻng bojxona auditi vazifalaridan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvini belgilaydi.
1) Doimiy
2. Ichki buxgalterlik yoki auditorlik tekshiruvi natijalarini elektron yoki qogʻoz shaklida bojxona organiga taqdim qilinadi.
2) Sayyor bojxona auditi boshlanishidan uch kun oldin
5-bosqich
Bojxona organi
“Bojxona auditi” tizimi orqalitanlangan vakolatli shaxslarga nisbatan kameral bojxona auditini oʻtkazadi.
Oʻn ish kuni ichida
6-bosqich
Bojxona organi
“Bojxona auditi” tizimi orqali tanlangan vakolatli shaxslarga nisbatan bojxona organi rahbarining qarori asosida sayyor bojxona auditini oʻtkazadi.
Oʻttiz ish kuni ichida
7-bosqich
Bojxona organi
1. Bojxona auditi natijalari boʻyicha Davlat bojxona qoʻmitasi axborot tizimi orqali belgilangan shakldagi dalolatnomani rasmiylashtiradi.
1. Bojxona auditi yakuni boʻyicha
2. Bojxona auditi natijalari boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnomaning qogʻozga chop etilgan nusxasini vakolatli shaxsga yuboradi.
2. Besh ish kuni ichida
8-bosqich
Bojxona organi
Bojxona auditi natijalari boʻyicha dalolatnomada keltirilgan tafovut va (yoki) xatoliklar bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikka sabab boʻlganda vakolatli shaxsga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha talabnoma yuboradi.
Oʻn ish kuni
ichida
Bojxona auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
_____________________________
_____________________________
(vakolatli shaxs nomi, STIR, manzili)
(sayyor, kameral) bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisida xabarnoma
Sizdan xabarnoma olingan kundan eʼtiboran uch kun ichida (sayyor bojxona auditini oʻtkazish vaqtida) quyidagilarni xabarnoma yuborgan bojxona organiga taqdim etishingiz (va tayyorlashingiz) soʻraladi:
(kameral bojxona auditini amalga oshirgan bojxona organi mansabdor shaxsining F.I.O. va lavozimi)
3) ________________________________________________________________________________________________ (vakolatli shaxsning nomi (F.I.O.), uning joylashgan joyi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami)
BOJXONA TOʻLOVLARINI TOʻLASH BOʻYICHA QARZDORLIKNI UNDIRISH TOʻGʻRISIDAGI
TALABNOMA
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining ____-moddasiga muvofiq hamda ___________ning
(bojxona organi nomi)
20____ yil _____ _________ dagi _____________-son dalolatnomasiga asosan (kameral, sayyor) bojxona auditi natijalariga koʻra bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik hisoblandi:
Jami:
________________soʻm
(qarzdorlik summasi)
Bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni toʻlash toʻgʻrisidagi talabnomani bajarish muddati talabnoma toʻlovchiga topshirilgan yoki toʻlovchi tomonidan olingan kunning ertasidan eʼtiboran oʻn ish kunini tashkil etadi.
Ogohlantirish: Talabnomada koʻrsatilgan bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik summasi toʻlanmagan taqdirda, bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik sud tartibida undiriladi.
_______________________________________
________________
_________________________________
(mansabdor shaxsning lavozimi)
(imzo)
(F.I.O.)
Bojxona auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Sayyor bojxona auditini oʻtkazish toʻgʻrisida bojxona organi QARORI
bojxona yuk deklaratsiyasida rasmiylashtirilgan tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi TIF TN kodiga muvofiq toʻgʻri tasniflanganligi;
maʼlum qilingan bojxona qiymatining haqqoniyligi;
bojxona toʻlovlarining toʻgʻri hisoblanganligi va undirilganligi;
tovarlarga nisbatan tarif preferensiyalarining toʻgʻri qoʻllanilganligi;
bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar toʻgʻri qoʻllanilganligi, tovarlardan foydalanish boʻyicha cheklovlarga rioya etilganligi yoki ulardan belgilangan maqsadda foydalanganligi;
shartli chiqarib yuborilgan tovarlar boʻyicha belgilangan cheklovlarga rioya etilganligi;
tovar va transport vositalari saqlanadigan joylarga chiqqan holda, ular boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalarning qonuniyligi;
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa talablar va majburiyatlarga rioya etilganligi.
_________________________________
(mansabdor shaxsning lavozimi)
_____________
(imzo)
____________________________________________
F.I.O.
Bojxona auditini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Sayyor bojxona auditini oʻtkazuvchi mansabdor shaxslarni vakolatli shaxsning obyektlariga (hududlarga yoki binolarga) kirishiga toʻsqinlik qilinganlik va (yoki) vakolatli shaxs oʻz majburiyatini toʻliq bajarmaganligi toʻgʻrisidagi
(vakolatli shaxsning obyektlar (hududlar yoki binolar)ning joylashgan joyi, ushbu obyektlarga kirishga toʻsqinlik qilinganlik va (yoki) vakolatli shaxs oʻz majburiyatini toʻliq bajarmaganligi holati mazmuni va vaqti
Mazkur bayonnoma vakolatli shaxsga nisbatan kelgusida bojxona nazorati shakllarini xavf darajasi yuqori koʻrsatkichga oʻtkazish, shuningdek, bojxona organlaridagi mavjud hujjatlar va maʼlumotlar boʻyicha bojxona toʻlovlarini hisoblash uchun asos boʻladi.
Holat yuzasidan sodir etgan vakolatli shaxsning tushuntirishi yoki bayonnomani imzolashdan bosh tortganligi:
(dalolatnoma tuzgan bojxona organi mansabdor shaxsning F.I.O., lavozimi) _______________________________________________________________________________________________
(vakolatli shaxsning nomi (F.I.O.)) _______________________________________________________________________________________________
(muhrlash amalga oshirilgan vakolatli shaxsning obyekt manzili) _______________________________________________________________________________________________
(muhrlash usulining tavsifi)
Vakolatli shaxsning binolar, omborlar, arxivlar, tovarlar va hujjatlar saqlanadigan boshqa joylarni qoʻriqlashga olish va muhrlangan joyni ochish uchun javobgarlikka tortish choralari bilan tanishganligi toʻgʻrisida ogohlantirildi.