Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.1997
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NARXLARNI BOShQARISh JAMG‘ARMASI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 22-iyuldagi 368-son “Narxlarni boshqarish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Narxlarni boshqarish jamg‘armasi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda budjetdan tashqari “Narxlarni boshqarish jamg‘armasi” maxsus schyotiga mablag‘lar o‘tkazish tartibini ishlab chiqsin;
Narxlarni boshqarish jamg‘armasi mablag‘laridan belgilangan maqsadga qat’iy muvofiq holda foydalanilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 14-iyun,
284-son

Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 14-iyundagi 284-son qarori bilan
TASDIQLANGAN

Narxlarni boshqarish jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga monopoliyaga qarshi siyosatni olib borish bo‘yicha vazifalarni yuklash to‘g‘risida” 1993-yil 6-fevraldagi 63-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 30-martdagi 160-son qaroriga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining bozor munosabatlariga o‘tishi munosabati bilan ishlab chiqilgan.
Nizom Narxlarni boshqarish jamg‘armasining maqsadi va vazifalarini belgilaydi, uni shakllantirish, undan foydalanish tartibini nazarda tutadi. Nizomni bajarish barcha korxonalar, birlashmalar, tashkilotlar va boshqa yuridik shaxslar (kimga bo‘ysunishidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida mahsulotlar, tovarlar tayyorlaydigan va sotadigan ish va xizmatlarni amalga oshiradigan (yuridik shaxs sifatida shakllanmagan) tadbirkorlar uchun majburiydir.
Narxlarni boshqarish jamg‘armasi aholini xo‘jalik yurituvchi subyektlar — monopolistlar mahsulotlari narxlarining asossiz oshishidan ijtimoiy himoya qilish va pulning qadrsizlanishi jarayonlarini yumshatish maqsadida tashkil etiladi.
II. Narxlarni boshqarish jamg‘armasining maqsadi va vazifalari
Aholini narxlarning oshishidan, pulning qadrsizlanishi jarayonlaridan quyidagi vositalar bilan zaruriy ravishda himoya qilishni ta’minlash Narxlarni boshqarish jamg‘armasining asosiy maqsadi va vazifalari hisoblanadi:
mahsulotlar, tovarlar, ishlar va xizmatlar ulgurji, sotish narxlari va tariflarining o‘sishini to‘xtatib turish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va bir qancha eng zarur tovarlarning chakana narxlarini tartibga solish;
monopolist korxonalar mahsulotlari narxlarining uzluksiz oshishini to‘xtatuvchi va mahsulot tayyorlovchilarning monopolistik xatti-harakatlaridan iste’molchilar manfaatlarini himoya qiluvchi chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Narxlarni boshqarish jamg‘armasi schyotida respublika oldida turgan ijtimoiy va ishlab chiqarish vazifalarini hal etish uchun yetarli bo‘lgan mablag‘larni shakllantirish;
narsalarni pasaytirish uchun iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish, davlat budjeti bilan bir qatorda, xalq xo‘jaligining ko‘p sarmoya talab qiladigan tarmoqlariga investitsiyalarni oshirish, shuningdek, sotiladigan mahsulotlar hajmini ko‘paytirish.
Narxlarni boshqarish jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida tashkil etiladi.
III. Narxlarni boshqarish jamg‘armasini shakllantirish tartibi
Narxlarni boshqarish jamg‘armasi monopoliyaga qarshi va narx siyosati bo‘yicha respublikada amalda bo‘lgan qonunchilik va normativ hujjatlarga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyektlarga iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash va jarimalar solishdan tushadigan mablag‘lardan shakllanadi. Shu jumladan:
“Monopolistik faoliyatni cheklash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga rioya qilmaganligi uchun;
belgilab qo‘yilgan va boshqariladigan narx va tariflar darajasini ko‘targanlik, shuningdek, rentabellikning belgilangan darajasini oshirganlik uchun;
ishlab chiqarish-texnika maqsadlaridagi mahsulotlar, xalq iste’mol mollari va xizmatlarning shartnomaviy (erkin) narxlari va tariflarini shakllantirish hamda ularni qo‘llanish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga rioya qilmaganlik uchun;
umumiy ovqatlanish, aholiga maishiy, kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarining xizmat ko‘rsatish darajasi ushbu narxlar va tariflar belgilangan vaqtda qabul qilingan tavsifnomalarga muvofiq kelmaydigan boshqariladigan narxlarni, ustama narxlarni, tariflarni qo‘llaganligi uchun;
xizmatlar qiymatiga amalda bajarilmagan ishlarni yoki ushbu xizmatlar narxida hisobga olingan hajmda to‘liq bajarilmagan ishlarni qo‘shganlik, shuningdek, to‘liq butlanmagan mahsulotni yetkazib berganlik uchun;
mahsulot yetkazib beruvchi korxona tomonidan iste’molchilardan sotilgan (ko‘rsatilgan) mahsulotlar (xizmatlar) qiymatidan ortiqcha mablag‘lar olinganligi uchun;
konstruktiv yoki texnologik kamchiliklari tufayli o‘zaro kelishilgan vaqtda qabul qilingan iste’mol xossalari ta’minlanmagan (standartlash organlarining xulosasi mavjud bo‘lganda) mahsulotlar narxini oshirganlik uchun;
oziq-ovqat mollari ishlab chiqaradigan oziq-ovqat sanoati, umumiy ovqatlanish tarmoqlari korxonalari tomonidan Narxlarni boshqarish jamg‘armasining budjetdan tashqari maxsus schyotiga xomashyoni (komponentlarni) almashtirgan holda, shuningdek, standartlardan, texnikaviy shartlardan va retsepturalardan chekinilgan holda mahsulot ishlab chiqarishdan olingan tejam summasini o‘tkazmaganlik uchun iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash va jarimalar solishdan tushadigan mablag‘lardan shakllanadi.
Narx intizomini va monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzish natijasida noqonuniy olingan tushum (daromad) summasining hammasi Narxlarni boshqarish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi (Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 23-noyabrdagi 553-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining ijtimoiy rivojlanish va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan 15 foiz bundan mustasno).
Narxlarni boshqarish jamg‘armasiga tushgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining budjetdan tashqari maxsus schyotida jamlanadi.
Mablag‘larning Narxlarni boshqarish jamg‘armasiga to‘liq, to‘g‘ri va o‘z vaqtida o‘tkazilganligini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi moliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
IV. Narxlarni boshqarish jamg‘armasidan foydalanish
Narxlarni boshqarish jamg‘armasidan dotatsiya orqali uy-joy-kommunal xo‘jaligida, davlat tomonidan boshqariladigan narxlar bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan transport xizmatlarida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining, asosiy turlarini yetishtirishda, ijtimoiy jihatdan muhim bo‘lgan xalq iste’mol mollari va ishlab chiqarishda va xizmatlar ko‘rsatishda (Hukumat ular bo‘yicha narx va tariflarni nisbatan past darajada tutib turadi), mablag‘larning to‘planishiga qarab — ko‘p sarmoya talab qiladigan tarmoqlardagi investitsiyalarda hamda respublika Hukumati tomonidan belgilanadigan boshqa maqsadlarda foydalaniladi.
Ko‘rsatilgan maqsadlarga mablag‘lar ajratish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plami, 1993-y., 6-son, 23-modda)