Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 11.03.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MUQOBIL XIZMATNI TAShKIL ETISh VA UNI OʻTASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 11-martdagi 128-son qaroriga “Muqobil xizmatni tashkil etish va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining uni oʻtashi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Muqobil xizmatni tashkil etish va uni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 7-fevraldagi 54-son, 1992-yil 27-noyabrdagi 557-son qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-iyun,
275-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 7-iyundagi
275-son qaroriga
ILOVA
Muqobil xizmatni tashkil etish va uni oʻtash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolari tomonidan muqobil xizmatni oʻtash tartibini, shuningdek, uni tashkil etish yuzasida respublika davlat boshqaruv organlari, vazirliklar, idoralar, konsernlar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning vazifalarini belgilaydi.
2. Muqobil xizmatga rahbarlikni, uni oʻtash ustidan nazoratni, shuningdek, muqobil xizmat xizmatchilarning huquqlarini himoya qilishni va ijtimoiy kafolatlarini taʼminlashni Oʻzbekiston Respublikasi, Mudofaa vazirligining muqobil xizmat boshqarmasi va harbiy boshqaruv mahalliy organlarining tegishli boʻlimlari hamda boʻlinmalari amalga oshiradilar.
II. Muqobil xizmatga chaqirish
3. Fuqarolarni muqobil xizmatga chaqirish “Muqobil xizmat toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Vazirlar Mahkamasining qaroriga, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrugʻiga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Fuqarolarni muqobil xizmatga chaqirishni tashkil etish tuman (shahar) chaqiriq komissiyalariga, hokimliklariga, shuningdek, tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlariga yuklatiladi.
5. Muqobil xizmatga:
“Muqobil xizmat toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq muqobil xizmatni oʻtash huquqiga ega boʻlgan fuqarolar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiriq komissiyalarining tibbiy komissiyalari tomonidan jangovar qismlarda harbiy xizmatga cheklangan darajada yaroqli deb topilgan fuqarolar;
choʻpon boʻlib ishlovchilar chaqiriladilar.
6. Muqobil xizmatga chaqiriladigan Fuqarolar muqobil xizmatni tanlash huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlarini bu haqda oldindan xabardor qiladilar.
7. Muqobil xizmatga chaqiriluvchilarning tibbiy koʻrigi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda mudofaa vaziri tomonidan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
8. Tuman (shahar) chaqiriq komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida va tibbiy koʻrik natijalariga muvofiq tegishli qaror qabul qiladi.
Xizmatchilarning chaqirilishi kuni va xizmatni oʻtash joyi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan guvohnoma fuqarolarning muqobil xizmatga munosabatlarini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
Muqobil xizmatga chaqirilgan fuqaro unga belgilangan namunadagi shartnoma-majburiyatga imzo qoʻyadi.
9. Muqobil xizmatga chaqirilgan fuqaro unga xizmatni oʻtash joyi tayinlanganligi toʻgʻrisidagi va yetib borish muddati belgilangan yozma koʻrsatmani olish uchun tuman mudofaa ishlari boʻlimiga belgilangan muddatda yetib keladi.
Muqobil xizmatga chaqirilgan fuqarolarni oʻzlarining yashash joylaridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga yuborish yetib borish muddati belgilangan holda yakka tartibda amalga oshiriladi.
Tumanlar (shaharlar) tashqarisidagi tuzilmalar tarkibiga muqobil xizmatga chaqirilgan fuqarolarni joʻnatish muqobil xizmatning viloyat boʻlimlari tomonidan, ularni xizmatni oʻtash joyigacha kuzatib qoʻyish sharti bilan amalga oshiriladi.
Muqobil xizmatga chaqirilgan fuqarolarni tashish va oʻquv yigʻinlarini tashkil etish xarajatlari Muqobil xizmat boshqaruv organlari hisobidan amalga oshiriladi.
10. Xizmatni oʻtash joyiga yetib kelingach uch kun mobaynida muqobil xizmat xizmatchilari bilan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar maʼmuriyatlari oʻrtasida mehnat shartnomasi tuziladi va tegishli buyruq chiqariladi, bu haqda muqobil xizmat xizmatchilarining guvohnomalariga yozib qoʻyiladi.
Ishga qabul qilinganlik toʻgʻrisida buyrugʻ chiqarilgan kun muqobil xizmat boshlangan kun hisoblanadi.
III. Muqobil xizmatni oʻtash
11. Muqobil xizmatni oʻtash ilova qilingan Roʻyxatga muvofiq respublika vazirliklari, idoralari va konsernlarining korxonalarida, tashkilotlarida va muassasalarida, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan tuzilmalarda amalga oshiriladi.
Muqobil xizmat xizmatchilaridan turli xildagi tijorat tuzilmalarida, kichik biznes, umumiy ovqatlanish, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish korxonalarida, shuningdek, rahbarlik va boshqaruv lavozimlarida va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq boʻlgan lavozimlar (sotuvchi, konduktor, oshpaz, omborchi, qorovul va shu kabilar)da foydalanish qatʼiy man etiladi.
12. Muqobil xizmat xizmatchilari xizmatni oʻtash vaqtida “Muqobil xizmat toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan talablarni bajarishga majburdirlar.
13. Muqobil xizmat xizmatchilaridan mehnat shartnomalarida nazarda tutilmagan ishlarda foydalanish taqiqlanadi.
14. Muqobil xizmat xizmatchilarini boshqa korxonalarga, tashkilotlarga oʻtkazish:
korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tugatilgan, ularning shtatlari yoki xodimlari soni qisqartirilganda;
harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasiga muvofiq salomatligi boʻyicha mehnat sharoitlarini yengillatish zaruriyati paydo boʻlganda;
muqobil xizmat xizmatchisining xizmatni shartnoma-bitim asosida respublika tashqarisida davom ettirish xohishi boʻlganda;
avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar va favqulodda hodisalarni tugatish boʻyicha ishlarni bajaruvchi korxonalar tashkilotlar va muassasalarni butlash zaruriyati boʻlgan hollarda amalga oshiriladi.
Bunday hollarda bir joydan ikkinchi joyga oʻtkazish huquqi:
tuman (shahar) doirasida — tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimining boshligʻiga;
viloyat doirasida — viloyat mudofaa ishlari boshqarmasining boshligʻiga;
respublika doirasida — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi muqobil xizmat boshqarmasining boshligʻiga;
respublikadan tashqarida va avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda holatlarni tugatish boʻyicha ishlarni bajarish uchun — Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziriga beriladi.
15. Xizmat davrida, muqobil xizmat xizmatchilari (diniy maslaklari boʻyicha muqobil xizmatni oʻtayotganlar bundan mustasno) harbiy-hisobga olish mutaxassisligini olish maqsadida Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan dasturlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy-oʻquv muassasalarida va oʻquv markazlarida oʻtkaziladigan harbiy tayyorgarlik boʻyicha oʻquv yigʻinlariga jalb qiladilar.
Oʻquv yigʻinlari tamom boʻlgach muqobil xizmat xizmatchilari, oʻqitish dasturiga muvofiq harbiy-hisobga olish mutaxassisligini oladilar va harbiy qasamyod qiladilar.
Muqobil xizmat boshqaruv organlari korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning rahbarlarini oldindan bir oydan kechiktirmay muqobil xizmat xizmatchilarini oʻquv yigʻinlariga jalb qilish haqida xabardor qiladilar va keyinchalik muqobil xizmat xizmatchilarini yigʻinlar oʻtkaziladigan joyga yuborishni amalga oshiradilar.
IV. Muqobil xizmatdan boʻshatish
16. Belgilangan xizmat muddatlarini oʻtab boʻlgan muqobil xizmat xizmatchilari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga boʻshatiladilar.
Muqobil xizmat xizmatchilarini boʻshatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
17. Muqobil xizmat xizmatchilari:
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq muddatni kechiktirish huquqini beruvchi oilaviy ahvol oʻzgarganda;
Mudofaa vazirligi harbiy-tibbiy komissiyasining xizmatchining kasalligi boʻyicha muqobil xizmatni bundan keyin davom ettirish uchun yaroqsizligi toʻgʻrisidagi xulosasi asosida muddatidan ilgari zaxiraga boʻshatilishlari mumkin.
Muqobil xizmat xizmatchisini muddatidan ilgari boʻshatish maqsadida uning oilaviy ahvolini oʻrganish tuman hokimliklari tuzadigan hamda mudofaa ishlari boʻlimi vakillari albatta ishtirok etadigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Muqobil xizmat xizmatchisini muddatidan ilgari boʻshatish Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining qarori asosida amalga oshiriladi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga boʻshatiladigan muqobil xizmat xizmatchilari harbiy xizmatga chaqirilgan joydagi tuman (shahar)mudofaa ishlari boʻlimiga yuboriladilar.
Muqobil xizmat xizmatchilarini boshqa joylarga yuborishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
xizmatchilarning oilalari (ota-onalari) tomonidan turar joylari oʻzgartirilganda;
nikohdan oʻtganligi tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanganda.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga boʻshatilgan muqobil xizmat xizmatchilari uch kun muddatda harbiy hisobga turish uchun mudofaa ishlari boʻlimiga kelishlari shart.
V. Davlat boshqaruv organlari, vazirliklar, idoralar va konsernlarning vazifalari
20. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman (shahar)lar hokimliklari:
Fuqarolarning muqobil xizmati tashkil etiladigan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarni belgilaydilar;
muqobil xizmat xizmatchilarini ishga joylashtirish uchun korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga kvotalar belgilaydilar;
muqobil xizmatga chaqiriluvchi fuqarolar uchun ishchi oʻrinlari sonini koʻpaytirish chora-tadbirlarini koʻradilar;
muqobil xizmat boshqaruv organlariga muqobil xizmat xizmatchilarini ishga joylashtirish uchun ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarishlar, yordamchi xoʻjaliklar va boshqa korxonalar tashkil etishda yordam koʻrsatadilar;
Fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va muqobil xizmatga chaqirish boʻyicha chaqiriq va tibbiy komissiyalarni tuzishni hamda ularning ishlashlarini taʼminlaydilar;
muqobil xizmat boshqaruv organlariga oʻzlarining faoliyat sohasiga tegishli boshqa masalalarni hal etishlarida yordam koʻrsatadilar.
21. Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, konsernlari:
muqobil xizmat boshqaruv organlariga ularning talablari boʻyicha oʻzlariga qarashli korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda boʻsh ish oʻrinlari borligi toʻgʻrisida axborot, muqobil xizmatni tashkil etish yuzasidan oʻzlarining takliflarini va ushbu xizmatga chaqiriladigan xizmatchilarni zarur miqdorda ajratish uchun buyurtmanomalar taqdim etadilar;
muqobil xizmatga chaqiriluvchi fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlari sonini koʻpaytirish chora-tadbirlarini koʻradilar;
oʻzlariga qarashli korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini taʼminlaydilar.
VI. Korxonalar, tashkilotlar, muassasalarning majburiyatlari
22. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning maʼmuriyatlari “Muqobil xizmat toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq:
“Muqobil xizmat toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va muqobil xizmat organlari bilan tuzilgan shartnoma shartlariga qatʼiy rioya qilishga;
muqobil xizmat qilish uchun kelgan xizmatchilar bilan mehnat shartnomasi tuzishga;
muqobil xizmat xizmatchilarini ustavlar, nizomlar, ichki tartib-intizom qoidalari, mehnat va oʻqish sharoitlari bilan tanishtirishga, ularning huquqlari, burchlari va javobgarliklarini tushuntirishga;
mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalari yuzasidan yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatishga;
zarur hollarda muqobil xizmat xizmatchilarini ishchi kasblarini oʻrgatish uchun xalq taʼlimi tizimining tarmoq oʻquv markazlariga va oʻquv yurtlariga yuborishga;
mehnat va turmush sharoitlari yaratib berishga, maxsus kiyim-bosh va asboblar bilan taʼminlashga;
Muqobil xizmat xizmatchilarini zarur boʻlganda uy-joy, tekin tibbiy xizmat bilan taʼminlashga;
Muqobil xizmat xizmatchilari oʻrtasida tarbiyaviy ishlarni olib borishga;
Muqobil xizmatning tegishli organlarini:
fuqarolarning muqobil xizmatga kelganliklari toʻgʻrisida xabardor qilishga;
xizmatchilar tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarning buzilishi va ularning uzrsiz sabablar bilan xizmatga chiqmasligi hollari toʻgʻrisida xabardor qilishga;
xizmatchilar bilan toʻliq hisob-kitob qilinganligi va ular oʻquv yigʻinlariga joʻnatish uchun muqobil xizmat organlari ixtiyoriga yuborilganligi toʻgʻrisida xabardor qilishga;
muqobil xizmat organlarining hisob-kitob schyotlariga muqobil xizmat xizmatchilarining ish haqlaridan ushlab olinadigan summalarni har oyda oʻtkazishga, shuningdek, muqobil xizmat organlari xarajatlariga, muqobil xizmat xizmatchilarini ishchi kasblariga oʻrgatishga tegishli shartnomalar bilan belgilanadigan miqdorlarda ajratmalar oʻtkazishga;
yiliga bir marta 15 ish kunidan iborat muddatga taʼtil berishga;
muqobil xizmat xizmatchilariga, ular halok boʻlgan hollarda esa — ularning oilalariga ular xizmat (mehnat) majburiyatlarini bajarayotgan vaqtlarida ishlab chiqarish avariyasi, mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi qoidalari talablari bajarilishi taʼminlanmaganligi oqibatida ularning salomatligiga yetkazilgan zarar uchun toʻla beriladigan nafaqa va pul kompensatsiyasi toʻlashga majburdirlar.
Muqobil xizmatni tashkil etish
va uni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
ILOVA
Korxonalari, tashkilotlari va muassasalarida muqobil xizmatni oʻtash amalga oshiriladigan vazirliklar, idoralar va konsernlarning
ROʻYXATI
Ichki ishlar vazirligi
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi
(ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1-noyabrdagi 434-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 21-son, 149-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzkommunxizmat” agentligi
(uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1-noyabrdagi 434-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 21-son, 149-modda)
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi
Mudofaa vazirligi
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi
(yettinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 23-sentabrdagi 328-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 17-18-son, 139-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi
(sakkizinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-apreldagi 149-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi
(toʻqqizinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1-noyabrdagi 434-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 21-son, 149-modda)
“Oʻzavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi
Oʻzbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari (“Oʻzmontajmaxsusqurilish”) uyushmasi
Oʻzbekiston suv xoʻjaligi qurilishi (“Oʻzsuvqurilish”) davlat konserni
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi
Oldingi tahrirga qarang.
(oʻn toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-apreldagi 149-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
“Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni
“Oʻzdonmahsulot” davlat konserni
“Oʻzdavqishloqxoʻjalikmash” konserni
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi
“Toshshahartranskorxona” davlat uyushmasi
“Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi
“Toshkentqurilish” davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi
“Oʻzkolxozqurilish” respublika davlat-kooperativ birlashmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi respublika ishlab chiqarish davlat kooperativ qurilish birlashmasi (“Oʻzdehqonchilikqurilish”)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yogʻoch tayyorlash, qurilish konstruksiyalari ishlab chiqarish va yogʻochni qayta ishlash (“Oʻzboshyogʻochqurilish”) bosh boshqarmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mevasabzavot va uzumchilik sanoati (“Oʻzmevasabzavotuzumsanoati”) davlat-kooperativ konserni
“Oʻzoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konserni
“Oʻzqurilishmateriallari” davlat konserni
“Oʻzsanoatxoʻjalikqurilish” davlat korporatsiyasi
“Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi
“Oʻzavtoyoʻl” davlat-aksionerlik konserni
Oʻrta Osiyo Temir yoʻl boshqarmasi
Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi
Oʻzbekiston davlat radioelektronika, elektrotexnika sanoati va asbobsozlik (“Oʻzdavradioelektrontexasbob”) konserni
Oʻzbekiston davlat kimyo sanoati konserni (“Oʻzdavkimyokonsern”)
Oʻzbekiston paxtani qayta ishlash sanoatini ilmiy-texnikaviy taʼminlash davlat konserni
Oʻzbekiston davlat mashinasozlik konserni
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi
“Oʻrtaosiyokoʻmir” ishlab chiqarish birlashmasi
“Oʻzbektoʻqimachimash” ishlab chiqarish birlashmasi
“Oʻzikkilamchiranglimetall” ishlab chiqarish birlashmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Dehqonchilik sanoati kompleksini moddiy-texnikaviy taʼminlash va texnikani tuzatish (“Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish”) davlat-kooperativ qoʻmitasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya va kartografiya boshqarmasi (“Oʻzgeodeziya”)
Oʻzbekiston Respublikasi “Sharq” nashriyot-matbaa konserni
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Baliq va baliq mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish konserni (“Oʻzbaliq”)
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi
“Oʻzbekmebel” davlat-aksionerlik birlashmasi
Toshkent shahar hokimligi uy-joy-kommunal xoʻjaligi korxonalari
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 1993-y., 6-son, 21-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 21-son, 149-modda; 2002-y., 17-18-son, 139-modda)