1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.08.00.00 Bojxona rasmiylashtiruvi]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Bojxonaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashqi savdo yuklarini bojxona nazorati ostida tashishni soddalashtirish, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2020-yil 5-iyundagi PF-6005-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, mamlakatimizning transport logistika salohiyatini kengaytirish, tranzit jozibadorligini oshirish hamda tashqi savdo yuklarini bojxona nazorati ostidagi tashishni soddalashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil yoʻllarida tashiladigan va bojxona hamrohligida kuzatib boriladigan bojxona nazorati ostidagi transport vositalari va tovarlarni, bojxona hamrohligidagi kuzatuvni tashkil etish, bojxona hamrohligidagi kuzatuvlar uchun bojxona yigʻimlarini undirish tartibini, shuningdek, bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlarning huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi Bojxona nazorati ostida avtomobil yoʻllarida tashilayotgan tovarlarning bojxona hamrohligidagi kuzatuvini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida va interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish, shuningdek, bojxona organi ruxsatisiz tovarlar berib yuborilganda, yoʻqotilganda yoki manzil bojxona postiga belgilangan muddatda hamda oʻzgarmas holatda yetkazilmaganda, bojxona toʻlovlarini hisoblash va undirish tartibini nazarda tutuvchi Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida va interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, bojxona hamrohligida kuzatib boriladigan tovarlar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi joʻnatuvchi hamda manzil bojxona postlarida, shuningdek, qabul qilish-topshirish punktlarida ustuvor tartibda amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.03.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari]
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-dekabr,
800-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22 dekabrdagi 800-son qaroriga 1-ILOVA
Bojxona nazorati ostida avtomobil yoʻllarida tashilayotgan tovarlarning bojxona hamrohligidagi kuzatuvini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil yoʻllarida tashiladigan bojxona nazorati ostidagi transport vositalari va tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bojxona hamrohligida kuzatib borish — avtotransport vositalarining bojxona organlari tomonidan xavfsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida bojxona nazorati ostida maxsus jihozlangan avtomobil yordamida kuzatib borilishi;
joʻnatuvchi bojxona posti — tovarlarning barcha turkumi yoki uning bir qismi uchun bojxona hamrohligidagi kuzatuv boshlanadigan bojxona posti;
qabul qilish-topshirish punkti — bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan tovarlar, transport vositalari va ularga tegishli hujjatlarni qabul qilish-topshirish amalga oshiriladigan joy;
manzildagi bojxona posti — tovarlarning barcha turkumi yoki uning bir qismi uchun bojxona hamrohligidagi kuzatuv tugaydigan bojxona posti;
tashuvchi — bojxona nazorati ostida turgan chet el tovarlari tashilishini amalga oshiruvchi yoki transport vositasidan foydalanish uchun masʼul shaxs;
transport vositalari — yoʻlovchilarni va tovarlarni tashish uchun foydalaniladigan barcha vositalar, shu jumladan, konteynerlar va boshqa transport jihozlari.
3. Tovarlar va transport vositalarini bojxona hamrohligida kuzatib borish tovarlar va transport vositalari bojxona nazorati ostida tashilayotganda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlar ushbu Nizom talablariga amal qiladi va bojxona posti boshligʻiga boʻysunadi.
5. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshirish uchun xodimlar va maxsus jihozlangan avtomobillarni ajratish, bojxona hamrohligida kuzatiladigan tovarlar va transport vositalarini qabul qilish-topshirish punktlari, kuzatuv hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi va ularning shakllari, shuningdek, bojxona hamrohligida kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlarning oʻzaro hamkorlik tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat bojxona qoʻmitasi) tomonidan belgilanadi.
6. Bojxona hamrohligida kuzatuvni amalga oshirishda tashuvchi, yuk joʻnatuvchi yoki yuk qabul qiluvchining sarflangan xarajatlari bojxona organlari tomonidan qoplab berilmaydi.
7. Bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan bojxona nazorati ostidagi tovarlar, transport vositalari va ularning hujjatlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan bojxona nazorati shakllari qoʻllanilishi mumkin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Joʻnatuvchi hamda manzildagi bojxona postlarida, shuningdek, qabul qilish-topshirish punktlarida bojxona hamrohligida kuzatib boriladigan tovarlar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi ustuvor tartibda amalga oshiriladi.
2-bob. Bojxona hamrohligidagi kuzatuv ostida amalga oshiriladigan tashish
9. Bojxona hamrohligida kuzatib borish chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan qoʻllaniladi, quyidagi hollar bundan mustasno:
tovarlar Xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasini qoʻllagan holda yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi bojxona konvensiyasiga (Jeneva, 1975-yil 14-noyabr) muvofiq tashilgan taqdirda;
milliy avtotashuvchilar tomonidan import tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish uchun jihozlangan transport vositalarida tashilgan taqdirda;
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-oktabrdagi 630-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2024-y., 09/24/630/0793-son)
tovarlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq, birinchi va uchinchi turdagi guvohnoma asosida vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritilgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilganda;
(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 47-bobiga muvofiq bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlangan taqdirda;
tovarlar bojxona hududiga insonparvarlik yordami va texnik koʻmak sifatida, shuningdek, xalqaro pochta joʻnatmalari va feldyeger pochtasi sifatida tasdiqlovchi hujjatlar boʻlgan taqdirda olib kirilganda.
Agar xavfni boshqarish tizimida nazorat chorasi mavjud boʻlsa, davlat bojxona xizmati organlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan bojxona hamrohligida kuzatib borish qoʻllaniladi.
(9-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 223-moddasi.
10. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvdan ozod etish uchun bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash chet el tovarlari “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilganda toʻlanishi lozim boʻlgan foiz va miqdorlarda, preferensiyalar hamda imtiyozlar inobatga olinmagan holda hisoblangan miqdordan kam boʻlmasligi lozim.
11. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvdan ozod etish uchun bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashning eng yuqori miqdori milliy valyutada kompensatsiya toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kursi boʻyicha, chet el tovarlari tashilayotgan bitta transport vositasi uchun yuz ming yevro ekvivalentidan oshmasligi lozim, tirik hayvonlar tashilayotgan transport vositalarini bojxona hamrohligidagi kuzatuvdan ozod etish uchun bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash bundan mustasno.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-sentabrdagi 487-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2022-y., 09/22/487/0794-son)
12. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvdan ozod etish uchun bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Davlat bojxona qoʻmitasiga milliy valyutada taqdim etiladi.
13. Bojxona toʻlovlarining toʻlanishi taʼminlangan summasi chet el tovarlari “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilganda toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari miqdoriga muvofiq boʻlmaganda yoki kam boʻlganda, bojxona posti xodimi shu vaqtning oʻzida YIDXP orqali sabablarini koʻrsatgan holda, chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod qilishni rad etadi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qarori tahririda)
14. Tovarlar va transport vositalarining bojxona hamrohligidagi kuzatuvi avtotransport vositalarining turini inobatga olgan holda, harakatlanish uchun qulay va yakuniy manzilga yetkazib berish uchun qisqa yoʻnalish (katta hajmli va ogʻir vaznli avtotransport vositalari, shuningdek, maxsus, xavfli hamda katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarni tashiydigan avtotransport vositalari bundan mustasno) boʻylab amalga oshiriladi.
Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshirish davomiyligi oddiy yuklarni yakuniy manzilgacha tashish muddatlaridan koʻp boʻlmasligi lozim.
15. Bojxona hamrohligidagi kuzatuv “BOJXONA NAZORATI” yozuvli, ovoz berish, signal yoritgichli qurilmalar bilan jihozlangan maxsus transport vositasida amalga oshiriladi.
Qoʻl yuki sifatida tashilayotgan chet el tovarining bojxona hamrohligidagi kuzatuvi ushbu qoʻl yukini bojxona chegarasi orqali amalda olib oʻtayotgan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi talablari asosida tashuvchi sifatida javobgarligi ostida va ushbu shaxs xohishiga koʻra, unga tegishli boʻlgan yoki u tomonidan ijaraga olingan (yollangan) yoxud boshqa transport vositasida amalga oshirilishi mumkin.
Bunda bojxona hamkorligida kuzatib borish bilan bogʻliq xarajatlar tashuvchi yoki boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan qoplanadi.
16. Bojxona hamrohligida kuzatib borish kunning yorugʻ vaqtida, avtotransport vositasi joʻnatuvchi bojxona organiga yetib kelgan paytdan eʼtiboran olti soatdan kechiktirmay boshlanishi kerak. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli yozma topshirigʻi asosida kunning qorongʻi vaqtida ham kuzatuv amalga oshirilishi mumkin.
Agar bir yoʻnalish boʻylab harakatlanuvchi transport vositalarining soni yigirmataga yetsa, bojxona hamrohligidagi kuzatuv darhol boshlanadi.
17. Qabul qilish va topshirish punktlarida teskari yoʻnalish boʻyicha bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan tovarlar va transport vositalari harakatlanish uchun tayyor boʻlganda, bojxona xodimlari qabul qilish va topshirishni ushbu punktda amalga oshiradi.
Qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanayotgan avtotransport vositalari kolonnasi harakatining yoʻnalishi va vaqti mos tushgan hollarda, uchrashuv joyida qabul qilish-topshirishni amalga oshirishga ruxsat beriladi. Bunda bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan hamda xizmat avtotransport vositalari toʻxtaganda, boshqa transport vositalari harakatiga xalal bermasligi va shaxslar hayotiga xavf solmasligi lozim.
Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshirishda hujjatlar ushbu Nizomning 26 — 31-bandlariga muvofiq rasmiylashtiriladi.
18. Joʻnatuvchi bojxona posti boshligʻi yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs:
avtotransport vositalarini bojxona hamrohligida kuzatib borish uchun xodimlarni ajratadi;
bojxona hamrohligida kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlarga bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi, maʼlumotlarni elektron tizimlarga oʻz vaqtida, toʻgʻri kiritish, bojxona hujjatlarini toʻgʻri rasmiylashtirish hamda hududiy bojxona boshqarmalari masʼul xodimlari bilan oʻzaro aloqada boʻlish tartiblari yuzasidan tushuntirishlar beradi.
(18-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
19. Bojxona hamrohligida kuzatib boriladigan transport vositalari hujjatlarini rasmiylashtiradigan joʻnatuvchi bojxona posti masʼul xodimi:
hujjatlarni oʻrganib chiqadi, transport vositalari eshik va lyuklarining, qoʻl yuki idishi hamda ulardagi qulflarning ishonchliligi, shuningdek, qiyoslash vositalarini, muhrlarning butligini tekshirgan holda, bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshirish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtiradi. Agar tekshirish davomida tovarlar tashilayotgan transport vositasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmasa, tovarlarni tashishga transport vositasini lozim darajada jihozlash yoxud bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrish sharti bilan ruxsat beradi;
(19-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan tovarlar, transport vositalari va ularga tegishli hujjatlarni belgilangan tartibda topshiradi.
20. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodim:
bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan tovarlar, transport vositalari va ularga tegishli hujjatlarni belgilangan tartibda qabul qiladi;
bojxona hamrohligida kuzatib boriladigan tovarlar va transport vositalarini qabul qilib olishda transport vositalari eshik va lyuklarining, qoʻl yuki idishi hamda ulardagi qulflarning ishonchliligi, shuningdek, ulardagi qiyoslash vositalari, muhrlarning butligini tekshiradi, kamchiliklar aniqlanganda, tashuvchidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilishni talab qiladi;
tijorat va transport hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan transport vositasiga qoʻyilgan bojxona identifikatsiya vositalari mosligini tekshiradi;
bojxona hamrohligida kuzatib borishni amalga oshirish jarayonida kuzatilayotgan tovarga tegishli boʻlgan barcha hujjatlarni shaxsan oʻzida saqlaydi;
post boshligʻi yoki uning oʻrinbosari koʻrsatmasiga asosan tovar va transport vositalarining belgilangan tartibda bojxona hamrohligida kuzatib borilishini amalga oshirish va ularni belgilangan manzilga yetkazish choralarini koʻradi.
Bir yoʻnalishda harakatlanishga moʻljallangan yoʻllarda kuzatilayotgan avtotransport vositalari ortida toʻplangan transport vositalarini oʻtkazib yuborish choralarini koʻradi.
21. Yoʻnalish boʻyicha keyingi hududiy bojxona boshqarmasining bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi masʼul xodimlari qabul qilish-topshirishni mazkur Nizomning 17-bandiga muvofiq belgilangan joylarda va 22-bandida keltirilgan tartibda amalga oshiradilar.
22. Soʻngi manzildagi bojxona postiga yetkazib berilgan tovarlar va transport vositalari mazkur bojxona postining masʼul xodimiga topshiriladi hamda bojxona nazorati zonasiga joylashtiriladi.
4-bob. Bojxona hamrohligidagi kuzatuv uchun bojxona yigʻimlari
23. Bojxona hamrohligidagi kuzatuv uchun bojxona yigʻimlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan miqdorlarda undiriladi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq bojxona hamrohligidagi kuzatuv uchun bojxona yigʻimlaridan ozod etilgan holatlar bundan mustasno.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
24. Bojxona hamrohligidagi kuzatuv uchun bojxona yigʻimlari oldindan yoki bojxona hududida toʻlanishi lozim.
(24-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 210-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2024-y., 09/24/210/0286-son)
Bir transport vositasida hamda bitta qoʻl yuki tashilayotgan transport vositasida bir nechta bojxona postlari uchun moʻljallangan tovarlarni tashishda, bojxona hamrohligidagi kuzatuv uchun bojxona yigʻimi, birinchi joʻnatish bojxona postidan yakuniy manzildagi postigacha boʻlgan masofadan kelib chiqqan holda bir marotaba undiriladi.
25. Bojxona hamrohligidagi kuzatuv uchun bojxona yigʻimlari tashuvchi yoki boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan toʻlanadi.
5-bob. Bojxona hamrohligidagi kuzatuv
26. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlar tomonidan tashuv ish shartlari va tovarlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda yigirmatadan koʻp boʻlmagan avtotransport vositalari kuzatib borilishi mumkin.
Toʻxtash vaqtida bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlar avtotransport vositalari guruhi nazoratini taʼminlashi lozim.
27. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshirish davomida avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsirida yoxud boshqa hollarda transport vositalaridan birining nosozligi yuzaga kelib, harakatni davom ettira olmaganda, bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlar transport vositalari guruhi harakatini toʻxtatadi va bu haqda ushbu hududdagi hududiy bojxona boshqarmasiga yoki eng yaqin hududda joylashgan bojxona postiga xabar beradi, shuningdek, tovarlar yoʻqotilishining oldini olish boʻyicha zudlik bilan bojxona nazoratini taʼminlash choralarini koʻradi.
Harakatni davom ettirish uchun nosoz holga kelgan avtotransport vositasini hududiy bojxona boshqarmasi yoki bojxona posti masʼul xodimiga topshirgandan soʻng belgilangan tartibda qolgan avtotransport vositalarining bojxona hamrohligidagi kuzatuvini davom ettiradi.
Agarda, avtotransport vositasi nosozligini qisqa vaqtda bartaraf etish imkoni mavjud boʻlsa, taʼmirlash tugatilgandan soʻng bojxona hamrohligidagi kuzatuv davom ettiriladi. Sodir boʻlgan holat toʻgʻrisida yuzaga kelgan holat, uni bartaraf etish yuzasidan koʻrilgan choralar, tovarlarning holati hamda keyinchalik bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni aks ettirgan holda dalolatnoma tuziladi.
28. Bojxona hamrohligida kuzatib borish jarayonida tovar va transport vositasi avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsirida shikastlangan, foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan yoki yoʻq boʻlganda, bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlar tashuvchi va halokat sodir boʻlgan yoʻl uchastkasida xizmat koʻrsatuvchi yoʻl-patrul xizmati va boshqa vakolatli organ xodimlari bilan birgalikda sodir boʻlgan holat toʻgʻrisida dalolatnoma toʻldiradi.
Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshirayotgan xodimlar yuzaga kelgan holat boʻyicha zudlik bilan hududiy bojxona boshqarmasi navbatchilik qismiga va bojxona posti boshligʻiga xabar beradi.
Hududiy bojxona boshqarmasi va bojxona posti rahbariyati sodir boʻlgan holat boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan zarur choralarni koʻradi.
29. Bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan transport vositalari ichki ishlar organlarining blok postlarida toʻxtatilishi hamda tovarlarni koʻrish uchun avtomobilning yuk boʻlmasi ochilishi taqiqlanadi.
Bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan transport vositalarini toʻxtatishga faqat tovar va transport vositalari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan holda, bojxona hamrohligidagi kuzatuv ostida harakatlanayotganligi toʻgʻrisida gumon qilish uchun jiddiy asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, Davlat bojxona qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmasi rahbariyati tomonidan berilgan yozma koʻrsatma mavjud boʻlganda yoʻl qoʻyiladi.
(29-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
30. Bojxona hamrohligida kuzatib borish davomida tovarlar va transport vositalari bojxona koʻrigidan oʻtkazilganda belgilangan tartibda dalolatnoma toʻldirilib, uning bir nusxasi tijorat hamda transport hujjatlariga ilova qilinadi, ikkinchi nusxasi bojxona koʻrigini amalga oshirgan bojxona organi ish yurituvida qoladi va Davlat bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga tegishli maʼlumotlar kiritiladi. Bojxona hamrohligidagi kuzatuv ostida boʻlgan transport vositasining yukxonasi yoki qoʻl yuki idishiga yangi maxsus bojxona plombasi qoʻyiladi.
31. Bojxona hamrohligidagi kuzatuv ostida olib ketilayotgan transport vositasi bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlarning qonuniy talabini bajarmasdan ketib qolganda, zudlik bilan bu haqda ushbu hududdagi hududiy bojxona boshqarmasi hamda oʻzi xizmat olib borayotgan hududiy bojxona boshqarmalari navbatchilik qismiga xabar beradi.
Xabarni olgan navbatchilik qismi ichki ishlar organlarining hududiy tarkibiy tuzilmalariga bojxona hamrohligidagi kuzatuvdan qochib ketgan transport vositasini qidirib topish boʻyicha maʼlumot beradi.
Ichki ishlar organlari:
bojxona organidan xabar kelib tushishi bilan bojxona hamrohligidagi kuzatuvdan qochib ketgan transport vositasini qidirib topish va blok postlarida toʻxtatish hamda bojxona organlariga topshirish choralarini koʻradi;
respublikamiz magistral yoʻllaridagi avtotransport vositalarini nazorat qilish (“Avtotransport vositalarining harakatlanishini videokuzatuvi tizimi”) tizimi maʼlumotlarini elektron shaklda Davlat bojxona qoʻmitasiga onlayn rejimida taqdim etadi.
Bojxona organlari vakolatli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ichki ishlar organi tomonidan onlayn rejimida taqdim etilgan elektron maʼlumotlar asosida respublika hududida harakatlanayotgan bojxona nazorati ostidagi tovarlar va transport vositalari ustidan nazoratni amalga oshirib boradi.
Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlarning qonuniy talabini bajarmasdan, bojxona hamrohligidagi kuzatuvdan ketib qolgan transport vositasi topilganda, ushbu transport vositasi bojxona koʻrigidan oʻtkaziladi va tashuvchiga nisbatan bojxona qonunbuzilish holati yuritiladi.
Agar tovarlar yoʻqotilganligi aniqlansa, Kodeks hamda ushbu Nizomning 10-bandi talablari asosida hisoblab chiqarilgan bojxona toʻlovlari tashuvchidan soʻzsiz undirib olinadi.
6-bob. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari
32. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlar quyidagilarga majbur:
tovarlar va transport vositalarini bojxona hamrohligidagi kuzatuv ostida yetkazib berishda bojxona qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish;
(32-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
bojxona hamrohligidagi kuzatuv davomida xavfsizlik choralarini koʻrish va ularga rioya etish;
bojxona hamrohligidagi kuzatuvga olingan tovarlar va avtotransport vositalariga tegishli hujjatlarning saqlanishini taʼminlash;
kuzatilayotgan tovarga tegishli hujjatlarni transport vositasi haydovchisiga yoki tovar kuzatuvchisiga (ekspeditorga) yoxud boshqa shaxslarga bermaslik;
vaqti-vaqti bilan avtotransport vositasining yuk joylashtirilgan qismiga qoʻyilgan muhrlar va plombalarning holatini, shuningdek, tashilayotgan tovarlarni identifikatsiyalovchi boshqa taʼminlov vositalarining saqlanishini tekshirish;
avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsirida sodir boʻlgan vaziyatlarda yuk tashuvchiga koʻmaklashish;
yoʻl harakati qoidalariga, yoʻnalishiga, yetkazib berish muddatlariga va vaqtlariga qatʼiy rioya qilish.
33. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlarga quyidagilar taqiqlanadi:
mazkur Nizom talablarini buzish;
bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan tovarlar va transport vositalarini nazoratsiz qoldirish;
avtotransport vositasi yukxonasini zarurat boʻlmaganda ochish, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
(33-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
34. Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlar kuzatib borilayotgan tovarlar, avtotransport vositalari va ularning hujjatlari yoʻq qilinishi yoki yoʻqolishiga sabab boʻladigan holatlar vujudga kelgan vaziyatda tovarlar, avtotransport vositalari va ularning hujjatlari saqlanishini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrishi shart.
35. Bojxona hamrohligidagi kuzatuv ostida tashiladigan tovarlar, transport vositalarini tashish qoidalarini buzganlik, shuningdek, bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlarning qonuniy talablariga boʻysunmaslik uchun tashuvchi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
36. Bojxona organlari va ichki ishlar organlarining mansabdor shaxslari ushbu Nizom talablarini buzganliklari uchun Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 800-son qaroriga 2-ILOVA
Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida va interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida va interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli shaxs — chet el tovarlari uchun bojxona toʻlovlarining toʻlanishini taʼminlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat bojxona qoʻmitasi) reyestriga kiritilgan, shuningdek bojxona toʻlovlari toʻlanishiga javobgar boʻlgan bank, sugʻurta tashkilotlari, tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari (yuk joʻnatuvchi, yuk qabul qiluvchi, tashuvchi) yoki boshqa manfaatdor shaxs;
joʻnatuvchi bojxona posti — tovarning toʻliq turkumi yoki uning qismini bojxona nazorati ostida tashish boshlangan bojxona posti;
manzildagi bojxona posti — tovarning toʻliq turkumi yoki uning qismini bojxona nazorati ostida tashish tugallanadigan bojxona posti;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — DBQ YAAAT) — bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarning va transport vositalarining bojxona nazoratini amalga oshirish uchun ularga doir hujjatlar va maʼlumotlarning kiritilishini, hisobga olinishini hamda monitoring qilinishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining avtomatlashtirilgan tizimi.
3. Chet el tovarlari tashilayotgan avtotransport vositalari uchun bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash (pul mablagʻlarini bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga kiritishdan tashqari) banklar va sugʻurta tashkilotlari markaziy idoralari bilan Davlat bojxona qoʻmitasi oʻrtasida tuzilgan tomonlarning javobgarligini belgilovchi shartnoma asosida amalga oshiriladi. Bunda bank va sugʻurta tashkilotlarining toʻlov qobiliyati inobatga olinadi.
Bank kafolati hamda sugʻurta polislari Davlat bojxona qoʻmitasi bilan tuzilgan shartnoma asosida banklar va sugʻurta tashkilotlari tomonidan Davlat bojxona qoʻmitasiga elektron shaklda, onlayn rejimda taqdim etiladi.
Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona organi ruxsatisiz tovarlar berib yuborilganda, yoʻqotilganda yoki manzilga belgilangan muddatda oʻzgarmas holatda (tabiiy eskirish yoxud normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi oʻzgarishlar bundan mustasno) yetkazib berilmaganda, ushbu tovarlarga hisoblangan bojxona toʻlovlari taʼminlov bojxona rasmiylashtiruvi uchun qabul qilingan kunda amalda boʻlgan bank kafolati yoki sugʻurta polisi asosida undirib olinadi.
4. Banklar va sugʻurta tashkilotlari tomonidan bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlangan bank kafolati va sugʻurta polisi, ushbu bank kafolati hamda sugʻurta polisi boʻyicha majburiyatlar bajarilmagunga qadar bekor qilinishi mumkin emas.
5. Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni hisobga olish hamda nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) va DBQ YAAAT orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
2-bob. Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash va hisobga olish
1-§. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashning umumiy qoidalari
6. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash vakolatli shaxslar tomonidan elektron shaklda onlayn rejimida taqdim etiladi.
7. Chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalarini bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod qilish uchun bojxona toʻlovlarini taʼminlovchi vakolatli shaxs YIDXP orqali Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 47-bobiga muvofiq bojxona toʻlovlari toʻlanishini quyidagi istalgan usullar orqali taʼminlashi mumkin:
pul mablagʻlarini bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga (keyingi oʻrinlarda — depozit) kiritish;
tovarlarni garovga qoʻyish;
bank kafolatini taqdim etish;
bojxona toʻlovlarini toʻlash majburiyatini sugʻurtalash;
kafillik.
8. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash summasi, bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtirishda preferensiyalar hamda imtiyozlar inobatga olinmagan holda hisoblab chiqarilgan bojxona toʻlovlari summasiga mos yoki undan kam boʻlmasligi kerak.
9. Chet el tovarlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tashish boshlanishidan oldin vakolatli shaxs elektron raqamli imzo bilan YIDXPning “Chet el tovarlarining harakatiga bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash” interaktiv xizmati orqali elektron shaklda bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminotini kiritadi.
Bunda chet el tovarlari tashilayotgan har bir avtotransport vositasi uchun bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash alohida amalga oshirilishi lozim.
10. YIDXP orqali bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashda, chet el tovarlari tashilayotgan har bir avtotransport vositasi uchun maʼlumotlar alohida shakllantirilib, bojxona organiga yuboriladi.
Bojxona organiga kelib tushgan maʼlumotlar DBQ YAAATdagi formatli-mantiqiy nazoratdan ijobiy oʻtganda, chet el tovarlari tashilayotgan har bir avtotransport vositasi boʻyicha bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlanganligi toʻgʻrisida identifikatsiya kodi avtomatik tarzda vakolatli shaxsga taqdim etiladi va tovarlarni manzilga yetkazib berish bilan bogʻliq majburiyatlar bajarilguniga qadar ushbu mablagʻlardan foydalanish cheklanadi.
11. Identifikatsiya kodi chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod qilish maqsadida bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish vaqtida yoki Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida elektron shaklda oldindan xabardor qilishda joʻnatuvchi bojxona postiga taqdim qilinadi.
12. Bitta avtotransport vositasiga qoʻllanilgan bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash summasidan ushbu avtotransport vositasiga nisbatan tovarlarni tashish majburiyatlari bajarilgunga qadar boshqa avtotransport vositasiga nisbatan bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash maqsadida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-§. Pul mablagʻlarini bojxona organining depozitiga kiritish orqali bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash
13. Toʻlovchi bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash uchun bojxona organining depozitiga pul mablagʻlari summasini milliy valyutada hamda chet el valyutasida kiritishi mumkin.
Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash chet el valyutasida depozitga kiritilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilganda, bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilayotgan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan rasmiy kurs boʻyicha hisoblanadi.
14. Bojxona organining depozitiga kiritilgan mablagʻlardan bojxona toʻlovlarini taʼminlash depozitga mablagʻ kiritgan shaxsning elektron arizasi asosida avtotransport vositasida tashilayotgan chet el tovarlari uchun foydalaniladi.
15. Bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlangan pul mablagʻlaridan foydalanish uchun qoʻyilgan cheklov chet el tovarlarini yetkazib berish boʻyicha majburiyatlar bajarilgandan soʻng avtomatik tarzda bekor boʻladi.
Majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, kiritilgan pul mablagʻlari bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni toʻlash hisobidan amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq depozit summasidan soʻzsiz undiriladi.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-§. Tovarlarni garovga qoʻyish orqali bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash
16. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash summasi garov toʻgʻrisidagi shartnoma asosida tovarlarni garovga qoʻyish orqali taʼminlanadi.
17. Garovga qoʻyilgan tovarlardan bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash garovga qoʻygan shaxs nomiga olib kelinayotgan chet el tovarlari uchun foydalaniladi.
18. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash uchun garovga qoʻyilgan tovarlardan foydalanish uchun qoʻyilgan cheklov chet el tovarlarini yetkazib berish boʻyicha majburiyatlar bajarilgandan soʻng avtomatik tarzda bekor boʻladi.
Majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni garovga qoʻyilgan tovarlar hisobidan undirib olish choralari koʻriladi.
4-§. Bank kafolatini taqdim etish orqali bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash
19. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash summasi Oʻzbekiston Respublikasida bank operatsiyalarini oʻtkazish huquqiga ega boʻlgan bankning kafolatini onlayn rejimda elektron shaklda taqdim etish orqali taʼminlanadi.
20. Bank kafolati asosida bojxona toʻlovlarini taʼminlash bank kafolatini olgan shaxs nomiga olib kelinayotgan yoki ushbu shaxsga tegishli avtotransport vositasida tashilayotgan chet el tovarlari uchun foydalaniladi.
Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash uchun import qiluvchi tomonidan bank kafolati taqdim etilganda, bank kafolatida uning STIRi, transport korxonalari tomonidan bank kafolati taqdim etilganda esa bank kafolatida chet el tovarini tashiydigan avtotransport vositalari davlat raqami koʻrsatilishi lozim.
21. Bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlangan chet el tovarlari boʻyicha majburiyatlar bajarilganda, bank kafolati asosida bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlangan summaga nisbatan oʻrnatilgan cheklovlar avtomatik tarzda bekor qilinadi.
Majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik bank kafolatini taqdim etgan tijorat bankidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq soʻzsiz undiriladi.
(21-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5-§. Bojxona toʻlovlarini toʻlash majburiyatini sugʻurtalash orqali bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash
22. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash summasi Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan sugʻurta tashkilotlarining sugʻurta polisini onlayn rejimda elektron shaklda taqdim etish orqali taʼminlanadi.
23. Sugʻurta polisi asosida bojxona toʻlovlari taʼminotidan sugʻurta polisi berilgan shaxs nomiga olib kelinayotgan yoki ushbu shaxsga tegishli avtotransport vositasida tashilayotgan chet el tovarlari uchun foydalaniladi.
24. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash uchun import qiluvchi tomonidan sugʻurta polisi taqdim etilganda, sugʻurta polisida uning STIRi, transport korxonalari tomonidan sugʻurta polisi taqdim etilganda esa sugʻurta polisida chet el tovarini tashiydigan avtotransport vositalari davlat raqami koʻrsatilishi lozim.
25. Sugʻurta polisi bitta avtotransport vositasiga olinganda, bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod etish uchun YIDXPga murojaat etmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri joʻnatuvchi bojxona postiga murojaat etishi mumkin. Bunda identifikatsiya kodi talab etilmaydi.
26. Bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlangan chet el tovarlari boʻyicha majburiyatlar bajarilganda, bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlangan sugʻurta polisiga nisbatan oʻrnatilgan cheklovlar avtomatik tarzda bekor qilinadi.
Majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni sugʻurta polisi asosida undirib olish choralari koʻriladi.
6-§. Kafillik orqali bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash
27. Kafillik bojxona organining depozitiga pul mablagʻlari summasini Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida hamda chet el valyutasida kiritish orqali taʼminlanadi.
28. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash chet el valyutasida depozitga kiritilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilganda, bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilayotgan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan rasmiy kurs boʻyicha hisoblanadi.
29. Kafil tomonidan bojxona organining depozitiga kiritilgan mablagʻlardan depozitga mablagʻ kiritgan yoki boshqa shaxslar nomiga olib kelinayotgan yoxud ushbu shaxslarga tegishli avtotransport vositasida tashilayotgan chet el tovarlari uchun bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashda foydalaniladi.
30. Bojxona toʻlovlari toʻlanishi taʼminlangan pul mablagʻlaridan foydalanish uchun qoʻyilgan cheklov chet el tovarlarini yetkazib berish boʻyicha majburiyatlar bajarilgandan soʻng avtomatik tarzda bekor boʻladi.
Majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, kiritilgan pul mablagʻlari bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni toʻlash hisobiga depozitga kiritilgan kafillik summasidan olinadi.
3-bob. Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni nazorat qilish
31. DBQ YAAATda chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod qilish bilan bogʻliq boʻlgan harakatlarni bajarishning har bir bosqichida formatli-mantiqiy nazorat amalga oshiriladi.
Formatli-mantiqiy nazoratni amalga oshirish natijasida xatoliklar aniqlangan taqdirda, avtomatik tarzda elektron shaklda vakolatli shaxsga tegishli maʼlumotlar ularni toʻgʻrilash uchun yuboriladi.
32. Bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish vaqtida yoki elektron tarzda oldindan xabardor qilishda taqdim qilingan identifikatsiya kodi orqali bojxona posti xodimi tovarning kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan DBQ YAAATdagi maʼlumotlarni solishtiradi.
Solishtirish natijasi boʻyicha maʼlumotlar oʻrtasida nomuvofiqliklar aniqlanmagan taqdirda, transport vositasi bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod qilinadi.
Solishtirish natijasi boʻyicha maʼlumotlar oʻrtasida nomuvofiqliklar aniqlanganda, bojxona posti xodimi shu vaqtning oʻzida vakolatli shaxsga YIDXP orqali sabablarini koʻrsatgan holda,chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod qilishni rad etadi.
(32-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qarori tahririda)
33. Identifikatsiya kodi va bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash summasini bojxona posti xodimi DBQ YAAATda mustaqil tekshiradi.
4-bob. Bojxona organi ruxsatisiz tovarlar berib yuborilganda, yoʻqotilganda yoki manzildagi bojxona postiga belgilangan muddatda hamda oʻzgarmas holatda yetkazilmaganda, bojxona toʻlovlarini hisoblash va undirish
34. Bojxona organi ruxsatisiz tovarlar berib yuborilganda, yoʻqotilganda yoki manzildagi bojxona postiga belgilangan muddatda oʻzgarmas holatda (tabiiy eskirish yoxud normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi oʻzgarishlar bundan mustasno) yetkazilmaganligi holati aniqlanganda, manzildagi bojxona posti, agar mazkur holat boshqa hududiy boshqarma joylashgan hududda aniqlanganda, ushbu hududiy boshqarma masʼul tarkibiy tuzilmalari aniqlangan kunning oʻzida hududiy boshqarma rahbariyatiga yozma axborot beradi.
Mazkur bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha manzildagi bojxona postidan axborot kelib tushishi bilan hududiy boshqarma rahbariyati tovarlarga bojxona toʻlovlarini hisoblash boʻyicha zarur choralarni koʻradi.
Taqdim qilingan hamda DBQ YAAATdan olingan maʼlumotlar asosida mazkur bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan holatlar aniqlangan kundan boshlab ikki ish kuni ichida mazkur Nizomga ilovada koʻrsatilgan shaklda dalolatnoma toʻldiriladi. Ushbu dalolatnoma bojxona toʻlovlari va penyalarni soʻzsiz undirib olish haqidagi talabnoma bilan birga DBQ YAAAT orqali yoki qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa yoʻl bilan:
(34-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
vakolatli shaxsga;
kafilga (kafillik bilan taʼminlanganda);
bankka (bank kafolati bilan taʼminlanganda);
sugʻurtalovchi tashkilotga (sugʻurta bilan taʼminlanganda) yuboriladi.
Davlat bojxona qoʻmitasining hududiy boshqarmalari vakolatli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda uch ish kuni ichida holatga aniqlik kiritish hamda tovarlarni qidirib topish choralarini koʻradi.
35. Bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni manzildagi bojxona postiga toʻliq yetkazish choralari koʻrilishi yoki dalolatnoma asosida bojxona toʻlovlarini toʻlash muddati talabnoma toʻlovchiga topshirilgan yoki toʻlovchi tomonidan talabnoma olingan kunning ertasidan eʼtiboran oʻn ish kunini tashkil etadi.
36. Vakolatli shaxs tomonidan talabnomada koʻrsatilgan talablar bajarilmaganda, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 47-bobiga muvofiq choralar koʻriladi, shu jumladan, talabnoma yuborgan hududiy boshqarma tomonidan sudga vakolatli shaxs tomonidan chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod qilish boʻyicha identifikatsiya kodi berishni vaqtincha toʻxtatib turish toʻgʻrisida belgilangan tartibda sud organlariga murojaat qilinadi.
37. Identifikatsion kod berishni vaqtincha toʻxtatib turish haqidagi sud qarori qabul qilinganda, toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari va penyalar toʻliq undirilgunga qadar vakolatli shaxsga chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod qilish boʻyicha identifikatsion kod berilishi toʻxtatiladi. Bu haqida bojxona organi tomonidan DBQ YAAATga tegishli formatli-mantiqiy nazorat oʻrnatiladi.
38. Tovarlarni bojxona organining ruxsatisiz berib yuborish, yoʻqotish yoki manzildagi bojxona postiga belgilangan muddatda oʻzgarmas holatda yetkazmaslik oqibatida hisoblangan bojxona toʻlovlari undirib olingandan soʻng tovarni yetkazib berishning nazorat hujjati nazoratdan yechiladi.
39. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Bojxona toʻlovlari va penyalarni vakolatli shaxsdan soʻzsiz undirish toʻgʻrisida
DALOLATNOMA
20___ yil “_____” _____________ roʻyxatdan oʻtgan, davlat raqami
______________/_______________/_________________ raqamli
(post kodi)
(sanasi)
(raqami)
Yukni yetkazib berish nazorat hujjati asosida bojxona nazorati ostida
__________________________________________________________________________________________dan (bojxona organi nomi)
__________________________________________________________________________________________gacha (bojxona organi nomi)
___________________________________________________________________tomonidan berilgan (vakolatli shaxs nomi, joylashuvi (pochta manzili)
chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlarini taʼminlash asosida __________son identifikatsiya kodi
__________________________________________________________________________ tomonidan tashilayotgan (tashuvchi nomi, joylashuvi (pochta manzili)
bojxona qiymati ______________________________ ga teng, vazni ___________ kg boʻlgan tovarlar
(AQSh dollarida)
(netto vazni)
bojxona organi ruxsatisiz tovarlar berib yuborilganligi (yoʻqotilganligi, belgilangan bojxona organiga yetkazilmaganligi) holati aniqlangan va 20 ____ y. “____” _____________________________________________ kuni qayd etilgan. ______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________tovarini bojxona organi ruxsatisiz tovarlar berib yuborilganligi (yoʻqotilganligi, belgilangan bojxona organiga yetkazilmaganligi) uchun identifikatsiya kodining egasi ______________________________________ tomonidan
(vakolatli shaxs nomi)
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga muvofiq quyidagi bojxona toʻlovlari va penyalar toʻlanishi lozim: Bojxona boji _____________________________________________________________________/summa/
Boshqa bojxona toʻlovlari______________________________________________/summa/
Toʻlovlar toʻlanishi kechiktirilganligi uchun penya _________________________/summa/
Jami: toʻlanishi lozim boʻlgan _________________________________________/summa/
20__ y. “___” ___________ dagi _____________________________-son soʻzsiz undirilgan toʻlov hujjati umumiy summasi _____________________________________ bojxona organlari ______________________________________________________son hisobraqamiga
(bojxona organi hisob raqami, bank nomi, KTUT raqami)
____ yil “____”__________________ kuni kelib tushgan summa Vakolatli shaxsdan talab qilingan summani ___________________________________________________ _______________________________________________ sababli undirish imkoniyati mavjud emas. Bojxona organi xodimi imzosi ___________________________________ ___________________________________________________________________________
(lavozimi, F.I.O., imzo)
M.Oʻ.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 800-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashilayotgan tovarlarni bojxona tomonidan nazorat qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida” 2004-yil 20-maydagi 239-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 5-son, 49-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 18-iyuldagi PF-4455-son Farmoni)” 2012-yil 31-iyuldagi 232-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2012-y., 31-son, 357-modda) ilovaning 5-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-360-son hamda “Soliq va budjet siyosatining 2016-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-398-son qonunlari)” 2016-yil 26-apreldagi 122-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda) 1-ilovaning 71-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2016-yil 20-yanvardagi OʻRQ-400-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida” 2016-yil 20-yanvardagi OʻRQ-401-son qonunlari)” 2016-yil 20-iyundagi 211-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2016-y., 25-son, 308-modda) 1-ilovaning 12-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-apreldagi PF-5414-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 12-apreldagi PQ-3665-son qarori)” 2018-yil 18-iyuldagi 553-son qaroriga 2-ilovaning 2-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi 55-sonli qaroriga asosan 6-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 4-may — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2025-y., 09/25/55/0102-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2020-y., 09/20/800/1656-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 05.09.2022-y., 09/22/487/0794-son; 18.04.2024-y., 09/24/210/0286-son; 08.10.2024-y., 09/24/630/0793-son; 03.02.2025-y., 09/25/55/0102-son)