Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Aholida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va davolashning ilgʻor tajribasini joriy etish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6035-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar tibbiy profilaktikaning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
dastlabki profilaktika — qulay atrof-muhitni yaratish (ekologik ahvol, insonlarning mehnat, yashash va dam olish sharoitlarini yaxshilash), aholi salomatligiga salbiy taʼsir etuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishining oldini olish, oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan unni fortifikatsiyalash, tuzni yodlashtirish;
birlamchi profilaktika — emlash, maqsadli skrining va tibbiy koʻriklarni amalga oshirish, oqilona ish va dam olish, sport bilan muntazam shugʻullanish, badantarbiya mashgʻulotlarini kundalik turmush tarziga aylantirish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish, ortiqcha vazn va semizlikni bartaraf etish, zararli odatlarga qarshi kurashish, inson salomatligi, taʼlim-tarbiyani yaxshilash boʻyicha choralar koʻrish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish;
ikkilamchi profilaktika — maʼlum sharoitlarda immun holatining kamayishi, oʻta zoʻriqish, adaptiv yetishmovchiliklar sabab yuzaga keladigan kasalliklarning kelib chiqishi, avj olishi yoki qaytalanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan aniq xavf omillarini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq qilish, shuningdek, tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
2021-yil 1-yanvardan boshlab 40 va undan yuqori yoshdagi fuqarolarda yurak qon-tomir xavfini (gipertoniya, infarkt, insult, qandli diabet va boshqa xavf omillarini) aniqlash boʻyicha tizimli ravishda skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi;
Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz)ning tuman (shahar) boʻlimlari koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari binolarida joylashadi hamda ularning xodimlari (keyingi oʻrinlarda — jamoat salomatligi tizimi mutaxassislari) tomonidan amalga oshirilayotgan targʻibot-tashviqot ishlari bilan bir qatorda fuqarolarga tibbiy-profilaktik xizmatlar (maslahatlar, koʻriklar va boshqalar) koʻrsatib boriladi;
mahallalarda, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari va oliy hamda oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga koʻmaklashuvchi volontyorlar (shu jumladan nafaqadagi shifokorlar, oʻqituvchilar, ziyolilar va boshqalar) jamiyatlari tashkil qilinadi.
3. Quyidagilar jamoat salomatligi tizimi mutaxassislarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
aholi oʻrtasida shaxsiy va jamoat gigiyenasi, sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda ishtirok etish, aholini savol-javob va koʻriklardan oʻtkazish orqali ularda yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavf omillarini aniqlash va individual maslahat berish;
sogʻlom ovqatlanish tamoyillari, jismoniy faollik asoslari, shaxsiy gigiyenaning ahamiyati, zararli odatlarga berilmaslik boʻyicha targʻibot tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish;
yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish borasida profilaktik tadbirlarni tashkil etish uchun hududda faoliyat koʻrsatayotgan korxona, muassasa va tashkilotlar roʻyxatini shakllantirish va amalga oshirish;
yuqumli kasalliklar roʻyxatga olingan hududlarda ular boʻyicha sogʻlomlashtirish tadbirini ishlab chiqish, hududiy tibbiyot xodimlari bilan tadbirlarni tashkil etish va ularning bajarilishini nazorat qilib borishda ishtirok etish.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi Markazni jalb qilgan holda mahallalar va aholi xonadonlarida, shu jumladan uzoq va olis hududlarda aholi orasida sogʻlom turmushni shakllantirish, badantarbiya mashgʻulotlarini kundalik turmush tarziga aylantirish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish, ortiqcha vazn va semizlikni bartaraf etish, zararli odatlarga qarshi kurashish, fuqarolarning oʻz sogʻligʻiga boʻlgan munosabatini tubdan oʻzgartirish boʻyicha tizimli ravishda targʻibot-tashviqot ishlarini olib borsin.
Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur bandda koʻrsatilgan chora-tadbirlarni sifatli va toʻliq amalga oshirish uchun:
respublika budjeti va mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Markazga 2021-yilda 2 milliard soʻm ajratsin;
2022-yil va kelgusi yillarda respublika budjeti va mahalliy budjet parametrlarida 2021-yilda ajratilayotgan mablagʻlardan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
Markaz (B.T. Odilova) bir oy muddatda mazkur bandga asosan ajratilayotgan mablagʻlardan samarali foydalanish hamda aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Vazirlar Mahkamasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Milliy teleradiokompaniya, nodavlat teleradiokanallar hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda uch hafta muddatda sogʻlom turmush tarzini olib borish masalalariga bagʻishlangan markaziy, hududiy va nodavlat telekanallarda “Salomatlik soati” va boshqa maxsus telekoʻrsatuvlar tashkil qilinishini taʼminlasin.
5. Vazirlar Mahkamasi huzurida Kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi komissiya) tashkil qilinsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jamoat salomatligini muhofaza qilish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va kasalliklar profilaktikasi sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini ularning yaqindan hamkorligi, samaradorligi va ish uygʻunligini taʼminlash maqsadida muvofiqlashtirish;
mazkur qarorda nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlarning toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini tashkil etish;
kasalliklar profilaktikasi boʻyicha dastur va chora-tadbirlarning har bir viloyat, tuman (shahar) doirasida amalga oshirilishini hamda masʼullar tomonidan ularning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash;
kasalliklar yuzaga kelishining oldini olishga va ularni kamaytirishga, ularning yuqish yoʻllari va omillariga taʼsir koʻrsatishga va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar bilan bogʻliq boʻlgan asoratlar oqibatlarini tugatishga qaratilgan profilaktik tadbirlar oʻtkazilishini tashkil etish;
jamoat salomatligini muhofaza qilish boʻyicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi tizimli kamchiliklarning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etilishini tashkil etish;
barcha ijtimoiy guruhlarni qamrab olgan holda fuqarolarning sogʻlom turmush tarzini, shu jumladan sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishini taʼminlash;
aholi orasida sogʻlom turmush tarzining asoslari, jumladan sogʻlom ovqatlanish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, jismoniy faollikni qoʻllab-quvvatlash, zararli odatlarga qarshi kurashish boʻyicha ommaviy axborot vositalari orqali keng targʻibot ishlari tashkil etilishini taʼminlash;
sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi, zamonaviy va yakka tartibdagi chora-tadbirlar asosida sogʻliqni saqlash va mustahkamlashning ijtimoiy-profilaktik yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha choralar koʻrish;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha korxona, muassasa va tashkilotlar faoliyatini birlashtiruvchi, aholi salomatligini muhofaza qilish, targʻib etish va ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi yaxlit tizim yaratilishini taʼminlash;
aholi salomatligi holatini monitoring qilishning yagona interaktiv tizimini yaratish va bu borada zamonaviy axborot hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etilishini tashkil etish;
xalqaro standartlar asosida doimiy populyatsiya tekshiruvlari va kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillari boʻyicha tadqiqot hamda soʻrovlar oʻtkazilishini tashkil qilish.
6. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya ishini tashkil etish, soha boʻyicha vazirlik va idoralarning respublika — viloyat — tuman darajasidagi vazifalari taqsimoti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Sogʻliqni saqlash vazirligi Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning ishchi organi hisoblanadi;
Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning oʻz vazifalari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar uchun bajarilishi majburiydir;
Muvofiqlashtiruvchi komissiya oʻz vazifalarini amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralar unga vakolatlari doirasida har tomonlama koʻmak beradilar hamda soʻralgan zarur maʼlumotlarni taqdim etib boradilar;
Sogʻliqni saqlash vazirligi kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligini muhofaza qilish boʻyicha qabul qilingan dasturlar va chora-tadbirlarning ijrosi yuzasidan har chorakda Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritib boradi.
7. Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda respublikaning olis va chekka hududlarida oilaviy shifokor, tor soha mutaxassislari va patronaj hamshiralariga boʻlgan ehtiyojni qoplash hamda aholiga malakali tibbiy yordam koʻrsatishni yanada yaxshilash maqsadida har bir tibbiyot muassasasida zarur shtat birliklarini joriy qilish asosliligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot-tahlil maʼlumotnoma kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
9. Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari A.Sh. Inoyatov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi B.K. Yusupaliyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Tuychiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 12-noyabr,
PQ-4891-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4891-son qaroriga
1-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya
tarkibi
Oldingi tahrirga qarang.

1.

B.A. Musayev

Bosh vazir oʻrinbosari, Komissiya raisi

2.

L.N. Tuychiyev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari

3.

A.A. Abduxakimov

Bosh vazir oʻrinbosari

4.

A.M. Xadjibayev

sogʻliqni saqlash vaziri

5.

A.V. Shin

maktabgacha taʼlim vaziri

6.

Sh.X. Shermatov

xalq taʼlimi vaziri

7.

I.U. Madjidov

oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri

8.

D.H. Nabiyev

jismoniy tarbiya va sport vaziri

9.

I.Yu. Abduraxmonov

innovatsion rivojlanish vaziri

10.

R.T. Mamatov

mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri

11.

R.Q. Davletov

adliya vaziri

12.

P.R. Bobojonov

ichki ishlar vaziri

13.

Lavozimi boʻyicha

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi

14.

B.T. Norqobilov

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi

15.

A.Sh. Inoyatov

sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari

16.

A.X. Koʻldoshev

favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari

17.

A.D. Xadjayev

Milliy teleradiokompaniya raisi

18.

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari

19.

B.K. Yusupaliyev

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi — Bosh davlat sanitariya vrachi, Komissiya kotibi

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4891-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya ishini tashkil etish, soha boʻyicha vazirlik va idoralarning respublika — viloyat — tuman darajasidagi vazifalari
taqsimoti
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Tashkilot

Boʻgʻin

Vazifalar

1.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

respublika

Jamoat salomatligini muhofaza qilish, mamlakatda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish sohalarida yagona davlat siyosatini olib borish;

aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirish boʻyicha hamkor tashkilotlarga uslubiy yordam koʻrsatish, qoʻshma qarorlarni qabul qilish va ularning joylardagi ijrosini muvofiqlashtirish;

aholi salomatligini muhofaza qilish va kasalliklar profilaktikasi boʻyicha respublikada amalga oshirilgan ishlar holatini oʻrganish va tahlil qilish hamda Muvofiqlashtiruvchi komissiyasiga har chorakda takliflar kiritish.

viloyat

Hududlarda aholi salomatligini muhofaza qilish va kasalliklar profilaktikasi boʻyicha qabul qilingan hujjatlarning joylardagi ijrosini taʼminlash;

kasalliklar profilaktikasi, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni erta aniqlash boʻyicha skrining tekshiruvlarini tashkil etish, natijalar tahlili va ular asosida manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish;

kasalliklar profilaktikasi va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha ommaviy tadbirlarni oʻtkazish hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu tadbirlar targʻibotini tashkil etish.

tuman (shahar)

Aholi orasida kasalliklar profilaktikasi, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni erta aniqlash boʻyicha maqsadli koʻriklar va skrining tekshiruvlarini oʻtkazish, natijalari boʻyicha maʼlumotlarni umumlashtirish va ular asosida tuman (shahar)ning salomatlik profillarini yaratish;

jamoat salomatligini muhofaza qilish va kasalliklarni profilaktika qilish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatish;

kasalliklar profilaktikasi va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha mahalla, taʼlim muassasalari va tashkilotlarda individual hamda guruhli targʻibot tadbirlarini oʻtkazish.

2.

Maktabgacha taʼlimvazirligi

respublika

Maktabgacha taʼlim tashkilotlari va ularning tarbiyalanuvchilari hamda oshpazlari uchun gigiyenik meʼyorlarga amal qilish boʻyicha yoʻriqnoma va uslubiyatlar ishlab chiqish;

tarbiyalanuvchilar orasida sogʻlom turmush tarzi, shu jumladan sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni vertikal tizimda amalga oshirilishini nazorat qilish.

viloyat

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida talab etiladigan sharoitlarni gigiyenik meʼyorlarga mos ravishda tashkil etishni muvofiqlashtirish;

tarbiyalanuvchilar orasida sogʻlom turmush tarzi, shu jumladan sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash.

tuman (shahar)

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida:

sanitariya-epidemiologik talablarga rioya qilinishi;

tarbiyalanuvchilar orasida sogʻlom turmush tarzi, shu jumladan sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash;

tizimli ravishda “Salomatlik mashgʻulotlari” oʻtkazilishini taʼminlash.

3.

Xalq taʼlimi vazirligi

respublika

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida sanitariya qoidalari va gigiyenik normativlar bilan belgilangan talablardan kelib chiqib, vertikal tizim vazifalarini belgilash;

oʻquvchilar orasida sogʻlom turmush tarzi, shu jumladan sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini nazorat qilish;

oʻquv xonalarining yoritilganlik darajasi, havo almashinuvi va oʻquvchilar uchun boshqa zarur optimal sharoitlar yaratilganligini nazorat qilish.

viloyat

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida sanitariya qoidalari va gigiyenik normativlar bilan belgilangan talablardan kelib chiqib, xalq taʼlimi boʻlimlarining aniq vazifalarini belgilash;

oʻquvchilar orasida sogʻlom turmush tarzi, shu jumladan sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash;

umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv qurollari, darsliklar va maktab jihozlarining amaldagi gigiyenik normativlarga muvofiqligini taʼminlash;

oʻquv xonalarining yoritilganlik darajasi, havo almashinuvi va oʻquvchilar uchun boshqa zarur optimal sharoitlar yaratilganligini taʼminlash.

tuman (shahar)

Oʻquvchilar orasida sogʻlom turmush tarzi, shu jumladan sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv qurollari, darsliklar va maktab jihozlarining amaldagi gigiyenik normativlarga muvofiqligini nazorat qilish;

maktab oshxonalarida oshpazlar tomonidan sanitariya-gigiyenik normalar talablariga rioya etilishi boʻyicha tizimli nazorat oʻrnatish.

4.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi

respublika

Taʼlim muassasalarida sanitariya qoidalari va gigiyenik normativlar bilan belgilangan talablardan kelib chiqib, vertikal tizim vazifalarini belgilash;

talabalar orasida sogʻlom turmush tarzi, shu jumladan sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini nazorat qilish.

viloyat

Oliy taʼlim muassasalarida gigiyenik normativlar talablari hamda sanitariya qoida va meʼyorlariga amal qilinishini taʼminlash hamda kasalliklar profilaktikasi boʻyicha amalga oshiriladigan profilaktik hamda sogʻlomlashtiruvchi tadbirlarni amalga oshirish;

talabalar orasida sogʻlom turmush tarzi, shu jumladan sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash;

talabalar oʻrtasida yuqumli kasalliklar profilaktikasi boʻyicha targʻibot tadbirlarini (davra suhbatlari, savol-javoblar, sinovlar va boshqalar) oʻtkazish.

5.

Jismoniy tarbiyava sport vazirligi

respublika

Respublikada aholi orasida jismoniy faollik va ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha yagona davlat siyosatini yuritish;

davlat muassasalari va tashkilotlarida jismoniy faollikni amalga oshirish uchun sharoitlar (maxsus sport maydonchalari yoki xonalari, faollashtiruvchi tanaffuslar) yaratilishini tizimli monitoring qilish mexanizmlarini joriy qilish;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari uchun tibbiy xodimlar kineziologlarni tayyorlash va kineziologiya boʻyicha hamshiralarni qayta tayyorlash uchun oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish.

viloyat

Tuman (shahar)larda jismoniy faollikni qoʻllab-quvvatlash va ommaviy sportni keng targʻib qilish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish;

mahalla, muassasa va korxonalarda jismoniy faollikni qoʻllab-quvvatlovchi tadbirlarni amalga oshirish, ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tashkillashtirish.

tuman (shahar)

Mahalla, muassasa va korxonalarda jismoniy faollikni qoʻllab-quvvatlovchi tadbirlarni amalga oshirish, ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tashkillashtirish.

6.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi

respublika

Aholi salomatligini muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish sohalarida Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan qoʻshma qarorlarni tuzish va ularning joylardagi ijrosini taʼminlash;

tuman (shahar)lar va viloyatlarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida amaliy-uslubiy yordam koʻrsatish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash uchun har chorakda Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida vazirlik faoliyati yuzasidan hamda sohadagi tizimli muammolar va ularning yechimi toʻgʻrisida axborot berish.

viloyat

Tuman (shahar)larda kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarga qarshi kurashish boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning joylardagi ijrosi boʻyicha jamoat nazoratini oʻrnatish;

tuman (shahar)lar, shuningdek, mahallalarda kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish borasida belgilangan va amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlashga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish boʻyicha viloyat-tuman (shahar)larning masʼul idora va tashkilotlariga, sektor rahbarlariga taqdimnomalar kiritish, shuningdek, bu boradagi muammolarni bartaraf etishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyayotgan idora va tashkilotlar hamda ularning rahbarlari faoliyati yuzasidan har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashlariga maʼlumot kiritish va axborot berish;

“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq aholi salomatligini muhofaza qilish, sanitariya-epidemilogik osoyishtalikni taʼminlash borasida mahallalarda mavjud muammolarni bartaraf etish tegishincha oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari rahbarlarining axborotlarini eshitish boʻyicha fuqarolar yigʻinlariga amaliy yordam koʻrsatish, mavjud muammolar boʻyicha viloyat sogʻliqni saqlash va xalq taʼlimi boshqarmalariga taqdimnoma hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga maʼlumot kiritish.

tuman (shahar)

Har bir mahallada sogʻlom turmush tarzini targʻib qiluvchi “Salomatlik maktabi” faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi va boshqa mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda mahallalarda va ular hududidagi taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollikni qoʻllab-quvvatlash, gigiyena talablariga rioya qilish va zararli odatlarga qarshi kurashish boʻyicha tizimli tadbirlarni oʻtkazish;

har bir mahallada “Gʻayratli keksalar” sport guruhini tuzish hamda ular yordamida mahallalardagi katta yoshdagi aholi, jumladan keksa va faxriylar, nuroniy otaxon va onaxonlar orasida tungi paytlarda kamida 1 soat piyoda yurish tadbirini keng targʻib qilish va ommalashtirish, bu orqali kelajak avlodni sogʻlom turmush tarziga targʻib etish chora-tadbirlarini belgilash;

voyaga yetmaganlarning maʼnaviy, axloqiy, huquqiy, estetik, jismoniy tarbiyasida ishtirok etishi, ularda sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga koʻmaklashish maqsadida mutasaddi tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda har bir mahallada: “Har bir shaxs — bitta nihol”, “Mahallamni obod va koʻrkamligiga men ham hissa qoʻshaman”, “Dadam, onam va men — sportchilar oilasimiz!”, “Futbolimiz kelajaklari”, “Charm toʻp ustalari”, “Mahallamiz pahlavonlari”, “Mahallamiz stol tennischilari”, “Biz epchil va chaqqonmiz” va hokazo sport-sogʻlomlashtirish tadbirlarini mahalla va tuman (shahar) bosqichlarini oʻtkazish;

mahallalarda keksa va yoshlarning jismoniy faolligini taʼminlash, katta yoshdagi fuqarolarning kechki sayrlarini tashkillashtirish choralarini koʻrish;

tuman (shahar) veterinariya xizmatlari va fermerlar uyushmasi xodimlari bilan hamkorlikda aholi orasida uy hayvonlarini saqlash qoidalariga qatʼiy rioya qilinishiga yoʻnaltirilgan amaliy-uslubiy va boshqa targʻibot tadbirlarini amalga oshirish, mutasaddi va manfaatdor tashkilotlar tomonidan fuqarolarga yirik va mayda shoxli hayvonlar, parranda va boshqa uy hayvonlarini saqlash, parvarishlash va oziqlantirish tartiblarini oʻrgatishga yoʻnaltirilgan tarqatma materiallar ishlab chiqilishi va tarqatilishi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish.

7.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi

respublika

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosati shakllantirilishi va amalga oshirilishida ishtirok etish uchun fuqarolar, jamoatchilik birlashmalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning oʻtkazilishida va oʻsib kelayotgan avlodda tabiat va uning resurslariga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish gʻoyasini shakllantirishda ishtirok etish;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasidagi davlat boshqaruvi boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish.

viloyat

Atrof-muhitning qulay ekologik holatini, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslar va alohida obyektlar muhofaza qilinishini, ekologik sharoitning sogʻlomlashtirilishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni tegishli hududlarda tatbiq etish va ijrosini nazoratga olish;

chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan mustahkam hamkorlikda maishiy chiqindilarni yigʻish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish borasida taʼsirchan tizimni amalga oshirish; atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan tegishli hududda davlat ekologik nazoratini oʻrnatish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmatining hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish.

tuman (shahar)

Atrof-muhit omillarining inson salomatligiga taʼsirini oʻrganish natijalari orqali ishlab chiqilgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish boʻyicha rejalar ijrosini taʼminlash;

chiqindilarni yigʻish, saralash, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, koʻmish va realizatsiya qilish tizimini samarali tashkil etish boʻyicha tadbirlarning ishlab chiqilishini tashkillashtirish;

atrof-muhit muhofazasi, biologik xilma-xillikni saqlab qolish va oqilona foydalanishga doir masalalar muhokamasi boʻyicha aholining keng qatlamlarida targʻibot tadbirlarini olib borish.

8.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi

respublika

Jamoat salomatligini muhofaza qilish, jumladan sanitar-epidemiologik barqarorlikni taʼminlash, kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar (sanitariya qoidalari va gigiyena normativlari, metodika va dasturlar) ishlab chiqish;

Davolash-profilaktika muassasalari bilan birgalikda umumeʼtirof etilgan xalqaro uslublar asosida doimiy populyatsiya tekshiruvlari, fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar, maqsadli tibbiy koʻriklar va skrining-soʻrovnomalar oʻtkazish;

aholining kasallanish holatlarini oʻrganish, tahlil qilish, tibbiy statistik hisobotlarni yuritish, ularni kamaytirish boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqish, shuningdek, hududlardagi tibbiy xodimlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish;

oziq-ovqat va isteʼmol mahsulotlariga xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha xulosalar berish;

tibbiy taʼlim muassasalari bilan birgalikda kasalliklar profilaktikasi va aholining sogʻlom turmush tarzini shakllantirish masalalari yuzasidan kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning uzluksiz kasbiy rivojlanishi boʻyicha tadbirlarni tashkillashtirish va ularda ishtirok etish;

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazoratini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;

nazorat ostidagi obyektlar elektron bazasini yaratish metodologiyasini ishlab chiqish, “xavfni tahlil etish” tizimini qoʻllagan holda nazoratni olib borish, “sanitariya-epidemiologik osoyishtalik” belgisini berish mezonlarini ishlab chiqish;

kelib chiqishi oziq-ovqat bilan bogʻliq kasalliklar ustidan milliy monitoring olib borish tartibini belgilash;

hududiy boshqarmalar faoliyatini boshqarish, ularga uslubiy-amaliy yordam koʻrsatish.

viloyat

Aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirishda hamkor tashkilotlarga uslubiy yordam koʻrsatish, qoʻshma qarorlar ijrosini taʼminlash va ularning joylardagi ijrosini muvofiqlashtirish;

aholining salomatlik holatini oʻrganish, yuqumli va yuqumli boʻlmagan kasalliklar hamda notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklarning oldini olish boʻyicha tuman (shahar)larda amalga oshirilgan ishlar holatini tizimli ravishda oʻrganish, maʼlumotlarni toʻplash va har oyda bir marta “hokimlik soati”da muhokama qilish;

yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va xavf omillarini erta aniqlash boʻyicha skrining tekshiruvlarini tashkil etish hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va aholining tibbiy madaniyatini oshirish boʻyicha targʻibot tadbirlarini tashkil qilish;

oʻta xavfli, yuqumli, parazitar kasalliklar va ommaviy zaharlanishga qarshi kurashish tadbirlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, yuqumli kasalliklarni aniqlash uchun laboratoriya tahlillarini oʻtkazish, aholini ionlantiruvchi nur manbalari va radiatsiya xavfidan himoyalash boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish, tuman (shahar)lar hududida sanitariya-gigiyena hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazilishini nazorat qilish, aholining sanitariya-gigiyena masalalari, karantin, oʻta xavfli va boshqa yuqumli hamda parazitar kasalliklar, zaharlanishlarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarning oldini olish boʻyicha xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish;

oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida, tumanlararo sanitariya-gigiyena laboratoriyalari orqali tahlillar oʻtkazish va oziq-ovqat hamda isteʼmol mahsulotlariga xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha xulosalar berish;

aholining salomatlik koʻrsatkichlari va kasallanish darajasi boʻyicha statistik maʼlumotlar bazasini shakllantirish, tuman (shahar)lar kesimida tahlil qilish;

nazorat ostidagi obyektlar elektron bazasini shakllantirish, “xavfni tahlil etish” tizimini qoʻllagan holda obyektlarda nazorat olib borish, “sanitariya-epidemiologik osoyishtalik” belgisini berish;

obyektlarda aniqlangan sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida qonun buzilishlari boʻyicha maʼmuriy javobgarlik va boshqa taʼsir (faoliyatni toʻxtatish, taqiqlash, cheklash va boshqa) choralarini qoʻllash;

kelib chiqishi oziq-ovqat bilan bogʻliq kasalliklar ustidan monitoring olib borish;

obyektlarni foydalanishga qabul qilishda sanitariya qoidalari, meʼyorlari va gigiyenik normativlarga muvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologik xulosa berish;

tuman (shahar) filiallarining faoliyatini tashkil etish va nazorat qilish.

tuman (shahar)

Kasalliklar va ularni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini erta bosqichlarda aniqlash boʻyicha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida maqsadli tibbiy koʻriklar va skrining tekshiruvlarini oʻtkazish;

aholining salomatlik holatini oʻrganish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan hamda notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklarning oldini olish boʻyicha qishloq vrachlik punktlari, oilaviy va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda amalga oshirilgan ishlar holatini tizimli ravishda oʻrganish, maʼlumotlarni toʻplash va har oyda bir marta “hokimlik soati”da muhokama qilish;

sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va aholining tibbiy madaniyatini oshirish yuzasidan targʻibot tadbirlarini mahallalar, taʼlim muassasalar va tashkilotlarda oʻtkazish;

oʻta xavfli, yuqumli va parazitar kasalliklarni laboratoriya tahlillari orqali aniqlash, kasallik oʻchoqlarida profilaktik hamda epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, hududda karantin, oʻta xavfli, yuqumli hamda parazitar kasalliklar, zaharlanishlar, shuningdek, yuqumli boʻlmagan ommaviy kasalliklarni laboratoriya tahlili asosida aniqlash, kasallik oʻchoqlarini likvidatsiya qilish va profilaktik tadbirlarni belgilash hamda aholining sanitariya-gigiyena masalalari, karantin, oʻta xavfli, yuqumli va parazitar kasalliklar, zaharlanish hamda yuqumli boʻlmagan kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillar boʻyicha xabardorligini oshirish;

oziq-ovqat va isteʼmol mahsulotlariga xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha xulosalar berish;

aholining kasallanish holatini oʻrganish, maʼlumotlarni toʻplash, tibbiy statistika hisobotini yuritish;

nazorat ostidagi obyektlarda sanitariya qoidalari, meʼyorlari va gigiyenik normativlarga rioya etilishi ustidan tekshiruvlar (laboratoriya-instrumental usullarni qoʻllagan holda) oʻtkazish;

tekshiruv natijalariga koʻra obyektlarning sanitariya qoidalari, meʼyorlari va gigiyenik normativlarga mosligini baholash va ularni xavflilik darajasi boʻyicha toifalarga ajratish;

“sanitariya-epidemiologik osoyishtalik” belgisini berish jarayonida obyektda sanitariya-epidemiologiya dalolatnomasini rasmiylashtirish;

tekshirish davomida aniqlangan sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida qonun buzilishlari holatlari boʻyicha maʼmuriy javobgarlik va boshqa taʼsir choralarini qoʻllash boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish;

tekshirish natijasi yuzasidan obyektlarning sanitariya holatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning ijrosini nazorat qilish;

oziq-ovqat xomashyosi va isteʼmol mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi obyektlar faoliyatining sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqligi yuzasidan nazorat qilish.

9.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari

respublika

Aholi salomatligini muhofaza qilish va kasalliklar profilaktikasi boʻyicha respublikada amalga oshirilgan ishlar holatini oʻrganish va tahlil qilish hamda Muvofiqlashtiruvchi komissiyaga har chorakda takliflar kiritish.

viloyat

Hududda aholi salomatligini muhofaza qilish va kasalliklar profilaktikasi boʻyicha mutasaddi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, amalga oshirilgan ishlarni “hokimlik soatlari”da tahlil qilish.

tuman (shahar)

Aholi salomatligini muhofaza qilish va kasalliklar profilaktikasi boʻyicha mutasaddi muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish, amalga oshirilgan ishlarni “hokimlik soatlari”da tahlil qilish.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4891-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4790-son qarorida:
a) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik maqomiga ega boʻlmagan Biologik xavfsizlik markazi hamda Gen texnologiyalari markazi tashkil qilinsin”;
b) 1-ilovadan “Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi” bloki chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4847-son qaroriga 1-ilova “Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi” bloki bilan toʻldirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2020-y., 07/20/4891/1514-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son; 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)