Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoniga muvofiq yoshlarning kasblar va mutaxassisliklarni egallashga boʻlgan qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida” 2020-yil 12-iyundagi PQ-4749-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi)ga professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash huquqi berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
professional taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan oʻquvchilar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarining oʻqitish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻqishga kirishda davlat granti uchun oʻtish balining 80 foizini toʻplagan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
davlat granti asosida professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan shaxslarni oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
3. Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
2021-yil 1-aprelga qadar oliy taʼlim muassasalari huzuridagi texnikumlarni bitirgan oʻquvchilar oʻz sohasi boʻyicha kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida 2-bosqichdan oʻqishini davom ettirishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2021/2022 oʻquv yiliga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi professional taʼlim tizimida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun tavsiya etiladigan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-noyabr,
715-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 715-son qaroriga
ILOVA
Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom abituriyentlarni boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim muassasalari (kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar)ga (keyingi oʻrinlarda — professional taʼlim muassasalari) oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlari hamda Sportni rivojlantirish vazirligining Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-dekabrdagi 731-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 09/22/731/1141-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Nizom kollej va texnikumlarga oʻquvchilarni dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga qabul qilish jarayonlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 647-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
abituriyent — professional taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun hujjat topshirgan jismoniy shaxs;
abituriyent ruxsatnomasi — pasport (u boʻlmaganda shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) bilan birgalikda abituriyentning belgilangan sana va vaqtda kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) ishtirok etishiga ruxsat beradigan hujjat;
guruh nazoratchisi — kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) abituriyentlar harakatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirish, kirish imtihonlari oʻtishini qatʼiy nazorat qilishga masʼul boʻlgan va abituriyentlarga kirish imtihonlari tartibi boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish uchun jalb qilingan shaxs;
qabul komissiyasi — har oʻquv yili qabuli uchun tashkil etiladigan va professional taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilishni va qabulga bogʻliq jarayonlarni tashkil etadigan vakolatli tuzilma;
hujjatlar yigʻmajildi — abituriyent professional taʼlim muassasasiga oʻqishga tavsiya etilgandan soʻng qabul komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlar toʻplami;
javoblar varaqasi — test topshiriqlari kitobidagi har bir topshiriqning bajarilishi natijasida tanlangan javobning bittasini belgilashga moʻljallangan va abituriyentning bilimini baholash uchun asos hisoblanadigan yagona hujjat;
test topshiriqlari kitobi — belgilangan fanlar majmuasi boʻyicha test topshiriqlarini oʻz ichiga olgan savollar toʻplami;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi vakili (keyingi oʻrinlarda — Davlat test markazi vakili) — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda — Davlat test markazi) direktorining buyrugʻi bilan tayinlanadigan, test sinovlari oʻtkaziladigan tegishli hudud va binoda belgilangan vazifa va majburiyatlar boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlarga umumiy rahbarlik qiluvchi hamda test sinovi ishtirokchilarining vazifalariga muvofiq harakatini nazorat qiluvchi va amaliy yordam koʻrsatuvchi xodim;
bino rahbari — belgilangan vazifa va majburiyatlar boʻyicha binodagi guruh nazoratchilari va abituriyentlar harakatlariga umumiy rahbarlik qiluvchi, nazorat qiluvchi va amaliy yordam koʻrsatuvchi xodim;
imtihon komissiyasi — kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon oʻtkazadigan va javoblarni xolis tekshiradigan va baholaydigan vakolatli tuzilma;
ekspert guruhi — kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon savollarini tuzish maqsadida tashkil etiladigan guruh.
3. Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan tasdiqlangan davlat buyurtmasi parametrlari asosida vazirliklar va idoralar tizimidagi professional taʼlim muassasalarida tashkil etiladi.
Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish uchun kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)ni tashkil etish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Professional taʼlim muassasalarining kunduzgi, sirtqi va kechki (smenali) taʼlim shakllariga abituriyentlarni qabul qilish Davlat komissiyasi tomonidan kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga koʻra toʻplangan ballarning reyting tizimi boʻyicha amalga oshiriladi.
Professional taʼlim muassasalariga qabul barcha uchun (ham davlat granti, ham toʻlov-kontrakt boʻyicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) eng yuqori ball toʻplagan abituriyentlarning davlat grantlari boʻyicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi taʼminlanadi. Qolgan abituriyentlar ballar reytingi asosida belgilangan toʻlov-kontrakt parametrlari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.
Imkoniyati cheklangan abituriyentlar imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moʻljallangan professional taʼlim muassasalariga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy maslahat komissiyasi xulosasi va yoʻllanmasi asosida har bir guruhga 15 — 20 nafar oʻquvchi qabul qilinadi.
5. Abituriyentlar kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) ishtirok etish uchun mazkur Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan muddatlarda arizani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (keyingi oʻrinlarda — vazirlik)ning rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda topshiradilar:
pasport yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi;
kasb-hunar maktablari uchun umumiy oʻrta taʼlimni (9-sinf negizida), kollejlar va texnikumlar uchun umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar yoki professional taʼlim muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning nusxasi;
600x800 oʻlchamli rangli fotosurat.
Oldingi tahrirga qarang.
I yoki II guruh nogironligi boʻlgan, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchisi yoki Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandi boʻlgan abituriyentlar tegishliligi boʻyicha nogironlik guvohnomasi nusxasi, vakolatli organning “Mehribonlik uylari”ga joylashtirish boʻyicha qarori yoki Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun Ijtimoiy reyestrga asosan tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari tomonidan shakllantirilgan maʼlumotni elektron platformaga yuklaydi. Elektron platformaga yuklangan hujjatlar “PDF” (portable document format) formatida skaner qilingan boʻlishi lozim. Skaner qilingan hujjatlarning talab darajasida boʻlmasligi abituriyentning roʻyxatdan oʻtkazilmasligiga asos boʻladi.
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Abituriyent elektron platformada professional taʼlim muassasasi, taʼlim shakli, kasb yoki mutaxassislik, oʻqitish tilini tanlaydi.
6. Hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddatlari tugaganidan soʻng ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taqiqlanadi.
7. Hujjatlarni qabul qilish davrida qabul komissiyasi har kuni professional taʼlim muassasasi rasmiy veb-sayti hamda axborot stendlarida oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida tushgan arizalar soni haqida maʼlumotni kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha joylashtirib boradi, shuningdek, abituriyentlar va ularning ota-onalari savollariga javob berish uchun telefon aloqasini tashkil qiladi.
8. Abituriyentlar oʻqishga tavsiya etilganda elektron platformaga kiritgan hujjatlarining aslini professional taʼlim muassasasiga uch kun muddatda taqdim etadi.
Abituriyentda mavjud boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy maslahat komissiyasi tomonidan (imkoniyati cheklangan shaxslar uchun) berilgan xulosasi va yoʻllanma hujjatga ilova qilinadi.
Qabul komissiyasi abituriyentlarning taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjat nusxasini uning asli bilan taqqoslab, hujjatning aslini ariza beruvchiga qaytaradi.
Abituriyentning hujjatlari qalbakiligi yoki soxtaligi aniqlansa, professional taʼlim muassasasiga qabuldan chetlashtiriladi hamda hujjatlari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.
9. Professional taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi arizaning namunaviy shakli kasb-hunar maktablari uchun vazirlik tomonidan, kollej va texnikumlar uchun tegishlicha tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar tomonidan tasdiqlanadi.
10. Professional taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda uch tilda — oʻzbek, rus, qoraqalpoq tillarida oʻtkaziladi.
Abituriyent kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)ni professional taʼlim muassasasida oʻqiydigan tilda topshiradi.
2-bob. Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish
1-§. Professional taʼlim muassasalariga hujjatlarni topshirish va qabul qilishni tashkil etish
11. Abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish uchun professional taʼlim muassasalarida har yili 15-mayga qadar qabul komissiyalari tashkil etiladi.
Professional taʼlim muassasasi direktori qabul komissiyasi raisi hisoblanadi.
Qabul komissiyasining masʼul kotibi (keyingi oʻrinlarda — masʼul kotib) kasb-hunar maktablarida Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari, kollejlarda tegishli vazirliklar va idoralar, texnikumlarda tegishli oliy taʼlim muassasasi tomonidan, qabul komissiyaning qolgan aʼzolari professional taʼlim muassasasi direktorining buyrugʻi bilan tayinlanadi.
Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida masʼul kotib Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tayinlanadi.
Qabul komissiyasi raisi tomonidan aʼzolarning vazifalari belgilanadi.
Professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni oʻqishga qabul qilishni muvofiqlashtirish tegishlicha tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar, idoralar va oliy taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
12. Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalari, mahaliy davlat hokimiyati organlari, ish beruvchilar, boshqa manfaatdor tashkilotlar koʻmagida professional taʼlim muassasalaridagi kasb va mutaxassisliklarning xususiyatlari, mintaqada iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi va bitiruvchilarni keyinchalik ishga joylashish imkoniyatlari boʻyicha kasbga yoʻnaltirish ishlarini olib boradi.
13. Kasb-hunar maktablariga 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlarini qabul qilish jarayoni har yili 1-iyuldan 20-iyulga (shu kuni ham) qadar, kollejlar va texnikumlarga abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish jarayoni har yili 10-avgustdan 10-sentabrga (shu kuni ham) qadar amalga oshiriladi.
Kollejlarga oʻrta yoki boshlangʻich professional taʼlim dasturlari boʻyicha oʻquvchilarni qabul qilish boshqa muddatlarda ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda hujjatlarni qabul qilish muddati vazirlikning taklifi asosida Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda bir oydan oshmagan holda kollejlarga abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish tashkil etiladi.
14. Professional taʼlim muassasalari, qoida tariqasida, qabul jarayonlari boshlanishidan bir oy oldin abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish muddatlari, kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati hamda davlat buyurtmasi parametrlari haqidagi maʼlumotni qabul komissiyasining axborot stendlari va professional taʼlim muassasasining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Kasb-hunar maktablariga birinchi navbatda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari (umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari) tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari tomonidan taqdim etiladigan roʻyxat asosida tegishli kasblar boʻyicha, shuningdek, taqdim etilgan roʻyxatdan tashqari qabul parametrlari doirasidagi oʻrinlarga kasb-hunar maktabida oʻqish istagida boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Kasb-hunar maktablariga joriy yilda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirgan oʻquvchilar oʻqishga qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Har yili 10-martga qadar tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan kasb-hunar maktablarida oʻqish istagida boʻlgan 9-sinf bitiruvchilari va ularning istiqbolda taʼlim oladigan kasblari roʻyxatlari shakllantiriladi hamda tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlariga taqdim etiladi.
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Shakllantirilgan maʼlumotlar asosida har bir kasb-hunar maktabiga oʻqishga boradigan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari (9-sinf bitiruvchilari) roʻyxati tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari tomonidan tasdiqlangan holda tegishli kasb-hunar maktablariga har yili 10-aprelga qadar taqdim etiladi.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari tomonidan tasdiqlangan roʻyxatdagi umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari boshqa tuman (shahar)lardagi kasb-hunar maktablariga oʻqishga kirish istagi mavjud boʻlgan hollarda, oʻqishga qabul qiluvchi kasb-hunar maktabi direktori tegishli Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasidan oʻquvchini kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari tomonidan tasdiqlangan roʻyxat mavjud yoki mavjud emasligini aniqlaydi.
(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Roʻyxatda mavjud boʻlmagan oʻquvchilar umumiy tartibda oʻqishga qabul qilinadi.
17. Texnikumlarga joriy yilda oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirish uchun test sinovlarida ishtirok etib, tegishli ball toʻplagan abituriyentlarga texnikumlardagi kasblar va mutaxassisliklarning test fanlari majmuasi hamda ketma-ketligi mos kelganda toʻplagan bali bilan tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi. Mazkur toifadagi abituriyentlar texnikumlarga oʻqishga kirish uchun oʻtkaziladigan test sinovlarida ishtirok etishi mumkin.
Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun oʻtkazilgan test sinovida ishtirok etgan abituriyentlar texnikumlardagi test sinovida ishtirok etishi yoki etmasligini texnikumga hujjat topshirishda maʼlum qiladi.
2-§. Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish
18. Kasb-hunar maktabiga kasblar boʻyicha abituriyentlar tomonidan tushgan arizalar soni davlat buyurtmasi parametrlari bilan teng boʻlganda, abituriyentlar tanlovsiz toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga qabul qilinadi.
Kollejlar, texnikumlarga kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha abituriyentlar tomonidan tushgan arizalar soni davlat buyurtmasi parametrlari bilan teng boʻlganda, abituriyentlar tanlovsiz toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga qabul qilinadi.
Davlat buyurtmasi parametrlarida davlat granti nazarda tutilmagan kollejlar va texnikumlarga kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha abituriyentlar tomonidan tushgan arizalar soni davlat buyurtmasi parametrlari (toʻlov-kontrakt boʻyicha) bilan teng boʻlganda, abituriyentlar tanlovsiz toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga qabul qilinadi.
19. Kollej va texnikumlarda qabul komissiyasining abituriyentlarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan keyin tegishli taʼlim muassasasi bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar oʻrtasida belgilangan tartibda shartnomalar rasmiylashtiriladi.
20. Kollej va texnikumlarning kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha toʻlov-kontrakt miqdori bir oʻquvchini oʻqitish bilan bogʻliq sarf-xarajatlardan kam boʻlmagan miqdorlarda, vazirlik va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining takliflari asosida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
21. Professional taʼlim muassasalariga belgilangan davlat buyurtmasi parametrlaridan ortiq hujjatlar tushganda uch ish kunida kasb-hunar maktablari tomonidan kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalariga, kollejlar tomonidan tegishli vazirliklar va idoralarga, texnikumlar tomonidan tegishli oliy taʼlim muassasalariga bu haqida maʼlumot kiritiladi.
22. Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari, tizimida kollejlar va texnikumlar boʻlgan vazirliklar va idoralar, huzurida texnikumlar boʻlgan oliy taʼlim muassasalari uch ish kunida abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish imkoniyati va oʻqitish quvvatini hisobga olib, qoʻshimcha oʻrin ajratish yoki abituriyentlar oʻrtasida kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oʻtkazish yuzasidan kasb va mutaxassisliklar boʻyicha takliflarni vazirlikka kiritadi.
23. Vazirlik besh ish kunida davlat buyurtmasi parametrlaridan ortiq hujjatlar tushgan professional taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (taʼlim muassasalari, kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha) tahlil qiladi va Davlat komissiyasiga professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish uchun kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oʻtkazish boʻyicha takliflar kiritadi.
24. Davlat komissiyasi oʻn ish kunida Vazirlikning takliflarini koʻrib chiqadi va qoʻshimcha oʻquvchi oʻrinlari ajratish, kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oʻtkaziladigan professional taʼlim muassasalari roʻyxatini (kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha) tasdiqlaydi.
Professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni test sinovlari orqali qabul qilish ushbu Nizomga 2-ilovada, professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish ushbu Nizomga 3-ilovada, professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni yozma imtihonlar orqali qabul qilish mazkur Nizomga 4-ilovada belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
25. Kasb-hunar maktablarida kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijasi boʻyicha tanlovdan oʻtmagan abituriyentlar toʻgʻrisida maʼlumotlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalariga kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari tomonidan besh ish kunida taqdim etiladi hamda oʻquvchi oʻzi oʻqigan umumiy oʻrta taʼlim maktabida taʼlim olishni davom ettirishi taʼminlanadi.
26. Abituriyentlar professional taʼlim muassasalariga oʻquvchilar safiga qabul qilingandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining xulosasiga koʻra tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
27. Professional taʼlim muassasalariga talabalarni qabul qilish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish, statistik hisobotlarni tayyorlash, tahlil oʻtkazish, tashkiliy va nizoli masalalarni hal etish, qoidaga koʻra, har yili oʻquv yili boshlangunga qadar yakunlanadi. Oʻqishga qabul qilinganlar toʻgʻrisidagi yakuniy hisobotlar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Davlat komissiyasiga kiritiladi.
3-bob. Chet el fuqarolari va xorijda yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish
28. Chet el fuqarolari va xorijda yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish professional taʼlim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
29. Chet el fuqarolari va xorijda yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar professional taʼlim muassasalariga vazirlik tomonidan belgilangan tartibda oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra davlat buyurtmasi parametrlaridan tashqari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.
30. Davlat komissiyasi tomonidan chet el fuqarolari va xorijda yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng professional taʼlim muassasalari bilan jismoniy yoki yuridik shaxslar oʻrtasida belgilangan tartibda shartnoma tuziladi.
31. Xorijiy fuqarolar oʻqish uchun toʻlovni har yili shartnoma shartlarida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshiradi.
Bunda oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt miqdori bir oʻquvchini oʻqitish uchun ketadigan sarf-xarajatlardan kam boʻlmagan miqdorda professional taʼlim muassasasi direktori tomonidan boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishgan holda belgilanadi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi qarorlardan norozi boʻlganlar tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar yoki sudga belgilangan tartibda murojaat qilish huquqiga ega.
33. Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan abituriyentlarning kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalaridan tegishli koʻchirmalar ularning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildida saqlanadi.
Oʻqishga tavsiya etilmagan abituriyentlarning kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalari olti oy davomida saqlanadi, soʻng belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
34. Kirish imtihonlarini (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda professional taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish uchun kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)ni tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Talablar

Masʼullar

Bajarish muddati


I bosqich

Professional taʼlim muassasalarida qabul komissiyalarini tashkil etish.

Tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar,

professional taʼlim muassasalari

Har yili

15-mayga qadar


II bosqich

Professional taʼlim muassasalaridagi kasb va mutaxassisliklarning xususiyatlari, mintaqada iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi va bitiruvchilarning keyinchalik ishga joylashish imkoniyatlari boʻyicha kasbga yoʻnaltirish ishlarini tashkil etish.

Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Xalq taʼlimi boshqarmalari, mahalliy hokimliklar, ish beruvchilar, boshqa manfaatdor tashkilotlar

Hujjatlarni qabul qilish jarayonlari yakunlangunga qadar


III bosqich

Kasb-hunar maktablariga 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlarini qabul qilish jarayonini tashkil etish.

Kasb-hunar maktablariqabul komissiyalari

Har yili

1 iyuldan
20-iyulga qadar


Kollejlar va texnikumlarga abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish jarayonini tashkil qilish.

Kollej va texnikumlarning qabul komissiyalari

Har yili
10 avgustdan
10-sentabr
ga qadar


IV bosqich

Professional taʼlim muassasalarida qabul jarayonlari boshlanishidan bir oy oldin abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish muddatlari, kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati hamda davlat buyurtmasi parametrlari haqidagi maʼlumotni qabul komissiyasining axborot stendlari va professional taʼlim muassasasining veb-saytida eʼlon qilish.

Professional taʼlim muassasalari

Qabul jarayonlari boshlanishidan bir oy oldin


V bosqich

Kasb-hunar maktabiga kasblar boʻyicha abituriyentlar tomonidan tushgan arizalar soni davlat buyurtmasi parametrlari bilan teng boʻlganda, abituriyentlarni tanlovsiz toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga qabul qilish.

Kollejlar, texnikumlarga kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha abituriyentlar tomonidan tushgan arizalar soni davlat buyurtmasi parametrlari bilan teng boʻlganda, abituriyentlarni tanlovsiz toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga qabul qilish.

Davlat buyurtmasi parametrlarida davlat granti nazarda tutilmagan kollejlar va texnikumlarga kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha abituriyentlar tomonidan tushgan arizalar soni davlat buyurtmasi parametrlari (toʻlov-kontrakt boʻyicha) bilan teng boʻlganda, abituriyentlarni tanlovsiz toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga qabul qilish.

Professional taʼlim muassasalari

Qabul jarayoni yakunlangandan soʻng


VI bosqich

Professional taʼlim muassasalariga belgilangan davlat buyurtmasi parametrlaridan ortiq hujjatlar tushganda kasb-hunar maktablari boʻyicha Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalariga, kollejlar boʻyicha tegishli vazirliklar va idoralarga, texnikumlar boʻyicha tegishli oliy taʼlim muassasalariga bu haqida tahliliy maʼlumotlar kiritish.

Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari, tegishli vazirliklar va idoralar, oliy taʼlim muassasalari

Hujjatlar tushganda uch ish kunida


VII bosqich

Abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish imkoniyati va oʻqitish quvvatini hisobga olib, qoʻshimcha oʻrin ajratish yoki abituriyentlar oʻrtasida kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oʻtkazish yuzasidan kasb va mutaxassisliklar boʻyicha takliflarni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga kiritish.

Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari, tizimida kollejlar va texnikumlar boʻlgan vazirliklar va idoralar, huzurida texnikumlar boʻlgan oliy taʼlim muassasalari

Uch ish kunida


VIII bosqich

Davlat buyurtmasi parametrlaridan ortiq hujjatlar tushgan professional taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (taʼlim muassasalari, kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha) tahlil qilish va Davlat komissiyasiga professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish uchun kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oʻtkazish boʻyicha taklif kiritish.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi

Besh ish kunida


IX bosqich

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining takliflarini koʻrib chiqish va qoʻshimcha oʻquvchi oʻrinlari ajratish, kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oʻtkaziladigan professional taʼlim muassasalari roʻyxatini (kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha) tasdiqlash.

Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi

Oʻn ish kunida


X bosqich

Professional taʼlim muassasalariga talabalarni qabul qilish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish, statistik hisobotlarni tayyorlash, tahlil oʻtkazish, tashkiliy va nizoli masalalarni hal etish, qoidaga koʻra, har yili oʻquv yili boshlangunga qadar yakunlash. Oʻqishga qabul qilinganlar toʻgʻrisidagi yakuniy hisobotlarni Davlat komissiyasiga kiritish.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi

Har yili oʻquv yili boshlangunga qadar

Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni test sinovlari orqali qabul qilish
TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasi professional taʼlim muassasalariga (keyingi oʻrinlarda — professional taʼlim muassasalari) oʻqishga qabul qilish uchun test sinovlarini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda — Davlat test markazi) tomonidan test sinovlarini adolatli va xolisona oʻtkazish mazkur Tartib talablariga qatʼiy rioya etgan holda professional taʼlim muassasalarining qabul komissiyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi oʻrinlarda — hokimliklar), Davlat test markazi vakillari, bino rahbarlari, guruh kuzatuvchilari tomonidan taʼminlanadi.
Ushbu Tartibda belgilangan talablarga muvofiq test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy ishlar hokimliklar va professional taʼlim muassasalarining qabul komissiyalari tomonidan taʼminlanadi.
Test sinovlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Test sinovlari oʻtkaziladigan kunda Davlat test markazining tegishli ruxsatnomasiga ega boʻlmagan shaxslarning test sinovlari oʻtkazilishi belgilangan hududga kirishi taqiqlanadi.
4. Test sinovlari kunduzgi, sirtqi va kechki (smenali) taʼlim shakli uchun har yili iyul-sentabr oylarida, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada oʻtkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi.
Abituriyent test sinovlari boshlanganidan soʻng binoga tegishli hududga kiritilmaydi.
5. Hujjatlarni roʻyxatdan oʻtkazishning muddati yakunlanganidan soʻng ikki hafta muddatda abituriyent ruxsatnomasini qabul komissiyasidan yoki Davlat test markazining rasmiy veb-saytidan oladi.
Abituriyent ruxsatnomasida koʻrsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi. Mazkur sana va vaqt qatʼiy hisoblanib, boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
6. Test topshiriqlari umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlimning umumtaʼlim fanlari oʻquv dasturlariga muvofiq tuziladi.
7. Kasb va mutaxassisliklarga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini oʻtkazishning aniq muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan belgilanadi.
8. Abituriyent oʻzi tanlagan hududda (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazi yoki Toshkent shahrida) tashkil etiladigan test sinovlarida ishtirok etish huquqiga ega.
9. Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini toʻldirish bilan birga) har 30 ta test topshirigʻiga 1 soat vaqt belgilanadi.
10. Abituriyentlarning toʻplagan ballari haqidagi maʼlumot test sinovi oʻtkazilgan kunning ertasiga, tanlov asosida professional taʼlim muassasasiga oʻqishga tavsiya etilgani yoki etilmagani boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan test sinovlari natijalari test sinovlari toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi hamda tegishli professional taʼlim muassasalariga yetkaziladi.
2-bob. Test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish
1-§. Test sinovlari oʻtkaziladigan joylarga qoʻyiladigan umumiy talablar
Oldingi tahrirga qarang.
11. Test sinovlari Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari, professional taʼlim muassasalari yoki boshqa tashkilotlarning katta sigʻimdagi binolarida oʻtkaziladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-dekabrdagi 731-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 09/22/731/1141-son)
12. Binolarni tayyorlash, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan, abituriyentlar ota-onalarining test sinovlari jarayonini onlayn tarzda kuzatib borishlari, abituriyentlarni shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali binoga tegishli hududga kiritish, binolardagi va xizmat postlaridagi videoyozuvlar saqlanishi uchun sharoitlar yaratish hokimliklar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan taʼminlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tegishli joylar shaxsni identifikatsiyalash vositalari (videofiksatsiya va barmoq izlarini tekshiruvchi vositalar) videokuzatuv, mobil aloqa toʻlqinini toʻsuvchi qurilmalar bilan taʼminlanadi hamda vazirlik oʻtkazilgan test sinovlari jarayoni boʻyicha videoyozuvlarni saqlaydi va ularni test sinovlari oʻtkazilgan kunning ertasiga Davlat test markaziga topshiradi.
13. Guruh nazoratchilari va abituriyentlarni test sinovlari oʻtkaziladigan hududga nazorat xizmati postlari orqali kiritish, tadbir jarayonida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tomonidan amalga oshiriladi.
14. Hudud boʻyicha bosh shtabda, test sinovlari oʻtkaziladigan har bir binoda Davlat test markazining vakiliga test materiallarini saqlash, tarqatish va yigʻib olish uchun moʻljallangan yetarli miqdorda stol, stullar, kompyuter, skaner, statsionar telefon aloqasi, doimiy videokuzatuv va seyf bilan taʼminlangan maxsus xona (shtab) tayyorlanadi. Bunda binoning holati sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablariga toʻliq javob berishi lozim.
15. Binoda test sinovlarini toʻliq nazorat qilish maqsadida, qoida tariqasida, bino elektron soat, ovoz kuchaytirish vositalari, 30 nafar abituriyent uchun bitta videokuzatuv tizimi, jarayonni abituriyentlarning ota-onalari onlayn tarzda kuzatishi uchun zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanishi shart.
Binoda bir nafar abituriyentga, qoida tariqasida, 2 m2 dan kam boʻlmagan joy tayyorlanadi.
16. Hududlar boʻyicha test sinovlari oʻtkaziladigan bino va guruhlar alohida tartib raqami takrorlanmaydigan ketma-ketlikda raqamlanadi.
17. Har bir guruh alohida oʻtirish oʻrniga ega boʻlgan 30 tadan stol va stul bilan taʼminlanib, stollar birdan oʻttizgacha raqamlanishi lozim.
Guruh nazoratchisi uchun test materiallarini tarqatish va qabul qilishga alohida stol va stul ajratilib, stol uzluksiz videokuzatuv bilan taʼminlanadi.
18. Test sinovlari oʻtkaziladigan har bir binoni tayyorlashda unga yorugʻlik tushishi, binoni shamollatish, abituriyentni tik tushgan quyosh nuridan himoya qilish imkoniyatlari hisobga olinishi lozim.
19. Binoga tegishli hududda va binoga kirish joylarida guruh va abituriyentlar soni yozilgan koʻrsatkichlar ilib qoʻyilgan boʻlishi shart.
20. Test sinovlari oʻtkaziladigan har bir hududda test jarayoni uchun zarur axborot, texnik, tibbiy va maishiy sharoitlar yaratilgan boʻlishi lozim.
2-§. Test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda qabul komissiyalarining vazifalari
21. Qabul komissiyasi test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq quyidagi vazifalarni bajaradi:
qabul komissiyasining eʼlonlar taxtasiga qabul jarayoni boshlanadigan kunga qadar professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni, kasb va mutaxassisliklar boʻyicha davlat buyurtmasi parametrlarini, ularga muvofiq test sinovlari oʻtkaziladigan fanlar majmuasi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan kasb va mutaxassisliklar roʻyxatini joylashtirish;
qabul jarayonini uyushqoqlik bilan, tartibli tashkil etish, abituriyentlarga ularning test sinovlari jarayonidagi vazifalari, huquq va majburiyatlarini tushuntirish, test sinovlari jarayoni boʻyicha maslahatlar, koʻrsatmalar berish;
murojaat qilgan abituriyentlarni professional taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun roʻyxatdan oʻtkazish va abituriyentlarga roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida abituriyentning qayd varaqasi hamda eslatmani berish;
professional taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar haqidagi maʼlumotlarni shu kunning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining maxsus dasturi hamda qayd daftarlariga kiritish;
maxsus dastur orqali bazaga maxsus kod, qayd raqami, taʼlim turi, taʼlim muassasasining nomi, abituriyentning fuqaroligi, familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, jinsi, pasport (tugʻilganlik haqida guvohnoma) seriyasi va raqami, yashash joyi, tugʻilgan yili va joyi, taʼlim olgan taʼlim muassasasi turi, raqami va nomi, manzili hamda uni tugatgan yili, diplom (shahodatnoma yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat) raqami hamda respublika va xalqaro fan olimpiadalari gʻolibi ekanligi, Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi sertifikat haqidagi maʼlumot (agar ushbu hujjatlar mavjud boʻlsa) va boshqa imtiyozga ega boʻlganlar hamda toʻliq davlat taʼminotidagi yetim bolalar va koʻzi ojizlar toifasiga kiruvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumot, oʻqitish tili, ixtisosligi, chet tili va uni topshirish usulini kiritish;
kasb va mutaxassisliklar, oʻqitish tili va taʼlim shakli boʻyicha professional taʼlim muassasasiga roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar soni, shu jumladan, fan olimpiadalari gʻoliblari va boshqa imtiyozga ega boʻlgan hamda toʻliq davlat taʼminotidagi yetim bolalar va koʻzi ojizlar toifasiga kiruvchi abituriyentlar haqidagi maʼlumotlarni abitiuriyentlar va ota-onalar eʼtibori uchun har kuni eʼlon qilib borish;
test sinovlari boshlanguniga qadar murojaat qilgan abituriyentlarga ruxsatnomani tasdiqlab tarqatish.
22. Qabul komissiyasi hujjatlarni qabul qilish tugagandan soʻng 1 kun muddatda xalqaro va respublika fan olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar gʻoliblari hamda shu kabi test sinovlarisiz oʻqishga kirish imtiyoziga ega boʻlgan abituriyentlar haqida qabul komissiyasining raisi va masʼul kotibi tomonidan imzolangan maʼlumotlarni Davlat test markaziga taqdim etadi.
Abituriyent toʻgʻrisida taqdim etilgan maʼlumotlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taqiqlanadi.
23. Qabul komissiyasining raisi va masʼul kotibi Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan ruxsatnoma asosida, unda belgilangan kun, test sinovlari oʻtkaziladigan bino shtabida test sinovlari jarayoni kuzatuvchisi sifatida ishtirok etadi.
24. Qabul komissiyasi tomonidan oʻziga yuklangan vazifalarning bajarilishini taʼminlash uchun javobgarlik qabul komissiyasiga yuklanadi.
3-§. Test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda Davlat test markazining vazifalari
25. Davlat test markazi test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq quyidagi vazifalarni bajaradi:
test sinovlarini oʻtkazish jarayonida qoʻllaniladigan shakllar va jadvallarni ishlab chiqish;
test materiallarining sifatli va nuqsonsiz tayyorlanishini taʼminlash;
test materiallarining belgilangan kunlarda Davlat feldyegerlik xizmati tomonidan Davlat test markazi vakiliga yetkazilishini taʼminlash;
test sinovlari oʻtkazilishi bilan bogʻliq seminarda ishtirok etgan malakali shaxslar tarkibidan, qoida tariqasida, har 30 nafar abituriyentga 2 nafar guruh kuzatuvchisini shartnoma asosida test sinovlari jarayoniga jalb etish;
belgilangan tartibda abituriyentlar haqida tushgan maʼlumotlar asosida guruhlarni shakllantirish va ularning binolar boʻyicha oʻtirish oʻrinlarini belgilash hamda test sinovlari va tanlovni tashkil etish;
abituriyentlarning guruhlar boʻyicha taqsimlangan roʻyxatini, bino rahbari va guruh kuzatuvchilari roʻyxatini ikki nusxada tayyorlash hamda tasdiqlangan holda Davlat test markazi vakiliga yetkazish;
kunlik test sinovlari tugagandan soʻng test materiallarining Davlat feldyegerlik xizmatiga topshirilishini nazorat qilish;
Davlat test markaziga olib kelingan javoblar varaqalari boʻyicha test sinovlari natijalarini hisoblash va eʼlon qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat test markazi qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
(25-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-§. Test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda hokimliklarning vazifalari
26. Quyidagilar test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda hokimliklarning vazifalari hisoblanadi:
test sinovlari oʻtkaziladigan binolarni mazkur bobning 1-paragrafida belgilangan talablar boʻyicha test sinovlariga tayyor holatga keltirib, bu haqida Davlat test markaziga maʼlumot berish;
abituriyentlarning test sinovlari oʻtkaziladigan hududga shaxsni identifikatsiyalash vositalari orqali tartibli kiritilishini taʼminlash;
test sinovlari jarayonini videokuzatuvlar orqali onlayn tizimda ota-onalarga koʻrsatish, bosh shtab va har bir binoda tezkor axborotlarni toʻplash uchun ularning zarur moddiy-texnika vositalari bilan toʻliq jihozlanishini taʼminlash;
abituriyentlarning ota-onalari va keng jamoatchilik uchun test sinovlarini onlayn rejimda kuzatishni taʼminlash maqsadida binoga tegishli hudud tashqarisida oʻtirish joylarini belgilash hamda kutish joylarini tashkil etish;
test sinovi boʻlib oʻtadigan binolarni zaxira energiya manbai bilan taʼminlash;
test sinovlarini oʻtkazish uchun transport vositalari bilan taʼminlashga amaliy yordam berish, har bir hudud xavfsizligini va test sinovlarining tartibli oʻtishini taʼminlash, nazorat xizmati postlarini tashkil etish;
har bir smenada abituriyentlar va guruh nazoratchilarini yetarli miqdorda ichimlik suv, havorang pastali sharikli ruchkalar bilan hamda test sinovlari oʻtkaziladigan binolarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga toʻliq javob berishini taʼminlash.
27. Hokimliklar qabul komissiyalari bino hududiga yoki binoga guruh nazoratchilari, abituriyentlar va boshqa shaxslar tomonidan mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari, shpargalkalar va shu kabilarni olib kirishlariga ruxsat bersa yoki oʻzlari tashkil etishsa, mazkur holat ularni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
28. Test sinovlari oʻtkaziladigan hududga yoki binoga kirish joylarida tashkil etilgan nazorat xizmati postlarida xizmat olib borayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xodimlari tomonidan tekshiruv vaqtida abituriyent va guruh nazoratchilarida mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari, shpargalkalar mavjudligi, shuningdek, barmoq izlari va fotosurati tekshirilgan vaqtda shaxsi tasdiqlanmaganligi aniqlangan taqdirda, bu haqida Davlat test markazining vakili xabardor qilinib, ularni test sinovlariga kiritmaslik toʻgʻrisida dalolatnoma rasmiylashtiradi.
5-§. Test sinovlarini oʻtkazishda Davlat test markazi vakili, bino rahbari, guruh nazoratchisi va abituriyentlarning vazifalari, huquqlari va majburiyatlari
29. Quyidagilar Davlat test markazi vakilining vazifalari hisoblanadi:
bino rahbarlari va guruh nazoratchilariga umumiy rahbarlik qilish hamda ularga amaliy yordam koʻrsatish;
test sinovlarining boshlanishi va tugashini qatʼiy nazorat qilish, tezkor axborotlarni Davlat test markaziga yuborish, test sinovlarining adolatli, xolisona va ushbu Tartibda belgilangan talablar asosida oʻtishini taʼminlash.
30. Davlat test markazi vakili oʻziga yuklangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun hokimliklar va qabul komissiyalariga koʻrsatma berish, ushbu Tartib talablariga amal qilmagan bino rahbarini, guruh nazoratchisini va abituriyentni test sinovlari jarayonidan chetlashtirish hamda Davlat test markazi rahbariyati bilan kelishgan holda chetlashtirilganlar oʻrniga boshqa bino rahbarini, guruh nazoratchisini tayinlash huquqiga ega.
31. Quyidagilar Davlat test markazi vakilining majburiyatlari hisoblanadi:
oʻziga biriktirilgan binoda test oʻtkazish tartibiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash;
belgilangan sanalarda ertalab soat 05:30 dan kechikmasdan oʻziga tegishli binoga yetib kelish va nazorat xizmati posti orqali pasporti (ruxsatnoma yoki guvohnoma) bilan kirish;
bino rahbarlari va guruh nazoratchilari roʻyxatining xizmat postlariga yetkazilishini taʼminlash;
guruh nazoratchilariga abituriyent tomonidan test sinovlari qoidalari buzilganda, uni test sinovlaridan chetlashtirish toʻgʻrisida koʻrsatma berish;
test sinovlari tugagandan soʻng abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxati solingan va muhrlangan paketlarni, test materiallari qutilarini Davlat feldyegerlik xizmati xodimlariga topshirish.
32. Davlat test markazi vakili abituriyentlarga mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari, shpargalkalar va shu kabilarni bersa yoki foydalanilayotgan holatlarda ularni test sinovlaridan chetlashtirish toʻgʻrisida koʻrsatma bermasa, mazkur holat uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
33. Davlat test markazi vakili Davlat test markazi direktorining buyrugʻi bilan almashtirilishi mumkin.
34. Ushbu Tartib talablari asosida oʻziga biriktirilgan binodagi guruh nazoratchilari faoliyatini va abituriyentlarning test topshirishini nazorat qilish bino rahbarining vazifasi hisoblanadi.
35. Bino rahbari oʻziga yuklangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun Davlat test markazi vakilidan amaliy yordam olish, ushbu Tartib talablariga amal qilmagan guruh nazoratchilarini, abituriyentni test sinovlaridan chetlashtirish hamda Davlat test markazi vakili bilan kelishgan holda guruh nazoratchisini tayinlash huquqiga ega.
36. Quyidagilar bino rahbarining majburiyatlari hisoblanadi:
belgilangan sanalarda ertalab soat 05:30 dan kechikmasdan oʻziga tegishli binoga yetib kelish va nazorat xizmati posti orqali pasporti (ruxsatnoma yoki guvohnoma) bilan kirish;
ertalab soat 06:00 dan 06:30 gacha guruh nazoratchilariga ularning ruxsatnomalarini tarqatish va taqsimotini rasmiylashtirish;
birinchi smenada soat 06:30 dan 07:00 gacha, ikkinchi smenada soat 13:30 dan 14:00 gacha abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxatini (ikki nusxada) va test materiallarini tarqatish va qabul qilish bayonnomasini rasmiylashtirish hamda test materiallari solingan zaxira qutilarini seyfga joylashtirib, muhrlash;
oʻziga biriktirilgan binodagi guruh nazoratchilaridan abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxatining bir nusxasini test sinovlari jarayoni boshlangandan soʻng 30 daqiqa ichida yigʻib olish, undagi axborotning 30 daqiqa ichida Davlat test markaziga elektron shaklda yuborilishini taʼminlash;
abituriyent test materialida tipografik xatolik borligi haqida murojaat qilsa, zudlik bilan zaxira qutilaridan kasb va mutaxassisligi tiliga mos test materiallarini guruh nazoratchisiga berish va zaxira test materiallarini tarqatish bayonnomasini rasmiylashtirish;
guruhlarda test sinovi tartibini buzgan abituriyentlarning test sinovlaridan chetlashtirilishini nazorat qilish;
test sinovining tugash vaqtiga qatʼiy amal qilish;
test sinovlari uchun belgilangan vaqt tugagandan soʻng 20 daqiqa ichida javoblar varaqasi paketi, test topshiriqlari kitobi qutisi guruhlarda muhrlanishini nazorat qilish hamda guruh nazoratchilaridan muhrlangan javoblar varaqasi paketi va test materiallari qutilarini qabul qilib olish;
abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxati solingan va muhrlangan paketni, test materiallari hamda bino boʻyicha toʻplangan javob varaqalari paketlari solingan va muhrlangan qutilarni Davlat test markazi vakiliga (Davlat feldyegerlik xizmatiga) topshirish.
37. Bino rahbari abituriyentlarga mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari, shpargalkalar va shu kabilarni bersa yoki ishlatishga imkoniyat yaratsa, foydalanilayotgan holatda koʻrib turib test sinovlaridan chetlashtirish uchun koʻrsatma bermasa, ushbu holat uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
38. Test sinovi oʻtkazilayotgan guruhda ushbu Tartib talablariga qatʼiy rioya qilish va test sinovining adolatli oʻtkazilishini taʼminlash guruh nazoratchisining vazifasi hisoblanadi.
39. Guruh nazoratchisi oʻziga yuklangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun bino rahbaridan amaliy yordam olish, ushbu Tartib talablariga amal qilmagan abituriyentni test sinovlari jarayonidan chetlatish huquqiga ega.
40. Quyidagilar guruh nazoratchisining majburiyatlari hisoblanadi:
test sinovi oʻtkaziladigan kuni biriktirilgan binoga soat 05:30 dan kechikmasdan ortiqcha buyumlarsiz (uyali telefon, mikrokalkulyator va shu kabilar) pasporti bilan yetib kelish va soat 06:00 dan 06:30 gacha bino shtabida oʻzlariga tegishli ruxsatnomalarni olish va oʻziga biriktirilgan guruhning test sinovlariga tayyorligini tekshirish, jarayonga salbiy taʼsir etuvchi omillar aniqlanganda, ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
guruhdagi stollarning ketma-ketlikda raqamlanganligini tekshirish;
belgilangan vaqtda bino rahbaridan abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxatini hamda test materiallari qutisini qabul qilib olish;
abituriyentning ruxsatnomasi va pasporti (tugʻilganlik haqida guvohnoma) asosida tekshirib ularni guruh roʻyxati boʻyicha belgilangan joyga oʻtirishini taʼminlash hamda test sinovlariga kelmagan abituriyentlarning oʻrnini boʻsh qoldirish;
test materiallari qutisida abituriyentlar soniga mos test topshiriqlari kitobi, javoblar varaqasi, ishlatilmagan test topshiriqlari kitoblari, javoblar varaqasi uchun boʻsh paketlar va muhrlar mavjudligini tekshirish;
abituriyentlarga test topshiriqlari kitobi va javoblar varaqalarini tarqatish;
test topshiriqlari kitobi va javoblar varaqasining nuqsonsizligini tekshirib chiqish hamda ularning tegishli boʻlimlarini rasmiylashtirish boʻyicha abituriyentlarga koʻrsatma berish;
test topshiriqlari kitobida nuqson mavjudligi aniqlansa, uning birinchi betiga “nuqsonli” deb yozish, almashtirilgan vaqtini koʻrsatish hamda abituriyentning familiyasi, ismi, otasining ismini yozib, imzolash va ushbu holat haqida dalolatnoma tuzish;
test sinovlariga kelmagan abituriyentning test topshiriqlari kitobini test sinovlari boshlanganidan soʻng 15 daqiqa oʻtgach ishlatilmagan test topshiriqlari kitobi paketiga solib muhrlash, abituriyentlarning guruh boʻyicha roʻyxatiga test sinovlariga kelmagan abituriyent ismi va familiyasi toʻgʻrisiga “qatnashmadi” degan yozuv kiritish hamda uning javoblar varaqasini javoblar varaqasi paketiga solib qoʻyish;
birinchi smenada soat 08:00 dan 08:20 gacha, ikkinchi smenada soat 15:00 dan 15:20 gacha abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxatini rasmiylashtirish;
abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxatining toʻldirilgan bir nusxasini bino rahbariga topshirish;
abituriyentlar bilan test topshiriqlari boʻyicha savol-javob qilmaslik;
test topshiriqlari uchun ajratilgan vaqt tugaganligini eʼlon qilish, abituriyentlarning oʻrinlaridan turishlarini talab qilish;
abituriyentlarga test materiallarini topshirish boʻyicha koʻrsatma berish;
test topshiriqlari kitobi va javoblar varaqasiga shikast yetmaganligini tekshirib qabul qilib olish;
barcha javoblar varaqalarini javoblar varaqalari paketiga solish;
test sinovlarida qatnashgan abituriyentlarning javoblar varaqalarini, “nuqsonli” deb topilgan test topshiriqlari kitobini, abituriyentlarning guruhlar boʻyicha roʻyxatining ikkinchi nusxasini javoblar varaqasi paketiga solib, paketni muhrlash;
ishlatilmagan test topshiriqlari kitobi paketi hamda ishlatilgan test topshiriqlari kitoblarini test materiallari qutisiga solib muhrlash;
test sinovlari tugagandan soʻng guruhda abituriyentlar boʻlsa, ularni tashqariga chiqarish;
test materiallarini bino rahbariga belgilangan vaqtlarda topshirish va topshirganligini tasdiqlash.
41. Guruh nazoratchisi abituriyent test topshiriqlari kitobi nuqsonli ekanligi haqida murojaat qilsa, birinchi smenada 08:00 gacha, ikkinchi smenada 15:00 gacha quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
guruhda test sinovlarida qatnashmagan abituriyent uchun ajratilgan test topshiriqlari kitobini murojaat qilgan abituriyentga beradi;
guruhda ortiqcha test topshiriqlari kitobi boʻlmasa, bino rahbaridan zaxiradagi shu kasb va mutaxassislik hamda tiliga mos boʻlgan test topshiriqlari kitobini berishni soʻraydi. Bu jarayonni dalolatnoma bilan rasmiylashtiradi.
42. Test sinovlarini oʻtkazishda guruh nazoratchilari abituriyentlarga mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari, shpargalkalar va shu kabilarni bersa yoki ishlatishga imkoniyat yaratsa, foydalanilayotgan holatlarda test sinovlaridan chetlashtirmasa va ushbu holat uchun javoblar varaqasining tegishli boʻlimini rasmiylashtirmasa, mazkur holat ularni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
43. Test sinovlari jarayonida abituriyent quyidagi huquqlarga ega:
test topshiriqlari kitobidan qoralama sifatida foydalanish;
test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajarish, undan soʻng test materiallarini tartib bilan guruh kuzatuvchisiga topshirish hamda test sinovlari oʻtkaziladigan hududdan chiqib ketish.
44. Abituriyent test sinovlari oʻtkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena soat 14:00) gacha, binoga soat 07:30 (ikkinchi smena soat 14:30) gacha faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti (tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi) bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari orqali tartibli ravishda kirishi bilan birgalikda, birinchi smenada soat 07:30 dan 08:00 gacha, ikkinchi smenada soat 14:30 dan 15:00 gacha quyidagi ishlarni amalga oshirishga majbur:
test materiallari nuqsonsizligini tekshirish va nuqson borligi aniqlansa, darhol guruh nazoratchisiga xabar berish;
javoblar varaqasi toʻgʻri toʻldirilishini taʼminlash;
test topshiriqlari kitobi muqovasida va javoblar varaqasida koʻrsatilgan tegishli joylarni rasmiylashtirish.
45. Abituriyent ushbu Nizomning 44-bandida koʻrsatilgan majburiyatlardan tashqari quyidagilarga shaxsan javobgar hisoblanadi:
javoblar varaqasini havo rang pastali sharikli ruchka bilan toʻldirish;
javoblar varaqasini bukmaslik, marker chizigʻiga yozmaslik, javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni boʻyamaslik;
javoblar varaqasi bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat boʻlganligi uchun uni toʻgʻri toʻldirish;
belgilangan vaqt tugaguniga qadar test topshiriqlari kitobida mavjud test topshiriqlarini bajargan holda javoblar varaqasining mos tartib raqamidagi tegishli doirachalarini boʻyab, test topshiriqlari kitobini va unga mos boʻlgan javoblar varaqasini guruh nazoratchisiga topshirish.
46. Har bir test topshirigʻiga 4 tadan (“A”, “V”, “S”, “D”) muqobil javoblar beriladi.
47. Abituriyent tomonidan har bir test topshirigʻiga faqat bitta javob belgilanishi shart boʻlib, test topshiriqlari kitobida toʻgʻri deb hisoblangan javoblarni javoblar varaqasidagi mos tartib raqamli doirachadan bittasini boʻyaydi (javoblar varaqasida boʻyalgan javoblarni oʻzgartirish mumkin emas). Agar, javoblar varaqasidagi “belgilash uchun namuna” qoidasiga rioya etilmasa, jumladan, bitta test topshirigʻiga javoblar varaqasida tegishli doiracha boʻyalmasa yoki ikki va undan ortiq doiracha boʻyalsa yoxud toʻliq boʻyalmasa ushbu test topshirigʻiga ball berilmaydi.
48. Abituriyentning test sinovlarini topshirish vaqtida guruhdan chiqishi taqiqlanadi, chiqqan abituriyentlar qaytadan test sinovlariga qoʻyilmaydi. Test materiallarisiz, guruh nazoratchisi kuzatuvi ostida guruhdan chiqish hollari bundan mustasno.
49. Quyidagi hollarda abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos boʻladi:
test sinovlari oʻtkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan boʻlsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa;
test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
test sinovlari jarayonida bir-biri bilan gaplashsa;
test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varagʻini yirtsa;
test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan soʻng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa.
Test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.
3-bob. Test sinovlari natijasi boʻyicha berilgan apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
50. Professional taʼlim muassasalarida abituriyentlar murojaatlarini koʻrib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
51. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga professional taʼlim muassasasi qabul komissiyasining aʼzolari va fanlar boʻyicha ekspertlar kiritiladi.
52. Apellyatsiya komissiyasining tarkibi professional taʼlim muassasasi direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Apellyatsiya komissiyasi raisi taʼlim muassasasi direktori hisoblanadi.
53. Test sinovlari natijasidan norozi boʻlgan abituriyent yoki uning ota-onasi yoxud ularning oʻrnini bosuvchilar (vasiylar) test sinovlari toʻliq yakunlanib, tanlov natijasi eʼlon qilingandan soʻng ikki kun davomida professional taʼlim muassasasida tashkil etilgan apellyatsiya komissiyasiga ushbu Tartibga ilovada keltirilgan shaklga muvofiq yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.
Apellyatsiya shikoyati qabul qilinganligi toʻgʻrisida abituriyentga xabarnoma beriladi.
54. Abituriyentning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi Davlat test markaziga belgilangan tartibda yetkazilmagan, yirtilgan boʻlsa, shuningdek, test sinovlaridan chetlashtirilgan yoki oʻzining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqilmaydi.
55. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini qabul qilib olgan kuni Davlat test markaziga apellyatsiya shikoyatlarni elektron imzo bilan tasdiqlangan holda elektron nusxasini taqdim etadi.
56. Davlat test markazi apellyatsiya shikoyatini qabul qilgan kuni apellyatsiya shikoyati asosida abituriyentlarga test sinovi jarayonida taqdim etilgan test topshirigʻi kitobining va javoblar varaqasining elektron nusxasi (Pdf formatda) hamda test sinovida yoʻl qoʻygan notoʻgʻri javoblari roʻyxatini elektron imzo bilan tasdiqlangan holda apellyatsiya komissiyasiga taqdim etadi.
57. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish jarayonida Davlat test markazi vakillarini hamda guruh nazoratchilarini ularga tegishli masalalar boʻyicha jalb qilishga haqli.
58. Apellyatsiya shikoyatini bergan abituriyent xabarnomada belgilangan kunda oʻzining pasporti (tugʻilganlik haqida guvohnoma) va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart.
59. Apellyatsiya shikoyati koʻrilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari notoʻgʻri bajarilgan javoblar roʻyxati hamda test sinovlarida abituriyentga taqdim etilgan test topshiriqlari kitobining elektron varianti asosida chop etilgani beriladi.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent oʻzining har bir notoʻgʻri deb hisoblangan test topshirigʻiga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellyatsiya komissiyasiga taqdim etadi.
60. Apellyatsiya shikoyati ikki ish kunida apellyatsiya komissiyasi tomonidan abituriyentning yozma javoblari asosida koʻrib chiqiladi. Abituriyentning yozma javoblari oʻz tasdigʻini topmagan boʻlsa, apellyatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha bayonnoma apellyatsiya komissiyasi raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Abituriyent murojaat qilganda unga apellyatsiya shikoyati boʻyicha qabul qilingan qarordan koʻchirma beriladi.
61. Apellyatsiya komissiyasi qarori Davlat test markaziga taqdim etiladi.
62. Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasi qarori Davlat komissiyasiga hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
63. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha apellyatsiya komissiyasi qarori yuzasidan abituriyent yoki uning ota-onasi yoxud ularning oʻrnini bosuvchilar (vasiylar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishlari mumkin.
(63-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
64. Ushbu Tartib talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(64-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni test sinovlari orqali qabul qilish tartibiga
ILOVA

____________________________________

(taʼlim muassasasi nomi)
‎direktori, apellyatsiya komissiyasi raisiga

____________________________________

(abituriyentning F.I.O. va yashash manzili)

____________________________________

(uy, mobil telefonlar raqami)

TEST NATIJALARI BOʻYICHA APELLYATSIYA SHIKOYATI

Taʼlim muassasasi nomi

Guruh

Javoblar varaqasi raqami


Mening quyidagi eʼtirozlarimni koʻrib chiqishingizni soʻrayman:

1. __________________________________________________________________________

2. __________________________________________________________________________
3. __________________________________________________________________________

________________________________

________________

_____________________

(abituriyent F.I.O.)

(imzo)

(sana)

Ariza 20__ yil “___” ___________ soat ________ da koʻrib chiqiladi.

____________________________________

________________

________________

(arizani qabul qiluvchining F.I.O.)

(imzo)

(sana)

M.Oʻ.

(qirqish chizigʻi)

-----------------------------------------------------------------------------------------------

XABARNOMA ______-son

Hurmatli

____________________________________________________________

(abituriyent F.I.O.)

Arizangizni koʻrib chiqish uchun 20___ yil “__” __________ soat _____da

___________________________________________

ga pasport (tugʻilganlik haqida

(taʼlim muassasasi nomi)

guvohnoma) va ruxsatnomangiz bilan yetib kelishingiz soʻraladi.

20__ yil “___” __________‎

________________________________

_____________

(arizani qabul qiluvchining F.I.O.)

(imzo)

Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish
TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasi professional taʼlim muassasalariga (keyingi oʻrinlarda — professional taʼlim muassasalari) oʻqishga qabul qilish uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Professional taʼlim muassasalarining alohida iqtidor talab etiladigan kasb va mutaxassisliklarga abituriyentlar Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan davlat buyurtmasi parametrlariga muvofiq kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilinadi.
3. Alohida iqtidor talab etiladigan kasb va mutaxassisliklarga qabul qilish tegishli professional taʼlim muassasasi tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalariga koʻra toʻplangan ballarning reyting tizimi boʻyicha amalga oshiriladi.
4. Professional taʼlim muassasalarining alohida iqtidor talab etiladigan kasb va mutaxassisliklariga qabul barcha uchun (ham davlat granti, ham toʻlov-kontrakt boʻyicha) yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, kasbiy (ijodiy) imtihonlarda eng yuqori ball toʻplagan abituriyentlarning davlat grantlari boʻyicha birinchi navbatda qabul qilinishi taʼminlanadi. Qolgan abituriyentlar kasbiy (ijodiy) imtihonlar reytingi asosida belgilangan toʻlov-kontrakt parametrlari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.
5. Kasbiy (ijodiy) imtihon har bir professional taʼlim muassasasi boʻyicha kasb va mutaxassisliklar, oʻqitish tillari va taʼlim shakllariga koʻra alohida oʻtkaziladi.
6. Tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar hamda professional taʼlim muassasalari direktorlari joylarda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish uchun zarur sharoitlarni taʼminlaydilar.
7. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar qabul parametrlariga muvofiq professional taʼlim muassasasida taʼlim olish tilida oʻtkaziladi.
2-bob. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish va tashkil qilish tartibi
8. Kasbiy (ijodiy) imtihon boshlanishidan bir hafta oldin abituriyentlarga professional taʼlim muassasasining qabul komissiyasi raisi va masʼul kotibi imzolagan hamda professional taʼlim muassasasining muhri qoʻyilgan ruxsatnoma beriladi. Ruxsatnoma namunasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar abituriyentlarning tanlangan kasb yoki mutaxassislik boʻyicha oʻqish va keyinchalik ishlashi imkoniyatlarini aniqlash, ularning fanlar boʻyicha bilim, malaka, kasbiy koʻnikma, ijodiy qobiliyatlarini baholash maqsadida oʻtkaziladi.
10. Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalarining qatʼiy nazoratida kasbiy (ijodiy) imtihonlar topshiriqlari kasb-hunar maktablarida umumiy oʻrta (9-sinf negizida), kollej va texnikumlarda boshlangʻich professional, umumiy oʻrta (11-sinf negizida), shu jumladan, madaniyat, sanʼat, musiqa, sport va jismoniy tarbiyaga ixtisoslashtirilgan fanlarning oʻquv dasturlariga muvofiq professional taʼlim muassasalarida tashkil etilgan qabul komissiyalari tomonidan tuziladi.
11. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkil etish va adolatli oʻtkazish masʼuliyati, shu jumladan, ularning videokuzatuv qurilmalari orqali nazoratini taʼminlash qabul komissiyasi raisi, masʼul kotibi, fan boʻyicha imtihon komissiyalari raislari va aʼzolari, shuningdek, imtihon komissiyalari aʼzolari hisoblanadigan guruh nazoratchilari zimmasiga yuklanadi.
12. Professional taʼlim muassasalarining qabul komissiyasi kasbiy (ijodiy) imtihon belgilangan talablarga qatʼiy rioya etgan tarzda toʻgʻri va adolatli oʻtkazilishini taʼminlaydi hamda joylarni zarur vositalar, oʻquv qurollari va ashyolar bilan jihozlaydi.
13. Professional taʼlim muassasalari fan boʻyicha imtihon komissiyalari raisligiga nomzodlarni tasdiqlash uchun boʻysunuviga qarab tegishli vazirlik, idoralarga taqdim etadi.
14. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin professional taʼlim muassasasi direktorining buyrugʻi bilan tegishli fanlar boʻyicha imtihonlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun 3 nafardan kam boʻlmagan tarkibda tajribali, malakali va masʼuliyatli oʻqituvchilardan shakllantirilgan fanlar boʻyicha imtihon komissiyalari tarkibi tasdiqlanadi.
15. Kasbiy (ijodiy) imtihon har bir guruhda, qoida tariqasida, 2 nafar guruh nazoratchisi kuzatuvida, qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkaziladi.
16. Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari boshliqlari professional taʼlim muassasalari qabul komissiyalarining takliflari asosida imtihon dasturlariga muvofiq kasbiy (ijodiy) imtihonlarga ajratiladigan vaqt meʼyorini belgilaydi.
Fan boʻyicha imtihon komissiyasi tarkibiga sohaning yetuk mutaxassislari va boshqa professional taʼlim muassasalari oʻqituvchilari ushbu tashkilotlarning rahbarlari bilan kelishgan holda kiritilishi mumkin.
17. Kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan fanlar boʻyicha imtihon dasturlari va har bir fan xususiyati hisobga olingan holda baholash mezonlari, shuningdek, tegishli kasb va mutaxassisliklarga muvofiq keluvchi fan majmualari professional taʼlim muassasalari tomonidan ishlab chiqilib, tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan tasdiqlanadi.
18. Professional taʼlim muassasasining qabul komissiyasi imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin abituriyentlar eʼtiboriga imtihon dasturlari, baholash mezonlari, maslahatlar va imtihonlar jadvalini maʼlum qiladi.
19. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar, tegishli kasb va mutaxassisliklar roʻyxati va ularga muvofiq keluvchi 3 ta fan majmualarida toʻplanishi mumkin boʻlgan maksimal 150,0 balldan, har bir fanning oʻrniga qarab uning uchun ajratilgan eng koʻp ballning 0 dan 100 foizgacha boʻlgan oraliqda baholanadi.
20. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar (sport va jismoniy tarbiya sohasidagi taʼlim yoʻnalishlari bundan mustasno) kollegial tartibda qabul qilinadi va baholanadi.
Fan boʻyicha imtihon komissiyasi aʼzolarining har biri oʻqishga kirish istagida boʻlgan talabgorni alohida-alohida baholaydi va uning yakuniy bahosi fan boʻyicha imtihon komissiyasi aʼzolari tomonidan qoʻyilgan baholarning oʻrtacha qiymatiga teng boʻladi.
21. Guruh nazoratchisi kasbiy (ijodiy) imtihon tugaganidan soʻng abituriyentlarning amaliy ishlarini qabul qilib, har bir ishni raqamlab, imtihon komissiyasi raisiga ushbu imtihon ishlarini tekshirishga berish uchun masʼul hisoblanadi.
Guruh nazoratchisi imtihon ishiga qoʻyilgan shifrning maxfiyligini taʼminlashga shaxsan javobgardir.
22. Kasbiy (ijodiy) imtihon ishlarini xolisona tekshirish, baholash hamda abituriyent tomonidan toʻplangan ballarni qayd varaqalarida aks ettirish uchun masʼuliyat fan boʻyicha imtihon komissiyasi raisi va aʼzolari zimmasiga yuklanadi.
23. Jadval boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarga (imtihon bosqichi yoki turiga) kelmagan abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar qayta oʻtkazilmaydi va ular oʻqishga qabul qilinmaydi.
24. Tegishli kasb va mutaxassisliklarning fanlari majmuasidagi har bir fan boʻyicha imtihon natijalari kasbiy (ijodiy) imtihon xususiyatiga qarab, imtihon oʻtkazilganidan soʻng uch kundan kechiktirilmagan holda professional taʼlim muassasasi rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
25. Tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari boshliqlari tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkazilishi davrida professional taʼlim muassasalarida norozilik (apellyatsiya) arizalarini koʻrib chiqish uchun sohaning yetuk mutaxassislari va boshqa professional taʼlim muassasalari oʻqituvchilaridan iborat apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga fan boʻyicha imtihon komissiyasi aʼzolarining kiritilishi taqiqlanadi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonni qabul qilgan fan boʻyicha komissiya aʼzosi apellyatsiya jarayonida qatnashib, oʻz fikrini bildirish huquqiga ega.
Norozilik (apellyatsiya) arizalari imtihon natijalari eʼlon qilingan vaqtdan boshlab ikki kun davomida qabul qilinadi va apellyatsiya komissiyasi tomonidan uch kun muddatda koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiya komissiyasiga, zarurat boʻlganda, fan boʻyicha imtihon komissiyasi baholariga oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
26. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari fanlar boʻyicha alohida imtihon qaydnomalariga kiritiladi.
Ushbu imtihon qaydnomalarining har biri fan boʻyicha imtihon komissiyasi raisi va professional taʼlim muassasasi qabul komissiyasining masʼul kotibi tomonidan imzolanadi hamda muhrlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha apellyatsiya komissiyasi qarori yuzasidan abituriyent yoki uning ota-onasi yoxud ularning oʻrnini bosuvchilar (vasiylar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishlari mumkin.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
28. Ushbu Tartib talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
Professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni yozma imtihonlar orqali qabul qilish
TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasi professional taʼlim muassasalariga (keyingi oʻrinlarda — professional taʼlim muassasalari) oʻqishga qabul qilish uchun yozma imtihonlarni oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan belgilangan kunlarda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlimning umumtaʼlim fanlari oʻquv dasturlariga muvofiq professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish uchun yozma imtihonlar oʻtkaziladi.
3. Abituriyentlarga yozma imtihonlarning oʻtkazilishi kamida oʻn kun oldin eʼlon qilinadi.
4. Yozma imtihonlar oʻtkaziladigan kuni tegishli professional taʼlim muassasasi tomonidan beriladigan abituriyent ruxsatnomasiga ega boʻlmagan shaxslarning imtihon oʻtkaziladigan binoga kirishi taqiqlanadi.
Professional taʼlim muassasalarining yozma imtihonlarida ishtirok etish uchun abituriyent ruxsatnomasining namunasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Yozma imtihonlarda umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari va ota-onalarning 3 nafar vakillari kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.
2-bob. Professional taʼlim muassasalarida yozma imtihonlarning oʻtkazilishini tashkil etish
1-§. Yozma imtihonlarni tashkil etish
6. Yozma imtihon kasb va mutaxassisliklarga tegishli fanlardan oʻtkaziladi.
7. Yozma imtihon “Ona tili va adabiyoti” fani hamda abituriyent oʻqishga kirish istagida boʻlgan kasb va mutaxassislikka mos keluvchi shu oʻquv yili qabulidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasining 2-boʻlimidagi 1-fanidan oʻtkaziladi.
8. Yozma imtihon olinadigan fanlar roʻyxati, qoida tariqasida, imtihon boshlanishidan bir oy oldin qabul komissiyasining axborot stendlari va professional taʼlim muassasalari rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.
9. Yozma imtihon oʻtkazilishiga qadar qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq qabul komissiyasi tomonidan maslahatlar tashkil etiladi.
10. Yozma imtihon savollari qabul komissiyasi tomonidan yozma imtihonning tegishli fanlari boʻyicha malakali mutaxassislar tarkibidan shakllantiriladigan ekspert guruhi tomonidan tuziladi. Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari nazoratida ekspert guruhi faoliyati qabul komissiyasi raisi tomonidan boshqariladi.
11. Ekspertlar guruhi quyidagi vazifalarni bajaradi:
yozma imtihon savollarini amaldagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarining fan dasturlari asosida ishlab chiqib, savollarga javob yozish uchun ketishi mumkin boʻlgan vaqtning imtihonga ajratilgan vaqtga muvofiqligini oʻrganadi;
savollar koʻp variantli boʻlishini va maxfiyligi saqlanishini taʼminlaydi;
ishlab chiqilgan savollarning toʻgʻri javoblarini tayyorlaydi va professional taʼlim muassasasiga imtihonlar yakunlanganunga qadar alohida saqlanishi uchun konvertda har bir ekspert imzosi bilan muhirlangan holda taqdim etadi.
12. Yozma imtihonni ushbu Tartib talablariga muvofiq tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha masʼuliyat qabul komissiyasi, bino rahbari va guruh nazoratchilari, imtihon komissiyasi aʼzolari zimmasiga yuklanadi.
13. Yozma imtihonni oʻtkazish jadvali professional taʼlim muassasasi direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Buyruqqa abituriyentlar roʻyxati ilova qilinadi.
14. Yozma imtihon jarayoni videotasvirga tushiriladi.
15. Yozma imtihon videokuzatuv qurilmalari orqali jamoatchilik, shu jumladan, abituriyentlarning ota-onalari tomonidan real vaqt rejimida kuzatib borilishini taʼminlaydigan katta sigʻimdagi binolarda oʻtkaziladi.
16. Binoda imtihon materiallarini tarqatish va toʻplash uchun seyflar (materiallarni saqlash uchun) va aloqa vositalari bilan taʼminlangan maxsus xona (shtab) tayyorlanadi.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi oʻrinlarda — hokimliklar) tomonidan binolarda yozma imtihonni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan texnik, tibbiy va maishiy sharoitlar yaratiladi. Binolar sanitariya va yongʻin xavfsizligi qoidalariga toʻliq javob berishi shart.
18. Binoda yozma imtihon jarayonini toʻliq nazorat qilish maqsadida, qoida tariqasida, 30 nafar abituriyent hisobidan guruhlar tashkil etiladi.
Bino va guruhlar alohida tartib raqami takrorlanmaydigan ketma-ketlikda raqamlangan boʻlishi lozim.
Har bir guruh alohida oʻtirish oʻrniga ega boʻlgan 30 tadan stol va stul bilan taʼminlanib, stollar birdan oʻttizgacha raqamlanadi. Har bir guruhga, qoida tariqasida, ikki nafar guruh nazoratchisi biriktiriladi.
Yozma imtihonlar ochiq va shaffof oʻtkazilishini taʼminlash uchun umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻqituvchilarini guruh nazoratchisi sifatida jalb etishga ruxsat beriladi.
19. Binoda yozma imtihonlarni oʻtkazish talablariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik bino rahbari va guruh nazoratchilari zimmasiga yuklanadi.
Bino rahbari Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari tomonidan, guruh nazoratchilari professional taʼlim muassasasi direktorining buyrugʻi bilan tegishli vazirliklar va idoralar hamda boshqa tashkilotlarning vakillaridan ularning rahbarlari bilan kelishgan holda tayinlanadi.
20. Yozma imtihon natijalari professional taʼlim muassasasining axborot stendida joylashtiriladi.
2-§. Yozma imtihonlarni oʻtkazish va baholash
21. Yozma imtihon soat 09:00 da boshlanadi va 2 soat davom etadi.
Yozma imtihon har bir fan boʻyicha alohida kunlarda oʻtkazilishi mumkin.
22. Abituriyentlar binoga abituriyent ruxsatnomasi va pasport (pasport yoshiga yetmaganlarga professional taʼlim muassasasi tomonidan shaxsini tasdiqlash maqsadida berilgan, rasmi mavjud boʻlgan maʼlumotnoma) bilan videokuzatuv orqali navbat boʻyicha soat 08:30 gacha kiritiladi. Soat 08:30 dan soʻng abituriyentlar binoga kiritilmaydi.
23. Guruh nazoratchilari soat 08:30 gacha bino rahbaridan guruh roʻyxatini, imtihon biletlari joylashtirilgan konvertlarni, savollarga javob yozish uchun moʻljallangan qatʼiy hisobda turuvchi varaqlari raqamlanib muhrlangan daftarlarni (keyingi oʻrinlarda — daftarlar) oladi, shuningdek, abituriyentlarni ruxsatnomasi bilan tekshirib kiritadi va oʻziga tegishli joyga oʻtirishini taʼminlaydi.
Kelmagan abituriyentlar oʻrinlari boʻsh qoladi.
24. Guruh nazoratchilari ikki nafar abituriyent guvohligida imtihon biletlari joylashtirilgan konvertlarning muhrlanganligiga ishonch hosil qilib, konvertni ochadi.
Guruh nazoratchilari imtihon biletlari hamda daftarlarni abituriyentlarga tarqatadi.
Bino rahbari abituriyentlarga daftarning muqovasiga oʻzining familiyasi, ismi va otasining ismini yozish, shuningdek, daftar varaqlarini bukmaslik, unga har xil belgilar qoʻymaslik, yozuvlarning ustiga yoki ostiga chizmaslik, javoblarni koʻk sharikli ruchkada tushunarli husnixat bilan yozish, boshqa rangdagi ruchkada yozmaslik kerakligini tushuntiradi hamda ushbu talablarga rioya qilmaslik yozma imtihon oʻtkazish tartibini buzish deb hisoblanishi haqida ogohlantiradi.
25. Guruh nazoratchisi soat 09:00 gacha abituriyentlarga daftar olganligini tasdiqlash uchun imzo qoʻydiradi va imzo yoniga abituriyent olgan daftarning tartib raqamini yozib qoʻyadi.
Abituriyent yozma imtihonga kelmagan taqdirda, guruh nazoratchisi roʻyxatiga “qatnashmadi” degan yozuv kiritiladi.
26. Bino rahbari soat 09:00 da yozma imtihon boshlanganligini eʼlon qiladi hamda imtihonning boshlanish va tugash vaqtini doskaga yozib qoʻyadi.
27. Abituriyent tomonidan imtihon biletlariga javoblar daftarga koʻk sharikli ruchkada tushunarli husnixat bilan yozilishi lozim.
28. Abituriyentlarga yozishda qisqartma soʻzlardan foydalanish, soʻzlarning osti yoki ustiga chizish, daftarning turli nuqtalariga, xususan, hoshiya qismiga tushunarsiz belgilar qoʻyish, shuningdek, berilgan savollarning javobi bilan bogʻliq boʻlmagan soʻzlarni yozish, yozma imtihon materiallarini boshqa abituriyentga uzatish, boshqa abituriyentlarga yordam berish taqiqlanadi.
29. Yozma imtihonga uyali telefon, kompyuter yoki boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalarini, lugʻat, kitoblar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilgan yoki olib kirgan, imtihon jarayonida imtihon materiallarini boshqaga uzatgan yoki yordam bergan, yozma imtihon uchun ajratilgan vaqt tugaganidan keyin imtihon materiallarini topshirmagan, imtihon materiallarini bino tashqarisiga olib chiqqan abituriyentning natijalari hisoblanmaydi.
30. Abituriyentning yozma imtihonlarni topshirish vaqtida guruhdan chiqishi taqiqlanadi, chiqqan abituriyentlar qaytadan imtihonlarga qoʻyilmaydi. Materiallarisiz, guruh nazoratchisi kuzatuvi ostida guruhdan chiqish hollari bundan mustasno. Mazkur abituriyentlarga qoʻshimcha vaqt berilmaydi.
31. Yozma imtihon oʻtkazish tartibini buzganlar imtihondan chetlashtiriladi, chetlashtirish boʻyicha ushbu Tartibga ilovadagi shaklga muvofiq bino rahbari va guruh nazoratchisi tomonidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
32. Yozma imtihondan chetlashtirilgan abituriyentlarning ishlari baholanmaydi.
33. Bino rahbari soat 11:00 da yozma imtihon vaqti tugaganligini eʼlon qiladi va guruh nazoratchilariga javoblar yozilgan daftarlarni yigʻishga koʻrsatma beradi.
34. Yozma imtihon uchun ajratilgan vaqt tugagandan soʻng abituriyentlar imtihon materiallarini topshiradi. Belgilangan muddatdan oldin javob yozishni tugatgan abituriyentlar imtihon materiallarini muddatidan oldin topshirishlari mumkin.
35. Barcha daftarlar, shu jumladan, imtihon vaqtida ishlatilmagan daftarlar hamda yozma imtihondan chetlashtirilganligi haqidagi dalolatnoma yelimlangan daftarlar alohida tegishli qutilarga joylashtiriladi.
36. Guruh nazoratchisi soat 11:15 dan kechikmasdan barcha qutilarni bino rahbariga topshiradi, bino rahbari topshirish vaqtini qayd etib, tegishli reyestrga imzo qoʻydiradi.
37. Bino rahbari yozma imtihon savollariga javoblar yozilgan daftarlar solingan qutilarni guruh nazoratchilaridan qabul qilib, daftarlarning muqovasi va birinchi varagʻiga maxsus shifrlar qoʻyadi, daftar muqovasini uning boshqa varaqlariga shikast yetkazmagan holda ajratib oladi.
Shifrlangan daftar muqovasi sir saqlanishi uchun bino rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
38. Imtihon komissiyasi aʼzolari yozma imtihon oʻtkaziladigan kuni soat 11:00 dan kechikmay yozma imtihon natijalarini tekshirish va baholash uchun ajratilgan va videokuzatuv qurilmalari bilan jihozlangan xonaga oʻz pasportlari bilan yetib kelishlari shart.
39. Imtihon komissiyasi raisi imtihon javoblari yozilgan muqovasi olingan va shifrlargan daftarlar solingan qutilarni bino rahbaridan qabul qilib oladi. Imtihon komissiyasiga shifr qoʻyilmagan daftarlarni topshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
40. Imtihon komissiyasi raisi abituriyentlarning javoblari yozilgan daftarlar solingan qutilarni imtihon komissiyasi aʼzolari ishtirokida ochib, daftarlarning muqovalari ajratilganligi va shifrlanganligini tekshiradi.
Muqovasi ajratilmagan, shifrlanmagan yoki abituriyentning shaxsini aniqlash imkonini beruvchi boshqa belgilari mavjud boʻlgan daftarlar aniqlangan taqdirda, dalolatnoma tuziladi va bunday ishlar tekshirilmaydi.
41. Imtihon komissiyasi raisi imtihon javoblari yozilgan daftarlarni komissiya aʼzolariga taqsimlab beradi.
42. Yozma imtihon javoblari tasdiqlangan baholash mezonlariga muvofiq imtihon komissiyasi aʼzolari tomonidan tekshirilib, baholanadi va xulosa yoziladi.
43. Abituriyentlarning yozma imtihon boʻyicha olgan ballari imtihon komissiyasi tomonidan tegishli shifr raqamlaridan iborat boʻlgan qaydnomaga kiritiladi.
Yozma imtihonning har bir fani uchun qaydnoma alohida tuziladi.
44. Yozma imtihon javoblari yozilgan daftarlar va qaydnoma qutilarga solinadi hamda imtihon komissiyasi raisi tomonidan bino rahbariga topshiriladi. Bino rahbari ushbu qutilarni shifrlangan daftarlarning muqovalari bilan birga qabul komissiyasi raisiga yigʻma qaydnomaga kiritish uchun topshiradi.
45. Yozma imtihon ballari belgilangan fanlar boʻyicha alohida qaydnomalarga abituriyentning ismi, otasining ismi va familiyasi hamda daftarlar muqovasidagi shifr raqamlari koʻrsatilgan holda kiritiladi.
Yozma imtihon natijalari har bir fan boʻyicha qabul komissiyasi tomonidan yigʻma qaydnomaga kiritiladi va shu asosida umumiy ballar chiqariladi.
46. Abituriyentning yozma imtihondagi eng yuqori balli 150 ballni tashkil qiladi. Ushbu ballar quyidagicha shakllanadi:
“kasb yoki mutaxassislikka mos keluvchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga test sinovlari topshiriladigan fanlar majmuasining 2-boʻlimidagi 1-fani” boʻyicha — 0 dan 100 ballgacha;
“Ona tili va adabiyoti” fani boʻyicha — 0 dan 50 ballgacha.
47. Belgilangan vaqtda yozma imtihonga kelmagan abituriyentlar professional taʼlim muassasalariga qabul qilinmaydi.
48. Umumlashgan natijalar qaydnomasida abituriyentlar roʻyxati har bir kasb va mutaxassislik boʻyicha toʻplangan eng yuqori balldan boshlab kamayib borish tartibida joylashtiriladi.
49. Yozma imtihon natijalari imtihon oʻtkazilgan kundan keyingi ish kunida qabul komissiyasining axborot stendlari va professional taʼlim muassasalari rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
4-§. Apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
50. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda yozma imtihon natijalari yuzasidan professional taʼlim muassasalarida abituriyentlarning shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshligʻining buyrugʻi asosida har bir taʼlim muassasasi uchun alohida apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi aʼzolari 3 — 5 nafardan iborat boʻlib, apellyatsiya komissiyasi aʼzoligiga hududdagi boshqa professional taʼlim muassasalarining oʻqituvchilari jalb qilinadi.
Kasb-hunar maktablarida Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari vakillari apellyatsiya komissiyasi raisi etib belgilanadi.
Apellyatsiya shikoyati yozma imtihonlar natijasi eʼlon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida apellyatsiya komissiyasiga beriladi. Apellyatsiya shikoyati qabul qilinganligi toʻgʻrisida abituriyentga xabarnoma yuboriladi.
51. Zarur hollarda, apellyatsiyani koʻrib chiqish jarayoniga imtihon komissiyasi aʼzolari, shuningdek, tegishli bino rahbari va guruh nazoratchilari jalb qilinishi mumkin.
52. Apellyatsiya shikoyati tushgan kuni murojaat qilgan abituriyentning yozma imtihon materiallari masʼul kotib tomonidan apellyatsiya komissiyasiga topshiriladi.
53. Apellyatsiya shikoyat bergan shaxs xabarnomada belgilangan kun va vaqtda apellyatsiya komissiyasiga pasporti (pasport yoshiga toʻlmaganlar kasb-hunar maktabi tomonidan shaxsini tasdiqlash maqsadida berilgan rasmi mavjud boʻlgan maʼlumotnoma) bilan kelishi shart.
54. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish vaqtida abituriyentning faqat oʻziga yozma imtihon savollariga javoblar yozgan daftari beriladi. Ariza beruvchi oʻz eʼtirozlarini yozib, unga berilgan materiallar bilan birga apellyatsiya komissiyasiga topshiradi.
55. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan shikoyatlarni koʻrib chiqish bir ish kunidan oshmasligi va natijasi boʻyicha qaror qabul qilinishi shart.
56. Apellyatsiya shikoyatida koʻrsatilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmasa, apellyatsiya komissiyasi imtihon natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda tegishli tartibda rasmiylashtiradi.
57. Apellyatsiya shikoyatida koʻrsatilgan vajlar oʻz tasdigʻini topgan taqdirda, abituriyentning yozma imtihon ishiga apellyatsiya komissiyasi tomonidan tegishli ball qoʻshilib yakuniy ball qoʻyiladi.
58. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror toʻgʻrisida ariza beruvchiga maʼlumot taqdim etiladi.
59. Umumlashgan natijalar qaydnomalar, apellyatsiya komissiyasining qarorlari asosida professional taʼlim muassasasi qabulining yakuniy natijasi aniqlanadi va yozma imtihon qaydnomasiga kiritiladi.
60. Yozma imtihon qaydnomalari professional taʼlim muassasasi direktori tomonidan tasdiqlanadi va nusxasi 20-avgustgacha Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasiga yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
61. Abituriyent apellyatsiya komissiyasining apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
(61-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
62. Ushbu Tartib talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(62-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni yozma imtihonlar orqali qabul qilish tartibiga
ILOVA

Yozma imtihondan chetlashtirish haqidagi
‎DALOLATNOMA

__________________ tumani (shahri)

20__ yil “_____” _____________

Biz, quyida imzo chekuvchilar shuni tasdiqlaymizki, abituriyent
____________________________________________________________________________

(F.I.O.)

quyidagi sabablarga koʻra yozma imtihondan soat _____:_____ da chetlatildi:

taqiqlangan vositalardan foydalangan (uyali telefon, kompyuter hamda boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, lugʻat, kitob, shpargalka);

boshqa abituriyentga yozma imtihon materiallarini bergan;
abituriyentga yordam bergan;
____________________________________________________________________________

(Tartibda nazarda tutilgan boshqa holatlar)

Abituriyent tomonidan professional taʼlim muassasalariga abituriyentlarni yozma imtihonlar orqali qabul qilish tartibining _____ band (lar)i talablari buzilgan.

_________________
1. Bino rahbari

___________________________________

____________

(F.I.O.)

(imzo)

2. Guruh nazoratchisi‎

___________________________________

____________

(F.I.O.)

(imzo)

3. Guruh nazoratchisi‎

___________________________________

____________

(F.I.O.)

(imzo)

Izoh. Ushbu dalolatnoma abituriyentga berilgan daftarga tikib qoʻyiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.11.2020-y., 09/20/715/1509-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 31.12.2022-y., 09/22/731/1141-son; 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son; 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)