Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar kelajagimiz” va boshqa ijtimoiy dasturlar doirasida jami 13 trln soʻmdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilib, 600 mingdan ziyod oilalarni qamrab olishga erishildi.
Mazkur dasturlar hududlarda aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi, uning turmush tarzini yaxshilash va ish bilan bandligini oshirish uchun turtki boʻlib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, orttirilgan tajriba hamda xalqaro amaliyot kompleks va oʻzaro bir-birini toʻldiruvchi kredit olish imkoniyatidan iborat boʻlgan yaxlit tizimni shakllantirishni taqozo etmoqda.
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:
1. Aholini, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, mikromoliyalash tizimini takomillashtirish hamda tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi asosiy yoʻnalishlari amaliyotga joriy etilsin:
aholining tadbirkorlik bilan shugʻullanishga qiziqishi va manfaatdorligini oshirish;
aholida tadbirkorlik sohasida zaruriy koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan oʻqitish tizimini joriy etish, mazkur jarayonga xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va nodavlat taʼlim tashkilotlarini keng jalb qilish;
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan mikrokreditlash tizimini institutsional jihatdan takomillashtirish va rivojlantirish;
aholi tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga oid ijtimoiy dasturlarni iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uygʻun va muvofiqlashtirilgan holda ishlab chiqish;
tadbirkorlik koʻnikmasi va tajribasiga ega boʻlgan aholini va boshqa kichik biznes vakillari salohiyatini roʻyobga chiqarish orqali ular faoliyatini kengaytirish va rivojlantirishga qaratilgan toʻlaqonli tizimni yaratish;
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaxlit tizimni tashkil etish va yagona davlat tashkiloti tomonidan amalga oshirilishini va muvofiqlashtirib borilishini yoʻlga qoʻyish.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va barcha boʻgʻindagi hokimliklar hududlarda aholining tadbirkorlikka qiziqishini va manfaatdorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni oʻzlarining asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilasin.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tegishli vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb etgan holda aholining tadbirkorlikka qiziqishi, turmush darajasini yaxshilashga intilishi va manfaatdorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan motivatsion chora-tadbirlar dasturlarining tasdiqlanishini taʼminlasin. Bunda muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar va tajribali biznes vakillarini jalb qilishga eʼtibor qaratilsin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mazkur bandda keltirilgan tadbirlarni amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirokini taʼminlasin.
Yoshlar ishlari agentligi aholiga oʻzining turmushini yaxshilash, kasb-hunar va biznes bilan shugʻullanish orqali daromad topish hamda ularga bunday faoliyatni yoʻlga qoʻyishning amaliy jihatlarini oʻrgatishga qaratilgan “kouching” video materiallar va darsliklar, motivatsion roliklar tayyorlash uchun tanlov asosida ijtimoiy buyurtmalar joylashtirsin.
3. 2020-yil 15-noyabrdan boshlab yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan maʼqullangan dasturlar va belgilangan talablar asosida tashkil etilgan oʻquv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar (keyingi oʻrinlarda — professional taʼlim muassasalari), Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda uning hududiy filiallariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdori davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
Oldingi tahrirga qarang.
kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari, professional taʼlim muassasalari, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda uning hududiy filiallari kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, ularning sertifikatini (keyingi oʻrinlarda — maxsus sertifikat) olgan shaxslarga oʻz biznesini tashkil etish uchun mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq mikrokredit ajratiladi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2020-yil 15-noyabrdan boshlab aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari, professional taʼlim muassasalari, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda uning hududiy filiallari elektron reyestrini shakllantirib borsin va uning oshkoraligini taʼminlasin;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
2022-yil 1-yanvardan xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda xalqaro standartlar, shu jumladan Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning tadbirkorlikka oʻqitish dasturlari va tizimi asosida Tadbirkorlikka oʻqitishning yagona tizimini ishga tushirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq banki tomonidan nodavlat taʼlim tashkilotlari, professional taʼlim muassasalari, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda uning hududiy filiallari maxsus sertifikatini olgan:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan yoshlar va xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etish uchun hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan kichik tadbirkorlik subyektlariga 33 million soʻmgacha boʻlgan miqdordagi mikrokreditlar taʼminotsiz ajratiladi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-yanvardagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 07/23/39/0060-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
kichik tadbirkorlik subyektlariga uchinchi shaxs kafilligi, sugʻurta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatining kafilligi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa taʼminot turlari asosida 225 million soʻmgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-martdagi PQ-130-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2024-y., 07/24/130/0218-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, mikrokreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga hokim yordamchisining oʻziga biriktirilgan mahallada istiqomat qilayotgan (joylashgan) qarz oluvchiga beradigan tavsiyasi asosida, bogʻdorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga, chorvachilik (qoramol, qoʻy, echki) uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga har bir mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyalariga muvofiq tuman (shahar) Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazining asoslantirilgan va natijadorligi aniq hisob-kitob qilingan holdagi qarori asosida yillik 14 foiz stavkada ajratiladi.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PQ-55-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son)
6. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish orqali tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishni moliyaviy manba bilan taʼminlash maqsadlariga 100 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻ ajratsin. Ushbu mablagʻlarning:
Oldingi tahrirga qarang.
9 million AQSH dollari ekvivalenti Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga mazkur qarorning 3-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun begʻaraz asosda;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
1 million AQSH dollari ekvivalenti Yoshlar ishlari agentligiga mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun begʻaraz asosda;
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
90 mln AQSH dollari ekvivalenti, shundan 45 mln AQSH dollari ekvivalenti “Mikrokreditbank” ATBga va 45 mln AQSH dollari ekvivalenti AT Xalq bankiga kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari, professional taʼlim muassasalari, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda uning hududiy filiallari kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, ularning maxsus sertifikatini olgan yoshlar va xotin-qizlarga kreditlar ajratish uchun 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan yillik 10 foiz stavkada yoʻnaltirilsin.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
“Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq banki ushbu mablagʻlarni mazkur qarorning 5-bandida koʻrsatilgan yangicha tartibda mikrokreditlash maqsadlariga yoʻnaltirsin.
(6-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi PQ-5041-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2021-y., 07/21/5041/0244-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Belgilansinki, 2022-yil 1-iyuldan boshlab oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida davlat maqsadli resurslari hisobidan kreditlar “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq banki tomonidan tadbirkorlik yoʻnalishi boʻyicha tegishli oʻquv kurslarini tamomlagan shaxslarga yagona mikrokreditlash dasturi asosida ajratiladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi PQ-5041-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2021-y., 07/21/5041/0244-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq banki:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi PQ-5041-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2021-y., 07/21/5041/0244-son)
2021-yil davomida respublikaning barcha tuman va shaharlarida, shu jumladan raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish imkoniyatini yaratuvchi bank infratuzilmalari tarmoqlarini tashkil etsin;
oʻzi operatorlik vazifasini bajaruvchi Mikromoliyalash milliy tizimini yaratish va unda boshqa kredit tashkilotlarining manfaatdorlik asosida ishtirok etishini taʼminlovchi tizim joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;
bankning quyi boʻgʻin xodimlarini toʻliq qayta tayyorlash va mijozga yoʻnaltirilgan xizmat koʻrsatish tizimini joriy qilsin. Bunda sohada muvaffaqiyatga erishgan va xalqaro tan olingan xorijiy moliya institutlarida xodimlarning malaka oshirishi va tajriba almashishini tashkillashtirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
maxsus sertifikat olgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot almashish maqsadida mikrokreditlash dasturlarida ishtirok etayotgan kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari, professional taʼlim muassasalari, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda uning hududiy filiallari bilan oʻzaro elektron axborot almashinuvi tizimini yoʻlga qoʻysin.
(8-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Moliya vazirligi “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalqi banki boshqaruvlari tarkibiga ijtimoiy yoʻnaltirilgan mikrokreditlash sohasida yetarli tajribaga ega boʻlgan xorijiy malakali mutaxassislarning jalb qilinishini taʼminlasin.
(8-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi PQ-5041-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2021-y., 07/21/5041/0244-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi 2021-yilning 1-yanvariga qadar “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq bankining aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish boʻyicha yangi biznes modelini ishlab chiqsin va unda quyidagilarga eʼtibor qaratsin:
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi PQ-5041-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2021-y., 07/21/5041/0244-son)
mikrokredit olib keyinchalik barqaror tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan va ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirgan yoki kambagʻallik roʻyxatidan chiqqan mijozlar soni va ulushi oshib borishini bank faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlaridan (KPI) biri sifatida belgilash;
mikrokreditlash dasturlari doirasida kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshirish hamda mikrokreditlash maqsadlarida aholini moliyaviy savodxonlik oʻqitishni tashkil etish;
mikrokredit olgan tadbirkorlar faoliyatini doimiy kuzatib borish hamda ularga maslahat va koʻmak berish institutini shakllantirish;
bank mijozlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun xaridorlar topish va bozorlarni kengaytirishda koʻmaklashish.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi mazkur qarorda aholini tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida keltirilgan mexanizmlar, xususan ularni oʻqitish, mikrokredit ajratish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish borasida vakolatli davlat organi etib belgilansin. Bunda Agentlik:
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda aholi va tadbirkorlarni tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha ishlarni tashkil etadi, muvofiqlashtiradi va bu borada yagona tizimni shakllantiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq banki bilan birgalikda tadbirkorlik boʻyicha oʻquv kurslarini tamomlab va keyinchalik mikrokredit olib faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini monitoring qilib borishning yagona “raqamli” tizimi joriy etilishini taʼminlaydi;
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi PQ-5041-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2021-y., 07/21/5041/0244-son)
doimiy monitoring va tahlillar asosida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishni (yiriklashtirishni) ragʻbatlantiruvchi moliyaviy va nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini takomillashtirish va yangilarini joriy etish boʻyicha takliflar kiritib boradi;
iqtisodiyotning tarmoq va sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar bilan oʻzaro muvofiqligi va toʻldiruvchanligini taʼminlash vazifalaridan kelib chiqib barcha turdagi xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari va mexanizmlari ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi.
11. Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari elektron reyestrini shakllantirish hamda ularning oʻqitishga sarflangan xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, shu jumladan quyidagilar nazarda tutilsin:
nodavlat kasb-hunar taʼlimi tashkilotlari va mutasaddi idoralar oʻrtasida oʻquvchilarning davomatini real vaqt rejimida monitoring qilish, maxsus sertifikatga ega bitiruvchilar toʻgʻrisida maʼlumotlar olish imkoniyatini beruvchi idoralararo elektron hamkorlikni joriy etish;
nodavlat kasb-hunar taʼlimi tashkilotlari faoliyatini eng asosiy mezon sifatida ularning natijadorligi, shu jumladan maxsus sertifikat olgan bitiruvchilarning tadbirkorlik va kasb-hunar boʻyicha faoliyatini boshlaganligidan kelib chiqqan holda baholab borish;
kompensatsiya taqdim etishda oshkoralik va haqqoniylikni taʼminlash, mazkur jarayonda turli xil suiisteʼmolliklar qilinishining oldini olishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat tizimini yaratish.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 14-iyuldagi PQ-4782-son qaroriga muvofiq Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 2 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga yoshlar va xotin-qizlarni kichik tadbirkorlikka jalb qilish loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Belgilansinki, mazkur mablagʻlar Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga yoʻnaltiriladi va eksperiment tariqasida keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka oʻqitish va unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida quyidagicha tartibda foydalaniladi:
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
Oldingi tahrirga qarang.
nodavlat notijorat tashkilotlarining keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka oʻqitish va ularga mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishdan iborat kompleks dasturlarini amalga oshirish uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hisobidan tanlov asosida 5 yil muddatga, jumladan bir yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada qarz mablagʻlari ajratiladi;
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
Oldingi tahrirga qarang.
nodavlat notijorat tashkilotlariga qarz mablagʻlarini ajratish uchun tanlovni oʻtkazish hamda ular bilan ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida shartnomalarni tuzish Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi;
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
Oldingi tahrirga qarang.
nodavlat notijorat tashkilotlari oʻzlariga ajratilgan qarzning bir qismini mikromoliya tashkilotlariga shartnoma asosida resurs sifatida joylashtiradi;
(13-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
Oldingi tahrirga qarang.
nodavlat notijorat tashkilotlariga qarz mablagʻlarini ajratish uchun tanlov shartlari va baholash mezonlari Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va mustaqil ekspertlar ishtirokida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda oʻquv kurslari bilan qamrab olinadigan hudud va aholi soni, mikroqarz foiz stavkasi, oʻquv dasturlari sifati kabi asosiy mezonlarga asosan takliflarni baholashni nazarda tutadi.
(13-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bir oy muddatda nodavlat notijorat tashkilotlari orasida mazkur mablagʻlar hisobidan qarz ajratish boʻyicha tanlovlarni eʼlon qilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi ajratiladigan mablagʻlarning samarali va maqsadli foydalanilishi ustidan monitoring oʻrnatsin.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlariga mazkur qarorning 13-bandiga muvofiq taqdim etiladigan qarz mablagʻlari hisobidan mikroqarzlar mikromoliya tashkilotlari tomonidan keng aholi qatlamlariga, shu jumladan yoshlar va xotin-qizlarga quyidagi shartlarda ajratiladi:
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
qarz oluvchi nodavlat notijorat tashkilotlarining moliyaviy savodxonlikni oshirish, kasbiy va tadbirkorlik koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan dasturlari talablariga mos kelishi lozim;
mikroqarzlar tadbirkorlik va daromad olishga qaratilgan maqsadlar uchun bir qarz oluvchiga 25 million soʻmdan oshmagan miqdorda ajratilishi lozim;
Oldingi tahrirga qarang.
mikromoliya tashkilotlari qarz oluvchi tomonidan shartnomaga muvofiq majburiyatlar bajarilishini taʼminlash shartisiz, shu jumladan bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydigan guruh kafilligi asosida mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishga haqli.
(14-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PF-62-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son)
15. Belgilansinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda olinadigan davlat boji mablagʻlarining 20 foizi Savdo-sanoat palatasiga yoʻnaltiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6258-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2021-y., 06/21/6258/0651-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
17. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Markaziy bank raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 13-oktabr,
PQ-4862-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4862/1385-son; 27.03.2021-y., 07/21/5041/0244-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2021-y., 06/21/6258/0651-son, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son; 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son; 31.01.2023-y., 07/23/39/0060-son; 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son; 16.03.2024-y., 07/24/130/0218-son)