Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NARKOTIK MODDALARNI NAZORAT QILISH MILLIY AXBOROT-TAHLIL MARKAZINI TASHKIL ETISH HAMDA NARKOTIK MODDALARNING NOQONUNIY ISHLATILISHIGA QARSHI KURASHUVCHI HUQUQNI MUHOFAZA QILISH ORGANLARI BOʻLINMALARINI MUSTAHKAMLASH TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-oktabrdagi 631-sonli “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasi hamda uning xududiy komissiyalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Narkotik moddalarning noqonuniy ishlatilishiga qarshi kurashishni kuchaytirish, Oʻzbekiston Respublikasining ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi;
1. Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi kotibiyati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markaziga aylantirilsin.
Belgilansinki, Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasalarida hisob-kitob va valyuta schyotlariga ega boʻladi.
2. Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot tahlil markazi toʻgʻrisida Nizom va uning tuzilmasi 1, 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Narkotik moddalarni nazorat qilish axborot-tahlil markazi xodimlarining soni, shu jumladan:
unga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Cogʻliqni caqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasining umumiy shtatlaridagi xodimlaridan bir nafardan masʼul xodimni ish haqi fondi, shu jumladan xodimni taʼminlash xarajatlari bilan berish;
Narkotik moddalarni nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi kotibiyati ixtiyoriga ilgari yuborilganlarni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat soliq qoʻmitasi Bosh bojxona boshqarmasidan uning ixtiyoriga belgilangan tartibda yuborilgan ikki nafardan masʼul xodim hisobiga 11 nafar (xizmat koʻrsatuvchi va yordamchi xodimlardan tashqari) etib belgilansin.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
Koʻrsatib oʻtilgan vazirliklar va idoralar bir oy muddatda Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markaziga shtatdagi tegishli xodimlarni bersinlar hamda masʼul xodimlarni uning ixtiyoriga yuborsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Narkotik moddalarni nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi kotibiyatiga belgilangan maqsadda foydalanish uchun ilgari ajratilgan elektron-hisoblash va boshqa texnikani, moliyaviy resurslarni Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi balansiga bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat soliq qoʻmitasi Bosh bojxona boshqarmasining narkotik moddalarning noqonuniy ishlatilishiga qarshi bevosita kurashuvchi boʻlinmalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlansin hamda ularga qoʻshimcha xodimlar shtati ajratilsin (3, 4-ilovalap*).
3 va 4-ilovalar berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-yanvardagi 28-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotdi)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati Ishlar Boshqarmasi belgilangan meʼyorlarga muvofiq Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi uchun zarur xonalar ajratsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarorni bajarish uchun zarur mablagʻlar ajratsin.
9. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-iyuldagi 268-f-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining “Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1994-yil 30-apreldagi 229-son qarori bilan tasdiqlangan “Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi toʻgʻrisida Nizom”ning 11-bandidagi “uning kotibiyati tomonidan” soʻzlari “Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi tomonidan” soʻzlari bilan almashtirilsin; 12-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 7-noyabr,
382-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
7-noyabrdagi 382-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi toʻgʻrisida
NIZOM
1. UMUMIY QOIDALAR
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi* Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining doimiy ishlovchi apparati hisoblanadi. Quyidagilar Milliy axborot-tahlil markazining asosiy vazifalari hisoblanadi:
* Keyingi oʻrinlarda matnda — Milliy axborot-tahlil markazi deb ataladi.
Oʻzbekiston Respublikasining narkotik moddalarni nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasi va asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqishni tashkil etish;
giyohvandlikning ahvoli, ham milliy, ham xalqaro darajalarda narkotik moddalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy ishlatilishiga qarshi kurashishni takomillashtirish masalalari boʻyicha Hukumatga, Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasiga tegishli tahliliy materiallar va takliflarni tayyorlash;
maʼlumotlar bankini yigʻish va ularni shakllantirish, umumlashtirish va har tomonlama tahlil qilish, shuningdek giyohvandlikning oldini olish hamda respublikada va uning tashqarisida narkotik moddalarni nazorat qilish masalalari boʻyicha manfaatdor vazirliklar, idoralar, tashkilotlarga, shu jumladan xalqaro tashkilotlarga tegishli axborotni belgilangan tartibda berish.
Milliy axborot-tahlil markazi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining qarorlariga, mazkur Nizomga, xalqaro shartnomalar va bitimlarga amal qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat soliq qoʻmitasining Bosh bojxona boshqarmasi zobitlari va boshliqlari tarkibidagi shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ushbu toifadagi shaxslar uchun belgilangan tartibda va shartlarda Milliy axborot-tahlil markazida doimiy ishlash uchun yuboriladilar.
(1-boʻlimning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
Milliy axborot-tahlil markazi Narkotik moddalarni nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi raisiga bevosita hisobot beradi.
Milliy axborot-tahlil markazi boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan narkotik moddalarni nazorat qilishga doir munosabatlarda oʻz vakolati doirasida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi nomidan vakillik qiladi.
2. MILLIY AXBOROT-TAHLIL MARKAZINING FUNKSIYALARI
Milliy axborot-tahlil markazi:
narkotik moddalarni nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini va huquqiy negizini shakllantirish yuzasidan takliflar tayyorlashni tashkil etadi va ularni belgilangan tartibda kiritadi;
narkotik moddalarni nazorat qilish masalalari boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisida davlat dasturi va davlatlararo hujjatlar loyihalari yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
boshqa mamlakatlarning narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha markaziy organlari, tegishli xizmatlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni oʻz vakolati doirasida oʻrnatadi va amalga oshiradi, axborot ayirboshlashni belgilangan tartibda tashkil etadi;
narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha xalqaro faoliyatni tartibga soluvchi konvensiyalar qoidalarining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan bajarilishi yuzasidan BMTga yillik maʼruzalar tayyorlaydi;
giyohvandlikning oldini olish va narkotik moddalarning noqonuniy ishlatilishiga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro va respublika tajribasini oʻrganadi, umumlashtiradi va tarqatadi, milliy va xalqaro seminarlar, konferensiyalar va simpoziumlarni tayyorlash va oʻtkazishda respublika davlat boshqaruv organlariga oʻz vakolati doirasida yordam koʻrsatadi;
respublika hududida giyohvandlikka va narkotik moddalarning noqonuniy ishlatilishiga qarshi kurashishning ahvolini puxta baholash boʻyicha, shuningdek narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha davlat dasturlari va xalqaro dasturlar amalga oshirilishi yuzasidan davlat boshqaruvi organlarining faoliyati, Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi qarorlarining bajarilishi toʻgʻrisida zarur materiallarni tayyorlaydi;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga giyohvandlik yoyilishining oldini olish va narkotik moddalarning noqonuniy ishlatilishiga qarshi kurashish bilan bevosita shugʻullanuvchi ularga qarashli boʻlinmalar faoliyatini tashkil etishda oʻz vakolati doirasida tegishli uslubiy va amaliy yordam koʻrsatadi;
Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasiga budjetdan ajratiladigan, shuningdek korxonalar, muassasalar, xususiy shaxslar, xalqaro fondlar va tashkilotlardan kelib tushadigan Oʻzbekiston Respublikasi hududida giyohvandlikni bartaraf etish hamda narkotik moddalarning noqonuniy ishlatilishiga qarshi kurashishga yoʻnaltirilgan moliyaviy mablagʻlardan foydalanish boʻyicha takliflar kiritadi;
giyohvandlikning ahvoli, narkotik moddalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning respublika va xalqaro darajada qonuniy va noqonuniy ishlatilishiga daxldor boʻlgan maʼlumotlar bankini yigʻish va toʻplash, axborotlarni ishlab chiqish, umumlashtirish hamda tahlil etishni belgilangan tartibda tashkil qiladi;
tegishli axborotlarni vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa, shu jumladan xalqaro manfaatdor tashkilotlarga belgilangan tartibda berishni taʼminlaydi;
Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining topshirigʻiga binoan, uning Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi toʻgʻrisida Nizomda koʻzda tutilgan ayrim funksiyalarini bajaradi.
Milliy axborot-tahlil markazi quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralardan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha mintaqaviy komissiyalaridan, boshqa tashkilot va muassasalardan giyohvandlikning ahvoli, narkotik moddalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning qonuniy va noqonuniy ishlatilishiga tegishli axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
tegishli materiallarni tayyorlash va Milliy axborot-tahlil markazi vakolatiga kiradigan tadbirlarni oʻtkazish uchun zarur hollarda vazirliklar, idoralar, muassasalar va tashkilotlarning mutaxassislarini jalb etish;
narkotik moddalarni nazorat qilish masalalari boʻyicha respublikada va xorijda oʻtkaziladigan xalqaro tashkilotlar, ekspert komissiyalari ishida, yigʻilishlarda, seminarlarda ishtirok etish.
3. MILLIY AXBOROT-TAHLIL MARKAZI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH
Milliy axborot-tahlil markazini direktor boshqaradi, u Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi raisining tavsiyasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
(3-boʻlimining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
Milliy axborot-tahlil markazi direktori lavozimiga koʻra Narkotik moddalarni nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi raisining oʻrinbosari hisoblanadi hamda maqomiga koʻra tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlaridan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari kotibiyati mudiriga, boʻlinmalar rahbarlari va masʼul xodimlari tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari kotibiyatining bosh va yetakchi mutaxassislariga tenglashtiriladi.
(3-boʻlimning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi 36-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2020-y., 09/20/36/0076-son)
Milliy axborot-tahlil markazi direktori:
Milliy axborot-tahlil markaziga va uning boʻlinmalariga umumiy rahbarlikni taʼminlaydi;
xodimlarning umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi, uning tarkibiy tuzilmalari toʻgʻrisidagi nizomlar doirasida Milliy axborot-tahlil markazi xodimlari roʻyxatini tasdiqlaydi;
kadrlarni tanlash va joylashtirishni amalga oshiradi, boʻlinmalar rahbarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi hamda ularning ijrosini nazorat qiladi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tashkilotlar, muassasalar, korxonalar, jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari, aholi bilan oʻzaro munosabatlarda, shuningdek xalqaro tashkilotlarda Milliy axborot-tahlil markazi nomidan vakillik qiladi;
oʻz vakolati doirasida ichki buyruqlar, yoʻriqnomalar chiqaradi hamda ularning ijrosini tekshirishni tashkil etadi;
Milliy axborot-tahlil markaziga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi va uning oʻz funksiyalarini amalga oshirishi uchun shaxsan javob beradi;
Milliy axborot-tahlil markazi kreditlari va mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
Milliy axborot-tahlil markazi yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasalarida hisob-kitob, valyuta schyotlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan hamda oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
7-noyabrdagi 382-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi
TUZILMASI