Norasmiy tarjima
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyasini qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Toshkent shahriga asosiy aylanma magistral kirish yo‘llari bilan tutashtirilgan yer usti halqa metro liniyasi qurilishini samarali tashkil etish va shu asosda yo‘lovchilarga transport xizmatini yaxshilash, jamoat transportida yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish, yer usti jamoat shahar transporti va shahar avtomobil yo‘llaridagi tirbandlikni kamaytirish, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni yaxshilashni ta’minlash maqsadida:
1. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2017 — 2021-yillar davrida Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyasini bosqichma-bosqich qurish loyihasini (keyingi o‘rinlarda — loyiha) amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Hisob-kitob qiymati 422,3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan loyihani amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari quyidagicha belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2017-yilda ajratiladigan 97,2 milliard so‘m (13,35 million AQSH dollari ekvivalentidagi) mablag‘lari;
2018 — 2021-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining har yili tasdiqlanadigan Investitsiya dasturi parametrlarida ko‘zda tutiladigan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 208,45 million AQSH dollari ekvivalentidagi markazlashtirilgan investitsiyalar;
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 140,0 million AQSH dollari miqdoridagi krediti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalashtiriladigan, import uskunalar, materiallar va butlovchi qismlar xarid qilishni, shuningdek pudrat qurilish tashkilotlarini jihozlash uchun maxsus uskunalar va texnika sotib olishni moliyalashtirish uchun ajratiladi. Kredit 15 yil muddatga, shu jumladan 4 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 2,25 foiz stavkada, qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,25 foiz miqdoridagi marjasini o‘z ichiga olgan holda beriladi;
XXR Eksimbankining “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga 60,5 million AQSH dollarigacha miqdordagi qarz mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalashtiriladigan, import uskunalar, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar xarid qilish, zarurat tug‘ilganda xorijiy pudrat tashkilotlarini jalb etgan holda qurilish-montaj ishlarini bajarish va loyihani amalga oshirish doirasidagi boshqa valyuta xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek pudrat qurilish tashkilotlarini jihozlash uchun maxsus uskunalar va texnika sotib olish uchun ajratiladi. Qarz mablag‘lari 20 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 2,25 foiz stavkada, qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,25 foiz miqdoridagi marjasini o‘z ichiga olgan holda beriladi.
3. Belgilansinki:
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ loyihani samarali amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hamda markazlashtirilgan investitsiyalardan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul ijro etuvchi organ, shuningdek, XXR Eksimbankining qarz mablag‘lari bo‘yicha qarz oluvchi hisoblanadi;
loyihani amalga oshirish loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitobini ishlab chiqish bilan bir bosqichli tartibda bajariladi;
Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyasini qurish doirasida XXR Eksimbankining qarz mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining krediti bo‘yicha asosiy qarzni to‘lash, foizlar va vositachilik haqini qoplash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziriga XXR Eksimbankining qayta moliyalashtiriladigan qarz mablag‘lari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining krediti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining XXR Eksimbanki oldidagi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oldidagi to‘lov majburiyatlari yuzasidan davlat kafolati berilganligi uchun haq undirilmasdan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatini berish vakolati berilsin.
5. Loyihani amalga oshirish doirasida quyidagilar belgilansin:
buyurtmachi — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ;
bosh loyiha tashkiloti — “Boshtransloyiha” AJ;
bosh pudratchi tashkilot — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning tarkibiy bo‘linmalari.
6. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-yanvardagi PQ-3464-son “O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish, davlat xaridlarini amalga oshirish doirasida hujjatlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazishning samarali tizimini yaratish to‘g‘risida”gi hamda 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-son “Loyihaoldi, loyiha, tender hujjatlari va shartnomalarni ekspertizadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari talablaridan kelib chiqib, loyiha ekspertizadan o‘tkazilgandan so‘ng uning texnik-iqtisodiy hisob-kitobini tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyasini loyihalashtirish va qurish masalalari bo‘yicha ishchi guruh ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Ishchi guruh (A.J. Ramatov) zimmasiga:
ilg‘or energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llashni, shuningdek, loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini belgilangan muddatlarda bajarishni hisobga olgan holda texnik topshiriqni ishlab chiqish sifatiga alohida e’tibor qaratib, loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq barcha masalalar majmuasining o‘z vaqtida va tezkorlik bilan hal etilishini ta’minlash maqsadida vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin;
2018-yil 1 oktabrgacha bo‘lgan muddatda, yo‘lovchi transportini tashkil etishning ilg‘or xorijiy tajribasini tahlil qilish asosida, Toshkent shahrida istiqbolda yo‘lovchi tashish transport tizimini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish. Ushbu loyihada poytaxtni Toshkent viloyatining ayrim shaharlari bilan bog‘laydigan muntazam yo‘nalishlarni joriy etish, yo‘lovchilar uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish, metropoliten halqa yo‘lining bekatlarini shahar atrofi va shahar avtobus yo‘nalishlari uchun halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab joylashgan oxirgi bekatlar va avtostansiyalar bilan bog‘lash, shuningdek, shu asosda ularning harakat sxemalarini optimallashtirishni nazarda tutish lozim.
8. Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari loyihani amalga oshirish doirasida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan quyidagilarni ta’minlasinlar:
bir oy ichida — zarur obyektlarni qurish uchun yer uchastkalarini ajratish;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning so‘rovlariga ko‘ra — qurilish maydonchalarini bo‘shatish, zarur hollarda ko‘chalarni yopish, aylanma avtomobil yo‘llari va boshqa obyektlarni qurish;
loyihada belgilangan muddatlarda — binolarni buzish, ishlar olib boriladigan hududda yashovchi fuqarolarni ko‘chirish;
yuridik va jismoniy shaxslarga, fermer xo‘jaliklariga obyektlar qurish uchun yer uchastkalari ajratilishi, binolar buzilishi, daraxtlar kesilishi va fuqarolar ko‘chirilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qonun hujjatlarida taqiqlanmagan moliyalashtirish manbalarini jalb etgan holda qoplash.
Metropolitenning yer usti halqa yo‘li qurilish maydonchalariga tutash hududlarni sug‘orish suv quvurlari tizimi, sug‘orish novlari va tashqi yoritgichlarni hisobga olgan holda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish.
9. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga, istisno tariqasida, quyidagilarga ruxsat berilsin:
2019-yil 1-yanvarga qadar loyihani amalga oshirishni loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda olib borish;
Loyihani amalga oshirish doirasida, zarurat tug‘ilganda, harakatlanuvchi tarkib turini va loyiha yechimlarini aniqlash uchun mustaqil yuqori malakali xorijiy ekspertlarni va xorijiy muhandislik kompaniyalarini, shuningdek xorijiy ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlarini tanlov asosida jalb etish. Bunda, ishonchlilik va xavfsiz foydalanish talablari bajarilishini ta’minlash, loyihani amalga oshirish jarayonini kuzatib borish va texnik nazorat qilish inobatga olinishi lozim;
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda, loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitobi tasdiqlangunga qadar, vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tgan import shartnomalari, shuningdek loyihani amalga oshirish doirasida mahalliy pudratchilari va yetkazib beruvchilari bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish;
Tender savdolarini o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida ishlab chiqaruvchi zavodlar yoki ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlari) bilan uskunalar va materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va uzellar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish, import shartnomalari yuzasidan vakolatli organlarda ekspertiza o‘tkazish va yuklab jo‘natishdan oldin majburiy tekshiruvdan o‘tkazish.
10. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘zbekneftgaz” MXK o‘z mablag‘lari hisobidan, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan loyihani amalga oshirish doirasida tegishlilik bo‘yicha qurilish hududiga to‘g‘ri keladigan mavjud muhandislik kommunikatsiyalari va yo‘l-transport infratuzilmasini ko‘chirish, shuningdek, muhandislik kommunikatsiyalarini ulash va ularning uzluksiz ishlashini hisobga olgan holda loyiha hujjatlariga muvofiq tegishli avtomobil yo‘llarini qurish ishlarini ta’minlasin.
11. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ loyihani amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan asbob-uskunalar, texnika, texnologiyalar, butlovchi buyumlar va materiallarning narx ko‘rsatkichlari bo‘yicha import shartnomalarini belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin.
12. Qurilish vazirligi belgilangan tartibda shaharsozlik hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazishni va loyihani amalga oshirish doirasida bajarilgan qurilish-montaj ishlarining sifati ustidan tegishli davlat arxitektura-qurilish nazoratini ta’minlasin.
13. Loyihani amalga oshirish doirasida uning barcha ishtirokchilari 2022-yil 1-yanvargacha quyidagilarni to‘lashdan ozod etilsin:
kafolat xizmati ko‘rsatish davrida zarur bo‘lgan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, materiallar, xom ashyo, texnologik hujjatlar, jihozlar, shuningdek belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan, shu jumladan “vaqtincha olib kirish” rejimida kiritiladigan metall prokatiga bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlari bundan mustasno);
tovarlar, ishlar (xizmatlar), shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan ishlar (xizmatlar) uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar va yig‘imlar.
14. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda loyihani amalga oshirish doirasida olib kelinadigan uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, materiallar, xom ashyo, texnologik hujjatlar, jihozlar, shuningdek, metall prokatidan maqsadli foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
Belgilab qo‘yilsinki, ushbu qarorga muvofiq olib kiriladigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, materiallar, xomashyo, texnologik hujjatlar, jihozlar, shuningdek, metall prokat maqsadsiz ishlatilgan taqdirda, bojxona imtiyozlari tufayli to‘lanmagan bojxona to‘lovlari summasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan moliyaviy jazolar qo‘llanilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladi.
15. Belgilansinki, loyihani amalga oshirish doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, uning tarkibiy bo‘linmalari va loyiha ishtirokchilari o‘rtasida beg‘araz asosda beriladigan mol-mulk qo‘shilgan qiymat solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, shuningdek, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i bo‘yicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
16. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zbekneftgaz” MXK, “O‘zmetkombinat” AJ va “O‘zqurilishmateriallari” AJ buyurtmachi tomonidan ish hujjatlari parametrlarini hisobga olgan holda taqdim etiladigan asoslangan hisob-kitoblar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha va loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan miqdorda: sement, metall prokat va yo‘l bitumini — tartibga solinadigan narxlarda, yonilg‘i-moylash materiallarini esa — shartnomaviy narxlarda ajratilishini va yetkazib berilishini ta’minlasin.
17. “O‘zbekenergo” AJ O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga ushbu loyihani amalga oshirish maqsadida metropolitenning yer usti halqa liniyasi tashqi elektr ta’minoti inshootlari va tegishli infratuzilmani qurish hamda foydalanishga topshirishni ta’minlasin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning murojaatlariga asosan loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmagan holda kirish vizalarini rasmiylashtirish ishlarini ta’minlasin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning murojaatlariga ko‘ra loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalarni uzaytirish, shuningdek, ularning vaqtincha yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatga olish va uning muddatini uzaytirishni ta’minlasin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning murojaatlariga binoan loyihani amalga oshirishda ishtirok etish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni O‘zbekiston Respublikasiga jalb etishga belgilangan tartibda ruxsatnomalar berish (muddatini uzaytirish), shuningdek, mazkur xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni berish (muddatini uzaytirish) ishlarini ta’minlasin.
21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-may,
PQ-2979-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi PQ-2979-son qaroriga
ILOVA
Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyasini loyihalashtirish va qurish masalalari bo‘yicha ishchi guruh
TARKIBI

A.J. Ramatov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Ishchi guruh rahbari

A.S. Shukurov

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, Ishchi guruh rahbari o‘rinbosari

S.X. Bekenov

iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari

lavozimiga ko‘ra

Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari

B.Y. Raimov

Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari

Y.E. Tursunov

moliya vazirining o‘rinbosari

B.M. Nizomov

mehnat vazirining o‘rinbosari

Sh.A. Vafayev

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari

R.J. Usmonov

Toshkent shahar hokimi

Sh.X. Boboyev

Toshkent viloyati hokimi

A.S. Sultonov

“O‘zbekneftgaz” MXK raisi

R.G. Muborakshin

“O‘zbekenergo” AJ raisining birinchi o‘rinbosari

N.R. Alimov

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki raisining o‘rinbosari

A.S. Nurutdinov

“O‘zmetkombinat” AJ bosh direktori

B.K. Zaripov

“O‘zqurilishmateriallari” AJ raisi

X.N. Xasilov

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bosh menejeri — bosh muhandisi

lavozimiga ko‘ra

“Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruvi raisi

O.N. Xudoyqulov

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari — “Toshkent metropoliteni” UK boshlig‘i

R.X. Mirzaaxmedov

“ToshkentboshplanLITI” DUK direktori

Yu.D. Magrupov

“O‘zDALOYIHALITI” DUK direktori

R.V. Ro‘ziyev

“Boshtransloyiha” AJ direktori

I.R. Maxkamov

Vazirlar Mahkamasining kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish sanoati masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti mudiri, Ishchi guruh kotibi

Izoh: Ishchi guruh a’zolari boshqa ishga o‘tganda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar yoki tegishli vazifalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.