Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.04.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT ShAHRIDA DAVLAT UY-JOY FONDINI XUSUSIYLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi munosabati bilan normativ hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 1994-yil 4-apreldagi 180-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor munosabatlariga oʻtish sharoitida fuqarolarning mulkiy huquqini taʼminlash va aholini ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish hamda uy-joy bozorini barpo etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining Toshkent shahrida tajriba tariqasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirishni oʻtkazish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi bilan kelishilgan taklifi qabul qilinsin.
2. Toshkent shahrida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
3. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda ikki hafta muddat ichida Toshkent shahrida uy-joy fondini xususiylashtirish, saqlash va undan foydalanish qoidasini, xususiylashtirilishi lozim boʻlgan uy-joylar qiymatini belgilash metodikasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tasdiqlasin.
4. Toshkent shahar hokimligi 1993-yil mahalliy budjetini shakllantirayotganda uy-joy fondini saqlash uchun tartib topgan narxlarga mos boʻlgan miqdorlarda dotatsiya xarajatlarini nazarda tutsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki xususiylashtirilgan uy-joylarni sotib olish uchun fuqarolarga va yuridik shaxslarga kredit berish tartibi haqidagi yoʻriqnomani ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi 1993-yilning 1-yanvariga qadar Toshkent shahrida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish boʻyicha oʻtkazilgan tajriba tahlili asosida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga kiritish uchun “Oʻzbekiston Respublikasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish haqida” Qonun loyihasini ishlab chiqsin.
7. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi davlat uy-joy fondini xususiylashtirishni oʻtkazishning aniq tadbirlarini ishlab chiqsinlar, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zudlik bilan chora-tadbirlar koʻrsinlar va huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda oʻzining xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilgan shaxslarni hamda davlat uy-joy fondini xususiylashtirish tartibini buzishda aybdor boʻlganlarni qattiq javobgarlikka tortsinlar.
8. Ommaviy axborot vositalari Toshkent shahrida davlat uy-joylarini xususiylashtirishni oʻtkazishning qanday borayotganini muntazam yoritib borsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlari va shaharlari hokimliklariga davlat uy-joylarini xususiylashtirayotganda Toshkent shahrida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi Nizomni asos qilib olish tavsiya etilsin.
10. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida Toshkent shahrida xususiylashtirish jarayonini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni tashkil etish yuzasidan shahar hokimligi tegishli boʻlinmalarining va idoralari rahbarlari uchun seminar-kengash oʻtkazsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari oʻrtoq K. N. Toʻlaganov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotgani 1992-yilning oktyabr oyida Vazirlar Mahkamasi majlisida koʻrib chiqilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-avgust,
378-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil
13-avgustdagi 378-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TOShKENT ShAHRIDA DAVLAT UY-JOY FONDINI* XUSUSIYLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
NIZOM
* mahalliy Kengashlar, idoralar va jamoat tashkilotlari tasarrufida boʻlgan
Mazkur Nizom Toshkent shahrida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish ishlarini oʻtkazishning huquqiy asoslarini, tartibi va shartlarini belgilab beradi.
1. Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish deganda alohida uylar (kottejlar), kvartiralarni, shu jumladan, imtiyozli asosda sotish va haq olmasdan fuqarolarga ixtiyoriy ravishda mulk qilib berish tushuniladi.
2. Davlat uy-joy fondini xususiylashtirishdan maqsad fuqarolarning shaxsiy kvartiralar va uylar olish, xususiylashtirilgan uy-joydan erkin foydalanish (meros qilib qoldirish, almashtirish, sotish), uy-joy sharoitlarini yaxshilash usulini tanlash, uy-joy fondidan foydalanish, uni saqlash va uy-joy bozorini barpo qilish huquqlarini roʻyobga chiqarishdir.
3. Mavjud boʻlgan va yangi qurilgan davlat uy-joy fondidagi ayrim kvartiralar va uylar xususiylashtirish obyektlari hisoblanadi.
Avariya holatidagi, sanitariya va texnika normalariga koʻra yashashga yaroqli boʻlmagan uy-joy binolari, kommunal kvartiralar, xizmat kvartiralari (uylar), yotoqxonalar, yopiq harbiy shaharchalar hududida joylashgan uy-joylar (kvartiralar), tarixiy va madaniy yodgorlik boʻlgan uy (kvartira)lar, shu jumladan, uy-muzeylar xususiylashtirilmaydi.
4. Xususiylashtirilishi lozim boʻlgan davlat uy-joy fondida doimiy roʻyxatga olingan Toshkent shahar fuqarolari xususiylashtirish subyekti hisoblanadilar.
5. Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish Toshkent shahar hokimligi tomonidan amalga oshiriladi.
Uy-joyga egalik qilish huquqini belgilovchi tartib
6. Davlat uy-joyini xususiylashtirgan fuqarolarga mulk toifalariga qarab (roʻyxatga olish, almashtirish va 1 kishiga uy-joy maydoni normativlari va boshqa) cheklashlarni olib tashlashga kafolat beradi.
7. Egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini oʻz ichiga oladigan uy-joyga shaxsan egalik qilish huquqi quyidagilarga beriladi:
uy-joyni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan xususiylashtirgan fuqarolarga;
uy-joyni Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1989-yil 21-iyundagi 203-son qaroriga binoan xususiylashtirgan fuqarolarga;
uy-joyni mavjud davlat uy-joy fondida balans (qoldiq) qiymat asosida belgilangan narxlar boʻyicha, yangi qurilgan davlat uy-joy fondida amalda boʻlgan narxlar boʻyicha va mazkur Nizomda belgilangan muddatlarda xususiylashtirgan fuqarolarga;
keyinchalik uy-joyning toʻla qiymatini toʻlash (sotib olish) huquqi bilan uy-joyni ijara usulida egallashga oʻtkazilgan fuqarolarga.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Alohida uyga, kvartiraga egalik qilish, undan foydalanish huquqi fuqarolar tomonidan uy-joyning toʻla qiymati toʻlangan (sotib olingan) va mulkka egalik huquqini beruvchi dalolatnoma olingan kundan boshlanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 1-martdagi 114-sonli qarori tahririda)
Xususiylashtirish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
9. Fuqarolarga xususiylashtiriladigan uy-joyga egalik qilish shaklini erkin tanlash huquqi 1993-yil 1-aprelga qadar beriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 1-martdagi 114-sonli qarori tahririda)
10. Qandaydir sabablarga koʻra uy-joyni xususiylashtira olmagan fuqarolar 1993-yilning 1-yanvaridan boshlab, uy-joyni ijaraga olishning qisqa muddatli va uzoq muddatli ijarani nazarda tutuvchi shartlariga oʻtkaziladilar. Bunda ularga xususiylashtirish paytidagi narxlar hisobga olingan holda keyinchalik uy-joy binolarini sotib olish huquqi beriladi. Uy-joyni ijaraga olish shartlariga oʻtkazish tartibi Toshkent shahrida uy-joy fondini xususiylashtirish, saqlash va undan foydalanish qoidalari bilan belgilanadi.
11. Fuqarolarning 1992-yilgacha qurilgan uy-joyni sotib olishi kvartira (uy)ning butun qiymatini biryoʻla toʻlash yoʻli bilan ham, shuningdek 5 yil davomida toʻlash yoʻli bilan ham amalga oshirilishi mumkin; bunda bir yoʻla toʻlanadigan dastlabki haq (badal) kvartira qiymatining 40 foizini tashkil etadi. U ijarachining xohishiga koʻra yarim yilga, imtiyozga ega boʻlganlar uchun esa — bir yilga taqsimlanishi mumkin.
12. 1992-yilda va undan keyingi yillarda qurilgan kvartiralarni, uylar (kottejlar)ni sotib oluvchi fuqarolarga toʻlov muddati 10 yil qilib belgilanadi, bunda biryoʻla toʻlanadigan pay badali uy-joy qiymatining 20 foizini tashkil etadi.
13. Xususiylashtirilgan uy-joyning toʻliq qiymatini biryoʻla toʻlagan fuqarolarga uy-joy qiymatining10 foizi miqdorida, kvartira haqini 2,5 yil davomida toʻlaganlarga esa 5 foiz chegirish belgilanadi.
14. Mavjud davlat uy-joy fondini xususiylashtirish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
fuqarolarga oʻzlari yashayotgan va hozirgi vaqtda doimiy propiskada boʻlgan alohida uylarni, kvartiralarni, uy-joyning foydalanish sifatini hisobga olgan holda, qoldiq (balans) qiymati asosida belgilangan narxlar boʻyicha sotish;
uy-joyni fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga binoan belgilangan ayrim toifalariga bepul yoki imtiyozli asosda berish.
15. Yangi qurilgan, qayta qurilgan, asosli tuzatilgan va boʻshagan uy-joy fondidagi uylar, kvartiralarni xususiylashtirish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
uy-joyni fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga binoan belgilangan ayrim toifalariga bepul yoki imtiyozli asosda mulk sifatida ajratish va berish;
uy-joyni fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga binoan belgilangan ayrim toifalariga bepul yoki imtiyozli asosda mulk sifatida ajratish va berish;
yangi qurilgan davlat uy-joy fondida 20 foizgacha hamda qayta qurilgan asosli tuzatilgan davlat uy-joy fondida 10 foizgacha kvartira (xona)larni va aholiga uylarni auksion orqali shaxsiy mulk qilib sotish.
16. Kvartiralarni yoki alohida uylarni (kottejlarni) xususiylashtirish huquqi kamida 5 yil davomida propiskada boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasida yashovchilarga beriladi.
17. Auksion orqali uy-joy sotib olish huquqi idoralarga va ayrim korxonalarga beriladi, bunda mazkur uy-joydan xizmat maqsadida (idoralar, ofislar va shu kabilar) hamda ishlab chiqarish binolari (sexlar, ustaxonalar va shu kabilar) maqsadida foydalanish huquqisiz ushbu uy-joyni oʻz xodimlariga berish va xususiylashtirish majburiy shartdir.
18. Davlat uy-joylarini xususiylashtirish va oʻz mulki sifatida rasmiylashtirish huquqi fuqarolarga, idoralarga va ayrim yuridik shaxslarga bir marta beriladi.
Kommunal xizmatlar va xususiylashtirilgan uy-joylarni saqlash
19. Butun uyni (shu jumladan, uy oldidagi hududni ham) tuzatish va kommunal xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan umumiy xarajatlarni fuqarolar (uy-joyga egalik qiluvchilar, mulk egalari va ijarachilar) quyidagicha toʻlaydilar:
1993-yilning 1-yanvarigacha davlat uy-joylari uchun belgilangan tartibda va shartlar asosida;
Oldingi tahrirga qarang.
(19-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 1-martdagi 114-sonli qarori bilan chiqarilgan)
1994-yilning yanvaridan boshlab — toʻliq fuqarolarning mablagʻlari hisobiga.
20. Uy-joyni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga binoan xususiylashtirgan imtiyozchilar toifalari kommunal xizmatlarga (suv taʼminoti, gaz, elektr va issiqlik energiyasi uchun) haq toʻlashda imtiyozlardan foydalanadilar.
21. Uy-joyni xususiylashtirgan fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy fondi uchun nazarda tutilgan imorat soligʻi toʻlaydilar va qoʻzgʻalmas mulkni majburiy sugʻurta qildiradilar.
Qoʻzgʻalmas mulkni sugʻurta qildirish Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Majburiy davlat sugʻurtasi haqida” 1982-yil 5-apreldagi 242-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan belgilangan imtiyozli fuqarolar toifalariga shahar hokimligi tomonidan oʻrnatilgan tartibda majburiy soliq toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berilishi mumkin.
22. Xususiylashtirilgan uy-joy egalariga yondosh tomorqa uchastkalari yerlaridan, kichik bogʻchadan Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilanadigan shartlar va tartib asosida, Oʻzbekiston Respublikasining “Yer haqida”gi Qonuniga muvofiq foydalanish huquqi beriladi.
23. Toshkent shahar hokimligi va idoralar auksionda alohida fuqarolarga, yuridik shaxslarga va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, tashkilotlarga puturi ketgan, eskirgan va avariya holatidagi uy-joy fondini, qayta taʼmirlangandan keyin ofis, vakolatxonalar va boshqa xizmat binolari sifatida foydalanish uchun sotadilar.
24. Uy-joylarni xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlardan shahar hokimligi, idoralar va jamoat tashkilotlari tomonidan belgilangan tartibda, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda foydalaniladi.
25. Mazkur Nizomni buzishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq intizomiy va jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
26. Davlat uy-joy fondini xususiylashtirishning qanday borayotganini nazorat qilish uchun shahar hokimi boshqaradigan muvofiqlashtiruvchi kengash tuziladi.