Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini sinash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikada ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining raqobatbardoshligini oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy, sifatli qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan ayrim qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining respublikaning tuproq-iqlim sharoitlariga mos kelmasligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda belgilangan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish vaqtida qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashning samarali sinash va oʻlchash usullarini keng joriy etish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikalarini sinash va sertifikatlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Quyidagilar qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalarini sinash tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
resurs tejaydigan zamonaviy qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalari sinovini texnik jihatdan tartibga solish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;
qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlarini respublika hududlarining tuproq-iqlim sharoitlarida samarali qoʻllash va ularning ishonchliligini tekshirish uchun tegishli sinovlarni oʻtkazish;
sohani rivojlantirishga koʻmaklashuvchi innovatsion usullar, dasturlar va istiqbolli gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar faoliyatiga samarali ilmiy ishlanmalarni keng joriy etish;
qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari sinovini oʻtkazuvchi laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, sohaga yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarida samarali qoʻllash va ularning ishonchlilik (sifat) koʻrsatkichlarini tekshirish maqsadida barcha turdagi qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlari majburiy tartibda sinovdan oʻtkaziladi. Bunda, qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlari mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar hamda import qiluvchilar tomonidan taqdim etiladi;
import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari, ularning agregatlari, butlovchi qismlari takomillashtirilganda hamda ularga qoʻshimcha funksiyalarni bajarish yuklatilganda takroriy sinovlarga taqdim etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanishga tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining yagona davlat reyestriga (keyingi oʻrinlarda — yagona davlat reyestri) kiritilgan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalaridan respublikada ekinlarni yetishtirishda foydalanishga ruxsat etiladi;
import qilinadigan hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining agregatlari va butlovchi qismlari uchun muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, laboratoriya asbob-uskunalari va oʻlchov vositalariga ega boʻlmagan tashkilotlar tomonidan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalariga sertifikat berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, “Oʻzstandart” agentligining 2023-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha olib kelinadigan sinov uskunalari va oʻlchash vositalarini bojxona bojidan ozod qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda, sinov uskunalari va oʻlchash vositalari sinov laboratoriyalarini akkreditatsiya, shu jumladan xalqaro akkreditatsiya talablari asosida jihozlash uchun ishlatiladi.
4. Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalarini sinash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalariga nisbatan talablarni belgilaydigan standartlashtirish boʻyicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazsin;
2020-2021-yillarda qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalari va ularni sinash usullariga nisbatan talablarni belgilaydigan zarur standartlarni xalqaro talablar asosida qabul qilish boʻyicha tarmoq jadvalini tasdiqlasin.
6. “Oʻzstandart” agentligi ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan kelishgan holda qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari boʻyicha tarmoq standartlarining roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin;
qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda amaldagi standart hamda meʼyorlarga muvofiq qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining turi boʻyicha sinov dasturlarini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
laboratoriya asbob-uskunalari va oʻlchov vositalariga ega boʻlgan xususiy tashkilotlarni qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalariga sertifikat berish uchun akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibini ishlab chiqsin;
xorijiy davlatlarning sinov markazlari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, ularning ilgʻor tajribalarini respublikada bosqichma-bosqich joriy etib borsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qishloq xoʻjaligi texnikalarini xalqaro talablar asosida sinash uchun zamonaviy sinash uskunalari va oʻlchash vositalari roʻyxatini shakllantirsin va joriy yilning yakuniga qadar ularni xarid qilish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
“Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda 2020-yil 15-dekabrga qadar qishloq xoʻjaligi texnikalarini sinash va sertifikatlash boʻyicha xalqaro tajribadan kelib chiqib, Markazning sinov laboratoriyalari xalqaro akkreditatsiyadan bosqichma-bosqich oʻtkazilishini taʼminlasin;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xarid qilingan sinash vositalarining qurilish-montaj ishlari hamda oʻqitishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarni kirish hujjatlarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishida amaliy yordam koʻrsatsin;
Toshkent viloyati hokimligi va qurilish-loyiha tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda Markazning moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash va modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Markazni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit hamda grant mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda yagona davlat reyestriga kiritilmagan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari, ularning agregatlari va butlovchi qismlarini yetkazib berganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun, 2021-yilning 1-yanvariga qadar ishlab chiqarilgan va import qilingan texnikalar bundan mustasno, javobgarlikni belgilash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarining grantlari va kreditlari hisobidan 2020-yil 1-dekabrga qadar muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan va davlat sinovlaridan oʻtgan import qilingan va respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi hamda melioratsiya texnikalarining yagona davlat reyestri integratsiyalashgan axborot tizimini yaratsin.
Belgilansinki, ushbu axborot tizimida qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining sertifikatga ega ekanligi, sinovdan oʻtganligi, balansda saqlovchi korxona haqida toʻliq maʼlumotlar aks ettiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari sinovi sinov shartlariga qatʼiy rioya qilingan holda oʻtkazilishi hamda yagona davlat reyestriga kiritilgan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalaridan ekinlarni yetishtirishda foydalanilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-oktabrdagi PF-164-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.10.2024-y., 06/24/164/0843-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi sohaga tegishli oliy taʼlim muassasalari bitiruvchi talabalarining amaliyoti qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini sinash hamda sertifikatlash ishlariga integratsiya qilishni taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi faoliyatini tashkil etishga oid Hukumat qarori loyihasini kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I. Barnoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-iyun,
PQ-4760-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-iyundagi PQ-4760-son qaroriga
ILOVA
Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari hamda texnologiyalarini sinash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r

Tadbirning nomlanishi

Amalga oshirish mexanizmi

Muddati

Masʼul ijrochilar

I. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda resurslarni tejaydigan zamonaviy qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari va texnologiyalarini sinovdan oʻtkazish boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, uslubiy hujjatlar va tartibotlarni xalqaro standartlar talablari asosida takomillashtirish

1.

Qishloq xoʻjaligi texnikasi konstruksiyasining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentga tegishli oʻzgartirishlar kiritish.

Normativ-huquqiy hujjat

2020-yil 15-sentabr

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), “Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov), Adliya vazirligi
(R. Davletov)

2.

Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, uslubiy hujjatlar va tartibotlarni ishlab chiqish uchun xalqaro texnik qoʻmitaga aʼzo boʻlish.

2020 — 2022-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

2020-yil 15-dekabrga qadar

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), “Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov)

3.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanishga tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining yagona davlat reyestrini yuritish tartibini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat

2020-yil 1-dekabr

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), Adliya vazirligi (R. Davletov)

4.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanishga tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarining yagona davlat reyestriga kiritilmagan, belgilangan tartibda sinovdan oʻtmagan texnikalarni yetkazib berganlik va foydalanganlik uchun, 2021-yilning 1-yanvariga qadar ishlab chiqarilgan va import qilingan texnikalar bundan mustasno, javobgarlikni kuchaytirish.

Qonun hujjatlariga oʻzgartirish
va qoʻshimchalar kiritish

2020-yil 30-dekabrga qadar

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (A. Vaxabov), Adliya vazirligi (R. Davletov)

5.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlarning soha tarmoqlari bilan aloqalar oʻrnatish, hamkorlik memorandumlarini imzolash va hamkorlik ishlarini rivojlantirish. Bunda:

xalqaro markazlar, tashkilotlar va moliyaviy jamgʻarmalar koʻmagida rivojlangan xorijiy davlatlarda mutaxassislar malakasini oshirish;

respublikamizga mos boʻlgan xorij tajribalarini qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini sinashga joriy etish va sinov ishlarini zamonaviy talablarga moslashtirish, akkreditatsiyadan oʻtkazish.

2020 — 2022-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

Doimiy

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev)

6.

Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari, texnologiyalari boʻyicha xorij va MDH davlatlarida oʻtkaziladigan “dala kunlari”, xalqaro koʻrgazmalar va seminarlarda Oʻzbekiston vakillarining ishtirokini taʼminlash.

2020 — 2022-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

2020-yil 10-iyul

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.Xodjayev)

7.

Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasining davriy sinovlarini moliyalashtirish tartibini ishlab chiqish.

Normativ-huquqiy hujjat

Ikki oy muddatda

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

II. Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalari, ularning agregatlari va qismlarini sinash va sertifikatlash ishlarini xalqaro talablar darajasiga yetkazish

8.

Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini sinovdan oʻtkazish va sertifikatlash ishlarini xalqaro talablar asosida olib borishni tashkil qilish;

yetakchi xorijiy davlatlardan soha mutaxassislarini jalb qilish va ilgʻor sinash uslublari boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil qilish;

qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini sinash boʻyicha xalqaro tajribalarni oʻrganish.

2020 — 2022-yillarga moʻljallangan kompleks
chora-tadbirlar

2020-yil 1-sentabr

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev)

9.

Markazni xalqaro akkreditatsiyaga tayyorlash uchun zarur hujjatlarni shakllantirish.

2020 — 2022-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

2020-yil 15-sentabr

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), “Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov)

III. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda resurs tejaydigan zamonaviy va ilgʻor texnologiyalarning sinovini tashkil etish

10.

Tarmoqlarni intensiv rivojlantirish talabidan kelib chiqqan holda, turli tuproq-iqlim sharoitlarida zamonaviy qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini qoʻllash orqali qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda resurslarni tejaydigan zamonaviy va ilgʻor texnika hamda texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish.

2020 — 2022-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

Ikki oy muddatda

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov),
Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi (Sh.Shoaxmedov)

11

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grant mablagʻlari yoki toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlarini jalb etish orqali ochiq maydonlarda sinov ishlarini amalga oshirish maqsadida respublikaning 3 ta hududida Markazning filiallarini tashkil qilish.

2020 — 2022-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

Besh oy muddatda

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S. Umurzoqov),
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (J. Qoʻchqorov), Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi (Sh. Shoaxmedov)

12.

Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda yangi texnologiyalardan, yerlarni tekislashda lazerli boshqaruvga ega tekislagichlardan foydalanish, paxtani turli qator oralarida yetishtirish, bugʻdoy ekish bilan birga oʻgʻit solish va egat ochish texnologiyalari sinovlarini tashkil qilish.

2020-2021-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

Bir oy muddatda

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev)

IV. Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini sinash uchun ajratilgan sinov poligoni yer resurslaridan samarali foydalanish

13.

Qishloq xoʻjaligi texnikalarini sinash uchun ajratilgan sinov poligoni ekin yerlaridan samarali foydalanish va hosildorlikni oshirish maqsadida almashlab ekish tizimini joriy qilish.

Qishloq xoʻjaligi texnikalarining sinov poligonida texnikalarni dala sharoitida oʻrganish maqsadida fermer xoʻjaliklari ishtirokida koʻrgazmali seminarlar tashkil qilish.

2020-2021-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

2020-yil
iyul

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), “Davergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi (A. Abdullayev),
Toshkent viloyati hokimligi (R. Xolmatov)

V. Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, imitatsion laboratoriyalar qurish va zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash

14.

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grant mablagʻlari yoki toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlarini jalb etish orqali Markazning mavjud bino va laboratoriyalarini taʼmirlash, yangi imitatsion laboratoriyalar binolarini qurish va zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash.

2020-2021-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

Ikki oy muddatda

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S. Umurzaqov),
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (J. Qoʻchqorov), Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi (Sh. Shoaxmedov)

15.

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grant mablagʻlari yoki toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlarini jalb etish orqali Markazni qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini sinash uchun zarur sinov uskunalari va oʻlchov vositalari bilan taʼminlash.

2020-2021-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

Ikki oy muddatda

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S. Umurzoqov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (J. Qoʻchqorov), Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi (Sh. Shoaxmedov)

16.

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grant mablagʻlari yoki toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlarini jalb etish orqali Markazni xalqaro talablar darajasida sinovdan oʻtkazish va sertifikatlash uchun zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari va jihozlari bilan toʻliq taʼminlab, xalqaro akkreditatsiyadan bosqichma-bosqich oʻtkazish.

2020-2021-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

2020-yil
15-dekabr

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S. Umurzoqov),
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (J. Qoʻchqorov), Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi (Sh. Shoaxmedov)

VI. Sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash

17.

Qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikalarini sinash va sertifikatlash sohasi uchun maxsus guvohnoma va sertifikatga ega boʻlgan malakali mutaxassis va kadrlarni tayyorlash.

2020-2021-yillarga moʻljallangan tashkiliy tadbirlar

Doimiy

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Madjidov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev),
“Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov)

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2020-y., 07/20/4760/0999-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son; 24.10.2024-y., 06/24/164/0843-son)