Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.03.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Noshirlik va matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 16-martdagi PQ-4640-son qaroriga asosan, shuningdek, noshirlik va matbaa faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Matbaa faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy axborot va kommunikatsiyalar sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2019-yil 19-dekabrdagi 1017-son qarori 1-bandining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari chiqarib tashlansin, shuningdek, qarorga 2 va 3-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) noshirlik va matbaa faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilishning avtomatlashtirilgan tizimini ikki oy muddatda yaratish choralarini koʻrsin.
4. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-iyun,
401-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-iyundagi 401-son qaroriga
1-ILOVA
Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yuridik shaxslar tomonidan noshirlik faoliyatini boshlagani haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini (keyingi oʻrinlarda — vakolatli davlat organi) xabardor qilish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
noshirlik faoliyati — noshirlik mahsulotini nashrga tayyorlash tadbirlari va tarqatish boʻyicha tashkiliy, ijodiy, ishlab chiqarish va boshqa tadbirlar majmui;
nashriyot — oʻz tahririyatiga ega boʻlgan va adabiyot, sanʼat, musiqa, ilm-fan va boshqa sohalarda noshirlik faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxs yoki uning tarkibiy boʻlinmasi;
nashr — muallif tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida yaratilgan, moddiy tashuvchida matn va (yoki) tasvir tarzida qayd etilgan, tahririy-noshirlik jihatidan ishlov berilgan, noshirlik mahsulotini tayyorlash uchun moʻljallangan axborot.
3. Ushbu Nizom davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, sudlar, prokuratura organlari tomonidan rasmiy materiallar, normativ hujjatlar toʻplamlari va boshqa hujjatlarni nashr etishga, respublika ahamiyatiga ega boʻlgan nodavlat va notijorat tashkilotlari, shuningdek, korxonalar, tashkilotlar, oʻquv va ilmiy muassasalar tomonidan oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan va qoʻlyozma huquqlari bilan ommaviy ravishda tarqatish yoki koʻpaytirish uchun moʻljallanmagan materiallarni nashr etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Noshirlik faoliyatining ixtisoslashuvlari quyidagilardan iborat:
Ijtimoiy-siyosiy nashrlar — ijtimoiy-siyosiy mavzular, tashviqot va targʻibot xususiyatiga ega boʻlgan asarni oʻz ichiga olgan va keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan nashr;
adabiy-badiiy nashrlar — badiiy adabiyotlar muallif tomonidan uylab topilgan sujet va qahramonlarga ega boʻlgan barcha asarlarni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot romanlar, qissalar, hikoyalar, novellalar, pyesalar, adabiy toʻplamlar, antologiyalar, almanaxlar;
bolalar va oʻsmirlar nashrlari — bolalar va yoshlar uchun moʻljallangan badiiy adabiyotlar, yosh va oʻrta yoshli bolalar va oʻsmirlar uchun yozilgan asarlar, shuningdek, mumtoz adabiyot asarlarini qayta ishlash va qisqartirishni oʻz ichiga olgan nashrlardir;
maʼnaviy-maʼrifiy nashrlar — insonning barkamol shaxs sifatida voyaga yetishida muhim omil boʻlib xizmat qiladigan muayyan ijtimoiy muhit, jamiyat va tuzumlar, davlatlar ularning taraqqiyot bosqichlari, boshqaruv uslublari, ijtimoiy axloq meʼyorlarini tadqiq va targʻib etishga, asoslashga yoʻnaltirilgan asarlar majmui;
ilmiy nashrlar — ilmiy tadqiqotlar yoki nazariy umumlashmalar natijasida yaratilgan va eng yangi ilmiy yutuqlar, tadqiqotlarning borishi hamda natijalari haqida mutaxassislarga maʼlumot berish maqsadida tarqatiladigan yozma va bosma asarlar majmui (ilmiy fundamental tadqiqotlar, ilmiy asarlar, monografiyalar, dissertatsiyalar, referatlar);
ilmiy-ommabop nashrlar — adabiyot, ilm-fan va ilmiy kashfiyotlarni keng omma uchun qulay boʻlgan tilda tasvirlaydigan kitoblar majmui;
oʻquv adabiyotlari — muayyan taʼlim tizimi uchun oʻqitish yoki kadrlarni qayta tayyorlash, muayyan taʼlim muassasasi uchun yoki oʻz-oʻzini tarbiyalash vositasi sifatida yaratilgan adabiyotlar (oʻquv qoʻllanmalari, darsliklar, uslubiy qoʻllanmalar, koʻrgazmali qoʻllanmalar, xrestomatiyalar, misol-masalalar toʻplamlari, praktikumlar, ish daftarlari, oʻquv dasturlari);
ensiklopedik (maʼlumotnoma) nashrlar — turli xil axborotlarni (ilmiy, amaliy va boshqalar) olishga moʻljallangan nashrlar. Ilmiy yoki amaliy xususiyatga ega boʻlgan qisqacha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan, tezkor qidirish uchun qulay tartibda joylashtirilgan va uzluksiz oʻqish uchun moʻljallanmagan nashr;
rasmiy nashrlar — normativ yoki koʻrsatma tariqasidagi materiallarni oʻz ichiga olgan va davlat organlari, muassasalar, idoralar yoki jamoat tashkilotlari nomidan eʼlon qilingan nashrlar (qonunlar, farmonlar, qarorlar va boshqalar);
diniy nashrlar — maʼlum bir dinning falsafasi, tarixi haqidagi va uning axloqiy taʼlimotlarga mos keladigan aqidaviy (kanonik) adabiyotlar, aqidaviy matnlardagi sujetlar va timsollar asosida yaratilgan turli janr va yoʻnalishlardagi nashrlar;
axborot-reklama nashrlari — bukletlar, yoʻl koʻrsatkichlari, reklama materiallaridan iborat boʻlib, mahsulot, xizmat va hodisalar haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan, ularga talabni yaratish uchun eʼtiborni jalb qiladigan nashrlar;
ishlab chiqarishga oid nashrlar — texnologiya, muhandislik va ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, turli malaka mutaxassislariga moʻljallangan davlat amaliyotining boshqa yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan, turli soha ishlab chiqarish texnologiyalariga oid nashrlar;
ishlab chiqarishga oid meʼyoriy nashrlar — ishlab chiqarish faoliyatining turli sohalarida qoidalar va talablarni oʻz ichiga olgan (yoʻriqnomalar, standartlar, texnik reglamentlar, ustavlar, preyskurantlar) rasmiy nashrlar.
2-bob. Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish
5. Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organi oʻn kun ichida yuridik shaxsning rahbari (keyingi oʻrinlarda — Xabardor qiluvchi deb ataladi) tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali xabardor qilinadi.
Davlat xizmatlari markazi va YIDXPning davlat xizmatlaridan foydalanishda, xabardor qiluvchida elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda — ERI) boʻlishi shart.
6. Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish uchun mazkur Nizom 1-ilovaga muvofiq xabarnoma toʻldiriladi.
Noshirlik faoliyatini yuritish uchun avval taqdim etilgan va amal qilish muddati tugamagan litsenziya hujjati boʻlgan yuridik shaxslar vakolatli organni axborot tizimlari orqali oʻz faoliyatini davom ettirayotganligi toʻgʻrisida xabardor qilishlari lozim.
7. Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organi mazkur Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq xabardor qilinadi.
8. Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organi Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli davlat organi oʻrtasida ERIni qoʻllagan holda, maxsus yaratilgan tizim orqali idoralararo xabardor qilinadi.
9. Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organini xabardor qilishda xabardor qiluvchi mazkur Nizomda nazarda tutilgan talablar va shartlarga amal qilishi lozim.
10. Xabardor qiluvchi xabarnomani belgilangan tartibda rasmiylashtirgandan soʻng oʻzining ERIsi bilan tasdiqlaydi.
11. Xabardor qiluvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat qilganda, davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq davlat reyestriga kiritilganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnoma avtomatik tarzda QR-kod qoʻyilgan holda shakllantiriladi.
Xabardor qiluvchi YIDXP orqali murojaat qilganda esa, davlat reyestriga kiritilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani erkin oladi.
12. Nizomga 1-ilovaga muvofiq xabarnomaga toʻliq boʻlmagan yoki notoʻgʻri maʼlumotlar kiritilganda davlat xizmatlarini koʻrsatish avtomatik tarzda rad etilishiga asos boʻladi.
Bunday holda xabardor qiluvchining tegishli bosqichda xabarnomani toʻgʻirlab yoki toʻldirib qayta yuborish imkoniyati mavjud boʻladi.
13. Yuridik shaxsning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, shuningdek, ixtisoslashuvi va joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, xabardor qiluvchi yigirma ish kuni mobaynida tegishli maʼlumotlarni davlat xizmatlari markazlariga taqdim etadi.
Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP elektron tizimi xabardor qiluvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni shu kunning oʻzida davlat reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritish uchun belgilangan tartibda vakolatli davlat organiga avtomatik tarzda yuboradi.
14. Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida vakolatli organni xabardor qilmaslik qonunchilikda belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligiga sabab boʻladi.
15. Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organni xabardor qilish uchun yigʻim va davlat boji undirilmaydi.
3-bob. Xabarnomalarni hisobga olish
16. Vakolatli davlat organi xabarnomalarni hisobga oladi va nashriyotlarning davlat reyestrini yuritadi.
17. Davlat reyestrda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi shart:
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
nashriyotning toʻliq va qisqartirilgan nomi, tashkiliy-huquqiy shakli;
faoliyatini boshlagan sanasi va Reyestr raqami;
nashriyot faoliyatining ixtisoslashuvi;
pochta manzili, telefoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
18. Xabarnoma qabul qilingan kuni vakolatli davlat organining masʼul mansabdor shaxsi tegishli maʼlumotlarni davlat reyestrga kiritilishini taʼminlaydi.
19. Nashriyotlarning davlat reyestri vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli davlat organi oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari ushbu Nizom talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshiradi.
22. Xabardor qiluvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
23. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

_________________

_________________

(sana)

(raqam)

Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida
‎XABARNOMA

I. Xabardor qiluvchi toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Muassisning (toʻliq va qisqartirilgan) nomi:

2. Muassisning tashkiliy-huquqiy shakli:

3. STIR:

4. Noshirlik faoliyatini amalga oshirish joyi (manzili):

5. Pochta (hamda elektron pochta) manzili:

6. Telefon raqami:

7. Yuridik shaxs rahbarining shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari (pasport raqami, seriyasi, JSh ShIR):

II. Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Ixtisoslashuvi:

2. Masʼul muharrirning F.I.O.:

3. Masʼul muharrirning maʼlumoti (diplom raqami, sanasi va mutaxassisligi)

4. Moddiy-texnik uskunalar haqida maʼlumot (turi va soni):

Xabardor qiluvchining elektron raqamli imzosi

Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari


1-bosqich

Xabardor qiluvchi

Noshirlik faoliyatini tashkil etish va vakolatli davlat organini xabardor qilish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat qilish yoki YIDXPda roʻyxatdan oʻtish.

Xohishiga koʻra


2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi va xabardor qiluvchi

1. Davlat xizmatlari markazi xodimi vakolatli davlat organiga yuborish uchun xabarnomani toʻldiradi va xabardor qiluvchi xabarnomani tasdiqlaydi.

1. 10 daqiqa mobaynida

2. YIDXP

2. YIDXP orqali roʻyxatdan oʻtgan holda, vakolatli davlat organini xabardor qilish maqsadida avtomatik tarzda xabardor qiluvchi xabarnomani toʻldiradi va tasdiqlaydi.

2. Avtomatik tarzda


3-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

1. Davlat xizmatlari markazi xodimi vakolatli davlat organiga xabarnomani yuboradi.

1. 10 daqiqa mobaynida

2. YIDXP

2. Xabarnoma YIDXP orqali avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi

2. Avtomatik tarzda


4-bosqich

Vakolatli davlat organi

Vakolatli davlat organi xodimi xabarnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarni davlat reyestriga kiritadi.

Xabarnomani olgan kuni


5-bosqich

Vakolatli davlat organi

Xabardor qiluvchining xabarnomasi qabul qilinganligi toʻgʻrisida tasdiqnomani Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP markaziga yuboradi.

Xabarnomani olgan kuni


6-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

1. Davlat xizmatlari markazi tasdiqnomani xabardor qiluvchining elektron manziliga yuboradi va bu haqda xabardor qiluvchini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

1. 10 daqiqa mobaynida

2. YIDXP

2. Tasdiqnomani YIDXP orqali elektron shaklda oladi.

2. Avtomatik tarzda

Noshirlik faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

�oshirlik faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat
‎organini xabardor qilgani toʻgʻrisida
‎TASDIQNOMA

Xabardor qiluvchi yuridik shaxsning nomi: ______________________

Noshirlik faoliyatining ixtisoslashuvi: _____________________

STIR:____________________

Manzil: ___________________

Xabarnoma qabul qilingan sana:____________________

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-iyundagi 401-son qaroriga
2-ILOVA
Matbaa faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan matbaa faoliyatini boshlagani haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot va ommaviy kommunikatsiyalar hududiy boshqarmalarini (keyingi oʻrinlarda — vakolatli davlat organi) xabardor qilish tartibini belgilaydi.
Jismoniy shaxslar matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishlari lozim.
2. Matbaa faoliyati bosma mahsulotlarning qoliplarini (bosma shakllarini) tayyorlash, shu jumladan muhr va shtamplarni yasash, chop etish, muqovalash va chop etishdan keyingi jarayonlardir. Mazkur jarayonlarning barchasi yoki alohida jarayoni ham matbaa faoliyati hisoblanadi.
3. Matbaa faoliyatining ixtisoslashuvi:
bosma mahsulotlarning qoliplarini tayyorlash — chop etishgacha boʻlgan jarayon boʻlib, matn va tasvirlar asosida ofset, trafaret yoki shoyitrafaret, flekso, yuqori bosma, chuqur bosma, termo bosma va chuqur bosma usullarida chop etish uchun bosma qoliplarni tayyorlash;
ofset usulida chop etish — matbaa faoliyatida asosan koʻp adadli (tiraj) matbaa mahsulotlarini tayyorlashda foydalaniladigan jarayon boʻlib, matn va tasvirlarni foto qoliplardan qogʻozga oʻtkazib chop etish usuli;
flekso usulida chop etish — fotopolimer xom-ashyo yoki yumshoq rezinadan relyefli chop etish qolipi va suyuq boʻyoqlar bilan chop etish usuli boʻlib, qogʻoz, polietilen va shu turdagi boshqa materiallarga matn va tasvirlarni tushirish jarayoni;
bosma qoliplarsiz chop etish — raqamli chop etish texnologiyalari yordamida matn va tasvirlarni qogʻoz, polietilen va boshqa materiallarga chop etish usuli;
trafaret yoki shoyitrafaret usulida chop etish — fotomexanik usulda yoki qoʻlda tayyorlangan trafaretdan turli materiallarga yoki tayyor sanoat mahsulotlariga matn yoki tasvirlar aksini tushirish;
brayl usulida chop etish — olti nuqta kombinatsiyasiga asoslangan boʻrtma nuqta hamda boʻrtma relyef asosida koʻzi ojizlar uchun matn va tasvirlarni chop etish usuli;
tayyor mahsulotlar va materiallarga bosish — tayyor sanoat mahsulotlari va materiallarga matn va tasvirni qizdirish yoki elastik bosma element orqali bosish;
chop etishdan keyingi jarayonlar va muqovalash — buklash va saralash, tikish, kesish va shakl berib kesish, yelimlash, laminatsiyalash, laklash, muqovani tayyorlash, muqovalash va boshqa jarayonlar.
4. Ushbu Nizom nusxa koʻchirish, dizaynerlik va fotostudiya xizmati, matn terish, original maket tayyorlash faoliyatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-bob. Matbaa faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish
5. Matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organi oʻn kun ichida yuridik shaxsning rahbari yoki yakka tartibdagi tadbirkor (keyingi oʻrinlarda — xabardor qiluvchi) tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali xabardor qilinadi.
Davlat xizmatlari markazi va YIDXPning davlat xizmatlaridan foydalanishda, xabardor qiluvchida elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda — ERI) boʻlishi shart.
6. Matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organi xabardor qilish uchun mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq xabarnoma toʻldiriladi.
7. Matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organi mazkur Nizomga 2-ilovasidagi sxemaga muvofiq xabardor qilinadi.
8. Matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organi davlat xizmatlari markazlari va vakolatli davlat organi oʻrtasida majburiy tartibda ERIni qoʻllagan holda, maxsus yaratilgan tizim orqali idoralararo xabardor qilinadi.
9. Matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organini xabardor qilishda xabardor qiluvchi mazkur Nizomda nazarda tutilgan talablar va shartlarga amal qilishi lozim.
10. Xabarnomaga matbaa korxonasida oʻrnatilgan yoki oʻrnatilishga moʻljallangan 3-ilovaga muvofiq shaklda matbaa uskunalarining roʻyxati ilova qilinadi.
11. Xabardor qiluvchi xabarnomani belgilangan tartibda rasmiylashtirgandan soʻng oʻz ERIsi bilan tasdiqlaydi.
12. Xabardor qiluvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat qilganda, davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq davlat reyestriga kiritilganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma avtomatik tarzda QR-kod qoʻyilgan holda shakllantiriladi.
Xabardor qiluvchi YIDXP orqali murojaat qilganda esa, tasdiqnomani erkin oladi.
13. Nizomga 1-ilovaga muvofiq xabarnomada toʻliq boʻlmagan yoki notoʻgʻri maʼlumotlar kiritilganda, davlat xizmatlarini koʻrsatish avtomatik tarzda rad etilishiga asos boʻladi.
Bunday holda xabardor qiluvchining tegishli bosqichda xabarnomani toʻgʻirlab yoki toʻldirib qayta yuborish imkoniyati mavjud boʻladi.
14. Matbaa faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxsning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, shuningdek, matbaa faoliyatining turlari va joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda xabardor etuvchi yigirma ish kuni muddatda tegishli maʼlumotlarni davlat xizmatlari markazlariga taqdim etadi.
Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP elektron tizimi xabardor qiluvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni shu kunning oʻzida davlat reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritish uchun belgilangan tartibda vakolatli davlat organiga avtomatik tarzda yuboradi.
15. Matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli organni xabardor qilmaslik qonunchilikda belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligiga sabab boʻladi.
16. Matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish uchun davlat boji undirilmaydi.
3-bob. Yagona davlat reyestrini yuritish tartibi
17. Vakolatli davlat organi matbaa faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning davlat reyestrini yuritadi.
18. Davlat reyestrida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi shart:
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
matbaa korxonasining toʻliq va qisqartirilgan nomi, tashkiliy-huquqiy shakli;
faoliyatini boshlagan sanasi va Reyestr raqami;
matbaa korxonasining ixtisoslashuvi;
pochta manzili, telefoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
19. Matbaa faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning davlat reyestri vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maxfiy maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari ushbu Nizom talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati yuzasidan doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
22. Xabardor qiluvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
23. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Matbaa faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

_________________

_________________

(sana)

(raqam)

Matbaa faoliyatini boshlagani haqida
‎XABARNOMA

I. Xabardor qiluvchi toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Muassisning (toʻliq va qisqartirilgan) nomi:

2. Muassisning tashkiliy-huquqiy shakli:

3. STIR:

4. Faoliyatini amalga oshirish joyi (manzili):

5. Pochta (hamda elektron pochta) manzili:

6. Telefon raqami:

7. Rahbarining shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari (pasport raqami, seriyasi, JSh ShIR):

II. Matbaa korxonasi toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Matbaa faoliyatining ixtisoslashuvi:

2. Faoliyat olib borilayotgan manzilning mulk huquqi yoki ijara asosida faoliyat yuritayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot:

Xabardor qiluvchining elektron raqamli imzosi

Matbaa faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Matbaa faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari


1-bosqich

Xabardor qiluvchi

Matbaa faoliyatini tashkil etish va vakolatli davlat organini xabardor qilish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat qilish yoki YIDXPda roʻyxatdan oʻtish.

Xohishiga koʻra


2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi va xabardor qiluvchi



1. Davlat xizmatlari markazi xodimi vakolatli davlat organiga yuborish uchun xabarnomani toʻldiradi va xabardor qiluvchi xabarnomani tasdiqlaydi.

1. 10 daqiqa mobaynida

2. YIDXP

2. YIDXP orqali roʻyxatdan oʻtgan holda vakolatli davlat organini xabardor qilish maqsadida avtomatik tarzda xabardor etuvchi xabarnomani toʻldiradi va tasdiqlaydi.

2. Avtomatik tarzda


3-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

1. Davlat xizmatlari markazi xodimi vakolatli davlat organiga xabarnomani yuboradi.

1. 10 daqiqa mobaynida

2. YIDXP

2. Xabarnoma YIDXP orqali avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi

2. Avtomatik tarzda


4-bosqich

Vakolatli davlat organi

Vakolatli davlat organi xodimi xabarnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarni davlat reyestriga kiritadi.

Xabarnomani olgan kuni


5-bosqich

Vakolatli davlat organi

Xabardor qiluvchining xabarnomasi qabul qilinganligi toʻgʻrisida tasdiqnomani Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP markaziga yuboradi.

Xabarnomani olgan kuni


6-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

1. Davlat xizmatlari markazi tasdiqnomani xabardor qiluvchining elektron manziliga yuboradi va bu haqda xabardor qiluvchini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

1. 10 daqiqa mobaynida

2. YIDXP

2. Tasdiqnomani YIDXP orqali elektron shaklda oladi.

2. Avtomatik tarzda

Matbaa faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

“---------------------------” korxonada mavjud boʻlgan uskunalar roʻyxati

T/r‎‎

Uskunalar nomi

‎‎Qayerda ishlab chiqarilgan

Ishlab chiqarilgan yili

Ishlab chiqarish quvvati

(Xususiy/ijara)

Soni

Matbaa faoliyatini boshlagani haqida xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalari

��

Matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat
‎organini xabardor qilgani toʻgʻrisida
‎‎TASDIQNOMA

Xabardor qiluvchi yuridik shaxs yoki YTT nomi: ______________________

Matbaa korxonasining ixtisoslashuvi: _____________________

Faoliyatni amalga oshirish manzili: ___________________
STIR:____________________

Xabarnoma qabul qilingan sana:____________________

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.06.2020-y., 09/20/401/0798-son)