Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat hududida bir joydan ikkinchi joyga koʻchish borasidagi huquq va erkinliklarini taʼminlash kafolatlarini mustahkamlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
3. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) tugʻilgan bolaga fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnomani rasmiylashtirish chogʻida otasi yoki onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan manziliga idoralararo elektron hamkorlik orqali maʼlumotlarni kiritish yoʻli bilan uni doimiy yashash joyi boʻyicha davlat boji undirmagan holda roʻyxatga olish tartibi joriy qilinadi;
(3-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-75-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining muayyan hududida yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tegishincha ushbu hududning boshqa manzilida istiqomat qilsa, turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi shart emas va u pasport tizimi qoidalarini buzgan deb hisoblanmaydi.
(3-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
4. “Manzil” tizimining “yagona darcha” tamoyili asosida toʻliq ishlashini taʼminlash maqsadida:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
2020-yil 1-avgustga qadar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini onlayn tarzda harbiy hisobga olish va hisobdan chiqarish tizimini joriy qilsin;
2021-yil 1-yanvarga qadar harbiy hisob hujjatlarini avtomatlashtirish maqsadida kartoteka maʼlumotlarini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga bogʻlagan holda raqamlashtirish choralarini koʻrsin;
mazkur Farmonning 2-bandi “b” kichik bandida belgilangan muddatlardan kelib chiqqan holda, “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va maʼlumotlar bazasi” avtomatlashtirilgan axborot tizimini Ichki ishlar vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda “Manzil” va “Xorijga chiqish pasporti” axborot tizimlari bilan integratsiya qilsin;
harbiy hisob hujjatlarini, harbiy xizmatga majbur fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hududiy mudofaa ishlari boʻlimlariga real vaqt rejimida elektron tizim orqali yuborish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi maʼlumotlar bazasi bilan idoralararo elektron hamkorlikni yoʻlga qoʻysin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-avgustga qadar “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yagona elektron arxivi” axborot tizimini “Manzil” tizimiga integratsiya qilsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 2020-yil 1-sentabrga qadar voyaga yetmaganlarni tugʻilganlik haqida guvohnomasi maʼlumotlariga hamda voyaga yetganlarni jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga bogʻlagan holda vasiylik va homiylikni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron bazasini yaratsin va uni Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda “Manzil” tizimiga integratsiya qilsin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda “Manzil” tizimiga integratsiya qilsin;
Oldingi tahrirga qarang.
g1) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2021-yil 1-sentabrga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda “Manzil” tizimiga integratsiya qilsin;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-avgustdagi PF-6277-sonli Farmoniga asosan “g1” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2021-y., 06/21/6277/0788-son — 2021-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi)
d) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda hisobga olingan ijara shartnomalari boʻyicha ijarachi va uy egasining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami hamda koʻchmas mulkning kadastr raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish maqsadida “Soliq” axborot tizimlari kompleksini “Manzil” tizimiga integratsiya qilsin;
e) Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi mazkur Farmonning 2-bandi “b” kichik bandida belgilangan muddatlardan kelib chiqqan holda:
idoralararo elektron hamkorlik tizimi asosida “Manzil” tizimiga koʻchmas mulk egasi yoki uning yuridik manzili oʻzgarganda, koʻchmas mulk obyektlarining manzillari yagona reyestridan oʻzgargan maʼlumotlarning taqdim etilishini;
koʻchmas mulk egasi boʻlgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami mavjud boʻlmaganda, “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalanib va axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda, uni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi hamda Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlar bazasidan olishni yoʻlga qoʻysin;
j) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda aholiga taqdim etilayotgan elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish doirasida elektron raqamli imzo oʻrniga shaxsni tasdiqlashning muqobil shakllarini, shu jumladan mobil aloqa telefon raqamlari orqali shaxsni tasdiqlashning qoʻshimcha imkoniyatlarini yaratishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini kiritsin;
mazkur Farmonning 2-bandi “b” kichik bandida belgilangan muddatlardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish ishlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratsin.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUK bilan birgalikda 2020-yil 1-avgustgacha Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish bilan bogʻliq jarayonlarni amalga oshirish maqsadida tegishli axborot tizimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Mudofaa vazirligining murojaatiga muvofiq 2021-yil 1-yanvarga qadar Mudofaa vazirligining “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va maʼlumotlar bazasi” tizimini joriy etish uchun tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlarining belgilangan tartibda Elektron hukumatning idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishda davlat xizmatlarining avtomatik tarzda koʻrsatilishi uchun tegishli idoralarga xabarnoma yuborilishini tashkillashtirsin;
doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olishni talab etadigan barcha davlat xizmatlari hamda boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinish orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi mazkur Farmonning 2-bandi “b” kichik bandida belgilangan muddatlardan kelib chiqqan holda Oliy sud axborot tizimini Ichki ishlar vazirligining “Manzil” tizimi bilan integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
a) 2021-yil 1-yanvarga qadar shaxsning jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganligi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar bazasini yuritish tizimini yoʻlga qoʻysin va ichki ishlar organlari tizimida mavjud hujjatlar va maʼlumotlarni fuqarolardan talab qilmaslik boʻyicha choralar koʻrsin;
b) bir oy muddatda ushbu Farmonning ijrosi yuzasidan fuqarolardan kelib tushadigan murojaatlar asosida tizimli monitoring olib borish maqsadida oʻz veb-saytida tushgan murojaatlarning mazmuni barchaga ochiq boʻlgan va ularni muhokama etish imkonini beradigan maxsus sahifaning ishga tushirilishini taʼminlasin hamda zarurat boʻlganda idoralararo maʼlumot almashinuvi tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirib borsin;
v) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibining isloh etilishi hamda yaratilayotgan elektron tizim imkoniyatlaridan kelib chiqib, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va chet el fuqarolari uchun belgilangan tartibotlarni takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
g) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
pasport rejimini buzish holatlarini aniqlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
9. Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomni tasdiqlasin;
bir oy muddatda ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirishlarni qonun hujjatlariga kiritish choralarini koʻrsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-aprel,
PF-5984-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2020-y., 06/20/5984/0483-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2021-y., 06/21/6277/0788-son; 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)