Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarda gender tenglikni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan faoliyatning tegishli yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha amaliy seminarlarni muntazam tashkil etsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-mart,
192-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-martdagi 192-son qaroriga
ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
gender-huquqiy ekspertiza — normativ-huquqiy hujjatlarni hamda ularning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish;
yuridik xizmat — davlat organi va tashkiloti faoliyatini huquqiy taʼminlash maqsadida qonunchilikda belgilangan meʼyor va mezonlarga muvofiq majburiy tartibda tashkil etiladigan yoki joriy qilinadigan mustaqil tarkibiy tuzilma yoxud lavozim;
jins boʻyicha bevosita kamsitish — jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari hamda erkinliklarini tan olmaslikka qaratilgan har qanday tarzda farqlash, istisno etish yoki cheklash, shu jumladan oilaviy holati, homiladorligi, oilaviy majburiyatlari tufayli kamsitish, shuningdek, shahvoniy shilqimlik qilish, teng mehnat va malaka uchun har xil haq toʻlash;
jins boʻyicha bilvosita kamsitish — bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qoʻyadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, taʼlim, madaniyat orqali targʻib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan shart-sharoitlar yoxud talablarni belgilash;
adliya organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, tuman (shahar) adliya boʻlimlari.
3. Jinsiy mansubligidan qatʼi nazar, shaxslarning huquqlari, majburiyatlari, imkoniyatlari va javobgarliklarini belgilashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nomutanosibliklarni bartaraf etish maqsadida jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalari, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan sohalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi.
4. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizasi:
jins boʻyicha bevosita va bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjatni yoki uning loyihasini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash prinsiplariga (keyingi oʻrinlarda — gender tenglik prinsiplari) muvofiq emasligini aniqlashga;
jinsi boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini qabul qilish oqibatlarini umumiy baholashga;
normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllash jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan va kamsitish xususiyatiga ega xavflarni aniqlashga;
jinsi boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga yoʻl qoʻyadigan va aniqlangan normalarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgandir.
5. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari gender-huquqiy ekspertizasining vazifalari quyidagilardan iborat:
gender sohasidagi normativ-huquqiy tartibga solish bilan bogʻliq hamda qabul qilinadigan qarorlarning asosliligini va ishonchliligini taʼminlovchi obyektiv faktlarni belgilash;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari qabul qilinishining yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarini inson huquqlari va gender tenglikka rioya etish, shuningdek, amalda qoʻllash mexanizmlarini kafolatlash va taʼminlash nuqtai nazaridan tahlil qilish va baholash;
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalaridagi qoidalarning gender tenglik prinsiplariga salbiy taʼsirining oldini olish (ogohlantirish);
gender tenglikni taʼminlash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
gender-huquqiy ekspertiza sohasida maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni tushuntirish.
6. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizasi quyidagi asosiy prinsiplarni hisobga olgan holda oʻtkaziladi:
gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazishning majburiyligi — jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini hech qanday mustasnosiz gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish;
qonuniylik — normativ-huquqiy hujjatlar normalari va ularning loyihalarining qoidalarini yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligini taʼminlash;
mustaqillik — gender-huquqiy ekspertizani loyiha ishlab chiquvchi tarkibiy boʻlinma boʻysunuvida boʻlmagan va bevosita normativ-huquqiy hujjat loyihasining ishlab chiqilishida qatnashmagan ekspertlar tomonidan oʻtkazish;
xolislik — gender-huquqiy ekspertizani xolis, qonunchilik, nazariy va amaliy asosga tayanib, tegishli mutaxassislik doirasida har tomonlama va toʻliq oʻtkazish;
komplekslik — ekspert tomonidan gender-huquqiy ekspertizani normativ-huquqiy hujjat va uning loyihasining barcha qismlarini hisobga olgan holda oʻtkazish.
2-bob. Normativ-huquqiy hujjatlarning gender-huquqiy ekspertizasi
7. Normativ-huquqiy hujjatlarning gender-huquqiy ekspertizasi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari) takliflariga asosan ishlab chiqiladigan va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan har uch yilda bir marotaba yilning I choragida tasdiqlanadigan normativ-huquqiy hujjatlarning gender-huquqiy ekspertizasini oʻtkazish rejasiga (keyingi oʻrinlarda — reja) muvofiq davlat organlari tomonidan ular faoliyatining tegishli yoʻnalishlari asosida ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha oʻtkaziladi.
Davlat organlari tomonidan ular faoliyatining tegishli yoʻnalishlari boʻyicha rejaga kiritilmagan normativ-huquqiy hujjatlarda gender tenglik prinsiplariga muvofiq boʻlmagan qoidalar aniqlangan taqdirda, ushbu nomuvofiqlik bartaraf etilishi uchun gender-huquqiy ekspertiza belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi reja loyihasini shakllantirish maqsadida davlat organlariga oʻz takliflarini taqdim etishlari uchun soʻrov yuboradi.
Davlat organlari soʻrovda koʻrsatilgan muddatlarda gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun oʻz faoliyatining tegishli yoʻnalishlari boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxatini birinchi rahbar (istisno hollarda — uning birinchi oʻrinbosari) imzosi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etadi.
9. Reja loyihasiga davlat organlarining takliflari bilan birgalikda Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllash amaliyotining tahlili asosida ishlab chiqilgan takliflari ham kiritilishi mumkin.
Ishlab chiqilgan reja loyihasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanishidan oldin Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) bilan kelishilishi zarur.
10. Rejani ishlab chiqishda davlat organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi quyidagilardan foydalanishi mumkin:
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
jamoatchilik nazorati subyektlarining taklif va tavsiyalari;
ommaviy axborot vositalarida chop etilgan nashrlar va boshqa materiallarni oʻrganish natijalari.
11. Rejada quyidagilar aks ettiriladi:
gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar nomi;
gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazish uchun masʼul davlat organi;
gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazish muddati.
12. Davlat organlari normativ-huquqiy hujjatlarning gender-huquqiy ekspertizasini rejada belgilangan muddatlarda va mazkur Nizomning 4-bobida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkazadi.
13. Gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning gender tenglik prinsiplariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi yuzasidan tayyorlangan tahliliy axborot va takliflarni oʻz ichiga olgan xulosa davlat organlari tomonidan rejada belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Davlat organlarining gender-huquqiy ekspertiza natijalari boʻyicha xulosasida normativ-huquqiy hujjat normalari aynan qaysi qonunchilik hujjatlariga yoki gender tenglik prinsiplariga nomuvofiq ekanligi va zarurat boʻlganda, misollar va tegishli sohada huquqni qoʻllash amaliyotining tahlili natijalari bilan mustahkamlangan holda, bu nomuvofiqlik nimada ifodalanganligi aks ettirilishi lozim.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
15. Davlat organlarining gender-huquqiy ekspertiza natijalari ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi gender-huquqiy ekspertiza xulosasida aks ettiriladi va tegishli birinchi rahbar (istisno hollarda — uning birinchi oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
Davlat organlari tomonidan oʻtkazilgan gender-huquqiy ekspertiza natijalari boʻyicha qabul qilingan xulosaning sifati uchun uni ishlab chiquvchi davlat organi javobgar hisoblanadi.
Davlat organlarining gender-huquqiy ekspertiza natijalari boʻyicha xulosasida keltirilgan taklif va eʼtirozlar tavsiyaviy xususiyatga ega.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat organlari tomonidan taqdim etilgan xulosalarni bir oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatda gender tenglik prinsiplariga nomuvofiqligi nuqtai nazaridan oʻrganadi va uning natijalariga koʻra xulosalarni maqsadga muvofiq yoki maqsadga muvofiq emas deb topadi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlardagi gender tenglik prinsiplariga muvofiq boʻlmagan qoidalar boʻyicha tayyorlangan umumlashtirilgan xulosalarni koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun Komissiyaga rejada belgilangan muddatlarda taqdim etadi.
18. Taqdim etilgan umumlashtirilgan xulosalarning tahlili asosida tegishli normativ-huquqiy hujjatda gender tenglik prinsiplariga muvofiq boʻlmagan qoidalar mavjud deb topilgan hollarda, ularni bartaraf etish maqsadida Komissiya mazkur normativ-huquqiy hujjatni bajarish va uni qoʻllash uchun masʼul boʻlgan davlat organlariga tegishli normativ-huquqiy hujjatni qayta koʻrib chiqish hamda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha aniq muddatini koʻrsatgan holda topshiriq berish huquqiga ega.
3-bob. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi
19. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining (keyingi oʻrinlarda — loyiha) gender-huquqiy ekspertizasi ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha ishlab chiquvchi va huquqiy ekspertiza doirasida adliya organlari tomonidan oʻtkaziladi.
20. Ishlab chiquvchi tomonidan loyihaning gender-huquqiy ekspertizasini oʻtkazish natijalari tegishli loyiha boʻyicha yuridik xizmatning huquqiy xulosasida aks ettiriladi.
Loyiha gender tenglik prinsiplariga nomuvofiq boʻlsa, yuridik xizmat loyihani tegishli eʼtirozlar bilan qayta ishlash uchun loyihani ishlab chiqish boʻyicha masʼul boʻlgan ishlab chiquvchining tarkibiy boʻlinmasiga qaytaradi.
21. Loyiha yuridik xizmat tomonidan gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazilganidan keyin birinchi rahbar (istisno hollarda — uning birinchi oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi va belgilangan tartibda manfaatdor organlar va tashkilotlarga kelishish uchun yuboriladi.
Kelishish jarayonida manfaatdor organlar va tashkilotlar loyihani gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazishi va shu boʻyicha oʻzlarining taklif va eʼtirozlarini ishlab chiquvchiga bildirishi mumkin.
22. Barcha manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan kelishilgandan soʻng ishlab chiquvchi loyihani adliya organlariga huquqiy ekspertizadan va uning doirasida gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun yuboradi.
Loyihani huquqiy ekspertizadan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasining Reglamentlari hamda boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi.
23. Adliya organlari loyihaning huquqiy ekspertizasi doirasida uni gender tenglik prinsiplariga muvofiqligi va jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish holatlari vujudga kelishiga shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash yuzasidan hamda mazkur Nizomning 4-bobida belgilangan talablarga muvofiq gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi.
24. Adliya organlari tomonidan loyihani gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish natijalari huquqiy ekspertiza boʻyicha tegishli xulosada aks ettiriladi, unda gender tenglik prinsiplariga muvofiq boʻlmagan normalarning mavjudligi toʻgʻrisida asoslantirilgan maʼlumot beriladi va loyihani qayta ishlash zarurligi toʻgʻrisida takliflar yoki bunday normalar yoʻqligi koʻrsatiladi.
25. Loyihalarning gender-huquqiy ekspertizasi natijalari boʻyicha bildirilgan eʼtirozlar majburiy tusga ega va bartaraf etilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarda gender tenglik prinsiplariga muvofiq boʻlmagan qoidalarning aniqlanishi qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazishning talablari
27. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari gender-huquqiy ekspertizadan quyidagi talablar asosida oʻtkaziladi:
Oldingi tahrirga qarang.
normativ-huquqiy hujjatlar normalari va qoidalarini hamda ularning loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, qonunda belgilangan tartibda kuchga kirgan xalqaro shartnomalar hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalarini tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlari normalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan gender tahlildan oʻtkazish;
(27-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
normativ-huquqiy hujjatlar normalari va qoidalari hamda ularning loyihalarining gender tenglik prinsiplarining har bir tarkibiy qismi (teng huquqlar, teng javobgarlik, teng imkoniyatlar, teng majburiyatlari) bilan oʻzaro muvofiqligini taʼminlash. Bunda siyosiy, iqtisodiy, mehnat va boshqa ijtimoiy munosabatlarda amaldagi tenglikka erishishga qaratilgan, biroq jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish hisoblanmaydigan normalar va vaqtincha maxsus choralarni inobatga olish lozim;
tahlil qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarida qoʻllaniladigan atamalarning toʻgʻri maʼnoda ishlatilishini tekshirish.
28. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender tahlili quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari qabul qilinishi natijasida har xil jinsdagi shaxslar uchun turli oqibatlarni keltirib chiqaruvchi qoidalarni aniqlash va tartibga solish sohasini oldindan tahlil qilish;
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini qabul qilish natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan uzoq muddatli oqibatlarni baholash;
tegishli tavsiyalarni ishlab chiqish.
29. Gender tahlil oʻtkazish davomida tegishli hujjat bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar sohasida kamsitilish holatidagi jinslardan birini qoʻllab-quvvatlash uchun gender siyosati amalga oshirilishini taʼminlashga doir vaqtincha maxsus choralarni belgilovchi normalarni loyihalarga hamda tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalarni amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga kiritish imkoniyatini aniqlash zarur.
30. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda quyidagilarga eʼtibor qaratish lozim:
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarining gender tenglikka erishish sohasidagi davlat siyosatiga mosligi;
mamlakatdagi joriy gender holat, loyiha qoidalarining xotin-qizlar va erkaklarning turli ijtimoiy-iqtisodiy holati va roliga taʼsiri.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazishda davlat organlari ilmiy-taʼlim muassasalari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini, shuningdek, fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilishga haqli. Ushbu tadbirlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5-bob. Gender-huquqiy ekspertiza oʻtkazilayotganda qoʻllaniladigan axborot
32. Gender-huquqiy ekspertiza oʻtkazilayotganda ham rasmiy, ham norasmiy axborotdan foydalaniladi.
33. Rasmiy axborotga quyidagilar kiradi:
normativ-huquqiy hujjatlar;
xalqaro shartnomalar;
rasmiy nashrlar, jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻining rasmiy resurslari;
statistik maʼlumot va hisobotlar;
sud amaliyoti.
34. Norasmiy axborotga quyidagilar kiradi:
ommaviy axborot vositalarining xabarlari;
ilmiy nashrlar;
Internet jahon axborot tarmogʻining norasmiy resurslari.
6-bob. Gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazuvchi ekspertning huquq va majburiyatlari
35. Gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazadigan ekspert:
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazadigan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari predmetiga taalluqli boʻlgan hujjatlar bilan tanishish;
(35-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish;
gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari normalarini aniqlashtirish va ular boʻyicha tegishli tushuntirishlarni olish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Ekspert qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(35-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
36. Gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazadigan ekspert:
Oldingi tahrirga qarang.
gender-huquqiy ekspertizani tashkil etish va oʻtkazishning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan talablariga rioya qilish;
(36-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
oʻzini oʻzi rad etish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, bu haqda oʻzining rahbariga darhol maʼlum qilish;
gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazish munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlarni oshkor qilmaslik;
taqdim etilgan hujjatlarning saqlanishini taʼminlashga majbur.
Oldingi tahrirga qarang.
Ekspert qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
(36-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7-bob. Yakunlovchi qoida
37. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlarni gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibining
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati


1-bosqich

Adliya vazirligi

Normativ-huquqiy hujjatlarning gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish reja (keyingi oʻrinlarda reja) loyihasini shakllantirish maqsadida davlat organlariga oʻz takliflarini taqdim etishlari uchun soʻrov yuboradi.

Reja loyihasini shakllantirishdan oldin


2-bosqich

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar

Davlat organlari gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun oʻz faoliyatining tegishli yoʻnalishlari boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxatini birinchi rahbar (istisno hollarda uning birinchi oʻrinbosari) imzosi bilan Adliya vazirligiga taqdim etadi.

Adliya vazirligi

soʻroviga asosan unda koʻrsatilgan muddatlarda


3-bosqich

Adliya vazirligi

1. Davlat organlari tomonidan berilgan takliflarni umumlashtiradi.

2. Reja loyihasiga normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllash amaliyotini tahlili asosida ishlab chiqilgan takliflarni kiritishi mumkin.

3. Reja loyihasini tasdiqlashdan oldin Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash boʻyicha komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Komissiya) kelishish uchun taqdim etadi.

4. Rejani tasdiqlaydi.

Har uch yilda bir marotaba yilning
I choragida


4-bosqich

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar

1. Rejada belgilangan normativ-huquqiy hujjatlarni gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi.

2. Gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning gender tenglik prinsiplariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi yuzasidan tayyorlangan tahliliy axborot va takliflarni oʻz ichiga olgan xulosani Adliya vazirligiga taqdim etadi.

Rejada belgilangan muddatlarda


5-bosqich

Adliya vazirligi

1. Davlat organlari tomonidan taqdim etilgan xulosalarni tegishli normativ-huquqiy hujjatda gender tenglik prinsiplariga nomuvofiqligi nuqtai nazaridan oʻrganadi.

2. Oʻrganish natijalariga koʻra, xulosalarni maqsadga muvofiq yoki maqsadga muvofiq emas deb topadi.

Bir oy muddatda


6-bosqich

Adliya vazirligi

Normativ-huquqiy hujjatlardagi gender tenglik prinsiplariga muvofiq boʻlmagan qoidalar boʻyicha tayyorlangan va umumlashtirilgan xulosalarni koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun Komissiyaga taqdim etadi.

Rejada

belgilangan muddatda


7-bosqich

Komissiya

Umumlashtirilgan xulosalarning tahlili asosida tegishli normativ-huquqiy hujjatda gender tenglik prinsiplariga muvofiq boʻlmagan qoidalar mavjud deb topilgan hollarda, ularni bartaraf etish maqsadida mazkur normativ-huquqiy hujjatni bajarish va qoʻllash uchun masʼul boʻlgan davlat organlariga tegishli normativ-huquqiy hujjatni qayta koʻrib chiqish hamda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha aniq muddatini koʻrsatgan holda topshiriq berish huquqiga ega.

Zaruratga koʻra

Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNING GENDER-HUQUQIY
‎EKSPERTIZASI
‎ XULOSASI


____________-son

‎‎1. Normativ-huquqiy hujjat turi.
‎___________________________________________________________________________________________
‎2. Normativ-huquqiy hujjat nomi va rekvizitlari.
‎___________________________________________________________________________________________
‎3. Gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazuvchi davlat organi.
‎___________________________________________________________________________________________
‎4. Gender-huquqiy ekspertizani oʻtkazish uchun asos.
‎___________________________________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________________________________
‎5. Normativ-huquqiy hujjatda aniqlangan gender tenglik prinsiplariga muvofiq boʻlmagan qoidalar va ularni bartaraf etish uchun tayyorlangan takliflar.*
‎___________________________________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________________________________
‎___________________________________________________________________________________________
Rahbar‎

________________

20___ yil “_____” _______________‎‎

( imzo )‎

Oldingi tahrirga qarang.
* Xulosada normativ-huquqiy hujjat normalari aynan qaysi qonunchilik hujjatlariga yoki gender tenglik prinsiplariga nomuvofiq ekanligi masalalari qayd etiladi. Zarurat boʻlganda, misollar va tegishli sohada huquqni qoʻllash amaliyotining tahliliy natijalari aks ettirilishi lozim.
(izoh Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati


1-bosqich

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar (ishlab chiquvchi)

1. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish natijalari tegishli loyiha boʻyicha yuridik xizmatning huquqiy xulosasida aks ettiriladi.

2. Loyiha gender tenglik prinsiplariga nomuvofiq boʻlsa, yuridik xizmat loyihani tegishli eʼtirozlar bilan qayta ishlash uchun masʼul boʻlgan tegishli tarkibiy boʻlinmaga qaytaradi.

Zaruratga koʻra


2-bosqich

Ishlab chiquvchi

Loyiha yuridik xizmat tomonidan gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazilganidan keyin birinchi rahbar (istisno hollarda — uning birinchi oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi va belgilangan tartibda manfaatdor organlar va tashkilotlarga kelishish uchun yuboriladi.

Loyiha boʻyicha yuridik xizmatning huquqiy xulosasi olingandan keyin


3-bosqich

Manfaatdor organlar va tashkilotlar

Kelishish jarayonida loyihani gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazishi va shu boʻyicha oʻzlarining taklif va eʼtirozlarini ishlab chiquvchiga bildirishlari mumkin.

Zaruratga koʻra


4-bosqich

Ishlab chiquvchi

Adliya organlariga huquqiy ekspertizadan va uning doirasida gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun yuboradi.

Manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan kelishilgandan soʻng


5-bosqich

Adliya organlari

1. Loyihani huquqiy ekspertiza doirasida uning gender tengligi prinsiplariga muvofiqligi va jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish holatlari vujudga kelishiga shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash yuzasidan gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi.

2. Loyihani gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish natijalari huquqiy ekspertiza boʻyicha tegishli xulosada aks ettiriladi, unda gender tenglik prinsiplariga muvofiq boʻlmagan normalarning mavjudligi toʻgʻrisida asoslantirilgan maʼlumot beriladi va loyihani qayta ishlash zarurligi toʻgʻrisida takliflar yoki bunday normalar yoʻqligi koʻrsatiladi.

Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining reglamentlarida hamda boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlarda

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.03.2020-y., 09/20/192/0386-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)