Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Aholining dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika va eng zarur tovarlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5969-son Farmoniga muvofiq:
1. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartibning (keyingi oʻrinlarda — Tartib) amal qilish davrida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan taqdim etilgan roʻyxat boʻyicha bojxona chegarasi orqali oʻtkazilayotgan zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xom ashyo, materiallar va substansiyalarga nisbatan bojxona bojlari undirilmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan materiallar va substansiyalar, eng zarur tovarlar narxlari ustidan kunlik monitoring oʻtkazishni taʼminlasin hamda ularning narxlarini sunʼiy oshirish, sunʼiy tanqislik va yuqori talabni vujudga keltirishga yoʻl qoʻymaslik ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
3. Tartib amal qilish davrida, istisno tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi F-5537-son farmoyishiga asosan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi):
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-fevraldagi “Tayyor dori vositalarining importini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 49-son qarori bilan tasdiqlangan import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyoz tatbiq etilmaydigan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxatiga kiradigan ayrim tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlarga uch oygacha boʻlgan muddatga qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyoz amal qilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
ayrim turdagi eng zarur tovarlar roʻyxatini shakllantirish va ularni import qilishda uch oygacha boʻlgan muddatga bojxona boji va aksiz soligʻi stavkalarini 0 foizgacha kamaytirish huquqlari berilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-mart,
PQ-4662-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2020-y., 07/20/4662/0365-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)