1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.08.00 Aholining sanitariya-epidemiologik sogʻlomligi / 14.01.08.03 Infeksion va ommaviy kasalliklar profilaktikasi]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga 2019-nCoV koronavirusi (keyingi oʻrinlarda — koronavirus)ning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, qulay sanitariya-epidemiologik muhitni taʼminlash va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi (keyingi oʻrinda — Respublika komissiyasi) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Respublika komissiyasining (A.N. Aripov) asosiy vazifalar etib belgilansin:
umumjahon, mintaqaviy va mamlakat ichidagi epidemiologik vaziyatni doimiy tahlil va monitoring qilish, mamlakatda koronavirusning tarqalishi va epidemiologik vaziyatning yomonlashishi tendensiyalarini prognoz qilish;
koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha harakatlarni muvofiqlashtirish va ularga tuzatishlar kiritish maqsadida XXR va boshqa manfaatdor davlatlarning davlat tuzilmalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan zarur hamkorlikni va maʼlumot almashishni tashkil etish;
koronavirus muammolari boʻyicha tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, ushbu kasallikni profilaktika qilish, diagnostika va davolashning zamonaviy va samarali usullarini ishlab chiqish va joriy etish;
zaxirani shakllantirish va sohaga aloqador sogʻliqni saqlash muassasalarini hamda aholini diagnostika vositalari, virusga qarshi preparatlar va shaxsiy himoya vositalari bilan oʻz vaqtida zarur hajmda taʼminlash;
ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida mamlakat hududida koronavirusga oʻz vaqtida diagnostika va kompleks profilaktika qilish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni tashkil etish, shuningdek. epidemiologik noqulay davlatlarda vaqtincha yashayotgan va koronavirus bilan kasallanish xavfi yuqori zonalarga tushib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga zarur yordam koʻrsatish;
koronavirus boʻyicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini oʻz vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam koʻrsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
zamonaviy ommaviy axborot vositalari (televideniye, radio, Internet, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa operatorlari va boshqalar)ni jalb qilgan holda aholi oʻrtasida koronavirusning tarqalishiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni tushuntirish, shuningdek, uni profilaktika qilish usullari boʻyicha sanitariya-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etish;
koronavirus boʻyicha epidemiologik vaziyat murakkablashgan holatda Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrish boʻyicha takliflarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish.
3. Respublika komissiyasi manfaatdor vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot va boshqa sohaga aloqador tashkilotlarni jalb qilgan holda uch kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Chora-tadbirlar dasturi)ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga Chora-tadbirlar dasturidagi tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Belgilansinki, klinik-epidemiologik koʻrsatkichlar boʻyicha koronavirus bilan kasallangani gumon qilingan, gripp va boshqa oʻtkir respirator kasalliklarning ogʻir shakliga chalingan bemorlar koʻrsatilgan virus turiga majburiy tartibda diagnostikadan oʻtkaziladi.
[OKOZ:
1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.08.00 Aholining sanitariya-epidemiologik sogʻlomligi / 14.01.08.05 Sanitariya-epidemiologik nazorat. Sanitariya talablarini buzganlik uchun javobgarlik]
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining hisob-kitoblari boʻyicha 2020-yil 5-fevralga qadar Davlat chegaralarining kesib oʻtish joylardagi sanitariya-karantin punktlarini statsionar va portativ teplovizorlar bilan jihozlash hamda koronavirusning yangi turini aniqlash uchun diagnostika vositalari va boshqa maxsus himoya vositalarini xarid qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur moliyaviy mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin.
[OKOZ:
1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.08.00 Aholining sanitariya-epidemiologik sogʻlomligi / 14.01.08.05 Sanitariya-epidemiologik nazorat. Sanitariya talablarini buzganlik uchun javobgarlik]
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
koronavirus boʻyicha epidemiologik osoyishtalikkacha boʻlgan davrda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarida koronavirus diagnostikasi vositalarining zarur zaxiralarini yaratsin, ogʻir respirator infeksiyalarga chalingan bemorlarni davolash uchun sohaga aloqador statsionarlarning reanimatsiya va intensiv terapiya boʻlimlarini zarur dori va dezinfeksiya vositalari, uskunalar, sarflash materiallari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari bilan jihozlanishini taʼminlasin;
Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari, Davlat bojxona qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, “Uzbekistan airports” AJ, “Uzbekistan airways” AJ hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga koronavirusning kirib kelishini nazorat qilsin va oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda mamlakatimizning taʼlim muassasalarida koronavirusning tarqalishini profilaktika qilish va oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar koronavirus va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi samarali virusga qarshi preparatlar hamda shaxsiy himoya vositalarining mahalliy ishlab chiqarilishini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirus va boshqa yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish masalalari boʻyicha aholi oʻrtasida tizimli axborot-maʼrifiy ishlarni tashkil etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarini ehtiyojga muvofiq koronavirus va boshqa yuqumli kasalliklarni samarali profilaktika qilish, diagnostika va davolash uchun zarur boʻlgan shaxsiy himoyaning samarali vositalari, diagnostikumlar, virusga qarshi, simptomatik preparatlar, boshqa vositalar va uskunalar bilan taʼminlasin.
9. Mazkur farmoyishning ijrosini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 29-yanvar,
F-5537-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi F-5537-son farmoyishiga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi
TARKIBI
A.N. Aripov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Komissiya rahbari
A.A. Abduvaxitov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Komissiya rahbarining oʻrinbosari
A.K.Shadmanov
—
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri, Komissiya rahbarining oʻrinbosari
A.A.Abduxakimov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi
E.M.Ganiyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri
A.X. Kamilov
—
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri
S.U.Umurzakov
—
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri
I.U.Madjitov
—
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim va�iri
Sh.X.Shermatov
—
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri
A.V.Shin
—
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri
B.S.Yuldashev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti
S.X.Kariyev
—
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi
O.K. Abduraxmanov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari
B.A. Shayakubov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining oʻrinbosari
A.Dj.Xadjayev
—
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi
B.T.Norkobilov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi
M.B.Azimov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi
B.I. Almatov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori — Davlat bosh sanitar vrachi
T.A.Ishmetov
—
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari
A.A. Tashpulatov
—
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari
A.A.Muminov
—
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining oʻrinbosari
B.A.Rashidov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining oʻrinbosari
S.S. Saydaliyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Karantin va oʻta xavfli infeksiyalar profilaktikasi markazi boshligʻi
N.I.Usmanbekov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari
M.J.Ganiyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatining shuʼba mudiri
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2020-y., 07/20/5537/0116-son)