Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtash tizimini shakllantirish va uning nufuzini oshirishda, shuningdek, harbiy xizmatchilar tomonidan oʻz muqaddas burchini sidqidildan ado etib, har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylanishiga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Bularning barchasi Oʻzbekiston xalqida, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida milliy armiya bilan faxrlanish tuygʻusini, Vatan himoyachisidek sharafli kasbga hurmat-ehtirom hissini uygʻotmoqda.
Shu bilan birga, harbiy xizmatga nomzodlarni tanlab olish, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va harbiy xizmatga chaqirishning amaldagi tizimi bugungi kun talablariga javob bermasligi, bu borada yanada samarali tizim ishlab chiqishni, Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligi va salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish tizimini takomillashtirish, mazkur jarayonni amalga oshirishda ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, nomzodlarga qoʻshin turlarini tanlash imkoniyatini yaratish, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirish jarayonidagi bir-birini takrorlovchi tadbirlarga barham berish maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safini har tomonlama yetuk, sogʻlom, jismonan baquvvat, intellektual salohiyatli chaqiruvchilar bilan butlash;
chaqiriluvchilar ongida milliy gʻurur, ona yurtga sadoqat va vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish;
chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirishning mavjud tizimini optimallashtirish;
chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda bir-birini takrorlovchi bosqichlarni soddalashtirish, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish sifati va samaradorligini oshirish hamda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklarni harbiy okruglar harbiy gospitallari mutaxassislari tomonidan oʻtkazish;
harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar va idoralar rahbarlari, shuningdek, harbiy okrug qoʻmondonlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
2. Chaqiruv tadbirlarini sifatli tashkil etish maqsadida fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha quyidagi komissiyalar tuzilsin:
a) muddatli harbiy xizmatga chaqirish uchun:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida Rahbariyat kengashi (keyingi oʻrinlarda — Rahbariyat kengashi);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yigʻish punktlarida harbiy-tibbiy komissiya (keyingi oʻrinlarda — harbiy-tibbiy komissiya);
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzurida Qurolli Kuchlarni butlash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — butlash komissiyasi);
b) muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga oʻtkazish uchun — tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzurida hududiy komissiya (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiya);
v) chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, sogʻligi darajasini aniqlash va davolanishga yoʻnaltirish uchun — mudofaa ishlari boʻlimlari huzurida hududiy tibbiy komissiya (keyingi oʻrinlarda — hududiy tibbiy komissiya).
3. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar belgilansin:
a) Rahbariyat kengashining asosiy vazifalari etib:
chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tadbirlarini sifatli tashkil etish;
chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarligi, fikrlash qobiliyati, tafakkuri, fidoyiligi, qiziqishlari va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda, ular butlash komissiyasi tomonidan qoʻshin turlariga toʻgʻri tayinlanganligiga baho berish;
harbiy-tibbiy komissiya tomonidan sogʻligi boʻyicha harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilarni Qurolli Kuchlar qoʻshin turi komandalariga tayinlash (yoki turli sabablarga koʻra komandalarga tayinlanmaganligi) boʻyicha qaror qabul qilish;
chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari tomonidan chaqiriluvchilarni yigʻish va tantanali ravishda harbiy qismlarga yuborish boʻyicha tadbirlar oʻtkazilishida oʻzaro hamkorlikni tashkil etish;
butlash komissiyasi, harbiy-tibbiy komissiya, hududiy tibbiy komissiya uchun joylarda zarur shart-sharoitlarni yaratish, dori vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlash, jamoat tartibini saqlash ishlarini tashkil qilish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining oshkoraligini, shuningdek, chaqiruvga oid tadbirlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlash;
harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi va hududiy tibbiy komissiya qarorlaridan norozi boʻlgan chaqiriluvchilarning shikoyatlarini koʻrib chiqish va yechimi boʻyicha tegishli qaror qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan turli sabablarga koʻra qaytarilgan muddatli harbiy xizmatchilari boʻyicha tekshiruv oʻtkazish va tegishli chora-tadbirlar belgilash;
b) Harbiy-tibbiy komissiyaning asosiy vazifalari etib:
Butlash komissiyasi tomonidan qoʻshin turlariga tayinlangan chaqiriluvchilarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
shifokor-mutaxassislar tomonidan chaqiriluvchilarning hisob kartalariga kiritilgan yozuv va xulosalarning toʻgʻriligini tekshirish;
Rahbariyat kengashi raisi bilan hamkorlikda chaqiriluvchilarni qoʻshimcha tekshiruv va davolashga yoʻnaltirish, shuningdek, qoʻshimcha tekshiruv va davolashdan keyin ularning qaytishlarini nazoratga olish;
chaqiriluvchilarning sogʻligi darajasi boʻyicha harbiy xizmatga yaroqliligi yuzasidan yakuniy tibbiy xulosa berish;
tibbiy komissiya faoliyati jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tahlilini inobatga olgan holda, harbiy-tibbiy komissiya shifokor-mutaxassislari bilan kengashlar oʻtkazish;
Qurolli Kuchlarni butlash yakuni boʻyicha tibbiy komissiya ishi natijalarini umumlashtirish, hisobot tayyorlash va belgilangan tartibda Rahbariyat kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etish;
v) Butlash komissiyasining asosiy vazifalari etib:
muddatli harbiy xizmatga yuborish uchun tavsiya etilgan va hududiy tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilar bilan suhbat oʻtkazish, sogʻligi darajasi, jismoniy tayyorgarligi, fikrlash qobiliyati va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda, qoʻshin turlariga tayinlash boʻyicha qaror qabul qilish;
qabul qilingan qarorlarni chaqiriluvchilar yigʻmajildidagi tegishli sahifaga belgilangan tartibda rasmiylashtirish va imzolash;
chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining oshkoraligi va xolisligini taʼminlash;
joylardagi tegishli idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlarining chaqiriluvchilarni yigʻish va ularni tantanali ravishda harbiy qismlarga yuborish boʻyicha tadbirlarni oʻtkazishda oʻzaro hamkorligini tashkil etish;
chaqiriluvchilar, ularning ota-onalarining chaqiruvga oid murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish;
g) Hududiy komissiyaning asosiy vazifalari etib:
chaqiriluvchilarni muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga oʻtkazish;
chaqiriluvchilarni yigʻish, muqobil xizmatga yuborish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish hamda Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni doimiy yashash joylariga qaytarishga oid tadbirlarni tantanali ravishda oʻtkazishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorligini tashkil etish;
chaqiriluvchilarni muddatli harbiy va muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish, Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni doimiy yashash joylariga qaytarish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish;
hududiy komissiyalar faoliyati va chaqiruvning oshkoraligini taʼminlash;
d) Hududiy tibbiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib:
chaqiriluvchilarni birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
ruhiy-asab kasalliklari, narkologik, teri-tanosil dispanserlari, OITSga qarshi kurashish va sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi, ftiziatriya va pulmonologiya markazlari roʻyxatida turuvchi chaqiriluvchilar toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlish;
chaqiriluvchilarni qoʻshimcha tekshiruv va davolashga yoʻnaltirish, qoʻshimcha tekshiruv va davolashdan soʻng ularning tibbiy komissiyaga kelishlarini nazoratga olish;
chaqiriluvchilarning sogʻligi darajasi boʻyicha harbiy xizmatga yaroqliligi yuzasidan xulosa berish;
tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni sifatli va xolisona amalga oshirish maqsadida muntazam ravishda tibbiy komissiya aʼzolari bilan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish borasida kengashlar oʻtkazib borish;
chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha hisobot tayyorlash va ushbu hisobotni harbiy-tibbiy komissiya, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmasi (organlari) hamda mudofaa ishlari boshqarmasiga taqdim etish.
5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda chaqiruv tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 24-bandi ikkinchi xatboshisidagi “tuman (shahar) chaqiruv komissiyasi” soʻzlari “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-mart,
PQ-4630-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4630-son qaroriga
1-ILOVA
Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq oʻtkaziladigan chaqiruv yoshidagi fuqarolarni (keyingi oʻrinlarda — chaqiriluvchilar) muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolarni harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi va muddatli harbiy xizmat muddatini oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish boʻyicha qarori eʼlon qilinganidan soʻng Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalar tarkibi hamda ularning faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
3. Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalar oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari hamda mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
Harbiy-tibbiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi PQ-4076-son qarori va sohaga oid boshqa qonun hujjatlariga muvofiq chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etadi, tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi, tibbiy koʻrik natijasi boʻyicha xulosalar beradi va hujjatlarni rasmiylashtiradi.
4. Harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonlari chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish tadbirlarining oʻtkazilishiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek, Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalarning samarali faoliyat yuritishi uchun shaxsan masʼuldir.
5. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalar faoliyati ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha tashkil etiladi.
2-bob. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalar tarkibi
6. Rahbariyat kengashi tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) kengash raisi — harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari (harbiy-maʼmuriy sektor rahbarining oʻrinbosari);
b) kengash aʼzolari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Toshkent shahar va viloyat boshqarmasi boshliqlarining oʻrinbosarlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari vakili;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi vakili;
harbiy okrug boshqarma, xizmat va boʻlim boshliqlari;
mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari;
v) kengash kotibi — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oʻrta tibbiy maʼlumotga ega boʻlgan vakili.
7. Harbiy-tibbiy komissiya tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) komissiya raisi — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy gospitalining shifokor-mutaxassisi;
b) komissiya aʼzolari:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy gospitalidan terapevt, jarroh va nevropatolog;
Sogʻliqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmalaridan (organlaridan) otorinolaringolog, oftalmolog va psixiatr.
8. Butlash komissiyasi tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) komissiya raisi — harbiy okrug boshqarma, xizmat va boʻlim boshliqlari, harbiy qism komandirlari va ularning oʻrinbosarlari;
b) komissiya aʼzolari — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiyasi vakillari.
9. Hududiy komissiya tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) komissiya raisi — tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari;
b) komissiya raisining oʻrinbosari — mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi;
v) komissiya aʼzolari:
tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tuman (shahar) kengashi raisining birinchi oʻrinbosari;
tibbiy komissiya katta shifokori;
g) komissiya kotibi — mudofaa ishlari boʻlimi boʻlinma boshligʻining yordamchisi.
10. Hududiy tibbiy komissiya tarkibiga tuman (shahar) tibbiyot birlashmalaridan ajratiladigan jarroh, terapevt (katta shifokor vazifasi jarroh yoki terapevt zimmasiga yuklanadi), dermatovenerolog, stomatolog, oftalmolog, otorinolaringolog, psixiatr va nevropatolog kiradi.
11. Quyidagilar oʻz faoliyatini har yili:
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi hududiy tibbiy komissiyalar — 15-fevraldan 30-aprelgacha;
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi butlash komissiyalari — 15-fevraldan 30-aprelgacha;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yigʻish punktlarida harbiy-tibbiy komissiyalar — 20-fevraldan 30-aprelgacha;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi — 20-fevraldan 30-aprelgacha;
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi hududiy komissiyalar — 1-martdan 30-aprelgacha amalga oshiradi.
3-bob. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalarning huquqlari va javobgarligi
12. Rahbariyat kengashi:
har bir fuqaro boʻyicha qabul qilinadigan qaror va xulosalarga nisbatan oʻz fikrini bildirish;
butlash komissiyasi tomonidan qoʻshin turlariga tayinlash boʻyicha qabul qilingan qarorlarni koʻrib chiqish va bekor qilish;
majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq kelib chiqqan nizolarni tomonlarning kelishuvi yoki sud orqali hal qilish huquqiga ega.
Rahbariyat kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Rahbariyat kengashi:
kengash faoliyati hamda qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etish;
oʻz ish faoliyatining oshkoraligi, fuqarolar uchun ochiqligi, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning xolisligini taʼminlash;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy xizmatga chaqiriladigan chaqiriluvchilarni yigʻish, harbiy qismlarga tantanali ravishda kuzatish, Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylarida tantanali kutib olish boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar yuqori saviyada oʻtishini tashkil etish;
yigʻish va chaqiruv punktlarida chaqiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun tayyorgarlik ishlarini tashkil etish;
komissiyalar aʼzolarining uslubiy tayyorgarligini tashkil etish, majburiyatlarni ular oʻrtasida taqsimlash va tasdiqlash;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga yuborish jarayonida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash uchun barcha xavfsizlik choralarini koʻrish, shuningdek, chaqiriluvchilarning yigʻish va chaqiruv punktlariga oʻz vaqtida yetib kelishlari yuzasidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tadbirlarni tashkil etish;
davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy xizmatga chaqirish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar va aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan yoshlar bilan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimiz va ulugʻ ajdodlarimiz haqida davra suhbatlarini tashkil etish;
chaqiruv va yigʻish punktlari uchun buyuk sarkardalarimiz Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur va Jaloliddin Manguberdi jasoratlarini namoyon etuvchi, Temur tuzuklari va shu kabi boshqa tarixiy asarlar toʻgʻrisida chaqiriluvchilar tushunadigan talqinda koʻrgazmali bannerlar tayyorlash, chop etish va tarqatish ishlarini tashkil etish;
tegishli vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va rezervga boʻshatilgan yoshlar oʻrtasida harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda faol fuqarolik pozitsiyasi, mamlakatimizning kelajagi va taqdiri uchun javobgarlik hissi, Qurolli Kuchlar bilan faxrlanish, harbiy xizmatga boʻlgan hurmat, shuningdek, Vatanga chuqur muhabbat va sadoqat tuygʻusini shakllantirish boʻyicha targʻibot-tashviqot materiallari, koʻrgazmali bannerlar, kichik hajmdagi risolalar va tarqatma bukletlar tayyorlab, yigʻish va chaqiruv punktlarini jihozlash ishlariga javobgardir.
Rahbariyat kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
14. Harbiy-tibbiy komissiya:
hududiy tibbiy komissiya tomonidan tibbiy koʻrik natijalariga koʻra qabul qilingan xulosalarni koʻrib chiqish va bekor qilish;
har bir fuqaroning sogʻligi boʻyicha qabul qilinadigan qaror va xulosalarga nisbatan oʻz fikrini bildirish;
tibbiy koʻrik xulosalariga koʻra chaqiriluvchilarni qoʻshimcha tekshiruvga yuborish huquqiga ega.
Harbiy-tibbiy komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15. Harbiy-tibbiy komissiya:
faoliyatini boshlashdan avval shifokorlar xonalarining sanitar qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiqligi, tibbiy jihoz va uskunalarning mavjudligi, ularni ishlatilish holatini, dori vositalari va tibbiy buyumlar borligini koʻzdan kechirish;
Rahbariyat kengashiga chaqiriluvchilar tibbiy hujjatlari hamda kasallik tarixidan koʻchirmalar, ruhiy-asab kasalliklari, narkologik, teri-tanosil dispanserlari, OITSga qarshi kurash va sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi, ftiziatriya va pulmonologiya markazlaridan roʻyxatlar oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlash;
chaqiriluvchilarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularning sogʻligi darajasi boʻyicha harbiy xizmatga yaroqliligi yuzasidan yakuniy tibbiy xulosa berish;
chaqiriluvchilarni davolash yoki qoʻshimcha tibbiy tekshiruvlar oʻtkazish uchun yoʻllash, shuningdek, ularning davolanish va qoʻshimcha tekshiruvlardan oʻz vaqtida qaytib kelishlarini nazorat qilish;
shifokor-mutaxassislar tomonidan chaqiriluvchining harbiy xizmatga yaroqliligi, shuningdek, davolash yoki qoʻshimcha tibbiy tekshiruvlar oʻtkazish uchun chaqiruvni kechiktirish boʻyicha chaqiriluvchilarning hisob varaqalariga kiritilgan yozuv va xulosalarning toʻgʻriligini tekshirish va yakuniy xulosa qabul qilish;
Rahbariyat kengashiga hududiy tibbiy komissiyalarning chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan axborot yoki maʼlumot berish va ularni bartaraf etish tadbirlarini qoʻllash;
tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlarini sifatli tashkil etish maqsadida shifokor — mutaxassislar bilan uslubiy-amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish;
chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha hisobot tayyorlash va Rahbariyat kengashiga, sogʻliqni saqlash birlashmasiga hamda mudofaa ishlari boshqarmasiga taqdim etish ishlariga javobgardir.
16. Butlash komissiyasi:
har bir chaqiriluvchiga nisbatan ularni qoʻshin turlariga tayinlash boʻyicha qaror qabul qilish jarayonida oʻz fikrini bildirish;
tegishli idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni tashkil etish huquqiga ega.
Butlash komissiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
17. Butlash komissiyasi:
komissiya faoliyati hamda qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etish;
oʻz faoliyatining oshkoraligi, fuqarolar uchun ochiqligi, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning xolisligini taʼminlash;
chaqiruv punktlarini chaqiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun tayyorlashda mudofaa ishlari boʻlimlariga amaliy yordam koʻrsatish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilarni yigʻish punktiga yuborish jarayonida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash uchun barcha xavfsizlik choralarini koʻrish, shuningdek, chaqiriluvchilarning chaqiruv punktiga oʻz vaqtida yetib kelishlari yuzasidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tadbirlarni tashkil etish;
harbiy xizmatga chaqiriladigan chaqiriluvchilarni harbiy qismlarga tantanali ravishda kuzatish, rezervga boʻshatilgan yoshlarni yashash joylarida tantanali kutib olish boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish ishlarida faol ishtirok etish va amaliy yordam berish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan yoshlar bilan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimiz va ulugʻ ajdodlarimiz haqida davra suhbatlarini tashkil etish;
davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar, rezervga boʻshatilgan yoshlar va aholi oʻrtasida harbiy xizmatga chaqirish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini tashkil etish ishlariga javobgardir.
18. Hududiy komissiya:
chaqiriluvchilarni muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga oʻtkazish uchun qabul qilinadigan qarorlarga nisbatan oʻz fikrini bildirish;
fuqarolarning chaqiruvga oid murojaatlarini koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish huquqiga ega.
Hududiy komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
19. Hududiy komissiya:
komissiya faoliyati hamda qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etish;
oʻz faoliyatining oshkoraligi, fuqarolar uchun ochiqligi, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning xolisligini taʼminlash;
chaqiruv punktini chaqiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun tayyorlash;
komissiyalar aʼzolarining uslubiy tayyorgarligini tashkil etish, majburiyatlarni ular oʻrtasida taqsimlash va tasdiqlash;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga yuborish jarayonida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash uchun barcha xavfsizlik choralarini koʻrish, shuningdek, chaqiriluvchilarning yigʻish va chaqiruv punktlariga oʻz vaqtida yetib kelishlari yuzasidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tadbirlarni tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatish;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy xizmatga chaqiriladigan chaqiriluvchilarni harbiy qismga kuzatish, rezervga boʻshatilgan yoshlarni yashash joylarida tantanali kutib olish tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish;
chaqiruv punktida buyuk sarkardalarimiz Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur va Jaloliddin Manguberdi jasorati, Temur tuzuklari va shu kabi boshqa tarixiy asarlar toʻgʻrisida chaqiriluvchilar tushunadigan talqinda koʻrgazmali bannerlar tayyorlash va chaqiruv punktini jihozlash;
chaqiruv tadbirlari jarayonida tashkil etilgan komissiyalar ish faoliyati, shuningdek, chaqiruvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun barcha sharoitlarni yaratish ishlariga javobgardir.
20. Hududiy tibbiy komissiya:
chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonida qoʻshimcha tekshiruvga yuborish;
har bir fuqaroning sogʻligi boʻyicha qabul qilinadigan qaror va xulosalarga nisbatan oʻz fikrini bildirish huquqlariga ega;
Hududiy tibbiy komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
21. Hududiy tibbiy komissiya:
faoliyatini boshlashdan avval shifokorlar xonalarining sanitar qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiqligi, tibbiy jihoz va uskunalarning mavjudligi, ularni ishlatilish holatini, dori vositalari va tibbiy buyumlar borligini koʻzdan kechirish;
chaqiriluvchilarni birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularning sogʻligi darajasi boʻyicha harbiy xizmatga yaroqliligi yuzasidan tibbiy xulosa berish;
butlash komissiyasi va hududiy komissiyasiga chaqiriluvchilar tibbiy hujjatlari hamda kasallik tarixidan koʻchirmalar, ruhiy-asab kasalliklari, narkologik, teri-tanosil dispanserlari, OITSga qarshi kurash va sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi, ftiziatriya va pulmonologiya markazlaridan roʻyxatlar oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlash;
shifokor-mutaxassislar tomonidan chaqiriluvchilarning hisob varaqalariga yozuv va xulosalarni kiritish;
chaqiriluvchini davolash yoki qoʻshimcha tibbiy tekshiruvlar oʻtkazish uchun yoʻllash, shuningdek, ularning davolanish va qoʻshimcha tekshiruvlardan oʻz vaqtida qaytib kelishlarini nazorat qilish;
chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlarida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan hududiy komissiyaga axborot berish va ularni bartaraf etish tadbirlarini qoʻllash;
chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha hisobot tayyorlash va hududiy hamda butlash komissiyasiga taqdim etishga javobgardir.
4-bob. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiya faoliyatini tashkil etish tartibi
22. Rahbariyat kengashining raisi va aʼzolari Qurolli Kuchlar safini yangidan chaqirilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar bilan oʻz vaqtida sifatli butlash uchun masʼuldir.
23. Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi va hududiy tibbiy komissiya faoliyati Rahbariyat kengashi raisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq tashkil etiladi.
24. Rahbariyat kengashi va butlash komissiyasi oʻz ishini chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlarini oʻrganishdan boshlaydi.
Chaqiriluvchini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish xulosasi, uning maʼnaviy va kasbiy xususiyatlari, oilaviy va moddiy sharoiti, oila aʼzolarining ijtimoiy holatini oʻrganish natijalariga muvofiq Rahbariyat kengashi va butlash komissiyasi tomonidan ularni qoʻshin turi boʻyicha komandalarga tayinlash ishlari amalga oshiriladi.
25. Rahbariyat kengashi va butlash komissiyasi tomonidan jamoaviy tarzda qabul qilingan qarorlar Rahbariyat kengashi va butlash komissiyalarining “Qabul qilingan qarorlar kitobi”da taalluqliligi boʻyicha belgilangan tartibda komissiya kotibi tomonidan qayd etiladi va Rahbariyat kengashi va butlash komissiyasi tomonidan imzolanadi.
26. Butlash komissiyasi raisi tomonidan chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining yakuni boʻyicha axborot tayyorlanadi va Qurolli Kuchlarni butlash ishlari yakunlanganidan soʻng besh kun muddat ichida Rahbariyat kengashiga taqdim etiladi. Rahbariyat kengashi esa oʻn kun muddat ichida axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga taqdim etadi.
27. Hududiy komissiya faoliyati komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq tashkil etiladi va amalga oshiriladi.
28. Hududiy komissiya oʻz ishini chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlarini oʻrganishdan boshlaydi.
29. Chaqiriluvchini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish xulosasi, uning maʼnaviy va kasbiy xususiyatlari, oilaviy, moddiy sharoiti, oila aʼzolarining ijtimoiy holatini oʻrganish natijalariga muvofiq hududiy komissiya quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
harbiy xizmatga yaroqliligi va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga tayinlash toʻgʻrisida;
harbiy xizmatga yaroqliligi va muqobil xizmatga chaqirish toʻgʻrisida;
salomatligiga koʻra harbiy xizmatga vaqtincha yaroqsizligi toʻgʻrisida;
chaqirilish muddatini belgilangan tartibda kechiktirish yoki harbiy xizmatga chaqirilishdan ozod qilish toʻgʻrisida;
yigirma yetti yoshga yetganligi munosabati bilan Qurolli Kuchlar zaxirasiga oʻtkazish toʻgʻrisida;
salomatligiga koʻra tinchlik davrida harbiy xizmatga yaroqsizligi, urush davridagi harbiy xizmatga cheklangan tarzda yaroqliligi va zaxiraga oʻtkazish toʻgʻrisida;
harbiy xizmatga yaroqsiz deb topib, harbiy roʻyxatdan chiqarish toʻgʻrisida.
Hududiy komissiya tomonidan jamoaviy tarzda qabul qilingan qarorlar “Hududiy komissiya bayonnomalari kitobi”da komissiya kotibi tomonidan qayd etiladi. Mazkur kitob hamda chaqiriluvchilar shaxsiy hujjatlari yigʻmajildidagi tegishli sahifa hududiy komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Hududiy komissiya raisi tomonidan chaqiriluvchilarni muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga va zaxirasiga oʻtkazish ishlarining yakuni boʻyicha axborot tayyorlanib, oʻn kun muddat ichida tegishli tuman (shahar) hokimiga, mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan tegishli mudofaa ishlari boshqarmasiga taqdim etadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalar aʼzolarining (kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar bundan mustasno) doimiy ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha oylik ish haqi ular mazkur Nizomda belgilangan majburiyatlarini bajaradigan butun davr mobaynida saqlab qolinadi.
31. Butlash komissiyasi, harbiy-tibbiy komissiya hamda hududiy tibbiy komissiya qarori va xulosasidan norozi boʻlgan chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari Rahbariyat kengashiga, shuningdek, belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
32. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVAFuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish boʻyicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish
SXEMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4630-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 1-oktabrdagi “Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish boʻyicha chaqiruv komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 265-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2009-yil, 40-son, 435-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi 90-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-yil, 2-son, 15-modda) ilovasining 2-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 712-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-yil, 37-son, 996-modda) ilovasining 13-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 960-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-yil, 49-son, 1197-modda) ilovasining 7-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 321-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-yil, 5-son, 101-modda) 1-ilovasi 13-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek, ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 210-son qarori 1-ilovasining 2-bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2020-y., 07/20/4630/0266-son)