Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrida Zamonaviy sanʼat markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 26-avgustdagi PQ-3920-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, madaniyat va sanʼatni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jahon madaniy sahnasida mamlakatning ijobiy imidjini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Adliya vazirligi, Energetika vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining (keyingi oʻrinlarda — Jamiyat):
a) Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) huzurida davlat muassasasi shaklidagi Zamonaviy sanʼat markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Toshkent shahar, Mirobod tumani, Amir Temur tor koʻchasi, 6a-uy manzilidagi binosini;
“Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining Toshkent shahar, Mirobod tumani, Amir Temur tor koʻchasi, 6-uy manzilidagi binosining “A” va “G” bloklarini (keyingi oʻrinlarda — Majmua) operativ boshqaruv huquqi asosida Markazga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
zamonaviy sanʼat sohasida ijodkorlar bilan ommaviy muloqotni yoʻlga qoʻyish;
tasviriy va amaliy sanʼatning barcha turlari vakillarini professional ravishda birlashtirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy sanʼatni innovatsion va texnologik rivojlantirishda uzoq muddatli tashabbuslarning fanlararo oʻzaro platformasi yaratilishini taʼminlash;
Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼatning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlaydigan yosh sanʼat namoyandalari va pedagoglar hamjamiyatini tashkil etish va uning faoliyatiga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston sanʼati tarixi va tadqiqot tashabbuslari boʻyicha ixtisoslashtirilgan kutubxonalar hamda bosma, foto, video va audio materiallar arxivini yaratish va boshqarish;
zamonaviy sanʼat sohasida taʼlim tashabbuslarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha sharoitlar;
zamonaviy madaniyat va sanʼat sohasida spektakllar, perfomanslar, kino namoyishlari, audiovizual loyihalarni amalga oshirish laboratoriyasini tashkil etish va boshqarish.
3. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi huzuridagi Zamonaviy sanʼat markazi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 19 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi huzuridagi Zamonaviy sanʼat markazining ustavi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(3-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz direktoriga Jamgʻarma bilan kelishgan holda Markazning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyuldagi 271-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 09/23/271/0440-son)
4. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatiga balans qiymati Majmua qiymatidan past boʻlmagan qiymatdagi binoning berilishini taʼminlasin.
Belgilansinki, boshqa bino berilgunga qadar “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati oʻz faoliyatini Majmuada davom ettiradi.
5. Jamgʻarma yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari evaziga shakllantiriladigan mablagʻlar hisobiga ushbu qarorning 1-bandiga muvofiq berilayotgan binolarni madaniyat va sanʼat obyektlarini meʼmoriy loyihalashtirish sohasidagi zamonaviy jahon tajribalariga mos ravishda rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirsin.
6. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma tomonidan belgilangan miqdordagi Markazni saqlash va unga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadlari uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ajratilgan mablagʻlar;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyuldagi 271-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 09/23/271/0440-son)
xoʻjalik faoliyatidan tushgan tushumlar;
metsenatlik koʻmagi;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliyaviy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Mahalla, oila va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, madaniyat, maʼnaviyat va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-mart,
131-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-martdagi 131-son qaroriga
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi huzuridagi Zamonaviy sanʼat markazining
TUZILMASI
(1-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
Izoh. Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 19 nafar.
Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-martdagi 131-son qaroriga
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi huzuridagi Zamonaviy sanʼat markazi
USTAVI
(2-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi huzuridagi Zamonaviy sanʼat markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Ustavga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega boʻladi.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Markaz xalqaro loyihalar — konferensiyalar, koʻrgazmalar, seminarlar va nashrlar uchun zamonaviy fan va sanʼat haqidagi bilimlarni toʻplash va tarqatish, jamoatchilik muloqoti va yangi asarlar yaratish uchun fanlararo platformani yaratish maqsadida tashkil etilgan.
5. Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
zamonaviy sanʼat sohasida ijodkorlar bilan ommaviy muloqotni yoʻlga qoʻyish;
tasviriy va amaliy sanʼatning barcha turlari vakillarini professional ravishda birlashtirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy sanʼatni innovatsion va texnologik rivojlantirishda uzoq muddatli tashabbuslarning fanlararo oʻzaro platformasi yaratilishini taʼminlash;
Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼatning rivojini qoʻllab-quvvatlaydigan yosh sanʼat namoyandalari va pedagoglari hamjamiyatini tashkil etish va uning faoliyatiga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston sanʼati tarixi va tadqiqot tashabbuslari boʻyicha ixtisoslashtirilgan kutubxonalar hamda bosma, foto, video va audio materiallar arxivini yaratish va boshqarish;
zamonaviy sanʼat sohasida taʼlim tashabbuslarini amalga oshirish boʻyicha platformani yaratish va boshqarish;
zamonaviy madaniyat va sanʼat sohasida spektakllar, perfomanslar, kino namoyishlari, audio-vizual loyihalarni amalga oshirish laboratoriyasini tashkil etish va boshqarish.
6. Markaz yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Markaz tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar kalendar rejasini shakllantirish va tasdiqlash;
aholiga koʻrsatilgan pullik xizmatlarning amaldagi holatini oʻrganish, shuningdek, ularning hajmini oshirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
taʼlim xizmatlari koʻrsatish;
mablagʻlarning oʻz vaqtida tushishini taʼminlash va tahlil qilish;
Markazning daromadlari va xarajatlarini prognoz qilish;
ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi monitoringini olib borish;
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz uchun xarajatlar smetasini ishlab chiqish va uni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tasdiqlash uchun kiritish;
(6-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
Markazning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasini shakllantirish;
tadbirlar oʻtkazish uchun Markaz binosini ijaraga berish;
xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish;
madaniyat va sanʼat sohasida, shu jumladan, xalqaro miqyosda tashkiliy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish.
3-bob. Markazning huquq va majburiyatlari
7. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
ushbu Ustavning 12-bandida belgilangan manbalardan tushgan mablagʻlarni oʻzining bank hisobvaraqlarida jamlash;
Markazga yuklangan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun, shu jumladan, xorijiy sheriklar bilan shartnomalar tuzish;
tijorat faoliyatining barcha turlarini amalga oshirish;
madaniyat va sanʼatni rivojlantirishning turli masalalari boʻyicha belgilangan tartibda tashabbus bilan chiqish;
oʻz faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida materiallarni joylashtirish;
Markazning vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlik qilish.
8. Markaz:
ushbu Ustavda belgilangan asosiy vazifalar bajarilishini taʼminlashga;
Markaz daromadlarining istiqbolli koʻrsatkichlari ijrosi natijadorligini tahlil qilishga va mablagʻlar tushumiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga majburdir.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va majburiyatlarni olishi mumkin.
4-bob. Markazni tashkil etish
9. Markaz oʻz faoliyatini ushbu Ustavga muvofiq amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Markazga Jamgʻarma raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyuldagi 271-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 09/23/271/0440-son)
11. Markaz direktori:
Markazga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarga muvofiq Markaz faoliyatini tashkil etadi, Markaz nomidan xoʻjalik va mehnat shartnomalarini, boshqa shartnomalar va hujjatlarni imzolaydi;
Markazning xarajatlar smetasini tayyorlaydi va tasdiqlash uchun Jamgʻarmaga taqdim etadi;
ushbu Ustavga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
5-bob. Markazni moliyalashtirish manbalari
12. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma tomonidan belgilangan hajmdagi Markazni saqlash va unga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadlari uchun Jamgʻarma hisobidan ajratilgan mablagʻlar;
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyuldagi 271-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 09/23/271/0440-son)
xoʻjalik faoliyatidan tushgan tushumlar;
metsenatlik koʻmagi mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6-bob. Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
13. Markaz xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar, ustamalar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
Markaz xodimlarining lavozim maoshlariga ragʻbatlantiruvchi tusdagi oylik ustamalar va qoʻshimcha haqlar direktor tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq toʻlanadi.
14. Markaz direktori Markazning oʻz daromadlari hisobiga:
xizmat vazifalarini bajarishda tashabbus koʻrsatgan va vijdonan ishlagan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maqsadida lavozim maoshining 100 foizgacha miqdorda oylik ustamalar belgilash;
oʻz vazifalarini vijdonan bajaradigan Markaz xodimlarini lavozim maoshining 50 foizigacha miqdorda har chorakda mukofotlash;
Markaz xodimlariga bir yilda bir marta lavozim maoshi miqdorida bir yoʻla moddiy yordam berish;
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida belgilangan bayram kunlari munosabati bilan Markaz xodimlarini har bir bayram uchun bir lavozim maoshi miqdorida mukofotlash;
har oyda ish haqining eng kam miqdorida ovqatlanish va yoʻlkira uchun toʻlovlar toʻlash huquqiga ega.
7-bob. Hisobot berish
Oldingi tahrirga qarang.
15. Markaz direktori har yili 1-fevralgacha Oʻzbekiston Respublikasi Jamgʻarmaga oldingi yil uchun Markazning faoliyati toʻgʻrisida hisobot, shu jumladan, moliyaviy hisobot taqdim etadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
16. Markazning hisobot berishi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
18. Ushbu Ustav talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2020-y., 09/20/131/0268-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 09/23/271/0440-son)