Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.09.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 573-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatiga doir ayrim qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-oktabrdagi PQ-4486-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-oktabrdagi PQ-4486-son qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Agentlik asosiy vazifalari etib belgilansin:
suv xoʻjaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini aniqlash, ularning yillik, qisqa va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
suv xoʻjaligi sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlarini jalb qilishda ishtirok etish;
suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatlari belgilangan tartibda tasdiqlanishini tashkil qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha manzilli roʻyxatlarini belgilangan tartibda tasdiqlash;
suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ishlab chiqilishini, ekspertizadan oʻtkazilishini va bosh pudrat tashkilotlarini tender savdolari asosida aniqlashni hamda tegishli shartnomalarni rasmiylashtirishni nazorat qilish;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tender savdolari asosida bosh pudrat tashkilotlarini belgilangan tartibda aniqlash hamda tegishli shartnomalar rasmiylashtirilishini tashkil qilish;
loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tizimli monitoring yuritish, shuningdek, buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni qoʻllab-quvvatlash maqsadida suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-qidiruv ishlari qiymatining hisob-kitobiga loyiha-qidiruv ishlari umumiy qiymatining 10 foizigacha miqdorda majburiy tartibda qoʻshimcha mablagʻlar kiritilishini amaliyotga joriy etish;
loyihalarni amalga oshirish guruhlari hamda “Suvqurilishinvest” DUKlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda loyihalarni amalga oshirish doirasida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf qilishga koʻmaklashish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Agentlik apparati faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro grantlar va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining tarkibiga kiruvchi suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirishda buyurtmachi vazifasini bajaruvchi “Suvqurilishinvest” davlat unitar korxonalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar “Suvqurilishinvest” davlat unitar korxonalari asosiy vazifalari etib belgilansin:
suv xoʻjaligini obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha loyihalarni aniqlash, ularning yillik, qisqa va uzoq muddatli hududiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
tasdiqlangan investitsiya dasturlari va markazlashtirilgan manbalarning ajratilgan limitlari asosida suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha loyihalarning hududiy manzilli roʻyxatlarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlanishini tashkil qilish;
suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqishni, ekspertizadan oʻtkazishni va bosh pudrat tashkilotlarini tender savdolari asosida aniqlashni tashkil qilish hamda tegishli shartnomalarni rasmiylashtirish;
suv xoʻjaligi sohasidagi loyiha-qidiruv ishlarini belgilangan tartibda ilmiy-texnik jihatdan kuzatishni tashkil qilish;
loyiha yechimlarining samaradorligini va ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanishni hamda arxitektura va shaharsozlik hujjatlari talablariga rioya etilishini hamda pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga amal qilishni nazorat qilishni taʼminlash, shuningdek, loyihalarning bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring yuritish;
investitsiya dasturi prognozlarini oʻz vaqtida ijrosini, suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash boʻyicha loyihalarning sifatli bajarilishini hamda yakunlangan ishlarni belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilishni taʼminlash.
6. Agentlik huzurida Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining suv xoʻjaligi boʻyicha investitsiya loyihalari negizida alohida yuridik shaxslar sifatida:
xodimlarning umumiy cheklangan soni 42 ta shtat birligidan iborat Jahon banki loyihalarini amalga oshirish guruhi;
xodimlarning umumiy cheklangan soni 17 ta shtat birligidan iborat Osiyo taraqqiyot banki loyihalarini amalga oshirish guruhi;
xodimlarning umumiy cheklangan soni 20 ta shtat birligidan iborat Arab muvofiqlashtirish guruhi loyihalarini amalga oshirish guruhi tashkil etilsin.
Xalqaro moliya institutlari yoki xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokida suv xoʻjaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalar Agentlik huzurida yangi loyihalarni amalga oshirish guruhlarini tashkil etish yoki mavjud loyihalarni amalga oshirish guruhlari xodimlarining umumiy cheklangan soniga belgilangan tartibda oʻzgartirish kiritish orqali amalga oshiriladi.
7. Belgilansinki, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari yuzasidan:
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” va “Fargʻona vodiysida suv resurslarini boshqarish. 2-faza” loyihalari boʻyicha — Jahon banki loyihalarini amalga oshirish guruhi;
“Amu-Buxoro irrigatsiya tizimini tiklash” va “Navoiy viloyatidagi “Navoiy” va “Uchqara” nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish” loyihalari boʻyicha — Osiyo taraqqiyot banki loyihalarini amalga oshirish guruhi;
“Xorazm viloyatining Toshsaqa tizimidagi magistral sugʻorish kanallarini tiklash”, “Surxondaryo viloyatida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash (Xazarbogʻ-Oqqapchigay kanallar tizimini rekonstruksiya qilish)” va “Qarshi nasos stansiyalari kaskadini kapital-qayta tiklash. 3-faza” loyihalari boʻyicha — Arab muvofiqlashtirish guruhi loyihalarini amalga oshirish guruhi huquqiy voris hisoblanadi.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
Agentlik huzurida tashkil etiladigan loyihalarni amalga oshirish guruhlari faoliyati xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
“Suvqurilishinvest” davlat unitar korxonalari muhandis-texnik xodimlari soni har yili kapital qoʻyilmalar hajmiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda aniqlashtiriladi.
9. Agentlik bir oy muddatda ushbu qarorning 6-bandida nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish guruhlarining taʼsis hujjatlari tasdiqlanishini va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
10. Agentlik Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga tegishli Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Qori Niyoziy koʻchasi, 39-uy “A” binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Ushbu qarorning 6-bandida nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish guruhlari Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Axborot-tahlil va resurs markaziga tegishli Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Labzak koʻchasi, 1 A-uy, A bloki (2 va 3-qavatlar) manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin. Bunda barcha kommunal va joriy toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar loyihalarni amalga oshirish guruhlari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikni uning buyurtmalari boʻyicha belgilangan tartibda zarur telefon aloqasi, shu jumladan hukumat aloqa tizimi bilan, shuningdek, uning keng polosali Internet tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 29-yanvar,
45-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-yanvardagi 45-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek uning rahbarlarining funksional vazifalari va masʼuliyatini belgilaydi.
Agentlik suv xoʻjaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari hamda budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirilishi, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish guruhlari va buyurtmachi funksiyasini bajaruvchi hududiy “Suvqurilishinvest” davlat unitar korxonalari (keyingi oʻrinlarda “Suvqurilishinvest” DUK deb ataladi) faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
2. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, loyihalarni amalga oshirish va texnik koʻmaklashishda xalqaro moliya tashkilotlari va donor tashkilotlar bilan erishilgan investitsiyaviy xalqaro kelishuv va shartnomalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) buyruqlari va hayʼat qarorlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
3. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, boshqa zarur muhrlar, shtamplarga va blankalarga, mustaqil balansga, gʻaznachilik shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisobraqamlariga ega boʻladi.
4. Agentlik har bir investitsiya va grant loyihasi boʻyicha Vazirlik nomidan faoliyat yurituvchi tashkilot hisoblanadi. Agentlik oʻz faoliyatida Vazirlikka boʻysunadi va hisobot beradi.
5. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi, qisqartirilgan nomi — Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Agentstvo po realizatsii proyektov v sfere vodnogo xozyaystva pri Ministerstve vodnogo xozyaystva Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Agentstvo po realizatsii proyektov v sfere vodnogo xozyaystva;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Agency for Implementation of water sector projects under Ministry of Water Resources of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Agency for Implementation of water sector projects.
6. Agentlikning yuridik manzili (pochta manzili): 100000, Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Qori Niyoziy koʻchasi, 39-uy “A” bino.
2-bob. Agentlik tuzilmasi
7. Agentlik tizimiga quyidagilar kiradi:
markaziy apparat;
“Suvqurilishinvest” davlat unitar korxonalari;
Jahon banki loyihalarini amalga oshirish guruhi;
Osiyo taraqqiyot banki loyihalarini amalga oshirish guruhi;
Arab muvofiqlashtirish guruhi loyihalarini amalga oshirish guruhi;
loyihani amalga oshirish boʻyicha yangidan tashkil qilinadigan boshqa guruhlar.
3-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
suv xoʻjaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini aniqlash, ularning yillik, qisqa va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
suv xoʻjaligi sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlarini jalb qilishda ishtirok etish;
suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatlarini belgilangan tartibda tasdiqlanishini tashkil qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha manzilli roʻyxatlarini belgilangan tartibda tasdiqlash;
suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ishlab chiqilishini, ekspertizadan oʻtkazilishini va bosh pudrat tashkilotlarini tender savdolari asosida aniqlashni hamda tegishli shartnomalarni rasmiylashtirishni nazorat qilish;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tender savdolari asosida bosh pudrat tashkilotlarini belgilangan tartibda aniqlash hamda tegishli shartnomalar rasmiylashtirilishini tashkil qilish;
loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tizimli monitoring yuritish, shuningdek, buyurtmachi va pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni qoʻllab-quvvatlash maqsadida suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-qidiruv ishlari qiymatining hisob-kitobiga loyiha-qidiruv ishlari umumiy qiymatining 10 foizigacha miqdorda majburiy tartibda qoʻshimcha mablagʻlar kiritilishini amaliyotga joriy etish;
loyihalarni amalga oshirish guruhlari hamda “Suvqurilishinvest” DUKlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda loyihalarni amalga oshirish doirasida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf qilishga koʻmaklashish.
9. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) suv xoʻjaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini aniqlash, ularning yillik, qisqa va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish sohasida:
Vazirlik va uning tizimdagi suv xoʻjaligi tashkilotlari bilan birgalikda joylarda suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini oʻrganishda ishtirok etish;
suv xoʻjaligi sohasidagi muammolarni tahlil qilish va ularning yechimlari boʻyicha takliflar tayyorlashda ishtirok etish;
suv xoʻjaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining taqdimotlarida hamda ularning yillik, qisqa va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
b) suv xoʻjaligi sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlarini jalb qilishda ishtirok etish sohasida:
Vazirlik va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda suv xoʻjaligi sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlarini jalb qilish yuzasidan oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish;
investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlarini jalb qilish yuzasidan takliflarni tahlil qilish hamda Vazirlikka xulosa taqdim qilish;
v) suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatlari belgilangan tartibda tasdiqlanishini tashkil qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha manzilli roʻyxatlarini belgilangan tartibda tasdiqlash sohasida:
buyurtmachilarning suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatlarini koʻrib chiqish va kelishish hamda belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlikka taqdim qilish;
ushbu manzilli roʻyxatlarni manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishishda ishtirok etish;
melioratsiya obyektlarini taʼmirlash va tiklash loyihalarining manzilli roʻyxatlarini belgilangan tartibda Vazirlik, shuningdek, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishish hamda tasdiqlash;
g) suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ishlab chiqilishini, ekspertizadan oʻtkazilishini va bosh pudrat tashkilotlarini tender savdolari asosida aniqlashni hamda tegishli shartnomalarni rasmiylashtirishni nazorat qilish boʻyicha:
suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha tegishli loyiha-smeta hujjatlarining ishlab chiqilishi yuzasidan bosh loyiha tashkilotlarini aniqlash, ular bilan shartnomalar oʻz vaqtida rasmiylashtirilishini nazorat qilish;
loyiha-smeta hujjatlarining oʻz vaqtida ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borish;
suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tender savdolarining oʻz vaqtida belgilangan tartibda oʻtkazilishi hamda tegishli shartnomalar rasmiylashtirilishini va moliyalashtirish ochilishini nazorat qilish;
d) xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tender savdolari asosida bosh pudrat tashkilotlarini belgilangan tartibda aniqlash hamda tegishli shartnomalar rasmiylashtirilishini tashkil qilish sohasida:
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining bosh pudratchilarini aniqlash yuzasidan ishlab chiqilgan tender hujjatlari loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini hamda tender komissiyasida koʻrib chiqilishini tashkil qilish;
tender komissiyasi yigʻilishlarining hujjatlarini rasmiylashtirishga koʻmaklashish va belgilangan tartibda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan kelishishni tashkil qilish;
bosh pudrat tashkilotlarining belgilangan tartibda aniqlanishi va tegishli shartnomalar rasmiylashtirilishini tashkil qilish hamda ularning roʻyxatdan oʻtkazilishini va moliyalashtirish ochilishini nazorat qilish;
e) loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tizimli monitoring yuritish, shuningdek, buyurtmachi va pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrish sohasida:
suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari kreditlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi uchun tegishli davlat arxitektura-qurilish hamda mualliflik nazoratini olib borish boʻyicha tegishli shartnomalar rasmiylashtirilishi va bajarilishi yuzasidan monitoring yuritish;
davlat arxitektura-qurilish hamda mualliflik nazorati olib borilishida aniqlangan kamchiliklarni buyurtmachilar va bosh pudrat tashkilotlari tomonidan oʻz vaqtida bartaraf etilishi yuzasidan nazorat olib borish;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida pudrat tashkilotlariga xorijdan zamonaviy texnika va malakali mutaxassislarni jalb qilishda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishga belgilangan tartibda koʻmaklashish;
loyihalar doirasida amalga oshirilgan ishlar va barcha koʻrsatkichlar boʻyicha hisobotlarni Vazirlikka va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarga, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlariga belgilangan tartibda taqdim etib borish;
j) ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni qoʻllab-quvvatlash maqsadida suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-qidiruv ishlari qiymatining hisob-kitobiga loyiha-qidiruv ishlari umumiy qiymatining 10 foizigacha miqdorda majburiy tartibda qoʻshimcha mablagʻlar kiritilishini amaliyotga joriy etish sohasida:
suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-qidiruv ishlari qiymatining hisob-kitobiga loyiha-qidiruv ishlari umumiy qiymatining 10 foizigacha miqdorda majburiy tartibda qoʻshimcha mablagʻlar ajratish hamda loyiha-qidiruv ishlarini ilmiy-texnik jihatdan kuzatishni tashkil qilish yuzasidan takliflarni belgilangan tartibda koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlikka taqdim qilish;
suv xoʻjaligi sohasidagi loyiha-qidiruv ishlarini ilmiy-texnik jihatdan kuzatish boʻyicha shartnomalarni rasmiylashtirish, moliyalashtirish va ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan nazorat olib borish;
loyiha-qidiruv ishlari boʻyicha berilgan taklif va xulosalarni koʻrib chiqish hamda ularning bosh pudrat tashkilotlari tomonidan koʻrib chiqilishini nazoratga olish;
z) loyihalarni amalga oshirish guruhlari hamda “Suvqurilishinvest” DUKlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda loyihalarni amalga oshirish doirasida yuzaga kelgan muammolarni barataraf qilishga koʻmaklashish sohasida:
loyihalarni amalga oshirish guruhlari hamda “Suvqurilishinvest” DUKlari hisobotlari, shuningdek, takliflari va murojaatlarini tahlil qilib borish;
buyurtmachi va pudrat tashkilotlarining amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etishi boʻyicha oʻquv kurslari va seminarlar tashkil qilish;
loyihalarni amalga oshirish guruhlari va “Suvqurilishinvest” DUKlarini malakali kadrlar bilan toʻldirish hamda ularning malakasini oshirib borishni tashkil qilish.
4-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
10. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz nomidan mulkiy huquqni olish, mol-mulkka egalik qilish majburiyatlarini olish va sudda daʼvogar boʻlish;
suv xoʻjaligi qurilishiga oid masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ishlab chiqishda qatnashish, shuningdek, ular haqida oʻz xulosalarini berish;
oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha maʼlumot va materiallarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, respublika tashkilotlaridan belgilangan tartibda soʻrab olish;
tegishli dasturlar va Konsepsiyalar doirasida amalga oshiriladigan suv xoʻjaligi qurilishi loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Vazirlik rejalarini ishlab chiqish boʻyicha oʻz takliflarini kiritish;
suv xoʻjaligi qurilishi sohasidagi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, nodavlat notijorat tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-taʼlim muassasalari, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning yuqori malakali xodimlarini hamda mutaxassislarini shartnoma asosida jalb etish;
loyihalarni amalga oshirish guruhlari va “Suvqurilishinvest” DUKlari tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish loyihalarini bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrish va masʼullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralarini qoʻllash.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Agentlik oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulk bilan javob beradi.
5-bob. Agentlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari
12. Quyidagilar Agentlik direktorining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;
Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Vazirlikning buyruqlari, hayʼat qarorlari hamda boshqa qonun hujjatlari bilan Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
Agentlik faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy choralarni ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilish;
oʻz oʻrinbosarlari va Agentlikning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, Agentlik faoliyatining alohida yoʻnalishlariga rahbarlik qilish uchun oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyati darajasini belgilash;
Agentlik faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, suv xoʻjaligi qurilishi sohasidagi ish hajmlaridan kelib chiqib, Agentlik va oʻz oʻrinbosarlarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash va ularning bajarilishini nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari hamda Vazirlikning buyruqlari va hayʼat qarorlari ijrosini tashkil etish va monitoring olib borishning amaliy tizimini yaratish, shuningdek, Agentlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Agentlik xodimlarini, loyihalarni amalga oshirish guruhlari hamda “Suvqurilishinvest” DUKlari rahbarlarini tizimli ravishda qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
Agentlikda kadrlarni tanlash va ularni joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Agentlikning kadrlar zaxirasini shakllantirish;
Agentlik xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Agentlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
Agentlik ishini samarali tashkil etishning zamonaviy shakllarini ishlab chiqish va amaliyotda qoʻllash;
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib sayyor qabul oʻtkazish;
davlat siri sirasiga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
Agentlik boshqarma va boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlash;
Agentlik xodimlarini (direktor oʻrinbosarlaridan tashqari) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
Agentlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan buyruqlar chiqarish va koʻrsatmalar berish, shuningdek, ularning ijrosini belgilangan tartibda nazorat qilish;
xodimlarning umumiy belgilangan soni doirasida Agentlik shtatlar jadvalini, shuningdek, Agentlik xarajatlar smetasini belgilangan tartibda tuzish va tasdiqlash hamda uni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Vazirlikka taqdim qilish;
loyihalarni amalga oshirish guruhlarini saqlash xarajatlari boʻyicha shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini belgilangan tartibda tasdiqlash;
Agentlik nomidan ishonch qogʻozisiz harakat qilish, uning manfaatlarini barcha idoralar, boshqaruv organlari, korxonalar, firmalar va tashkilotlarda himoya qilish;
shartnomalarni, jumladan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish;
ishonch qogʻozlarini berish, banklarda hisob va boshqa raqamlarni ochish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
13. Agentlik direktorining oʻrinbosarlari Agentlik direktori tavsiyasiga koʻra Vazirlik tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Quyidagilar direktor oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
Direktor vaqtincha boʻlmaganda, tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
Agentlikning mutasaddilik qilinadigan yoʻnalish boʻyicha tarkibiy boshqarma va boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, ularning xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash;
faoliyat yoʻnalishi boʻyicha tarkibiy boshqarma va boʻlinmalar tomonidan prognoz koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash choralarini koʻrish, boʻlinmalar rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitish va ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy javobgarligini oshirish;
mutasaddilik qilinadigan yoʻnalish boʻyicha tarkibiy boshqarma va boʻlinmalarning ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishining nazoratini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish, Agentlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi yuzasidan mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boshqarma va boʻlinmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlarini koʻrish;
Suv xoʻjaligi vazirligi hayʼati, Suv xoʻjaligi vaziri va Agentlik direktorining buyruqlari va topshiriqlari oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlash;
mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boshqarma va boʻlinmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish boʻyicha Agentlik direktoriga takliflar taqdim etish, ularning soha yoʻnalishida professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-ahloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini taʼminlash, ularning kasbiy malakasini oshirish chora-tadbirlarini koʻrish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boshqarma, boʻlinmalar rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan ularning egallab turgan lavozimida qolishi maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni direktorga kiritish, funksional vazifalar va yuklangan vazifalar bajarilishi uchun ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrish;
Agentlik xodimlari tomonidan odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini, mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va xodimlarining ushbu qoidalarga rioya etishini taʼminlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
suv xoʻjaligi qurilishi sohasi faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga doir takliflarni direktorga kiritish;
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan joylarga borib qabul qilish;
davlat siri sirasiga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
jumladan soha yoʻnalishlari boʻyicha:
a) Agentlik direktorining chet el investitsiyalari va grantlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarining asosiy vazifalari:
loyihalarni amalga oshirish yuzasidan xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda ishtirok etish;
investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini tizimli nazorat qilish;
investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan pudratchi va konsalting kompaniyalarining faoliyatini nazorat qilish;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari talablaridan kelib chiqqan holda, loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi mutaxassislarni vazirlik bilan kelishgan holda ishga qabul qilish boʻyicha Agentlik direktoriga taklif kiritish.
b) Agentlik direktorining markazlashtirilgan investitsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosarining asosiy vazifalari:
irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari loyihalarini amalga oshirish sohasida samarali investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda tarmoqni ishlab chiqarish jihatdan va ijtimoiy rivojlantirish uchun maqbul ravishda uygʻunlashtirishni taʼminlash;
irrigatsiyani rivojlantirish va sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, melioratsiya obyektlarini taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha yillik, qisqa va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
“Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni talablariga qatʼiy rioya qilgan holda, kapital qurilishda boshqaruv va xoʻjalik munosabatlari tizimiga bozor tamoyillari hamda mexanizmlarini joriy etish, loyiha va qurilish ishlarini bajarishga “Suvqurilishinvest” DUKlari tomonidan buyurtmalar joylashtirish, tanlov va tender savdolarini tashkil etish;
markazlashtirilgan manbalar hisobidan qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash-tiklash va texnik jihatdan qayta jihozlash boʻyicha loyihalarning belgilangan tartibda, tanlov va tender savdolari asosida shartnoma tuzish orqali toʻliq bajarish sharti bilan amalga oshirilishini tashkil etish;
investitsiya dasturlari doirasida amalga oshiriladigan irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari loyihalari boʻyicha buyurtmachi “Suvqurilishinvest” DUKlari bilan birgalikda tizimli ravishda monitoring olib borish, amalga oshirilayotgan ishlar va muammoli masalalar boʻyicha takliflarni Vazirlik hamda idoralarga taqdim etib borish;
suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash-tiklash va ulardan foydalanish bilan bogʻliq loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish;
ajratilgan limitlar asosida buyurtmachilar taqdim qilgan manzilli roʻyxatlarni, qurilishlarning titul roʻyxatlarini koʻrib chiqish, tasdiqlash uchun Vazirlikka kiritish hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishishda ishtirok etish;
buyurtmachi tashkilotlarning loyiha-qidiruv ishlari manzilli roʻyxatlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlikka kiritish hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan belgilangan tartibda kelishishda ishtirok etish;
irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital qurilishda ilgʻor qurilish texnologiyalarini, yangi qurilish materiallarini, asbob-anjomlarni joriy etish ishlarini tashkil etish.
Agentlik direktorining oʻrinbosarlari Vazirlik va Agentlik direktori tomonidan berilgan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
14. Quyidagilar Agentlik tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
tarkibiy boʻlinmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda ushbu koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish boʻyicha takliflarni Agentlik rahbariyatiga kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari, Vazirlikning buyruqlari, hayʼat qarorlari ijrosini tashkil etish, Agentlik tarkibiy boʻlinmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishini va sifatli ijro etilishini taʼminlash;
Vazirlik hayʼati qarorlari, Suv xoʻjaligi vaziri hamda Agentlik direktori va uning oʻrinbosarlari buyruq va topshiriqlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
tarkibiy boʻlinmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini taʼminlash, tasdiqlash uchun Agentlik rahbariyatiga kiritish hamda ularda koʻrsatilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyishda direktorning tegishli oʻrinbosarlariga takliflar taqdim etish, professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini taʼminlash, ularning kasb malakasini oshirish choralarini koʻrish, tarkibiy boʻlinmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining ushbu qoidalarga rioya etishini taʼminlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tarkibiy boʻlinmalarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga olib keluvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
davlat siri sirasiga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.
6-bob. Agentlik rahbarlarining javobgarligi
15. Agentlik direktori ushbu Nizomda va boshqa qonun hujjatlarida Agentlikka yuklangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash, shuningdek, Agentlik ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrilishi;
Agentlikdagi ishlarning holati, tarkibiy boʻlinmalarning faoliyati muvofiqlashtirilishi;
Agentlikda ijro intizomiga soʻzsiz rioya qilinishi uchun javobgar hisoblanadi.
16. Direktorning oʻrinbosarlari:
tegishli yoʻnalishlar boʻyicha topshiriqlarning oʻz vaqtida bajarilishi va natijadorligi;
mutasaddilik qilinadigan yoʻnalishlar boʻyicha suv xoʻjaligini rivojlantirish vazifalari va dasturlari samarali amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligi uchun javob beradi.
17. Agentlikning tarkibiy boshqarma va boʻlinmalari boshliqlari qonun hujjatlari, Agentlik rahbariyatining topshiriqlari, shuningdek, tarkibiy boʻlinma va Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishiga javob beradilar.
7-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
18. Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Agentlik direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari hamda ijtimoiy va maishiy xizmat koʻrsatish darajasi boʻyicha Vazirlikning yetakchi boshqarma boshligʻi lavozimiga tenglashtiriladi.
19. Agentlikning tashkiliy tuzilmasi, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Agentlik va uning tarkibidagi loyihalarni amalga oshirish guruhlari va “Suvqurilishinvest” DUKlarining har biri alohida yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhr va blankalarga ega boʻladi.
Loyihalarni amalga oshirish guruhlarining rahbarlari Vazirlik va manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan kelishilgan holda Agentlik tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
“Suvqurilishinvest” DUKlari direktorlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari hamda Agentlikning tavsiyasiga koʻra, Vazirlik tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
8-bob. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari
20. Agentlik faoliyati quyidagi mezonlar (indikatorlar) asosida baholanadi:
tashkilotning ish rejasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi holati (Nizomda belgilangan tashkilot funksiyalarini toʻlaqonli bajarish);
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Prezident huzurida oʻtkazilgan yigʻilish bayonnomalarida koʻrsatilgan topshiriqlarning ijrosini belgilangan muddatlarda sifatli taʼminlash holati (kartoteka, hisobot va boshqalar);
Vazirlik buyruqlari, hayʼat qarorlari hamda boshqa topshiriqlar bajarilishiga boʻlgan munosabat (oʻz vaqtida va sifatli ijro etish, koʻrsatmalarni soʻzsiz bajarish va hokazo);
Agentlik uchun ajratilgan budjet hamda budjetdan tashqari mablagʻlardan maqsadli va tejab foydalanish;
Agentlikni malakali mutaxassislar bilan toʻldirish, kadrlar qoʻnimsizligini bartaraf etish (xodimlar uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, koʻp yillik tajribaga ega soha mutaxassislarini ishga jalb qilish);
Agentlikning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, zarur asbob-uskunalar bilan taʼminlash hamda mavjud texnikalardan unumli foydalanish.
9-bob. Agentlik apparati faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish
21. Quyidagilar Agentlik apparati faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro grantlar va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
22. Agentlik xodimlarining budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan lavozim ish haqiga har oylik ustama va qoʻshimchalar, moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari va mukofotlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2018-yil 3-iyuldagi 500-son qaroriga 3-ilova bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
10-bob. Agentlikning hisobdorligi
23. Agentlik oʻz faoliyatida tezkor va buxgalteriya hisobotini yuritadi. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan belgilangan shakllar va muddatlarda buxgalteriya, statistika va boshqa hisobotlarni manfaatdor vazirlik hamda idoralarga taqdim etadi.
24. Agentlik faoliyati Vazirlik va nazorat qiluvchi organlar tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq tekshiriladi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
25. Agentlik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-yanvardagi 45-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining tarkibiga kiruvchi suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirishda buyurtmachi vazifasini bajaruvchi “Suvqurilishinvest” davlat unitar korxonalari
ROʻYXATI

T/r

Tashkilot nomi

Boshqaruv xodimlarining soni*, kishi

1.

“Qoraqalpogʻistonsuvqurilishinvest” DUK

35

2.

“Andijonsuvqurilishinvest” DUK

34

3.

“Buxorosuvqurilishinvest” DUK

35

4.

“Jizzaxsuvqurilishinvest” DUK

31

5.

“Qashkadaryosuvqurilishinvest” DUK

34

6.

“Navoiysuvqurilishinvest” DUK

22

7.

“Namangansuvqurilishinvest” DUK

33

8.

“Samarqandsuvqurilishinvest” DUK

31

9.

“Surxondaryosuvqurilishinvest” DUK

28

10.

“Sirdaryosuvqurilishinvest” DUK

39

11.

“Toshkentsuvqurilishinvest” DUK

30

12.

“Fargʻonasuvqurilishinvest” DUK

39

13.

“Pitnaksuvqurilishinvest” DUK

12

14.

“Xorazmsuvqurilishinvest” DUK

26

Jami:

429

* Boshqaruv xodimlarining cheklangan soniga Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, har yili kapital quyilmalar hajmiga hamda obyektlar soniga qarab aniqlik kiritiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2020-y., 09/20/45/0094-son)