|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.10.1999
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI BOSh ARXIV BOShQARMASI (“O‘ZBOShARXIV”) TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI VA RESPUBLIKA MARKAZIY DAVLAT ARXIVLARI TARMOG‘INI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-sonli “Arxiv ishi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. “O‘zbosharxiv” markaziy apparati hokimlarining cheklangan soni (binolarni qo‘riqlovchi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni hisobga olmagan holda) 14 kishidan iborat qilib belgilansin.
3. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi to‘g‘risidagi Nizomni va O‘zbekiston SSR markaziy davlat arxivlari tarmog‘ini tasdiqlash haqida” 1980-yil 18-sentabrdagi 635-son qarori hamda O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Respublikada arxiv ishini boshqarish sxemasi to‘g‘risida” 1988-yil 31-oktabrdagi 398-son qarorining 3-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 19-iyun,
296-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi to‘g‘risida
NI3OM
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi (“O‘zbosharxiv”) arxiv ishi bo‘yicha davlat boshqaruvining respublika organi hisoblanadi va o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.
“O‘zbosharxiv” O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondining hujjatlarini boshqaradi, respublika arxiv muassasalarining faoliyatiga rahbarlik qiladi va uni muvofiqlashtirib boradi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondini — respublika xalqlarining tarixiy o‘tmishi to‘g‘risidagi hujjatli yodgorliklarni jamiyat va fuqarolarning manfaatlari yo‘lida butlash, saqlash va ulardan foydalanish davlat vazifalari yuklatilgan.
“O‘zbosharxiv” respublikadagi arxiv ishining ahvoli, uni yanada rivojlantirish va takomillashtirish uchun javob beradi.
2. “O‘zbosharxiv” O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishlarini tarmoq va tarmoqlararo boshqaruvni demokratik asoslarda bevosita yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Arxiv boshqarmasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining arxiv bo‘limlari orqali amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Arxiv boshqarmasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining arxiv bo‘limlari, shuningdek, ularga qarashli davlat arxivlari va ularning filiallari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasining yagona tizimini tashkil etadi.
3. “O‘zbosharxiv” o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, respublika Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga va boshqa normativ aktlarga amal qiladi.
“O‘zbosharxiv” amaldagi qonunchilikning o‘z huquq doirasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlaydi, arxiv ishi to‘g‘risidagi qonunlarni takomillashtirish, yuzasidan takliflar ishlab chiqadi va ularni ko‘rib chiqish uchun belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
4. Quyidagilar “O‘zbosharxiv”ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondini hujjatlar bilan butlashni tashkil etish, ularning saqlanishini ta’minlash, davlat tomonidan arxiv hujjatlarining hisobini yuritish va ulardan jamiyat va fuqarolarning axborotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanish;
respublikada arxiv ishini yuritish va rivojlantirishning yagona siyosatini o‘tkazish, yangi xo‘jalik mexanizmi ishlab turgan sharoitlarda arxivlarning iqtisodiy mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplari asosida o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha davlat arxivlarining yuqori samarali va unum bilan ishlashini ta’minlash;
arxivshunoslik, hujjatlarni yuritish, arxeografiya sohasidagi ilmiy va metodik ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirib borish, ilmiy tadqiqotlar va fan-texnika yutuqlari natijalarini respublika arxiv muassasalari ishiga joriy etish;
idoralarga qarashli arxivlar faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish va respublika vazirliklari, idoralari, muassasalari, tashkilotlari va korxonalarining ish yuritishida hujjatlarni tashkil etish;
arxiv ishi sohasidagi vatanimiz va chet el ilg‘or tajribasini yoyish va respublika arxiv ishini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
O‘zbekiston Arxivchilari jamiyati bilan birgalikda respublika arxiv muassasalari xodimlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish.
5. “O‘zbosharxiv” o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
a) Respublika arxiv ishlarini boshqarish organlarining va davlat arxivlarining quyidagi masalalar bo‘yicha birgalikdagi ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtirib boradi:
O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondini siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar bilan butlash;
O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondi hujjatlarining saqlanishini ta’minlash, arxivlar ishi amaliyotiga hujjatlarni saqlash, ta’mirlash, konservatsiyalash, nusxa olish va muhofaza qilishning oqilona tizimlari va usullarini joriy qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondi hujjatlari davlat hisobini yuritish;
idoralarga qarashli arxivlardan olingan hujjatlarni davlat arxiviga topshirishning belgilangan tartibiga rioya qilishni ta’minlash;
davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvining, muassasalar, jamoat tashkilotlarining axborotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini, shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy so‘rovlarini qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondini e’lon qilish va undan foydalanish;
arxivshunoslik, hujjatshunoslik, arxeografiya sohasidagi ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish, arxiv ishlari amaliyotiga ilmiy tadqiqotlarning, arxiv ishi va hujjatshunoslik bo‘yicha ilmiy-texnikaviy axborotlarning natijalarini joriy qilish;
respublika arxiv muassasalarini moddiy-texnika jihatidan ta’minlash va jihozlash;
respublika arxiv muassasalarida arxiv ishini rivojlantirishni, statistik hisobot va axborotni rejalashtirish;
respublika arxiv muassasalari va idoralariga qarashli arxivlar xodimlarining malakasini oshirish;
davlat arxivlari jamoalarini ijtimoiy rivojlantirish;
arxiv ishi va boshqarmani hujjat bilan ta’minlash sohasidagi vatanimiz va chet el ilg‘or tajribasini o‘rganish va yoyish, arxiv muassasalari ish tajribasiga mehnatni tashkil etish va boshqaruvning ilg‘or shakllarini, xo‘jalik yuritishning yangi shartlarini joriy qilish va respublika arxiv muassasalari xodimlarining ishlab chiqarish faoliyatini rag‘batlantirish;
respublika davlat arxivlari tarmoqlarini takomillashtirish.
b) Respublika arxiv ishlarini boshqarish organlari bilan birgalikda arxiv ishining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqadi va ularning bajarilishini tashkil etadi.
v) Respublika davlat arxivlarida aholiga pulli xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, arxiv ishi va hujjatlar bilan ishlash sohasida vazirliklar, idoralar, muassasalar, birlashmalar va korxonalar bilan xo‘jalik hisobi asosida shartnomalar bo‘yicha ishlarni bajarish choralarini ko‘radi.
Respublika davlat arxivlari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar va xizmatlar uchun preyskurantlarni tasdiqlaydi.
g) Respublikada arxiv ishini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, yig‘ma yillik rejalarni ishlab chiqadi va ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi, respublika davlat arxivlari faoliyatining yig‘ma statistik hisobini yuritadi.
d) Hujjatlarni respublika va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv fondlari tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risidagi masalalarni xal qiladi, respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan fondlarni bir joyga to‘plash bo‘yicha, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning bir davlat arxividan hujjatlarni respublikaning boshqa viloyatlari davlat arxiviga berish to‘g‘risidagi tadbirlarni amalga oshiradi, zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hujjatlarni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi boshqa davlat arxivlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlariga o‘tkazish (va aksincha) to‘g‘risida taklif kiritadi.
e) Respublika xalqlari tarixiga oid arxiv hujjatlarining aslini yoki nusxalarini aniqlaydi va chet ellardan oladi, chet el arxiv muassasalari bilan birgalikda arxiv hujjatlarining ko‘rgazmasini, shuningdek, hujjatlarning nusxalarini va arxivshunoslik adabiyotlarini o‘zaro almashishni tashkil etadi, arxivlarning xalqaro tashkilotlari faoliyatida qatnashadi.
j) O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondining markaziy katalogini yuritadi, hujjatlarni, shu jumladan, elektron-hisoblash texnikasini qo‘llanish asosida ilmiy-ma’lumotnoma apparati tizimini rivojlantirishni ta’minlaydi.
z) Belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondining hujjatlarini, respublika arxiv hujjatlarining tarkibi va saqlanishi haqidagi ma’lumotnoma-axborot adabiyotlarini e’lon qiladi, o‘zining huquq doirasiga o‘tkazilgan masalalarga oid byulletenlarni, ilmiy-ommabop adabiyotlarni, o‘quv va amaliy qo‘llanmalarni, plakatlarni nashr etadi.
i) O‘z huquqlari doirasida davlat va idoralarga qarashli arxivlar ishlari qoidalarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondi hujjatlari bilan ishlashga oid boshqa normativ aktlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, ularning respublika davlat hamda idoralarga qarashli arxivlar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar va korxonalar tomonidan bajarilishi majburiydir.
k) Respublika markaziy davlat arxivlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi, ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi.
l) O‘z huquqlari doirasida kapital qurilish masalalarini hal qiladi.
m) Markaziy apparatning va o‘ziga qarashli muassasalarning tuzilishini takomillashtirish choralarini ko‘radi.
Markaziy apparatni va respublika markaziy davlat arxivlarini saqlash uchun respublika budjeti mablag‘lari hisobidan ajratilgan pul bilan ta’minlashni amalga oshiradi va ularning sarflanishini nazorat qiladi.
n) Markaziy apparat kadrlarini tanlaydi va joy-joyiga qo‘yadi, O‘zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivlari direktorlarini va ularning o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan bo‘shatadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Arxiv boshqarmasining boshlig‘i, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari arxiv bo‘limlarining mudirlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tegishli ravishda “O‘zbosharxiv” bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan bo‘shatiladilar.
o) Tegishli respublika vazirliklari, idoralari va davlat qo‘mitalari bilan birgalikda idoralarga qarashli quyidagi arxivlarning faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondining hujjatlarini doimiy saqlovchi tarmoq davlat fondlari;
O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqiga ega bo‘lgan respublika vazirliklari, idoralari va davlat qo‘mitalarining idoralarga qarashli arxivlari;
O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlovchi davlat kutubxonalari va muzeylarining qo‘lyozma bo‘limlari;
O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondi hujjatlarini vaqtincha, ularni davlat tomonidan saqlashga bergunga qadar, saqlovchi respublika vazirliklari, idoralari va davlat qo‘mitalarining idoralarga qarashli arxivlari.
p) Shartnoma asoslarida idoralarga qarashli arxivlarga hujjatlarni saqlashni, tartibga keltirishni va ulardan foydalanishni ta’minlash ishlarini bajarishda, shuningdek, hujjatlar nusxalarining ehtiyot fondini yaratishda yordam ko‘rsatishni tashkil etadi.
Davlat arxivlari bilan birgalikda idoralarga qarashli arxivlarni tekshiradi va vazirliklar, idoralar, muassasalar, tashkilotlar hamda korxonalarning ish yuritishdagi hujjatlarini tashkil etadi.
r) Respublika davlat arxivlarining zarur uskunalar va materiallarga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlaydi, o‘zlariga qarashli arxiv muassasalarini moddiy-texnikaviy ta’minlashga ko‘maklashadi; respublika markaziy davlat arxivlari binolari qurilishini va ularni kapital tuzatishni tashkil etadi.
s) O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari xodimlari kasaba uyushmalari tegishli qo‘mitalari bilan birgalikda respublika arxiv muassasalarining ilg‘or jamoalari va xodimlarini Faxriy yorliqlar bilan mukofotlaydi va rag‘batlantirishning boshqa turlaridan foydalanadi.
t) Fuqarolarning takliflari, arizalari va shikoyatlarining o‘z vaqtida va puxta ko‘rib chiqilishini tashkil etadi, ularda ko‘tarilgan masalalarning to‘g‘ri hal etilishiga erishadi; konsullik so‘rovlarning ijrosini ta’minlaydi; o‘zlariga qarashli muassasalar faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.
u) Arxiv ishi sohasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga kiruvchi davlatlar va chet mamlakatlarning arxiv muassasalari, shuningdek, Arxivlarning Xalqaro Kengashlari hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
f) Muassasalarga, tashkilotlarga va fuqarolarga belgilangan tartibda respublika hududida hujjatli yodgorliklarni to‘plash uchun maxsus ruxsatnomalar beradi.
6. “O‘zbosharxiv”ga o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni va vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlar beriladi:
respublika arxiv muassasalarining arxiv ishining asosiy masalalari bo‘yicha ishini o‘rganish va bu muassasalarning mehnat jamoalari bilan birgalikda ularning faoliyatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularning ijrosini tekshirish;
respublika markaziy davlat arxivlaridan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi organlaridan belgilangan va tarmoqda qabul qilingan statistika hisob-kitoblarini, shuningdek, arxiv ishini rivojlantirish rejalarining bajarilishi to‘g‘risidagi, davlat va idoralarga qarashli arxivlarning faoliyati haqidagi, ular tomonidan yuklatilgan arxivlar ishining aniq yo‘nalishi bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi to‘g‘risidagi tegishli axborotlarni olish;
tarmoq davlat fondlarining, kutubxonalar va muzeylarning, arxivlar va vazirliklar hamda boshqa davlat boshqaruvi markaziy organlarining, respublika ahamiyatiga molik muassasalar, tashkilotlar va korxonalarning ish yuritish xizmatlari ishini o‘rganish, belgilangan tartibda ulardan zarur axborotlarni so‘rash, arxiv xizmatlari ishlari masalalari va ish yuritishda hujjatlarni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatilgan tashkilotlar vakillarining hisobotlarini tinglash; bu tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondi hujjatlarining saqlanishini tashkil etishni yaxshilash bo‘yicha, idoralarga qarashli arxivlar ishidagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarish majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish va boshqarmani hujjat bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berish;
respublika davlat arxivlaridan, tarmoq davlat fondlaridan, vazirliklar, idoralar, muassasalar, tashkilotlar, korxonalardan, kutubxonalar va muzeylarning qo‘lyozma bo‘limlaridan, siyosiy, jamoatchilik, diniy tashkilotlar va birlashmalardan, kooperativlar, qo‘shma korxonalar va boshqa yuridik shaxslardan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlovchi fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondining markaziy katalogi uchun tegishli ma’lumotlarni olish;
prokuratura va sud organlari oldiga o‘z xatti-harakatlari yoki faoliyatsizliklari tufayli O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondi hujjatlarining o‘g‘irlanishiga, buzilishiga, ularni yashirishga yoki noqonuniy yo‘q qilishga sharoit yaratishga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarni va fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi aktlari bilan belgilangan tartibda jinoiy, ma’muriy, intizomiy, moddiy va boshqa xil javobgarlikka tortish to‘g‘risida masala qo‘yish;
arxiv ishi va ish yuritishda hujjatlarni tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqish uchun doimiy va vaqtinchalik idoralararo komissiyalar va kengashlar tuzish;
respublika vazirliklari va idoralari tomonidan ishlab chiqiladigan arxiv ishi va ish yuritishdagi hujjatlarni tashkil etish masalalari bo‘yicha qoidalarni va o‘quv dasturlarini kelishib olish;
o‘z huquqlari doirasida xalqaro tashkilotlar, korxonalar, mansabdor shaxslar va xususiy shaxslar bilan hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi boshqa davlatlar hamda chet davlatlar bilan aloqalarni amalga oshirish.
7. “O‘zbosharxiv” o‘zining respublika arxiv muassasalari ustidan davlat boshqaruvi funksiyalarini respublika arxiv ishlari boshqaruvi organlari, davlat va idoralarga qarashli arxivlar, jamoat tashkilotlari ishtirokida demokratiya, kollegiallik va oshkoralik asosida bajaradi.
8. Arxiv ishi masalalari bo‘yicha puxta va sifatli takliflar hamda tavsiyanomalar tayyorlash maqsadida Bosh arxiv boshqarmasida quyidagilar tuziladi:
Ilmiy kengash — respublikada arxiv ishlarining ilmiy-metodik masalalarini ko‘rib chiqish uchun;
Markaziy ekspert-tekshiruv komissiyasi — O‘zbekiston Respublikasi Arxiv fondining sifat tarkibini oshirish va qiymatini ekspertiza qilish masalalarini ko‘rib chiqish uchun.
Ilmiy kengash to‘g‘risidagi nizom, Markaziy ekspert — tekshiruv komissiyalari va ularning tarkibi “O‘zbosharxiv” boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
9. “O‘zbosharxiv”ga boshqarma boshlig‘i (rais), uning o‘rinbosarlari, shuningdek, “O‘zbosharxiv” tizimining boshqa rahbar xodimlari bo‘lgan hay’at tuziladi.
Hay’at tarkibining soni va uning a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at respublikada arxiv ishini rivojlantirish, rahbar kadrlarni tanlash va ularning malakasini oshirish, qarorlar, buyruqlar, yo‘riqnomalarni bajarish bo‘yicha muhim masalalarni ko‘rib chiqadi, respublika arxiv muassasalari va “O‘zbosharxiv” tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi, shuningdek, respublika vazirliklari, idoralari va davlat qo‘mitalari, ularning huquq doiralari va vazifalariga kiruvchi masalalar bo‘yicha tarmoq fondlari rahbarlarining axborotlarini tinglaydi.
10. “O‘zbosharxiv”ga boshliq rahbarlik qiladi. “O‘zbosharxiv” boshlig‘i va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.
“O‘zbosharxiv” boshlig‘i:
“O‘zbosharxiv” zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar va vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarining, bo‘limlar va boshqa tuzilma bo‘linmalari rahbarlarining “O‘zbosharxiv” faoliyatini nazorat qilish masalalari bo‘yicha ishlarning ahvoli uchun, shuningdek, markaziy davlat arxivlari va respublikaning o‘zlariga qarashli boshqa arxiv muassasalari ishi uchun javobgarlik darajasini belgilaydi;
“O‘zbosharxiv” markaziy apparati xodimlarini va markaziy davlat arxivlari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan bo‘shatadi;
bo‘limlar va boshqa bo‘linmalar to‘g‘risidagi nizomlarni, shuningdek, “O‘zbosharxiv”ning alohida xodimlari va mutaxassislarining lavozim yo‘riqnomalarini tasdiqlaydi;
o‘z huquqlari doirasida respublikaning amaldagi qonunchiligi asosida va ijro etish bo‘yicha buyruqlar va yo‘riqnomalar chiqaradi, “O‘zbosharxiv” tizimi arxiv muassasalari bajarishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi va ularning ijrosini tekshiradi;
zarur hollarda respublika vazirliklari, idoralari va davlat qo‘mitalari rahbarlari bilan birgalikda arxiv ishlari masalalari bo‘yicha buyruqlar va boshqa normativ hujjatlar chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni ko‘rib chiqishda qatnashadi.
11. “O‘zbosharxiv” markaziy apparatining tuzilishi va xodimlarining soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Shtat jadvali, lavozim maoshlari va ularga qo‘shimchalar, “O‘zbosharxiv” markaziy apparati xodimlarini mukofotlash to‘g‘risidagi nizom uning boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
12. “O‘zbosharxiv” yuridik shaxs hisoblanadi, u respublika budjetida turadi, Davlat banki muassasalarida mustaqil balansga, hisob-kitob va boshqa schyotlarga ega bo‘ladi, uning tarkibiga kiruvchi respublika markaziy davlat arxivlarining balanslarini hisobga olgan holda yig‘ma balanslar tuzadi.
13. “O‘zbosharxiv” O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi o‘zbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
Respublika Markaziy davlat arxivlari tarmog‘i
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi
O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-texnikaviy va tibbiy hujjatlar Markaziy davlat arxivi
O‘zbekiston Respublikasi kino, rasm va ovozli hujjatlar Markaziy davlat arxivi