Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.12.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PF-210-sonli “Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Soʻnggi yillarda respublikada fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish boʻyicha keng miqyosli ishlar amalga oshirildi. Huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, shu jumladan ustuvor yoʻnalish hisoblangan odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatni tag-tomiri bilan yoʻqotish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Odam savdosi qurbonlarini aniqlash, himoya qilish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, shunday jinoyatlar qurboniga aylangan fuqarolarga tibbiy, psixologik va boshqa yordam koʻrsatish, odam savdosiga aloqador shaxslarni tergov qilish va javobgarlikka tortish, shuningdek, bunday jinoyatlarni sodir etishga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilmoqda.
Bolalar mehnatiga barham berildi, qishloq xoʻjaligi ishlari, hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish davrida kattalarning majburiy mehnatidan foydalanishga chek qoʻyish boʻyicha misli koʻrilmagan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalash hamda xalqaro maydonda davlatimiz imijini oshirish maqsadida fuqarolik jamiyati vakillari va mazkur sohadagi xorijiy nohukumat tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlash boʻyicha ish olib borilmoqda.
Shu bilan birga hozirgi vaqtda odam savdosiga va majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi samarali kurashishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator salbiy omillar saqlanib qolayotganligini tahlillar koʻrsatib turibdi. Jumladan:
birinchidan, vakolatli organlarning tashabbuskorligi yetarli boʻlmayapti, vakolatli organlarning yagona rahbarlik ostida yetarli darajadagi idoralararo hamkorligi mavjud emas;
ikkinchidan, mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida xolis va ishonarli axborotni keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatga yetkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar uygʻunlashtirilmagan;
uchinchidan, qonunchilik bazasi xalqaro standartlarga nomuvofiq, bu esa odam savdosiga va majburiy mehnatga aloqador shaxslarni samarali taʼqib qilish va jazolashga toʻsqinlik qilmoqda.
Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash sohasida, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini olgʻa surishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning taʼsirchan tizimini yaratish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi boʻyicha belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy komissiya) etib qayta tashkil qilinsin va uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Milliy komissiya:
a) Milliy komissiya raisining oʻrinbosari hisoblanadigan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri rahbarlik qiladigan Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiyadan;
b) Milliy komissiya raisining oʻrinbosari hisoblanadigan Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarlik qiladigan Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiyadan iborat boʻladi.
2. Quyidagilar Milliy komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini taʼminlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
milliy qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish maqsadida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qoʻyish amaliyotini oʻrganish;
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yigʻish, tahlil qilish va maʼruzalar tayyorlash.
3. Milliy komissiya bir oy muddatda:
Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiya toʻgʻrisidagi nizomni;
Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiya toʻgʻrisidagi nizomni;
2019-2020-yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”)ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari zimmasiga odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha hududiy komissiyalarga (keyingi oʻrinlarda — Hududiy komissiyalar) rahbarlik qilish vazifasi yuklansin.
5. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilik, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va Milliy komissiyaning taqdimnomalari soʻzsiz, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash hududiy komissiyalarning asosiy vazifasi etib belgilansin.
6. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha milliy maʼruzachi (keyingi oʻrinlarda — Milliy maʼruzachi) instituti taʼsis etilsin, uning funksiyalari Milliy komissiya raisi zimmasiga yuklansin.
7. Quyidagilar Milliy maʼruzachining asosiy vazifalari etib belgilansin:
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida mamlakatimiz va jahonda yuzaga kelayotgan vaziyat toʻgʻrisida, ushbu jinoyat turiga aloqador shaxslarni tergov qilish va jazolash hamda odam savdosi qurbonlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har yili axborot taqdim etish;
mazkur sohada respublikamizda koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ishonchli axborotni keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatga yetkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xorijiy davlatlarning diplomatik korpusi va xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalarini jalb etgan holda ommaviy axborot vositalari uchun muntazam ravishda brifinglar tashkil etish;
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamjamiyat bilan, ushbu yoʻnalishga ixtisoslashgan tashkilotlar va huquq himoyachilari bilan samarali hamkorlik va hamjihatlikni, davlatimizga nisbatan xurujlarga qarshi tezkor chora koʻrishni, shuningdek, mazkur sohada respublikaning xalqaro maydondagi milliy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli ravishda quyidagi qonunlarning loyihalarini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi loyiha:
odam savdosi qurbonlarini xalqaro standartlarga muvofiq identifikatsiya qilish mexanizmini belgilash;
odam savdosi qurbonlarini qayta yoʻnaltirishning milliy mexanizmini joriy etish;
b) bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilganlik uchun javobgarlik normasini belgilaydigan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi loyiha.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Milliy komissiyaning rasmiy veb-sayti ishlab chiqilishi va faoliyat yuritishini taʼminlasin;
Milliy komissiya bilan birgalikda, shu jumladan xorijiy ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda keng axborot-targʻibot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirsin, bunda davlat organlarining rahbarlari va jamoatchilik vakillarining chiqishlari nazarda tutilsin hamda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha brifinglar, internet-konferensiyalar, televizion koʻrsatuvlarda ularning ishtirok etishlarini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qoʻllanilishiga koʻmaklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar toʻgʻrisidagi 144-son Konvensiyasini (Jeneva, 1976-yil 21-iyun) ratifikatsiya qilganligi hamda Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarini amalga oshirish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasining faoliyatini tugatish toʻgʻrisida hukumat qarorini qabul qilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha Parlament komissiyasini tugatish tavsiya etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
13. Vazirliklar va idoralar ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-iyul,
PF-5775-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi PF-5775-son Farmoniga
ILOVA
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi
TARKIBI

1.

T. Narbayeva

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi

2.

P. Bobojonov

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Milliy komissiya raisining oʻrinbosari — Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiya rahbari

3.

Sh. Kudbiyev

Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Milliy komissiya raisining oʻrinbosari — Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiya rahbari

4.

N. Yoʻldoshev

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori

5.

A. Azizov

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Raisi

6.

U. Mingboyev

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi

7.

K. Kamilov

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi

8.

A. Kamilov

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri

9.

R. Davletov

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri

10.

A. Shadmanov

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri

11.

U. Muxammadiyev

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)

12.

A. Saidov

Oʻzbekiston Respublikasi Inson huquqlari milliy markazi direktori

13.

B. Ashrafxanov

Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari

14.

R. Kamilov

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti direktori

15.

K. Rafikov

Oʻzbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi

16.

R. Mamatov

Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri

17.

K. Kuranbayev

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi

19.

R. Ubaydullayeva

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori

20.

G. Jalibekova

Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi Qoraqalpogʻiston boʻlimi direktori

21.

X. Mirzaraximova

Andijon viloyati “Mehrimiz sizga” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi direktori

22.

N. Kamolova

Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazi Jizzax boʻlimi direktori

23.

Sh. Gʻaniyev

Demokratiya va inson huquqlari instituti eksperti

24.

I. Matviyenko

“Nemolchi.uz” internet loyiha asoschisi

25.

U. Gʻaynazarov

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining boshqarma boshligʻi — Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiya masʼul kotibi

26.

S. Sulaymanov

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat boʻyicha bosh davlat huquqiy inspektori — Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiya masʼul kotibi

Izoh: Milliy komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2019-y., 06/19/5775/4080-son; 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)