Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga ta’sirini kuchaytirishga yo‘naltirgan holda qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Mamlakatimizda islohotlarning faol amalga oshirilishi munosabati bilan davlat va jamiyatni rivojlantirishga oid qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning soni va ko‘lami oshdi.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar qonun hujjatlarini qo‘llash samaradorligini tahlil qilish va baholash faoliyati yetarlicha tashkil qilinmaganligi, ularning natijadorligini monitoring qilishning ta’sirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmi to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligini ko‘rsatmoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash samaradorligini yanada oshirish, noto‘g‘ri yoki ziddiyatli huquqni qo‘llash amaliyotiga olib keladigan normalar paydo bo‘lishining oldini olish, ularni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni 42-moddasiga muvofiq davlat boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi amalga oshirilishi lozimligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazish tizimini (keyingi o‘rinlarda — huquqiy monitoring) joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar huquqiy monitoringning asosiy vazifalari etib belgilansin:
normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining yagona amaliyotini joriy etish;
huquqni qo‘llash amaliyotining normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish maqsadlariga muvofiqligini o‘rganish;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning to‘liqligini ta’minlash;
normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini ta’minlash;
normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar, korrupsiyaga oid omillar, bir-birini takrorlovchi va kollizion normalarni aniqlash va bartaraf etish;
normativ-huquqiy hujjatlardagi yagona tushuncha va atamalar tizimini yaratish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
normativ-huquqiy hujjatlarni to‘laqonli ijro etish davlat boshqaruvi organlarining ustuvor vazifasidir;
normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish samaradorligi ularni amalda qo‘llash bo‘yicha huquqiy monitoring o‘tkazish yo‘li bilan aniqlanadi;
huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha amalga oshiriladi;
huquqiy monitoring O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan huquqiy monitoring o‘tkazish rejasiga (keyingi o‘rinlarda — monitoring rejasi) muvofiq amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga asosan qo‘shimcha huquqiy monitoring o‘tkazish talab etilgan taqdirda, huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan monitoring rejasiga qo‘shimcha kiritilmasdan amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring o‘tkazilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tanlab olib, takroriy huquqiy monitoring o‘tkazishga haqli;
huquqiy monitoringni o‘tkazishda davlat boshqaruvi organlari advokatlar, ilmiy-ta’lim muassasalari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini, shuningdek, fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilishga haqli. Ushbu tadbirlarni moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlarining huquqiy monitoringni o‘tkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi huquqlar berilsin:
davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘tkaziladigan huquqiy monitoringda ishtirok etish;
davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring yakunlari bo‘yicha o‘z vaqtida taqdim etilmagan, noto‘g‘ri, ishonchsiz yoki to‘liq bo‘lmagan axborot taqdim etilgan taqdirda, ularga nisbatan huquqiy monitoringni o‘tkazishdagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish.
6. Davlat boshqaruvi organlari:
a) har yili 1-fevralga qadar:
huquqiy monitoring o‘tkazilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxatini shakllantirishni va birinchi rahbar imzosi bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etishni;
monitoring rejasiga muvofiq o‘tgan yilda o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risida hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etishni;
b) har chorakda monitoring rejasiga muvofiq tahliliy ma’lumotlar hamda normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi har yili 20-fevralga qadar:
a) davlat boshqaruvi organlarining takliflari asosida monitoring rejasi loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘tgan yilda o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risida quyidagilarni nazarda tutuvchi hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
monitoring rejasining bajarilishi natijalari;
normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki ularni bekor qilish zarurati;
huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, qonunchilikdagi bo‘shliq va ziddiyatlar, shuningdek, korrupsiyaga oid normalarni bartaraf etish choralarini kuchaytirish bo‘yicha takliflar;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, huquqni qo‘llash amaliyotini hamda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har yili 20-martga qadar monitoring rejasini hamda huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risida hisobotni muhokama qilgan holda tasdiqlasin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
9. Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilab qo‘yilsinki:
davlat boshqaruvi organlari rahbarlari huquqiy monitoringni sifatli va o‘z vaqtida o‘tkazish, monitoring rejasi bo‘yicha takliflarni puxta ishlab chiqish hamda ularning o‘tkazilishi holati bo‘yicha axborotni belgilangan muddatlarda kiritish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
huquqiy monitoringni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar, shu jumladan mazkur qarorning 6-7-bandlarida nazarda tutilgan tashkiliy tadbirlar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida tashkil etiladigan maxsus elektron maydonchada amalga oshiriladi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida:
huquqiy monitoring ishtirokchilari o‘rtasida tezkor elektron hujjat aylanishini ta’minlash;
monitoring rejasini shakllantirish;
o‘tkazilgan huquqiy monitoring yakunlari bo‘yicha tayyorlangan materiallarni joylashtirish imkonini yaratuvchi maxsus elektron maydonchani joriy etish choralarini ko‘rsin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi muntazam ravishda maxsus elektron maydonchaning to‘g‘ri boshqarilishini muvofiqlashtirsin, shuningdek, o‘tkazilgan huquqiy monitoring yakunlari bo‘yicha joylashtirilgan materiallarni tahlil qilib borsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-noyabr,
PQ-4505-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-noyabrdagi PQ-4505-son qaroriga
1-ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat boshqaruvi organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini (keyingi o‘rinlarda — huquqiy monitoring) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Quyidagilar huquqiy monitoringning asosiy vazifalari hisoblanadi:
normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llashning yagona amaliyotini joriy etish;
huquqni qo‘llash amaliyotining normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish maqsadlariga muvofiqligini o‘rganish;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning to‘liqligini ta’minlash;
normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini ta’minlash;
normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar, korrupsiyaga oid omillar, bir-birini takrorlovchi va kollizion normalarni aniqlash va bartaraf etish;
normativ-huquqiy hujjatlardagi yagona tushuncha va atamalar tizimini yaratish.
3. Huquqiy monitoring obyektiga:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari kiradi.
4. Huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Huquqiy monitoring o‘tkazishni tashkil etish va muvofiqlashtirish davlat boshqaruvi organlarining yuridik xizmatlari (keyingi o‘rinlarda — yuridik xizmatlar) tomonidan amalga oshiriladi.
Huquqiy monitoringni o‘tkazishda davlat boshqaruvi organlari advokatlar, ilmiy-ta’lim muassasalari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini, shuningdek, fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilishga haqli. Ushbu tadbirlarni moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat organining tarkibiy bo‘linmalari yuridik xizmatga axborotning o‘z vaqtida, to‘liq, ishonchli va sifatli topshirilishi uchun javobgardir.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Adliya vazirligi) huquqiy monitoringni o‘tkazish bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Adliya vazirligi:
normativ-huquqiy hujjatlar huquqiy monitoringini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga;
davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘tkaziladigan huquqiy monitoringda ishtirok etishga haqli.
6. Huquqiy monitoringni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimidagi maxsus elektron maydonchada Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakllar asosida amalga oshiriladi.
7. Huquqiy monitoring ushbu Nizom ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga asosan qo‘shimcha huquqiy monitoring o‘tkazish talab etilgan taqdirda, huquqiy monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan monitoring rejasiga qo‘shimcha kiritilmasdan amalga oshiriladi.
2-bob. Monitoring rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi
8. Huquqiy monitoring o‘tkazish rejasi (keyingi o‘rinlarda — monitoring rejasi) davlat boshqaruvi organlari takliflari hamda ushbu Nizomning 10-bandida belgilangan ko‘rsatkichlar asosida har yili Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Monitoring rejasida quyidagilar aks ettiriladi:
huquqiy monitoring o‘tkazilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar nomi;
huquqiy monitoring o‘tkazilishi uchun asoslar;
huquqiy monitoring o‘tkazish uchun mas’ul davlat organi;
huquqiy monitoring o‘tkazish muddati.
10. Huquqiy monitoring o‘tkazilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar quyidagi ko‘rsatkichlarni tahlil qilish yakunlari bo‘yicha belgilanadi:
normativ-huquqiy hujjatni tushuntirish masalalari bo‘yicha murojaatlar soni (takliflar, arizalar, shikoyatlar);
normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash bilan bog‘liq, shu jumladan, huquqiy tartibga solishdagi mavjud nizolar va kamchiliklar, normativ-huquqiy hujjat qoidalari ma’nolarining buzilishi va ularni bir xilda qo‘llashning buzilishi bilan bog‘liq qanoatlantirilgan murojaatlar (takliflar, arizalar, shikoyatlar) soni va mazmuni;
normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llashda davlat boshqaruvi organlarining noqonuniy yoki asossiz qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) mavjudligi;
normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilish sohasidagi qayd etilgan qoidabuzarliklarning soni va xarakteri, shuningdek, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish holatlari soni;
arizachilarning normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan munosabatlardan kelib chiqadigan talablarini qanoatlantirish (qanoatlantirishni rad etish) to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari soni va ularni qabul qilish uchun asoslar;
normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatuvchi boshqa ko‘rsatkichlar.
11. Davlat boshqaruvi organlari har yili 1-fevralga qadar ushbu Nizomning 10-bandida belgilangan ko‘rsatkichlar asosida monitoring rejasi loyihasini shakllantirish bo‘yicha tegishli takliflarni ishlab chiqadi va birinchi rahbar imzosi bilan Adliya vazirligiga taqdim etadi.
Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlarining takliflari asosida har yili 20-fevralga qadar monitoring rejasi loyihasini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Monitoring rejasi loyihasi har yili 20-martga qadar Vazirlar Mahkamasida muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.
(11-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
3-bob. Huquqiy monitoringni o‘tkazish tartibi
12. Davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:
huquqiy monitoring obyektiga oid ma’lumotlarni to‘plash, umumlashtirish va tahlil qilish;
tahliliy ma’lumotnoma tayyorlash;
normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
huquqiy monitoring yakunlari bo‘yicha tayyorlangan tahliliy ma’lumotnoma va takliflarni Adliya vazirligiga taqdim qilish.
13. Huquqiy monitoringni amalga oshirishda ma’lumotlar quyidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil qilinadi va baholanadi:
qabul qilinishi yuqori yuridik kuchga ega hujjatlarda nazarda tutilgan qonunosti hujjatlarning mavjudligi;
qonunosti hujjatlari qabul qilinishida qonun hujjatlari normalarining ma’nolari buzilishi;
normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga nomuvofiqligi;
umumiy xarakterdagi normativ-huquqiy hujjatlar va maxsus normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida qarama-qarshiliklar mavjudligi;
turli davrlarda qabul qilingan bir xil munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda ziddiyatlarning mavjudligi;
normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaga oid omillar, bir-birini takrorlovchi va kollizion normalar, normativ-huquqiy hujjatlardagi yagona tushuncha va terminlar tizimining mavjudligi;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning to‘liqligi;
normativ-huquqiy hujjatlarda huquqiy-texnik xarakterdagi xatolar mavjudligi;
murojaatlar soni va mazmuni (takliflar, arizalar, shikoyatlar);
normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llashning yagona amaliyoti mavjudligi (yo‘qligi);
normativ-huquqiy hujjatni qo‘llashda uning ma’nosi buzilishi;
normativ-huquqiy hujjatni qo‘llashda noqonuniy yoki asossiz qarorlar, harakat (harakatsizlik)ning mavjudligi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatini keng talqin qilish imkonini beradigan me’yorlarning mavjudligi;
normativ-huquqiy hujjatning amal qilish sohasidagi qayd etilgan huquqbuzarliklarning soni va xarakteri, shuningdek, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish holatlari;
normativ-huquqiy hujjatdagi kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatuvchi boshqa ko‘rsatkichlar.
14. Huquqiy monitoring o‘tkazish jarayonida davlat boshqaruvi organlari tomonidan aniqlangan normativ-huquqiy hujjatlarning noaniqligi yoki qarama-qarshiligi mavjud bo‘lgan taqdirda, Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish predmetini baholaydi, o‘z xulosasini shakllantiradi va davlat boshqaruvi organlariga muayyan holatni tartibga solish bo‘yicha xulosasini yuboradi.
15. Davlat boshqaruvi organlarining tarkibiy bo‘linmalari:
monitoring rejasiga muvofiq huquqiy monitoring o‘tkazadi hamda natijalarini tahlil qiladi;
yuridik xizmatlarga tahliliy ma’lumotnomalar hamda normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflarni taqdim etadi.
16. Yuridik xizmatlar davlat organi tarkibiy bo‘linmalarining huquqiy monitoringni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda tarkibiy bo‘linmalar tomonidan taqdim etilgan tahliliy ma’lumotnomalar hamda takliflarni umumlashtiradi.
17. O‘tkazilgan huquqiy monitoring yakunlari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari monitoring rejasiga muvofiq tahliliy ma’lumotlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflarni Adliya vazirligiga kiritadi.
4-bob. Huquqiy monitoring o‘tkazilishini nazorat qilish
18. Normativ-huquqiy hujjatlarning huquqiy monitoringini o‘tkazish davrida yoki yakunida davlat boshqaruvi organlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan qo‘shimcha huquqiy monitoring o‘tkazilishi mumkin.
19. Monitoring rejasida belgilangan muddatlar buzilgan taqdirda, noto‘g‘ri, ishonchsiz yoki to‘liq bo‘lmagan, shu jumladan, ushbu Nizomning 13-bandida belgilangan ko‘rsatkichlarni qamrab olmasdan, axborot taqdim etilganda huquqiy monitoring yakunlari bo‘yicha Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazishda qonunbuzilishlarni bartaraf etish to‘g‘risida davlat boshqaruvi organlariga ijro etilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritishga haqli.
20. Adliya vazirligi har chorakda davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring o‘tkazilishi ahvolini tahlil qiladi, natijalari bo‘yicha zarur hollarda, huquqiy monitoringni sifatli va to‘liq o‘tkazish bo‘yicha davlat boshqaruvi organlariga tegishli maslahatlar berishi yoxud ushbu Nizomning 19-bandida belgilangan choralarni amalga oshirishi mumkin.
21. Davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring o‘tkazilishi ahvoli har chorakda davlat boshqaruvi organlari hay’at yoki boshqa kollegial organlari majlislarida muhokama qilib boriladi.
22. Huquqiy monitoring o‘tkazilishining ahvolini muhokama qilish bo‘yicha majlislarda mazkur Nizom talablarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan davlat boshqaruvi organlari mas’ul shaxslariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish masalalari ko‘rib chiqiladi.
5-bob. Huquqiy monitoring natijalari bo‘yicha yakuniy ma’lumot
23. Davlat boshqaruvi organlari har yili 1-fevralga qadar monitoring rejasiga muvofiq o‘tgan yilda ular tomonidan o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risida hisobotni Adliya vazirligiga taqdim etadi.
24. Adliya vazirligi har yili 20-fevralga qadar davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risida hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
25. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har yili 20-martga qadar huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risida hisobotni muhokama qilgan holda tasdiqlaydi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
26. Hisobotda quyidagilar aks ettiriladi:
monitoring rejasining bajarilishi natijalari;
normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki ularni bekor qilish zarurati;
huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, qonunchilikdagi bo‘shliq va ziddiyatlar, shuningdek, korrupsiyaga oid normalarni bartaraf etish choralarini kuchaytirish bo‘yicha takliflar;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, huquqni qo‘llash amaliyotini hamda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari.
27. Huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan huquqiy monitoring natijalarini amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi;
huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risidagi hisobot ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi mumkin.
Huquqiy monitoring natijalaridan qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturini tayyorlashda foydalaniladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Jamoatchilik o‘tkazilgan huquqiy monitoring yuzasidan o‘zlarining e’tirozlarini, shuningdek, huquqiy monitoring sifatini yaxshilash yuzasidan takliflarini Adliya vazirligiga bildirishi mumkin.
29. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda javobgar bo‘ladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat boshqaruvi organlari

1. Huquqiy monitoring o‘tkazish rejasi (keyingi o‘rinlarda — monitoring rejasi) loyihasini shakllantirish bo‘yicha tegishli takliflarni ishlab chiqish.

2. Takliflarni birinchi rahbar imzosi bilan Adliya vazirligiga taqdim etish.

Har yili 1-fevralga qadar

2-bosqich

Adliya vazirligi

1. Monitoring rejasi loyihasini ishlab chiqish.

2. Monitoring rejasi loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Har yili 20-fevralga qadar

3-bosqich

Vazirlar Mahkamasi

1. Monitoring rejasi loyihasini Vazirlar Mahkamasida muhokama qilish.

2. Monitoring rejasini tasdiqlash.

Har yili 20-martga qadar

4-bosqich

Davlat boshqaruvi organlari

1. Huquqiy monitoringni o‘tkazish.

Yil davomida

2. Tahliliy ma’lumotlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflarni Adliya vazirligiga kiritish

Har chorakda

5-bosqich

Adliya vazirligi

1. Davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring o‘tkazilishi ahvolini tahlil qilish.

2. Tahlil natijalari bo‘yicha zarur hollarda, huquqiy monitoringni sifatli va to‘liq o‘tkazish bo‘yicha davlat boshqaruvi organlariga tegishli maslahatlar berish yoxud huquqiy monitoringini o‘tkazishda qonun buzilishlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish.

Har chorakda

6-bosqich

Davlat boshqaruvi organlari

Monitoring rejasiga muvofiq o‘tgan yilda ular tomonidan o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risida hisobotni Adliya vazirligiga taqdim etish.

Har yili 1-fevralga qadar

7-bosqich

Adliya vazirligi

Huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risidagi hisobotni Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Har yili 20-fevralga qadar

8-bosqich

Vazirlar Mahkamasi

1. Huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risidagi hisobotni Vazirlar Mahkamasida muhokama qilish hamda tasdiqlash.

Har yili 20-martga qadar

2. Huquqiy monitoring natijalarini amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash hamda huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risidagi hisobotni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish choralarini ko‘rish.

Belgilangan muddatlarda

(ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.11.2019-y., 07/19/4505/3987-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)