O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 14-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 11-oktabrda ma’qullangan
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Garov to‘g‘risida”gi 736-XII-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 1-mayda qabul qilingan 614-I-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 96-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 156-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 1-moddaning ikkinchi qismidagi “haqli bo‘ladi, qonunda belgilab qo‘yilgan hollar bundan mustasno” degan so‘zlar “qonunda nazarda tutilgan tartibda haqli bo‘ladi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
2) 10-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Garov to‘g‘risidagi shartnomada taraflarning nomi, joylashgan eri (yashash joyi), garovning turi, garov narsasi va uning bahosi, garov bilan ta’minlanadigan majburiyatning mohiyati, miqdori va bajarilish muddati, garovga qo‘yilgan mol-mulkning tavsifi, shuningdek taraflarning kelishuviga erishilgan boshqa ma’lumotlar yoxud garov narsasini va garov bilan ta’minlanadigan majburiyatni identifikatsiya qilish uchun yetarli bo‘lgan ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Unda garovga qo‘yilgan mol-mulk taraflarning qaysi birida ekanligi ham ko‘rsatilishi kerak.
Garov narsasi mol-mulkni umumiy tavsiflash orqali, shu jumladan mazkur mol-mulkni alohida tur yoki tasnif sifatida tavsiflash vositasida identifikatsiya qilinishi mumkin.
Garov bilan ta’minlanadigan majburiyat garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatidan qoplanishi mumkin bo‘lgan majburiyatning eng ko‘p summasini ko‘rsatish yo‘li bilan identifikatsiya qilinishi mumkin.
Garov narsasini baholash garovga qo‘yuvchi bilan garovga oluvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra yoki baholash faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq garov narsasini baholashdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi”;
3) 15-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Garovda turgan mol-mulkni garovga qo‘yuvchi tomonidan o‘zga shaxsga (garovga oluvchiga) boshqa talablarni ta’minlash uchun berish navbatdagi garov hisoblanadi.
Navbatdagi garovga, agar u garov to‘g‘risidagi oldingi shartnomalarda taqiqlanmagan bo‘lsa hamda basharti oldingi va navbatdagi garovga oluvchilar tomonidan garov reyestriga tegishli yozuv kiritilgan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
Agar oldingi garov shartnomasida navbatdagi garov shartnomasini tuzish mumkin bo‘lgan shartlar nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday garov shartnomasi oldingi shartnomada ko‘rsatilgan shartlarga amal qilgan holda tuzilishi kerak. Ko‘rsatilgan shartlar buzilgan taqdirda oldingi garovga oluvchi shu tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashni garovga qo‘yuvchidan talab qilishga haqlidir.
Navbatdagi garovga oluvchining talabi oldingi garovga oluvchilarning talablaridan keyin, qonunda belgilangan tartibda ushbu mol-mulkning qiymatidan qanoatlantiriladi.
Garovga beruvchi garovga oluvchilarning har biriga mazkur mol-mulkning barcha mavjud garovlari to‘g‘risida, shuningdek ushbu garovlar bilan ta’minlangan majburiyatlarning miqdori haqida xabar berishi shart hamda bu majburiyatlar bajarilmaganligi tufayli garovga oluvchilarga yetkazilgan zararlar uchun javobgar bo‘ladi”;
4) 16-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Garovga qo‘yilgan mol-mulkka mulk huquqi yoki uni xo‘jalik asosida yuritish huquqi garovga qo‘yuvchidan ushbu mol-mulkni haq olib yoki haq olmasdan boshqa shaxsga berish natijasida yoxud universal huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda garov huquqi o‘z kuchida qoladi, bundan muomaladagi tovarlarning garovi hamda garovga qo‘yilgan mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi (xo‘jalik asosida yuritish huquqi) garovni saqlamagan holda boshqa shaxsga o‘tishiga garovga oluvchi rozilik bildirgan hollar mustasno”;
5) 19-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“uchinchi shaxslarni garov narsasiga bo‘lgan o‘z huquqlari to‘g‘risida garov reyestriga tegishli yozuvni kiritish orqali xabardor qilish”;
ikkinchi — to‘qqizinchi xatboshilari tegishincha uchinchi — o‘ninchi xatboshilar deb hisoblansin;
to‘qqizinchi xatboshisi “qonun hujjatlarida” degan so‘zlardan keyin “yoki shartnomada” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
6) 25-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qarzdor tomonidan kreditor oldidagi majburiyat bajarilmagan taqdirda, qarzdorning majburiyatini ta’minlash uchun garovni taqdim etgan uchinchi shaxs (mulkiy kafil) undiruvni garov narsasiga qaratishdan saqlanish maqsadida bu majburiyatni garov narsasining qiymati doirasida bajarishga haqlidir”;
uchinchi qismidagi “sud qaroriga muvofiq” degan so‘zlar “sud hujjatiga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
to‘rtinchi qismining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1) qonunda boshqa shaxsning yoki organning roziligi yoki ruxsati haqidagi talab belgilangan bo‘lsa”;
8) 28-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Qonunning 26-moddasiga muvofiq undiruv qaratilgan, garovga qo‘yilgan mol-mulkni majburiy ravishda realizatsiya qilish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida, elektron onlayn-auksion shaklidagi ochiq kimoshdi savdosida sotish orqali amalga oshiriladi.
Garovga qo‘yuvchining iltimosiga ko‘ra, sud undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish to‘g‘risidagi qarorda uni ochiq kimoshdi savdosida sotishni bir yil muddatgacha kechiktirishga haqli. Kechiktirish ushbu mol-mulkning garovi bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha taraflarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi hamda kreditorning kechiktirish vaqti mobaynida ko‘paygan zararlarining o‘rnini qoplashdan va neustoykani to‘lashdan qarzdorni ozod etmaydi.
Agar mol-mulk bir nechta kreditor oldidagi majburiyatlarning bajarilishini ta’minlasa, garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan pul mablag‘lari mazkur majburiyatlarni qonunda belgilangan navbat bo‘yicha bajarishga yo‘naltiriladi.
Garovga qo‘yilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, bo‘lib-bo‘lib sotish yo‘li bilan yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi mumkin.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chog‘ida tushgan summa garovga oluvchining talabini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, u, qonunda yoki shartnomada boshqacha ko‘rsatma mavjud bo‘lmagan taqdirda, yetishmayotgan summani garovga asoslangan imtiyozdan foydalanmagan holda, qarzdorning boshqa mol-mulkidan olish huquqiga ega.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chog‘ida tushgan summa garovga oluvchilarning garov bilan ta’minlangan talablari miqdoridan oshib ketsa, farq garovga qo‘yuvchiga qaytariladi.
Garovga qo‘yilgan mol-mulkni sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini bajarish chog‘ida realizatsiya qilish bo‘yicha kimoshdi savdolari elektron onlayn-auksion shaklida amalga oshiriladi”;
9) 29-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“29-modda. Garovga qo‘yilgan mol-mulkni garov bilan ta’minlangan majburiyatni suddan tashqari tartibda qoplash uchun qabul qilish
Kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganda garovga oluvchi garovga qo‘yuvchi bilan kelishuvga ko‘ra, garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotib olishga va xarid narxini garov bilan ta’minlangan o‘z talablari hisobiga o‘tkazishga haqli. Bunday kelishuvga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.
Takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganda garovga oluvchi garov narsasini realizatsiya qilinmagan garov narsasini takroriy kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich sotish narxidan ko‘pi bilan o‘n foiz kamroq summada baholab, o‘zida olib qolishga haqli. Bunda garovga oluvchi o‘zida olib qolinayotgan mol-mulkning qabul qilinayotgan qiymati bilan majburiyatning qoplangan miqdori o‘rtasidagi ijobiy farqni (mavjud bo‘lgan taqdirda) to‘lashi shart.
Agar garovga oluvchi garov narsasini o‘ziga olib qolish huquqidan takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy davomida foydalanmasa, garov shartnomasi bekor qilinadi”;
10) 32-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisidagi “kimoshdi savdosida sotilgan” degan so‘zlar “realizatsiya qilingan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
11) 36-modda quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Garovga oluvchi tomonidan uchinchi shaxsga saqlash uchun berilgan garov narsasi garovga oluvchida qoldirilgan deb hisoblanadi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 12-apreldagi O‘RQ-763-sonli Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 03/22/763/0306-son)
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2013-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 2, 5-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 11, 23-moddalar, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 418-modda; 2006-yil, № 6, 261-modda; 2007-yil, № 4, 166-modda, № 6, 248, 249-moddalar, № 9, 422-modda, № 12, 594, 595, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 177, 187-moddalar, № 9, 482, 484, 487-moddalar, № 12, 636, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 4, 136-modda, № 9, 335-modda, № 12, 469, 470-moddalar; 2010-yil, № 6, 231-modda, № 9, 334, 336, 337, 342-moddalar, № 12, 477-modda; 2011-yil, № 4, 103, 104-moddalar, № 9, 252-modda, № 12/2, 363-modda; 2012-yil, № 1, 3-modda, № 9/2, 244-modda, № 12, 336-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 385-modda; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 506, 510-moddalar, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 5-moddalar, № 4, 218, 224-moddalar, № 7, 430, 431-moddalar, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161-modda, № 5, 259, 267-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469-modda, № 9, 589, 592-moddalar) quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Mol-mulkni xatlash to‘g‘risida qaror chiqarilgandan keyin surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan garov reyestriga bir kun ichida tegishli yozuv kiritiladi, mol-mulkni xatlash haqida sud ajrimi chiqarilgandan keyin esa, qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli bo‘lgan organlar tomonidan uch sutka ichida shunday yozuv kiritiladi”;
sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlari tegishincha to‘qqizinchi va o‘ninchi qismlar deb hisoblansin;
2) 295-moddaning matni quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirilsin:
“Bunda garov reyestridan mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi yozuv chiqarib tashlanadi”.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 5, 267-modda) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 2591-modda bilan to‘ldirilsin:
“2591-modda. Kreditorlarning talablarini qarzdorning majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida berilgan mol-mulki hisobidan qanoatlantirish
Qarzdor tomonidan o‘z majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, kreditorning mol-mulk bilan ta’minlangan majburiyatlar bo‘yicha talablari ushbu mol-mulkning qiymatidan mazkur mol-mulk o‘ziga tegishli bo‘lgan shaxsning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli ravishda qanoatlantiriladi. Kreditorning imtiyozli huquqi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, qarzdorning majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida berilgan mol-mulkidan foydalanishdan yoki uni realizatsiya qilishdan olingan hosilga, mahsulotga va boshqa daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan, garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga bo‘lgan o‘z huquqlari to‘g‘risida yozuv kiritgan kreditorlar garov reyestriga tegishli yozuvni kiritmagan kreditorlar oldidagi o‘z talablarini qanoatlantirishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.
Ayni bir mol-mulkka bo‘lgan o‘z huquqlari to‘g‘risida garov reyestriga yozuv kiritgan kreditorlarning talablari quyidagi navbatga muvofiq qanoatlantiriladi:
birinchi navbatda mazkur mol-mulkni ushlab qolish orqali ta’minlanadigan majburiyatlar bo‘yicha talablar qanoatlantiriladi;
ikkinchi navbatda majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulkni olish yoki kreditor tomonidan ushbu mol-mulkni qarzdorga berishdan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha talablar qanoatlantiriladi;
uchinchi navbatda, agar mol-mulk kreditor tomonidan taqdim etilgan mablag‘lar yoki mol-mulk hisobidan olingan (ishlab chiqarilgan) bo‘lsa, mol-mulk bilan ta’minlanadigan majburiyatlar bo‘yicha talablar qanoatlantiriladi;
to‘rtinchi navbatda mazkur mol-mulk bilan ta’minlangan boshqa barcha majburiyatlar bo‘yicha talablar qanoatlantiriladi.
Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbati ular tomonidan garov reyestriga tegishli mol-mulkka bo‘lgan huquqlari to‘g‘risidagi yozuvlarni kiritishning xronologik tartibiga (vaqti va sanasiga) muvofiq aniqlanadi. Bunda kreditorlarning har bir keyingi navbatdagi talablari kreditorlarning oldingi navbatdagi talablari to‘liq qanoatlantirilganidan so‘ng qanoatlantiriladi.
Mol-mulkka bo‘lgan o‘z huquqlari to‘g‘risidagi yozuvni garov reyestriga kiritmagan kreditorlarning talablari mazkur mol-mulkka bo‘lgan huquqlari to‘g‘risidagi yozuvni garov reyestriga kiritgan kreditorlarning talablari qanoatlantirilgandan keyin ushbu mol-mulkning qiymatidan kelib chiqqan holda, bunday huquqlar yuzaga kelishining kalendar navbatiga muvofiq qanoatlantiriladi.
Kreditor o‘z talabini qanoatlantirish navbatidan o‘zganing foydasiga voz kechishga, agar bu voz kechish boshqa kreditorlarning huquqlarini cheklab qo‘ymasa, haqli”;
2) 264-moddaning ikkinchi qismidagi “qonunda belgilab qo‘yilgan chegirishlardan keyin” degan so‘zlar “qonunda nazarda tutilgan tartibda” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
3) 271-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Garov to‘g‘risidagi shartnomada garov narsasi va uning bahosi, garov bilan ta’minlanadigan majburiyatning mohiyati, miqdori va bajarilish muddati yoxud garov narsasini hamda garov bilan ta’minlanadigan majburiyatni identifikatsiya qilish uchun yetarli bo‘lgan ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Unda garovga qo‘yilgan mol-mulk taraflarning qaysi birida ekanligi ham ko‘psatilishi kerak.
Garov narsasi mol-mulkni umumiy tavsiflash orqali, shu jumladan mazkur mol-mulkni alohida tur yoki tasnif sifatida tavsiflash vositasida identifikatsiya qilinishi mumkin.
Garov bilan ta’minlanadigan majburiyat garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatidan qoplanishi mumkin bo‘lgan majburiyatning eng ko‘p summasini ko‘rsatish yo‘li bilan identifikatsiya qilinishi mumkin.
Garov to‘g‘pisidagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi kerak.
Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek notarial tartibda tasdiqlanishi kepak bo‘lgan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni ta’minlash yuzasidan ko‘char mol-mulkni yoki mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma tegishli mol-mulkka doir bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Ushbu moddaning to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlaridagi qoidalarga rioya qilmaslik garov to‘g‘risidagi shartnomaning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi”;
4) 273-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Garovda turgan mol-mulk garovga qo‘yuvchi tomonidan boshqa talablarni ta’minlash uchun garovga (navbatdagi garovga) berilishi mumkin.
Navbatdagi garovga, agar u garov to‘g‘risidagi oldingi shartnomalarda taqiqlanmagan bo‘lsa hamda basharti oldingi va navbatdagi garovga oluvchilar tomonidan garov reyestriga tegishli yozuv kiritilgan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
Garovga qo‘yuvchi har bir navbatdagi garovga oluvchiga ushbu mol-mulkning mavjud bo‘lgan barcha garovlari haqida ma’lum qilishi shart va u ushbu majburiyatni bajarmaslik tufayli garovga oluvchilarga yetkazilgan zarar uchun javob beradi.
Agar oldingi garov shartnomasida navbatdagi garov shartnomasini tuzish mumkin bo‘lgan shartlar nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday garov shartnomasi oldingi shartnomada ko‘rsatilgan shartlarga amal qilgan holda tuzilishi kerak. Ko‘rsatilgan shartlar buzilgan taqdirda oldingi garovga oluvchi shu tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashni garovga qo‘yuvchidan talab qilishga haqlidir.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulk boshqa talablarni ta’minlash uchun yana bir garovning (navbatdagi garovning) narsasiga aylansa, navbatdagi garovga oluvchining talablari ushbu Kodeksda belgilangan tartibda mazkur mol-mulkning qiymatidan qanoatlantiriladi”;
uchinchi qismidagi “sud qaroriga” degan so‘zlar “sud hujjatiga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
to‘rtinchi qismining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin;
“1) qonunda boshqa shaxsning yoki organning garov to‘g‘risida shartnoma tuzish uchun roziligi yoxud ruxsati haqidagi talab belgilangan bo‘lsa”;
6) 281-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Kodeksning 280-moddasiga muvofiq undiruv qaratilgan, garovga qo‘yilgan mol-mulkni majburiy ravishda realizatsiya qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion shaklidagi ochiq kimoshdi savdosida sotish orqali amalga oshiriladi.
Garovga qo‘yuvchining iltimosiga ko‘ra, sud undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish to‘g‘risidagi qarorda uni ochiq kimoshdi savdosida sotishni bir yil muddatgacha kechiktirishga haqli. Kechiktirish ushbu mol-mulkning garovi bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha taraflarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi hamda kreditorning kechiktirish vaqti mobaynida ko‘paygan zararlarining o‘rnini qoplashdan va neustoykani undirishdan qarzdorni ozod qilmaydi.
Garovga qo‘yilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, bo‘lib-bo‘lib sotish yo‘li bilan yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi mumkin.
Kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganda (undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilgan taqdirda) garovga oluvchi garovga qo‘yuvchi bilan kelishuvga ko‘ra, garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotib olishga va xarid narxini garov bilan ta’minlangan o‘z talablari hisobiga o‘tkazishga haqli. Bunday kelishuvga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.
Takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganda garovga oluvchi garov narsasini realizatsiya qilinmagan garov narsasini takroriy kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich sotish narxidan ko‘pi bilan o‘n foiz kamroq summada baholab, o‘zida olib qolishga haqli.
Agar garovga oluvchi garov narsasini o‘zida olib qolish huquqidan takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida foydalanmasa, garov to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilinadi.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chog‘ida tushgan summa garovga oluvchining talabini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, u, qonunda yoki shartnomada boshqacha ko‘rsatma mavjud bo‘lmagan taqdirda, yetishmayotgan summani garovga asoslangan imtiyozdan foydalanmagan holda, qarzdorning boshqa mol-mulkidan olish huquqiga ega.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chog‘ida tushgan summa garovga oluvchilarning garov bilan ta’minlangan talablari miqdoridan oshib ketsa, farq garovga qo‘yuvchiga qaytariladi.
Qarzdor yoki uchinchi shaxs bo‘lgan garovga qo‘yuvchi garov narsasi realizatsiya qilinguniga qadar istalgan vaqtda garov bilan ta’minlangan majburiyatni yoki uning muddati o‘tkazib yuborilgan qismini bajarib, undiruvni garov narsasiga qaratishni va uni realizatsiya qilishni tugatishga haqli. Bu huquqni cheklaydigan kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir”;
7) 282-modda ikkinchi qismining 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4) boshqa kreditorlar tomonidan undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratilganda, shu jumladan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijro etilganda”;
8) 283-modda birinchi qismining 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4) garovga qo‘yilgan mol-mulk realizatsiya qilingan taqdirda, shuningdek uni realizatsiya qilish mumkin bo‘lmagan taqdirda (ushbu Kodeksning 281-moddasi). Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan reyestrda ipoteka tugatilganligi to‘g‘risida belgi qo‘yilgan bo‘lishi kerak”;
9) 284-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Garovga qo‘yilgan mol-mulkka mulk huquqi yoki uni xo‘jalik asosida yuritish huquqi garovga qo‘yuvchidan ushbu mol-mulkni haq olib yoki haq olmasdan boshqa shaxsga berish natijasida yoxud universal huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda garov huquqi o‘z kuchida qoladi, bundan muomaladagi tovarlarning garovi hamda garovga qo‘yilgan mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi yoki xo‘jalik asosida yuritish huquqi garovni saqlamagan holda boshqa shaxsga o‘tishiga garovga oluvchi rozilik bildirgan hollar mustasno”;
10) 285-moddaning ikkinchi qismidagi “yoki jinoyat yoxud boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun (ushbu Kodeksning 204-moddasi)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
11) 289-moddaning yettinchi qismidagi “(ushbu Kodeks 281-moddasining uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi, to‘qqizinchi va o‘ninchi qismlari)” degan so‘zlar “(ushbu Kodeksning 281-moddasi)” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agar sotib oluvchi haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan va o‘ziga topshirilgan tovar uchun navbatdagi to‘lovni shartnomada belgilangan muddatda amalga oshirmasa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni tovarga qaratishga haqli”;
quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Tovarni kreditga sotish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan taqdirda, sotib oluvchi olingan tovar ulushining haqi to‘langan qismini majburiyatlarni bajarish ta’minoti sifatida berishga haqli”;
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Lizing shartnomasida nazarda tutilgan taqdirda, lizing oluvchi boshqa majburiyatlarning bajarilishi ta’minoti sifatida lizing obyektini mazkur obyekt qiymatining lizing beruvchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan lizing to‘lovlarining qolgan summasidan ortiq bo‘lgan qismi bo‘yicha berishi mumkin”;
uchinchi qismi to‘rtinchi qism deb hisoblansin;
14) 597-moddaning to‘rtinchi qismidagi “yoki lizing obyektini qaytarib olgan” degan so‘zlar “yoki garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 14-aprelda qabul qilingan “Lizing to‘g‘risida”gi 756-I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 108-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 608-modda; 2016-yil, № 12, 384-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
1) 11-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisidagi “lizing obyektini qaytib olgan” degan so‘zlar “garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
2) 21-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Lizing shartnomasida nazarda tutilgan taqdirda, lizing oluvchi boshqa majburiyatlarning bajarilishi ta’minoti sifatida lizing obyektini mazkur obyekt qiymatining lizing beruvchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan lizing to‘lovlarining qolgan summasidan ortiq bo‘lgan qismi bo‘yicha berishi mumkin”;
3) 23-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23-modda. Pul summalarini undirish va undiruvni lizing obyektiga qaratish
Pul summalarini undirish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi, undiruvni lizing obyektiga qaratish esa undiruvni garov narsasiga qaratish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi”.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘RQ-258-II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 169-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 8, 367-modda, № 12, 598-modda; 2008-yil, № 4, 184, 187-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda; 2010-yil, № 9, 337, 340-moddalar; 2012-yil, № 12, 336-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 7, 389-modda, № 8, 469-modda) quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritilsin:
1) 51-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“51-modda. Undiruvni qarzdorning majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulkiga qaratish
Qarzdorning boshqa mol-mulki ushbu mol-mulk bilan ta’minlanmagan, qarzdorga qo‘yilgan barcha talablarni to‘liq qanoatlantirish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, talablari mazkur mol-mulk bilan ta’minlangan kreditorning belgilangan huquqlariga, shuningdek ushbu Qonunning 6-bobida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etilgan holda undiruv qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulkiga qaratilishi mumkin. Qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulk xatlab qo‘yilganda davlat ijrochisi xatlash amalga oshirilganidan keyin uch kunlik muddatda bu haqda talablari ushbu mol-mulk bilan ta’minlangan kreditorlarga bildirishnoma yuboradi.
Qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulkini realizatsiya qilishdan tushgan summa undiruv mazkur mol-mulkka qaratilishi, uni realizatsiya qilish va kreditorlarning ushbu mol-mulk bilan ta’minlangan, undirish uchun bildirilgan talablarini qanoatlantirish munosabati bilan qilingan xarajatlarning o‘rnini qoplash uchun zarur summalar ushlab qolinganidan keyin ushbu Qonunda belgilangan tartibda taqsimlanadi.
Agar qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulkini realizatsiya qilishdan tushgan summa kreditorlarning ushbu mol-mulk bilan ta’minlangan talablarini to‘liq qanoatlantirish uchun yetarli bo‘lmay qolsa, u holda ko‘rsatilgan talablarning qolgan qismi ushbu Qonunning 80-moddasida belgilangan navbatga muvofiq qanoatlantiriladi.
Agar undiruv qarzdorning mol-mulki bilan ta’minlangan talablarni qanoatlantirish uchun qaratilgan bo‘lsa, u holda undiruv qarzdorning boshqa mol-mulki mavjudligidan yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, birinchi navbatda qarzdorning majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida berilgan tegishli mol-mulki predmetiga qaratiladi”;
2) 53-modda quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi va o‘ninchi qismlar bilan to‘ldirilsin:
“Mol-mulk xatlovini amalga oshirgan davlat ijrochisi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda garov reyestriga tegishli yozuvni kiritadi.
Xatlov bekor qilingan taqdirda garov reyestriga ilgari kiritilgan yozuv davlat ijrochisi tomonidan o‘chiriladi”;
3) 54-moddaning to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kredit bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish hisobiga undiruv qaratilayotgan garovga qo‘yilgan mol-mulk qo‘shimcha baholanmaydi hamda tijorat bank va qarz oluvchi o‘rtasida tuzilgan garov (ipoteka) to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilgan narx bo‘yicha realizatsiya qilinadi”;
oltinchi qismining ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulkni ushbu mol-mulk bilan ta’minlangan qarzni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha realizatsiya qilish chog‘ida mol-mulkni arzonlashtirish amalga oshirilmaydi va ushbu mol-mulk birinchi marta baholangan narx bo‘yicha savdo tashkiloti tomonidan qayta realizatsiya qilish uchun topshiriladi”;
yettinchi qismining ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulk ushbu mol-mulk bilan ta’minlangan qarzni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha realizatsiya qilinmagan taqdirda, davlat ijrochisi undiruvchiga takroriy auksion savdosidagi yoki savdo tashkilotlari tomonidan qayta realizatsiya qilish chog‘idagi boshlang‘ich sotish narxidan 10 foiz kamroq summadagi mol-mulkni o‘zida qoldirishni taklif qiladi”;
to‘qqizinchi qismining ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bir navbatdagi talablar bo‘yicha bir nechta undiruvchi mavjud bo‘lgan taqdirda, takliflar ijro hujjatlarining O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlariga kelib tushish navbatiga muvofiq, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulkka nisbatan esa qonunda belgilangan navbatga muvofiq davlat ijrochisi tomonidan undiruvchilarga yuboriladi”;
o‘ninchi qismining ikkinchi jumlasidagi “garovga oluvchi realizatsiya qilinmagan garovga qo‘yilgan mol-mulkni o‘zida qoldirishdan voz kechganda” degan so‘zlar “talabi realizatsiya qilinmagan mol-mulk bilan ta’minlangan kreditor realizatsiya qilinmagan mazkur mol-mulkni o‘zida qoldirishdan voz kechganda” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
5) 80-moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlaridagi “garov” degan so‘z “mol-mulk” degan so‘z bilan almashtirilsin.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 4-oktabrda qabul qilingan “Ipoteka to‘g‘risida”gi O‘RQ-58-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 535-modda; 2010-yil, № 9, 337, 340-moddalar; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda) 50-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sud qarorlarining ijrosini amalga oshiruvchi organ yoki, agar undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilgan bo‘lsa, auksion tashkilotchisi garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan tushumni qonunda nazarda tutilgan navbat tartibida taqsimlaydi. Bunda kimoshdi savdosini yoki auksionni o‘tkazish uchun qilingan chiqimlar va xarajatlarning o‘rnini qoplash boshqa barcha qolgan talablarni qoplashdan oldin navbatdan tashqari tartibda amalga oshiriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 7-yanvardagi O‘RQ-601-sonli Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2020-y., 03/20/601/0025-son)
9-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 20-yanvarda qabul qilingan O‘RQ-400-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, 1-songa ilova; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 670-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 589-modda) 348-moddasiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“To‘lovchi tomonidan bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha qarzi ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan muddat ichida to‘lanmagan taqdirda, bojxona organi undiruv qarzdorning mol-mulkiga qaratiladigan miqdordagi bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarzning summasini ko‘rsatgan holda garov reyestriga yozuv kiritadi. Yozuv bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarz to‘liq qoplanganidan yoki hisobdan chiqarilganidan keyin garov reyestridan o‘chiriladi”;
beshinchi qism oltinchi qism deb hisoblansin.
10-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 22-yanvarda qabul qilingan O‘RQ-460-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 1-ilova, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261-modda, № 9, 592-modda) quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritilsin:
1) 171-modda quyidagi mazmundagi 9-band bilan to‘ldirilsin:
“9) yozma bitim mavjud bo‘lgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti bo‘lgan ko‘char mol-mulkka qaratish to‘g‘risida talab arz qilingan bo‘lsa”;
2) 172-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi 51-band bilan to‘ldirilsin:
“51) to‘lanmagan to‘lovlar summasining hisob-kitobi va undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan ko‘char mol-mulkning tavsifi”;
3) 178-modda birinchi qismining 6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6) undirilishi lozim bo‘lgan pul summalarining miqdori yoki undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan ko‘char mol-mulk, uning tavsifi va bahosi”.
11-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 24-yanvarda qabul qilingan O‘RQ-461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 2-ilova, № 7, 433-modda, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261, 266-moddalar, № 9, 592-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
1) 135-moddaning 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) yozma bitim mavjud bo‘lgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti bo‘lgan mol-mulkka qaratish to‘g‘risida talab bildirilgan bo‘lsa”;
2) 136-modda ikkinchi qismining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) undiriladigan summaning hisob-kitobi, undiruv qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan ko‘char mol-mulkka qaratilgan taqdirda esa, undirilayotgan ko‘char mol-mulkning tavsifi va to‘lanmagan to‘lovlar summasining hisob-kitobi”;
3) 145-moddaning 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4) undirilishi lozim bo‘lgan pul summalarining miqdori yoki undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan ko‘char mol-mulk, uning tavsifi va bahosi”.
12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
14-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi va ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin yuzaga kelgan huquqiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar yuzaga kelgan huquqiy munosabatlarga nisbatan mazkur Qonun u kuchga kirganidan keyin yuzaga keladigan huquqlar va majburiyatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin olti oy ichida tergov va surishtiruv organlari, davlat soliq xizmati organlari, davlat bojxona xizmati organlari hamda boshqa davlat organlari, shuningdek o‘z talablarining garov reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mulkiy ta’minotiga ega bo‘lgan kreditorlar qarzdorlarning mol-mulkiga bo‘lgan o‘z huquqlari to‘g‘risidagi yozuvlarni garov reyestriga yozuvni ro‘yxatdan o‘tkazish sanasi sifatida oldingi davrda tegishli mulkiy ta’minotni tashkil etish sanasini ko‘rsatish yo‘li bilan kiritishga haqli.
Kreditorlarning qarzdorlar mol-mulkiga bo‘lgan huquqlari to‘g‘risidagi, ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin garov reyestriga kiritilgan talablari belgilangan tartibda navbatga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 22-oktabr,
O‘RQ-572-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.10.2019-y., 03/19/572/3943-son; 08.01.2020-y., 03/20/601/0025-son, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 03/22/763/0306-son)