|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.02.2005
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT KADASTRLARI YaGONA TIZIMINI TAShKIL ETISh VA UNI YuRITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 16-fevraldagi 66-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi toʻgʻrisidagi, Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan Davlat nazorati toʻgʻrisidagi, davlat kadastrlari yagona tizimini yaratish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 31-yanvardagi 44-son qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kadastrlari yagona tizimining faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kadastrlari yagona tizimini tashkil etish va uni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom (1-ilova);
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-martdagi 101-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, joylardagi davlat hokimiyati organlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kadastrlarining yagona tizimiga kiritish uchun “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi tomonidan belgilanadigan va tegishli davlat va tarmoq kadastrlarini yuritish toʻgʻrisidagi nizomlardagi turlar, hajmlar va muddatlarda zarur maʼlumotlarni “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasiga taqdim etsinlar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 25-dekabrdagi 534-son qarori tahririda)
3. “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiruvchi mavjud kadastrlarni takomillashtirish va yangilarini tashkil etishga oid tadbirlarning (3-ilova*) bajarilishini taʼminlasin.
* Ilova berilmaydi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 17-iyul,
255-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kadastrlari yagona tizimini tashkil etish va uni yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
1. Davlat kadastrlari yagona tizimi (DKYaT) davlat va tarmoq kadastrlarining barcha turlarini birlashtiruvchi koʻp maqsadli axborot tizimidir. Davlat kadastrlari yagona tizimida belgilangan chegaralardagi yer ustining har bir hisobga olingan kadastr uchastkasiga hujjatlashtirilgan maʼlumotlar hamda yer, suv, oʻrmon, foydali qazilmalar, binolar, inshootlar va boshqalardan iborat tabiiy va xoʻjalik resurslari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularning geografik oʻrni, huquqiy va xoʻjalik maqomi koʻrsatilgan holda, mavjud boʻlishi kerak.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-iyundagi 278-son qarori tahririda)
2. Davlat kadastrlari yagona tizimi Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy-iqtisodiy potensialini yagona umumdavlat, yaxlit va kompleks hisobga olishni, baholashni taʼminlash maqsadida tashkil etiladi va yuritiladi.
3. Davlat kadastrlari yagona tizimini tashkil etish va yuritish bilan bogʻliq munosabatlar qonunchilik va normativ hujjatlar bilan, shuningdek mazkur Nizom bilan tartibga solib boriladi.
4. Belgilangan tartibga muvofiq aniqlangan obyektlar va yer uchastkalarining huquqiy maqomi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, topografiya-geodeziya materiallari, statistik hisobga olish maʼlumotlari, davlat va tarmoq kadastrlari maʼlumotlari Davlat kadastrlari yagona tizimining asosini tashkil etadi. Davlat kadastrlari yagona tizimi doirasida hududlarni kompleks baholash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar ham jamlanadi.
5. Davlat kadastrlari yagona tizimi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, yuridik va jismoniy shaxslarni ularning faoliyatlari uchun zarur boʻlgan hududlar va koʻchmas mulklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va asoslashlar bilan tezkor taʼminlash uchun moʻljallangan.
6. Davlat kadastrlari yagona tizimining maʼlumotlari va asoslashlari davlat boshqaruvining barcha organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy kuchga egadir. Kadastr hujjatlari mulkchilik va xoʻjalik yuritishning barcha shakllaridagi obyektlar toʻgʻrisidagi huquqiy, iqtisodiy va texnik maʼlumotlarning asl manbai sifatida qabul qilinishi kerak.
7. Quyidagilar Davlat kadastrlari yagona tizimining obyektlari hisoblanadilar:
tabiiy resurslar (er, suv, oʻrmon, foydali qazilmalar va b.);
binolar va inshootlar, transport va muhandislik kommunikatsiyalari;
geodeziya tarmogʻi shoxobchalari;
Davlat kadastrlari yagona tizimi vazifalarini hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa elementlar.
8. Davlat kadastrlari yagona tizimi obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar respublika uchun yagona texnologiya (1-ilova) boʻyicha:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat yer kadastri boʻyicha — joylardagi davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 25-dekabrdagi 534-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat suv kadastri boʻyicha — “Gidrometeorologiya xizmati markazi” (tabiiy suv manbaalari), Davlat geologiya qoʻmitasi (yer osti suvlari), Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi (suv resurslaridan foydalanish va yerlarning meliorativ holati);
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 14-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 15-son, 179-modda)
davlat oʻrmon kadastri boʻyicha — Davlat oʻrmon qoʻmitasi;
foydali qazilma konlari davlat kadastri boʻyicha — Davlat geologiya qoʻmitasi;
alohida qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar kadastri boʻyicha — Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi va Oʻzbekiston FA;
hayvonot dunyosi, oʻsimliklar, baliqlar kadastri boʻyicha — Oʻzbekiston FA;
Oldingi tahrirga qarang.
binolar va inshootlar kadastri boʻyicha — joylardagi davlat hokimiyati organlari va “Oʻzgeodezkadastr” Bosh boshqarmasi;
(8-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-iyundagi 278-son qarori tahririda)
davlat shaharsozlik kadastri boʻyicha — joylardagi davlat hokimiyati organlari va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi tomonidan takdim etiladi.
Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiruvchi kadastrlar tarkibi qonunchilikka muvofiq kengaytirilishi mumkin.
Davlat va tarmoq kadastrlarini joriy etish tartibi tegishli nizomlar bilan belgilanadi.
9. Davlat kadastrlari yagona tizimi axborotidan:
iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va prognozlarini tuzish;
tabiiy resurslar va koʻchmas mulkni kompleks hisobga olish, baholash va monitoring qilish;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish vazifalarini hal etish;
xoʻjalik yuritish subyektlarining tabiiy obyektlar va hududlarga yetkazgan zararlarini baholash;
hududlar haqida maʼlumotlar talab qiluvchi boshqa faoliyatni amalga oshirish maqsadlarida foydalaniladi.
10. Davlat kadastrlari yagona tizimi oʻzi haqidagi Nizomga muvofiq faoliyatni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasining Davlat kadastri xizmati tomonidan joriy etiladi.
11. Quyidagilar Davlat kadastrlari yagona tizimining asosiy prinsiplari hisoblanadi:
respublikaning barcha hududlarini qamrab olish;
markazlashgan rahbarlik (2-ilova);
kadastr axborotlarini ishlab chiqish va taqdim etish texnologiyasining birligi;
kadastr tizimlari barcha turlarini yer kadastri negizida shakllantirish;
avtomatlashtirilgan geoaxborot texnologiyalarini qoʻllanish;
maʼlumot va asoslarning obyektivligi, toʻliqligi, aniqligi va ishonchliligi;
axborotlarni toʻldirib va yangilab borishdagi uzluksizlik;
cheklangan doiradagi foydalanuvchilar uchun maʼlumotlarning maxfiyligi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Amaldagi kadastrlar va axborotlar tizimi doirasida — olingan obyektlarning hisobi va roʻyxatdan oʻtkazilishi natijalari Davlat kadastrlari yagona tizimiga “Oʻzgeodezkadastr” tomonidan va tegishli davlat va tarmoq kadastrlarini yuritish toʻgʻrisidagi nizomlar bilan belgilanadigan tartibda vazirliklar va idoralar tomonidan bepul beriladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 25-dekabrdagi 534-son qarori tahririda)
13. Davlat kadastri xizmatining va maʼlumotlarni taqdim etuvchi organlarning mansabdor shaxslari Davlat kadastrlari yagona tizimi maʼlumotlarining ishonchliligi uchun qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
14. Davlat kadastrlari yagona tizimini tashkil etish va yuritish bilan bogʻliq ishlar davlat budjeti hisobidan mablagʻ bilan taʼminlanadi.
Nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi davlat kadastrlari yagona tizimi
tuzilmasi
Oldingi tahrirga qarang.
(Nizomning 1-ilovasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 16-noyabrdagi 499-sonli qarori tahririda)
Nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritishni tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
(Nizomning 2-ilovasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 25-dekabrdagi 534-sonli qarori tahririda)
Davlat va tarmoq kadastrlari
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 7-son, 21-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 15-son, 179-modda)