|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.02.2003
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAQD PUL MABLAG‘LARI EMISSIYASINI QISQARTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-fevraldagi 63-sonli “Pul-kredit ko‘rsatkichlarini tartibga solish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasini pasaytirish, respublika mintaqalarida pul muomalasini yaxshilash uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar, shaharlar va tumanlarda 1996-yilning ikkinchi yarim yilligida naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasini pasaytirish prognozlariga va kassa rejasiga 1, 2-ilovalarga* muvofiq rozilik berilsin.
1 va 2-ilovalar berilmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasini pasaytirish prognozlari va kassa rejalari bajarilishi ustidan bevosita va lavozimiga ko‘ra nazoratni ta’minlasinlar,
2. “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasi, “O‘zmaishiyxizmatuyushma”, O‘zbekbirlashuv, “O‘zavtotrans” korporatsiyasi, Aloqa vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “Toshshaharyo‘lovchitrans” davlat uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasining aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa vazirliklari va idoralari hokimliklar bilan birgalikda joylarda xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish, kassa rejalari bajarilishini ta’minlash uchun mansabdor shaxslar va mutaxassislarning moddiy javobgarligi va ularni rag‘batlantirish shakllari keng qo‘llanilishi yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar, kollegial organlar majlislarida ishlarning ahvolini har oyda ko‘rib chiqsinlar.
Vazirlar Mahkamasi majmuilarining rahbarlari mazkur bandning bajarilishi uchun amaliy nazoratni ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va bank muassasalari Markaziy bank boshqaruvi tomonidan 1996-yil 20-aprelda 9-son bilan tasdiqlangan Mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan kassa operatsiyalarini yuritish tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
4 Respublika mintaqalarida naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasini pasaytirish prognozlari va kassa rejalari bajarilishi uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish va ularni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin
Bosh vazirning o‘rinbosarlari, Markaziy bank, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ko‘rsatib o‘tilgan Nizomga muvofiq naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasini pasaytirish prognozlari va kassa rejalari bajarilishini ta’minlamayotgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortsinlar Buning ustidan muntazam nazorat o‘rnatsinlar.
5. Pul-kredit siyosati bo‘yicha respublika komissiyasi har bir oy yakunlari bo‘yicha mazkur qaror bandlari bajarilishini ko‘rib chiqsin va tegishli takliflar kiritsin. Shaxsan nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari, Moliya vaziri V. Hamidov, Markaziy bank boshqaruvi raisi F. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 2-iyul,
230-son
Respublika mintaqalarida pul mablag‘lari emissiyasi darajasini pasaytirish prognozlari va kassa rejalari bajarilishi uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish va ularni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1. Respublika mintaqalarida naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasi prognozlari va kassa rejalari bajarilishi uchun rag‘batlantirish va moddiy javobgarlik tizimi quyidagi rahbarlar va mansabdor shaxslar uchun belgilanadi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarning hokimlari, shuningdek ularning mintaqalarni iqtisodiy rivojlantirish va iste’mol bozorining ahvoli uchun javob beruvchi o‘rinbosarlari (hokimlarning iqtisodiyot bo‘yicha, xalq iste’mol mollari, savdo va pulli xizmatlar bo‘yicha o‘rinbosarlari);
tijorat banklarining respublika Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, shahar, tuman bo‘linmalari va filiallarining rahbarlari va pul muomalasi hamda kassa operatsiyalari bo‘limlarining boshliqlari, pul muomalasi bo‘yicha mutaxassislari;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy bosh boshqarmalari rahbarlari va pul muomalasi bo‘limlarining boshliqlari;
respublika Qoraqalpog‘iston Respublikasi , viloyat, shahar, tuman soliq organlarining rahbarlari hamda savdo korxonalari va xizmat ko‘rsatish sohasini nazorat qilish bo‘limlari boshliqlari va mutaxassislari uchun-kassa rejalarining bajarilishi qismi bo‘yicha.
2. Naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasi prognozlari va kassa rejalari o‘z vaqtida bajarilganligi va oshirib bajarilganligi uchun mazkur Nizomning 1-bandida nazarda tutilgan mansabdor shaxslar:
oylik prognozlar bajarilganligi va oshirib bajarilganligi uchun — lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda;
yil choragi prognozlari bajarilganligi va oshirib bajarilganligi uchun — lavozim maoshining 50 foizigacha miqdorda mukofotlanadilar
3. Naqd pul mablag‘lari emissiyasi darajasining belgilangan prognozlari va kassa rejalari bajarilmaganligi uchun mazkur Nizomning 1-bandida ko‘rsatib o‘tilgan mansabdor shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq:
belgilangan oylik va yil choragi prognozlari bajarilmaganligi uchun — o‘rtacha oylik ish haqining 10 foizidan 20 foizigacha miqdorda jarima solinadi.
4. Mazkur Nizomning bajarilishini Pul-kredit siyosati bo‘yicha respublika komissiyasi nazorat qiladi va u har oyda o‘zining majlislarida ushbu qaror talablariga muvofiq respublika mintaqalaridagi ishlarning ahvolini ko‘rib chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritadi.
5. Jarimalar:
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga hamda ularning tegishli o‘rinbosarlariga — Pul-kredit siyosati bo‘yicha respublika komissiyasining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Raisi tomonidan;
(5-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12-sentabr 1996-yildagi 315-son qaroriga muvofiq ikkinchi xatboshi bilan o‘zgartirilgan)
shaharlar va tumanlarning hokimlariga va ularning tegishli o‘rinbosarlariga — tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining yoki yuqori turuvchi hokimning qarori bilan;
bank muassasalari hamda soliq organlarining rahbarlariga va tegishli bo‘limlarining boshliqlari va mutaxassislariga — ularning yuqori turuvchi organlari tomonidan solinadi.
Jarimalar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 182-moddasida nazarda tutilgan tartibda solinadi.