|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.04.2010
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BOJXONA MUASSASALARI KAPITAL QURILIShINI MOLIYAVIY TAʼMINLASh VA INFRASTRUKTURASINI TAShKIL ETISh FONDI MABLAGʻLARIDAN FOYDALANISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli “Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Bojxona muassasalari kapital qurilishini moliyaviy taʼminlash va infrastrukturasini tashkil etish fondi mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 19-may,
239-son
Bojxona muassasalari kapital qurilishini moliyaviy taʼminlash va infrastrukturasini tashkil etish fondi mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Bojxona muassasalari kapital qurilishini moliyaviy taʼminlash va infrastrukturasini tashkil etish fondi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 26-oktabrdagi 272-son qaroriga muvofiq, bojxona muassasalarining moddiy-texnikaviy negizini mustahkamlash, ularning shoxobchalarini kengaytirish, texnikaviy jihozlanganligini yaxshilash va faoliyatini takomillashtirish maqsadida tuziladi.
2. Respublika bojxona muassasalari kapital qurilishini moliyaviy taʼminlash va infrastrukturasini tashkil etish fondi bojxona aʼmollari uchun rejadan tashqari daromadlar va tushumlardan ajratilgan mablagʻlar hisobiga hosil qilinadi. Bunday mablagʻlarni ajratish normasi yil boshida Bojxona qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan takliflari boʻyicha respublika Hukumati tomonidan belgilanadi.
3. Bojxona muassasalarining rejadan tashqari daromadlariga quyidagilar kiradi:
savdodan tashqari oborot boʻyicha tushgan boj poshlinasi;
Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan pochta joʻnatmalarini koʻzdan kechirish chogʻida olingan boj poshlinasi;
musodara qilingan mol-mulkni sotishdan tushgan daromadlar;
saqlash muddati tugagandan keyin talab qilib olinmagan narsalarni sotishdan olingan daromadlar;
saqlash muddati tugagandan keyin talab qilib olinmagan pul va valyutalar;
rejadan tashqari yuklarni, narsalarni va yoʻlovchilarning buyumlarini saqlab berganlik uchun yigʻimlar;
boshqa daromadlar va tushumlar (ishdan tashqari vaqtda yuklarni koʻzdan kechirish, deklarant tomonidan eʼtirof etish haqida shahodatnomalar, avtotransportni olib kelishga guvohnomalar berish, bojxona qoidalarini buzganlik uchun jarimalar va hokazo).
4. Bojxona muassasalari hisobot oyidan keyingi oyning 5-kunigacha bojxona aʼmollaridan olingan rejadan tashqari barcha daromadlar va tushumlarni Bojxona qoʻmitasining depozit schyotiga oʻtkazadilar.
Bojxona qoʻmitasi har oyning 20-kunigacha bu tushumlarning bir qismini (joriy yil uchun belgilangan miqdorda) oʻzining depozit schyotidan respublika budjetiga, qolgan qismini kapital qurilishni moliyaviy taʼminlash va infrastrukturani tashkil etish fondiga oʻtkazadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona muassasalari kapital qurilishini moliyaviy taʼminlash va infrastrukturasini tashkil etish fondining mablagʻlari quyidagilarga ishlatiladi:
bojxona muassasalari obyektlarini qurish uchun (bojxona binolari, omborxonalar, saqlash xonalari, bojxona postlari, inspektorlarning ish joylari va hokazo);
bojxona binolari va xonalarini kapital va joriy taʼmirlash ishlari uchun;
asbob-anjomlar, maxsus apparatlar, hisoblash va tashkiliy texnika, mebellar, jihozlar va transport vositalari sotib olish uchun;
aloqa vositalari sotib olish, telefon, telefaks, teletayp aloqalarini oʻrnatish xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlash uchun;
Vazirlar Mahkamasining “Respublikada bojxona xizmatini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1991-yil 26-oktabrdagi 272-son qarori bilan belgilangan tartibda ijtimoiy tadbirlarni moliyaviy taʼminlash va xodimlarni ragʻbatlantirish uchun;
kadrlarni oʻqitish va qayta tayyorlash, xodimlarni boshqa mamlakatlarga ularning bojxona faoliyati sohasidagi ish tajribasini oʻrganish maqsadida xizmat safarlariga yuborish uchun;
oʻquv va metodik qoʻllanmalarni, meʼyoriy hujjatlarning loyihalarini tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyaviy taʼminlash uchun.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi bojxona muassasalari kapital qurilishini moliyaviy taʼminlash va infrastrukturasini tashkil etish fondi mablagʻlaridan toʻgʻri foydalanishni taʼminlaydi. Yil oxirida qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga ushbu fondning mablagʻlaridan foydalanganlik haqida hisobot taqdim etadi.