Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama komissiyalar toʻgʻrisida
“Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qoʻllanilishiga koʻmaklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar toʻgʻrisidagi 144-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1976-yil 21-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini taʼminlash, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari, ish beruvchilar kasaba uyushmalari va birlashmalari oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha samarali hamkorlikni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Quyidagilar Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) asosiy vazifalari etib belgilansin:
xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat amalga oshirilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazish va pozitsiyalarini kelishish;
pozitsiyalar, huquqlar va manfaatlarni oʻzaro hisobga olish asosida amaliy hamkorlikni taʼminlash;
bosh bitim tuzish va uning ijrosini nazorat qilish orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlarini jamoa-shartnoma asosida tartibga solishga koʻmaklashish;
xalqaro tajribani oʻrganish, ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy-huquqiy munosabatlar sohasida tegishli xorijiy tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish, xalqaro mehnat normalarini ratifikatsiya qilish va qoʻllash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazish;
Xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga taalluqli savollarga javoblar va hukumatlarning Konferensiya tomonidan muhokama etiladigan matnlarga taklif etilayotgan fikr-mulohazalari boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazish;
Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qoʻllanishiga koʻmaklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar toʻgʻrisidagi 144-sonli konvensiyasida (Jeneva, 1976-yil, 21-iyun) nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish toʻgʻrisida yillik maʼruzalar eʼlon qilish;
ratifikatsiya qilinmagan konvensiyalar va tavsiyalar qoʻllanishiga va tegishli hollarda ratifikatsiya qilinishiga koʻmaklashish uchun amalga oshirilishi mumkin boʻlgan chora-tadbirlarni aniqlab olish maqsadida ularni vaqti-vaqti bilan koʻrib chiqish.
3. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama komissiyalar toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari kasaba uyushmalari tashkilotlari va ish beruvchilarning tegishli hududiy birlashmalari bilan birgalikda ikki oy muddatda ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama komissiyalar tuzilishini va ularning faoliyati tashkil etilishini taʼminlasin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-iyul,
553-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 553-son qaroriga
1-ILOVA
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasining
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatidan

B.E. Zaxidov

Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri

B.B. Ashrafxanov

moliya vazirining oʻrinbosari

X.X. Meliyev

adliya vazirining oʻrinbosari

lavozim boʻyicha

sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari

Z.M. Ziyayev

Milliy statistika qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

lavozimiga koʻra

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi boshligʻi

lavozimiga koʻra

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari

Respublika kasaba uyushmalari birlashmalaridan
(kelishuvga koʻra)

K.M. Rafikov

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi

B.X. Maxmadaliyev

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining oʻrinbosari

R.M. Bedilov

Oʻzbekiston taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi

M.X. Xalilova

Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi

I.K. Raxmatov

Navoiy kon-metallurgiya kombinati xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi

N.B. Karimova

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi apparatining mehnatni himoya qilish boʻlimi mudiri

M.N. Isayev

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi apparatining mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish boʻlimi mudiri

Ish beruvchilar respublika birlashmalaridan
(kelishuvga koʻra)

lavozim boʻyicha

Oʻzbekiston ish beruvchilari Konfederatsiyasi raisi

A.I. Ikramov

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi

A.A. Xaitov

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi

G.Gʻ. Maxmudova

Oʻzbekiston Ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi

U.T. Abdullayev

Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi

B.S. Xamidov

Oʻzbekiston banklar assotsiatsiyasi bosh direktori

A.X. Xursanov

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi

F.F. Omonov

Oʻzbekiston ish beruvchilari Konfederatsiyasi raisining oʻrinbosari

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 553-son qaroriga
2-ILOVA
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama komissiyalar toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama komissiyalarni (keyingi oʻrinlarda Komissiyalar deb ataladi) tashkil etish va ularning faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Komissiya oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi va mehnat sohasida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi ijtimoiy sheriklik organi hisoblanadi.
2. Komissiya quyidagi maqsadlarda tashkil etiladi:
ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ish beruvchilar va xodimlar tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataladi) oʻrtasida hamkorlikni amalga oshirish;
Bosh va hududiy bitimlar tuzish hamda ularning ijrosini nazorat qilish orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlarini jamoa-shartnoma asosida tartibga solishga koʻmaklashish;
Xalqaro mehnat tashkilotining (keyingi oʻrinlarda XMT deb ataladi) 1981-yilgi jamoa muzokaralariga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi konvensiyasiga (154-son) muvofiq mehnat va bandlik sharoitlarini aniqlash, ish beruvchilar va xodimlar, shuningdek, ish beruvchi va xodimlar tashkilotlari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solish boʻyicha jamoa muzokaralariga koʻmaklashish.
3. Komissiya:
respublika darajasida (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida (keyingi oʻrinlarda Hududiy komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.
4. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, boshqa qonun hujjatlariga, XMT konvensiyalari va tavsiyalariga, ushbu Nizomga amal qiladi hamda oʻz faoliyatini “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan ijtimoiy sheriklik prinsiplariga rioya qilgan holda amalga oshiradi.
2-bob. Respublika komissiyasining vazifalari, funksiyalari va huquqlari
5. Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazish va tomonlar pozitsiyalarini kelishish;
pozitsiyalar, huquqlar va manfaatlarni oʻzaro hisobga olish asosida tomonlarning amaliy hamkorligini taʼminlash;
Bosh bitim tuzish va uning ijrosini nazorat qilish orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlarini jamoa-shartnoma asosida tartibga solishga koʻmaklashish;
xalqaro tajribani oʻrganish, ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy-huquqiy munosabatlar sohasida tegishli xorijiy tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish, xalqaro mehnat normalarini ratifikatsiya qilish va qoʻllash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazish;
Xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga doir savolnomaga javoblar va hukumatlarning Konferensiya tomonidan muhokama etiladigan matnlarga taklif etiladigan fikr-mulohazalari boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazish;
Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qoʻllanilishiga koʻmaklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi 144-sonli konvensiyasida (Jeneva, 1976-yil 21-iyun) nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish haqidagi yillik maʼruzalarni eʼlon qilish;
ratifikatsiya qilinmagan va hali qoʻllanilmayotgan konvensiyalar hamda tavsiyalarni qoʻllashga va tegishli hollarda ratifikatsiya qilishga koʻmaklashish uchun koʻriladigan chora-tadbirlarni aniqlab olish maqsadida bunday konvensiya va tavsiyalarni vaqti-vaqti bilan koʻrib chiqish.
6. Respublika komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazish va Tomonlar pozitsiyalarini kelishish sohasida:
mehnat sohasidagi asosiy prinsiplar va huquqlarni amalga oshirishga, shu jumladan birlashishga va kollektiv muzokaralar olib borishga doir huquqlarni amalga oshirishga koʻmaklashadi, bolalar mehnatining majburiy va eng yomon shakllariga barham berish, kamsitmaslik, teng huquqlar, teng imkoniyatlar va teng qiymatli mehnat uchun teng haq toʻlash prinsiplariga rioya qiladi;
XMTning xalqaro mehnat normalari qoʻllanilishiga koʻmaklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi 144-sonli konvensiyasiga (Jeneva, 1976-yil 21-iyun) muvofiq xalqaro mehnat standartlarini qoʻllashga koʻmaklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar oʻtkazishda ishtirok etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
ish haqi masalalari yuzasidan maslahatlashuvlar, shu jumladan mehnatga haq toʻlash boʻyicha mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining va tarif setkalarini belgilash yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazish;
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
davlat ijtimoiy dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
2) pozitsiyalar, huquqlar va manfaatlarni oʻzaro hisobga olish asosida tomonlarning amaliy hamkorligini taʼminlash sohasida:
Oldingi tahrirga qarang.
mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi, ularni takomiliga yetkazish yuzasidan takliflar kiritish, shuningdek mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqadi;
(6-band 2-kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
jamiyatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha tomonlarning hamkorlik mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
3) Bosh bitim tuzish va uning ijrosini nazorat qilish orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlarini jamoa-shartnoma asosida tartibga solishga koʻmaklashish sohasida:
Bosh bitimni bajarish chogʻida yuzaga keladigan masalalarni Tomonlar tashabbusiga koʻra koʻrib chiqadi;
mehnatni himoya qilish va xavfsizligini boshqarishning samarali tizimini yaratishda ishtirok etadi;
tomonlar oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha Bosh bitimni va uni amalga oshirishga oid tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, shuningdek uning bajarilishini nazorat qilish;
4) xalqaro tajribani oʻrganish, ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy-huquqiy munosabatlar sohasida tegishli xorijiy tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish, xalqaro mehnat normalarini ratifikatsiya qilish va qoʻllash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazish sohasida:
ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida tegishli xorijiy tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etadi;
xalqaro mehnat normalarini ratifikatsiya qilish va qoʻllash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazishni tashkil etadi;
xalqaro mehnat standartlarini qoʻllash boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganadi;
5) Xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga taalluqli savolnomaga javoblarni shakllantirish va hukumatlarning Konferensiya tomonidan muhokama etiladigan matnlarga taklif etiladigan fikr-mulohazalari boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazish sohasida;
vakolatli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga taalluqli savolnomalarga javoblarni shakllantirish boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadi;
aholini ish bilan taʼminlash respublika dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga koʻmaklashadi;
yangi mehnat sharoitlarini belgilash yoki mavjudlarini oʻzgartirish xususidagi jamoa mehnat nizolarini hal qilishga koʻmaklashadi;
Xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga taalluqli savolnomalar boʻyicha va hukumatlarning Konferensiya tomonidan muhokama qilinadigan matnlarga taklif etiladigan fikr-mulohazalari boʻyicha tahliliy materiallar hamda maʼlumotlar tayyorlaydi;
6) Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qoʻllanishiga koʻmaklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi 144-sonli konvensiyasida (Jeneva, 1976-yil 21-iyun) nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish toʻgʻrisida yillik maʼruzalarni eʼlon qilish sohasida:
ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solishning ijobiy tajribasini oʻrganadi, umumlashtiradi va tarqatadi, uni amalda qoʻllash yuzasidan tavsiyalar va takliflar ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalariga rioya etilishini tahlil qiladi va ularni amalga oshirish boʻyicha tegishli takliflar kiritadi;
ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni taʼminlash va mehnat munosabatlari sohasida ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha hududiy uch tomonlama komissiyalarga amaliy yordam koʻrsatadi;
7) ratifikatsiya qilinmagan va hali qoʻllanilmayotgan konvensiyalar hamda tavsiyalarni qoʻllashga va tegishli hollarda ratifikatsiya qilishga koʻmaklashish uchun koʻriladigan chora-tadbirlarni aniqlab olish maqsadida bunday konvensiya va tavsiyalarni vaqti-vaqti bilan koʻrib chiqish sohasida:
xalqaro hamkorlik, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan samarali hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish hamda takomillashtirish sohasida takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
ratifikatsiya qilinmagan va hali qoʻllanilmayotgan konvensiyalar hamda tavsiyalarni qoʻllashga va tegishli hollarda ratifikatsiya qilishga koʻmaklashish uchun koʻriladigan chora-tadbirlarni aniqlab olish maqsadida bunday konvensiya va tavsiyalarni muntazam koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalari qoidalari, xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlari, ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalar ijrosini monitoring qiladi;
jamoatchilikning Respublika komissiyasi ishlari, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solishning mamlakatimiz va xorij tajribasi toʻgʻrisida xabardor boʻlishini taʼminlaydi.
7. Respublika komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha Parlament komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman), Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasidagi Bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalarini amalga oshirish boʻyicha Respublika idoralararo komissiya, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, ijtimoiy-iqtisodiy siyosat va mehnat munosabatlari sohasidagi xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
Bosh va hududiy bitimlarning bajarilishi, respublika, hududlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, shuningdek, ijtimoiy sheriklikni takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida vakolatli davlat organlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda axborot olish;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ish beruvchilar tashkilotlari va kasaba uyushmalari mansabdor shaxslarining ijtimoiy-mehnat munosabatlar masalalari boʻyicha maʼruzalarini (axborotini) eshitish;
respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlarini, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va davlat dasturlari, aholi bandligini taʼminlash dasturlarini tayyorlash boʻyicha komissiya tarkibiga oʻz vakillarini tavsiya qilish, oʻz majlislarida tegishli takliflarni koʻrib chiqish;
Respublika komissiyasi koʻrib chiqishi uchun kiritiladigan masalalarni tayyorlashga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ish beruvchilar respublika birlashmalari va kasaba uyushmalari, shuningdek, tashkilotlar vakillarini jalb qilish;
olimlar va mutaxassislarni jalb qilib, ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha doimiy va vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish;
jamoa muzokaralar va ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga soladigan bitimlarni tayyorlash, ushbu bitimlarni amalga oshirish jarayonida ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish boʻyicha tarmoq (tarmoqlararo) va boshqa komissiyalar bilan hamkorlik qilish;
uch tomonlama hamkorlik boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganish, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish yuzasidan oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish;
oʻz faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish.
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika komissiyasi ushbu nizom va qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(7-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Hududiy komissiyaning vazifalari, funksiyalari va huquqlari
8. Quyidagilar hududiy komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga, aholi turmush darajasini oshirish boʻyicha kelishilgan hududiy ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda ishtirok etish;
hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha tomonlar pozitsiyalarini kelishish;
pozitsiyalar, huquqlar va manfaatlarni oʻzaro hisobga olish asosida tomonlarning amaliy hamkorligini taʼminlash;
xalqaro mehnat normalarini qoʻllash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazish.
9. Hududiy komissiya oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga, aholi turmush darajasini oshirish boʻyicha kelishilgan hududiy ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni taʼminlashda ishtirok etish sohasida:
fuqarolarning ijtimoiy-mehnat sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir hududiy dasturlar loyihalarini koʻrib chiqadi, ularni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
tomonlar oʻrtasida hududiy (mintaqaviy) bitim loyihasini va uni amalga oshirish tadbirlarini ishlab chiqadi, shuningdek uni bajarish jarayonini nazorat qiladi;
tomonlarning tashabbusiga koʻra hududiy (mintaqaviy) bitimni bajarish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni koʻrib chiqadi;
2) hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha tomonlar pozitsiyalarini kelishish sohasida;
hududni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha tomonlar oʻzaro hamkorlik mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish boʻyicha ilgʻor tajribani oʻrganadi, umumlashtiradi va tatbiq etadi, uni amalda qoʻllash boʻyicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalariga rioya etilishini tahlil qiladi va ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli takliflar kiritadi;
mehnat sohasidagi asosiy prinsiplar va huquqlarni hududiy darajada amalga oshirishga, shu jumladan birlashishga va kollektiv muzokaralar olib borishga doir huquqlarni amalga oshirishga, bolalar mehnatining majburiy va eng yomon shakllariga barham berish, kamsitmaslik, teng huquqlar, teng imkoniyatlar va teng qiymatli mehnat uchun teng haq toʻlash prinsiplariga rioya qilishga koʻmaklashadi;
aholini ish bilan taʼminlash hududiy dasturini shakllantirishda, yaratilayotgan ish oʻrinlari, ayniqsa, yoshlar uchun yaratilayotgan ish oʻrinlari haqiqiyligi uchun jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishtirok etadi, bu yoʻnalishda hamkorlikni amalga oshirish yuzasidan choralar koʻradi;
ish haqi masalalari, shu jumladan, tashkilotlarda mehnatga haq toʻlashning minimal standartlariga rioya qilish, ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash masalalari yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazadi;
mehnatni muhofaza qilish va xavfsizligini boshqarishning samarali tizimini yaratishda ishtirok etadi;
yangi mehnat shart-sharoitlarini belgilash yoki mavjudlarini oʻzgartirish boʻyicha jamoa mehnat nizolarini hal etishga koʻmaklashadi;
davlat ijtimoiy dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi;
Respublika komissiyasi bilan hamkorlik qiladi;
hududiy komissiyaning ishlari, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish tajribasi toʻgʻrisida jamoatchilik xabardor boʻlishini taʼminlaydi.
10. Hududiy komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni taʼminlash va mehnat munosabatlari sohasida fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha Hududiy komissiya, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning mintaqaviy vakili, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
hududiy (mintaqaviy) bitimni bajarish, hududlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, shuningdek, ijtimoiy muloqotni takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida vakolatli davlat organlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda axborot olish;
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ish beruvchilar birlashmalari va kasaba uyushmalari mansabdor shaxslarining ijtimoiy-mehnat munosabatlar masalalari boʻyicha maʼruzalarini (axborotini) eshitish;
hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlarini va dasturlarini, aholi bandligini taʼminlash dasturlarini tayyorlash boʻyicha Komissiya tarkibiga oʻz vakillarini tavsiya qilish, oʻz majlislarida tegishli takliflarni koʻrib chiqish;
hududiy komissiya koʻrib chiqishi uchun kiritiladigan masalalarni tayyorlashga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ish beruvchilar birlashmalari va kasaba uyushmalari, shuningdek, tashkilotlar vakillarini jalb qilish;
olimlar va mutaxassislarni jalb qilib, ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha doimiy va vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish;
jamoa muzokaralar va ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga soladigan hududiy (mintaqaviy) bitimlarni tayyorlash jarayonida ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish boʻyicha Respublika komissiyasi bilan hamkorlik qilish;
oʻz faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish.
Oldingi tahrirga qarang.
Hududiy komissiya ushbu Nizom va qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(10-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Komissiya tarkibi va uning faoliyatini tashkil etish
11. Komissiya tarkibiga har bir tomondan hal qiluvchi ovozga ega kamida yetti nafardan vakil, shu jumladan bir nafar hamrais (tenglik prinsipi asosida) kiradi.
Respublika komissiyasida:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining doimiy aʼzolari etib quyidagilar tayinlanadi: kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri, moliya, adliya, sogʻliqni saqlash vazirlarining oʻrinbosarlari, Milliy statistika qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi vakillari;
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
quyidagilar hamraislar hisoblanadi: Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri, Oʻzbekiston ish beruvchilari va xodimlari vakillari eng koʻp boʻlgan tashkilotlarning rahbarlari.
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Hududiy komissiyada:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining doimiy aʼzolari etib hokim oʻrinbosari (Qoraqalpogʻiston Respublikasida Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari), Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshligʻi (Qoraqalpogʻiston Respublikasida kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri), moliya, adliya, sogʻliqni saqlash hududiy boshqarmalari rahbarlari oʻrinbosarlari, Statistika boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi (Qoraqalpogʻiston Respublikasida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi) boshligʻi;
(11-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
quyidagilar hamraislar hisoblanadi: ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha hokim oʻrinbosari (Qoraqalpogʻiston Respublikasida Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari), hududning ish beruvchilari va xodimlari vakillari eng koʻp boʻlgan tashkilotlarning rahbarlari.
12. Hududiy komissiyaning shaxsiy tarkibi tomonlarning takliflari asosida viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari (Qoraqalpogʻiston Respublikasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi) tomonidan tasdiqlanadi.
Komissiyaning aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan (saylangan) yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
13. Komissiyaga hamraislar orasidan uch yil muddatga saylanadigan rais rahbarlik qiladi. Komissiyaga raislik qilish uch yilda bir marta rotatsiya asosida hamraislardan biriga oʻtadi.
14. Komissiya raisi:
komissiya majlislarida raislik qiladi;
komissiya ish rejasiga takliflar kiritadi;
komissiya majlislarini chaqiradi, komissiya, uning ishchi organlari faoliyatini, majlislarda koʻrib chiqilayotgan masalalar tayyorlanishini va qabul qilingan qarorlar ijrosini tashkil etadi, shuningdek, har chorakda tomonlarni ularning bajarilish jarayonidan xabardor qiladi;
tomonlar hamkorligiga va komissiya qarorlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ular oʻrtasida kelishuvga erishilishiga koʻmaklashadi;
komissiya ishida ishtirok etish uchun ularning tarkibiga kirmaydigan mansabdor va boshqa shaxslarni taklif qiladi;
oʻz vakolati doirasida boshqa funksiyalarni bajaradi.
15. Hamraislar taqdimnomasi boʻyicha komissiya raisi tomonidan shakllantiriladigan kotibiyat komissiyaning ishchi organi hisoblanadi. Kotibiyat tarkibiga har bir tomondan bittadan vakil kiradi.
Komissiya kotibiyati:
komissiya majlislariga tayyorgarlik koʻradi;
komissiya qarorlari ijrosini nazorat qiladi;
komissiya aʼzolarini olib borilayotgan tadbirlardan xabardor qiladi;
komissiya ish rejalarini tayyorlaydi;
komissiya ish yurituvini amalga oshiradi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ish beruvchilar va xodimlar tashkilotlari, zarur hollarda esa korxonalar, tashkilotlar va muassasalar bilan tezkor aloqani amalga oshiradi;
ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
komissiya faoliyati toʻgʻrisida yillik maʼruzalar tayyorlaydi.
16. Komissiya oʻz faoliyatini ish rejalari asosida va ijtimoiy-mehnat sohasidagi masalalarni zudlik bilan hal etish zaruratini hisobga olib tashkil etadi.
Komissiya majlisi bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi.
Majlis kun tartibi kotibiyat tomonidan ish rejasi va hamraislarning kelishilgan takliflari asosida tuziladi.
Majlis oʻtkaziladigan sana, vaqt, joy va uning kun tartibi toʻgʻrisida komissiya aʼzolari oldindan, biroq majlisdan kamida 10 kun avval xabardor qilinadi.
Komissiya majlisi, agar unda har bir tomondan aʼzolarning kamida yarmi ishtirok etgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
17. Komissiya qarori kelishuv asosida yoki agar kelishuv boʻlmasa, har bir tomondan bittadan ovoz prinsipi boʻyicha ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Komissiya qarori bayonnoma shaklida qabul qilinadi, hamraislar tomonidan imzolanadi va tavsiya xususiyatiga ega boʻladi.
Qarorlarni tez qabul qilish maqsadida komissiya hamraisi komissiyaning alohida masalalari boʻyicha soʻrov orqali aʼzolar bilan kelishilgan qarorlarni tasdiqlashi mumkin.
Komissiyaning vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlarini tomonlar idora ichki qarorlarini qabul qilish orqali amalga oshiradi.
18. Komissiya tarkibida quyidagi doimiy ishchi guruhlar tuzilishi mumkin:
Bosh (hududiy) bitimni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha;
xalqaro mehnat normalarini qoʻllashga koʻmaklashish uch tomonlama maslahatlashuvlarni oʻtkazish boʻyicha;
jamoa mehnat nizolarini va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha;
mehnatni muhofaza qilish va uning xavfsizligi boʻyicha;
bandlik, ish haqi va ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha.
19. Doimiy ishchi guruhlarga komissiya aʼzolari orasidan uch nafar hamraislar tenglik asosida rahbarlik qiladi.
Doimiy ishchi guruhlarning tarkibi iqtisodiyot, mehnat huquqi, mehnatni muhofaza qilish, ijtimoiy himoya sohasidagi mutaxassislar orasidan ularning komissiyaga aʼzoligidan qatʼi nazar tuziladi va komissiya majlisida tasdiqlanadi.
Doimiy ishchi guruhlar oʻz faoliyatini oʻz hamrahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan yillik ish rejalari asosida amalga oshiradi.
Doimiy ishchi guruhlar oʻz vakolatlariga kiritilgan masalalarni koʻrib chiqadi va ular boʻyicha tavsiyalar shaklida qarorlar qabul qiladi. Tavsiyalar ishchi guruh majlisida uning hamrahbarlari oʻrtasida kelishuvga erishish orqali tasdiqlanadi.
Doimiy ishchi guruhlar majlislari, agar ularda ishchi guruh aʼzolari umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Doimiy ishchi guruhlarning u yoki bu masalalar boʻyicha tavsiyalari qarorlar qabul qilish uchun Komissiya majlislarida koʻrib chiqiladi.
5-bob. Komissiyaning aʼzolari huquqlari va majburiyatlari
20. Komissiya aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
koʻrib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishda va komissiya qarorlarini qabul qilishda ishtirok etish;
komissiya va doimiy ishchi guruhlar majlislarida koʻrib chiqish uchun komissiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ish beruvchilar va xodimlar tashkilotlari rahbarlariga, shuningdek, bevosita tashkilotlarga komissiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan soʻrovlar bilan murojaat qilish;
normativ-huquqiy hujjatlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari loyihalari, statistika, axborot va maʼlumotnoma materiallari bilan belgilangan tartibda tanishish.
21. Komissiya aʼzolari:
komissiya faoliyatiga taalluqli hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi;
komissiya qarorini ijro etishga koʻmaklashishi;
ish beruvchilar kasaba uyushmalari va birlashmalarini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini Komissiya faoliyati va Bosh (hududiy) bitim ijrosining borishidan muntazam xabardor qilishi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda Komissiya faoliyati toʻgʻrisidagi axborotning maxfiyligiga rioya qilishi va uni oshkor etmasligi shart.
(21-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6-bob. Komissiya qarorlari ijro etilishini nazorat qilish, tomonlar javobgarligi va komissiya faoliyatini moliyalashtirish
22. Komissiya qarorlarining ijrosini tomonlar mustaqil nazorat qiladi.
23. Bir yilda kamida bir marta bitimlarni amalga oshirish yakunlari va komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisidagi masalalar komissiyaga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
24. Bosh (hududiy) bitimni amalga oshirish yakunlari va komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisidagi yozma axborotni tomonlar kotibiyatga ularning bajarilishiga qarab yuboradi.
25. Komissiya faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni tomonlar oʻzaro kelishuv boʻyicha qoplaydi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2019-y., 09/19/553/3372-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)