1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.05.00 Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sirdaryo viloyatida agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va qishloq xoʻjaligida klaster ishlab chiqarishini rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etish, yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlarni yetishtirish va chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda shu asosda agrar sektorda ish unumdorligini va mehnatga haq toʻlash darajasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasi (Birlashgan Arab Amirliklari) (keyingi oʻrinlarda –”Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasi deb ataladi) oʻrtasida 2019-yil 20-mart kuni Investitsiyalar toʻgʻrisida bitim imzolanganligi;
mazkur bitimda 181,9 mln. yevro miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga Sirdaryo viloyatida tarkibida sellyuloza mavjud boʻlgan ekinlar (kannabis (Cannabis sativa L.), zigʻir (Linum usitatissimum L.) va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari)ni yetishtirish, qishloq xoʻjaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash va raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 770-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2020-y., 09/20/770/1603-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi hamda “Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasining:
Sirdaryo viloyatida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga tarkibida sellyuloza mavjud boʻlgan ekinlar va almashlab ekishda qatnashadigan boshqa turdagi ekinlarni oʻrnatilgan tartibda yetishtirish va qayta ishlashni toʻliq siklini yaratishni nazarda tutuvchi agrosanoat klasterini (keyingi oʻrinlarda agrosanoat klasteri deb ataladi) tashkil qilish loyihasini amalga oshirish;
agrosanoat klasterini yaratish uchun “RS Success Agro” masʼuliyati cheklangan jamiyatini (keyingi oʻrinlarda “RS Success Agro” MChJ deb ataladi) tashkil etish;
“RS Success Agro” MChJga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun belgilangan tartibda 2019-yilda 5 ming gektar yer maydonini uzoq muddatli ijaraga berish hamda uni 5 yil davomida 25 ming gektarga yetkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar agrosanoat klasterining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ilgʻor ilmiy yutuqlarni, sellyuloza mavjud boʻlgan ekinlar (kannabis, zigʻir) va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishning zamonaviy va samarali uslublarini, ilgʻor agrotexnik va suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 770-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2020-y., 09/20/770/1603-son)
toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan xolda kannabis hamda zigʻir tolasi va urugʻini qayta ishlashning samarali usullarini va ularni chuqur qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 770-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2020-y., 09/20/770/1603-son)
qishloq xoʻjaligi homashyosini chuqur qayta ishlash va raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish;
ilmiy va taʼlim muassasalari bilan birgalikda kannabis va zigʻirni dastlabki qayta ishlash, seleksiya va urugʻchilik yoʻnalishida, qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi navlari va duragay urugʻlarini yaratish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish.
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 770-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2020-y., 09/20/770/1603-son)
4. “Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasi va “RS Success Agro” MChJ tomonidan 2019 — 2023-yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining prognoz parametrlari ilovaga muvofiq maʼqullansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, respublikada texnik kanop (Cannabis sativa L.)ni yetishtirish, qayta ishlash va uning mahsulotlaridan foydalanishga doir tegishli normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Sirdaryo viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda xoʻjaliklararo sugʻorish va meliorativ tarmoqlarining texnik holatidan kelib chiqib, belgilangan tartibda taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirsin hamda Sirdaryo viloyatiga belgilangan limit doirasida ekin maydonlarini suv bilan taʼminlasin.
Belgilansinki, qabul qilingan investitsiya majburiyatlari bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, ushbu qarorga asosan berilgan yer uchastkalaridan foydalanilmaganda, ulardan oqilona foydalanilmagan yoxud tuproq unumdorligining pasayishiga, kimyoviy va radioaktiv ifloslanishiga, atrof-muhitning buzilishiga, respublika hududida karantin oʻsimliklari va obyektlarining paydo boʻlishi va tarqalishiga olib keluvchi usullardan foydalanilganda, shuningdek, amaldagi qonunchilik talablari bajarilmagan taqdirda yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish huquqi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq bekor qilinadi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Belgilab qoʻyilsinki:
fermer xoʻjaliklari uchun nazarda tutilgan lizing boʻyicha qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilish, oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va boshqa moddiy resurslarni yetkazib berish shartlari va tartib-qoidalari “RS Success Agro” MChJ uchun ham tatbiq etiladi;
“RS Success Agro” MChJ hududiy shart-sharoitlarini hisobga olgan holda sellyulozali oʻsimliklarning seleksiya navlarini mustaqil ravishda qonunchilikda belgilangan tartibda olib kirish va joylashtirish, ekinlarni ilmiy asoslangan tarzda almashlab ekish, shuningdek, oʻz mahsulotlarini erkin tasarruf qilish, narx siyosati va sotish, shu jumladan eksport qilish hajmlarini mustaqil belgilash huquqlarga ega.
8. “RS Success Agro” MChJ tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha respublikada ishlab chiqarilmaydigan va olib kelinadigan urugʻlar, uskunalar, maxsus transport vositalari va texnika, butlovchi qismlar, xomashyo va materiallar, shu jumladan qurilish materiallari, issiqxona komplekslari 2022-yil 1-yanvargacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 352-son qarori bilan tasiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxati.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi agrosanoat klaster obyektlarining elektr tarmoqlariga ulanishini, energiya isteʼmol qiluvchi qurilmalarni loyiha tashabbuskorlari mablagʻlari hisobiga belgilangan tartibda zarur quvvat bilan taʼminlashni amalga oshirsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi huzuridagi “Geoinnovatsiya markazi” davlat unitar korxonasi “RS Success Agro” MChJ buyurtmanomalariga binoan uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga paxta xomashyosi va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish jarayonini uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalangan holda samarali boshqarish, nazorat qilish va monitoring olib borishda belgilangan tartibda amaliy koʻmak bersin
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi buyurtmanomalariga binoan investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik kirish vizalarining konsullik va boshqa yigʻimlarsiz rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “RS Success Agro” MChJ buyurtmanomalariga binoan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji toʻlamasdan koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishini, berilishini va muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish, yashash joyida roʻyxatdan oʻtish va ularning muddatini uzaytirilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev va Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Gʻ. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-iyun,
511-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-iyundagi 511-son qaroriga ILOVA
“Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasi va “RS Success Agro” MChJ tomonidan 2019-2023-yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining
Kannabis, zigʻir va almashlab ekishda qatnashadigan boshqa turdagi ekinlarni yetishtirish (sellyulozali va moyli ekinlardan xomashyo ishlab chiqarish)
2019-yil
5 798 ga
80 000 tn xomashyo
19 641 481
2020-yil
10 000 ga
160 000 tn xomashyo
22 768 404
2021-yil
15 000 ga
240 000 tn xomashyo
26 362 120
2022-yil
20 000 ga
320 000 tn xomashyo
29 955 836
2023-yil
25 000 ga
400 000 tn xomashyo
33 549 552
2.
Sellyulozali xomashyoga birlamchi ishlov berish liniyasi (sellyulozali tola ishlab chiqarish)
2019-yil
3 dona
76 500 tn tola
12 000 000
2020-yil
3 dona
153 000 tn tola
12 000 000
2021-yil
2 dona
204 000 tn tola
8 000 000
2022-yil
2 dona
255 000 tn tola
8 000 000
2023-yil
2 dona
306 000 tn tola
8 000 000
3.
Yogʻ-moy ishlab chiqarish liniyasi
2019-yil
1 dona
18 900 tn kanop va zigʻir yogʻi
150 000
4.
Omuxta yem ishlab chiqarish liniyasi
2019-yil
1 dona
105 000 tn
omuxta yem
700 000
5.
Deking ishlab chiqarish liniyasi
2019-yil
1 dona
28 050 tn deking
350 000
6.
Arbolit ishlab chiqarish liniyasi
2019-yil
1 dona
400 000 tn arbolit
100 000
2020-yil
1 dona
800 000 tn arbolit
100 000
2021-yil
1 dona
1 200 000 tn arbolit
100 000
7.
Yogʻoch uni ishlab chiqarish liniyasi
2019-yil
1 dona
65 000 tn yogʻoch uni
100 000
8.
Investitsiya loyihalarining umumiy qiymati
2019 — 2023-yillar
181 877 393
shu jumladan:
2019-yil
33 041 481
2020-yil
34 868 404
2021-yil
34 462 120
2022-yil
37 955 836
2023-yil
41 549 552
* “RS Success Agro” MChJ muassislarining qaroriga koʻra investitsiya loyihalarining prognoz parametrlariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
** Investitsiya loyihalarining yakuniy parametrlari biznes-rejalarni ishlab chiqish natijalari boʻyicha belgilanadi.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 770-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2020-y., 09/20/770/1603-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2019-y., 09/19/511/3306-son; 07.12.2020-y., 09/20/770/1603-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)