Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Umumtaʼlim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Umumtaʼlim maktablari uchun yaratilayotgan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarning sifatini oshirish, oʻquvchilarni darsliklar bilan toʻliq taʼminlash, sifatli darsliklarni tanlash imkoniyatlarini kengaytirish, raqobatbardosh, muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish mexanizmini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umumtaʼlim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
umumtaʼlim maktablari uchun yaratiladigan muqobil darsliklarni tayanch maktablarda 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab tajriba-sinovdan oʻtkazsin;
tajriba-sinov natijalaridan olingan xulosalar asosida muqobil darsliklardan foydalanishni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduhakimov va Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-aprel,
281-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-apreldagi 281-son qaroriga
ILOVA
Umumtaʼlim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xalq taʼlimi tizimida umumtaʼlim maktablari uchun muqobil darsliklar hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalarni yaratish, ularni topshirish va qabul qilish, ekspertizadan va tajriba-sinovdan oʻtkazish, tasdiqlash va amaliyotga joriy etish tartibini belgilaydi.
Umumtaʼlim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ularni ekspertizadan, tajriba-sinovdan oʻtkazish, tasdiqlash va amaliyotga joriy etish ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
muqobil darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan bitta oʻquv fanidan oʻquvchilarga tavsiya etilgan asosiy darsliklar bilan bir qatorda alohida yoki qoʻshimcha ravishda foydalanish mumkin boʻlgan darsliklar hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalar;
ijodiy jamoalar — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga darsliklar hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalarni belgilangan talablar asosida chop etishga tayyor mahsulot (original maket) koʻrinishida taqdim etuvchilar, tuzuvchilar, davlat va nodavlat hamda xorijiy tashkilotlar, nashriyot va matbaa korxonalari, dizayn studiyalar va boshqa tashkilotlar;
original maket — chop etish uchun bosmaxonaga topshirishga toʻliq tayyor boʻlgan, barcha matn va grafik axborotlar chop etishgacha boʻlgan tayyorgarlikdan oʻtkazilib, tashqi koʻrinishi va tuzilishi jihatidan yakuniy bosqichga yetkazilgan mahsulotning (nashrning) chop etilgan varianti (kitob) yoki elektron koʻrinishidagi asl nusxasi;
ekspertlar guruhi — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzurida vazirlikning buyrugʻi bilan turli fan yoʻnalishlari boʻyicha tashkil etiladigan original maketlarni baholovchi mutaxassislardan iborat guruh;
Muvofiqlashtiruvchi kengash — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Umumiy oʻrta taʼlim tizimi uchun davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari hamda darsliklarni qayta koʻrib chiqish va yangilarini yaratish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash;
tayanch maktablar — muqobil darsliklarni tajriba-sinovdan oʻtkazish uchun Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilangan maktablar;
Ishchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi Muvofiqlashtiruvchi kengashining ishchi organi.
2-bob. Muqobil darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalarni yaratish
3. Muqobil darsliklarni yaratishga qoʻyiladigan talablar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi (keyingi oʻrinlarda vazirlik deb ataladi) keyingi oʻquv yillarida umumiy oʻrta taʼlim maktablarining oʻquvchilari hamda oʻqituvchilari foydalanishlari uchun tavsiya etiladigan darsliklar hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalarning roʻyxatini va yaratilishi lozim boʻlgan muqobil darsliklar hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalarga qoʻyiladigan talablarni ommaviy axborot vositalari va vazirlikning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida muqobil darsliklarni yaratishdan bir yil oldin eʼlon qiladi.
Eʼlonda tayyor original maketlarni topshirish va ularga qoʻyiladigan talablarning amal qilish muddatlari koʻrsatiladi.
5. Mazkur eʼlonda koʻrsatilgan talablar boʻyicha va muddatlarda muqobil darsliklar hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalarning original maketlarini yaratish istagini bildirgan ijodiy jamoalar ishtirok etish taklifini Ishchi organga rasmiy xat bilan taqdim etadi va belgilangan muddatlarda original maketlarni tayyorlaydi.
3-bob. Muqobil darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalarni topshirish va qabul qilish
6. Yaratilgan (ishlab chiqilgan, tuzilgan) muqobil darsliklar hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalar original maket holatida Ishchi organga koʻrib chiqish uchun belgilangan tartib va muddatlarda rasman taqdim etiladi.
7. Ishchi organ taqdim etilgan original maketlarni qabul qiladi va rasmiylashtiradi.
4-bob. Original maketlarni ekspertizadan oʻtkazish
8. Ishchi organ qabul qilib olingan original maketlarni qabul qilingan kunning oʻzida vazirlik huzurida vazirning buyrugʻi bilan tashkil etiladigan ekspertlar guruhiga taqdim etadi.
9. Ekspertlar guruhi taqdim etilgan original maketlarning chop etilgan varianti hamda elektron nusxalarini vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan baholash mezoni asosida ular qabul qilingan kundan boshlab ikki oy muddatda ekspertizadan oʻtkazadi hamda tegishli xulosalarni Ishchi organga taqdim etadi.
10. Ishchi organ oʻtkazilgan ekspertiza natijalariga asosan eng yuqori baholangan muqobil darsliklarning (majmualarning) original maketlarini tajriba-sinovdan oʻtkazishga rozilik olish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengashga ekspertiza yakunlangandan soʻng 1 hafta muddat ichida taqdim etadi.
5-bob. Muqobil darsliklarni tajriba-sinovdan oʻtkazish
11. Ishchi organ tomonidan muqobil darsliklarni respublikada tajriba-sinovdan oʻtkazish uchun tayanch umumtaʼlim maktablari roʻyxati Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etiladi.
12. Muvofiqlashtiruvchi kengashning qarori asosida muqobil darsliklar tajriba-sinovdan oʻtkazish uchun tayanch umumtaʼlim maktablari tanlanadi va bir oʻquv yili davomida tajriba-sinovdan oʻtkaziladi.
13. Muqobil darsliklarni tayanch umumtaʼlim maktablarida tajriba-sinovdan oʻtkazish bilan birga mazmunan, dizayn jihatdan takomillashtirish maqsadida ular vazirlikning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida onlayn tarzda keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilib, taklif va fikr-mulohazalar olinadi.
6-bob. Umumtaʼlim maktablari uchun darsliklarni tasdiqlash va amaliyotga joriy etish
14. Tajriba-sinov hamda keng jamoatchilik muhokamasi natijalariga asosan bir oy muddatda har bir fan yoʻnalishi boʻyicha taklif-mulohazalar Ishchi organ tomonidan umumlashtiriladi hamda darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni tasdiqlash uchun Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etiladi.
15. Muqobil darsliklar va ularni yaratgan ijodiy jamoalarni aniqlash boʻyicha yakuniy qaror Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan qabul qilinadi va qaror tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Baholash mezonlariga koʻra, har bir fan uchun (fanning oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda) qoʻyilgan umumiy maksimal ballning 95 foizidan yuqori ball olgan muqobil darsliklar umumtaʼlim maktablari uchun ijara tizimi asosida yaratilgan darsliklar bilan bir qatorda ixtiyoriy ravishda foydalanishga tavsiya etiladi, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi hamda elektron tarzda vazirlikning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
16. Umumtaʼlim maktablarini muqobil darsliklar bilan taʼminlash ixtiyoriy ravishda ota-onalar, maktab pedagogik jamoalari va homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
17. Ushbu Nizom yuzasidan kelib chiqadigan nizoli masalalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Umumtaʼlim maktablari uchun raqobatbardosh, muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Umumtaʼlim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ularni ekspertizadan, tajriba-sinovdan oʻtkazish, tasdiqlash va amaliyotga joriy etish
sxemasi

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari


Keyingi oʻquv yillarida umumiy oʻrta taʼlim maktablarining oʻquvchilari hamda oʻqituvchilar foydalanishlari uchun tavsiya etiladigan darsliklar hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalarning roʻyxatini va yaratilishi lozim boʻlgan darsliklar hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalarga qoʻyiladigan talablarni ommaviy axborot vositalari va vazirlikning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida eʼlonqilish.

1-bosqich

Xalq taʼlimi vazirligi

Yaratishdan bir yil oldin



1. Ommaviy axborot vositalarida eʼlon berilgan kundan boshlab, eʼlonda koʻrsatilgan muddatda;

2. Eʼlon berilgan kundan boshlab 1 yil davomida.

1. Darsliklar hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalarning original-maketlarini yaratishda ishtirok etish taklifini taqdim qilish;

2. Original maketlarni tayyorlash.

bosqich

Ijodiy jamoalar


3-bosqich

1. Ijodiy jamoalar.

2. Respublika taʼlim markazi

1. Original maketlarni Respublika taʼlim markaziga taqdim etish;

2. Taqdim etilgan original maketlarni qabul qilish va rasmiylashtirish.

Eʼlonda belgilangan muddatlarda


1. Original maketlar qabul qilingan kunning oʻzida;

2. Qabul qilingan kundan boshlab ikki oy muddatda.

4-bosqich

1. Respublika taʼlim markazi.

2. Ekspertlar guruhi.

1. Original maketlarni ekspertlar guruhiga taqdim etish.

2. Ekspertizadan oʻtkazish va xulosalarni Respublika taʼlim markaziga topshirish.


5-bosqich

Respublika taʼlim markazi

Ekspertiza natijalarini Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etish.

Eksp�rtizadan keyin 1 hafta ichida


6-bosqich

Muvofiqlashtiruvchi Kengash

Muqobil darsliklarni tajriba-sinovdan oʻtkazish uchun qaror qabul qilish

Ekspertizadan keyin 1 hafta ichida


7-bosqich

Xalq taʼlimi vazirligi

Muqobil darsliklarni tajriba-sinovdan oʻtkazish.

Bir oʻquv yili davomida


8-bosqich

Respublika taʼlim markazi

Tajriba-sinov va jamoatchilik muhokamasi natijalarini umumlashtirish.

Tajriba-sinov va jamoatchilik muhokamasidan soʻng 1 oy muddatda


9-bosqich

Muvofiqlashtiruvchi Kengash

Xalq taʼlimi vazirligi

Muqobil darsliklarni aniqlash boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish va foydalanishga tavsiya etish, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish hamda darsliklarni elektron tarzda vazirlikning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytiga joylashtirish.

Yangi oʻquv yili boshlangunga qadar

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2019-y., 09/19/281/2892-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)