Hujjat 01.04.2019 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fuqarolar yigʻinlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan mablagʻlarni va homiylik xayriyalarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini taʼminlash, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatining moliyaviy asoslarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fuqarolar yigʻinlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan mablagʻlarni va homiylik xayriyalarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda fuqarolar yigʻinlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan mablagʻlarni va homiylik xayriyalarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish borasidagi bilimlarni oshirishga qaratilgan oʻquv seminarlarini oʻtkazish rejasini ishlab chiqsin va uning amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, maʼnaviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-mart,
262-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 262-son qaroriga
ILOVA
Fuqarolar yigʻinlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan mablagʻlarni va homiylik xayriyalarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom fuqarolar yigʻinlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan mablagʻlarni va homiylik xayriyalarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan mablagʻlar (keyingi oʻrinlarda jalb etilgan mablagʻlar deb ataladi) — fuqarolar yigʻinining qaroriga asosan ixtiyoriylik asosida jismoniy va yuridik shaxslardan (shartnoma asosida) yigʻib olingan pul mablagʻlari;
homiylik xayriyalari — homiylik maqsadlariga yoʻnaltiriladigan mol-mulk, shu jumladan pul mablagʻlari.
3. Jismoniy va yuridik shaxslar homiylik xayriyalari shaklidagi yordamni qonun hujjatlariga muvofiq ixtiyoriy va begʻaraz amalga oshiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
“Homiylik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq qonunga zid boʻlgan har qanday faoliyatni homiylik vositasida qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi.
4. Fuqarolar yigʻinlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida va homiylik xayriyalari shaklidagi mablagʻlarni jalb etish, ulardan foydalanish va nazorat qilish ushbu Nizomning ilovasiga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Jalb etilgan mablagʻlarni va homiylik xayriyalarini shakllantirish
5. Jalb etilgan mablagʻlarni va homiylik xayriyalarini shakllantirish quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:
fuqarolar yigʻinining maqsadlariga mos keladigan vazifalarni hal etishga doir tadbirlarni amalga oshirish uchun fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) qaroriga asosan jalb etiladigan mablagʻlar;
hududdagi jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
fuqarolar yigʻinlari va yuridik shaxslar oʻrtasida xayriya yordami koʻrsatish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalarga asosan tegishli hududda ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va boshqacha shaklda qoʻllab-quvvatlash ifodalanadigan ixtiyoriy begʻaraz yordamlar.
6. Fuqarolar yigʻinlari tomonidan jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalari Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq bankining filiallarida ochilgan talab qilib olinguncha depozit hisobraqamlarida belgilangan tartibda jamlanadi.
3-bob. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan foydalanish
7. Fuqarolar yigʻinlari tomonidan jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan foydalanish fuqarolar yigʻini kengashining qarori asosida ushbu mablagʻlar va homiylik xayriyalarining maqsadidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida mablagʻlar jalb etish va ulardan foydalanish fuqarolar yigʻinlari va yuridik shaxslar oʻrtasida xayriya yordami koʻrsatish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalarini boshqarish hamda taqsimlash fuqarolar yigʻini raisi tomonidan amalga oshiriladi.
9. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalari, agar boshqa maqsadlarga qaratilgan boʻlmasa yoki xayriya yordami koʻrsatish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalarda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
a) kam taʼminlangan va ehtiyojmand boʻlgan yolgʻiz keksalar, nogironlar, shuningdek, birinchi navbatdagi hayotiy ehtiyojini taʼminlay olmaydigan kam daromadli, ikki va undan ortiq voyaga yetmagan bolalari bor, boquvchisi nogiron yoki mehnat qobiliyatini vaqtincha yoʻqotgan, surunkali kasalni parvarish qilayotgan oilalarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish uchun quyidagicha yoʻnaltiriladi:
uy va kvartiralarni taʼmirlash;
qattiq yoqilgʻi (koʻmir va oʻtin) mahsulotlari bilan taʼminlash;
nogironlarni reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash;
sogʻligʻini tiklash;
kommunal xizmatlar haqini toʻlash;
nikoh va sunnat toʻylarini oʻtkazish;
Keyingi tahrirga qarang.
b) mahallada tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli talofat koʻrgan oilalarga moddiy yordam koʻrsatish;
v) mahalla hududini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va sanitariya jihatdan tozalash hamda kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish;
g) ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish.
4-bob. Hisob, hisobot va nazorat
10. Fuqarolar yigʻini tomonidan jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan foydalanishning hisobini yuritish, shuningdek, undan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzish va taqdim etish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
11. Fuqarolar yigʻini huzuridagi Taftish komissiyasi fuqarolar yigʻini raisi tomonidan jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan maqsadli foydalanilishini, shuningdek, ushbu mablagʻlardan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarda maʼlumotlarning toʻgʻriligini muntazam nazorat qiladi.
Fuqarolar yigʻini huzuridagi Taftish komissiyasi jismoniy va yuridik shaxslarning yozma soʻrovlari boʻyicha, jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan foydalanishning istalgan bosqichida ularning maqsadli sarflanishini tekshiradi.
12. Fuqarolar yigʻini raisi jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalarining maqsadli ishlatilishi toʻgʻrisida har chorakda fuqarolar yigʻiniga (fuqarolar vakillarining yigʻilishiga) hisobot beradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Fuqarolar yigʻini raisi qonun hujjatlariga muvofiq jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan maqsadli foydalanishi va buxgalteriya hisobi toʻgʻri yuritilishi, shuningdek, jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarning tuzilishi va taqdim etilishi uchun javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Fuqarolar yigʻinlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan mablagʻlarni va homiylik xayriyalarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
Fuqarolar yigʻinlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida va homiylik xayriyalari shaklidagi mablagʻlarni jalb etish, ulardan foydalanish va nazorat qilish
SXEMASI

Bosqich

Subyekt

Tadbirlar

Muddat

I. Jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida va homiylik xayriyalari shaklidagi mablagʻlarni jalb etish

1-bosqich

Fuqarolar
yigʻini




Fuqarolar yigʻini raisi, Jismoniy
va yuridik shaxslar

Fuqarolar
yigʻini kengashi

1. Fuqarolar yigʻinining maqsadlariga mos keladigan vazifalarni hal qilishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun hududdagi jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida mablagʻ yigʻish boʻyicha fuqarolar yigʻini qarorini qabul qiladi.

Fuqarolar yigʻini qaroriga asosan hududdagi jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida mablagʻlar jalb etadi, homiylik xayriyalarini qabul qiladi.

2. Jismoniy va yuridik shaxslar bilan aniq maqsadlarga yoʻnaltirilgan homiylik xayriyalari boʻyicha shartnoma tuzadi.

3. Tegishli hududda muayyan ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va boshqacha shaklda qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ixtiyoriy begʻaraz yordamlar koʻrsatish haqida jismoniy va yuridik shaxslar bilan shartnoma tuzadi.

4. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalari Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq bankining filiallarida ochilgan talab qilib olinguncha depozit hisobraqamlarida jamlaydi.

5. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalarini hisobini yuritadi.

zaruratga qarab



qaror qabul qilinganidan soʻng

zaruratga qarab


zaruratga qarab



mablagʻlar va homiylik xayriyalari kelib tushganidan soʻng

II. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan foydalanish

2-bosqich

Fuqarolar yigʻini raisi

1. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan foydalanish boʻyicha fuqarolar yigʻini kengashining qarorini qabul qiladi.

2. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan belgilangan maqsadlarda foydalanadi.

3. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalarini boshqarish hamda taqsimlashni amalga oshiradi.

4. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalari, agar boshqa maqsadlarga qaratilgan boʻlmasa yoki xayriya yordami koʻrsatish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalarda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, quyidagi:

kam taʼminlangan va ehtiyojmand boʻlgan yolgʻiz keksalar, nogironlar, shuningdek, birinchi navbatdagi hayotiy ehtiyojini taʼminlay olmaydigan kam daromadli, ikki va undan ortiq voyaga yetmagan bolalari bor, boquvchisi nogiron yoki mehnat qobiliyatini vaqtincha yoʻqotgan, surunkali kasalni parvarish qilayotgan oilalarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatishga;

mahallada tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli talofat koʻrgan oilalarga moddiy yordam koʻrsatishga;

mahalla hududini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va sanitariya jihatdan tozalash hamda kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishga;

ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish maqsadlariga sarflashni amalga oshiradi.

zaruratga koʻra


qaror qabul qilinganidan soʻng



qaror qabul qilinganidan soʻng

III. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan foydalanishni nazorat qilish

3-bosqich

Fuqarolar yigʻini raisi

Fuqarolar yigʻini huzuridagi Taftish komissiyasi

1. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalari maqsadli ishlatilishi toʻgʻrisida fuqarolar yigʻiniga (fuqarolar vakillarining yigʻilishiga) hisobot berib boradi.

2. Jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan fuqarolar yigʻini raisi tomonidan maqsadli foydalanilishini hamda tayyorlangan hisobot va maʼlumotlarning toʻgʻriligini nazorat qiladi.

3. Jismoniy va yuridik shaxslarning yozma soʻrovlari boʻyicha, jalb etilgan mablagʻlar va homiylik xayriyalaridan foydalanishning istalgan bosqichida ularning maqsadli sarflanishini tekshiradi

har chorakda


muntazam



yozma soʻrovga asosan

Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2019-y., 09/19/262/2855-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)