Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
HOMIYLIK TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2007-yil 28-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 29-martda maʼqullangan
Senat tomonidan 2007-yil 29-martda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi homiylik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Homiylik toʻgʻrisidagi qonunchilik
Homiylik toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining homiylik toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
koʻngillilar — homiylik oluvchining yoxud homiylik tashkilotining manfaatlarini koʻzlab bepul ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish shaklidagi homiylikni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar;
Oldingi tahrirga qarang.
xayriya qutisi — naqd pul shaklidagi homiylik xayriyalarini yigʻish uchun moʻljallangan idish boʻlib, undan foydalanish huquqi homiylik tashkilotlariga, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslarga tegishli boʻladi;
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
homiylar — homiylikni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
homiylik (homiylik faoliyati) — yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik maqsadlarida boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga mol-mulkni, shu jumladan pul mablagʻlarini qaytarmaslik sharti bilan yoki imtiyozli shartlarda berishda, ular uchun ishlar bajarishda, ularga xizmatlar koʻrsatish va ularni boshqacha shaklda qoʻllab-quvvatlashda ifodalanadigan ixtiyoriy begʻaraz yordami (faoliyati);
homiylik oluvchilar — homiylik oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
homiylik subyektlari — homiylar, koʻngillilar, homiylik tashkilotlari, shuningdek homiylik oluvchilar;
Oldingi tahrirga qarang.
homiylik tashkiloti — homiylik faoliyatini amalga oshirish uchun tuzilgan nodavlat notijorat tashkiloti;
(3-moddaning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
homiylik xayriyalari — homiylik maqsadlariga yoʻnaltiriladigan mol-mulk, shu jumladan pul mablagʻlari.
4-modda. Homiylik maqsadlari
Homiylik quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish, shu jumladan aholining ijtimoiy jihatdan muhofaza qilinmagan va kam taʼminlangan toifalarining moddiy ahvolini yaxshilash, oʻz jismoniy yoki intellektual xususiyatlari, boshqa holatlar sababli mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan hamda qonuniy manfaatlarini himoya qila olmaydigan ishsizlarni, nogironligi boʻlgan shaxslarni va boshqa shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish;
(4-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
xalqlar oʻrtasida tinchlik, doʻstlik va totuvlikni mustahkamlashga koʻmaklashish;
oilaning jamiyatdagi nufuzi va rolini mustahkamlashga koʻmaklashish;
onalik, bolalik va otalikni himoya qilishga koʻmaklashish;
taʼlim, fan, madaniyat, sanʼat, maʼrifat sohasidagi faoliyatga, shuningdek shaxsning maʼnaviy kamol topishiga koʻmaklashish;
kasalliklar profilaktikasi va fuqarolar sogʻligʻini saqlash sohasidagi faoliyatga, shuningdek sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga koʻmaklashish, fuqarolarga maʼnaviy-ruhiy yordam koʻrsatish;
jismoniy tarbiya va ommaviy sport sohasidagi faoliyatga koʻmaklashish;
aholini tabiiy ofatlar, ekologiya, sanoat halokatlari yoki boshqa halokatlar oqibatlarini bartaraf etishga, baxtsiz hodisalarning oldini olishga tayyorlash;
terrorchilik harakatlari, tabiiy ofatlar, ekologiya, sanoat halokatlari yoki boshqa halokatlar natijasida jabrlanganlarga yordam koʻrsatish;
atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikka muvofiq homiylik boshqa maqsadlarda ham amalga oshirilishi mumkin.
(4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tijorat tashkilotlariga, siyosiy partiyalarga va harakatlarga pul mablagʻlari hamda boshqa moddiy mablagʻlar berish, oʻzga shaklda yordam koʻrsatish, shuningdek ularni qoʻllab-quvvatlash homiylik hisoblanmaydi.
Saylovoldi tashviqoti va referendumga qoʻyilgan masalalar boʻyicha tashviqot maqsadida homiylik qilish taqiqlanadi.
Qonunga zid boʻlgan har qanday faoliyatni homiylik vositasida qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi.
5-modda. Homiylikni amalga oshirishga boʻlgan huquq
Yuridik va jismoniy shaxslar homiylikni ixtiyoriy ravishda hamda moneliksiz amalga oshirishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari oʻtgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerak hamda bu xarajatlar ular biznes-rejasining oʻtgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi koʻrsatkichlari bajarilganda amalga oshiriladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-980-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son)
Yuridik va jismoniy shaxslar homiylikni yakka tartibda yoki birlashib, homiylik tashkilotini tashkil etgan yoxud tashkil etmagan holda amalga oshirishga haqli.
Homiylar oʻz homiylik xayriyalaridan foydalanish maqsadlari va tartibini belgilashga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
51-modda. Olingan homiylik xayriyalarini hisobga olish va ular toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etish
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik oluvchilar (yuridik shaxslar):
(51-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
olingan homiylik xayriyalarining hisobini yuritishi;
Oldingi tahrirga qarang.
homiylik xayriyalari olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek mavjud boʻlgan taqdirda oʻz rasmiy veb-saytlarida yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida olingan homiylik xayriyalari toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etishi shart.
(51-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik oluvchi jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarining miqdori va ulardan maqsadli foydalanilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni ushbu xayriyalarni bergan shaxslarning talabiga koʻra taqdim etadi.
(51-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
Oldingi tahrirga qarang.
52-modda. Homiylik xayriyalarini yigʻish
Homiylik xayriyalarini yigʻish muayyan homiylik oluvchilarning manfaatlarini koʻzlab, oldindan eʼlon qilingan muddat davomida amalga oshiriladi.
Homiylik xayriyalari homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan oʻz bank hisobvaraqlariga pul mablagʻlarini oʻtkazish orqali, naqd pul yoki mol-mulk shaklida yigʻilishi mumkin.
Homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan homiylik xayriyalarini naqd pul shaklida yigʻish faqat xayriya qutisi yordamida amalga oshiriladi, bundan naqd pul shaklidagi homiylik xayriyalarini ularning bank hisobvaraqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazish hollari mustasno.
Homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan homiylik xayriyalari mol-mulk shaklida yigʻilgan taqdirda, qabul qilib olingan mol-mulk roʻyxati shakllantirilib, mol-mulkning turi, miqdori (hajmi) koʻrsatilgan holda dalolatnoma tuziladi.
Homiylik xayriyalarini yigʻish jarayoni boshlanishidan kamida bir kun oldin homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar homiylik xayriyalarini yigʻish shakllariga qarab, ular yigʻiladigan bank hisobvaraqlari, xayriya qutilari joylashtiriladigan va mol-mulk yigʻiladigan manzillar, homiylik xayriyalarini yigʻishning maqsadi, muddatlari, zarur boʻlgan pul mablagʻining (mol-mulkning) miqdori toʻgʻrisida va homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar bilan bogʻlanish uchun maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoki oʻz rasmiy veb-saytida yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qiladi.
Homiylik tashkilotlari va homiylikni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar yigʻilgan homiylik xayriyalari miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotni homiylik xayriyalari yigʻish jarayoni tugagach bir kun ichida ommaviy axborot vositalarida yoki oʻz rasmiy veb-saytida yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qiladi.
Homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar yigʻilgan homiylik xayriyalaridan homiylik maqsadlarida foydalanilganligi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotni tegishli soliq hisobotida aks ettirishi shart.
Jismoniy shaxs homiylik xayriyalarini faqat oʻzi yoki yaqin qarindoshlari (ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-ukasi va opa-singillari, eri (xotini), farzandi, shu jumladan farzandlikka olingan bolalari, bobosi, buvisi, nevaralari, shuningdek erning (xotinning) ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillari) uchun oʻz bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartasiga pul oʻtkazish orqali, naqd pul yoki mol-mulk shaklida yigʻishga haqli.
Koʻngillilar homiylik oluvchilarning manfaatlarini koʻzlab, homiylik xayriyalarini yigʻishga faqat eʼlon berish orqali koʻmaklashadi, bundan ushbu moddaning sakkizinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Bunda homiylik xayriyalarini yigʻish homiylik oluvchi jismoniy shaxslar yoki ularning yaqin qarindoshlari nomlariga ochilgan bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartalariga pul oʻtkazish orqali yoki ularga bevosita naqd pul (mol-mulk) berish orqali, shuningdek homiylik oluvchi yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga pul mablagʻlarini oʻtkazish yoki ularga mol-mulk berish orqali amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan homiylik oluvchilarning manfaatlarini koʻzlab homiylik xayriyalarini yigʻishga hamda pul yigʻish uchun oʻziga tegishli boʻlgan bank hisobvaraqlari va bank kartalari raqamlari haqida eʼlon berishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu moddaning sakkizinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
53-modda. Xayriya qutilarini oʻrnatish va ulardan foydalanish
Homiylik xayriyalarini yigʻish uchun xayriya qutilaridan faqat homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi va homiylik oluvchi yuridik shaxslar foydalanadi.
Xayriya qutisi shaffof boʻlishi va uni ochish joyi homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan imzolangan hamda homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning muhri bilan muhrlangan qogʻozli plomba yoki raqamlangan plomba bilan plombalangan boʻlishi shart.
Homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs tomonidan xayriya qutisida homiylik xayriyalarini yigʻish maqsadi toʻgʻrisidagi axborot, oʻzining rasmiy nomi va yuridik manzili, u bilan aloqa bogʻlashga doir maʼlumotlar, shuningdek rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haqidagi maʼlumotlar joylashtirilishi shart.
Xayriya qutisini oʻrnatish koʻchmas mulk egasi yoki u vakolat bergan shaxs va homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs oʻrtasida yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi (bundan koʻchmas mulk homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning egaligida yoki foydalanishida boʻlgan hollar, shuningdek xayriya qutisining homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs tomonidan tashkil etiladigan tadbir joyida va tadbir vaqtida oʻrnatilganligi hollari mustasno). Xayriya qutisini koʻchmas mulk hududida saqlash shartlari shartnomada koʻrsatiladi.
Xayriya qutisidagi yigʻilgan pul mablagʻlari xayriya qutisi toʻlganda, toʻplangan mablagʻlardan foydalanish ehtiyoji yuzaga kelganda yoki homiylik xayriyalarini yigʻish muddatlari tugaganda olinadi.
Xayriya qutisi homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning vakolatli xodimi tomonidan kamida ikki nafar xolis hozirligida xayriya qutisi oʻrnatilgan joyda ochiladi va hisoblab chiqiladi. Xayriya qutisini ochish va mablagʻlarni hisoblab chiqish jarayoni videoyozuvga olinadi.
Xayriya qutisidan olingan pul mablagʻlarining miqdori homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning vakolatli xodimi va kamida ikki nafar xolis tomonidan imzolanadigan dalolatnomada qayd etiladi.
Dalolatnoma va videoyozuv homiylik tashkilotida, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsda saqlanadi hamda dalolatnoma tuzilgan kundan eʼtiboran bir kun ichida dalolatnomadagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida yoki ularning rasmiy veb-saytida yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilinadi.
Pul mablagʻlari homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs tomonidan xayriya qutisidan olingan kunda yoki keyingi ish kunida homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning bankdagi hisobvaragʻiga oʻtkazilishi shart.
Ushbu moddaning qoidalari ehson qutilarini oʻrnatgan diniy tashkilotlarga va ular tomonidan tashkil etilgan jamoat fondlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(52 va 53-moddalar Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
2-bob. Homiylik tashkilotlari
6-modda. Homiylik tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy shakli
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkilotlari jamoat birlashmasi, jamoat fondi shaklida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shaklda tashkil etilishi mumkin.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 74—77-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 10—13-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi OʻRQ-405-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Homiylik tashkilotlari oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanuvchi uyushmalarga (ittifoqlarga) va oʻzga birlashmalarga birlashishlari mumkin.
7-modda. Homiylik tashkilotining muassislari
Homiylik tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy shakliga qarab yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar ularning muassislari boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek, davlat muassasalari hamda tashkilotlari homiylik tashkilotining muassislari boʻlishi mumkin emas.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
8-modda. Homiylik tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 21—27-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 12-dekabrdagi PQ-2085-sonli “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga koʻmaklashish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Adliya organining homiylik tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish haqidagi qarori, shuningdek mazkur organning davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddatlarini buzganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
9-modda. Homiylik tashkilotlarining mol-mulki
Binolar, yer uchastkalari, transport, inshootlar, asbob-uskunalar, pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar va boshqa mol-mulk, shuningdek axborot resurslari va oʻzga intellektual faoliyat natijalari homiylik tashkilotining mulki boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkiloti oʻzida boʻlgan mol-mulkka nisbatan qonunchilikka, tashkilotning ustaviga va homiylik maqsadlariga zid boʻlmagan har qanday bitim tuzishga haqli.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkiloti oʻz taʼminoti (shu jumladan faoliyati bilan bogʻliq barcha xarajatlari) uchun moliya yilida oʻzi sarflaydigan moliyaviy mablagʻlarning koʻpi bilan 30 foizidan foydalanishga haqli. Ushbu cheklov homiylik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan shaxslarning mehnatiga haq toʻlashga nisbatan qoʻllanilmaydi.
(9-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
Homiylik tashkiloti koʻngillilarning ushbu tashkilotdagi faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarini (xizmat safari, transport xarajatlarini va boshqa xarajatlarini) toʻlashi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalaridan homiylik tashkilotining hisobvaragʻiga tushgan mablagʻlardan faqat bu mablagʻlarni ajratish chogʻida nazarda tutilgan homiylik maqsadlari uchun foydalaniladi.
Homiylik tashkilotlariga berilgan homiylik xayriyalaridan faqat homiylik maqsadlarida foydalaniladi va bu xayriyalardan homiylik tashkilotlarini saqlash uchun foydalanilishi mumkin emas.
Homiylik tashkilotining mol-mulki bu tashkilotning muassislariga yoki aʼzolariga boshqa shaxslarga sotilishi yoxud berilishiga qaraganda qulayroq shartlarda sotilishi yoki berilishi mumkin emas.
Homiylik tashkiloti oʻz majburiyatlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulki bilan javob beradi.
10-modda. Homiylik tashkilotining mol-mulkini shakllantirish manbalari
Homiylik tashkilotining mol-mulkini shakllantirish manbalari quyidagilar boʻlishi mumkin:
homiylik tashkiloti muassislarining badallari, aʼzolikka asoslangan homiylik tashkilotlari uchun esa aʼzolik badallari;
yuridik va jismoniy shaxslarning pul va (yoki) boshqa mol-mulk shaklidagi homiylik xayriyalari;
aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlardan olingan daromadlar;
qonun bilan ruxsat etilgan tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar, shu jumladan homiylik tashkiloti taʼsis etgan tijorat tuzilmalaridan tushgan tushumlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 40-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 31-moddasiga koʻra tijoratchi boʻlmagan tashkilot (nodavlat notijorat tashkilot) oʻzining ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
homiylar va koʻngillilarni jalb etish, shu jumladan homiylik xayriyalari yigʻish maqsadida oʻtkaziladigan koʻngilochar, madaniy, sport tadbirlari va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish kampaniyalarini oʻtkazishdan tushadigan mablagʻlar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda belgilangan tartibda lotereyalar va kimoshdi savdolari oʻtkazishdan olingan daromadlar;
(10-moddaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son Farmoni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
(10-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Homiylik dasturi
Homiylik dasturi homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi tomonidan tasdiqlangan va mazkur tashkilotning ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan vazifalarni hal qilishga qaratilgan tadbirlar majmuidir.
Homiylik dasturi moʻljallanayotgan tushumlar hamda rejalashtirilayotgan xarajatlar smetasini (shu jumladan homiylik dasturini amalga oshirishda ishtirok etayotgan shaxslarning mehnatiga haq toʻlashni) oʻz ichiga oladi, dasturni amalga oshirish bosqichlari va muddatlarini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik dasturlarini (shu jumladan homiylik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash xarajatlarini va homiylik dasturlarini amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni) moliyalashtirish uchun moliya yilida tushgan daromadlarning, qonun bilan ruxsat etilgan tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlarning, shu jumladan homiylik tashkiloti taʼsis etgan tijorat tuzilmalaridan tushgan tushumlarning kamida 70 foizidan foydalanilishi kerak.
(11-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
Homiylik dasturlari amalga oshirilayotganda tushgan mablagʻlardan shu dasturlarda belgilangan muddatlarda foydalaniladi.
12-modda. Homiylik tashkilotini qayta tashkil etish va tugatish
Homiylik tashkilotini qayta tashkil etish va tugatish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 va 53-moddalari hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 36-moddasi.
Homiylik tashkiloti tugatilganda uning kreditorlar talablari qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulkidan tashkilot ustavida nazarda tutilgan tartibda yoki, agar homiylik tashkilotining mol-mulkidan foydalanish tartibi uning ustavida nazarda tutilmagan boʻlsa yoxud qonunda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, tugatish komissiyasining qaroriga binoan homiylik maqsadlarida foydalaniladi.
3-bob. Homiylikning amalga oshirilishida davlatning ishtirok etishi. Xalqaro homiylik faoliyati
13-modda. Homiylik subyektlariga davlat tomonidan kafolatlar berilishi
Homiylik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan kafolatlanadi.
Homiylik subyektining oʻz homiylik maqsadlarini va amalga oshirish shakllarini tanlash erkinligini cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
14-modda. Homiylikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Davlat homiylikni quyidagi shakllarda qoʻllab-quvvatlashi mumkin:
homiylik tashkilotlari ishlab chiqadigan homiylik dasturlarini tanlov asosida davlat tomonidan moliyalashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat mol-mulkini homiylik tashkilotlariga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda bepul yoki imtiyozli asosda mulk qilib berish;
(14-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
davlat mulki boʻlgan binolar, joylar va boshqa mol-mulk ijarasi haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar berish;
homiylik tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish;
homiylar, koʻngillilar hamda homiylik tashkilotlarini ragʻbatlantirish.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikka muvofiq davlat homiylikni boshqa shakllarda ham qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik oluvchilar tomonidan homiylik xayriyalarining olinishi ularning qonunchilikda belgilangan boshqa yordam turlaridan, toʻlovlardan yoki imtiyozlardan foydalanishini cheklash yoki toʻxtatish uchun asos boʻlmaydi.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi OʻRQ-1083-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
15-modda. Homiylik subyektlariga beriladigan imtiyozlar
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik subyektlariga qonunchilikka muvofiq imtiyozlar beriladi.
(15-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 159, 211, 308 va 324-moddalariga muvofiq homiylik subyektlariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar berilgan.
16-modda. Homiylik tashkiloti faoliyati ustidan nazorat
Adliya organlari homiylik tashkilotining ustavi qoidalariga rioya etilishi ustidan oʻz vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkilotining moliyalashtirish manbalari va daromadlari hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashi ustidan davlat soliq xizmati organlari qonunchilikka muvofiq davlat nazoratini amalga oshiradi.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkilotining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda adliya va davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladi.
(16-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 47-bandi.
Homiylik tashkilotiga mol-mulk, shu jumladan pul mablagʻlari beruvchi homiylar mazkur tashkilotdan shu mol-mulkdan maqsadli foydalanilganligi toʻgʻrisida hisobot talab qilishga haqli.
Homiylik tashkiloti oʻz yillik hisobotlaridan erkin foydalanilishini taʼminlaydi.
Homiylik tashkiloti daromadlari va xarajatlarining miqdorlari hamda tuzilishi, mol-mulki, xodimlarining soni, ularning mehnatiga haq toʻlash va koʻngillilarni jalb etish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tijorat siri boʻlmaydi.
Adliya organlari homiylik tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun oʻz vakillarini yuborishga, mazkur tashkilot aʼzolaridan va boshqa fuqarolardan homiylik tashkilotining ustaviga rioya etilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan tushuntirishlar olishga haqli.
17-modda. Xalqaro homiylik faoliyatini amalga oshirish
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylar, koʻngillilar hamda homiylik tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida hamda xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda xalqaro homiylik faoliyatini amalga oshirishga haqli.
Xalqaro homiylik faoliyati xalqaro homiylik loyihalarida, xalqaro homiylik tashkilotlarining ishida ishtirok etish, homiylik faoliyati sohasida xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish orqali, shuningdek xalqaro amaliyotda qabul qilingan hamda xalqaro huquq prinsiplari va normalariga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlmagan boshqa har qanday shaklda amalga oshirilishi mumkin.
Homiylik tashkiloti chet el fuqarolaridan, fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq homiylik xayriyalari olish huquqiga ega.
(17-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: ushbu Qonunning 17-18-moddalari.
18-modda. Chet el fuqarolarining, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, xalqaro va chet el tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi homiylik faoliyati
Chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, xalqaro va chet el tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida homiylar va koʻngillilar sifatidagi faoliyatni ushbu Qonunga muvofiq amalga oshirishlari mumkin.
Chet el fuqarolarining, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, shuningdek xalqaro va chet el tashkilotlarining homiylik xayriyalaridan maqsadli foydalanilishi monitoringini olib borish hamda bunday xayriyalardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi nizom.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
19-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi
Ushbu Qonunda manfaatlar toʻqnashuvi deganda homiylik tashkiloti va manfaatdor shaxslar (mazkur tashkilot boshqaruv organlarining xodimlari, shu jumladan mansabdor shaxslari, aʼzolari, ularning yaqin qarindoshlari yoki kreditorlari, shuningdek oʻzlarining homiylik tashkiloti bilan oʻzaro munosabatlari oqibatida tashkilotning mol-mulkini tasarruf qilishga taʼsir etishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaat koʻrish maqsadida tashkilot bilan shaxsan yoki oʻz vakillari orqali hamkorlik qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar) oʻrtasida amalga oshiriladigan, homiylik tashkilotining mol-mulkini tasarruf etishga daxldor boʻlgan, homiylik faoliyatining manfaatlari hamda maqsadlariga mos kelmagan yoki mos kelmasligi mumkin boʻlgan bitimlar va (yoki) operatsiyalar eʼtirof etiladi.
Homiylik tashkilotining manfaatdor shaxslar bilan bitimlar tuzishiga, shuningdek homiylik tashkiloti tomonidan manfaatdor shaxslar foydasiga boshqa harakatlar amalga oshirilishiga homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Manfaatlar toʻqnashuvi chogʻida vujudga keladigan nizolar homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi tomonidan, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sud tomonidan hal qilinadi.
20-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylikni amalga oshirish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(20-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi nizom 3-boʻlimining 1-paragrafi.
Oldingi tahrirga qarang.
21-modda. Homiylik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Homiylik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(21-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi nizom 3-boʻlimining 1-paragrafi.
Oldingi tahrirga qarang.
22-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(22-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
23-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2007-yil 3-maydagi 86 (4239) - sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 2-may,
OʻRQ-96-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 17-18-son, 174-modda; 2008-y., 52-son, 513-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2016-y., 17-son, 173-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son; 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)