O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish va bozor munosabatlarini joriy qilish, paxta xomashyosini qayta ishlash hamda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish tarmoqlarining integratsiyalashuvini yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, to‘qimachilik sanoati tashkilotlari — zamonaviy paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlar tashkil etish tashabbuskorlarining (keyingi o‘rinlarda paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilari deb ataladi) 2019-yil paxta xomashyosi hosilidan boshlab, respublika hududlarida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini tashkil etishning klaster shaklida 1-ilovaga* muvofiq tashkil etish hamda kengaytirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilari ularga ajratiladigan imtiyozli kredit mablag‘larini agrotexnologik xaritalar doirasida erkin tasarruf etish huquqiga ega bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 471-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2022-y., 09/22/471/0767-son)
4. “Peshkuteks” MChJ QK, “Namimpekstekstil”, MChJ, “Daka Tex” MChJ XK, “Sherobod tekstil invest” MChJ, “Surxonteks” MChJ, “Nortex Style” MChJ XK va “Baht Invest Namkor Tex” MChJ tomonidan paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini tashkil etishning klaster shakllari tugatilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini moliyalashtirish mexanizmini joriy etishga doir asoslangan takliflar kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilsin.
7. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M. G‘aniyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D. Vahobov, “O‘zpaxtasanoat” AJ boshqaruvi raisi A.I. Maqsudov va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.U. Haydarov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-mart,
230-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-martdagi 230-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 25-yanvardagi 53-son qarorida:
beshinchi xatboshidagi “to‘g‘ridan to‘g‘ri kontraktlar yoki” so‘zlari chiqarib tashlansin;
oltinchi xatboshidagi “mahsulotni qaytarish asosida yog‘-moy korxonalariga” so‘zlari “yog‘-moy korxonalariga birja savdolari yoki mahsulotni qaytarish asosida” so‘zlari bilan almashtirilsin;
9-pozitsiyaning “Yer maydoni, (ga)” ustunidagi “7 000” raqami “10 717” raqami bilan almashtirilsin;
10-pozitsiya chiqarib tashlansin;
Jami pozitsiyasining “Yer maydoni, (ga)” ustunidagi “140 901” raqami “132 808” raqami bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 31-martdagi 253-son qaroriga 1-ilovada:
a) 11-pozitsiya chiqarib tashlansin;
b) “Paxta tozalash korxonalari” ustunidagi “13” raqami “12” raqami bilan almashtirilsin;
v) “Paxta tayyorlash punktlari*” ustunidagi “68” raqami “63” raqami bilan almashtirilsin;
3. Vazirlar Mahkamasining “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 19-sentabrdagi 744-son qaroriga o‘zgartirishlar rus tilidagi matnda berilgan.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2019-y., 09/19/230/2785-son, 30.09.2019-y., 09/19/829/3832-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2022-y., 09/22/471/0767-son)