Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3178-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, musiqa sohasidagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazini (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 11 nafardan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga, zarur hollarda, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni hamda mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarining oʻquv-metodik bazasini shakllantirish va faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularga tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshirish;
oʻquv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni hisobga olgan holda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv rejalari va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirishni taʼminlash;
musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonlarining ilmiy muammolariga yoʻnaltirilgan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy izlanishlar olib borilishini muvofiqlashtirish;
oʻqitishning zamonaviy shakl va uslublari, samarali pedagogik texnologiyalar, elektron axborot resurslaridan keng foydalangan holda taʼlim jarayonining yuqori darajada olib borilishini taʼminlash;
musiqa sohasi pedagoglarining malakasini har besh yilda bir marta oshirish, bunda ilgʻor xalqaro tajribadan keng foydalanish, professional bilimlarni va koʻnikmalarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan samarali oʻqitish dasturlari va uslublarini joriy etish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarining zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va xorijiy tillarni samarali oʻzlashtirishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
xalqaro tanlovlarda munosib qatnashadigan iqtidorli yosh professional musiqachilar tayyorlash uchun ularning koʻnikma va bilimlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy oʻqitish dasturlari va uslublarini joriy etish.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Markaz yuridik shaxs maqomiga, oʻz ustaviga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga hamda blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga ega boʻlgan, musiqaga ixtisoslashtirilgan maktab (maktab-internatlar), oʻrta maxsus va qoʻshimcha taʼlim muassasalari, xususan, bolalar musiqa va sanʼat maktablarining pedagog xodimlarini (keyingi oʻrinlarda musiqa sohasi pedagoglari deb ataladi) qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan ilmiy-metodik va taʼlim muassasasi hisoblanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
a) bir hafta muddatda Markazga Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi hududidan bino va xonalar ajratish choralarini koʻrsin;
b) ikki oy muddatda:
sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan vazifalardan kelib chiqqan holda Markaz ustavini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Markazni yuqori malaka va tajribaga ega boʻlgan kadrlar, shuningdek, xalqaro darajadagi tanlovlarning gʻolib va sovrindorlari boʻlgan malakali musiqa sohasi mutaxassislari bilan taʼminlasin;
malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari uchun oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, ularning doimiy ravishda takomillashtirib borilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
tizimida musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari boʻlgan vazirlik va idoralar har yili 15-noyabrga qadar tegishli muassasalarda faoliyat yuritayotgan musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining egallab turgan lavozimiga koʻra malaka oshirish kurslaridan oʻtishi boʻyicha belgilangan davriylikni inobatga olgan holda keyingi kalendar yilda malaka oshirish kurslariga oʻqishga yuboriladigan tinglovchilar kontingentini shakllantirib, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etib boradilar;
Markaz xodimlariga oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan meʼyorlar boʻyicha mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi;
taʼlim jarayoniga oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari hamda musiqa sohasidagi yetakchi mutaxassislar jalb etilganda, ularga belgilangan tartibda soatbay asosida ish haqi toʻlanadi.
7. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlarning natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar;
toʻlov-kontrakt asosida tinglovchilarni oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlardan tushadigan mablagʻlar;
taʼlim xizmatlari koʻrsatishdan, ilmiy-oʻquv, oʻquv-metodik, ilmiy va axborot-tahliliy mahsulotlarni ishlab chiqishdan va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilab qoʻyilsinki, Markazni saqlash xarajatlari 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ijtimoiy soha uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi, 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4067-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturida Markaz qurilishi uchun 10 mlrd. soʻm mablagʻ nazarda tutilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yilga moʻljallangan rivojlanish davlat dasturi parametrlarini shakllantirishda Markazni qurish hamda jihozlash ishlari uchun belgilangan tartibda mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markazga 1 ta xizmat avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-fevral,
149-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-fevraldagi 149-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni (professor-oʻqituvchilar tarkibi, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlar hisobga olinmagan holda) — 11 nafar.
* Markaz Xoʻjalik boʻlimining texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari hamda kafedralarining professor-oʻqituvchilari tarkibi va oʻquv-yordamchi xodimlari soni qonun hujjatlarida oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-fevraldagi 149-son qaroriga
2-ILOVA
Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom davlat hamda nodavlat musiqaga ixtisoslashtirilgan maktab (maktab-internatlar), oʻrta maxsus va qoʻshimcha taʼlim muassasalari, xususan, bolalar musiqa va sanʼat maktablarining pedagog xodimlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Oʻzbek milliy maqom markazi”, ansambllar, orkestrlar rahbar va xodimlarini (keyingi oʻrinlarda musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari deb ataladi) qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
2. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari boʻyicha lavozimlar va mutaxassisliklar nomenklaturasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
3. Davlat va nodavlat taʼlim muassasalarining musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) bilan tuzilgan shartnoma asosida mazkur Nizomga ilovadagi sxema boʻyicha qayta tayyorlash va malaka oshirishdan oʻtadilar.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
buyurtma — davlat va nodavlat taʼlim muassasalarining musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini tizimli tahlil qilish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, shuningdek, nodavlat taʼlim muassasalari hisobidan moliyalashtiriladigan malaka oshirish kurslaridan oʻtishning davriyligiga muvofiq keyingi kalendar yil uchun oylar va oʻqish yoʻnalishlari boʻyicha shakllantirilgan tinglovchilar kontingenti;
buyurtmanoma — buyurtmachi tomonidan musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kursiga qabul qilish uchun Markazga taqdim etiladigan va mazkur Nizomda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan pedagog va mutaxassislar roʻyxati;
Oldingi tahrirga qarang.
buyurtmachi — tasarrufida musiqa sohasidagi oʻrta, oʻrta maxsus, qoʻshimcha taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar, shuningdek, nodavlat taʼlim muassasalari;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
Oldingi tahrirga qarang.
kontingent — davlat tasarrufidagi musiqaga ixtisoslashtirilgan maktab (maktab-internatlar), oʻrta maxsus va qoʻshimcha taʼlim muassasalari, xususan, bolalar musiqa va sanʼat maktablarining musiqa sohasi, shuningdek, nodavlat taʼlim muassasalari pedagog xodimlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Oʻzbek milliy maqom markazi”, ansambllar, orkestrlarning rahbar va xodimlarining faoliyatini tizimli tahlil qilish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, shuningdek, nodavlat taʼlim muassasasi hisobidan moliyalashtiriladigan malaka oshirish kurslaridan oʻtishning belgilangan davriyligiga muvofiq keyingi kalendar yil uchun oylar va oʻqish yoʻnalishlari boʻyicha shakllantirilgan tinglovchilar roʻyxati;
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
malaka talablari — qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari bitiruvchisining umumiy bilim va kasb tayyorgarligi darajasiga qoʻyiladigan talablar;
Oldingi tahrirga qarang.
pedagog xodim — musiqaga ixtisoslashtirilgan maktab (maktab-internatlar), oʻrta maxsus va qoʻshimcha taʼlim muassasalari, xususan, bolalar musiqa va sanʼat maktablarida taʼlim-tarbiya faoliyatini amalga oshiruvchi oʻqituvchi;
(4-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
tinglovchi — Markaz direktori buyrugʻi bilan qayta tayyorlash va malaka oshirish kursiga qabul qilingan musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari;
tyutor (pedagog oʻqituvchi-konsultant) — masofaviy malaka oshirish taʼlim jarayonida tegishli oʻquv moduli boʻyicha tinglovchilar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va yoʻnaltiruvchi, metodik yordam koʻrsatuvchi, oʻqish va bilish nazoratini amalga oshiruvchi subyekt;
yakuniy nazorat — tinglovchilarni yakuniy test sinovlari va bitiruv malakaviy (kursni tugatish) ishiga qoʻyilgan baholar yigʻindisi.
2-bob. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning maqsadi va vazifalari
5. Oʻquv jarayonini malaka talablariga muvofiq yuqori ilmiy-uslubiy darajada taʼminlash, ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari, shuningdek, oʻqitishning interaktiv usullari boʻyicha kasbiy va pedagogik mahoratni doimiy ravishda rivojlantirishga koʻmaklashish uchun zarur boʻlgan kasbiy bilimlar va koʻnikmalarni muntazam ravishda yangilab borish, musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarining (keyingi oʻrinlarda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari deb ataladi) maqsadi hisoblanadi.
6. Quyidagilar Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning vazifalari hisoblanadi:
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari kasbiy mahorati darajasining lavozim malaka tavsiflariga muvofiqligini taʼminlash;
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qonunchilik normalari, nazariya, ilmiy tadqiqotlar, texnologik taraqqiyot va sohadagi innovatsiyalar, shuningdek, taʼlim amaliyotini tashkil etishning zamonaviy uslublari sohasidagi soʻnggi yutuqlari bilan tanishtirib borish;
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari salohiyatidan hamda mavjud moddiy-texnika bazasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
ilgʻor xorijiy tajribalarni keng joriy etgan holda musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatining sifati va samaradorligini oshirishni taʼminlash;
Internet jahon axborot tarmogʻi, multimedia tizimlari va masofadan oʻqitish usullaridan keng foydalangan holda, musiqa sohasi pedagoglariga zamonaviy ish uslublarini oʻzlashtirishga, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni oʻz faoliyatiga faol tatbiq etishiga koʻmaklashish;
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining kasbiy bilimi, koʻnikmasi va mahoratini uzluksiz yangilab borish, zamonaviy talablarga muvofiq taʼlim sifatini taʼminlash uchun zarur darajada kasbiy tayyorgarlikni oshirish;
mustaqil fikrlash koʻnikmalarini singdirish, pedagogik nufuzni va kompetentlikni rivojlantirish;
musiqa sohasi mutaxassislarini zamonaviy musiqiy repertuardagi oʻzgarishlar, kompozitorlik va bastakorlik ijodiyotidagi yangiliklardan xabardor qilish va mehnat faoliyatiga singdirish;
rahbar xodimlarning musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini boshqarish malakalarini shakllantirish, musiqa sohasidagi yangiliklarni tahlil qilish va joriy etishga oʻrgatish, xorijiy tajribalarni oʻzi rahbarlik qilayotgan muassasaga tatbiq etish, innovatsiyalarni joriy etishga oʻrgatish;
oʻquv-tarbiyaviy va maʼnaviy-axloqiy ishlarni amalga oshirishda ilgʻor taʼlim-tarbiya texnologiyalaridan va jahon tajribasidan foydalanish koʻnikmalarini mustahkamlash;
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash mazmunini takomillashtirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot hamda oʻquv-metodik ishlarni olib borish koʻnikmalarini shakllantirish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining toʻgʻridan-toʻgʻri shakllarini amaliyotga joriy etish;
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va xorijiy tillarni oʻzlashtirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi kafedralarining musiqaga ixtisoslashtirilgan madaniyat va sanʼat maktablari (maktab-internatlari), oʻrta maxsus va qoʻshimcha taʼlim muassasalari, xususan, bolalar musiqa va sanʼat maktablari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi”, ansambllar, orkestrlar bilan oʻzaro integratsiyasini taʼminlash;
(6-bandning oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
pedagoglarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish.
3-bob. Musiqa sohasidagi pedagog va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida taʼlim jarayonining mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan malaka talablari
7. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida taʼlim jarayonining mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan malaka talablari “Taʼlim toʻgʻrisida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq belgilanadi hamda ularda taʼlim jarayonini tashkil etishni, uning mazmunini, metodik taʼminlashni, sifat va samaradorligini oshirishni takomillashtirishga doir talablar aks ettiriladi.
8. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida taʼlim dasturi mazmuniga qoʻyiladigan talablar yoʻnalishlar boʻyicha zarur hamda yetarli bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirish hisobga olingan holda, pedagog va mutaxassislarning malaka tavsiflariga qatʼiy muvofiqlik tamoyillari asosida belgilanadi.
9. Taʼlim dasturi ilm-fan, pedagogik va innovatsion texnologiyalarning soʻnggi yutuqlariga muvofiq tashkil etilishi hamda taʼlim turlari oʻrtasida uzluksizlik va uzviylikni taʼminlash talablariga mos boʻlishi kerak.
Taʼlim dasturida taʼlim oluvchilar tomonidan bilimlarni mustaqil izlash va ularni oʻzlashtirish nazarda tutilishi lozim.
Markazning oʻquv rejasi va dasturlarini tuzish, ekspertizadan oʻtkazish, tasdiqlash va ularni taʼlim jarayoniga joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi
10. Musiqa sohasining pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi;
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi (keyingi oʻrinlarda Konservatoriya deb ataladi);
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagog va ularning mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi);
buyurtmachi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi):
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga umumiy rahbarlik qiladi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
buyurtma asosida tashkil etiladigan malaka oshirish kurslarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtirish uchun Moliya vazirligiga taklif kiritadi;
keyingi kalendar yili uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan malaka oshirish kurslarini, oylar, malaka oshirish shakllari va oʻqish yoʻnalishlari boʻyicha buyurtmani shakllantiradi va tasdiqlaydi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv jarayonini takomillashtirish mexanizmlari va uslublarini belgilaydi, tegishli oʻquv-metodik, normativ-huquqiy hujjatlarni hamda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilari bilimlarini baholash mezonlarini tasdiqlaydi;
Markazning axborot-resurs markazi va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini koʻradi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari bitiruvchilarining tayyorgarligi va kompetensiyasiga qoʻyiladigan malaka talablarini tasdiqlaydi;
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini takomillashtirishga doir maqsad va vazifalarni belgilaydi;
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir malaka talablari, oʻquv reja va dasturlarini tasdiqlaydi;
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni takomillashtirish mexanizmi va usullarini, taʼlim mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan talablarni, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirish jarayoni samaradorligini aniqlaydigan dinamik koʻrsatkichlarni hamda tinglovchilarning prognoz kontingentini belgilaydi;
Markazning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga ilmiy salohiyatli, mahoratli, ilmiy maktab yaratgan, darslik va oʻquv qoʻllanmalar muallifi boʻlgan, doimiy ravishda kasbiy mahoratini va malakasini oshirib borayotgan pedagog xodimlarni jalb etadi.
12. Konservatoriya:
pedagoglarning kasbiy bilimi va malakasini oshirish ishlariga ilmiy-metodik jihatdan rahbarlik qiladi;
taʼlim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini hisobga olib, ijodiy tafakkurni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan oʻqitishning interaktiv usullaridan foydalangan holda pedagoglarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha namunaviy oʻquv rejasini, dasturini, oʻquv-metodik va boshqa hujjatlarni ishlab chiqadi;
qayta tayyorlash va malaka oshirishning samarali shakllarini joriy etishning ilmiy-metodik va tashkiliy-metodik asoslarini ishlab chiqadi;
taʼlimning ilgʻor shakl va usullari, zamonaviy taʼlim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga joriy etish asosida, pedagog va boshqa mutaxassis xodimlarning kasbiy bilimi, koʻnikmasi va malakalarini oshirish choralarini koʻradi;
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi xorijiy tajribalarni, shuningdek, eng yaxshi taʼlim muassasalarining yutuqlarini ommalashtirish asosida ilmiy asoslangan innovatsiyalarni joriy etadi;
Markaz bilan birgalikda namunaviy oʻquv rejasi va dasturlari asosida qayta tayyorlash va malaka oshirishning barcha shakllari boʻyicha ishchi oʻquv rejasi va dasturlarini, ilgʻor oʻqitish uslublari va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yoʻnalishlar boʻyicha tarqatma materiallar ishlab chiqadi;
Markaz tomonidan oʻquv rejasi va dasturlarining bajarilishini nazorat qiladi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining amaliy va koʻchma mashgʻulotlarining kasbiy yoʻnalishga oid ixtisoslashgan taʼlim muassasalari bazasida oʻtkazilishini tashkil etadi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv jarayoniga oliy taʼlim muassasasida faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilarni, shuningdek, shartnoma asosida mamlakatning boshqa oliy taʼlim muassasalarining yuqori malakali pedagog xodimlarini va xorijiy mutaxassislarni keng jalb etishni taʼminlaydi;
ilgʻor pedagogik texnologiyalarning shakl va usullarini qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga joriy etishga koʻmaklashadi;
zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining ishchi oʻquv rejasi va dasturlarini takomillashtiradi;
tegishli yoʻnalishlar boʻyicha yetakchi xorijiy ilmiy va taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida onlayn rejimda malaka oshirish tizimini tashkil etishni taʼminlaydi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tegishli oʻquv-metodik resurslarini ishlab chiqadi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kursi mashgʻulotlarining sifatini doimiy nazorat qiladi;
pedagogika sohasida erishilgan ilmiy-tadqiqot natijalarini qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga oʻz vaqtida joriy etishni taʼminlaydi;
Markaz professor-oʻqituvchilarining ilmiy izlanishlari uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratadi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonining zarur darajada tashkil etilishi va oʻtkazilishi uchun javob beradi;
Markazda tashkil etiladigan konferensiya, forum va ilmiy-amaliy anjumanlarning oʻtkazilishiga koʻmaklashadi;
Markaz faoliyati yuzasidan axborotni har 6 oy yakunlari boʻyicha Konservatoriya kengashida muhokama qiladi va Markaz faoliyatini yanada takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalarni Vazirlikka taqdim etadi.
13. Markaz:
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari uchun qayta tayyorlash va malaka oshirishning ilgʻor shakl va usullarini joriy etadi;
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim dasturlarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy-tadqiqot hamda oʻquv-uslubiy ishlarni olib borish koʻnikmalarini rivojlantiradi;
masofadan oʻqitish usullari asosida musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari uchun tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tegishli oʻquv-uslubiy resurslarini ishlab chiqadi, kurslardagi oʻquv mashgʻulotlarini onlayn va offlayn shakllarida tashkil etishni yanada takomillashtiradi;
tegishli yoʻnalishlar boʻyicha fanlarning umumkasbiy va maxsus bloklari boʻyicha qayta tayyorlash va malaka oshirishni tashkil etadi hamda ular boʻyicha zamonaviy uslubiy, axborot-maʼlumotnoma bazasini yaratadi;
buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorlikda musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim dasturlarini uzluksiz takomillashtirib boradi;
oʻquv-tarbiya jarayonining amaliyot bazalari bilan oʻzaro samarali hamkorligini taʼminlaydi, musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini koʻchma mashgʻulotlar orqali zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan taʼlim muassasalarida tashkil etadi;
innovatsion ilmiy yutuqlarni, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashni, masofadan oʻqitishni, mustaqil taʼlim olishni kengaytirishni nazarda tutuvchi texnika va texnologiyalarni taʼlim tizimiga joriy etadi.
14. Buyurtmachi:
musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari faoliyatining tizimli tahlilini amalga oshiradi va elektron maʼlumotlar bazasiga kiritib boradi;
malaka oshirish davriyligiga amal qilgan holda musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini keyingi kalendar yil uchun har yilning 15-noyabriga qadar ularning egallab turgan lavozimiga koʻra kurslardan oʻtishi boʻyicha belgilangan davriylikni inobatga olgan holda malaka oshirish kurslariga yuboriladigan tinglovchilar kontingentini shakllantiradi va Vazirlikka taqdim etadi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv rejasi, dasturi, oʻquv-uslubiy va boshqa hujjatlarini tayyorlashda, oʻquv kurslarining davomiyligi, davriyligi hamda tashkil etish shakllari boʻyicha Vazirlikka takliflar kiritadi;
mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda yangi mutaxassislikka talab ortishi munosabati bilan ayrim musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining qayta ixtisoslashuvi yuzasidan Vazirlikka takliflar kiritadi.
5-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirishning turlari va shakllari
15. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining malakasini oshirish toʻgʻridan-toʻgʻri (taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish) va bilvosita (taʼlim dasturlarisiz oʻqitish) shakllarda tashkil etiladi.
16. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining malakasini oshirishning quyidagi toʻgʻridan-toʻgʻri malaka oshirish shakllari qoʻllaniladi:
Markazda oʻqitish;
“ustoz-shogird” usuli boʻyicha oʻqitish;
mustaqil oʻqib bilim orttirish;
masofaviy taʼlim;
stajirovka oʻtash orqali tajriba orttirish.
17. Markazda oʻqitish yakka tartibdagi topshiriqlar yoki aniq yoʻnaltirilgan dasturlar asosida, taʼlimning tegishli turi oʻquv jarayonining monitoringi natijalarini va xodimlar tayyorlash sifatini hisobga olib, malaka talablariga, shuningdek, taʼlimni boshqarish boʻyicha Vazirlik talablariga muvofiq ishlab chiqilgan fanlar boʻyicha maqsadli kasbiy taʼlim dasturlarini oʻzlashtirishdir.
Malaka oshirish boʻyicha ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasida oʻqitish 2+2 yoki 3+1 sxemalari boʻyicha (tegishli ravishda 50 yoki 75% — yashash joyi boʻyicha mustaqil ravishda bilim orttirish, 50 yoki 25% — bevosita taʼlim muassasasida) masofadan malaka oshirish shaklida tashkil etilishi mumkin. Oʻqitishning bunday shakllari axborot uzatishning zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va pedagoglarning malakasini oshirish boʻyicha maxsus virtual kurslar mavjud boʻlgan taqdirda qoʻllaniladi.
18. “Ustoz-shogird” usuli boʻyicha oʻqitish — tanlov asosida saralab olingan, mamlakatda (mintaqada), ilmiy va pedagogik jamoatchilik oʻrtasida oʻzining yuqori natijalari, kasbiy faoliyatining yuqori koʻrsatkichlari, raqobatbardosh xodimlar tayyorlash boʻyicha oʻz maktabi bilan mashhur boʻlgan yuqori malakali pedagog-ustozlar rahbarligida tegishli taʼlim muassasalarida fanlar boʻyicha musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining malakasini maqsadli oshirish hisoblanadi.
19. Mustaqil oʻqib bilim orttirish — musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari tomonidan kasb mahoratini oshirishga, kasbiy layoqat va ilmiy dunyoqarashni kengaytirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, ularning oʻz lavozimi va mutaxassisligi boʻyicha yangi bilim, koʻnikma va malakalarni uzluksiz ravishda mustaqil oʻzlashtirishini nazarda tutadi.
Mustaqil ravishda bilim olish musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari uzluksiz taʼlimining (malaka oshirishining) ajralmas tarkibiy qismidir, u axborot texnologiyalarining egallab olinishini ragʻbatlantiradi. Mustaqil taʼlim belgilangan tartibda, malaka oshirishning tegishli taʼlim dasturlari boʻyicha amalga oshirilgan boʻlsa, bilimlarning yakuniy nazorati natijalari asosida pedagog va mutaxassislarga Markaz tomonidan malaka oshirganlik haqida belgilangan namunadagi hujjat (sertifikat) beriladi.
Malaka oshirishning ushbu shakli taʼlim dasturini taʼlim oluvchi tomonidan tuzilgan va Markaz tomonidan tasdiqlangan yakka tartibdagi reja asosida mustaqil oʻqish vositasida oʻzlashtirishni nazarda tutadi.
Mustaqil oʻqib bilim orttirish shaklida malaka oshirish barqaror yuqori professional reytingga ega boʻlgan, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ishlashning amaliy koʻnikmalarini egallagan, oʻzini oʻzi kamol toptirish jarayoniga tanqidiy va ijodiy yondasha oladigan tinglovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tavsiya etiladi.
20. Masofaviy taʼlim — onlayn (videomaʼruzalar, maslahatlar, nazorat turlarini masofadan turib real vaqt rejimida oʻtkazish) va offlayn (masofaviy taʼlim tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) shaklida amalga oshiriladi.
21. Stajirovka oʻtash orqali tajriba orttirish — taʼlim muassasalarida pedagoglarni taʼlim va uni boshqarish sohasidagi fan va texnika taraqqiyotining eng yangi yutuqlari, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan tanishtirishni, rahbarlik salohiyatini oshirishni nazarda tutadi.
Stajirovka xizmat safariga yuborish tarzida ham amalga oshiriladi.
Stajirovka tamom boʻlgandan keyin xodimlarga stajirovka muddati koʻrsatilgan holda ularning stajirovkadan oʻtganligi toʻgʻrisida tajriba orttirilgan muassasa rahbarining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan maʼlumotnoma beriladi.
22. Qisqa muddatli kurslar malaka oshirish taʼlim dasturlari asosida tashkil etilgan innovatsion menejment, pedagogik yoki axborot texnologiyalarini oʻzlashtirish kurslarida oʻqish boʻlib, musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining malakasini oshirishning toʻgʻridan-toʻgʻri shakllari tarzida amalga oshiriladi. Ushbu kurslar majburiy boʻlmagan holda pedagog va mutaxassislarning kasbiy oʻsishiga koʻmaklashadi.
Mazkur kurslarning taʼlim dasturlari malaka oshirish taʼlim dasturlarining muayyan qismini (fan bloklari yoki modullarini) qamrab olgan va Markaz tomonidan ushbu kurslar oʻtkazilgan boʻlsa, kurslarni tamomlagandan keyin berilgan sertifikatlarda koʻrsatilgan oʻqish soatlari hajmi navbatdagi malaka oshirish boʻyicha zarur soatlarning jami hajmiga kiradi (hisobga olinadi).
23. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari malakasini oshirishning bilvosita shakllari quyidagilardan iborat:
ochiq oʻquv mashgʻulotlari;
ilmiy, ilmiy-metodik va ilmiy-amaliy seminarlarda, konferensiyalarda hamda mahorat darslarida maʼruzalar bilan qatnashish.
24. Ochiq oʻquv mashgʻulotlari — zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, oʻqitishning interaktiv usullari qoʻllanilgan holda akademik guruhlarda jadval boʻyicha oʻtkaziladigan oldindan eʼlon qilingan muammo yoki innovatsiya mavzusi boʻyicha mashgʻulotdir.
Ochiq oʻquv mashgʻulotlariga tegishli sohadagi tajribali pedagoglar, olimlar va mutaxassislar taklif etiladi.
Ushbu mashgʻulotlarning sifati Konservatoriya va Markazning qoʻshma yigʻilishida muhokama qilinadi.
25. Ilmiy, ilmiy-metodik va ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar, avgust oʻqishlarida maʼruzalar bilan qatnashish — taʼlim va tarbiyaning dolzarb muammolari, shuningdek, oʻquv jarayonining yuqori sifatini taʼminlashga yoʻnaltirilgan pedagogika fani va amaliyoti, musiqa sohasi innovatsiyalari, oʻqitish metodologiyasi va texnologiyasining muhim masalalari boʻyicha ilmiy va ilmiy-metodik maʼruza (axborot)lar bilan chiqishlar orqali taʼminlanadi.
26. Malaka oshirishning bilvosita shakllari musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini navbatdagi malaka oshirish kursigacha boʻlgan davrda oʻz ustida mustaqil ishlashi natijalarini baholash va uning kasbiy malaka darajasini aniqlashga xizmat qiladi, shuningdek, pedagog va mutaxassislarni malaka toifalariga attestatsiyadan oʻtkazish jarayonida hisobga olinadi.
27. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining malakasini oshirish quyidagi turlarda amalga oshiriladi:
asosiy ishdan ajralgan holda;
asosiy ishdan qisman ajralgan holda (uygʻunlashtirilgan uslub);
asosiy ishdan ajralmagan holda (masofaviy taʼlim).
28. Asosiy ishdan ajralgan holda va asosiy ishdan qisman ajralgan holda (uygʻunlashtirilgan uslubda) malaka oshirish Konservatoriya va Markaz bazasida oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Asosiy ishdan qisman ajralgan holda (uygʻunlashtirilgan uslubda) malaka oshirish kursi umumiy davomiyligining 50 yoki 25 foizi — Markazda auditoriya mashgʻulotlariga ajratiladi. Kursning qolgan qismi musiqaga ixtisoslashtirilgan madaniyat va sanʼat maktablari (maktab-internatlar), oʻrta maxsus va qoʻshimcha taʼlim muassasalari, xususan, bolalar musiqa va sanʼat maktablari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi”, ansambllar, orkestrlar bazasida yakka tartibdagi topshiriqlarni bajargan holda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilishini nazarda tutadi. Amaliy mashgʻulotlarni asosiy ish joyida oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi. Amaliy mashgʻulotlar har bir oʻzlashtirilgan moduli boʻyicha test sinovlari, referat topshirish, amaliyot boʻyicha hisobot va shu kabi shakllardagi nazorat turlarini nazarda tutadi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
30. Asosiy ishdan ajralmagan holdagi malaka oshirish turi oʻqitishning masofaviy taʼlim shaklida amalga oshiriladi.
31. Quyidagilar qayta tayyorlashning asosiy turlari hisoblanadi:
pedagogik qayta tayyorlash;
kasbiy qayta tayyorlash (ixtisoslashuv).
32. Pedagogik qayta tayyorlash — oliy maʼlumotli nopedagog mutaxassislarning bazaviy kasbiy maʼlumotini taʼlimning tegishli turi malaka talablari bilan belgilanadigan oʻquv-tarbiya jarayonining talab etiladigan sifatini taʼminlaydigan darajada pedagogik faoliyatni yuritish uchun zarur va yetarli boʻlgan pedagogik tayyorgarlik talablariga muvofiqlashtirish maqsadida mutaxassislarni qayta tayyorlashdir.
33. Kasbiy qayta tayyorlash (ixtisoslashuv) — oliy pedagogik maʼlumotli mutaxassislar tomonidan taʼlimning tegishli turi malaka talablari bilan belgilanadigan oʻqitishning talab etiladigan sifatini taʼminlaydigan darajada oʻquv fani yoki kurs boʻyicha kasbiy faoliyatni yuritish uchun zarur va yetarli hajmda yangi kasbiy bilimlar, malaka va koʻnikmalarni oʻzlashtirishni nazarda tutadi.
Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini kasbiy qayta tayyorlash, oʻquv rejalariga yangi oʻquv modullari yoki kurslar joriy etilishi, xodimlarning buyurtmachilari yoki mehnat bozorining talablari bilan belgilanadigan ayrim xodimlarning qayta ixtisoslashuvi yoki yangi mutaxassislikka ega boʻlishi munosabati bilan Markaz tashabbusiga koʻra shartnoma asosida tashkil etiladi.
34. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash asosiy ishdan ajralgan va ajralmagan holda amalga oshiriladi.
35. Taʼlim dasturlarining mazmuni va oʻqitishning davomiyligi malaka talablarida koʻrsatilgan tartibda belgilanadi. Qayta tayyorlashdan muvaffaqiyatli oʻtgan musiqa sohasi pedagog va mutaxassislariga belgilangan namunadagi diplom beriladi.
36. Qayta tayyorlashga ikkinchi oliy taʼlimni olish sifatida qaralmaydi. Qayta tayyorlash natijasida beriladigan hujjat (diplom) faqat muayyan lavozimda faoliyat koʻrsatish yoki muayyan fanlar boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari olib borish huquqini beradi.
37. Markaz qayta tayyorlash kurslari faoliyatini buyurtmachilarning buyurtmanomalari, malaka talablari, shuningdek, taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi talablari asosida ishlab chiqilgan dasturlar boʻyicha amalga oshiradi.
38. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv mashgʻulotlarining quyidagi asosiy turlari qoʻllaniladi: maʼruza; amaliy va yakka tartibdagi mashgʻulot; interaktiv seminarlar; trening; koʻchma mashgʻulot; tajriba almashish; mustaqil oʻqish; laboratoriya ishi; bitiruv malakaviy ishini (kursni tugatish ishini) himoya qilish.
Ayrim oʻquv mashgʻulotlari Konservatoriyaning oʻquv va moddiy-texnik bazasida tashkil etiladi.
6-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirishning davomiyligi, davriyligi va oʻquv yuklamasining hajmi
39. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining malakasini oshirishning davomiyligi uni tashkil etish shakllariga hamda pedagogning kasbiy malaka darajasini va individual kasbiy ehtiyojini hisobga olgan holda buyurtmachi tomonidan belgilanadigan talablarga bogʻliq holda aniqlanadi.
Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari 5 yilda kamida bir marta, rahbar xodimlar esa — 3 yilda kamida bir marta malaka oshirishlari shart.
40. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining malakasini oshirish dasturlarini oʻzlashtirish muddati oʻquv rejasiga kiritilgan fanlar soni hamda ularning yuklamalari hajmidan kelib chiqib belgilanadi va u 4 haftadan (144 soatdan) kam boʻlmasligi shart (qisqa muddatli malaka oshirish kurslari bundan mustasno). Malaka oshirishning toʻgʻridan-toʻgʻri shakllari uchun auditoriya mashgʻulotlarining va mustaqil ishlarning eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
41. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash dasturlarini oʻzlashtirish muddati oʻquv rejasiga kiritilgan fanlar soni hamda ularning yuklamalari hajmidan kelib chiqib belgilanadi va u 16 haftadan (576 soatdan) kam boʻlmasligi shart. Auditoriya mashgʻulotlari va mustaqil ishlarning haftalik yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
Markazda oliy maʼlumotga ega boʻlmagan mutaxassislar uchun oʻqish muddati 6 oydan (720 soatdan) kam boʻlmagan maqom sanʼati boʻyicha qayta tayyorlash kurslari tashkil etilishi mumkin.
42. Auditoriya mashgʻulotlarining barcha turlari 80 daqiqa davom etadi, oʻquv mashgʻulotlari oraligʻidagi tanaffus kamida 10 daqiqani tashkil etadi.
7-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish
43. Malaka oshirish kurslari Vazirlik tomonidan tasdiqlangan buyurtmanoma asosida hamda buyurtmachilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida Markazda tashkil etiladi.
44. Markazga taqdim etiladigan buyurtmanomada xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi, qachon va qaysi taʼlim muassasasini bitirganligi, diplom boʻyicha mutaxassisligi, pedagogik staji, ish joyi, lavozimi, oxirgi marta malaka oshirgan vaqti va sertifikat raqami, malaka oshirish yoʻnalishi va malaka oshirishga keladigan vaqti (oyi) koʻrsatiladi.
45. Malaka oshirish kurslaridan oʻtish jadvali har yili 15-dekabrga qadar Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi hamda buyurtmachilarga yetkaziladi.
46. Buyurtmachilar malaka oshirish kurslaridan oʻtish jadvaliga asosan tegishli musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining Markazga oʻz vaqtida oʻqishga yetib borishlarini taʼminlaydilar.
47. Joriy yilda buyurtmaga kiritilmagan musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari Markaz bilan tuzilgan shartnoma asosida malaka oshirish kurslaridan oʻtishlari mumkin.
48. Shartnoma asosidagi musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari buyurtmachi talabi va mehnat bozorining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda Markazda tashkil etiladi.
Markaz buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib chiqib, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish uchun Vazirlikka buyurtmanoma bilan murojaat qiladi.
49. Shartnoma asosida qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
qayta tayyorlash kurslarida oʻqishi rejalashtirilayotgan tinglovchilar (familiyasi, ismi va otasining ismi, qachon va qaysi taʼlim muassasasini bitirganligi, diplom boʻyicha mutaxassisligi, pedagogik staji) haqida maʼlumot;
qayta tayyorlash kurslarini oʻtkazish jadvali;
qayta tayyorlash kurslari uchun uslubiy taʼminotning (oʻquv-mavzu rejasi, dasturlar, majmualar) mavjudligi haqida maʼlumot;
qayta tayyorlash kurslarini oʻtkazish uchun yetarli boʻlgan ilmiy-pedagogik salohiyatning (maʼruzachi va amaliy darslarni olib boruvchi professor-oʻqituvchilarning familiyasi, ismi va otasining ismi, ilmiy darajasi va ilmiy unvoni, asosiy ish joyi) mavjudligi haqida maʼlumot;
qayta tayyorlash kurslarini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik bazaning (auditoriya fondi, kompyuter xonalari, fan xonalari, kutubxona va h.k.) mavjudligi haqida maʼlumot.
50. Markazda qayta tayyorlash kurslari buyurtmachi tomonidan taklif etiladigan yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda tashkil etiladi.
51. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga tinglovchilarni qabul qilish Markaz direktori buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga tinglovchilarni qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruq kurslar boshlanishi sanasidan boshlab 3 kun mobaynida rasmiylashtiriladi.
52. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari boshlangandan keyin 3 kun mobaynida mashgʻulotlarga kelmagan tinglovchilar, kelmaslikning sabablaridan qatʼi nazar, kurslarga qoʻyilmaydi.
53. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari malaka oshirish kurslariga uzrli sabablarga koʻra oʻz vaqtida kelmagan boʻlsa, ularga oʻqishning tegishli yoʻnalishi boʻyicha navbatdagi malaka oshirish kurslarida oʻqishga ruxsat beriladi.
54. Markaz qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga tinglovchilarning oʻz vaqtida kelmaganligi haqida tegishli buyurtmachiga xabar beradi.
55. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv jarayoni tegishli yoʻnalishlar boʻyicha tasdiqlangan namunaviy oʻquv rejasi va dasturlariga muvofiq ishlab chiqilgan ishchi oʻquv rejasi va dasturlari asosida amalga oshiriladi hamda mashgʻulotlar jadvali boʻyicha tartibga solinadi.
Namunaviy oʻquv rejasi va dasturlari fan, texnika, texnologiyalar va ishlab chiqarishni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari asosida har yili takomillashtiriladi.
56. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv jarayoniga jalb etilgan tinglovchilar akademik guruhlarga boʻlinadi. Bunda, akademik guruhlar kamida 25 kishini tashkil etadi. Akademik guruhlarni shakllantirishda qayta tayyorlash va malaka oshirish kursining yoʻnalishi, oʻquv rejasi va dasturlari, pedagoglarning bazaviy maʼlumoti va egallab turgan lavozimlari, shuningdek, buyurtmachining talablari hisobga olinadi.
Malaka oshirish kurslarida tinglovchilar kontingenti yetarli boʻlmagan yoʻnalishlarda, istisno tariqasida, Markaz direktori buyrugʻi bilan malaka oshirish masofaviy taʼlim shaklida amalga oshirilishi mumkin.
57. Tinglovchilarning oʻzlashtirishini baholash tizimi Vazirlik tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
58. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida mashgʻulotlar oʻtkazish uchun Konservatoriyaning yetakchi pedagog xodimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlarining yetakchi mutaxassislari, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha ilmiy kengash aʼzolari, shuningdek, xorijiy mutaxassislar jalb etiladilar.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini oʻtkazish uchun jalb etiladigan professor-oʻqituvchilar mehnatiga haq toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
59. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, ularni talab darajasida oʻtkazish, taʼlim jarayoni samaradorligini taʼminlash hamda tinglovchilarning yashashi uchun sharoit yaratish (Markazda tinglovchilar turar joyi mavjud boʻlsa) Markaz direktori zimmasiga yuklanadi.
8-bob. Malaka oshirishning masofaviy shaklini tashkil etish va oʻtkazish
60. Malaka oshirishning masofaviy shakli (keyingi oʻrinlarda masofaviy taʼlim shakli deb ataladi) Vazirlik bilan kelishgan holda, tegishli oʻquv rejasi va oʻquv dasturlari asosida, maxsus virtual kurslar faoliyat koʻrsatadigan, axborot-kommunikatsiya vositalari yordamida axborotlarni uzatish va qabul qilish uchun zarur baza bilan jihozlangan hamda tegishli moddiy-texnik, oʻquv-metodik bazaga va xodimlar salohiyatiga ega boʻlgan Markaz tomonidan tashkil etiladi.
61. Masofaviy taʼlim shaklidagi malaka oshirish kursining davomiyligi Markazda oʻqishning tegishli kursi akademik soatlarida belgilanadi, bunda kalendar muddatlar akademik muddatlardan ortiq boʻlishi mumkin.
62. Masofaviy taʼlim shakli boʻyicha kurslarga yuqori malakali, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini zarur darajada qoʻllash koʻnikmalariga ega boʻlgan pedagoglar qabul qilinadi.
63. Masofaviy taʼlim shakli boʻyicha oʻqitish jarayonida tinglovchilar faoliyati, taʼlim jarayonini muvofiqlashtirish va yoʻnaltirish, Konservatoriya professor-oʻqituvchilari tarkibidan Konservatoriya rektori bilan kelishilgan holda, Markaz direktorining buyrugʻi bilan biriktiriladigan tyutor (pedagog oʻqituvchi-konsultant) tomonidan amalga oshiriladi.
Tinglovchilar bilan doimiy aloqa bogʻlash, tinglovchilarga zarur metodik yordam berish, yakka tartibdagi mashgʻulotni bajarish yuzasidan nazoratni amalga oshirish va tinglovchilar bilimlarini baholash tyutorning vazifalariga kiradi. Tyutor yakka tartibdagi topshiriqning tinglovchi tomonidan bajarilishi xolisona baholanishi uchun javob beradi.
Tyutor bilan aloqa elektron pochta, telefon va boshqa elektron aloqa vositalari yordamida amalga oshiriladi. Shuningdek, tyutor bilan aloqa kontakt-sessiyalar (bevosita yuzma-yuz muloqot) tarzida (kursning oʻquv rejasida belgilangan muddatlarda) ham amalga oshirilishi mumkin.
9-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarining huquq va majburiyatlari
64. Buyurtmanomaga kiritilgan malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun oʻqishning barcha davrida ularning asosiy ish joyi boʻyicha egallagan lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanadi, ularning oʻquv yuklamasi esa boshqa xodimlar oʻrtasida taqsimlanadi.
Bunda, malaka oshirish kurslariga yuborilgan musiqa sohasi pedagog va mutaxassislari malaka oshirish davrida oʻtolmay qolgan yakka tartibda oʻtiladigan dars mashgʻulotlarini ular kursni oʻzlashtirib qaytganlaridan soʻng intensiv (jadallashtirilgan) tarzda oʻtkazib beradilar.
Ishdan ajralgan holda Markazga malaka oshirishga boshqa hududlardan yuborilgan tinglovchilar uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻqishga borish va undan qaytish boʻyicha bir martalik yoʻl haqi xarajatlari ularni yuborgan tomon hisobidan qoplanadi.
65. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tinglovchilari Markazdagi oʻquv auditoriyalari, repititoriylari, axborot-resurs markazlari, sogʻlomlashtirish va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalaridan bepul foydalanish huquqiga ega.
66. Tinglovchi quyidagi holatlarda tinglovchilar safidan chetlashtirilishi mumkin:
oʻz xohishiga binoan;
oʻquv intizomini va Markazning ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
oʻquv mashgʻulotlarini uzrli sabablarsiz 18 akademik soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
taʼlim dasturlarini oʻzlashtirmaganligi uchun;
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya maʼlumotnomasi asosida);
sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi sababli;
vafot etganligi sababli.
67. Tinglovchi malaka oshirish kursidan chetlatilganda, unga Markaz tomonidan sabablari koʻrsatilgan holda maʼlumotnoma beriladi, shuningdek, bu haqda uni malaka oshirishga yuborgan buyurtmachiga xabar beriladi.
Malaka oshirish kursidan chetlatilgan yoki yakuniy nazoratdan oʻta olmagan buyurtma asosida kelgan tinglovchi, keyingi oʻquv yili uchun buyurtmachi tomonidan unga ish haqi saqlanmagan holda, taʼtil berilishi asosida buyurtmanomaga kiritiladi.
68. Qayta tayyorlash kursi taʼlim dasturlarini oʻzlashtirish yuzasidan yakuniy nazoratdan qoniqarsiz baho olgan tinglovchilarga kamida 1 oydan soʻng yakuniy kursni tugatish ishini qayta yakuniy nazoratdan oʻtkazish (qayta himoya qilish) imkoniyati beriladi.
10-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarining bitiruv malakaviy (kursni tugatish) ishi himoyasi
69. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilari oʻqishni tugatgandan keyin, yakuniy attestatsiya komissiyalari tomonidan oʻtkaziladigan bitiruv malakaviy (kursni tugatish) ishini (keyingi oʻrinlarda bitiruv malakaviy ishi deb ataladi) himoya qilishdan oʻtishlari kerak.
Yakuniy attestatsiya komissiyalari Markaz direktorining buyrugʻi asosida Konservatoriya rektori bilan kelishilgan holda tashkil etiladi.
70. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilariga yakuniy test sinovlari ijobiy natijalari asosida bitiruv malakaviy ishini himoya qilishiga ruxsat beriladi.
71. Qayta tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha taʼlim dasturlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan tinglovchilarga tegishli ravishda davlat namunasidagi quyidagi hujjatlar beriladi:
malaka oshirish haqida davlat namunasidagi sertifikat — kamida 4 hafta (144 soat) hajmidagi taʼlim dasturlarini oʻtagan tinglovchilar uchun;
qayta tayyorlash haqida davlat namunasidagi diplom — kamida 16 hafta (576 soat) hajmidagi taʼlim dasturlarini oʻtagan tinglovchilar uchun.
Yakuniy nazorat natijasida oʻqitish dasturini oʻzlashtirish yuzasidan qoniqarsiz baho olgan tinglovchilarga oʻquv kursini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma beriladi.
Qayta tayyorlash haqida davlat namunasidagi diplom va malaka oshirish haqida davlat namunasidagi sertifikat belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-fevraldagi 25-son “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
72. Musiqa sohasi pedagog va mutaxassislarining malaka toifalarini olishi (oʻzgartirishi) va egallab turgan lavozimlariga muvofiqligini attestatsiyadan oʻtkazishda ular qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslaridan oʻtganligi toʻgʻrisida hujjat (diplom, sertifikat)ning mavjudligi talab etiladi.
73. Shartnoma asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari uchun xarajatlar smetasi Markaz tomonidan tuziladi va belgilangan tartibda Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
Xarajatlar smetasida kursning oʻquv rejasi va dasturida nazarda tutilgan barcha dars mashgʻulotlari uchun toʻlanadigan soatbay haq, Markazning moddiy-texnik taʼminoti, kursni tashkil etish va oʻtkazishga jalb etilgan (rahbar, pedagog va texnik) xodimlarga toʻlanadigan ish haqi, ularni ragʻbatlantirish, shuningdek, toʻlanadigan soliqlar uchun mablagʻlar nazarda tutiladi.
Shartnoma asosida tashkil etiladigan kurslarda oʻqish uchun tinglovchi tomonidan toʻlanadigan mablagʻ mazkur kurslarni oʻtkazish uchun sarflanadigan xarajatlar hajmidan kelib chiqqan holda (xarajatlar smetasidagi jami xarajatlarni tinglovchilar soniga boʻlish orqali) hisoblab chiqiladi.
Qayta tayyorlash kurslarida oʻqish uchun Markaz bilan buyurtmachi oʻrtasida belgilangan tartibda toʻlov kontrakti (shartnoma) rasmiylashtiriladi, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.
 LexUZ sharhi
Qarang: Fuqarolik kodeksining 27-bobi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
74. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
SXEMASI

Bosqichlar

Ijrochilar

Amalga oshirish mexanizmi

Bajarish muddati


1-bosqich

Buyurtmachi

1. Keyingi kalendar yili uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuboriladigan tinglovchilar roʻyxatini shakllantirish.

2. Tinglovchilar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etish.

3. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqish uchun Markaz bilan shartnoma tuzish.

har yili 15-noyabrga qadar


2-bosqich

Markaz

1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish jadvalini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlatish.

2. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish jadvalini buyurtmachilarga yetkazish.

har yili 15-dekabrga qadar


3-bosqich

Markaz

Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish:

qayta tayyorlash kurslari kamida 16 hafta (576 soat);

malaka oshirish kurslari kamida 4 hafta (144 soat);

oliy maʼlumotga ega boʻlmagan mutaxassislar uchun maqom sanʼati boʻyicha qayta tayyorlash kurslari kamida 6 oy (720 soat).

reja asosida


4-bosqich

Markaz

Kurslarni tamomlagan tinglovchilarga:

qayta tayyorlash haqida davlat namunasidagi diplom;

malaka oshirish haqida davlat namunasidagi sertifikat berish.

kurslar yakuni boʻyicha

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2019-y., 09/19/149/2645-son; 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)