Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining rahbar xodimlari va mutaxassislari mehnatiga haq toʻlash razryadlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari direksiyalari xodimlarini ragʻbatlantirish va yuqori samarali mehnatga intilishni kuchaytirish hamda mehnatga haq toʻlashning yagona shartlarini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari rahbar xodimlari va mutaxassislari mehnatiga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlari 1-ilovaga* muvofiq;
kichik sanoat zonalari direksiyalari rahbar xodimlari va mutaxassislari mehnatiga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlari 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Belgilansinki, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining rahbar xodimlari va mutaxassislariga:
Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatchilarining lavozim maoshlariga yigirma foizli ustama haq belgilash toʻgʻrisida” 1997-yil 3-iyuldagi 339-son qarori bilan belgilangan lavozim maoshlariga 20 foizli ustama haq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar hamda respublikaning budjet muassasalari va tashkilotlarida ish haqi miqdorlarini oshirish toʻgʻrisida” 1995-yil 16-avgustdagi PF-1213-son Farmoniga muvofiq budjet muassasalari va tashkilotlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash fondining 15 foizi miqdorida moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi;
Vazirlar Mahkamasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq toʻlashning tarif setkasini joriy etish toʻgʻrisida” 1996-yil 12-apreldagi 147-son qaroriga asosan oʻz vazifalarini vijdonan, shuningdek, alohida muhim va masʼuliyatli ishlarni bajarayotgan xodimlarni mehnatga haq toʻlashning ikki oylik fondi miqdorida mukofotlash hamda yilda bir marta mehnatga haq toʻlashning oylik fondi miqdorida moddiy yordam berish tatbiq etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari direksiyalarining texnik va yordamchi xodimlari mehnatiga haq toʻlash razryadlarini tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki, mazkur qarorning amal qilishi qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan boshqa zonalar rahbar xodimlari va mutaxassislari uchun tavsiyaviy tusga ega.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-martdagi 162-f-son farmoyishining 3-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 6-fevral,
92-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2019-y., 09/19/92/2580-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)